OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abay Qo'nanboyev. Nasihatlar

Oltinchi so‘z 

Qozoqlarda: «Hunarning boshi birlikda, rizqning boshi tiriklikda» degan maqol bor. Ammo ular: bunday birlik qanday elda qanday qilsa bo‘ladi - buni bilishmaydi. Ular: ot o‘rtada, osh o‘rtada, kiyim o‘rtada, boylik o‘rtada bo‘lsa ekan, deb o‘ylashadi. Unday bo‘lsa - boylikdan nima foyda-yu, kambag‘allikdan nima ziyon? Unday bo‘lsa oshna-og‘ayning yo‘qolmay turib, mol topishning nima keragi bor? Shumi birlik? Yo‘q! Birlik - qo‘rangdagi molda emas, tushunchangda bo‘lishi kerak. Mol bersang otasi boshqa, onasi boshqa, dini boshqa, tirikchiligi boshqalar ham sen bilan tinch-totuv bo‘laveradi. Agar birlik mana shunday hisob bilan o‘lchansa, ya'ni molga sotib olinsa, bu birlik - birlik emas, ablahlikdir! Do‘st bo‘laman degan kishi ber demasdan do‘st do‘st bo‘lsa, tinch-totuv yashasa, tuz-nasibasini xudodan tilasa yaxshi bo‘ladi. Aks holda, tuz-nasibasini xudodan tilamaydi, mehnat qilmaydi va bir-biriga balo izlaydi, bir-birini aldashning payiga tushadi. Xo‘sh, shu ham birlik bo‘ldimi endi?

Abay (Ibrohim Qunonboyev) XIX asrning ikkinchi yarmida yashab  ijod qildi. U hozirgi Semipalatinsk oblastidagi Chizgiztog‘ etaklariga joylashgan To‘biqti urug‘idan bo‘lib, 1845 yil 10 avgustda tug‘iladi. 
Abay Qunonboyev – buyuk qozoq shoiri,  ma’rifatparvari va demokrati, yangi qozoq madaniyatining asoschisi, xalqlar do‘stligining kuychisidir.

«Rizq - tiriklikda» deyi­shadi. Bu nima degani? Demak, tanangda joning bo‘lsa, tiriklik shumi? Yo‘q, bundaqa tiriklik itda ham bor. Tiriklikni shunday deb tushunib, shu tushuncha bilan yashagan odam o‘limni yot ko‘rib, oxiratga dushman bo‘ladi. O‘z joninigina himoya qilib, yov tegsa qochib, qo‘rqoq atalib, mehnat qilishdan bosh tortib, erinchoqlik qilib, maxsimcha bo‘lib yurish-bu ham yuqorida aytilgan rizqqa nisbatan nonko‘rlik qilishdir. Tiriklikni bunday tushunish yaramaydi; o‘zing tirik bo‘lganing bilan ko‘ngling, ko‘kraging o‘lik bo‘lsa, bu tiriklik - tiriklik emas, albatta; o‘zing tirik bo‘lsang-u, ko‘kraging o‘lik bo‘lsa - aql topsang mol topmaysan, mol topsang aql topmaysan. Halol mehnating bilan erinchoq­lik qilmay mol topish uchun g‘ayrat qilolmaysan.

Ish vaqtida ayyor, osh vaqtida tayyor bo‘lib, sirting yaltirab, iching qaltirab yurib, tirikman degandan ko‘ra - bundan xudo yuborgan halol o‘lim ming marta afzal.     

O‘n to‘rtinchi so‘z 

Tirik odamning yurakdan ham aziz joyi bormi? Bizning qozoqlarda «yurakli kishi» degani - botir kishi degani. Ular yurakning bundan boshqa fazilatlarini tushunmaydilar. Rahm-shafqat qilish, mehribonlik, inson farzandini o‘z bag‘rim deb tushunib, ularga ham o‘zini ayagandek ayab qarash - bularning hammasi yurak ishidir; shuning­dek, oshiqlik, sevgi-muhabbat ham yurak ishi. Yurakning maslahatiga amal qilib gapirilganda gap yolg‘on chiqmaydi. Yurakning ayt­ganiga kirmay, nafsning buyurganini qilsang - so‘zsiz adashasan. Qozoqlarning «yurakli» degan kishisi - maqtashga uncha arzimaydi. Ular: birovning aytgan gapiga kiradigan, va'daga vafo qiladigan, yomondan tez yuz o‘giradigan, itga o‘xshab ko‘ch ketidan ergasha­vermaydigan, balki aksincha, adashgan ko‘pning jilovidan ushlab to‘g‘ri yo‘lga solib yubora oladigan, garchand mushkul bo‘lsa-da, adolatli aql e'tirof etgan narsaga, garchi oson bo‘lmasa-da, bo‘ysunmaydigan kishilarni botir deb hisoblamaydilar. Balki aksincha, ular faqat qashqir yurakli kishilarnigina botir deb tushunadilar.

Qozoqlarimizda odam bolasi aqlsizligidan yo‘ldan ozmaydi, balki aqlli gaplarni uqib olishga zehni o‘tma­ganligidan g‘ayratsizligi va qarorsizligidan yo‘ldan ozadi. Men ularning ko‘p­chiligining biror ishni «bilmasdan qilib qo‘ydim» deganlariga mutlaqo ishonmayman. Ular garchand bilib tursalar ham, nojo‘ya ishlarga orsizligi, vijdon­sizligidan yo‘l qo‘yishadi. Yomonlikka bir berilib ketdimi, bas, undan o‘zini tortib oladigan jur'at qozoqlarda kamdan-kam bo‘ladi. Ularning el orasida: er yigit, botir yigit, pishiq yigit, degan gaplariga ishonmaslik kerak. Ular bu so‘zlar bilan yigitlarni bo‘lar-bo‘lmasga maqtab, hovliqtirib, yo‘ldan ozdirishadi-yu, oxiri nima bilan tugashi haqida o‘ylashmaydi. Xudoga ham, bandasiga ham xush kelmaydigan, or-nomusni oyoqosti qiladigan bu ishlardan o‘zini sof tuta olmaydigan, behuda maqtov­larga uchadigan, o‘zining qilayotgan ishini o‘zi sez­maydigan yigitni yaxshi yigit deb bo‘ladimi? Satqai yaxshi yigit ketsin u! Shu ham odam bo‘ldi-yu!

O‘n beshinchi so‘z 

Mening nazarimda, aqlli kishi bilan aqlsiz kishini ajratib turadigan bitta narsa bor.

Avvalambor bandasi yaratilgandan keyin, dunyodagi mavjud narsalarga qiziqmay iloji yo‘q. Xuddi shu payt uning umrida eng qiziq davri bo‘lib esida qoladi. Shunda aqlli odam kelgusida nafi tegadigan bir ishga mehr qo‘yib, ixlos bilan yopishar ekan-u, bir kun uning ana shu qiziqqan narsasi o‘zining sevgan kasbiga aylanib, kuniga yarab, ko‘z ko‘radigan, quloq eshitadigan, ko‘ngil sezadigan bo‘larkan. Nihoyat, shunday o‘tgan umrning o‘kinchi ham bo‘lmas ekan.

Aqlsiz kishi nimaiki ko‘rsa - shunga havas qilib va ularning birontasini ham boshini tutolmay, ne-ne tillaga topilmaydigan umrini it azobiga xor-zorlik bilan o‘tkazib yuborar ekan-u, keyingi o‘kinchidan foyda chiqmas ekan. U odam o‘zini yoshligida, bu hunar bo‘lmasa, u hunar, deb o‘zini har ishga qodir sezib, u shohdan bu shohga uchib qo‘nib, go‘yo yoshligi abadiy turaveradiganday, belining quvvati, ko‘zining nuri ketib, qarimaydiganday ko‘rinarkan-u, vaqti kelib, tushunib, biror ishning boshini ushlayman, deganda, yoshi o‘tib, kuchi ketib, qo‘lidan hech narsa kelmay qolar ekan.

Keyin har narsaga bir qiziqish masalasi. Agar biror narsaga qiziqsang -  bora-bora uni sevib qolarkansan, kishi. Bir narsani sevishning o‘zi ham bir dard bo‘larkan. Ana shu sevgan ishingga, kasbingga yetay-etay deb turganda, odamda qandaydir bir mast­lik, mag‘rurlik paydo bo‘larkan. Ma'lumki, mastlik har qanday mast kishining aybini ko‘proq yuzaga chiqarar, ko‘zlarini shira bostirar, mag‘rurlantirib yuborar ekan. Ana shunday paytda eslik odam esini yo‘qotib qo‘ymay, aql-hushini bir joyga yig‘ib olib, o‘z kasbi-korining etagidan mahkam ushlar ekan. Essiz, ovsar kishilar esa boshi aylanib, ko‘zi tinib, bosar-tusar joyini bilmay, hovliqib, bosh yalang, egar-to‘qimsiz otini qamchilayverar ekan - men shuni ko‘rdim.

Agarda sen ham aqlli kishilarning safida bo‘lging kelsa, har kuni bir marta, yo haftada bir marta, hech bo‘lmasa oyida bir marta o‘zingga o‘zing hisob ber! O‘tgan umrni qanday o‘tkazibsan: na ilmga, na jamiyatga va na o‘zingga foydali biror ish qilibsanmi? Yo esa qanday qilib o‘tkaz­ganligingni o‘zing ham sezmay qolibsanmi?

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.