Mashhur dramaturg va yozuvchi Artur Shnitsler 1862 yilda Venada o‘ziga to‘q yahudiy oilasida tug‘ildi. Otasi mashhur shifokor bo‘lib, A. Shnitsler ham shifokor bo‘lish orzusida 1879-1884 yillarda Vena universitetiga o‘qishga kiradi. Ammo adabiyotga bo‘lgan havas, ishtiyoq uni shifokorlik kasbidan voz kechishga majbur qiladi. U adabiy asarlar yozish bilan birga Z.Freydning ruhiy tahliliga oid nazariyalariga ham qiziqqan. Uning poeziyasi, dramatur-giyasi keng shuhrat qozongan va XX asr mobaynida ko‘p marotaba ekranlashtirilgan. XX asrning Yozef Rot, Muzil, German Brox va uning zamondoshi Frants Kafkadek adabiyot darg‘alarining asarlari endi-endi shov-shuv taratayotganda Shnitsler ijodining boy psixologik jihatlari o‘zini namoyon etib ulgurgandi. Uning bir qancha pesalari Rossiya sahnalariga ham olib chiqilgan.
A. Shnitsler 1931 yilda Venada vafot etgan. Undan ikkita roman, bitta pesa va yigirmadan ortiq qissa va hikoyalar adabiyot ixlosmandlariga meros bo‘lib qolgan.