Bugungi kun odami uchun Prometey kim? Hech shubhasiz, aytish mumkin, xudolarga qarshi chiqqan bu isyonchi — bugungi kun odamining timsoli, ming yillar muqaddam Skifiya sahrolarida boshlangan bu isyon, endilikda butun tarix ko‘rmagan-bilmagan larzakor o‘zgarishlar bilan yakunlanmoqda. Ammo vaqt bizga eslatmoqdaki, mangu ta’qibga uchragan Prometey hozir ham bizning oramizda, biz esa uning insoniylik uchun isyonga chorlovchi yakka-yolg‘iz ovozini hamon eshitganimiz yo‘q. Chindan ham bugungi kun odami — beadad ko‘plikdan bu tor zaminda azob chekayotir; u olovdan va oziqdan mahrum, uning uchun ozodlik — kutishga ham qodir dabdaba, zeb-ziynat; gap shu haqdaki, hali odamlarning ko‘p azob chekishiga to‘g‘ri keladi, lekin bu orada ozodlik va uning so‘nggi guvohlari birmuncha kamayadi. Prometey odamlarni shunchalar qattiq sevadigan qahramon ediki, ularga biryo‘la olov va ozodlikni, hunarmandlik va san’atni tortiq qildi.
Bugun insoniyat uchun faqat bir narsa muhim, faqat bir narsa uni bezovta qiladi — hunarmandchilik. Uning isyoni mashinalarda mujassamlashadi, san’at va san’at tarafida turgan narsalarning hammasini u ishga halal beruvchi to‘siq-g‘ov, hatto, qullik alomati deb biladi. Prometey esa, aksincha, hech qachon mashinani san’atdan ajratgani yo‘q. U tanni va ruhni birato‘la ozod qilish mumkin deb o‘ylardi. Bugungi kun odami esa, hatto ruhni bir muddatga o‘ldirib bo‘lsa-da, avval tanni ozod qilish kerakligiga ishonadi. Ammo ruh faqatgina ma’lum muddat o‘lishga qodirmikin? Haqiqatda esa Prometey yerga qaytar ekan, odamlar ham xuddi qadimdagi xudolar kabi, insoniylikni ulug‘lagani uchun uni qoyaga parchinlagan bo‘lur edilar. Mag‘lub pahlavonni Esxil tragediyasining muqaddimasida yangragan haqorat so‘zlari, adovatli ovozlar — Zo‘ravonlik va Shafqatsizlik ovozlari ko‘mib ketar edi.
Ehtimol, zulmat bosgan, nochor zamonlar oldida, yalang‘och daraxtlaru dunyoni quchayotgan qahraton oldida bosh egarman. Biroq nurga tashnaligimning o‘zi meni oqlaydi: u menga o‘zga dunyo haqida, mening chinakam vatanim haqida so‘zlaydi. Urush boshlangan yili men Uliss bosib o‘tgan yo‘l bo‘ylab suzishga otlandim. U paytlar baquvvat, navqiron edim, hatto cho‘ntagimda sariq chaqa bo‘lmasa-da, o‘zga dunyolarni izlab, dengizni kesib o‘tishdek dabdabali rejalar tuzishim mumkin edi. Lekin men bunday qilmadim, hamma qatori ish boshladim. Men kemaga chiqmadim. Men lang ochiq turgan do‘zax darvozasi sari tortilgan uzundan-uzoq silsilada o‘z o‘rnimni bilar edim. Biz birin-ketin ichkariga kirdik. Buni qarangki, begunoh o‘ldi-rilgan odamning birinchi chinqirig‘idanoq darvoza yopildi. Biz do‘zaxga tushib qoldik, chiqishga esa yo‘l yo‘q. Mana, olti yildirki, biz bu holga ko‘nikmoq uchun tirishamiz. Baxtga yor orollarning o‘tli sharpalari esa bizga olovsiz va quyoshsiz o‘tadigan uzoq yillar ortidangina elas-elas namoyon bo‘ladi.
Yevropaning rutubatli va qaro tunida nadomat titrog‘i va anglamoq azobi bilan, beixtiyor keksa Shatobrianning Gretsiyaga jo‘nab ketayotgan Amperga qarata hayqirganini eslaysan kishi: «Siz endi mening Attikada ko‘rganlarim — zaytun yaprog‘ini ham, uzumning zumrad donasini ham aslo topa olmaysiz. Men o‘sha yillarning har bir maysasiga achinaman. Hech bo‘lmasa yolg‘izgina archagul niholini tirik saqlab qolishga ham qurbim, quvvatim yetmadi». Xuddi shundayin biz ham, garchi tomirlarimizda navqiron qon oqsa-da, asrimizning dahshatli keksaligiga botganmiz, gohi-gohida barcha zamonlarning o‘t- o‘lanlariga, ko‘rish, zavqlanish uchun hech qachon qoshiga bora olmaydiganimiz — zaytun yaproqlariga, ozodlik uzumlariga achinamiz. Hamma yoqda — odamlar, har tarafda odamlarning qichqiriqlari, azob-uqubatlari va tajovuzlari. Bu to‘s-to‘polonda chigirtkalarga joy qolmaydi. Tarix — behosil, oriq yer, unda archagul o‘smaydi. Shunday bo‘lsa ham, bugungi odam tarixni tanlagan ekan, undan yuz o‘girishga aslo haqqi yo‘q. Ammo u tarixni bo‘ysundirish o‘rniga, kundan-kun uning itoatkor quliga aylanib bormoqda. Shuning uchun ham u Prometeyni — qo‘rqmas va jur’atli, ziyrak va g‘amxo‘r yurakli yosh yigitni sotib qo‘yadi. Shu yerda u Prometey odamlarni qutqarmoqchi bo‘lgan qashshoqlik va ojizlikka yuz tutadi. «Ular xuddi tushdagi soyalarga o‘xshab qarab turishar, lekin ko‘rishmas edi, quloq tutishar, ammo eshitmasdilar…»
Ha, hali hamma ish oldinda ekanini anglash uchun go‘zallik tepaligi Pravansda bir kechani o‘tkazish kifoya. Vujud ochligini qondirish uchun olovni qaytadan kashf etishimiz, hunarmandchilikni tiklashimiz darkor. Attika, ozodlik, uzum terimi, ko‘ngil ozig‘i — bular barchasi keyinroq. O‘zimizga sekingina shunday deb aytish qoladi: «Ular endi qaytmaydi — yoki ulardan boshqalar bahramand bo‘ladilar». Hech bo‘lmaganda o‘sha boshqalarning ham bebahra qolmasliklari uchun kurashish bizning vazifamizdir. Na iloj, buni anglash kimgadir juda og‘ir bo‘lar, kimdir uni alamsiz qabul qilar. Ammo shu narsa noayonki, biz juda kechikib keldikmi yoxud juda erta? Archagul niholini so‘ldirmaslikka qurbimiz yetadimi?
Asrimizning bu savoliga Prometey qanday javob berishini tasavvur qilish mumkin. Mohiyatan qaraganda u allaqachon javob berdi: «Agar uni o‘z qo‘llaringiz bilan yaratishga mahorat va jasoratingiz, kuch-quvvatingiz yetsa sizga o‘zgacha va yaxshiroq kelajak va’da qilaman». Ey, odamlar, shunday ekan, najot o‘z qo‘limizda, asrlarning savoliga men: «Ha», deb javob beraman, zero shunday insonlar borki, men ularda doimo o‘sha tafakkur qudratini, o‘sha ma’rifatli jasorat mavjudligini his qilaman. O, adolat, o, mening tabarruk onam,— nido qiladi Prometey,— chekayotgan qiynoq va azoblarimni ko‘ryapsanmi? Germes bo‘lsa, uning ustidan masxaraomuz kuladi: «Hayronman, o‘zingni dahshatli qiynoqlar kutayotganini sen bashoratgo‘y, nima uchun oldindan ko‘ra olmading ekan?» Men buni bilardim,— deydi isyonchi. Men chorlayotgan odamlar ham adolat farzandlaridir. Ular ham mushtarak dard-qiynoqlar ostida azob chekadilar, bu kulfatlar manbaini yaxshi biladilar. Ular juda yaxshi biladilarki, ko‘r adolat bo‘lishi mumkin emas, yana biladilarki, tarix — so‘qir, uning hukmini bekor qilmoq va mumkin qadar tafakkur hukmi bilan almashtirmoq kerak. Bu ishda Prometey bizga yordam beradi.
Afsonalar o‘z-o‘zlaricha yashamaydilar. Ular o‘zlariga bizning hayot va qon ato qilishimizni kutishadi. Dunyoda hech bo‘lmasa bir odam ularning chaqirig‘iga javob bersa bas, afsonalar bizni bitmas-tuganmas obi-hayot bilan sug‘orishga shay. Bizning vazifamiz — ularni unutmaslik. Shunday qilishimiz kerakki, hech bir afsona o‘lim uyqusiga tolmasin. Ba’zida bugungi kun odamini qutqarib qolish mumkinmikin, deya shubhalanaman. Lekin uning farzandlarini, ularning tani va ruhini xalos etish imkoni bor. Ularga baxt va go‘zallik sari yo‘l ochib berish mumkin. Agarda biz go‘zalliksiz, demakki ozodliksiz, (zero go‘zallik bu — avvalo, ozodlikdir), hayot bilan murosa qilishga majbur ekanmiz, Prometey haqidagi afsona muntazam eslatib turadi: inson qiyofasini faqat ma’lum muddatgagina buzib ko‘rsatish mumkin, insonga xizmat qilish esa, faqat uning buyuk bir mujassami uchun ishlash orqaligina yuzaga chiqadi. Agar u och, nonga va archagulga muhtoj bo‘lib, bunday payt chindan ham birinchi navbatda, non asqotar ekan, keling, hech qursa, archagulni ham unutmaslikni o‘rganaylik. Prometey odamlari tarixning eng og‘ir musibatli davrlarida ham zahmatli mehnatdan aslo bosh tortmay, chekinmay, yerni, sarkash maysalarni-da ko‘ra olish salohiyatini saqlab qoladilar. Zanjirband qilingan bahodirni qaldiroqlar va chaqmoqlar ko‘mib ketar, ammo u insonga bo‘lgan sobitu vazmin ishonchini aslo yo‘qotmaydi. Shuning uchun u qoyadan ham qattiq, barqaror; qonxo‘r, vahshiy burgutdan ko‘ra sabotli. Bu benihoya qat’iyat xudolarga qarshi isyondan ham yuksakroq;, biz uchun u ma’no va mazmunga to‘la bir ummon. Butun borliqni, qatradan to koinot qadar, hamma-hammasini bir butun, yaxlit, ajralmas saqlashdek bu ajoyib istak-iroda jabr-sitam ko‘rgan, ezilgan odamlar yuragini dunyo bahori bilan hamisha yarashtirib kelgan va yana yarashtiraveradi.
Rus tilidan Abdul Jalil tarjimasi