Ushbu hikoya davomida men bu xonimni Kaltakesak deb atayman. Bordiyu, siz sonining ich tomoniga chizilgan kaltakesak rasmi tufayli shunday demoqchi deb o‘ylasangiz, xato qilasiz.
Uning dum-dumaloq qora ko‘zlari xuddi kaltakesakning ko‘zlariga o‘xshaydi. Qarashlari biram sovuq-ki… Kaltakesak deysiz. O‘zi ham uvoqqina. Badanining qaeriga qo‘l tekkizmang, shunday sovuq, shunday sovuqki, kaftingizga olib isitgingiz keladi. Lekin kaltakesak sizga chumchuq polaponi yoki quyon bolasi emas. Tipirchilab kaftingizni tirnoqlari bilan timdalaganida etingiz junjikib ketadi. Unga qarab turganimda bir lahzaga ko‘rinib qoladigan qip-qizil tilchasiga ko‘zim tushadi. Uning shishasimon ko‘zlarida mening kimnidir sevish, kim haqidadir qayg‘urish istagi ro‘yi-rost zuhur etgan aft-basharam aks etib turadi…
Bu esa Kaltakesakni ham menga nisbatan nimanidir his etayotganini ko‘rsatadi.
O‘sha kechasi u menikiga kelganida ko‘rpaga kirib, endi mudray boshlagandim.
– Judayam charchadim, – dedi Kaltakesak xonamga kirar ekan.
O‘-o‘ naqadar norozi ovoz. Qorong‘ida uning qiyofasi menga ko‘rinmasdi, faqat tungi oppoq ich ko‘ylagining sharpasi sezilardi, nazarimda uning kayfiyati haddan ziyod yomon edi.
Soat tungi ikkilar edi. Men chiroqni yoqish uchun qo‘limni uzatganimda, daf’atan uning badanini his qildim. U yuzini og‘ritar darajada o‘mrovimga qattiq bosib, muzday qo‘llarini pijamam ostiga suqdi. O‘-o‘ haroratli jismingga muzdek sovuq qo‘llarning tegishi naqadar yoqimli… tuyg‘u…
Men yigirma to‘qqiz yoshga chiqdim. Ruhiy kasal bolalar uchun mo‘ljallangan shifoxonada maslahatchi va davolovchi vrach bo‘lib ishlayman. Kaltakesak bilan uchrashganimga uch yil bo‘ldi. Anchadan beri Kaltakesak mendan boshqa hech kim bilan gaplashmaydi. Umuman olib qaraganda, boshqa odamlar bilan gaplashmay yashash mumkin emas. Shu boisdan men Kaltakesak uchun o‘ziga xos ehtiyot chorasi sifatida xizmat qilaman.
Xullas, u bor kuchi bilan yuzini ko‘ksimga bosdi. U baayni vujudimga singib ketguday bo‘ladi doim, bu ham yetmaganday shunday kuch bilan bosadiki, ilk bor shunday qilganida azbaroyi yig‘layapti, deb o‘ylaganman. Yo‘q, yanglishgan ekanman. Bir ozdan so‘ng u boshini ko‘tarib menga qaragandi, chehrasida osoyishtalik aks etar, ko‘zlari esa bir navozish bilan mayin boqar edi.
Ehtimol shu tariqa u kun bo‘yi yuz bergan ko‘ngilsizliklardan (bu baayni yostiqqa yuzini burkab yig‘lashdek gap) yuragini bo‘shatib olar?! Yoki hamma narsani unutishni istar. Har holda men shunday deb o‘ylardim.
Nihoyat o‘sha kechasi Kaltakesak hech kutilmaganda hammasini aytib berdi.
– Bilasanmi, bolaligimda ko‘r bo‘lib qolgandim, – deya gapini boshladi u tun og‘ushida so‘nik bir ovozda.
– Nima, butunlaymi? – men hayratdan qotib qoldim.
– Ha. Butunlay.
– Nimadan bunaqa bo‘lgandi?
– Do‘xtir bu ruhiy jarohat asorati deb aytgandi. Tasavvur qila olarmikansan, besh yoshimdan to sakkiz yoshimgacha hech narsani ko‘rmasdim. Dunyo men uchun qorong‘i zulmat edi.
– Qanday qilib tuzalib ketding?
– Maxsus shifoxonada davolangach, yana ko‘ra boshlaganman. U yerdagi shifokorlar juda-juda mehribon edi. Sen ham xuddi shunaqa joyda ishlaysan-a?
– Shunaqami? – dedim men va bir oz o‘ylab turib, qo‘shib qo‘ydim: – Noo‘rin savolim uchun uzr so‘rayman, lekin nima sababdan ko‘zing ko‘rmay qoluvdi?
Kaltakesak yutindi.
– Nima desam ekan, haligi… Uyimizda dahshatli voqea yuz bergandi… keyin esa… xullas, hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgandim…
– Agar eslash malol kelsa, aytib berishning hojati yo‘q – dedim unga. Kaltakesakning ota-onasi sog‘-salomat. Ahil-inoq yashashadi. Men ular bilan uchrashganman ham. Uning aka-uka, opa-singillari yo‘q. Qisqasi, ularning oilasida qandaydir jiddiy muammolar bo‘lganini birinchi marta eshitishim.
– Mana shunaqa, bolaligimda ko‘zim ojiz bo‘lgan, shuning uchun ham hozir har bir narsani ushlab ko‘raman, o‘sha narsaning nima ekanligini bilgim keladi, aks holda, keyin qiynalaman o‘zim. Ayniqsa qattiq toliqqanimda judayam asabiylashaman va to ko‘zimni yummagunimcha yoki nimagadir mahkam yopishmagunimcha.., changallamagunimcha o‘zimni qo‘lga ololmayman. Og‘ridimi? Iltimos, kechir.
– Hechqisi yo‘q. Kasalxonamizda deyarli shu ahvol, hamma bolalar qo‘rqqanidan odamga yopishib oladilar. Shuning uchun nima haqda gapirayotganingni yaxshi tushunib turibman.
– Buni bilaman.
– Menga qara, kel, turmush quramiz. Biron yerga ko‘chib borib, birga yashaymiz, – anchadan beri o‘ylab yurgan niyatim lop etib og‘zimdan chiqib ketdi.
Meni quchoqlab yotgan Kaltakesak indamadi. Ajabo, u churq etmay yotardi-yu yuragi juda tez urardi. Men daf’atan uning javob bermaganidan iztirobga tushdi, deb o‘yladim. Uning menga qanchalik yot ekanini, borlig‘iyu ichki olami tamomila o‘zgacha ekanini angladim. U kechalari mening tushlarimga sira o‘xshamaydigan tushlar ko‘radigan begona odam edi.
– Immm… – dedi u past ovozda. So‘ngra: – mening bir sirim bor, – degancha jim bo‘lib qoldi.
Men bu bilan nima demoqchi ekanini o‘zimcha tahlil qilib ko‘rdim.
Men Kaltakesak bilan sport klubida tanishgandim. O‘sha kezlar haftasiga ikki marta suzish bilan shug‘ullanardim. U esa o‘sha klubda aerobika bo‘yicha yo‘riqchi vazifasini bajarardi.
Uni birinchi marta ko‘rganimda “Shunaqa g‘alati ayollar ham bo‘lar ekan-da”, – deb o‘ylagandim.
Zuvalasi pishiqqina, past bo‘yli, qiymoch ko‘zlarida allanechuk hasrat yashiringan bu ayol o‘zi bilan ishlaydigan qiz-juvonlarning birontasiga o‘xshamas edi. Ularning sho‘xligi, o‘yinqaroqligi yaqqol ko‘zga tashlanar, Kaltakesakning esa hatto kayfiyati qanaqa – yaxshimi-yomonligini ham bilib bo‘lmasdi. Uni g‘alati deb bo‘lmasdi, lekin alohida bir sababsiz ham atrofdagilardan ajralib turardi. Har safar mashqlarni tugatib, hovuzdan chiqar ekanman, u zallardan birida dars o‘tayotgan bo‘lardi. Uning kichik gavdasi notabiiy bir holatda qotib qolgandek turardi. U o‘ta nafis harakat qilar, istagan holatga kira olishi mumkindek tuyulardi. Musiqa har qancha baland yangramasin, Kaltakesak xuddi o‘zining shaxsiy, butunlay shovqinsiz dunyosida suzayotganday ko‘rinardi.
Kunlardan bir kun zalda bo‘layotgan ishlarni befarqqina kuzatib turganimda esdan chiqmaydigan bir voqea yuz berdi.
O‘sh kuni (men mashqlarni tugatib, aerobika zali yonidan o‘tib borayotganimda) u odatdagidek o‘zining ish joyida yumshoq gilamda yoshlar bilan mashg‘ulot o‘tkazayotgandi. Men uni tomosha qilgani to‘xtadimu birdan agar kunlarning birida bu qiz ishdan bo‘shab ketsa, judayam zerikib qolishim haqida o‘ylab qoldim. Men hikoya qilayotgan voqealardan xiyol ilgariroq eri bor ayol bilan cho‘zilib ketgan munosabatlarimni uzgan edim. Shuning uchun va qolaversa, o‘sha ayolning tashabbusi bilan oramiz buzilgan hamda uning meni to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydab yuborganini e’tiborga olganda, yangi ishqiy sarguzashtlarga berilishim uchun menda na kuch, na xohish qolgani g‘alati tuyilmasdi. Shunday bo‘lsa ham, sport zalidagi qiz hususida o‘ylaganimda yuragimda allanechuk tuyg‘ular uyg‘ona boshlayotgan edi.
Bunday tuyg‘u odam qalbini erta ko‘klam kechalari qamrab oladi. Ko‘chada havo ajoyib. Elektrichkada xuddi to‘lqinlar kaftida yotgan qayiqchadek chayqalib ketarkanman, menga mayli bor notanish yosh ayolni bugun qaerga – qahvaxonagami yo restoranga taklif qilsammi, deb xayol surardim. Bugungi kechani u bilan qaerda o‘tkazishimiz, oramizda biror narsa bo‘ladimi, yo‘qmi – men uchun ahamiyatsiz edi. Unga, qiliqlariga, ataylab men uchun bo‘yniga o‘ragan ro‘molining naqshlariga, paltosining etaklariga, quvnoq chehrasiga tikilib qarar ekanman, bamisli ajoyib manzaraga duch kelgan kabi yuragimda bir pokiza, ezgu, munavvar tuyg‘ular tug‘yon urayotganini his qilardim. Shunday damda ich-ichimda qaydandir elas-elas kelayotgan iforga o‘xshash unutilgan shodlik hissi, betashvish hayot tuyg‘usi jonlanardi…
Xullas, shunaqa gaplar. Men nihoyat uyga qaytish vaqti bo‘ldi degan qarorga kelib, burilib ketayotganimda; “Voy, og‘riyapti!” degan chinqiriq eshitildi. O‘girilib qarasam ayollardan biri oyog‘ini changallab turibdi. Men hali tomiri tortishib qolmadimi, boshqa jiddiy narsa emasmikin deb ikkilanib turganimda, Kaltakesak o‘sha ayol yoniga uchib kelib, uning oyog‘ini ko‘zdan kechira boshladi. Musiqa chalinib turgan nim qorong‘i zalda u do‘xtir singari sovuqqonlik bilan o‘z shogirdining tortishib qolgan oyoq mushaklarini uqalay boshladi. Nazarimda, bu voqeani anchadan beri kuzatib turgandek edim. Yerda, uzatilgan qo‘lini sal pastga tushirib o‘tirgan Kaltakesak g‘ira-shira yorug‘likda yaltirab turgan ajoyib haykalga o‘xshardi.
Bir ozdan so‘ng anavi ayol yengil tortib jilmaydi. Kaltakesakning yorqin qizil lablarida ham tabassum o‘ynadi.
Qalin oyna orqali o‘tib kelayotgan musiqa ohangi va bazo‘r eshitilayotgan ovozlar shivirlashga aylanar va bu voqea juda g‘alati ko‘rinardi. Ana shunda muvozanatni saqlash uchun oyoqlarini bir oz kerib, ohista o‘rnidan turayotgan Kaltakesakni kuzatar ekanman, soniga, qariyb choviga chizilgan mittigina kaltakesak rasmiga ko‘zim tushdi.
Buni ko‘rib men butunlay hushimni yo‘qotdim. Bizning g‘ayritabiiy ishqiy qissamiz ana shundan boshlandi.
O‘z-o‘zidan ma’lumki, meniki singari ishda odam ba’zan juda ham toliqadi. Agar mijozga chin dildan yordam berishni istasang, uni sira erkalatib yubormaslik, azobiga hamdard ekaningni bildirmaslik lozim. Biroq sendan o‘zini tushunishni kutayotgan, uning izmu ixtiyoriga itoat etishingni talab qilayotgan odamga qarshi turish juda qiyin. Ayniqsa, ko‘z o‘ngingda noz-ne’matga to‘la dasturxon tuzashayotganini ko‘rib, bunga qanday chiday olasan. Men hayoti xavf ostida qolib, sendan rahm-shafqat kutayotgan mijozni nazarda tutayapman. Bunday kishilar o‘zlarining butun kuch-quvvatlarini qanday bo‘lmasin qiynoqlardan xalos bo‘lishdek yakkayu-yagona maqsadlariga erishishga sarflaydilar. Shuning uchun, ustasi farang ofitsiant singari o‘zingdan voz kecha olishing lozim. Agar ofitsiant – hatto och bo‘lsa ham – ish paytida biror narsa yeb olish istagi bilan yonsa, bunday ofitsiant bir tiyinga qimmat. U nafsini tiyish tugul o‘sha xohish-istagini so‘ndirishi kerak. “Men ularni davolashim shart,” “ular shifo topishlari lozim” – mana men amal qilishim darkor bo‘lgan asosiy niyat.
Sening jon kuydirishingga loqayd-beparvo mijozga bor kuching bilan yordam berishga astoydil harakat qilayotganingda ayniqsa holdan toyasan. Ayni o‘z tashvishlaring boshingdan oshib yotganda bu narsa yaqqol seziladi.
Tushlik paytida Kaltakesakning nima siri bor ekan, deb o‘ylanib qoldim. Menga turmushga chiqishni istamagani uchun shu narsani to‘qib chiqarganiga ishonmayman.
Men har doim bitta yerda – chog‘roq restoranda ovqatlanaman. U yerda mazali saba (1) tayyorlashadi. Bu restoran men ishlaydigan tomonda joylashgan, lekin kasalxonadan ancha olis – istirohat bog‘ining yonginasida, ishonchim komil, mijozlarimdan birortasi u yerga kirmaydi. Deraza ortidan o‘t-o‘lanlar hidi ufurib turadi. Bog‘ tushki quyosh nuriga cho‘mgan. O‘rindiqlarda chollar gurunglashayapti, ularning yonida kelishgan yosh yigit, bekorchilikdan yuzini oftobga tutib mudrab o‘tiribdi. Benuqson ishlab turgan mukammal mexanizmning namunasi sifatida ana shu manzaraga nazar solinganda, “insoniyat” deb atalgan mushtaraklikda aks etgan cheksiz go‘zallikni his qilish mumkin. Darhol ich-ichimizda allanechuk azaliy, tug‘ma hissiyot uyg‘onadi. Va ongimizda: “Eh, hozir bir miriqib ishlayman” degan fikr charx uradi. Shunda beixtiyor: “Men bilan bir osmon ostida yashayotgan va ishlayotgan Kaltakesak ham xuddi shuni his qilayotgandir” deb o‘ylagim keladi.
O‘sha kecha men uni darsdan so‘ng kutib turdim-da, birinchi bor restoranga taklif qildim. U men o‘rganib qolgan sport kiyimi o‘rniga oddiy qora sviter bilan jinsi kiyib olgandi. Odamni sira ham jalb qilmaydigan kiyim. Xuddi u mendan bir nimani yashirmoqchiday, birdaniga butunlay ko‘rimsiz bo‘lib qolgandi. Ammo bu noto‘g‘ri taassurot edi. Qadam tashlashining o‘ziyoq, uning hech kimga o‘xshamasligidan darak berardi. Noyob xilqat bamisli. Jilmayganida milklari ko‘rinib ketadi. Yonoqlarida g‘uj-g‘uj sepkil.
Negadir unga qaragan paytimda hamisha miyamga yarq etib “qismat” so‘zi keladi. Men uning har kuni allaqanday og‘ir vazifani bajarishga so‘zsiz rozi bo‘lishining naqadar jiddiyligini his etardim. Aynan shu narsa meni hammasidan ko‘proq jalb etardi. Bunday odam tabassum qilganida milki ko‘rinadi, og‘zi kengayadi,chakkalari bo‘rtadi – chinakam samimiy tuyg‘uning aks etishi emasmi bu? “Tabassum” so‘zining asl mohiyatini darhol his etasan.
Biz chog‘roqqina yapon restoraniga ovqatlanishga kirdik. Tinchgina,bo‘m-bo‘sh xonadagi stollarning birida ro‘parama-ro‘para o‘tirib oldik – bizdan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Men hayotda hech qachon bunchalik hayajonlanmagandim. Kaltakesak churq etmasdi. U ovqatdan bir-ikki cho‘qiladi – sake (yapon arog‘i)ni labiga astagina tekkizib qo‘ydi.
– Sen judayam chiroyli raqs tushasan, judayam – dedim nihoyat men, Kaltakesak ham gapga tushib ketdi.
– Chakki emas, har qalay. Lekin baribir u yerdan bo‘shab ketmoqchiman. Keyingi oyda.
– Nega endi? – hayron bo‘lib so‘radim men. U jilmayib javob berdi:
– Chunki butunlay boshqa narsa bilan shug‘ullanmoqchiman.
– Nima bilan, masalan? – dedim men va shoshilib qo‘shib qo‘ydim: – Bilmadim, albatta, so‘rashga haqqim bormi, yo‘qmi aybga buyurmaysan, sening layoqatingga havas qilaman. Shu boisdan menga bir oz alam qiladi…
– E, qo‘ysang-chi. Men xafa bo‘lmayman. Men muqobil tibbiyot maktabiga kirmoqchiman. Igna bilan emlash, giyohlar bilan davolash va hokazo.
– Ana xolos… Buni senga nima keragi bor?
– Chunki bu sohada iste’dodim ko‘proq ekanini tushunib yetdim. Bironta odamga tikilib qarasam bormi, uning qaeri og‘riyotganini darhol sezaman. Qo‘limni tekkizish, silash bilan uni davolay olishimga ko‘zim yetadi, nazarimda. Shu qobiliyatimni rivojlantirish ma’qul ko‘rinayapti.
– Qo‘l bilan davolay olasanmi?
– Davolay olaman…
Keyin, muzqaymoq yeyayotgan paytimizda u bamaylixotir dedi:
– Tanangdan foydalanganda, ichingdagi mavjud barcha narsadan xalos bo‘lishing lozim. Bu jami tashqi holatlardan muhim. Agar faqat zohiran kamolotga erishsang ham baribir ko‘ngling to‘lmaydi. Buni aniq bilaman. Bugungi kunga qadar men tinimsiz mashqlar evaziga qomatimni ushlab turdim. Endi – o‘sha natijalarga boshqa usullar bilan ham erishmoq vaqti yetdi. Har holda men o‘ttiz uchga chiqdim.
– O‘ttiz uch?! – Men unga yigirma besh ham bermasdim.
Kaltakesak kulib yubordi:
– Ishonchim komilki, men sendan kattaman.
Keyinroq men uni bekatgacha kuzatib qo‘yganimda, u yoqimli oqshom uchun minnatdorchilik bildirdi va o‘ychan qo‘shib qo‘ydi:
– Mening umuman do‘stim yo‘q. Ota-onam bilan deyarli gaplashmayman. Boshqalar bilan oxirgi marta o‘zim haqimda qachon gaplashganimni eslolmayman. Nazarimda bugun juda ko‘p gapirib yubordim, shekilli.
G‘ira-shirada, qorong‘ulik qo‘ynida yonimizdan yo‘lovchilar o‘tib turardi.
Kechki shabada esar, derazalardan nur taralardi. Qaerdadir elektrichka o‘tib borayotgani eshitilardi. Bekatda poezdning jo‘nashi e’lon qilindi. Kaltakesakning qisiq ko‘zli yuzi yorishdi.
– Yana bir bor uchrashaylik! – Hissiyotim jo‘sh urganidan uning qo‘lini mahkam ushlab oldim.
“Yo tangrim, uni biram bag‘rimga bosgim kelayaptiki. Esimni yedimmi, jinni bo‘layapman shekilli. Uning qo‘lini ushlashim uchun har narsaga tayyorman. Ortiq chidab turolmayman,” – shunday deb o‘yladim va shunday qildim ham. Shunday bo‘lishi tabiiy edi. Shunday qilmasligim mumkin emasdi. Tushundim: odamlar bekorchilikdan birga bo‘lishga kelishib oladilar, uchrashadilar, yeb-ichadilar, oxiri yarim kechasi: “Endi nima qilamiz?” deb o‘ylab qoladilar. Bu bir kunlik tasodifiy tanishuv uchun xos bo‘lgan jimgina kelishuv emasdi. Men unga ozgina bo‘lsin yaqinlashgim, o‘pgim, uni bag‘rimga bosgim kelardi.
O‘zimni arang tiyib turardim. U mening his -tuyg‘ularimni qabul qiladimi, yo‘qmi , men uchun bu muhim emasdi. Men uni juda- juda xohlardim. Hozir, ayni shu damda faqat uni, boshqa hech kimni emas. Agar uning o‘rnida boshqa birov bo‘lib qolsa – butun olamdan voz kechishga tayyor edim. Hammasini tushunib yetdim. Bu muhabbat edi.
– Mayli, ko‘rishguncha, – dedi u va menga telefon raqamini berdi. U nari ketdi-da, orqasiga o‘girilmasdan zinadan ko‘tarila boshladi, zum o‘tmay uni butunlay ko‘zdan yo‘qotdim. Tamom. U ketdi. Yuragimni alamli yo‘qotish tuyg‘usi chulg‘ab oldi. Bu tuyg‘u qiyomat qoyim kunidagi hissiyotga monand edi.
Kaltakesak tibbiyot maktabiga kirdi, uni tugatib ruxsatnoma oldi. O‘qish jarayonida yarim yil Xitoyga malakasini oshirgani borib, tabibga shogird tushdi. Yaponiyaga qaytgach mo‘‘jazgina bir shifoxona ochdi. Chindanam iste’dodi bor ekan shekilli, ishlari yurishib ketdi, ozgina vaqtdan so‘ng shifoxonaga xodimlar yollash imkoniga ega bo‘ldi.
Har kuni Yaponiyaning turli hududlaridan uning shifoxonasiga mijozlar oqib kela boshladi. Ularning aksari og‘ir dardga duchor bo‘lgan bemorlar edi. Bechoralarning so‘nggi umidlari Kaltakesakdan edi. Har qancha kuch sarf etmasin, uning Xudo ato etgan shifobaxsh kuchi tugamasdi. Biroq ish kunining oxiriga borib gapirishga ham holi qolmasdi.
Ittifoqo bir kuni uning shifoxonasiga kirdim. U ko‘pxonali uyning kichkinagina xonasiga joylashgandi. U yerda bittagina o‘rindiq – kat bor edi. Mijozlar kursilarda jimgina navbatlarini kutib o‘tirishardi. Bunday manzara maxfiy ish olib borayotgan korxonaga xos. Kaltakesak oq xalatda ostonada paydo bo‘lar, navbatdagi mijozni chaqirar va u bilan xonaga kirib ketardi. Men juda xijolat bo‘ldim. Chunki Kaltakesak hech kimga iltifot ko‘rsatmas, ko‘nglini ko‘tarmasdi . Shuning uchunmi “dardi yengil” – hamdardlik uchungina kelganlar bir zum o‘tirib ketib qolardilar. Lekin chinakam davo istab kelgan bemorlar albatta og‘riqdan, hayot va o‘lim orasida qiynalib azob tortayotganlar darddan forig‘ bo‘lardi. Xayrlashayotganda, yosh to‘la ko‘zlarini xaloskordan uzolmasdilar. Bir qadam tashlay olmayotgan bemorni kutib turgan qarindoshlari oldiga uning yordamida o‘z oyog‘i bilan yurib chiqqanini ko‘rib ular hayratdan yoqa ushlardilar. Kaltakesak esa jilmayib qo‘yadi-da, navbatdagi mijozni taklif qilardi.
Ishontirib aytaman, u shifokor sifatida astoydil harakat qilardi. Niyati chinakamiga davolash. Faqat shuni istardi. Uning iqtidori bor, izzattalab emas, shuhrat gadosi emas. Uning yutug‘ini ko‘rib ich-ichimdan quvonaman. U bilan faxrlanaman. Unga o‘xshab odamlarni davolay olmasligimdan o‘kinaman.
O‘sha oqshom Kaltakesakni men uyimda kutardim. U telefon qilib:
– Men soat sakkizlarga boraman. Pitstsa buyurib qo‘y. Qalampiri ko‘proq bo‘lsin, – dedi.
U pitstsani uyda o‘tirib yeyishni yaxshi ko‘radi. Restoranga borishni yoqtirmaydi. Gapiga qaraganda, bu odamlarga yomon munosabatda bo‘lgani uchun emas. Aslida hech kimni ko‘rishni istamaganidan. Men uni tushunaman. Har kuni odamlar bilan ishlaganingdan keyin ham o‘lguday charchaysan, ham bezib qolasan. Shu sababdan biz vaqtni uyda o‘tkazamiz, chiroqni pasaytirib, deyarli gaplashmay o‘tiramiz. Musiqa tinglaymiz. Bordi-yu sayr qilgani chiqsak, odam yo‘q joyga – tog‘ tomon boramiz. Bizning ko‘nglimiz shunaqa – juda g‘alati.
U soat sakkiz tugul, to‘qqizda ham kelmadi. Men pivo ichdim, bir parcha pitstsa yedim, endi kelmasa kerak. Garchi men uning qo‘lini so‘ragan bo‘lsam-da, o‘zining allaqanday siri tufayli menga jo‘yali javob qilgani yo‘q. Fe’l-atvorini inobatga olganda, bugun menikiga kelmadimi, demak, tamom, bizning yaqinligimiz tugadi, degani.
Mening tuyg‘ularim avval boshdagidek juda ehtirosli bo‘lmasa-da, ochig‘i yuragim siqildi. Uning shu yerda, mening yonimda bo‘lishini istardim. Oramizda bo‘lib o‘tgan narsalar menga yengillik ham, xotirjamlik ham bermasdi, lekin aniq bilardimki, men ishlaydigan kasalxonadagi nozanin hamshiralarning birontasi Kaltakesak o‘rnini bosolmaydi.
Men umidsizlikka tushdim. Soat o‘n birdan oshdi. Endi kutishdan foyda yo‘q, degan qarorga kelganimda daf’atan eshik sharaqlab ochildi va xonaga Kaltakesak kirib keldi: to‘lg‘angan sochlaridan tun epkini ufurardi.
– Kech qoldim.
– Kelmaysan deb o‘ylagandim. Yuragim qon bo‘lib ketdi.
– Adashib qoldim, – deya u pitstsadan bir burda ushatib kasir-kusir yeya boshladi.
– Shoshma, isitib beray.
– Ovora bo‘lma. – U bir oz jim qoldi, so‘ng davom etdi. – Bilasanu, axir men sendan boshqa hech kim bilan gaplasha olmayman.
– Bilaman, – bosh silkidim men. – Lekin buni kasallikka yo‘yma. Loaqal mijozlaring bilan har kuni gaplashsang-ku. Oz bo‘lsa ham gaplashasan-ku, to‘g‘rimi?
U mening gaplarimga e’tibor bermagandek davom etdi:
– Ammo yuragimda bir tugun bor, bu haqda senga sira gapirmaganman. Juda muhim narsa.
– Muhim bo‘lsa, aytib ber. Aytib berasanmi?
Kaltakesak indamadi. Devordan ko‘z uzmay turib, chuqur nafas oldi. Men uning faqat sharpasinigina ko‘rib turardim. U menga butunlay o‘xshamagan bir mavjudot edi.
– Esingdami, bolaligimda ko‘r bo‘lib qolganim haqida gapirib bergandim? – so‘radi Kaltakesak.
– Shu haqda gapirib qolasan deb o‘zim ham sezib turuvdim…
– Besh yasharligimda uyimizga bir devona kirib qolgandi. U orqa eshikdan bildirmay kirgan ekan. U allam-balolarni baqirgan ko‘yi oshxonaga kirib, pichoqni oldi-da, onamga urdi. Onamning sonidan qon tirqirab oqa boshladi. U ko‘chaga chiqib, qochib ketdi. Men otamning ishxonasiga qo‘ng‘iroq qildim. Otam: “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilaman, sen onang yonida kutib tur”, dedi. Men onamning yonida o‘tirib turdim. Uni o‘lib qoladi deb qo‘rqdim. Onamning jarohatiga kaftimni bosib qonni to‘xtatishga urindim. Ana o‘sha lahzalarda men o‘zimda tabiblik iqtidori borligini tushunib yetdim.
Qon to‘xtadi. Kinoda ko‘rsatishadi-ku, xuddi shunaqa. Qo‘limdan bir nur chiqayotganday tuyuldi. Garchi jarohat bitib ketmagan bo‘lsa ham, mening davolashim ta’sir qilgani ko‘rinib turardi. Qon oqishi tobora kamayib borayotganini fahmladim. Bir ozdan so‘ng “Tez yordam” mashinasi yetib keldi.
Meni onam bilan kasalxonaga olib ketishdi. Meni ham hammayog‘im butunlay qonga belangan edi. Qo‘rqib ketganimdan tilim kalimaga kelmasdi. Serrayib turardim. Otam yetib keldi, keyin politsiya paydo bo‘ldi. Shunda ham lom-mim demasdim. Do‘xtir, qon qanday qilib to‘xtab qolganini tushunmasdi. U onamning bir mo‘‘jiza bilan omon qolganini aytib, “Baxtingiz bor ekan” dedi.
Jimgina uning hikoyasini eshityapmanu ko‘z o‘ngimdan Kaltakesakning onasi ketmasdi. Esimda u yurganida chap oyog‘ini sudrab bosardi.
– Ana shu dahshatli voqeadan larzaga tushgan onam aqldan ozdi, men ko‘r bo‘lib qoldim, otam esa ta’qib vasvasasiga uchradi. Bu qandaydir dahshatli tushga o‘xshaydi. Mana shunday bir kunda, mudhish ahvoldan bir paytning o‘zida xalos bo‘ldik: men ko‘ra boshladim, onam uydan bir o‘zi bemalol chiqa boshladi, otam nihoyat vasvasadan xalos bo‘lib, har narsadan qo‘rqib uyni qulflab yurmaydigan bo‘ldi. Lekin unga qadar qanchadan-qancha og‘ir kunlarni ko‘rmadik.
Qayg‘uli yillarni eslasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Lekin aynan o‘shanda men o‘z vujudim yordamida hayotning sir-asroridan ogoh bo‘ldim. Onam men uchun hamisha oliy, ilohiy xilqat edi. Garchi onam otam bilan urushib qolib, ba’zan qon-qon yig‘lasa-da, baribir nimasi bilandir temir irodali ayol bo‘lib ko‘rinardi. O‘sha mudhish kun, uni yerda qoniga belanib, dod solib yotganini ko‘rganimda bir zum ichida evrilish yuz bergandi – bamisli ilohiy xilqat ojiz bir maxluqqa aylanib qoldi. Agar jon tanani muhofaza qilmasa, tana bo‘shagan idishga — bo‘sh butilkaga o‘xshab qoladi.
Men mana shuni tushunib yetgandim. Shuning uchun agar astoydil istasang, mashinani tuzatganday inson tanasini ham tuzatish mumkin degan qarorga keldim. Men hatto olomon ichida tez kunlar ichida joni uziladigan odamlarni ko‘rsatib bera oladigan darajaga yetdim. Agar kimningdir jigari xasta bo‘lsa, jigari o‘rnida qora dog‘ ko‘rinadi. Tortishib qolgan mushaklar odatda ko‘kimtir tusga kiradi. Men ko‘proq shunga o‘xshagan narsalarni ko‘ra boshladim… Lekin bu endi haddan tashqari. Aloha aqldan ozmaslik uchun aerobika bilan shug‘ullana boshladim. Mana bugunga kelib endi-endi bir nimalarga qo‘l urayapman. Sen bilan tanishganimning sharofatidir balki.
Umidsiz, tushkun xayollardan xalos bo‘lib, nihoyat o‘z imkoniyatlarim nimada ekanini tushunib yetdim.
– Xo‘p, buning nimasi yomon? Menimcha, bari ajoyib. Oramizda qanday muammo bo‘lishi mumkin? – dedim men yengil tortib, lekin u gapimni bo‘ldi:
– Bu hali hammasi emas. Eng asosiysini aytganim yo‘q, xatto ota-onamga ham aytmaganman.
U jim qoldi. Sukunat juda uzoq cho‘zildi. Kaltakesak qirsillatib pitstsa yeya boshladi. Shunda men birdan yonoqlaridan oqib tushayotgan yoshni sezib qoldim. Men dovdirab qoldim, chunki u ilgari bir marta bo‘lsin yig‘lamagandi. Hammasi ravshan, u chindanam muhim narsani gapirib bermoqchi.
– Ho‘sh, jinoyatchi nima bo‘ldi? Uni ushlashdimi? – deya savol berdim sabrim chidamay.
Kaltakesak menga parishon ko‘z tashladi.
Hozir men, mabodo aynan shu lahzada shu savolni bermaganimda nima yuz berishini tasavvur qilib, yuragim orqaga tortib ketdi. Lekin nima bo‘lganda ham men shunday savolni berdim. Chunki men uni sevardim. Undan judo bo‘lishni istamasdim. Bunga ishonchim komil.
U ko‘z yoshlarini oqizib javob berdi:
– Ushlashdi. Lekin o‘z harakatlarini boshqarolmaydigan telba ekanini e’tiborga olib qo‘yib yuborishdi. Lekin men uni o‘ldirdim.
– Nima? – Bu kutilmagan iqrorni eshitib qichqirib yubordim. – O‘z qo‘ling bilanmi?
– Yo‘q-yo‘q. Qo‘lim bilan emas. Qarg‘ish orqali. Sen buning mumkinligiga ishonasanmi? Nima bo‘lganda ham bu haqiqat. Men uni duoyibad qildim.
– Nahotki sen shunga qodir bo‘lsang?
Biz hech qachon bunaqa uzoq va qizg‘in gaplashmagandik.
– Uni qanday qilib o‘ldirding?
– Men har kuni unga o‘lim tilab duoyibad qilardim. Mashina bosib ketsin, deb xudodan so‘rardim. O‘sha paytda hayotimiz azob-uqubatda o‘tardi. Ikki yil muttasil uni qarg‘adim. Oxiri kunlardan bir kun kechki payt, quyosh botar chog‘i iltijolarim qabul bo‘lganini tushundim. Tilagim amalga oshganini his qildim. U o‘lsa mening ko‘zlarim ochilishini sezardim. O‘sha kun botishidan bir hafta keyin men yangiliklarni tinglayotgan edim. Bir mahal falon-pismadon degan odam jinniligi qo‘zigan paytda o‘zini yuk mashinasi tagiga tashlaganini e’lon qilishdi. Bu mening ishim ekanini bilardim. “Sen shunga loyiq eding” dedim ichimda. Yoshim ulg‘aygach, bu qilmishimning naqadar og‘irligini tushunib yetdim. Hatto agar minglab odamni davolasam ham ana shu o‘lim dog‘ini yuvolmayman. Vaqt o‘tgan sari bu yuk og‘irlashib boraverdi. Men sen bilan tanishganimdan so‘ng bir narsani, kimnidir yomon ko‘rib qolsam, uni o‘ldirishim mumkinligini anglab yetdim… Shunda men o‘zimga qoyil qoldim. O‘ylagan niyatimni amalga oshira olganimdan quvondim. Ha— Ha. Quvonganimdan miriqib kuldim. Lekin bu Edo (2) davri uslubidagi intiqomni aks ettiruvchi roman yoki teleserial emas-ku, axir. Bugungi Yaponiyada, tinchlik paytda men ajali yetmagan odamning o‘limiga sabab bo‘ldim. Bitta narsani aniq bilamanki, ajoyib kunlarning birida mana shu jinoyatim uchun jazolanaman. Oilamiz uchun og‘ir bo‘lgan o‘sha davrda qiynalib ketganimdan har narsaga tayyor edim. O‘sha paytda men bir kun kelib, ota-onam o‘tmishni eslamay tinch-totuv yashashini, ko‘zim yana ko‘ra boshlab voyaga yetishim, ishga joylashishim, sen bilan tanishuvimni tasavvur ham qilolmasdim… O‘shanda bir-birimizni tanimasdik. Har birimiz o‘zimizga tegishli olamda yashardik, boshqasi bilan ishimiz yo‘q edi. Bizning hayotimiz do‘zaxdan battar edi. Men yo‘qotadigan hech nimam yo‘qligi uchun hayotimizni la’natlardim. Endi hammasi o‘zgardi. Hamma narsa yaxshi tomonga o‘zgardi-yu, men… men qo‘rqa boshladim. O‘sha odam tushlarimga kiradi. “Men hech kimni o‘ldirganim yo‘q, sen esa qotilsan…” – deydi u. Uning gaplari to‘g‘riligini anglaganim uchun dahshatga tushaman…
Kaltakesak tinmay hasrat qilardi.
Eng osoni o‘sha odamning tasodifiy o‘limiga sening aybing yo‘q, desam olam guliston edi. Lekin shu xususda o‘ylagan sayin o‘sha odamning o‘zini yuk mashinasi g‘ildiraklari ostiga tashlashga aynan Kaltakesakning duoyibadlari majbur qilganini aniq-yaqqol sezardim. Men ilgari ham shunga o‘xshash voqeaning guvohi bo‘lgandim. Go‘yoki qandaydir qora kuchlarning ta’siri ostida jonidan judo bo‘lgan o‘smirlar hali-hamon ko‘z o‘ngimda ketmaydi: ulardan biri u parvarish qilish majburiyatini olgan gul so‘lib qolgandan so‘ng o‘zini osib qo‘ydi; boshqasi vaqtida o‘qimay ibodati qazo bo‘lgani uchun qon tomirini kesgandi. Ular, ishonchim komil, bir nimaga qarshi turganlari uchun shunday qilishgan. Ammo ular qancha ezgulik qilsalar, kamolotga erishish uchun qancha zahmat cheksalar, gunoh yuki shuncha og‘ir bosardi. Bunday mashaqqat hirsiy moyillik, hayz ko‘rish jarayoni yoki ichni bo‘shatmoq chog‘idagi qiynalishga o‘xshaydi. Uni hech kim bilan bo‘lishib bo‘lmaydi. U faqat seniki va boshqa hech kimniki emas. Sekin-asta qarshi salbiy kuchlar yig‘ilib dunyodagi joniga qasd qilishdek holatlarni vujudga keltiradi…
Har doim mana shunday vaziyatlarga tushganimda, hech narsani o‘zgartirolmaganim uchun g‘azabdan o‘zimni qo‘ygani joy topolmasdim. Ojizligimdan quturib ketaman. – Men o‘zimni shunchalik betayin, urg‘ochi jinsining yonidan bir qadam nari jilmaydigan nasldor buqadek his qilardim. G‘azab o‘tida yona boshlaganimda esa hech narsaga yaramay qolaman…
Kaltakesak hech qachon, hech qachon bunaqa uzoq gapirmagandi.
– Menga qara, yur, bir oz aylanib kelamiz. – Mening iltimosimni eshitib uning qoshlari chimirildi.
– Xavotir olma, – dedim uni xotirjam qilish maqsadida, – sen xohlagan yerga boramiz. Uyda, sen bilan sira gaplasha olmayapman.
– Faqat bemorlaring misolida hayotda bundan battar bo‘lishi ham mumkinligini isbotlash uchun kasalxonangga olib borishni o‘ylama, xo‘pmi? – dedi u paltosining tugmasini qadarkan, iltimos ohangida.
– Bu fikring ma’qul, – hazillashib unga javob berdim va o‘rnimdan turdim.
Paltosining tugmasini qadayotgan Kaltakesakka qarab turish menga yoqadi. Poyabzalini kiyishi uchun engashib bo‘ynini cho‘zib turishini yaxshi ko‘raman. Ko‘zguga qaraganidagi nigohi menga ayniqsa yoqadi. Turli vaziyatlar Kaltakesakning ko‘p qirraligini vujudga keltiradi. Uning hujayralari qanday o‘lishi va qayta tug‘ilishini ko‘raman. Tarang tortilgan chakkalarini ko‘raman. Tirnoqlaridagi oq hilollarini ko‘raman. U yashayapti, oqim bo‘ylab suzib borayapti. Men buni sezib turibman. Uning har bitta harakati mening in’ikosim. U yashashi uchun men yashashim kerak.
Shaharni yoz ifori tutib ketgan, o‘t-giyohlar isi gurkirardi.
– Qayoqqa boramiz? – qiziqdi Kaltakesak.
– Ikkilamiz aylangani chiqmaganimizga ancha bo‘ldi.
– Axir ikkalamiz ham ishda bandmiz-ku…
Shu payt kutilmaganda oramizdagi hamma narsa barham topsa kerak, degan o‘y kechdi ko‘nglimdan. Endi birgalikda baham ko‘radigan hech narsamiz qolmagandi. Issiqxonalardagi giyohlar shisha tomlarga yetgach, o‘sishdan to‘xtagani kabi biz ham yo‘limizdagi yengib o‘tish mumkin bo‘lmagan to‘siqqa yetib kelgandik. Bir-birimizga har qancha yordam bermaylik, biz erkinlik hissini tuyolmaymiz, xalos bo‘lishga qurbimiz yetmaydi.
Endi biz qariyalar kabi kechasi inqillab-sinqillab, kunduzlari quyosh taftida isinib yotishdan o‘zga ilojimiz yo‘q. Qo‘limizdan boshqa hech narsa kelmaydi.
Bu fikr asta-sekin fikru zikrimni butunlay qamrab oldi.
Lekin shu choq ilkis hamma narsani o‘zgartirishga qodir quvonchli ovoz yangradi.
— Topdim. Narita-san(3)ga chiqamiz!
— Nega endi?
— Nega bo‘lardi? Ertaga kunning ikkinchi yarmida ishlarsan. Iltimos bora qolaylik. Taksiga o‘tirsa bir soatda eltib qo‘yadi.
— Nima bor u yerda?
— Negadir o‘sha yoqqa borgim kelib qoldi. U yerda bir marta bo‘lganman. Ibodatxona yonidagi gavjum bo‘ladigan do‘konchalarni yana ko‘rgim kelayapti. Ertalab esa ibodatxona ko‘chasida ziravorlar, yegulik guruch, pechenelari sotib olishimiz mumkin, — dedi u ko‘zlarini katta-katta ochib.
Tibbiy kuzatuvlar odamni o‘ta sinchkov qilib ko‘yadi. Shuning uchun uni tushundim: judayam borgisi kelyapti. Lekin gap bunda emas. Kaltakesak menga murojaat qilganidan nihoyatda g‘ururlanib ketdim. Shu iltimos bilan boshqalarga emas, menga murojaat qilganidan cheksiz sevindim.
— Bo‘pti, ketdik.
Agar u istasa, ko‘ngli tusagan yerga boramiz. Faqat ikkalamiz.
Biz Narita-sanga soat tungi birlarda yetib bordik. Omadimiz bor ekan, mehmonxonaga qo‘ng‘iroq qilib xona buyurib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldim.
Butunlay zulmatga cho‘mgan ibodatxona ko‘chasi bo‘ylab yuqori ko‘tarila boshladik. Yo‘lning ikki tarafidagi qator kulbalardan yoqimli daraxt hidi anqirdi. Kuchli shamol esardi. Bizdan chetrokdagi uylar tomi uzra yulduzlar miltirardi.
Kaltakesakning sochlari kuchli shamolda hilpirab to‘lg‘anardi.
Ibodatxonaning darvozasi berk edi. Devor osha shamolda chayqalayotgan kattakon chiroqqa ko‘zimiz tushdi. Chiroqning notekis yorug‘ida do‘konchalarning g‘aroyib soyalari tebranadi.
Vahimali sukunat hukmron edi. Atrofda hech zog‘ yo‘q. Kaltakesak kulib:
— “Arvohlar shahri”ni o‘zimcha shunday tasavvur kilardim, — dedi.
Devorga suyanib, kuta boshladik. Oradan besh daqiqa o‘tdi — lekin hech kim ko‘rinmadi. Ibodatxona ko‘chasidan o‘tmish isi taralardi. Ana shu ko‘cha bo‘ylab odamlar to‘dasining arvoxlari bilan qo‘l ushlashib daydi shamol kezardi xolos.
Kaltakesak yorqin kiyimda, ko‘zni qamashtiruvchi oppoq tabassum bilan zimiston kechada tush bo‘lib ko‘rindi.
— Bilasanmi, — dedim men, — rostini aytsam, mening ham o‘z sirim bor. Men ota-onamning zurriyodi emasman. O‘gayman.
U gaplarimni churk etmay tinglay boshladi. Hatto menga karamadi ham.
— Onam bir yigit bilan yurar ekan. Lekin o‘zini sevgan o‘sha yigitni rad etib, uning akasiga — mening otamga turmushga chiqibdi. Bechora yigit bu voqeadan telba bo‘lib qolibdi. Bir kuni u kelin-kuyovning tepasiga bostirib kiribdi-da, pichoq bilan qo‘rqitib ularning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, otamning ko‘z o‘ngida onamni zo‘rlabdi. So‘ngra ustidan kerosin quyib, o‘zini yoqib yuboribdi. Shovqin-suronni eshitib chiqqan qo‘shnilar ota-onamni zo‘rg‘a qutqarib qolishibdi. Ehtimol, bu voqea unutilib ketgan bo‘lardi, lekin afsuski men dunyoga keldim.
— Nimasini aytasan, har qalay, bizning uydagidan ancha dahshatliroq ekan, — dedi past ovozda Kaltakesak.
— Mana ko‘rdingmi… Onam otamning iltimosi bilan homilasini oldirib tashlamadi. Ammo ko‘p o‘tmay, men tug‘ilgach, onam es-hushini yo‘qotdi. Meni tarbiyalash uchun qarindoshlarimizga berishgan. Besh yoshga to‘lganimdan so‘ng ota-onamnikiga qaytib keldim. Keyin onam o‘z joniga qasd qildi. O‘layotganda u menga: “Meni kechir, bolam” deya shivirlagan edi. U doim ana shunday beozor edi.
— Demak, sening onang yo‘q ekanda.
— O‘gay onam bor. Otam yana uylangan.
— Shunaqami…
— Hayotda har narsa bo‘larkan: ba’zan odamlar halok bo‘ladi, ba’zan — sening onang singari — tirik qoladi; ayrim oilalar parokanda bo‘ladi, ayrimlari qiyinchiliklarni yengib birga yashashadi. Bu nimaga bog‘liq odamlarning fe’l-atvorigami yoki vaziyatgami, lekin shuni yaxshi bilamanki, bunday hollarda bolalarga katta ziyon yetkaziladi. Garchi… Men, masalan, bolaligimda baxtiqaro onamning murdasini ko‘rganman, lekin shunga qaramay, maza qilib ovqatlanishni yaxshi ko‘raman, toza havodan lazzatlanaman… Darvoqe muhimi bu emas…
— Demak, shuning uchun do‘xtir bo‘lishga qaror qilgan ekansan-da?
— Shunday desa ham bo‘ladi, lekin boshqa sababi ham bor… Umuman men o‘lim nimaligidan boxabarman. Hali ona sutim og‘zimdan ketmagan paytdayoq o‘lim shuurimda juda og‘ir taassurot qoldirgan. Men o‘lim hidini tuyganman.
Uning mulohazalari qalbimni larzaga soldi. Hayotda Kaltakesakka duch kelishim muqarrar ekanini endi angladim.
— Mayli, buguncha yetarli. Bunaqa mash’um voqealar hayotda bo‘ladi va hamisha bo‘lib o‘tgan. Kel endi, ko‘ngilsiz narsalarni unutaylik-da, yaxshi niyatlar qilib yuraylik. Birga yashab, go‘zal hayot kechirish to‘g‘risida qayg‘uraylik. Nima deding?
— Menga qara, sen “Qisqa juma” hikoyasini o‘qiganmisan? — so‘rab qoldi u birdan.
— Yo‘q.
— Bu oddiygina chol-kampirning o‘limi haqidagi hikoya. Biz ham shunday o‘lim topsak zo‘r bo‘lardi-da. Bu keksa er-xotin dindor bo‘lishadi. Xudoning tinch, halovatli kunlaridan birida kechkurun uxlagani yotishadi. Oshxonadagi plita pishirikxonasida saharlik uchun non yopib pishiradilar. Hamma narsa joyida, non tayyor, ish bitdi, ammo gazni o‘chirishni unutib qo‘ydilar. Gaz hidini sezganlarida esa vaqt o‘tgan edi — u butun xonani to‘ldirgandi. Shunda ular birdan o‘zlarini yengil his etdilar va baxtli halok bo‘ldilar.
— G‘alati hikoya ekan. O‘qib chiqarman.
— Zo‘r-a, to‘g‘rimi? Menga umuman boshqa odamlarning o‘limi haqida o‘ylash yoqmaydi, lekin mana shunaqangi o‘lim bo‘lsa, hasad qilsa arziydi…
— Bilasanmi, kel, yaxshisi hamma narsani o‘zimizga olavermaylik. Umuman, bas qilish kerak, hadeb shunaqa narsalar to‘g‘risida o‘ylashni. Ishxonadagi ko‘rayotganlarimizning o‘zi yetarli. Hali yoshmiz, hayotimiz hali oldinda. Qadamba-qadam harakat qilaveramiz. Asta-sekin bo‘lsa ham ertangi kundan umid qilib. Ikkalamiz ham juda g‘alati bir vaziyatga tushib qolganmiz, lekin o‘zimizni qo‘lga olishimiz kerak, aks holda hayotimiz izdan chiqib ketadi.
Garchi Kaltakesakni shubha-gumonlar o‘rtayotgani ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, gapimni tasdiqlab bosh qimirlatdi. Unga aloqador narsalarga kelsa, barcha narsada men o‘n besh yashar boladek g‘alcha bo‘lib qolaveraman, u bilan birga ekanligimdan mamnun yuraman, uning meni sevishidan g‘ururlanaman.
Ko‘hna mehmonxonaga yetib kelgach, biz horg‘in holda karavotga cho‘kdik. Kaltakesak har doimgidek mening pinjimga kirib yotdi, uni uxlab qoldi deb o‘yladim. Charchaganimdan ko‘zlarimni ocholmasdim.
Men mudray boshlaganimda Kaltakesak allanimalar dedi. Men qayta so‘radim.
— Nima?
— Xullas, — dedi u xuddi boshlagan gapini davom ettirayotganday, — agar bizning hayotimizda shunday bir odam …yoki yarim xudo bo‘lib, odamlarning diyonat va insof bilan yashashlarini nazorat qilib tursa edi, u og‘ir vaziyat vujudga kelganida: “Bunday qilish mumkin emas yoki to‘g‘ri qilding” deb ogohlantirib turardi. Yaxshiyu, to‘g‘rimi? Lekin bunaqa iloh yo‘q. Agar bo‘lganida edi, bunday qabohatlarga barham bergan bo‘lardi. Ammo hozircha bari davom etayapti. O‘zimiz eplashimizga to‘g‘ri keladi. Boshimizga tushgan fojia har kancha dahshatli bo‘lmasin, ulardan ham dahshatliroq narsalar yuz berishi mumkinligini unutmasligimiz lozim. Mana hozir, ayni paytda yer yuzida yuz minglab baxtikaro odamlar nafas olishayapti. Shu soniyada odamlar jon berayapti, qarindoshlarini yo‘qotayapti. Ularga xiyonat qilishyapti, ularni o‘ldirishayapti. Dunyo shunchalar fojialarga kon… Koshki ularning bari to‘xtatilsa… Koshki dunyoda baxtsiz bolalar kamroq bo‘lsa…
Bu ko‘hna, an’anaviy uslubda qurilgan yapon mehmonxonasida ushbu mahzun so‘zlar g‘amgin she’r satrlaridek eshitilardi. Uxlayotganimizda, biz hozirgina kelgan korong‘i ibodatxona ko‘chasi odamlar bilan to‘ladi, shovqinga ko‘miladi, sotuvchilar savdoni boshlaydi, butxonaning bosh darvozasi sharaqlab ochiladi. Hammasi o‘zgaradi. Shodlik, o‘yin-kulgi avj oladi. Shamol kovurilgan baliq, guruch qo‘g‘irmochining hidini olib uchadi. Biz Xitoyning xushbo‘y shamchiroqlaridan xarid qilamiz, ibodatxonadan esa yangi uyimizga osib qo‘yish uchun tumorlar sotib olamiz. Odamlar oqimini kuzatamiz; tuni bilan huvillab yotgan hayot yangidan qaynayotganining guvohi bo‘lamiz.
Lekin men shunday holdan toygan edimki, gapirishga majolim yo‘q edi. Bu gaplarimni unga ertaga aytishga qaror qildim.
Bordi-yu, u o‘lib qolsa-chi?
Demak u ertaga bo‘lmaydi degani, bu binobarin, menga boshqa hech narsa demaydi. Mening pinjimga suqilgan xohish manbai, ham uning xohish- istaklari — hammasi yo‘q bo‘ladi-ketadi.
Chakkasiga tushib turgan sochlari, yonog‘iga tushib qolgan bir dona kiprigi bo‘lmaydi. Bo‘yalgan tirnog‘idan sal quyiroqda kuygandan hosil bo‘lgan kichkina chandiq yo‘qolib ketadi. Hamma narsani harakatga keltirib turgan joni uziladi. Men mana shular haqida gaplashmoqchiman. Odamlar odatda gapirishni xohpamaydigan narsalar haqida so‘zlashmokchiman.
Faqat u yashasa bo‘lgani.
Ertaga shularning hammasi haqida gapirib bera olaman.
Shu payt Kaltakesak muloyim ovozda:
— Yaxshi uxlab tur, — dedi.
Men esa uni uxlayapti, deb o‘ylabman.
Hayratlanganimdan uyqum qochib ketdi. Unga nazar soldim. U ko‘zlarini yumib yotardi, hozir uning uxlamayotganini bilsam-da u uxlayotgandek tuyulardi. Men ham unga xayrli tun tiladim. Bunga javoban Kaltakesak ming‘irlab:
— Bilasanmi, o‘lganimdan keyin men do‘zaxga tushaman, — dedi.
— Hech ko‘rqinchli joyi yo‘q. — Ehtimol, bu juda ojiz tasalli edi.
— Menimcha ham shunday. Do‘zaxda mening mijozlarim yanayam ko‘payadi.
Atigi bir necha soniyadan so‘ng u uyquga ketgan odamlar singari bir tekisda nafas ola boshladi. Uning chehrasi ma’sum bolalarning yuziga o‘xshardi.
Men yana bir oz uni zavqlanib tomosha qilib yotdim, so‘ng bolaligimizni eslab yig‘lashga tushdim.
_________________
1 Saba – qora bug‘doy-marjumak unidan tayyorlanadigan ugra oshi.
2 Edo davri – Tokugava (1600–1867) davri.
3 Narita-san — tog‘ning nomi.
Fayzi Shohismoil tarjimasi