O'sha paytlarda Istanbulda hovli-joyimiz bo'lguchi edi. Besh tanobcha yerimiz ham bor. Uydagi mushuk bilan kuchukcha birga katta bo'lganliklari uchun judayam inoq edi. Tomorqaga sabzavot ekib, bir chekkasida tovuq boqardik. Yana bir eshagimiz bo'lib, men uni Chalabiy deb chaqirardim. Jonivor nihoyatda yuvosh edi. Kuchukcha bilan mushuk ikkovi Chalabiyning ustiga chiqib olib, o'sha yerda tong ottirgan paytlari ko'p bo’lgan. Ba'zan kuchukchaning Chalabiy bilan o'ynashgisi kelib qolar, shun¬da u yugurib borib, naq g'ajib tashlamoqchi bo'lganday akillay boshlardi. Chalabiyning esa parvoyi palak edi.
Tovuqlar kurk bo'lib, jo'ja ochadigan payt keldi deguncha osmonda kalxatlar izg'ib qolardi. Mabodo birorta kalxat jo'jaga chang solmoqchi bo’lib yerga sho'ng'isa bormi, ona tovuq darhol qanotlarini kerib, patlarin hurpaytirib olar, bolalarini xatardan ogoh qilmoqlik uchun qaqillagan ovoz chiqarardi. Buni eshitib, jo'jalar pana joylarga qochib qolishardi.
Mushuk bilan kuchukcha qayerda bo'lmasin, tovuqning nolasini eshitishlari bilanoq darhol yordamga yetib kelishardi. Jo'jalarga ozor berish uyoqda tursin, ikkoviyam ularni onaiari bilan bir safda turib kalxatlardan himoya qilishardi. Bir tomondan ona tovuq qaqillaganicha yer bag'irlab uchib yurgan kalxatga qarab sapchisa, ikkinchi tomondan mushukcha miyovlab, kuchukcha qattiq vovillardi. Xullas, tovuq, mushuk va it baravariga jo'r bo'lib, kalxat hujumini daf qilishardi. Sheriklarining ovozini eshitgan Chalabiy boyoqish biror xatar borligini sezardi-yu, ammo bir oyog'i zanjir bilan qoziqqa bog'lab qo'yilganligi uchun bor kuchi bilan hangrab yuborardi.
Bir kuni yana hovlini tovuqning qaqillashi-yu mushukning miyovlab, itning vovullashi tutib ketdi. Chalabiy ham turgan joyida hangrab yubordi. Bir payt qarasam, Chalabiy oyog'idagi zanjirni shildiratib shu tomonga qarab irg'ishlab kelyapti. Zanjirning bir uchida temir qoziq. Bildimki, qoziqni bir amallab sug'urib qochgan.
Chalabiy sheriklarining yoniga yetib kelgach, ikkala qulog'ini ding qilib, kallasini osmonga ko'tardi-da, tepada aylanib yurgan kalxatga qarab shunday bir bo'kirib yubordiki, asti qo'yavering. Eshagimiz bunaqa hangraganini shu vaqtgacha hecham eshitmagan edim.