General-leytenant Zapupirining dafn marosimi. Marhumning uyidan motam musiqasi va qattiq-quruq ovozlar yangrardi. Xabar topgan tomoshatalablar har tomondan yugurib kelishgan. Chiqarish marosimiga oshiqqanlar orasida Probkin va Svistkov ham hoziru nozir. Ikkovi ham xotini bilan birga.
– Mumkin emas! – Mahalliy nozir yordamchisi yoqimli, ochiq chehra bilan to‘siqqa yopirilib kelganlarni to‘xtatishga urinardi. – Mumkin emas! Iltimos, orqaga! Lekin shunday bo‘lsa ham, xonimlar o‘tishi mumkin... marhamat siz, xonim.
Probkin va Svistkovning xotinlari nozir yordamchisining kutilmagan iltifotidan qizarishib, to‘siqdan lip etib o‘tib olishdi. Erlari esa jonli devor tomonda qolgancha piyoda va otliq nazoratchilar ortidan o‘ychan boqishardi.
– O’tib olishdi! – dedi ketib qolgan ayollarga rashk va nafrat bilan qarab qolgan Probkin. – Baxt chindan ham bu ulamasochlarga. Erkaklarda hech qachon bunday imtiyoz bo‘lmaydi. Xo‘sh, biznikidan afzalroq qanday xislati bor ularning? Ayollar, aytish mumkinki, oddiy, hammaga o‘xshagan, qolaversa, bid’atchi, lekin baribir ularni o‘tkazib yuborishdi. Siz bilan bizni esa garchi beshinchi darajali martabaga ega bo‘lsak-da, o‘tkazishga loyiq ko‘rishmadi.
– Taajjub, o‘ylab ko‘ring-a! – dedi nozir yordamchisi Probkinga ta’na bilan qarab. – Sizlarni ichkariga olmaganimda hozir boshlanadigan beo‘xshov turtinishlar orasida qolib ketardingiz. Axir, shunday nazokatingiz bilan sizni bunaqa ahvolda qoldirishni hecham o‘zimga ep ko‘rmasdim!
– Marhamat qilib qoldiring! – jahli chiqdi Probkinning. – Aslida ayollar ko‘pchilik orasida birinchi bo‘lib turtinishadi. Erkaklar bir nuqtaga tikilib turaveradi, xonimlar esa qo‘llarini keng qo‘yib, bemalol turtib ketaverishadi, nima bo‘lsa bo‘lsinu, bashang liboslari g‘ijimlanmasin. G’iring deb ko‘r-chi! Ayollar bor joyda omad eshigi hamisha ochiq. Xonimlar va askarlar uchun raqs kechalari ham bepul, ha, bir tiyinga olishmaydi. Hatto tan jazosidan ham osongina ozod qilishadi... Qaysi xizmatlari uchun degan savol tug‘iladi. Poshsha qiz ro‘molchasini tushirib yuborsa, sen engashib olib ber; u kirib kelsa, darhol o‘rningdan turib, stulingni uzat; chiqib ketsa, kuzatib qo‘y... Rasm-rusmni qara-ya! Qanday bo‘lmasin, unga yetish, faraz qilaylik, beshinchi darajali martaba sohibi – menga yoki senga bir umr karnay chalish bo‘lsa, bas. Oyimqiz esa yarim soatda yuqori martabali inson bilan yo‘lini topib, nikohdan o‘tib oladi-yu, bir pasda oliy zotli xonimga aylanadi. Bordi-yu, men knyaz yoki graf bo‘lib qolsamu, butun dunyoni bo‘ysundirmoqni ixtiyor etsam, Shipka cho‘qqisini zabt etsamu, vazirlar huzurida bo‘lib tursam, o‘z panohingda asra, birorta ona suti og‘zidan ketmagan Verenka yoki Katenka graf qarshisida paydo bo‘lib, etagini aylantiradi, ko‘zini suzadi – mana janobi oliyalari... Sen hozir gubernya kotibi... Bu martabangni, aytish mumkinki, qon yutib qo‘lga kiritgansan; sening Marya Fominishnang-chi? U nima uchun gubernya kotibasi? Popning qiziligi uchun osongina amaldorning xotini ham bo‘lib oldi. Ajoyib xotin! Sen unga ishimizni ber, u sening o‘rningda keldi-ketdi xatlarini yozib o‘tiradi.
– Ammo tushkun holatdagilarga xushkayfiyat bag‘ishlaydi, – gap qistirdi Svistkov.
– Bag‘oyat muhimlik! Ular amaldorlar qarshisida qovog‘i uyilganga o‘xshab turishadi, biroq bu bilan o‘zlarining dilni yayratguvchi oromijonliklarini ko‘z-ko‘z qilishadi. Turgan-bitgani qulaylik. Bizning doiradan birorta qiz yoki xonim generalga ham bemalol bidir-bidir gapira oladi, sen esa amaldor oldida nimanidir aytishga jur’at ham qilolmaysan... Ha... Sening Marya Fominishnang tortinmasdan biror amaldorning qo‘ltig‘idan olgancha u bilan bemalol sayr qiladi, sen ham ana shunday amaldorning qo‘ltig‘idan tutib ko‘r-chi! Qani, ol, urinib ko‘r! Bizning uyimizda, ostki qavatimizda qanaqadir professor xotini bilan yashaydi... General, tushunyapsanmi, lekin Anna birinchi o‘rinda turadi. Shuning uchun har doim xotinining jerkinganini eshitasan: “Ahmoq! Ahmoq! Ahmoq!” Axir, u oddiy qishloq ayoli-ku, meshchanlardan, lekin bunda har holda qonuniylik bor va shunday bo‘lishi kerak ham... Azaldan shunaqa, haq-huquqlari uchun talashib-tortishishadi, ammo sen noqonuniy tarafini olib ko‘r.
Bir hodisa umrbod esimdan chiqmaydi. O’lishimga ozgina qolgandi, shunda bilsam, ota-onamning duolari tufayli omon qolgan ekanman. Bilasanmi, o‘tgan yili bizning general ta’tilda yozuv-chizuvlari uchun qishlog‘iga meni ham o‘zi bilan birga olib ketdi. Bir soat ishlab, qolgan vaqtda bekorchi ishlar bilan band bo‘lardik. U ishlarini bitirib, aylangani o‘rmonga jo‘nardi yoki xizmatkorlar romanslarini tinglardi. Generalimiz so‘qqabosh. Uy to‘la noz-ne’mat, xotinlar esa yo‘q, xizmatkorlarni hech kim boshqarmaganidan xuddi itdek pala-partish yashashadi. Xullas, odamlarning bari tartibsiz, gapga kirmaydigan... va faqat oqsoch Vera Nikitishna hammamizga so‘zini o‘tkazadi. Uning o‘zi choy quyadi, tushlik buyurtiradi, xizmatkorlarga o‘shqiradi. Eh do‘stim, bu yoqimsiz ayol judayam zahar, shaytonning o‘zginasi. Semizligidan doim qizarib yuradi. Kimgadir qichqira boshlasa, shunaqa chiyillaydiki, Xudo asrasin bunday beo‘xshov chinqiriqdan. Xullas, baqir-chaqirlaru, haqoratlar jonga tegib ketdi. Vo, ajab! Uning yaqinida yashashga hech kim toqat qilolmasdi. Nafaqat xizmatkorlarning, balki mening ham jig‘imga tegardi bu makkor. Shunda: “Shoshmay tur, qulay fursat topib, sen to‘g‘ringda barisini generalga aytib beraman. U xizmat bilan band bo‘lib, ko‘ziga cho‘p solib yurganingni va odamlarni bezdirayotganingni ko‘rmaydi-da, qarab tur, men uning ko‘zini ochib qo‘yaman”, – deb o‘ylardim. Ochildi ham, birodar, ko‘zlar shunaqa ochildiki, nazarimda o‘zimning ko‘zim umrbod yumilmaydigan bo‘ldi. Eslasam, hatto hozir ham etim junjikadi.
Bir kuni men koridordan borayotib, to‘satdan chinqiriq ovozini eshitib qoldim. Avvaliga cho‘chqani so‘yishyapti, deb o‘yladim, keyin esa diqqat bilan quloq solsam, Vera Nikitishna kim bilandir janjallashardi:
– Hayvon! Naqadar yaramassan! Ablah!
– Kimni qarg‘ayapti? – deya hayron bo‘ldim.
– Eh oshnam, ittifoqo ko‘rib qoldim: eshik ochilib ketdi va undan bizning general uchib chiqdi. Qip-qizargan, ko‘zlari chaqchaygan, sochlari to‘zg‘igan bir holatda. Ayol esa uning orqasidan ham so‘kinardi: “Yaramas! Iblis!”
– Valdirayver! – derdi darg‘azab general.
Rosti, men qizishib ketdim. Bizning general esa o‘z xonasiga yugurib ketdi, men esa go‘yo hech nimani tushunmagan ahmoqdek koridorda turaverdim. Kaltafahm, omi, tagipast bir ayol birdaniga bunaqangi haqoratomuz so‘zlar bilan muomala qilishga jur’at etdi-ya! O’ylashimcha, demak, general u bilan hisob-kitob qilmoqchi bo‘lgan, u esa guvohlar yo‘qligidan foydalanib, butun zahrini generalga sochyapti. Yo‘-o‘q, buni shunday qoldirib bo‘lmaydi, yo‘qotish kerak bu alvastini. Qonim qaynab ketdi... Uning xonasiga bordimda, dedim: “Sen, yaramas, qanday qilib amaldor odamga qo‘rqmasdan shunaqa so‘zlarni gapirding? Nima, uni himoyasiz zaif chol, deb o‘ylayapsanmi?” O’zim himoyaga o‘tdim, bilasanmi, nima qildim, uning yog‘ bosgan yuziga ikki marta tarsaki tushirdim. Ana shunda ko‘rsang edi uning qanchalar ko‘tarilib ketganini, shunaqa chinqirib baqira boshladiki, o‘zi asrasin bunday ofatdan! Umuman yaxshi ish bo‘lmadi.
Qulog‘imni bekitdim-da, o‘rmonga jo‘nadim. Taxminan ikki soatlardan so‘ng qarshimga bir bola yugurib keldi: “Xo‘jayinning oldiga marhamat qiling”. Bordim. Kirdim. Kurkaga o‘xshab tumshayib o‘tirardi, qaramadi ham.
– Bu, mening uyimda siz nima o‘rnatmoqchisiz o‘zi?
– Ya’ni, qanaqa? Mabodo, siz Nikitishna to‘g‘risida gapirayotgan bo‘lsangiz, men sizning yoningizni oldim-ku.
– Bu sizning ishingiz emas, birovning oilaviy ishlariga aralashyapsan! Tushunasanmi?! Oilaviy!
Eh, birodar, u ta’zirimni bera boshlaganda shunaqa qizishib ketdiki, o‘lishimga ozgina qoldi. Gapirib-gapirib, to‘ng‘illab-to‘ng‘illab, birdaniga tomdan tarasha tushgandek kulib yubordi. “Bunaqa gapirishni qanday epladingiz? Buncha jur’atni qaerdan oldingiz? Taajjub! Lekin bularning bari, do‘stim, oramizda qolishi kerak... Sizning qiziqqonligingizni tushunaman, biroq xo‘p desangiz, sizning bundan keyin mening uyimda qolishingiz nojoiz...”
Mana, oshna! Qanday qilib o‘sha gerdaygan “tovus”ni kaltaklaganim, unga hatto ajablanarli. Ha, shallaqi xotin es-hushini olib qo‘ygan. Oq Burgutning maxfiy maslahatchisi bo‘la turib, oddiy bir ayolning ta’siriga tushib qolganini rahbariyatning o‘zi ham bilmaydi-da... Ha, ayollarning kattadan katta qulayliklari! Ammo... sen yaxshisi, shapkani yech! Generalni olib ketishyapti... Eh, qanchadan-qancha ordenlar, otaxonlar dunyosi! Xo‘sh, qani, Xudo haqqi, xonimlarni oldinga o‘tkazib yuborishdi, chindanam, ular ordenlarda biror narsa borligini tushunishadimi o‘zi?
Musiqa chalina boshladi.
Anton Chexov. Ayollik baxti (hikoya)
Rus tilidan Shahzoda HAKIMOVA tarjimasi