OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aleksandr Kuprin. Tungi binafsha (hikoya)

Rossiyaning o‘rta mintaqalaridagi nam botqoqliklarda faqat tunda ochiladigan ajoyib gul bo‘lib, kech kirganda yoqimli, muattar hid taratadi. Agar uni uzib olib suvga solib qo‘yilsa, ertalab noxush va badbo‘y is chiqaradi. U oddiy binafsha turlaridan emas. Didsiz dalahovli egalari va ziyoli mehmonlar uni tungi binafsha deb ataganlar. Qishloq dehqonlari ham unga turlicha nom berganlar, lekin ular yodimdan ko‘tarilgani sabab men ham uni tungi binafsha deb atayqolaman.
Undan dorivor o‘simlik sifatida foydalanishmagan, hatto bayram va to‘ylarda bezak o‘rnida ham ishlatilmagan. Uni yoqtirishmagani uchun har doim e’tibordan chetda qolib kelgan. Bu xushbo‘y gulning ot o‘g‘rilariyu jodugar va afsungarlarga aloqasi bor, deydiganlar ham u yer-bu yerda uchrab qoladi. Lekin xalq tabobati, rasm-rusumlarini o‘rganuvchilar hali bunday o‘y-fikrlardan uzoq edi.
Saratovlik va tsaritsinolik tanobchi, aql-hushi joyida bo‘lgan qadrdon do‘stim Maksim Ilich Trapeznikov ana shu tungi binafsha haqida aql bovar qilmaydigan bir hikoyani aytib berdi.
O‘shanda biz Volgada yuqoriga qarab paroxodda suzib borar, yo‘l-yo‘lakay sterlyad balig‘i va qisqichbaqalarni rohatlanib tanovul qilardik. Bekorchi vaqtimiz ko‘p edi. Tungi binafsha haqidagi suhbatimizga yetti-sakkiz yoshlardagi quvnoq bir qizcha sababchi bo‘ldi. U chaqqonlik bilan shu guldan kichik-kichik guldastalar yasab sotardi.
–Siz haqsiz,– dedi u,– xalq bu gulni nima deb atashini hech kim bilmasayam kerak yoki buning nima deb atalishini tez esdan chiqarib yuborishganmikin? Binafsha rangiga kelsak, bu rangni rus xalqi unchalik bilmaydi, tilga ham olmaydi. Nofarmon rangi nastarinni eslatgani uchun bilishadi, o‘shanda ham nastarin rangi deb atashmaydi, baxmal rangi deyishadi. “Tungi binafsha” atamasini savodi g‘ovlab ketganlar o‘ylab topgan bo‘lsalar kerak. Nima sababdan bu atama ruslar ichida keng yoyilib ketganini, rostini aytsam, anglab yetmadim.
Eshiting, hozir men sizga bu gul haqida ajoyib bir hikoya aytib beraman. Agar birorta begona odamdan eshitganimda ishonmasdim. “Yolg‘on gapirib boshimni qotirma, og‘ayni”, degan bo‘lardim. Gap shundaki, bu voqealarga men o‘zim bevosita guvoh va ishtirokchi bo‘lganman, ayanchli jafo chekkanman desam ham bo‘laveradi. Bir finjondan jiguli pivosi yetarmikan ikkimizga? Tomoqni ho‘llashga? Bu yerlarning pivosi ajoyib.
Xullas, Moskva geodeziya institutini muvaffaqiyatli bitirgach, birinchi toifali yer o‘lchovchi-muhandis degan qizil diplom va zar-hal gerbli furajkaga ega bo‘ldim. Tez orada o‘zim tug‘ilib o‘sgan Saritsinoga, ota-onam oldiga jo‘nadim. U yerda otamning umr bo‘yi ishlab orttirgan uch yuz botmoncha yeri bo‘lib, yog‘ochdan ishlangan bir yarim qavatli uy qurgan, oldi gulzor, atrofi mevali bog‘, rezavorlar yetishtiriladigan poliz. Bir juft ovchi it, ko‘ppaklar boqqan. Hozirgilari o‘n ikkinchi avlodi bo‘lsa kerak. Baliq ovi uchun barcha anjomlari bor. Agar qo‘lda tayyorlangan murabboyu sharoblarni aytadigan bo‘lsak, bu joylarni jannatning o‘zi deysiz, Ey, xudo! O‘qib ulg‘ayib, savlatli, kelajagi porloq yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishgan holda kindik qoni to‘kilgan ota-ona uyiga qaytib kelish qanday yaxshi, qanchalik quvonch! Otam u yerda umr bo‘yi yer o‘lchovchi bo‘lib ishlagan, yaqindagina gubernyaga ko‘tarilgandi. Otam o‘z xizmatini ancha yillar muqaddam, o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida, krepostnoy huquq endigina bekor bo‘lgan davrlarda boshlagan. Tilla suvi yugurtirilgan, yaltiroq gerbli furajkam, yashil rangli formamni, Seys* ob’ektivi o‘rnatilgan va takomillashtirilgan teodolit va astrolyabiyani* ko‘rib otamning og‘zi ochilib qoldi. Qadimgi yer o‘lchovchi sifatida unga, ayniqsa, ob’ektiv yoqib qoldi: “Xudoyim, hozirgi zamon texnikasi, qanchalik rivojlanib ketipti-ya! Axir bu oddiygina yer o‘lchovchi asbob emas, balki osmon jismlarini kuzatuvchi teleskop-ku! Noo‘rin bergan savolim uchun kechirasan, o‘g‘lim, asbobsozlikning bu bebaho namunasi necha pul turarkan?”.
– Teodolitning narxi qancha turishini bilmayman, sotib olmaganman, buni menga institutimiz direktori yaxshi xulqim, o‘qishda a’lochi bo‘lganim uchun sovg‘a qildi,– deb javob berdim.
Buni eshitgan onam quvonchdan mehri tovlanib ko‘z yoshi qildi.
–Xudoning mehribonligini qara-ya,– dedi onam,– endi otang bemalol oyoq-qo‘lini uzatib uyida dam olsa ham bo‘ladi, otang ishini o‘z qo‘lingga olasan, davom ettirasan, o‘z aravangni o‘zing tortasan. Biz esa hozircha senga tagli-tugli, yaxshi, boy oiladan kelin qidiramiz. Volga ortida bunaqalar ko‘p: aqlli, chiroyli, ishchan, seplari ham yaxshi.
Shu payt otam uning shashtini qaytardi:
– Shoshma, onasi. Shoshgan – yo‘ldan adashgan. O‘g‘limizni uylanishiga hali vaqt bor. Endigina yigirmaga kirdi. Poytaxtning diqqinafas iqlimidan keyin bu yerdagi toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olsin, qush, baliq ovlasin, tanish-bilish orttirsin, keyin u yog‘i bir gap bo‘lar. Ajoyib miltig‘imni senga esdalik uchun sovg‘a qilaman, o‘g‘lim. Men endi ovga yaramay qoldim. Ko‘p gapirsam ham chakagim og‘riydi.
Shuni aytishim kerakki, shahar hayotidan so‘ng bu yerlarda ov qilishga berilib ketdim. Kashandaga o‘xshab shusiz turolmaydigan bo‘lib qoldim. Kunlarimni ov qilib o‘tkazardim. Doimiy hamrohim, ustozim desam ham bo‘laveradi, veterinar Ivanov (“i”ni cho‘zib talaffuz qildi) edi. U ovga juda ishtiyoqmand, tolmas, tajribali bo‘lib, o‘qni miltiqqa ustalik bilan joylardi. Ilgari otamning ovdagi ajralmas hamrohi bo‘lgan. Tez-tez u bilan uch-to‘rt kunga ovga jo‘nardik. Xizmatkorimiz Agata onamning o‘ng qo‘li edi. Ovga otlanayotganimizda xaltalarimizga turli-tuman yegulik, botqoqlarda sov-qotmaslik uchun ichkilik ham solib qo‘yardi. Tong otmasdan jo‘nab ketardik.
Qiziq, Agatani o‘n yildan beri bilardim (uning asl ismi Agafya bo‘lib, yoqimli eshitilsin deb onam uni Agata deb atardi), kuzda ta’tilga kelganlarimda doim ko‘rib yurardim, Moskvaga qaytgach uning yuzini, ovozini, qaddi-qomatini eslay olmasdim. U kamsuqum, bosiq, saranjom-sarishta, rangpar, ko‘zlarida ilg‘ab bo‘lmas g‘ayrioddiy ifoda aks etardi.
Mana endi so‘zlab beradigan hikoyamga yaqinlashdik. Bir mahal Ivanov bilan loyxo‘raklarni ovlab yurib uydan ancha uzoqlashib ketibmiz. Tajribali sherigim ham atrofga alanglab hayron bo‘ldi. Shu payt g‘arb tomonda uzoqdan yog‘och qoziqlarni ko‘rib qoldik.
– Nazarimda bu yerlarni bilgandekman. Mana bu uycha toshqinda suv ostida qolmasligi uchun qoziqlar ustiga o‘rnatilgan, hozir u eskirib ketgan, keksa lo‘li xotin yashaydi, deyishadi. Xotinlarning gapiga qaraganda u jodugar emish. Biz o‘qimishli ziyolilardan bo‘lganimiz uchun bu gaplarga ishonmaymiz, lekin borib ko‘raylik-chi. O‘zimizning choyimiz bor, hech bo‘lmaganda qaynoq suv berar. Botqoqda rosa ividik, issiq choy zo‘r ketadi, charchoqni oladi.
Uycha tomon yurdik. Keldik. Haqiqatan ham xarob kulba ekan. Qora-yib ketgan, qoq suyagi qolgan burundor kampir yasharkan, ko‘rinishi xuddi lo‘li. Olov yoqib mis tog‘arachada suv qaynatdi. Choy damladik, ichdik, kampirni ham siyladik. Kampir menga qarab turib:
–To‘ram, qo‘lingni ber, fol ochib qo‘yay,– dedi.
–Hayda bu badbaxtni, jin ursin,– to‘ng‘illadi Ivanov.
Kampir qo‘limni ushlab oldi-da, javray ketdi:
–Eh, to‘ram: yoshsan, go‘zalsan, baxtli va boy bo‘lasan. Chap yoningda qop-qora bir odam turipti, senga yovuzlik qilish niyatida, lekin undan qo‘rqma. Yoshgina, chiroylikkina bir qiz sendan ko‘zini uzmayapti. Uzoq yashaysan, sakson yoshdan ham o‘tasan...
U lo‘lilarga xos telba-teskari gaplarni ko‘p gapirdi. Men unga o‘n besh tiyin berdim. U yana qo‘limni ushlab olib: ataganingni ber, yoqimtoy to‘ram, yoshsan, iltifotlisan. Men senga haqiqiy Misr fir’avnlari usulida fol ochaman.– Hech qo‘limni qo‘ymasdan xiralik qilib turib oldi – men unga yarim so‘lkavoy berdim. U o‘z gapidan qolmas, lo‘lilarga xos gaplaridan tinmasdi. Jonimga tegdi. Ketishga hozirlanganimda ham gaplarini takrorlashdan qolmasdi. Telpagimni ki-yib, miltiqni yelkamga osdim – kampir qo‘llarimga yopishib oldi.
– To‘ram, nuri diydam, quloq sol. Bilaman, xaltangda aroq bor, bir stakanini quyib ber – men senga hech kim bilmaydigan sirli fol ochib, haqiqatni aytaman... Qo‘rqadigan joying yo‘q. Nimadan ham xavfsiraysan? Umring oxirigacha bo‘ladigan ishlarni to‘g‘ri va xatosiz aytaman.
Nima ham qilardim! Kampirga bir stakan aroq quyib berdim. Tomog‘i taqillab turgan ekan, ishtaha bilan, maza qilib ichib oldi, gazak ham qilmadi.
–Eng muhimi, navqiron to‘ram, ot va mushuk ko‘zlaridan ehtiyot bo‘l, shuningdek, muattar hidli tungi o‘simliklardan, ayniqsa, oy to‘lgan tundan. Endi senga oq yo‘l bo‘lsin. Agar men aytgan shu uch balodan xastalanib qolsang, kulbamga kel, senga o‘tkir qaytariq qilib beraman.
Biz uyga qaytdik, o‘sha kuni boshqa ov qilmadik, yo‘l-yo‘lakay lo‘liga fol ochdirganim uchun Ivanov meni jerkib keldi:
–O‘ylab topganini qara, bir stakan aroq uchun fir’avnlar zotini kavlashtirish kerakmidi? Eh, poytaxt olimlari, o‘rgildim sizlardan!
Ertasiga ertalab yomg‘ir boshlanib, uzoq muddatga cho‘zilib ketdi. Ovni qoldirishga to‘g‘ri keldi: kunduzlari kitob o‘qish bilan mash-g‘ul bo‘ldim, kechqurunlari yo klubga borib, yo uyda qarta o‘ynab vaqt o‘tkazdik.
O‘zim ham eslolmayman: qachon Agataning ko‘zlari meni nihoyat darajada hayratga soldi? Nazarimda stol atrofida o‘tirganimizda. Tasodifan Agataga qarab, ko‘zlariga tikildim: ko‘z qorachiqlari ajo-yib tarzda yonib tovlanardi. U boshini qayoqqa bursa qorachiqlari o‘zgarib, goh yashil, goh qizil, goh moviy, zangori, goh binafsha rangiga kirardi. Ko‘z rangining bunday jilolanishini ba’zan bino ichida, qorong‘ilikda ot va mushuklarda kuzatganman. Shu paytdan Agatani, xuddi birinchi marta ko‘rgandek bo‘ldim, garchi uni bir necha yillardan beri yaxshi bilsam ham. Birdan u menga boshqacha ko‘rinib ketdi: bo‘y-basti, kelishgan qaddi-qomati, xatti-harakatlaridagi ishonch meni lol qoldirdi. Yoshini aniqlay olmadim. O‘ttizmi? O‘ttiz beshmi? Qirqmi? Ostki labi o‘qtin-o‘qtin uchib turardi. U hech qachon kulmas, tabassum qilmas, lekin xursand va dilkash paytlarida birdan yuzida jozibador iliqlik paydo bo‘lardi.
Bir kuni onamdan Agataning o‘tmishi haqida so‘rab qoldim, ammo biror-bir qoniqarli javob ololmadim.
–Agata ichkilikka ruju qo‘ygan, kambag‘allashgan zodagonning xizmatkoridan nikohsiz tug‘ilgan: g‘irt yetim, biz unga muruvvat ko‘rsatib, boqib oldik. Bolaligidan xo‘jalik ishlariga o‘rgatdik, dastlab boshlang‘ich, keyinchalik o‘rta maktabda o‘qitdik. Yomon emas, unga ko‘rsatilgan muruvvatdan minnatdor bo‘lib, itoatli va ziyrak qiz bo‘lib o‘sdi. Keyinchalik o‘n bir yoshlarida qayoqqadir gumdon bo‘ldi, iziniyam ko‘rsatmadi. Bir yildan so‘ng qaytib keldi. Ma’lum bo‘lishicha, lo‘lilar bilan daydib yurgan ekan. To‘lib-toshib, yig‘lab qaytib keldi. “Xudo haqqi, meni kechiringlar, qabul qilinglar. Bundan buyon dilingizni og‘ritmayman”, deb yolvordi. Nima ham qilardik? Qabul qildik. Vaqt o‘tdi. Agataga qarab ko‘zimiz to‘ymasdi, maqtovga so‘z yo‘q, xonadonimizda bir xilqat ulg‘aymoqda, ham chevar, ham pazanda, xudojo‘y, yuvosh, aqlli, tejamli va quvnoq... Nima bo‘ldi deng?.. Bir kuni dasturxon atrofida o‘tirib Agatani tushlikka chaqirdik. Xuddi suvga tushgan mushukdek kirib keldi: boshi quyi solingan, ko‘zi yerga qadalgan. “Nima bo‘ldi senga?” Eshitilar-eshitilmas javob berdi: “Mening muruvvatli xaloskorim, ijozat bersanglar. Belogor cherkovida sochimni qirqtirib, rohibalikka o‘tsam”. “Ey, Xudoyim, ajoyib gap-ku? Bor kuchimizni ishga solib, bu yo‘ldan uni qaytarmoqchi bo‘ldik: Bu nima degan gap, axir endigina o‘n olti yoshga to‘lding-ku, qanaqangi og‘ir gunoh ish qilding?.. va shunga o‘xshash gaplar aytildi. Yo‘q, deb turib oldi, ertalab kiyim-kechaklarini yig‘ishtirib ro‘molga tugdi-da g‘oyib bo‘ldi. Chin dildan unga achindik, nima ham qilardik, miyasini shu narsalar chulg‘ab olgan bo‘lsa?
Shundan so‘ng necha yil o‘tgani onamning yodida yo‘q: yetti yilmi, sakkiz yilmi, xo‘sh nima deb o‘yladingiz, yana Agata uyimizda paydo bo‘ldi. Tiz cho‘kib kechirim so‘radi: “Men badbaxt, adashgan bandani oxirgi marta kechiringlar. Farishtadek cheksiz muruvvatingiz haqqi, iltijo qilaman. Xudo va muqaddas Injil oldida qasam ichaman, bu oxirgisi. Shu bugundan boshlab sizga ham, xonadoningizga ham, avlodlaringizga ham sodiq qul bo‘lay....”– shunga o‘xshash gaplarni aytdi.
Shu paytdan boshlab tinchgina, itoatgo‘ylik va odob bilan, xuddi rohibalardek, xonadonimizda yashab keladi. Undan, xuddi cherkovdagidek sham va xushbo‘y moy hidi anqib, osoyishtalik ufurib turadi.
Tez orada go‘yo xonadonimizdagi eski bir buyum kabi Agataga e’tibor bermay qo‘ydim. Uzun-uzun kipriklari ostidan goho charaqlab turgan ko‘zlari ham meni qiziqtirmas va bezovta qilmasdi. O‘sha paytlarda ota-onamning qistovi bilan uylanish taraddudiga tushib qolgandim va munosib kelin qidirardik. Taomilimizga ko‘ra orzu qilsa arziydigan kuyov edim: yosh, sog‘lom, qaddi-qomatim joyida, o‘qimishli – muxandislik darajasida, uch tur usulda vals, mazurka va pedespan raqsiga tushardim, frantsuzcha kadril musiqasiga yaxshigina dirijyorlik ham qilardim. Qolaversa, otamning mol-mulki ham ko‘zga ko‘rinarli edi. Chiroyli va boy-badavlat qizlardan ko‘z ostiga olib qo‘yganlarim ham bor edi. Mana shu yerda boshimga iblis baxtsizlik yog‘dirdi...
Qaysi yili sodir bo‘lgani hozir yodimda yo‘q, lekin iyun oyining oxirgi juma kuni bo‘lgani esimda. O‘sha kuni bizning Volga ortida kamdan-kam uchraydigan, chidab bo‘lmas darajada jazirama issiq bo‘ldi, faqat yarim kechaga yaqinlashganda bemalol nafas olsa bo‘lardi. Cho‘milib olib ovqatlandim va anchagina qarovsiz bo‘lib qolgan, biroz salqin bog‘imizga chiqdim va ko‘ylak yoqalarini yechib o‘rindiqqa o‘tirdim. Oh, kunduzgi diqqinafas jaziramadan so‘ng xushbo‘y va salqin havodan nafas olish naqadar rohat! Qorong‘ilik quyuqlashib borardi. Kumushdek nurlarini taratib dum-dumaloq to‘lin oy ham chiqdi. Bog‘ sehrli nurga chulg‘andi. Kimnidir yengil oyoq tovushi eshitildi. Boshdan-oyoq och-yashil nur taratib Agata kelardi.
– Yoningizga o‘tirishga ijozat bering, Maksim Ilich,– deya titroq ovozda murojaat qildi u.
Men surildim.
– Marhamat, o‘tiring. Qarang, qanchalar ajoyib tun.
– Ha, juda ajoyib, latofatli kecha,– dedi u.– Guldasta terib keldim. Sizga, oling, xushbo‘y.
Guldastani olarkanman lazzatlantiruvchi, to‘lqinlantiruvchi, intiq muattar hid bilan birga tizzamda uning qaynoq kaftlari haroratini sezdim. A’zoi-badanimni – oyog‘im uchidan sochimning tolasigacha allaqanday yengib bo‘lmas jo‘shqin bir istak qamrab oldi – bunday hissiyotni ilgari hech qachon boshdan kechirmagandim. Butun vujudim titrar, u bo‘lsa otash nafaslarini yuzimga ufurib, sekin gapirardi.
– Agar bilsangiz edi, Maksim Ilich, oilangizga qanchalik bog‘lanib qolganimni! Barchangizni yaxshi ko‘raman! Otangizni ham, onangizni ham, sizni ham. Ha, sevaman! Sevaman! Sevaman. Oh, Maksim Ilich, umrbod sizning qulingiz, itingiz, oyog‘ingiz ostida poyondozingiz bo‘lishni istardim! Haddan tashqari sizni sevaman! Siz uchun jonimni ham berishga tayyorman! Sizning sog‘ligingiz yoki huzur-halovatingiz uchun hech narsani ayamayman, jonimni ham, borlig‘imni ham! Jonim sizga sadag‘a!
Yo‘q! Bu tunni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi! Sevishganlar hamrohi, oyparastlar va murdalar yo‘ldoshi bo‘lmish to‘lin oy, tungi binafshaning mast qiluvchi hushbo‘y hidi, tashnalikdan telba bo‘lgan vujud, goh yashil, goh qizil ranglarda tovlanib turgan ko‘z qorachiqlari... Titroq vujudini yalang‘och ko‘kragimga bosgancha davom etdi Agata:
–Ko‘p yillardan beri amalga oshmay yurgan yagona orzuim bor – lablaringizdan bo‘sa olish – keyin o‘lsam ham roziman.
Biz o‘pishdik. Oh, qanday bo‘sa edi bu! Oyog‘im ostidagi yer charxpalak bo‘lib aylanib ketdi, o‘zim esa jinni bo‘layozdim. U bo‘lsa zavq-shavqqa to‘lib shivirlardi:
–Yana, yana, yana...
Xonamga tong otarda qaytdim. Oyoqlarim chalishar, boshim g‘uvillar, mushaklarim zirqirab, qo‘llarim titrar, yuzim esa lov-lov yonardi.
Onam kirib kelib so‘radi:
–Senga nima bo‘ldi, Maksim, juda boshqachasan?
–Bu issiqdan, kunduzi rosa jazirama bo‘ldi,– dedim.
–Yo‘q, oftob urgan emas. To‘lin oy ta’siri bu, bor ko‘rpangga kir. Uxlab tursang o‘tib ketadi,– dedi onam.
Men yotdim. Tunda oldimga Agata kirdi, tongga yaqin yashirincha uning oldiga, boloxonaga chiqdim. Shu tariqa doimo har kuni, har tunda, har soatda ko‘ngilxushlik qilardik. Biz bir-birimizga chan-qoq, intiq edik, to‘ymaslik. Bilmadim, yovvoyi ovloqda tug‘ilib o‘sgan bu ayol sevgi bobida shunchalar darajada o‘ynoqilik, hayosiz usullarni nazokat bilan qo‘llashni qaerdan o‘rgangan? Shu haqda o‘ylasam hozirgacha uyatdan yerga kirgudek bo‘laman. Lekin o‘sha paytlarda do‘zaxiy huzur-halovatda va lazzatda edim, go‘yo ko‘zga ko‘rinmas rishtalar meni bu shaytoniy farog‘atga o‘rab-chirmab tashlagandi. Har ikkimiz telbalarcha shod-xurram edik, sevgimizdan boshqa narsa to‘g‘risida o‘ylamasdik. Biz bir-birimizni uzoqdan ham topib olardik – ovozimizdan, yurishimizdan, hidlarimizdan tanirdik – jilovlab bo‘lmas telbalardek quturgan ehtiros bilan lazzatlanish uchun bir-birimizning bag‘rimizga otilardik, lekin tashnaligimiz qoniqmasdi. Atrofimizdagi barcha butazorlar, omborxonalar, otxonayu yerto‘lalar, qurilayotgan xonachalar – sevgimiz uchun boshpana bo‘lardi.
Agata ochilgandan ochilib yashnar, men esa tinimsiz halokat sari qadam tashlardim. Tinka-madorim qurib qoq suyak bo‘lib qoldim, yurganda oyoqlarim qaltiraydigan bo‘ldi. Ishtaham yo‘qoldi, xotiram shu darajada susayib ketdiki, nafaqat o‘qib-o‘rganganlarim, o‘qituvchi va o‘rtoqlarimnigina emas, balki ota-onamning ismlarini ham unuta boshladim. Men faqat sevgini, sevgilim siymosinigina yodda saqlardim.
Qiziq, surbetlarcha ehtirosli, umidsiz, lekin orombaxsh sevgimizni uydagilardan hech kim bilmasdi. Balki otashin sevishganlarni qo‘riqlovchi farishtasi bordur? Lekin, iblisning tuzog‘iga ilinganimni onam allaqachon sezgan ekan. Havo almashtirib, sayr-tomosha qilib Moskvaga borib kelishim uchun onam otamni ko‘ndirdi. O‘sha paytda Moskvada katta ko‘rgazma ochilgandi. Ota-onamning g‘amxo‘rligini rad qila olmadim, shashtini qaytargim kelmadi. Mos-kvaga jo‘nab ketdim. Ammo Nijniy Novgorodga yetganda Agataga bo‘lgan intiqligim, qattiq sog‘inch meni qamrab oldi. Oyog‘imni qo‘limga olib duch kelgan birinchi poezddayoq uyga qaytdim. Ota-onamga yolg‘on gapirdim – tuturiqsiz, telba-teskari bahonalar qildim. O‘z uyimda yakkamoxov bo‘lib qoldim. Or-nomus va vijdon azobi ich-etimni kemirardi. Bir necha marta o‘z jonimga qasd qilmoqchi ham bo‘ldim, ammo ota-onamga rahmim keldi. Hammasidan ko‘ra Agataga ko‘nglim sust ketganligi meni hayotga qaytardi. Ana shunda fidoyi onam meni sharmandalarcha bog‘lab tashlagan sehr-joduni yechishga bel bog‘ladi. Dastlab men bilan doimo ovga chiqqan moldo‘xtir Ivanovni tergay boshladi. U astoydil yordam berishga kirishdi. Lo‘li kampirning huzuriga kirganimiz, u kelajagim haqida fol ochgani, nimadan ehtiyot bo‘lishim, qo‘rqishim kerakligi haqida aytganlarini va shu balolarga duch kelganimda qaytariq qilib berishi haqida oqizmay-tomizmay so‘zlab berdi. Shundan so‘ng onam lo‘li kampirga borib uzoq suhbatlashdi. Ketayotib chorakta yuztalikni bergan ekan, u olmapti. “Men xudo yo‘lida yordam beraman, pul olmayman”, depti. Oxiri onam katta cherkovdapgi muqaddas ruhoniy otaxon Gavriilga boripti. U yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, oq fotiha beripti. Jabroil alayhissalom kuni yetib keldi. Onam uyda xudoyi o‘tkazdi. Oila a’zolari, shu jumladan Agata ham zalda to‘plandik. Onam menga nima qilishim va nima de-yishimni o‘rgatdi. Marosim lozim darajada o‘tdi. Ruhoniylar chiqib ketishdi. Shundan so‘ng onam Agataga qarata muloyimlik va bosiqlik bilan jiddiy tarzda dedi:
–Azizam Agata, mana necha yillardan beri oilamizning eng yaqin do‘stisan, doimo yordamchim bo‘lib kelding, mehnatingni ayamading, sabr-qanoat bilan yashading. O‘ylab ko‘rsam, xonadonimizga yordamchi bo‘lib yashab kelganing yetar, endi bu yog‘iga o‘zing mustaqil bo‘lib o‘z uyingda o‘z xo‘jaligingni yuritib yashash vaqti yetdi, degan xulosaga keldik. Mana senga, katta bo‘lmasa ham, yetarli darajadagi bir parcha yerga egalik qilish vasiqasi solingan hamyon – bu erimdan, mendan esa yigirma bosh tovuq, g‘oz, o‘rdak, kurka. O‘g‘lim Maksimdan zarur uy jihozlari va esdalik uchun Mozer tayyorlagan tilla soat olasan. O‘g‘lim, ularni Agataga topshir.
Soatni berdim va so‘ngi marta Agataga nigoh tashlab hayrlashdim, uning rangi o‘chib ketdi. Shundan so‘ng onam dam solingan muqaddas chilla suvini shu yerda hozir bo‘lganlarga sepib chiqdi va ayni daqiqalarda Tangriga bag‘ishlab ta’sirli hamdu-sanolar o‘qidi: “Ey, Xudoyim, gunohlarimizni o‘zing yarlaqagin, qalblarimizdagi qahr-g‘azabdan forig‘ et, musibatlarimizga malham ber...”
Hammasi tamom bo‘ldi. Agata sovg‘a qilingan pul va buyumlardan birortasini ham olmasdan, hech kimga hech narsa demasdan, shu tunning o‘zida uydan g‘oyib bo‘ldi.
U abadiy izsiz yo‘qoldi. Onam uni yodga olib, gunohkor banda Agafiyani azob-uqubat va dardlaridan xalos qilishni so‘rab o‘z ibodatlarida xudoga doimo iltijo qiladi.

Ruschadan Abdunabi Abdulqodir tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 4-son.
_________________
* Nemis optik-mexanigi.
 * Geodeziya asboblari.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.