Men tarbiyachilarni huzurimga chaqirib, ularga qarata dedim:
— Sizlarning vazifangiz murg‘ak qalblardagi insonni poymol etib, faqatgina o‘z inida yashashga moslashgan qumursqalarga aylantirish emas. Chunki inson miyasi ma’lumotlar bilan qay darajada to‘ldirilgani men uchun muhim emas. Eng muhimi — insonning inson bo‘lishi. Men inson saodati haqida so‘roqlamayman, balki qanday odam baxtli bo‘lishi bilan qiziqaman. O‘troq qabilalarning to‘kin-sochinlikda yashash-yashamasligi ham men uchun muhim emas.
Sizlar insonlarni mohiyati quruq bo‘shliqdan iborat formulalar bilan emas, balki har qanday sxemalar o‘rnini bosuvchi obraz bilan to‘yin¬tirmog‘ingiz darkor.
Sizlar tarbiyalanuvchilarning u yoki bu mashg‘ulotga bo‘lgan layoqatiga qarab hukm chiqarmang. Chunki layoqatidan qat’i nazar, tinimsiz mehnat qilgan inson boshqalardan ko‘ra oldinlab ketadi va ko‘proq yutuqqa erishadi. Doimo muhabbatni asosiy mezon qilib oling.
Sizlar o‘z shogirdlaringizda ko‘nikma hosil qilish ustida emas, balki inson bo‘lishi haqida shunday qayg‘uringki, yog‘och yo‘nayotgan o‘quvchingiz qalbi nomus va sadoqat ruhi bilan to‘yinsin. Ana shunda u yog‘ochga boshqacha mehr bilan ishlov beradi.
Sizlar murg‘ak qalb sohibini izzat-ikromdan boxabar eting. Chunki istehzo kishilarning ermagidir.
Insonlarning moddiy boyliklar bilan aloqalariga to‘sqinlik qiling. Kichkina odamda insonni tarbiyalar ekansiz, uni ma’naviy boyliklarga oshno eting. Illo, busiz qalb toshga aylanib qolur.
Sizlar bolalarni fikrlashga va ibodatga o‘rgating. Bundan qalblar yanada ulug‘vor va saxiy bo‘lajak. Qalblarni muhabbat bilan sinang. Illo, muhabbat o‘rnini bosa oluvchi narsa bormi? Faqat o‘z-o‘zini sevish esa muhabbatning aksidir.
Bir qarashda, insonga hatto butun boshli shaharga foyda keltirayotgan bo‘lib tuyulsa-da, sotqinlik va yolg‘onni ayovsiz jazolang. Sadoqatning birgina ko‘rinishi minglab yuksak e’tiqodlarni kashf etadi. Chunki inson bir vaqtning o‘zida ham sadoqatli, ham boshqalarga nisbatan sadoqatsiz bo‘la olmaydi. Asl sadoqatli kishi barcha sohada va har qanday vaziyatda sadoqat ko‘rsatadi. Biroq hamkor birodari bo‘lgan kishiga nisbatan xoinlik qilgan zot sadoqatli bo‘la olmaydi...
Sizlar komillikka yo‘naltirilgan didni tarbiya qilmog‘ingiz zarur. Illo, har bir ish Yaratganga yaqinlashuvdir. Bu harakat o‘lim bilangina o‘z intihosini topgay.
Sizlar kechirimlilik va mehr-shafqatdan saboq berishingiz zarur emas. Chunki bu sifatlarni noto‘g‘ri talqin etish ziyon yetkazuvchi illatlar oldida tiz cho‘kishga olib kelishi mumkin. Lekin faqatgina insonning inson bilan hamkorligi vositasida amalga oshuvchi hammaning hamma bilan hamkorligini targ‘ib eting. Ana shunda jarroh oddiy ishchini davolash uchun ham sahrolar osha oshiqadi. Illo, ularning har bir nafari ham butun bir kemaning darg‘asidir.
* * *
O‘zgalarga yoqishni istovchilar qattiq yanglishadilar. Bunday zotlar har qanday istakni bajo keltirishga shoshiladilar. Ular haqida boshqacha tasavvurga ega bo‘lishlari ilinjida har qadamda sotqinlikka yo‘l qo‘yadilar. Bunday na shakli-shamoyili, na umurtqasi yo‘q meduzalarning menga keragi yo‘q. Men jirkanib ularni dunyoga keltirgan badbo‘y balchiq tomon itqitaman. Odam bo‘lgach — kelavering¬lar.
Ayol zoti sevishni bildirishi uchun soyasi va aks-sadosiga aylanishga rozi bo‘lgan erkakdan naf¬ratlanadi. O‘z aksi bilan so‘zlashishning kimga ham qizig‘i bor. Menga sening istehkom singari mustahkamliging zarur. Zero, har bir toshing¬dan senliging bilinib tursin.
GENERAL X.GA JO‘NATILMAGAN MAKTUBDAN
Uch yuz yil muqaddam insonlar shunday seva olganlarki, hatto muhabbatni deb bir umr tarkidunyo qilishgan. Bizning davrimizda ba’zilar o‘z joniga suiqasd qilmoqda. Lekin ularning iztiroblarini qattiq tish og‘rig‘i bilan qiyoslash mumkin, xolos. Zero, bu iztirobning muhabbat bilan hech qanday aloqasi yo‘q...
Urushda meni o‘ldirishadimi, yo‘qmi — buning men uchun farqi yo‘q. Biroq men sevganlardan nimalar omon qoladi? Men faqat insonlarnigina nazarda tutmayapman, balki an’analar, takrorlanmas ranglar va qandaydir ilohiy ma’naviy shu’lani nazarda tutmoqdaman. Men uchun eng muhimi — ularning joylashish tartibi. Sivilizatsiya — bu buyumlar o‘rtasidagi ko‘z ilg‘amas aloqalardir. Chunki bu aloqalar buyumlarnigina qamrab olmaydi, balki ular orasidagi ko‘z ilg‘amas munosabatlarga ham taalluqli bo‘ladi.
Ommaviy ishlab chiqarish natijasida son-sanoqsiz ajoyib musiqa asboblariga ega bo‘lishimiz mumkin. Lekin ularda kuy ijro etuvchi sozandalarni qaerdan olamiz?..
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 49-sonidan olindi.