OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ayzek Azimov. Ular uchib kelisholmaydi (hikoya)

Hayot tajribalaridan donishmand darajasiga yetgan rigellian irqining vakili Naron - to‘rtinchi avlod galaktikalar solnomachisi edi.
Uning ikkita kitobi bor edi: biri - barcha galaktikalardagi ko‘p sonli ongli mavjudotlar tamaddunlarining hammasi ro‘yxatga olingan katta kitob; ikkinchisi kichikroq bo‘lib, unga Galaktikalar Federatsiyasiga a’zo bo‘lish huquqini beradigan darajada yetuklik va mahoratga erishgan tsivilizatsiyalar kiritilgandi.

Omadsizlik, biokimyoviy va biofizik tengsizlik va ijtimoiy adolatsizlik kabi turli sabablarga ko‘ra tanazzulga yuz tutgan tamaddunlar katta kitobdan o‘chirilgandi.
Ammo kichkina kitobga kiritilgan Federatsiya a’zolaridan birortasi u yerdan o‘chirilmagandi.
Keksa Naron huzuriga kelgan xabarchiga qaradi.
- Naron! - deya xitob qildi xabarchi. - Yagona Buyuk...
- Hoy, mulozamatni kamroq qilaver. Xo‘sh, nima gap?
- Yana bir organizmlar guruhi yetuklikka erishdi.
- Yaxshi! Juda yaxshi! Endilikda unaqalar tez yetilyapti, birorta yil yangiliksiz bo‘lmayapti o‘zi. Xo‘sh, bu safar kim ekan?
Xabarchi galaktika kodini va sayyoraning galaktika ichidagi koordinatlarini aytdi.
- Ha, ha, - dedi Naron. - Men bu olamni bilaman.
U o‘zining silliq yozuvi bilan mazkur sayyora nomini katta kitobga yozib, so‘ng ikkinchisigayam ko‘chirdi. An’anaga ko‘ra, muayyan sayyorada yashovchilarning ko‘pchiligi uni qanday ataydigan bo‘lsa, kitobga ham u o‘sha nom bilan yozilardi. Naron shuning uchun yangi sayyorani «Earth» deb yozib qo‘ydi.
- Bu yosh yaratiqlar rekord o‘rnatishdi, - dedi u. - Ong paydo bo‘lganidan to yetuklikkacha bo‘lgan yo‘lni boshqa hech kim bu qadar tez bosib o‘tmagandi. Umid qilamanki, hisob-kitoblarimizda xatolik yo‘qdir-a?
- Yo‘q, janobim, - dedi xabarchi.
- Ular termoyadro quvvatini olishga erishdilar-da?
- Ha, janobim.
- Axir, bu asosiysi-ku, - Naron jilmaydi. - Yaqin orada ularning fazo kemalari borliqni o‘rgana boshlab, Federatsiya bilan muloqotga kirishadilar.
- Gap shundaki, Yagona Buyuk, - xabarchi istamayroq davom ettirdi. - Kuzatuvchilarning xabar berishlaricha, ular haliyam fazoga chiqishmabdi.
- Qanaqasiga? - Naron hayratlandi. - Haliyam chiqishmabdimi? Hatto fazoviy stantsiyalar darajasigayam-a?
- Hozircha yo‘q, janobim.
- Ammo, agar ularda termoyadro quvvati mavjud bo‘lsa, uning sinov tajribalarini qaerda o‘tkazishmoqda?
- O’z sayyoralarida, janobim.
Naron butun yigirma futlik bo‘yi bilan tikka turib ketdi va bor ovozi bilan xitob qildi:
- O’z sayyoralarida?!
- Ha, janobim.
Naron sekinlik bilan o‘z qalamini chiqardi va kichkina kitobdagi oxirgi yozuvning ustidan chizib qo‘ydi. Oldin bunaqasi bo‘lmagandi, ammo Naron o‘ta donishmand edi va Galaktikaning boshqa a’zolari kabi, yuz berishi muqarrar bo‘lgan hodisalarni avvaldan ko‘ra bilardi.
- Ahmoq eshaklar, - deya ming‘irladi u...

Hamidbek Yusupov tarjimasi
"Ma'rifat gulshani" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.