OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. Masxaraboz (hikoya)

 Bemor doktorga o‘z dardini to‘kibdi:
 — Doktorbey, tobim yo‘q. Hayotdan zavq ololmayapman. Iztiroblarimni unutolmay qiynalyapman. Ishtaham yo‘q. Tomog‘imdan qil o‘tmaydi. Ko‘z oldimdan och-yalang‘och insonlar ketmaydigan bo‘ldi. Tonggacha uxlolmay ular bilan birga sovqotib chiqaman. Jinoyat haqidagi xabarlarni o‘qiganda o‘sha jinoyatda mening ham aybim yo‘qmikan, deb o‘yga tolaman. Qotil tutgan pichoqning sopi qo‘limni kuydurayotgandek bo‘laveradi. Otilgan har bir o‘q mening qalbimga sanchilgandek azoblanaman. Jamiyatdagi barcha ayb, jinoyat va gunohlarni ortmoqlab ketayotgandek his qilaman. Kulishni tamoman unutib yubordim. Doktorbey, menga yordam bermasangiz holim xarob — deya shikoyat qilibdi.
 Doktor bemorni tekshirgandan so‘ng, yelkasiga qo‘lini qo‘yib deraza oldiga olib boribdi. Pardani tortib barmog‘i bilan ko‘cha betidagi afishani ko‘rsatibdi. Unda sirk masxarabozining rasmi bor ekan. Doktor o‘sha masxarabozga ishora qilib:
 — Azizim, — debdi. — Anavi masxarabozni ko‘ryapsizmi? Har kuni oqshomda ajoyib tomoshalar ko‘rsatmoqda. Sizga tavsiyam, o‘sha tomoshaga boring, barcha iztiroblaringizni unutasiz, maza qilib kulib dam olasiz. Dilingiz yayraydi. Kasallikdan ham asar qolmaydi.
 Bemor boshini egibdi va chuqur bir uh tortgandan keyin debdi:
 — Doktorbey, o‘sha masxaraboz, menman!

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.