U manzilga qosh qoraymasdan yetib olmoqchi edi, shuning uchun tez ketib bormoqda edi. Tamoman holdan toyib, yiqilib qolmaguncha, nafas ham olmasdan deyarli chopib kelgandi. Bir daqiqa bo‘lsa ham nafas rostlab olish lozim edi. Tevarak-atrofda qurib-qovjiragan yer yastanib yotardi. Bir necha soat davom etgan yo‘l davomida hatto bitta ham qush ko‘rmadi — mana shu ko‘z ilg‘amas masofani egallagan cho‘lu biyobon, bo‘shliqda u yakkayu-yolg‘iz edi. Qorni piyozning po‘sti bo‘lib ketgan, tashnalik azob bermoqda edi. U osmonga qaradida, birdan nega bu yerga qushlar uchib kelmasligini fahmlab qoldi: axir, bu yerda ular boshpana topishi mumkin bo‘lgan na bir tikkaygan daraxtu na buta bor edi. Yarim bosinqirash holatida unga mabodo qush uchib kelib qolgudek bo‘lsa ham, albatta uning boshiga qo‘nadiganga o‘xshab tuyulardi.
Yigit quyoshga qaradi — u naq ufq ustida osilib turganga o‘xshardi. Shoshilish kerak. U o‘rnidan turib, og‘ir qadam tashlagancha, har bir qadamini yerga muhrlagandek olg‘a yo‘naldi, yana oldinda boshi-keti yo‘q cho‘l yastanib yotardi.
O‘ngda so‘nggi quyosh nuri ham ko‘zdan yo‘qoldi. Tez orada osmon yer bilan tutashib ketadi. «Ishqilib, ulgursam edi»,— degan fikr yalt etdi miyasida va shu zahotiyoq orzulab kelayotgani qishloqni ko‘rib qoldi. U bir oz chekkaroqda edi. Yigit qoq yerga o‘tirdi. Endi qorong‘i tushishini kutish lozim edi.
Eshik qiya ochilib, ostonada xo‘jayinning o‘g‘li ko‘rindi. Xonadan sizib chiqayotgan gazchiroqning xira nurida u tungi mehmonni zo‘rg‘a tanidida, hayratlangancha:
— Senmisan? — deb so‘radi.
— Tanidingmi! — deya sevinib ketdi yigit.
— Uyga kir.
G‘ovur-g‘uvurni eshitib ichkaridan xo‘jayin chiqib keldi. Birmuncha vaqt erkaklar bir-birlariga qarab qolishdi. Keyin xo‘jayin o‘g‘li bilan mehmonni ortidan yurishlarini ishora qilib, xonaga yo‘naldi.
Divanga joylashib olgach, xo‘jayin mehmonga o‘z yonidan joy ko‘rsatdi.
Yigit o‘tirdi.
Xo‘jayinning o‘g‘li hamon eshik oldida turardi.
— Mehmonimizga stol tuzashlarini farmoyish qil.
O‘g‘il ketgach, xo‘jayin yigit tomon engashdi:
— Xo‘sh, qanday shamol uchirdi?
— Narigi tomonga o‘tib ketmoqchi edim.
— Nega birdan boshingga bunday fikr kelib qoldi? Bitta-yarimtani o‘ldirdingmi?
Yigit yo‘q, deganday bosh chayqadi.
— Kontrabandami?
— yo‘q.
— Tushunaman... Balki, hukumat bilan kelishmovchilikmi...
— Shunga o‘xshashroq...
— Xo‘sh, bo‘lar ish bo‘pti,— xo‘jayin mehmonning yelkasiga qoqib qo‘ydi,— biz onang oldida qarzdormiz. Mening uyim sening ham uying. Bu yerda hech narsadan xavfsiramasang bo‘ladi. Bor, yuvinib ol. Hozir ovqat tayyor bo‘ladi. Onang qalay?
— O‘tgan yozda bandalikni bajo keltirdi. Xo‘jayinning o‘g‘li chiroqning piligini pasaytirdida, eshikni berkitib chiqdi.
Chiroqning xira nuri xonadagi barcha narsalardan ulkan soyalar tashlardi. Ko‘p kunlar badalida birinchi marta yigit ko‘ngilxotirjamlik bilan yumshoq o‘rinda yotardi; xo‘jayin uni o‘z himoyasiga olgandi. «Manavi, odam yursa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadigan sahroda xo‘jayinning gaplariga ishonsa bo‘ladi»,— deb o‘yladi yigit. Uning a’zoyi badani bo‘shashib, shirin uyqu og‘ushiga cho‘mdi.
* * *
Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, xo‘jayinning o‘g‘li ohista xonaga mo‘raladi. Mehmon toshdek qotib uxlab yotganiga ishonch hosil qilgach, u eshikni qiya qilib yopdi-da, oyoq uchida yurib otasining xonasiga kirib bordi va uning oyog‘i ostiga tiz cho‘kdi-da:
— Uxlayapti,— dedi.
Xo‘jayin sigaretini ezg‘iladi-da, cheka turib so‘radi:
— Mening o‘limimdan keyin o‘rnimni kim bosa oladi?
O‘g‘il ko‘zini yerga tikkancha indamay o‘tirardi.
— Bu yerda tushunmaydigan hech narsa yo‘q! Sen,— deya o‘g‘li uchun javob berdi xo‘jayin,— axir, sen mening yakkayu-yagona o‘g‘limsan-ku.
— Iloyim, ollo taolo umringizni uzun qilsin, — deya javob qildi o‘g‘il.
— Rahmat, o‘g‘lim! Xudoning qudrati bilan bexosdan ertaga o‘lib qolsam-chi? Sen mening o‘rnimni egallashga tayyormisan?
— Sizga nima bo‘ldi, otajon? Nega bunaqa gaplarni gapiryapsiz?
— Seni sinab ko‘rmoqchiman. Sen mening nomimni badnom qilasanmi yoki barcha dushmanlarimning hiyla-nayranglariga qaramay obro‘yimga obro‘ qo‘shasanmi, shuni bilmoqchiman.
O‘g‘il boshini ko‘tarib otasiga qaradi. Endi ular bir-birlarining ko‘zlariga qarab turishardi.
— Sinang,— dedi nihoyat, o‘g‘il.— Agar ishonchingiz komil emas ekan, agar shuncha yil-oylar sizga kamlik qilgan bo‘lsa, sinang.
Xo‘jayin divanga cho‘zildida, qo‘lini boshining tagiga qo‘ydi.
— Anavi... Bilasanmi, narigi tomonga o‘tib ketmoqchi...
— Kontrabandami?
— yo‘q.
— Bitta-yarimtani o‘ldiribdimi?
— Unisiyam emas.
— Unda nega o‘tmoqchi?
— Sendan xo‘jayin chiqmasligi aniq,— deya jahli chiqdi otaning.— Hozir har xil ishlar bo‘lishi mumkin. Faqat sening qovoq boshing ularni tushunishni xohlamaydi.
— Qanday ish bo‘lishi mumkin, ota?
— U nima bilan shug‘ullanishini, o‘zi kim ekanligini bir tanangga o‘ylab ko‘rchi?
— Men bir narsani bilaman, u — mening sut emizgan onamning o‘g‘li.
— U yo‘q, o‘tgan yili o‘lgan.
— Joyi jannatda bo‘lsin...
— Quloq sol, uning o‘z oyog‘i bilan bu yerga kelgani bizning omadimiz. Qachonlardir uning onasi seni saqlab qolgandi, endi uning yordamida ishlarimizni yo‘lga solib olamiz.
O‘g‘il poldan turib, divanga o‘tirdi. Nazarida, agar otasiga yaqinroq o‘tirsa uning so‘zlarini yaxshiroq tushunib oladigandek edi.
— Qulog‘im senda, ota? Xo‘jayin yostiqlarni tuzatdi.
— Sen uni o‘ldirasan.
— Nega endi, ota?
Xo‘jayin o‘rnidan turib, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. O‘g‘il ham shu zahoti o‘rnidan turib ketdi. Taomilga ko‘ra kattalar tik turganda o‘g‘ilga yalpayib o‘tirish mumkin emas.
— O‘zingdan qolar gap yo‘q, yaqinda kontrabanda bilan qo‘lga tushgandik-ku. Endi biz hukumatga sodiqligimizni isbotlashimiz mumkin.
— Lekin bu yerda emikdoshimning nima aloqasi bor?
— Seni oziqlantirgan o‘sha sutga la’natlar bo‘lsin!
O‘g‘il otasining qo‘lini ushlab oldida, uni labiga bosib, tutilgancha:
— Jahlingiz chiqmasin, ota...— dedi.—Haqiqatanam bu bo‘lmag‘ur qarindoshchilik bilan miyamni achitib yuribman.
— Ha, mayli, jin ursin! Bu yerda asosiysi— omad, tushundingmi? Axir, uning o‘zi, o‘z oyog‘i bilan kirib keldi... Shunday qulay fursatni qo‘ldan boy berib bo‘ladimi... Seningcha, uni qayerda surobini to‘g‘rilash qulayroq?
— Shu yerda-ya?.. Hozir-a?..
— Voy manavi itvachchani-ey! Senga xo‘jayin bo‘lishga yo‘l bo‘lsin! Sening dilingda doim enagangning suti hokimlik qilib keladi, iloyim uning suti yerga to‘kilsin-da! Bu gaplaringni eshitib turib, mening o‘g‘lim emas, deb o‘ylash mumkin.
— Achchiqlanmang, otajon. Yaxshisi, uni qayerda yo‘q qilish lozimligini tushuntiring.
Ikkalalari ham jimib qolishdi-da, birmuncha vaqt hovlidan eshitilayotgan qurbaqalarning qurillashiga quloq tutib o‘tirishdi. Sokin kechada qurillash haddan , tashqari qattiq eshitilar, shu sababli qurbaqalarning o‘zi ham ulkan maxluqqa o‘xshab tuyulardi. O‘g‘il shu daqiqada qo‘shni xonada uxlayotganlar haqida o‘ylardi. U yerda ikki singlisi va onasi — tuqqan onasi yotishardi. Otxonaning oldidagi xonada esa — batraklar. Ikki devor ortida esa ular otasi ikkalovi o‘limni ravo ko‘rishayotgan emikdoshi yotibdi.
— Quloq sol, — dedi xo‘jayin. — Bu ishni bizning yerimizda qilish yaramaydi. Biz ham hukumatga xushomad qilishimiz, shu bilan birga, har qanday fisqi fasodlarga yo‘l bermasligiz kerak. Taomilga tupurib, xudo tomonidan yuborilgan mehmonni hukumatga tutib berishibdi, degan gap-so‘zlarga qolmasligimiz kerak. Xo‘jayin bo‘lish san’ati nimada ekanligini endi tushundingmi?
* * *
Yigit ko‘zini ochib yumdi-da, kerishdi. Ko‘rpa tagida ohista qimirladi. Keyin bu yerga qanday qilib va nima sababdan kelib qolganligini o‘ylay boshladi. Bir necha yil avval u bu qishloqchadan chiqib ketgandi. O‘shanda qadrdon joylariga qochoq sifatida qaytib kelish yetti uxlab tushiga ham kirmagandi. Yo‘q, uni bu yerga haydab kelgan taqdiriga tan bermadi ham. U bir narsani biladi: o‘zi uchun hamda boshqalar uchun kurash davom etadi.
Eshik g‘iyqilladi. Yigit shu zahoti ko‘zini ochdi. Unga odatdagi ehtiyotkorlik hissi qaytayotgandi. Hattoki emikdoshining uyida ham...
— Kim u?
— Men, — deya javob qildi xo‘jayinning o‘g‘li va xonaga kirdi. U juda sekin, deyarli shivirlab gapirardi.— Sen tong otmasdan bu yerdan ketishing kerak... Men seni kuzatib qo‘yaman.
— Rahmat, aka. Hozir kiyinaman. Xo‘jayinning o‘g‘li chiqib ketdi.
Yigit derazaga qaradi. G‘ira-shira oqarayotgan uylarning tarxi elas-zlas ko‘zga tashlanardi. U uylar orasidagi bo‘shliqni tanidi. Hozir uni narigi tomonga kuzatib qo‘yadigan emikdoshi bilan mana shu xarobazorda chopqillashib yurishganiga ko‘p bo‘ldimi? O‘shanda, bolaligida, ular ko‘pincha birga o‘ynashardi. «Aka, bunaqa qattiq chopma, yiqilasan! Akajon!» Lekin xo‘jayinning o‘g‘li quloq solmas, faqat ajablangancha unga qarab: «Axir, sizlarning uyingizda bitta deraza bor, biznikida esa ko‘p! Biz qanaqasiga aka-uka bo‘larkanmiz?» — deb so‘radi. «Biz ikkalamiz bitta siynaning sutini emganmiz, — deya javob qilardi u xo‘jayinning o‘g‘liga, — onamning aytishicha, bu aka-uka bo‘lib tug‘ilishdan ham kuchliroq emish...»
Eshik yana g‘iyqilladi.
— Men tayyorman,—dedi yigit xayolot dunyosidan uyg‘onib.
— Bitta-yarimta uyg‘onib qolmasidan tezroq yura qol...
Ular ostonaga chiqishdi. Atrofda milt etgan chiroq yo‘q.
— Men otangga minnatdorchilik bildirmoqchiydim. Balki, men uni endi hech qachon ko‘rmasam kerak...
Xo‘jayinning o‘g‘li seskanib ketdi. Eshik tomonga otilmoqchi bo‘ldi-yu, lekin vaqtida xatosini tushunib qoldi-da:
— U uxlayapti, — dedi. — Men unga minnatdorchiligingni aytib qo‘yaman.
Ular hovlida otlarni egarlashdi-da, minib ko‘chaga chiqishdi. Yengil shabada ot yollarini siypalardi. Ular janub tomonga qarab yo‘nalishdi. Yo‘l bug‘doyzor oralab ketardi. Xo‘jayinning o‘g‘li xiyol oldinga egilgancha egarda dadil o‘tirardi, yigit esa odatlanmaganidan bezovtalanardi.
Birmuncha vaqt bir-birlariga dam-badam qarab-qarab qo‘ygancha yonma-yon borishdi. Bir oyda, hatto bir kunda tug‘ilgan bo‘lishlariga qaramay xo‘jayinning o‘g‘li ancha-muncha bo‘laliroq ko‘rinardi; uning keng yelkasi hamda uzangidagi ulkan oyoqlarini ko‘rib yigit o‘zining oriqligini yaqqol his qildi. U o‘zini shamoldan ham ojizroq sezdi. Xo‘jayinning o‘g‘li otini yo‘rttirib ketdi. Ko‘m-ko‘k, umidvor ko‘zlarila yigitcha emikdoshining ortidan qarab turardi.
Pastakkina tepalikka yetib kelishgach, xo‘jayinning o‘g‘li otini to‘xtatdi.
— Chegara yaqin. Ehtiyot bo‘lish kerak. Xo‘jayinning o‘g‘li tashvishli edi. Qishloq ancha ortda qolib ketdi. Endi faqat ular otasining yerlari chekkasiga chiqib oldilarmi yo yo‘qmi, shunga ishonch hosil qilmoq kerak edi. Tungi suhbatni eslab, yosh xo‘jayin har ehtimolga qarshi yanada nariroqqa borishga qaror qildi.
— Bu yog‘i yaqin qoldi, uka, — dedi u labini qiyshaytirib tirjaygancha.
Yana bir oz yurishgach, xo‘jayinning o‘g‘li otini to‘xtatdi-da:
— Mana, yetib ham keldik, shu yerda xayrlashamiz. Ular ot ustida bir-birlariga cho‘zilib qattiq quchoqlashishdi.
Yigit xayrlasha turib, shunday dedi:
— Biz bir onani emib katta bo‘lganmiz, shuning uchun aka-uka, deb sanalamiz. Qachonlardir sen mening onamning yarim sutini olganding. Lekin sen savob ish qilib, qarzingni to‘laligicha qaytarding. Rahmat, aka.
* * *
... Agar ularni o‘z suti bilan boqqan ayol tirik bo‘lganda, u hozir ularning o‘rtasida turgan bo‘lardi. «O‘g‘illarim, — degan bo‘lardi u, — mening ko‘rko‘z o‘g‘ilginam, sen ham, xo‘jayinning yakkayu-yagona merosxo‘ri, mana men keldim. Men — yerman. Men — suvman. Men — gullaydigan va meva beradigan daraxtman. Agar men shunday bo‘lmaganimda, har biringizni qo‘limga olib sizlarning qush og‘ziday jajji og‘izchalaringizni sut emizish uchun ko‘ksimga bosa olarmidim? Usha ajoyib kunlar qanchalik tez unutilibdi-ya. Nahotki, butunlay unutilgan bo‘lsa!..»
Yigitcha otini qamchiladi. Xo‘jayinning o‘g‘li esa sumkasidan chiqib turgan nishonli miltig‘iga ko‘z yugurtirdi. Mana hozir emikdoshi sal nari ketsin, u bu ishni saranjomlaydi.
Uning qo‘li ohista miltiq tomon cho‘zildi.
Enaga qaysi tomonga yugurishni bilmay qoldi: oldinda ketayotgan o‘g‘li tomon yugursinmi yoki qo‘li miltig‘i tomon cho‘zilayotgan boshqasi tomongami.
«Sen mening o‘g‘limga qarata otmoqchisan-a, xo‘jayinning o‘g‘li? Agar yer tagida chirib ketmaganimda, agar hayvonlarga yemish bo‘lmaganimda men hozir qarshilaringda ko‘kragimni ochib ko‘rsatgan bo‘lardim. Men hammasini to‘kib solganbo‘lardim. Ayniqsa, senga. xo‘jayining o‘g‘li. Cho‘lpillatib o‘zing emgan ko‘krakni namuncha tez yodingdan chiqazgan bo‘lsang! Men sening onangman, men seni emizganman... Nega sen mening o‘g‘limni oldinga o‘tqazib yubording?»
Xo‘jayinning o‘g‘li qo‘ndoqni ushlagan mahalda emikdoshi orqasiga o‘girilib, so‘radi:
— Yaqinlashib qoldikmi?
Xo‘jayinning o‘g‘li oyog‘ini qashigan bo‘ldida, ikkala qo‘li bilan jilovni ushladi.
— Deyarli... Mana hozir qayrilamiz.— Va ular sharq tomonga burildilar.
«Ha, demak, sen holi joy qidiryapsanmi? Shunda yelkasidan otasanmi? Axir, ikkalovlaringni emizayotganimda bir ko‘zim bilan senga, boshqasi bilan o‘zimning ko‘kko‘z o‘g‘limga qaramasmidim? Achchiq yoki sho‘r narsa yeganimda esa, seni, bolaginam, zaharlab qo‘ymay, deb ko‘kragimni avval o‘zimning o‘g‘limga tutmasmidim-a? Emikdoshini sotish mumkinmi? Seni dastlab qo‘limga olganimda qiltiriqday bola eding, ayyor onangga esa bo‘taloqday baquvvat qilib topshirmaganmidim, axir? Keyinchalik, sizlar birga o‘ynaganlaringda mening o‘g‘lim seni doim qo‘riqlab yurmasmidi? Nega sen uni oldinga o‘tkazib yubording? Yoki sen uchun u nihoyati qurbonlikka mo‘ljallangan qo‘zichoqmi?»
— Quroling bormi? — deb so‘radi xo‘jayinning o‘g‘li.
— Yo‘q.
— Hechqisi yo‘q, menda bor. — Xo‘jayinning o‘g‘li miltig‘ini to‘rvasidan chiqardi. — Bu yerdan uncha uzoq emas. Men qarab turaman. Bo‘lmasa, xudo ko‘rsatmasin, har narsa bo‘lishi mumkin...
— Kim biladi. Men bu yerlarni yana qayta ko‘rgunimcha oradan qancha yillar o‘tarkin, — g‘amgin jilmaydi yigit.
Xo‘jayinning o‘g‘li miltig‘ini yuqori ko‘tara boshladi.
«Ko‘k ko‘z o‘g‘ilginam, orqangga o‘giril! Emikdoshing seni o‘ldiradi. Yerga yiqilishingdan avval, shuni bilib qo‘y — mening sutim bilan katta bo‘lgan odamning qopqoniga tushding. Tepkini bosgan qo‘llarini sening ko‘zlaringga tekkizmasa bo‘lgani. Men xo‘jayinga o‘g‘lini berayotganimda u seni ham ko‘rishni xohladi. Sizlarni tarozda tortib ko‘rishdi, o‘g‘ilginam. U mendan sen, ko‘k-ko‘z o‘g‘ilginam, emganingdan ko‘ra ko‘proq sut emgan ekan. Uning otasi sendan ortiqcha chiqqan har bir gramm uchun bir qopdan bug‘doy yubordi. Lekin men ularni qabul qilmadim. Men, onaligimni yerga urishga yo‘l qo‘ymayman, dedim. Men ikkovingniyam vijdonan emizgandim. Otang ikkovimiz qoplarni xo‘jayinga qaytardik. Nega qishloqdan ketib qolding-a, o‘g‘lim? Shaharda nimalar qilding? Sen u yerda nimalarni o‘rganding, nega seni aldab tuzoqqa ilintirishdi? Balki, sen o‘zingni nomunosib tutdingmi?.. Sen katta bo‘lding, o‘g‘lim, lekin aqling ham to‘lishdimi? Nima sababdan ular seni hayotdan judo qilishmoqchi? Balki, sening aqlingdan qo‘rqishayotganmikin? Orqangga qara, o‘giril, mening ko‘kko‘z yigitim! Uning qurolini tortib ol. Lekin o‘ldirma. Haydab yubor. O‘z otingda orqa-o‘ngingga qaramay chopib ketginda, hech qachon ularning mulklariga qadam bosmagin...»
Xo‘jayinning o‘g‘li tepkini bosdi.
Bakir Yulduz. Emikdoshlar (hikoya)
Hikoyat Mahmudova tarjimasi