I
— Bu juda dahshatli-ku, — dedi Bosh Alloma. — Nahotki biz hech nima qilolmasak?
— Chorasi bor, Oliy bilimdon hazratlari, ammo bu sayyora juda olisda joylashganligi uchun yechimi o‘ta murakkabdir. Besh yuz yorug‘lik yiliga teng masofada bo‘lganligi bois muloqot o‘rnatish juda qiyin. Ammo bu hali hammasi emas. Eng yomoni shundaki, unda yashovchi mavjudotlar bilan muloqot o‘rnatishning deyarli imkoni yo‘q. Ularda telepatik xususiyatlar rivojlanmagan, murtak holida qolib ketgan. Yakkayu yagona yo‘li — kim bilandir telepatik muloqotga kirishishdir...
Oraga og‘ir sukunat cho‘kdi. Bosh Alloma holatni tahlil chig‘irig‘idan o‘tkazib, nihoyat to‘g‘ri qarorga keldi.
— Har qanday ongli irq, — dedi u, — telepatik xabarni qabul qila oladigan bir necha zotga ega bo‘lishi lozim. Agar biz bir emas, yuzlab ko‘priklar ochsak, o‘zimizga kerak bo‘lgan narsani topishimiz mumkin. Bitta qabul qiladigan miyani topishimizning o‘zi kifoya, shunday emasmi?
— To‘ppa-to‘g‘ri, Oliy bilimdon hazratlari. Aytganingizdek qilamiz.
II
Shunday qilib ulkan koinot bo‘shliqlari orqali yorug‘lik tezligi yetishi uchun ham besh yuz yil kerak bo‘ladigan masofalarga nurga aylantirilgan fikr tarqala boshladi. O‘ta yuqori tezlikka ega bo‘lgan fikr — nur bir lahzada tubsizlikni kesib o‘tib uchinchi koinotga yetib keldi va Txaar sayyorasi bilan Yer o‘rtasida ko‘zga ko‘rinmas ko‘prik paydo bo‘ldi. Txaarliklar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan yakkayu yagona odamni ham zudlikda topdilar... Bu Uilyam Kross edi.
Bill Krossning tafakkuriga yo‘l ochilishiga olib kelgan ehtimollik kechishi shunchalik taxayyulona ediki, uni keyinchalik milliarddan bir nisbatda deb baholadilar. Umuman olganda, bu ehtimollik darajasi uchta edi.
Birinchisi, Mister Krossning joylashgan o‘rniga bog‘liq bo‘lib, u fikr — nur uzatilgan mahalda yo‘nalishning qoq markazida turgan edi. Albatta, bu markazda Billdan bo‘lak yana millionlab kishilar bor edi, ammo ular Kross kabi raketa texnikalari bo‘yicha muhandis emas va birortasi ham sayyoralararo uchish to‘g‘risida bir umr orzu qilmagandi. Bu ikkinchi ehtimollik darajasi edi.
Va nihoyat, uchinchisiga kelsak, fikr — nur yerga yetib kelgan mahali Kross itdek ichgan va esi kirar-chiqar darajada mast edi. Uning tumanlashgan ongi orzu va xayollar dunyosiga tortib ketdi.
III
— Biz sizga, doktor Kross, kosmik kemalar emas, harbiy raketalar yaratishingiz uchun maosh to‘laymiz, — degan edi shu mashmashalardan biroz avval general Potter norozi qiyofada. — Agar juda chidab turolmasangiz, asosiy ishdan bo‘sh vaqtlaringizda bu bema’nilik bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Tushundingizmi?
Tushunmay o‘libdimi? Ammo, shuncha mashaqqat bilan yaratgan kosmik kemasi tarxini bir buyruq bilan yo‘qqa chiqarmoqchi bo‘lishyapti. Kross shu paytda hayotining o‘ta g‘urbatli davrini boshdan kechirmoqda edi; albatta, xotini Brenda ham uni tashlab Jonni Gardnerga ketib qolganligini e’tiborga olsak, hayotining chindan ham holva emasligiga ishonch hosil qilamiz.
Kross yengil chayqalib, ro‘parasidagi oqqa bo‘yalgan devorga ma’nosiz tikildi. Ikkita surat orasidagi mitti dog‘ga nigohini jamlamoqchi bo‘ldi... Va shu alfozda uning ongiga umidini deyarli yo‘qotgan yuzlab txaarliklarning fikrlari urila boshladi. Bill ro‘parasidagi devor asta-sekinlik bilan erib, o‘rnida hadsiz tuynuk paydo bo‘ldi.
Bu ajabtovur evrilish uning qiziqishlarini alangalatib yubordi. “Juda g‘alati alahlash-ku”, o‘yladi Bill. Uning boshida tovush paydo bo‘lganida esa hatto qo‘rqib ham ketdi. Chunki Bill Kross itdek ichganida ham o‘zi bilan o‘zi gaplashmas edi!
— Bill, — boshladi tovush. — Diqqat bilan eshit. Biz seni uzoq izladik va nihoyat topdik. Senga yetkazmoqchi bo‘lgan xabar o‘ta muhimdir.
Bu gapning to‘g‘riligiga Krossda gumon paydo bo‘ldi, chunki ayni shu damda uning uchun muhim narsaning o‘zi qolmagan edi.
— Biz sen bilan juda olis sayyoradan turib gaplashmoqdamiz, — dedi tovush. — Sen biz bilan muloqotga kirisha oladigan yagona yerliksan, shuning uchun gaplarimizni diqqat bilan eshit va xulosa chiqar.
Bill o‘zining tashvishlana boshlayotganini sezdi. “Qiziq, hech kimni ko‘rmasang-da, allaqanday tovushlar eshitsang, g‘alati emasmi? Darvoqe, nima ham yo‘qotayapman, tinglasam, tinglabman-da!”
— Yaxshi, — dedi u biroz jimlikdan keyin. — Faqat kulgiliroq narsalardan gapiringlar, hozir yuragimga qil sig‘may turibdi. Yo‘qsa, badimga urib qolishi mumkin.
O‘rtaga og‘ir sukunat cho‘kdi, keyin tashvishli ovoz eshitildi:
— Biz sizni tushunmadik, Sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz nafaqat qiziqarli, balki sizlarning hayot-mamotlaringiz ustida ketayapti. Uni zudlik bilan kerakli odamlarga yetkazishingiz kerak.
— Men kutayapman, — dedi Bill. — Balki muloqot bilan vaqtimiz tezroq o‘tar...
Bu tuturiqsiz javobdan keyin besh yuz yorug‘lik yiliga teng masofada turgan txaarliklar esankirab qoldilar. Albatta, ular maqsadiga erishib, muloqotga kirishib oldilar, ammo javob ular kutganichalik bo‘lmadi. Shunga qaramasdan, ular davom ettirishga qaror qildilar.
— Tingla, Bill, — davom etdi tovush. — Olimlarimizning hisob-kitobiga ko‘ra, yaqinda Sizlarning Quyoshlaringiz portlab ketadi. Bu uch kundan so‘ng, yana ham aniqrog‘i 74 soatdan so‘ng yuz beradi. Portlashning oldini olishning aslo iloji yo‘q. Aytganlarimizga quloq tutsang, sizlarni qutqarib qolishimiz mumkin.
— Vaysayveringlar, — ming‘illadi Bill. — Umrimda bunaqa alahlamagan edim.
— Bil, ko‘priksimon tuynuk o‘rnatamiz, — davom etdi tovush. — Bu tuynuk katta masofadan o‘tadi, u baayni sen ro‘parangda ko‘rib turgan tuynukka o‘xshaydi. Uni yaratish jarayoni o‘ta murakkab bo‘lib, sizlarning matematiklaringiz ikki dunyoda ham tushunmaydi.
— To‘xtanglar, — jon kirdi Krossga. — Sizlar yuqori o‘lchamlardan o‘tuvchi qisqa yo‘llar to‘g‘risida gapirayotgan bo‘lmanglar tag‘in. Bu narsa Eynshteyngacha bo‘lgan zamonlarda ham fanga ma’lum edi.
Krossning ko‘rinmas suhbatdoshlari hayratga tushdilar.
— Sizlarning faningiz bunchalik ilg‘orlab ketganligi xususida bizda hatto shubha ham bo‘lmagan edi, — hurmat ohangida yangradi tovush. — Taassufki, nazariyani batafsil tushuntirib o‘tirishga vaqtimiz ziq. Mohiyati shundan iboratki, bunday tuynukdan qadam qo‘yganingiz zahotiyoq boshqa sayyoraga o‘tib qolasiz. Yo‘l o‘ttiz yettinchi o‘lcham orqali o‘tadi.
— Men sizning sayyorangizga o‘tib qolamanmi?
— Yo‘q, yerliklar bu sayyorada yashay olmaydilar, ammo Galaktikada yerga o‘xshash sayyoralar juda ko‘p. Biz hamma joyga tuynuklar ochib tashlaymiz, qutulish uchun bir necha qadam qo‘yishgagina to‘g‘ri keladi, xolos. To‘g‘ri, tamaddunni boshqatdan yaratishga to‘g‘ri keladi, boshqa yo‘li yo‘q. Sizning vazifangiz — bu xabarni barcha yerliklarga yetkazishdir.
— Ular meni tinglamasa-chi? Nima, yerda mendan boshqa odam yo‘qmi?
— Yerda faqat sen muloqotni qabul qila olasan, qolganlar bizning fikrimizni ilg‘ab ololmaydilar.
Uilyam Kross viskidan deyarli bo‘shayozgan shishaga ma’nosiz tikildi. Inson miyasi nimalarga qodir emas-a, — g‘ira-shira fikrladi u. — Tushga nima kirmaydi, shayton nima demaydi? U o‘tgan haftada oxir zamon to‘g‘risida qiziqarli bir kitob o‘qigan edi.
— Maboda Quyosh chindan ham portlasa, qanday o‘zgarishlar yuz beradi, — dedi u alahlashini tiklamoqchi bo‘lib.
— Yupiter orbitasidagi barcha sayyoralar kabi yeringiz ham kulga aylanadi.
— Mening hurmatli sarobim, — dedi u ko‘zlarini ayyorona yaltiratib. — Agar men sizlarga ishonganimda nima deb javob bergan bo‘lar edim, bilasizmi?
— Sen, albatta, bizga ishonishing kerak, — besh yuz yorug‘lik yili masofasida turganlar orasida g‘ulg‘ula paydo bo‘ldi.
— Shunday qilib, — dedi Bill muloqotga chek qo‘ya turib. — Agar Yer yonib ketsa, qancha muammolardan birvarakayiga qutulgan bo‘lar edik. Urushlar tugagan, g‘alvalar bitgan, xotinlar hamma narsaning qimmatlashib borayotgani xususida vaysashlardan to‘xtagan, atom urushi haqidagi vahimalardan birdaniga qutulgan bo‘lardik. Siz bilan tanishganimdan o‘ta xursandman, hurmatli sarob. Endi tuynuk-puynuklaringiz bilan daf bo‘linglar, men uxlamoqchiman.
IV
Txaar sayyorasidagilar bu javobdan shok holatiga tushib qoldilar. Oliy Allomaning oziqli muhitga solingan miyasi sarg‘ish tusga kirdi, bu narsa besh ming yil muqaddam Txaarga Ksantil bosqinchilari bostirib kirganida bir marta kuzatilgandi. Sayyoralararo muloqot bo‘yicha o‘n besh mutaxassis aqldan ozdi. Komofizik markazdagi bosh kompyuter xotirasida qisqa tutashuv yuz berib, barcha raqamlarni nolga bo‘lib tashladi va alal-oqibat butunlay kuyib ketdi.
Yerda esa Kross o‘z alahlashlarini rivojlantirayotgan edi.
— Menga qara, — dedi u ko‘rsatkich barmog‘ini arang o‘zining sarg‘ishtuk ko‘kragiga tirab. — Men insonlarga foydasi tegsin deb, sayyoralararo kema yaratishga o‘n yillab umrimni sarfladim. Bu maxluqlarni esa faqat qirg‘in-barot qiluvchi harbiy kemalar qiziqtiradi. Nima uchun? Bir-birini portlatib o‘ldirishlari uchunmi? Endi quyosh buni hammangdan ham yaxshiroq bajaradi. Agar biz boshqa sayyoraga o‘tsak, barcha mashmashalarni qaytadan boshlashimizga to‘g‘ri keladi.
U bir daqiqa o‘ylashdan to‘xtab, fikrlarini bir joyga jamlashga harakat qildi.
— Qanjiq Brenda ham meni tashlab ketdi, hatto yozuv ham qoldirishni ravo ko‘rmadi.
U oxirgi gaplarini adog‘iga ham yetkaza olmadi, mastlikdan tili kalimaga kelmay qoldi.
Bu mahalda esa txaarliklar oxirgi bardoshlarini yig‘ib unga yana bir karra murojaat qildilar.
— Bill, biz bilan hazillashmayapsanmi, ishqilib. Nahotki, yerliklarning barchasi sen kabi betamiz bo‘lsa?
— Qanday qiziqarli falsafiy mushohada, — fikrladi u. Uning tasavvurini xira tuman o‘rab ola boshladi... U ertalab general Potterning huzuriga kiradi va unga generallik yulduzchalarini qaerga taqishni aytib ishni topshiradi va o‘ziga boshqa ish qidiradi. Xo‘sh, Brenda-chi? Bosh omon bo‘lsa do‘ppi topiladi, unga ham boshqa xotin topilib qolar. Eng muhimi, zahirada yana bir shisha viski bor, xumordan chiqquncha ichishi mumkin. U oyoqda arang turib, viski turgan stolga yo‘naldi.
— Bill, — txaarliklarning alamzada ovozi so‘nggi bor yangradi. — Nahotki hamma odamlar sendek bo‘lsa!
Kross orqaga o‘girilib, sirli tuynukka so‘nggi bor tikildi, uning ko‘zlariga son-sanoqsiz yulduzlar ko‘rindi. U o‘zida faxr hissini tuydi.
— Mendekmi, — qayta so‘radi Bill. — Yo‘q, hamma mendek emas. Biroq men ularning ko‘pchiligidan baxtliman.
Shu gaplardan so‘ng tuynuk sirli tarzda yo‘qolib, oq devor yana o‘z o‘rnida paydo bo‘ldi.
— Juda yaxshi, — dedi u tili og‘zida arang aylanib. — Xo‘sh, shunday qilib navbatdagi sarob nima haqida bo‘lar ekan?
Keyingi ikki kun mobaynida u sirli muloqot haqida umuman o‘ylamasdan yotib ichdi. Uchinchi kuni esa uni tashlab ketgan Brenda qo‘qqisdan qaytib keldi va oralarida odatdagidek mojaro boshlandi.
To‘rtinchi kun esa txaarliklar aytgan hodisa yuz berdi.
Artur Klark. Gumrohlik (hikoya)
Alijon Zohidiy tarjimasi