Amerikada “Olti barmoqlilar jamiyati”, “47-razmerdan katta poyafzal kiyadigan erkaklar uyushmasi”, “Kunora xotinlaridan kaltak yeydigan erlar klubi” va hakozolar borligini ro‘znomalardan o‘qiganmiz. Xo‘sh, ulardan qaerimiz kam? Ulardan ortda qolmaslik uchun bizda “Oyga uchadiganlar jamiyati”tuzilgan. Menga mos keladigani ayni ana shu jamiyat. Chunki men Parij yoki Nyu-York u yoqda tursin, hatto Anqara bilan Izmirga borolmayman. Faqat tramvayda Shinkli-Sarkaddi yo‘nalishi bo‘yicha sayr qilishim mumkin. Uzoq safarga qurbim yetmagandan keyin oyga uchaman-da! Shuning uchun “Oyga uchadiganlar jamiyati”ga yozildim.
Yorqin kelajak va oyga bo‘ladigan bo‘lajak parvozim haqida shirin xayollar bilan uyga keldim. Ana shu kayfiyat bilan to‘yib ovqatlanib, qorinni mixlagach, pechka yoniga cho‘zilgancha pinakka ketib, tush ko‘ribman. Tushimda ichim somon tutuniga to‘lib, xuddi ipini uzgan guldor sharday ko‘kka ko‘tarilayotganmishman.
—Uchaver, shovvoz, uchaver! ..
Shunday deb o‘zimni ruhlantirib, yuksalgandan yuksalib, avvaliga o‘tinning, keyin chayqov bozorining narxidan balandlab ketibman. Dimog‘im chog‘, qandaydir ohangsiz, so‘zsiz qo‘shiqni xirgoyi qilarmishman.
Ancha balandga ko‘tarilgach, ichimdagi tutun badandagi teshiklaridan vishillab chiqa boshladi. Halokat! Shunday balandlikdan yerga qulashning oqibati nima bo‘ladi? Buning dahshatini amal cho‘qqisida boshi aylanib, pastga qulaganlar yaxshi bilishadi. qarzlar tashvishi, to‘yib-to‘ymasdan yeyilgan sifatsiz toamlardan terim shunchalik yupqarib ketibdi-ki, bir joydagi teshikni kaftim bilan berkitsam boshqa joydan yangi teshik paydo bo‘ladi… Ichimdagi tutun tobora kamayib, yiqilishim aniq bo‘lgach, jon-jahdim bilan:
—Yorda-a-a-a-m beringlar!—deb baqira boshladim.
—Tishingni tishingga qo‘y, oygacha oz qoldi,—dedi qandaydir ovoz.
—Tishni-tishga qo‘yish mumkin, lekin badanim ilma-teshik bo‘p ketdi, hammasini berkitolmayman, yordam bermasalaring yerga qulab tushaman!
—Oydan gapiryapmiz…Sizga yordam berish uchun ikki qop kema tutunidan jo‘natyapmiz!
Hayriyat, vaqtida yetib kelgan ana shu ikki qop tutun bilan yerga qulamasdan oyga yetib oldim. U yerda meni xuddi o‘zimizga o‘xshagan odamlar o‘rab:
—Kim bo‘lasiz?—deb so‘rashdi.
—Rahmat sizlarga, yordaminglar bilan oyga yetib oldim…
Meni qandaydir narasaga o‘tqazishdi. Ko‘z ochib yumguncha o‘zimni katta shaharda ko‘rdim. Mezbonlar meni peshtoqiga “Oy universiteti” deb yozilgan ulkan bino ichiga olib kirishdi. Atrofdagi shuncha mo‘‘jizayu, sirli narsalarni ko‘rib, savol berolmaslikning azobi yomon bo‘larkan. Savolga og‘iz juftlashing bilan:
—Savolni yerda berasan, bu yer—Oy! Bema’ni savollaringni eshtishga vaqtimiz yo‘q!—deb gapirgani qo‘yishmaydi.
Mezbonlar meni yarim doira, ya’ni amfiteatr shaklida qurilgan, kengligi futbol o‘yingohiday keladigan ma’ruzaxonaga boshlab kirishdi. Ma’ruzaxonada, xuddi bizda futbol bo‘yicha jahon birinchiligini ko‘rishga to‘plangan ishqibozlarcha keladigan tomoshabin bilan liq to‘lgan edi. Faqat bular “Tep!”, “Aylanib o‘tmaysanmi, galvars!” deb baqirib-chaqirishmasdan, jimgina o‘tirishardi. Meni tomoshabinlar qarshisidagi baland sahnaga o‘rnatilgan minbarga chiqarishdi. Minbar yonida, professor ridosidagi kishi tomoshabinlarga meni ko‘rsatib dedi:
— Mana hozir, siz, o‘tgan lektsiyamda aytib o‘tganim—erlik jonzotlardan birini ko‘rib turibsiz. Yerning qanday paydo bo‘lganligini yana bir bor eslatib o‘taman. Yerdagi jonzotlar “Oy yerdan ajralib chiqqan”,—deb o‘ylashadi. Aslida esa, buning aksi bo‘lgan. Ellik ming nur yil muqaddam oyda telba, devona va jinnilar haddan tashqari ko‘payib ketgan edi. Biz juda ko‘p jinnixonalar qurdik, lekin ular ham to‘lib ketgan. Jinnilarning jinniligi kundan-kun kuchayib, ular qutura boshlagan. Eng achinarlisi, ular bolalarni yo‘ldan urib, aqlli odamlarimizni ham telabaga aylantira boshlaganlar. Jinnilar uchun baland tog‘ cho‘qqilari-yu, olis sahrolarda alohida lagerlar tashkil etish bilan ham muammo hal bo‘magan. Alal oqibat, ularni Oydan alohida hududga badarg‘a qilish kerak, degan qarorga kelingan. Alohida hudud uchun oyning ko‘rimsiz bir parchasi ajratib olinib, koinotdagi bir tupkaning tagida Alohida maydon yaratilgan. Alohida maydonga Oydagi barcha telbalar ko‘chirilgan. O‘shandan keyin ular bilan aloqa uzilgan edi…
Shu paytgacha jim o‘tirgan tinglovchilar o‘rinlaridan sakrab turib, mushtlarini silkib:“Mikrob!”, “Mikrob!”—deb xayqira boshlashdi. Professor qo‘llarini ko‘tarib, “Tinchlaning” degan ishora bilan ma’ruzasini davom ettirdi.
— Oyni telbalardan tozalash tadbirida yanglishib, alohitda maydonga ancha-muncha aqli rasolar ham ham badarg‘a qilingan ekan. Ana o‘sha sog‘lom odamlardan bugun u tomonda ham yangi, sog‘lom avlod paydo bo‘lganligi ma’lum. Lekin, afsuski, telbalar orasida ularning hayoti g‘oyatda og‘ir kechmoqda…
G‘ala-g‘ovur tobora avjiga chiqib, professorning gapi eshitilmay qoldi. Tomoshabinlarning ko‘pchiligi o‘rinlaridan sapchib turib, men tomon qo‘llarini bigiz qilishganicha: “Osilsin!”, “O‘ldirilsin!”, “Mikrob bartaraf etilsin!”—deb baqira boshlashdi. Keyin, xuddi dengizda bo‘ron turganday, olomon guvillab, oyoqqa qalqib, hamma narsa ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Oldingi qatordagilar menga tashlanishdi. Kimningdir qo‘li xalqumimga yopishdi. Bo‘g‘ilib, xirillay boshladim. Kimdir yelkamdan tutib, silkita boshladi.
—Dada, xurrak otyapsiz!…
Ovozdan cho‘chib uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochsam, tepamda qizim turibdi. Pechka yoniga cho‘zilganimcha, qotib uxlagan ekanman. Atrofga alanglab, qo‘rqib so‘radim:
—O‘-o‘h, yer joyidami, qizim?!..
Ruschadan M.Islomqulov tarjimasi