Artur Konan Doyl (1859.22.5, Edinburg — 1930.7.7, Krouboro) — ingliz yozuvchisi. Edinburg universitetini tamomlagan. Shifokor. Ijodini «Sesassa vodiysining siri» (1879) hikoyasi bilan boshlagan. «Badarg‘a qilinganlar» (1893), «Sardor Jerar jasorati» (1894— 95), «Rodney Ston» (1896) tarixiy-sarguzasht romanlar, «Yo‘qolgan dunyo» (1912), «Zaharlangan mintaqa» (1913), «Marakot jarligi» (1929) ilmiy-fantastik asarlar muallifi.
Doylga bosh qahramoni izquvar Sherlok Xolms bo‘lgan detektiv janrdagi «To‘rtlar belgisi» (1890), «Baskervillar iti» (1901—02), «Dahshatlar vodiysi» (1914—15) sarguzasht qissalari va «Sherlok Xolms sarguzashtlari» (1891—92), «Sherlok Xolms haqida xotiralar» (1892—93) hikoyalar to‘plamlari va boshqalar katta shuhrat keltirdi. Londonda Sherlok Xolms yodgorlik muzeyi tashkil etilgan.
Doylning «Baskervillar iti» (1971), «Yo‘qolgan dunyo» (1983) va boshqa asarlari o‘zbek tilida nashr qilingan.