OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akutagava Ryunoske. Afsungarlik mo'jizalari (hikoya)

Kuzning yomg‘irli oqshomi edi. Meni olib ketayotgan riksha Onori qishlog‘i tepaliklaridan goh ko‘tarilib, goh tushib borardi. Nihoyat u bambuk daraxtlari panasiga yashiringan yevropacha uslubdagi kichkinagina uy ro‘parasida to‘xtadi. Eshik tepasida yapon yozuvida bitilgan «hind Matiram Misra» degan yozuvga ko‘zim tushdi.
Misra-kun asli kalkuttalik bo‘lib, Hindiston mustaqilligining ashaddiy kurashchilaridan edi. Shu bilan birga u taniqli brahman Xasan-xon qo‘l ostida afsungarlik sirlarini o‘rgangan mohir afsungar ham edi.
Bir oycha ilgari bir do‘stim meni Misra-kun bilan tanishtirib qo‘ygandi. Biz u bilan turli siyosiy masalalarda ancha bahslashgan, ammo uning afsungarlik mo‘‘jizalarini qanday amalga oshirishini shu paytgacha ko‘rishga muyassar bo‘lmagandim. Shuning uchun unga bu oqshom menga afsungarlik tomoshasini ko‘rsatishini iltimos qilib maktub yozgan va rikshada Misra-kun yashayotgan Onori qishlog‘iga kelgandim.
Kuchli jala ostida turgancha, men fonarning xira nurida qo‘ng‘iroq tugmasini topdim va bosdim. Eshik shu zahoti ochildi. Ichkaridan Misra-kunga xizmat qiladigan pastakkina yapon kampiri chiqib keldi.
- Janob Misra uydami?
- Albatta, albatta, marhamat! U sizni anchadan beri kutib o‘tiribdi.
Kampir shu so‘zlar bilan meni Misra-kunning xonasiga boshlab kirdi. 
- Xayrli kech! Shunday yomg‘irda kelganingiz uchun rahmat!
Cho‘zinchoq yuzli va ko‘zlari katta, mo‘ylovli Misra-kun kerosin chiroq olovini pasaytirar ekan, meni iliq kutib oldi.
- Yo‘q, san’atingiz mo‘‘jizasini ko‘rish uchun har qanday ob-havoda ham kelishga tayyorman. Yomg‘ir nima bo‘libdi!
Men kursiga o‘tirdim va kerosin chiroq yoritayotgan nim qorong‘i xonaga razm soldim.
Yevropacha uslubdagi g‘aribona holat.
O’rtada katta stol, devor yonida kitob javoni, oyna oldida kichkinagina stol... Shuningdek, ikkita kursi, bor-yo‘g‘i shu. Stullar ham, stollar ham eski, shalog‘i chiqqan. hattoki, qizil gullar tasviri tushirilgan dasturxon ham titilib ketgandi.
Salom-alik tugadi. Men bir oz yomg‘irning bambuk daraxtlariga urilayotgan shovqiniga quloq solib o‘tirdim. Birpasdan keyin qari oqsoch paydo bo‘ldi va ikkita piyolada ko‘k choy keltirdi.
Misra-kun sigara qutisini ochdi:
- Marhamat, sigaradan oling!
- Rahmat!
Men sigarani tutashtirgach, so‘z qotdim:
- Menimcha, sizga bo‘ysunuvchi arvoh jin bo‘lsa kerak. Hozir men ko‘radigan afsungarlik mo‘‘jizalari jin yordamida amalga oshirilsa kerak?
Misra-kun ham sigara tutashtirganicha ayyorona jilmaydi va tutun pufladi.
- Jinlarga yuzlab yillar ilgari ishonishgan. Aytaylik, «Ming bir kecha» zamonida. Men Xasan-xondan o‘rgangan afsungarlik - sehr-jodu emas. Agar istasangiz, buni siz ham qila olasiz. Bu fan tili bilan aytganda, bor-yo‘g‘i gipnoz. Qo‘lni shundoq silkitsangiz bas...
Misra-kun qo‘lini ko‘tarib havoda uchburchak shaklini chizdi, so‘ng qo‘lini stol ustiga tushirdi va dasturxonga chizilgan qizil gulni uzib oldi. Men hayratlangancha kursimni yaqinroq surdim va gulni diqqat bilan ko‘zdan kechirdim. Hech qanday shubha yo‘q edi: hozirgina u dasturxonga chizilgan naqshning bir bo‘lagi edi. Lekin Misra-kun gulni burnimga yaqinlashtirganda uning xush bo‘yini sezdim.
Hayratdan og‘zim ochilib qolgandi. Misra-kun jilmayganicha gulni qo‘lidan tushirib yubordi. Gul dasturxonga tushib, yana naqshga aylandi. Uni uzib olishning iloji bormikan? Hattoki, bitta yaprog‘ini ham qimirlata olmasligim aniq!
- Xo‘sh, nima deysiz? Ishonish qiyin-a? Endi mana bu chiroqqa qarang.
Misra-kun shu so‘zlar bilan stol ustidagi chiroqni surdi. Shu zahoti chiroq turgan joyida aylana boshladi. Dastlab men o‘t ketib qolishidan qo‘rqdim. Misra-kun esa bemalol choy ho‘plab o‘tirardi. Qo‘rquvim bir oz chekindi va men chiroqning borgan sari tezroq aylanishidan ko‘z uzmay o‘tirardim.
Bu ajoyib manzara edi! Chiroq shu darajada tez aylana boshladiki, nazarimda u aylanmayotgandek edi. Bir lahzadan so‘ng tushundim: chiroq aslida aylanmayotgandi.
- Hayron qoldingizmi? Bular bolalar uchun ko‘rsatiladigan fokuslar! Xohlasangiz sizga yana bir narsani ko‘rsataman.
Misra-kun kitob javoniga o‘girildi. So‘ng qo‘lini ko‘tarib, kimnidir imlagandek barmog‘ini qimirlatdi. Birdan javonda terilgan kitoblar birin-ketin stol ustiga uchib kela boshladi. Ular xuddi yoz kechasidagi ko‘rshapalaklardek muqovasini silkitganicha uchib kelishardi. Men sigarani tishlaganimcha qotib qolgandim. Kitoblar chiroq ustida bir aylanib, tartib bilan stol ustiga terilardi. Keyin esa yana javon tomon ucha boshlashdi.
Yupqa muqovali kitoblardan biri esa shiftga ko‘tarildi. U bir oz vaqt stol uzra parvoz qildi, so‘ngra tizzamga tushdi. «Bu nimasi?», - o‘yladim men va kitobga qaradim. U men bir hafta ilgari Misra-kunga o‘qib turish uchun bergan frantsuz romani edi.
- Kitobingiz uchun rahmat, - dedi Misra-kun jilmayib.
Barcha kitoblar javonga terilib bo‘lgandi. Men xuddi hozirgina uyqudan uyg‘ongandek biror narsa deyishga ojiz edim. Birdan Misra-kunning so‘zlari yodimga tushdi: «Agar istasangiz, buni siz ham qila olasiz».
- Men siz haqingizda ko‘p eshitgandim. Ammo tan olaman, san’atingiz men kutgandan ham ajoyib ekan. Lekin siz, men ham buni o‘rganishim mumkinligini aytdingiz. Hazillashgan bo‘lsangiz kerak-a?
- Ishontirib aytamanki, yo‘q! Afsungarlikni har qanday odam o‘rgana olishi mumkin. Faqat...
Misra-kun menga diqqat bilan qaradi va jiddiy ohangda gapirishga o‘tdi.
- Faqat boylikka o‘ch kishi emas! Agar Xasan-xonning san’atini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, avvalo o‘zingizdagi boylikka bo‘lgan hirsni yengishingiz lozim. Bu qo‘lingizdan keladimi?
- Shunday deb umid qilaman, - javob qaytardim men. Lekin ko‘nglimda qandaydir ishonchsizlik sezib, qo‘shimcha qildim: - Menga ustozlik qilishga rozi bo‘lsangiz bas!
Misra-kunning yuzida shubha ifodasi bor edi. Lekin u, aftidan, qaysarlik qilish odobdan bo‘lmasligini o‘yladi shekilli, rozi bo‘ldi.
- Nima ham derdim, mayli, o‘rgataman. Bu oddiy, lekin birdaniga o‘rganish qiyin, vaqt kerak. Bugun mening uyimda qoling.
- O, sizdan juda minnatdorman.
Afsungarlik san’atini o‘rganishimdan quvonchga to‘lib, men minnatdorchilik so‘zlarini yog‘dirdim. Lekin Misra-kun hech nimani eshitmayotganday xotirjamlik bilan o‘rnidan turdi va chaqirdi:
- Buvi! Buvi! Mehmon bugun biznikida qoladi. Unga joy hozirlang.
Yuragim gupillab urardi. Sigara kulini qoqishni ham unutib Misra-kunning yuziga tikildim.

Misra-kundan afsungarlik saboqlarini o‘rgana boshlaganimga ham bir oydan oshgandi. Xuddi o‘shanday yomg‘irli oqshomlardan birida men Gindza ko‘chasidagi klublardan birida do‘stlarim bilan suhbatlashib o‘tirardim.
Klub Tokio markazida bo‘lgani uchun sanoqsiz avtomobillar tomiga urilayotgan yomg‘ir shovqini Onori o‘rmonidagi kabi qayg‘uli tuyulmasdi.
Klubdagi xona ham shinam edi: yorqin elektr nuri, charm qoplangan katta kreslolar, yaltiroq parket - Misra-kunning nim qorong‘i xonasiga umuman o‘xshamasdi.
Qiz sigara tutatgancha ot poygasi va ov haqida suhbatlashardik. Do‘stlarimdan biri sigara qoldig‘ini kaminga tashladi va menga o‘girildi.
- Eshitishimcha, keyingi paytda siz afsungarlik bilan shug‘ullanayotgan emishsiz. Bizga biror narsa ko‘rsatolmaysizmi?
- Marhamat, - dedim men xuddi buyuk afsungardek ishonch bilan.
- Unda o‘zingiz istagan narsani ko‘rsating. Faqat bu oddiy fokuschi ko‘rsata olmaydigan mo‘‘jiza bo‘lsin.
Uni hamma qo‘llab-quvvatladi va kursilarini yaqinroqqa surishdi.
Men darhol o‘rnimdan turdim.
- Diqqat qiling. Afsungarlik san’ati hech qanday hiylakorlikni talab qilmaydi.
Shu so‘zlarni aytarkanman, men ko‘ylagim yengini shimardim va xotirjamlik bilan kamin ichidan bir necha dona ko‘mir cho‘g‘ini kaftimga oldim. Shuning o‘ziyoq tomoshabinlarni qo‘rqitib yubordi. Ular kuyib qolishdan cho‘chib, o‘zlarini ortga tashlashdi.
Men esa xotirjamlik bilan ko‘mir donalarining lang‘illab turishini bir oz ko‘rsatib turdim, so‘ngra ularni polga tashladim. Birdan polda jaranglagan ovoz yangradi... Qo‘limdan tushgan cho‘g‘lar tilla tangaga aylangandi. Do‘stlarim xuddi tush ko‘rishayotgandek edi. Ular hatto olqishlashni ham unutib qo‘yishgandi.
- Mana sizlarga oddiy narsa!
Va men g‘olibona tabassum bilan kreslomga cho‘kdim.
- Menga qaranglar, nahotki bular haqiqiy tilla bo‘lsa? - so‘radi besh daqiqadan so‘ng do‘stlarimdan biri.
- Haqiqiy tilla tangalar. Ishonmasangiz, qo‘lingizga olib ko‘ring.
- Yo‘q! Qo‘limni kuydirishni istamayman.
Tomoshabinlardan biri ehtiyotkorlik bilan tangalardan birini qo‘liga oldi va xitob qildi:
- Sof oltin ekan! Ey, ofitsiant, supurgi bilan chelak olib kelib mana bu tangalarni yig‘ishtirib ol!
Ofitsiant uning aytganini qildi va tangalarni stol ustiga to‘kdi. Do‘stlarim stolni o‘rab olishdi.
- O’h-ho‘, bu yerda bir ming ikki yuz ien bordir!
- Yo‘q, yo‘q, ko‘proq, yaxshiyam stol baquvvat ekan, aks holda sinib ketishi mumkin edi.
- Gap yo‘q, siz ajoyib sehrgarlikni o‘rganibsiz. Bir lahzada ko‘mirni tilla tangaga aylantirish, tasavvurga sig‘maydi!
- Bir haftada millioner bo‘lib, Ivasaki yoki Mitsunga yetib olishingiz hech gapmas.
Tomoshabinlar mening san’atimdan zavqlanishar, men esa kreslo suyanchig‘iga yastanganimcha sigara tutatardim.
- Yo‘q, boylik uchun afsungarlik san’atini ishga solish mumkin emas. Tangalarni tomosha qilib bo‘lsangizlar, ularni kaminga tashlayman.
Bu so‘zlarni eshitib, do‘stlarim bir ovozdan qarshilik qilishdi.
- Buncha katta boylikni ko‘mirga aylantirish bema’nilik-ku! - deyishardi ular.
Lekin men so‘zimda qat’iy turib oldim: Misra-kunga bergan va’damga muvofiq tilla tangalarni kaminga tashlayman. Biroq, ayyorligi bilan nom chiqargan do‘stlarimdan biri zaharxanda qildi:
- Siz bu pullarni yana ko‘mirga aylantirmoqchimisiz? Biz esa buni istamaymiz. Bu ahvolda bahsimiz tugamaydi. Men bir narsani o‘yladim: keling, biz bilan qarta o‘ynang! Siz mana shu tillalaringizni tikasiz. Agar yutsangiz - bemalol ularni ko‘mirga aylantirasiz. Agar biz yutsak, bor tillangizni bizga berasiz. Bahsimiz ikkala tomon uchun ham shu tarzda yakun topadi.
Lekin men bosh chayqadim. Meni ko‘ndirish oson emasdi. Do‘stim yanada zaharli kula boshladi. U bir menga, bir tillalar uyumiga qaradi.
- Siz bu pullarni bizga bermaslik uchun qarta o‘ynashni istamayapsiz. Yana bo‘lsa, mo‘‘jiza sodir etish uchun boylikka bo‘lgan hirsni yengdim, deysiz. Sizning bu gapingizga ishongim kelmayapti...
- Ishoning, bu pullarni sizga berishni istamaganim uchun ko‘mirga aylantirmoqchi emasman...
Biz to‘xtovsiz bahslashardik va nihoyat men taslim bo‘ldim. Qarta o‘ynash uchun pullarni tikishga rozi bo‘lishdan boshqa ilojim qolmadi. Hamma xursand edi. Birpasda qarta topib kelishdi.
Avvaliga men istar-istamas o‘ynadim. Odatda, qarta o‘yinida omadim kelmaydi. Ammo bu oqshom negadir omadim kulayotgandi. Asta-sekin qiziqishim ortib bordi. O’n daqiqadan so‘ng barcha narsani unutib o‘yinga qiziqib ketdim.
Sheriklarim mening oltinlarimni olish uchun bu o‘yinni boshlashgan edi. Lekin yutqazganlari sayin ularning rangi oqarib borayotgandi. Ularning barcha urinishlari zoe ketayotgandi! Men biror marta ham yutqazmadim. Aksincha! Men o‘yin boshlanganida qancha pulim bo‘lsa, yana shuncha yutdim. Ana shunda meni qarta o‘ynashga majburlagan do‘stim qichqirdi:
- Mana. Qartani oling! Men bor mol-mulkimni - yerlarim, uyim, otlarim, avtomobilim, barcha-barcha narsamni tikaman! Siz esa bor tillangizni va bugungi yutug‘ingizni tikasiz. Oling!
Shu payt menda ochko‘zlik hissi uyg‘ondi. Agar hozir yutqazib qo‘ysam, bor tilla-yu hozirgi yutgan pullarimni beramanmi? Lekin agar yutib olsam, do‘stimning bor boyligi menga o‘tadi! Bunday boylikka ega bo‘lish uchun afsungarlikni ishga solsa arziydi!
Shu xayol bilan men o‘zimni boshqara oladigan holatda emasdim va bildirmasdan afsungarlik san’atini ishga soldim, so‘ng rozi bo‘ldim:
- Bo‘pti! Qarta torting.
- To‘qqiz.
- Qirol! - tantanavor xitob qildim men va rangi devordek oqarib ketgan raqibimga qartamni ko‘rsatdim.
Lekin shu lahzada - mo‘‘jiza! - qartadagi qirol xuddi tirikdek boshini ko‘tardi va qartadan engashib menga qaradi. U qilichini baland ko‘tarib, iljaydi.
- Buvi! Buvi! Mehmonimiz uyiga qaytmoqchi. Unga joy tayyorlamay qo‘yavering, - tanish ovoz eshitildi.
Men birdan o‘zimga keldim. Atrofga alangladim. Men hali ham Misra-kunning ro‘parasida o‘tirar, u esa kerosin chiroqning xira shu’lasida qartadagi qiroldek iljayardi.
Barmoqlarim orasidagi sigaraning kuli hali tushib ulgurmagandi. Menga bir oy o‘tib ketgandek tuyulgandi, aslida esa bor-yo‘g‘i ikki-uch daqiqa o‘tgandi, xolos. Lekin mana shu qisqa vaqt ichidayoq men Xasan-xonning afsungarlik sirlarini o‘rganishga noloyiq odam ekanligimni ikkalamiz ham yaqqol anglab yetgandik.
Men uyalganimdan boshimni eggancha bir og‘iz so‘z deyolmasdim. 
- Afsungarlik san’atini o‘rganishdan oldin boylikka bo‘lgan hirsni yengish kerak. Lekin bu qo‘lingizdan kelmadi, - dedi Misra-kun tirsaklarini qizil gulli dasturxon yozilgan stol ustiga tirarkan menga achinish bilan qarab.

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.