OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anor. Qiziqarli tadqiqot (hajviya)

Yosh olim Bolta Teshayev ko‘p yillar mobaynida “Bir noma’lum shoir haqida” jiddiy tadqiqot olib borgan edi. Yaqinda u ana shu mavzudagi dissertatsiyasini yakunladi. Quyida biz mazkur dissertatsiyadan parcha keltiramiz.
“Dissertatsiyaning asosiy qismiga o‘tishdan avval uning yozilish jarayonida qomusiy bilimga ega mashhur va mo‘‘tabar, daryoqalb, nazokatli, mehribon olimlarimiz (keyin ularning ism-shariflari-yu, unvonlari birma-bir keltirilgan)ga o‘zimning samimiy, chuqur va cheksiz minnatdorchiligimni izhor etaman.
Shuningdek, men mazkur dissertatsiyaning yozilishida bevosita ishtirok etgan, ya’ni mavzuni topgan – Tal’at Talatovga, manbalarni o‘rganib chiqqan –Midhad Midhadovga, iqtiboslarni to‘plagan – Ahmad Ahmadovga, ularni asl nusxaga solishtirib chiqqan – Asad Asadovga, tarixiy qo‘lyozmalarni o‘qib, zamonaviy alfavitga ko‘chirgan – Qudrat Qudratovga, ularni ona tilimizga tarjima qilgan – Hidoyat Hidoyatovga, so‘zlar, ism va atamalar etimologiyasini aniqlagan – Fikrat Fikratovga, to‘plangan ma’lumotlarni tartibga solgan – Mamat Mamatovga, ularni umumlashtirgan – Nodir Nodirovga, materiallarni jamlab, so‘nggi xulosa chiqargan – Ne’mat Ne’matovga, dissertatsiyaning qoralamasini yozgan – Shavkatoy Shavkatovaga, uni oqqa ko‘chirgan – Izzatxon Izzatovaga, kompyuterda ko‘chirgan – Ismatxon Ismatovaga va, nihoyat, uni muqovalagan – Karapet Karapetyanga o‘zimning samimiy minnatdorchiligimni izhor etaman.
Mazkur tadqiqot noma’lum asrda, noma’lum shaharda yashab ijod etgan noma’lum shoirga bag‘ishlanadi. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, noma’lum shoirning ismi Chinor bo‘lgan. Biz uni, shartli ravishda, “Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniy” deb atadik. Zero, u Gardamonda tavallud topgan bo‘lsa, hech shubhasiz, “Gardamoniy” taxallusini tanlagan bo‘lardi. Magarkim, Baylaqonda tug‘ilsa, tabiiyki, taxallus “Baylaqoniy” bo‘lmog‘i aniqdir. Chinor-Baylaqoniy-Gardamoniy tarjimai holini o‘rganish borasida olib borilgan ko‘p yillik izlanish va tadqiqotlar, afsuski, biror bir natija bermadi. Bundan qat’i nazar, Chinor o‘z zamonasining qomusiy bilimga ega, asarlarida mazlum xalqning hurriyat va adolat haqidagi orzu-armonlarini tarannum etgan ulkan shoiri bo‘lgan, deya olamiz. She’rlarida mazlum xalqning orzu-umidlari, armonlarini kuylagan ulug‘ shoirning, baxtimizga qarshi, hozirda qo‘limizdagi g‘azallarning aynan uning qalamiga mansubligini isbotlovchi birorta manbaga ega emasmiz. Bundan qat’i nazar, biz bu sohir satrlar Chinor-Baylaqoniy-Gardamoniyday buyuk insonparvar shoir qalamiga mansubligiga ishongimiz keladi.
Ba’zi olimlarimiz “Bulbul gulga zor, men senga xumor” degan hikmatli satr Chinor-Baylaqoniy-Gardamoniy qalamiga mansub, degan fikrdalar. Shuningdek, bir guruh tadqiqotchilar “Mitti bulbul xonishi – ko‘nglimning oroyishi” degan sohir satr ham unga tegishli deb taxmin qilishmoqda. Biz ham, ko‘plab manbalarni ko‘zdan kechirib, shu paytgacha muallifi noma’lum bo‘lgan “Saratonda yashnagan bo‘ston – qahratonda bo‘ladi xazon” degan hikmatli satr ham Baylaqoniyga tegishli degan xulosaga keldik.
Xo‘sh, biz nimalarga asoslangan holda shunday xulosaga keldik?
a) satrning muallifi noma’lum, demak, mazkur hikmat Baylaqoniyga tegishli emas, deyishga asos yo‘q;
b) buyuk shoirning asarlarida “bulbul”, “gul”, “qushginam”, “assalom”, “bahor” kabi so‘zlarni ko‘p uchratamiz. Demak, ushbu obrazli so‘zlar uning ijodida xarakterli o‘rinni egallaydi;
v) Chinor-Baylaqoniy-Gardamoniy she’riyatiga xos bo‘lgan daholarcha soddalik, teranlik, kuzatuvchanlik va chuqur falsafiy mushohadalardan biz nihoyatda yetuk va ulkan ijodkorning siymosini ko‘rib turibmiz.
Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniyning qancha umr ko‘rganligi bizga noma’lum. Shunga asoslangan holda, taxmin qilishimizcha, shoir juda ko‘p tashvish va dramatik voqealarga boy bo‘lgan katta hayot yo‘lini bosib o‘tgan, deya olamiz. Hayotning achchiq-chuchuklarini ko‘p totgan ijodkor keksalik chog‘ida dono fikrlarni aytishi tabiiy.
Biz quyida shoirning topilmagan devonidan bir g‘azal keltiramiz:

Nega kuymay, nega yonmay, yor ketdi,
Dardimning davosi, tanimdan mador ketdi,
Qomati sarv, ko‘zlari xumor ketdi,
Do‘zax azobiga tashlabon dildor ketdi,
Faqirni aldab, sallona-sallona – ozor ketdi.
Lolarang dudog‘ingga fidoman-fido,
Yurakda yonar o‘t – o‘tli nidoman-nido!
Bevafo sanamim baxt torim uzib ketdi,
Jodu ko‘zlari oromim buzib ketdi,
Yuzi oy, marvariddir tishlari,
Chinorni zor etib, berahm nigor ketdi.
 
Ilova: afsuski, hozircha ushbu g‘azalning Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniy qalamiga mansub ekanligini tasdiqlaydigan hech qanday dalilimiz yo‘q. Shuningdek, g‘azalning uning devonidan olingani-yu, umuman devon bo‘lganmi-bo‘lmaganmi, u ham hozircha bizga noma’lum. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniy “qo‘shma” janrda g‘azallar bitgan. Zamonaviy she’riyatimizda “Sochma” uslub kashf etilgan bo‘lsa, shoir Chinor she’riyatda yangicha “qo‘shma” janrni kashf etgan. (Quyida keltiriladigan qo‘shma, shubhasiz, uning qalamiga mansub deb o‘ylaymiz.)
 
Qo‘shma

Sen turganda gul sarg‘aysa mayliga,
Yonog‘ingda lola unsa mayliga,
Oq manglayda quyosh kulsa mayliga.
 
Murov tog‘i kutmoqda – otni yeldir tezroq,
Yoshligimiz o‘tmoqda – sharob keltir tezroq,
Go‘zal dilbar meni to‘yga chorlabdi,
Egnidagi gul libosi porlabdi.
 
o‘animlar o‘qtalsin nayza bizga erta-kech,
Qarg‘a-quzg‘un do‘qidan lochin qo‘rqqanmi hech,
Kulbamga yor kelsa xoh erta, xoh kech,
Dasturxonga to‘kilsin nozu ne’mat mayliga.
 
Kuning bitsa, bir kun ham qolmaysan omon,
Yaxshiga yaxshiman o‘zim, yomonga – yomon.
Chinorning qo‘shmasin o‘qing bo‘lsa gar imkon,
Uni eshitganlar qoyil bo‘lsin mayliga.
 
Ilova: ko‘rib turganingizdek, xalq ijodiyotini chuqur bilgan shoir qo‘shmani yangicha bo‘yoq, yangicha istiora, yangicha qofiyalar bilan boyitib, she’riyatimiz marvarid shodasiga yangi durdonalar, nazm gulshanimizga yangi, xushbo‘y gul navlarini tortiq etishga muyassar bo‘lgan ijodkordir.
Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniyning bizga hali noma’lum bo‘lgan “Z harfi” she’ri mavjud. U sochma vaznda bitilgan bo‘lib, shu paytgacha bu vazndagi she’r zamonaviy adabiyotimizdagi novatorlik, degan fikrning noto‘g‘riligini va bu janr adabiyotimizda qadimdan mavjud ekanligidan dalolat beradi. Shoir Chinor bundan yuz yillar, ehtimolki, ming yillar muqaddam sochma vaznda she’rlar bitib, hozirgi davr adabiyotimiz rivojiga ham o‘zining salmoqli ulushini qo‘shishga ulgurgan. Bunga misol tarzida uning quyidagi she’rida “Telefon” atamasiga e’tibor berish kifoyadir.
 
Quloq tagida
Telefon go‘shagi g‘uvillaydi.
Undagi ovozzz
Ariday zuvillaydi.
Zzorlanib
Zuvillab
Tinglaydi quloq.
Quloq zuvillaydi
Uni qunt bilan tinglaydi
O’sha ovozzni
Yolg‘izz
Zzorlangan
Ozzorlardan so‘zlagan
Zzzarradek,
Zig‘irdek
Ovozz!
Zzuvillama!
Qo‘shni uyda ham
Zzuvillaydi
Bir nima!
 
Ilova: ushbu sochmadan shoirning ulkan iste’dod, kelajakda telefonning kashf etilishini karomat qilganligi hayrat va tahsinga sazovor. Ba’zi olimlarimiz bunday shaxs umuman tarixda bo‘lmagan, degan fikrni ilgari surishmoqda. Mazkur maqolada biz bu masalaga umuman to‘xtalmaslikka jazm qildik, zero, bu nomzodlik dissertatsiyamiz mavzusiga kirmaydi. Nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgach, muallif doktorlik dissertatsiyasida tadqiqotlarni davom ettirib, shoir Chinor tarixda bo‘lganmi-bo‘lmaganmi degan savolga yaqindan yondashishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
 
XULOSA:
Muallif Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniy g‘azallarini yozishda bevosita ishtirok etgan g‘azalnavis Jamshid Jamshidovga, qo‘shmani bitgan baxshi Murshid Murshidovga va “Z harfi” she’rini to‘qigan “33-77” raqamli kibernetik mashinaga o‘zining chuqur minnatdorchiligini izhor etadi.”
 

Ruschadan Mehmon Islomqul tarjimasi
 «Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.