-Dunyoda hayotingga sobiq sevgilingning qaytishidan yomonroq narsa yo‘q, ayniqsa u aqldan ozgan bo‘lsa,-dedim taram-taram iz bo‘lib yorilib ketgan tsement shiftga ko‘zimni qadagancha. Men Missuri shtatining eng «namunali» Potosi turmasidagi kameralardan birida yotardim. Keyin yonboshimga o‘girildim va kameradoshimga qaradim.-Anchadan beri shu yerdamisan, Oskar?
-Yetti yilu to‘rt oy o‘n to‘rt kundan beri.
Men to‘qqiz oyu o‘n sakkiz kun yetti soatu o‘ttiz yetti daqiqadan beri hayotim o‘tayotgan, maydoni yetti kvadrat metr bo‘lgan xonaga ko‘z yugurtirdim. Ikki chekkada yotish uchun mo‘ljallangan ikkita temir karavot, yuz-qo‘lni yuvish uchun kran va oyna. Kameradoshim Oskar.
-Aylanib kelishimizga hali yarim soat bor ekan,-dedi u.-Bu yerga nega tushganingni aytib berasanmi?-U astoydil yonboshlab oldi.
Men hikoyamni boshladim.
Hammasi bir yilcha burun boshlandi. Telefon jiringlagan paytda men nonushta qilayotgandim. Xotinim Jina go‘shakni oldi va ayol kishining meni so‘ragan ovozini eshitdim. Jina bir oz ikkilangach, go‘shakni menga uzatdi va xotinimning qo‘rqinchli nigohidan seskanib ketdim. Jina o‘ta rashkchi edi. Rostini aytsam, men haqiqatan boshqa ayollarga ko‘z tashlab turardim va ko‘z tashlash bilangina cheklanardim. Ammo Jina buni tushunmas, shuning uchun meni tinmay xiyonatkorlikda ayblardi. Men ayollarga faqat qarab qo‘yishimni, unga xiyonat qilmasligimni aytganimda esa battar g‘azabga minardi. Biz turmush qurganimizga o‘n uch yil bo‘lgandi. Meni noto‘g‘ri tushunmang, xotinimni judayam sevardim. Faqat rashkchiligi uning eng katta kamchiligi edi.
-Allo,-dedim go‘shakni olib.
-Bobbi? Meni tanidingmi?
Miyamning qat-qatida xira xotiralar uyg‘ondi. Aftidan, ilgari men gaplashib yurgan qizlardan birontasi bo‘lsa kerak. Yuzim shu zahoti qizarib ketdi. Meni diqqat bilan kuzatib turgan xotinim xonadan o‘qdek uchib chiqib ketdi. Hayron qolganim, u yotoqxonaga kirib parallel telefon go‘shagini ko‘tarmadi.
-Yo‘q, kechirasiz, tanimadim,-javob qaytardim men.
-Men Dianaman. Diana Makkormik. Esladingmi?
Ha, uni unutib bo‘larkanmi? Diana Makkormik. U bilan xotinim bilan tanishishimdan bir yilcha oldin uchrashib yurardim. Bu jo‘shqin, ehtiroslarga boy va oxiri ayanchli qisqa sevgi bo‘lgandi. Diananing duch kelgan erkak bilan uchrashaveradigan bema’ni odati bor edi. Albatta, bu haqda menga hech kim aytmagan, o‘zim ham sezmagandim. Biz olti oycha uchrashib yurganimizdan keyin Diana bir kuni uchrashuvga kelmadi. Men uning kecha qaerda bo‘lganini, uchrashuvga nima uchun kelmaganini so‘radim. «Qaerda bo‘lardim?-dedi Diana.-Boshqasi bilan edim. Yoki bu senga yoqmaydimi?». Ayonki, bu menga yoqmasdi va biz janjallashib ketdik. Qo‘shnilar politsiyani chaqirishdi. Meni olib ketishdi, Diana esa agar meni yana bir marta ko‘rib qoladigan bo‘lsa o‘ldirishini aytib chinqirdi. Xullas, biz ajralishdik, keyinroq uning g‘arbiy sohil tomonlarga ko‘chib ketganini eshitdim.
-Ha, Diana, esladim,-dedim men.-Oxirgi marta nima deganing ham esimda.
-O‘tgan narsa o‘tib ketdi, Bobbi. Men seni allaqachon kechirganman. Oldinroq qo‘ng‘iroq qilmoqchi edim, yuragim dov bermadi.
-Meni kechirgansan?-Ha, uning yuragi joyidaga o‘xshaydi. Men kechirimli odamman, shuning uchun gapni ortiqcha chuvalashtirmadim.-Xo‘sh, nega qo‘ng‘iroq qilyapsan?
-Singlimni ko‘rgani keluvdim. Balki ko‘risharmiz deb o‘yladim.
Ha, singlisi! Men ular oilasining durdonasi deb hisoblagan singlisi. Don Dianadan uch yosh kichik edi. Men Diana bilan uchrashib yurganimda Don meni o‘ylab aqldan ozay deb yurardi. Opasi menga to‘g‘ri kelmagach, men ikki marta singlisi bilan uchrashdim. Ammo uchrashuvlarimiz uzoqqa cho‘zilmadi: Don hali go‘dak edi (boshqacha qilib aytganda, u mening taklifimga ko‘nmadi), shuning uchun u bilan uchrashishni bas qildim. Don ham opasi singari telbavor fe’l-atvorli qiz edi. Unga munosabatlarimiz tugaganini aytganimda u jazavaga tushgancha qo‘liga ilingan narsani menga qaratib ota boshladi. U meni telbalarcha sevishini, mening esa ablah inson ekanligimni aytib chinqirardi. Keyinchalik uning Nyu-Yorkka ko‘chib ketganini eshitdim. Ammo opa-singillar yana o‘z makonlariga qaytishganga o‘xshaydi.
-E... yo‘q, men unaqa deb o‘ylamayman,-javob qildim.-Mening xotinim va ikkita bolam bor.
Uning javobini ham kutmay go‘shakni qo‘yib qo‘ydim. Jina ortimda turardi.
-Kim edi u?-so‘radi ko‘zlaridan g‘azab uchquni sachrab.
-Diana Makkormik,-dedim men. Miyamda turli xil yolg‘onlar aylanib yursa-da, to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldim.-Ikkimiz tanishgunimizga qadar men uchrashib yurgan ayol. Men bilan ko‘rishmoqchi ekan.
Jina yuzimga tarsaki tushirdi.
-Uning taklifini rad etib go‘shakni qo‘yib qo‘ydim...
-Ablah. Unda raqamimizni qaerdan olgan?
-Balki telefon kitobidan topgandir.
Jina shart burilib xonadan chiqib ketdi. Men hammasi shu bilan yakunlanishiga umid qilardim. Bir oz vaqt o‘tgach, Jina o‘zini bosib oladi. Ammo adashgan ekanman. Ertasiga ertalab xuddi o‘sha vaqtda yana telefon jiringladi. Jina o‘tirgan o‘rnidan sapchib turdi va menga ko‘z qirini tashlagancha «Joyingdan qimirlama» dedi.
-Allo? O, yo‘q, afsuski, u telefon oldiga kelolmaydi. Aytdim-ku, kelolmaydi. Menga qara, qanjiq, uning sen bilan gaplashadigan gapi yo‘q.-Jina go‘shakni sharaqlatib joyiga qo‘ydi.
Men hiringlagancha unga telefonni uzib qo‘yishni maslahat berdim. Noto‘g‘ri maslahat bergan ekanman. Jina go‘shakni menga qarata otdi. Baxtimga sim kaltalik qildi va go‘shak mendan bir necha qadam nariga tushdi.
-Sobiq qanjig‘ing,-dedi Jina.-Agar unga rad javobini bergan bo‘lsang, yana nimaga telefon qilyapti?
-Mendan hali ham voz kecholmayotgandir-da,-men o‘rnimdan sakrab turishga ulgurdim va ovqat solingan likop boshim ustidan uchib o‘tib devorda kattagina dog‘ qoldirdi. Aftidan, peshonamga faqat shunaqa telba ayollar yozilgan, shekilli. Menimcha, ular mening yuvosh va og‘ir-bosiqligimdan foydalanishadi.
-Menga qara, Jina, bu ayol jinni,-dedim men va u bilan bo‘lgan voqeani aytib berdim. Ammo uni ishontira olmadim. Aksiga olgandek, surunkasiga to‘rt kun telefon goh ertalab, goh kechqurun jiringlashdan tinmasdi. Go‘shakni doim Jina ko‘tarar va shu zahoti aloqani uzardi. Ish shu darajagacha yetib bordiki, xotinim mensiz uydan chiqmaydigan bo‘lib qoldi. Bir haftalardan keyin qo‘ng‘iroqlar tindi.
Bir kuni ishdan kelganimda xotinim qo‘limga bir parcha qog‘oz tutqazdi. Uning lablari asabiy pirpirardi. Qog‘ozda men bilan uchrashish iltimosi bo‘lib, agar rad etsam, menga yomon bo‘lishi haqida tahdidli so‘zlar bitilgandi. Xatni kim yozganligini taxmin qilish qiyin emasdi.
Jina asabiy ovozda dedi:
-Xatni Nikiga beribdi. Uning aytishicha, bir ayol uning maktabiga borib, qo‘liga mana shu xatni tutqazgan. Men politsiya chaqirdim,-u yig‘lab yubordi. «Yig‘lab yubordi» desam to‘g‘ri bo‘lmas, ho‘ngrab yig‘ladi. Jinaning oyoqlari bukilib, o‘zini kresloga tashladi. Uni hech qachon bunday abgor holda ko‘rmagandim. Rostini aytsam, men ham qo‘rqib ketdim. Diananing bunchalik tajovuzkor ekanligini bilmagan ekanman. Politsiya odatdagidek, hech narsa qila olmadi. Mendan Diananing ko‘rinishini tasvirlab berishimni so‘rashdi va o‘n besh yil ichida unutib yubormagan hamma narsamni aytdim: bo‘yi besh fut besh dyuym, to‘ladan kelgan, lekin unchalik semiz emas, malla sochlari yelkasiga tushadi, ko‘zlari jigarrang, burni kichkina. Politsiyachilar bolalarni maktabga mashinada olib borib-olib kelishimizni va doimo kuzatib yurishimizni maslahat berishdi. Shuningdek, biror nima yuz bergudek bo‘lsa, xabar qilishimizni aytishdi. Deyarli ikki hafta Diana Makkormikdan hech qanday xabar bo‘lmadi, ammo biz uning yon-verimizda ekanligini his qilib turardik. Bir kuni Jina ishxonamga qo‘ng‘iroq qildi.
-Ko‘chamizda mashina turibdi!-dedi u vahima bilan.-Katta «byuik». Mashinada bir ayol o‘tiribdi. Bobbi, uyga kel.
-O‘zingni bos, Jina.
-Nima deyapsan! Tezda uyga yetib kel! Men politsiyaga qo‘ng‘iroq qilaman.
U go‘shakni qo‘yib qo‘ydi va men boshliqqa zarur ish chiqib qolganini aytib uyga yo‘l oldim. Ko‘chamiz boshiga burilganimda mashinam yonidan o‘tib ketgan ko‘k «byuik» menga tanishdek tuyuldi. To‘satdan men bu mashinani keyingi ikki hafta davomida uyimiz yonida bir necha marta ko‘rganimni esladim. Rulda ayol kishi o‘tirardi. Ko‘zimga quyosh nuri tushgani uchun uning yuzini ko‘rolmadim, ammo sochlari malla ekanligini payqadim. Badanimda chumoli o‘rmalagandek bo‘ldi. Men Xudodan Jinaga hech narsa bo‘lmaganligini, bolalar esa ko‘chada o‘ynamayotganligini yolvorib so‘radim. Bir ozdan so‘ng uyga yetib keldim.
-Ko‘rdingmi uni?-qichqirdi Jina menga peshvoz chiqib.
-Ha. Mashinani ko‘rdim. Rulda kim o‘tirganini bilmadim,-aldadim men, haydovchining kimligiga hech qanday shubham bo‘lmasa-da.
-Bobbi, endi nima qilamiz?-xotinim meni quchoqlagancha yig‘lab yubordi. Ilgari uning bunaqa odati yo‘q edi. Biz bir-birimizni quchoqlagancha qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrardik. Men Diana nima uchun kelgunimcha ketib qolganini tushunmadim. U ishdan erta qaytayotganimni bilmasdi-ku. Ammo nazarimda, xotinim mendan nimanidir yashirayotgandek edi. Chamasi, u mashina yoniga borgan. Men shkafda turadigan ov pichoqlaridan biri joyida yo‘qligini ko‘rdim.
Ko‘k mashina qaytib ko‘zga tashlanmadi va hayotimiz deyarli iziga tushib ketdi. Faqat Jina mashinada ketayotganda ortimizdan biror mashina yursa yoki bolalardan birortasi ko‘rinmay qolsa tashvishlanardi. Biz bo‘lib o‘tgan voqeani unutgandek edik. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi. Tez orada yana uyimizga qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshladi. Birinchi martasida go‘shakni Jina oldi. Uning rangi oqarib ketdi va go‘shakni indamaygina qo‘yib qo‘ydi. Biroq telefon shu zahoti yana jiringladi. Bu safar go‘shakni men oldim.
-Iltimos, go‘shakni qo‘yib qo‘ymang, eringizga muhim bir narsani aytishim kerak...
-Menga qara, Diana, iflos, bizni tinch qo‘y!-qichqirdim men va go‘shakni qo‘ydim. Telefon yana jiringladi. Jina telefonga tashlandi.
-Erimning gapini eshitmadingmi, tentak? Bizni tinch qo‘y!-Jinaning kutilmagan topqirligidan kulib yuborishimga sal qoldi.-Telefonimizni politsiya eshitib turibdi. Seni topishadi va qamashadi!-U go‘shakni joyiga qo‘yib so‘kindi va simni uzib tashladi. Uyimizda yana ikkita telefon apparati borligini eslatmoqchi bo‘ldim, ammo fikrimdan qaytdim. Qaytib qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Diana hammasi befoydaligini tushundi, shekilli.
Hozir esa Diana so‘nggi marta qo‘ng‘iroq qilganida u bilan gaplashmaganim uchun afsus qilaman. O‘shanda u bilan gaplashmay mash’um xatoga yo‘l qo‘ygan ekanman. Bir haftadan so‘ng biz Jina bilan Sent-Luisdan qaytayotgan edik. Jinaga mening mashina minishim yoqmagani uchun rulda o‘zi edi. 270-shosseda jarlik bor. Jarlik taraf to‘silmagan. Biz miriqib gaplashib kelayotganimizda kutilmaganda Jina orqani ko‘rsatuvchi ko‘zguga qaradi va xavotir bilan pichirladi:
-E Xudoyim.
Men ortimga o‘girildim va bizni quvib kelayotgan mashinaga ko‘zim tushdi. Anchagina qorong‘u bo‘lgani uchun uning rusumi va rangini farqlay olmadim. Tez orada mashina biz bilan yonma-yon bo‘ldi. U ko‘k «byuik» edi.
-Bu o‘sha. E Xudoyim, bu o‘sha!-chinqirdi Jina.
-O‘zingni bos. Seni deb halokatga uchrashimiz mumkin. Bu o‘sha mashinaga o‘xshaydi, xolos.
Jina menga qo‘rquv va g‘azabga to‘la nigoh bilan qaradi. Baxtimizga bizni qo‘rqitgan mashina shuvillab ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Jina hali ham qaltirar, ammo mashinani bir tekisda haydab borardi. Bir payt men chap tomonimga qaradim va yuragim to‘xtab qolganday bo‘ldi.
-Jin ursin!
-Nima bo‘ldi, Bobbi?
Men qichqirib yubordim. Bu qichqirig‘im nafaqat Jinani, o‘zimni ham qo‘rqitib yubordi.
-Ehtiyot bo‘l!-bo‘kirdim men.-Tormozni bos!
Ammo kech bo‘lgandi. Bizni bir oz oldin quvib o‘tgan mashina chap tomonimizda ketib borardi. U kutilmaganda o‘ngga burilib, mashinamizga urildi. Jina mening ustimga uchib tushdi, mashinamiz esa yo‘ldan chiqib, jarlikka quladi.
Kasalxonada o‘zimga keldim. Shu zahoti o‘rnimdan turdim va darhol joyimga yotdim, chunki boshim aylanib ketgandi.
-Tinchlaning,-dedi hamshira ustimga egilib.-Hammasi yaxshi bo‘ladi.
-Xotinim qani?
Ammo men hammasini anglab yetgandim. Hamshira ham mening gumonimni tasdiqladi. Jina halok bo‘lgandi. Uch hafta xuddi tuman ichida yashagandek bo‘ldim. Tashqariga deyarli chiqmadim, chunki har bir qora sochli ayol ko‘zimga Jina bo‘lib ko‘rinardi. Ota-onam, qaynonam navbat bilan bolalarimga qarashar, menga dalda berishga urinishardi.
Jinaning o‘limidan keyin bir oycha o‘tgach, bir kuni ertalab telefon jiringladi. Men qo‘ng‘iroq qilayotgan kim ekanligini darrov tushundim, ammo baribir go‘shakni ko‘tardim.
-Salom, Bobbi, bu menman. Qalaysan?
Uning quvnoq ovozi yurak-yuragimni zirqiratib yubordi.
-Juda yomon.
-Afsus. Ammo seni qanday xursand qilishni bilaman. Ko‘rishmaymizmi? Men «Druri» mehmonxonasidaman. Ikki yuz ellik yettinchi xona. Ko‘rishguncha.
«Agar bu xotin meni yoniga boradi deb o‘ylayotgan bo‘lsa, chindan ham aqldan ozibdi», o‘yladim men. Biroq miyamga bir fikr kelib qoldi. «Agar Diananing qotilligini tan oldirsam-chi?». Men yotoqxonaga kirib javon g‘aladonini ochdim va eski-tuskilar ichini titkilay boshladim. Eng pastda diktofon yotardi. Uni yoqib ko‘rdim. Ishladi. Diktofonni orqa cho‘ntagimga soldim, ov pichog‘imni ham olmoqchi bo‘ldim, lekin «Dianani gapirtira olsam, qolganini politsiya hal qiladi» degan qarorga kelib bu fikrdan qaytdim.
Xona eshigi taqillatishim bilan ochildi. Diananing lablarida tabassum o‘ynardi. Sochlari yana ham sarg‘aygan, yuziga sepkil toshgandi.
-Bobbi, nihoyat! Xursandman.-U meni ichkariga olib kirdi, quchoqladi va lablarini lablarimga bosdi. Diananing qo‘llari yelkamdan pastga tusha boshladi va uning qo‘llaridan ushlab oldim. Uning quchog‘idan chiqib sezdirmasdan diktofonning yozuv tugmasini bosdim.
-Nega bunday qilding, Diana? Nega xotinimni o‘ldirding?
U indamaygina iljaydi va yana meni o‘pishga urindi. Bu safar o‘yinni davom ettirish niyatida unga qarshilik qilmadim. Yo Xudoyim, qusib yuborishimga sal qoldi. Ko‘nglim aynib ketay deyishiga qaramasdan lablarimni olib qochmadim.
-Bobbi, seni judayam sog‘indim. Meni tashlab ketganingdan beri faqat va faqat seni o‘ylayman. Senga o‘xshaydiganini topish umidida ko‘plab erkaklar bilan uchrashdim. Keyin esa menga bu yerda ish taklif qilib qolishdi. Endi xotining yo‘q, bizga hech narsa xalaqit bermaydi.
Unga ish taklif qilishgan? Tushunmadim. Men unga diqqat bilan tikildim va savolimni qaytardim:
-Ammo o‘ldirishning nima keragi bor edi?
-Bobbi, nahotki tushunmaysan? U oramizga g‘ov bo‘layotgandi.
Uning bu qadar hissiz so‘zlashi meni ajablantirdi.
-Ammo meni ham o‘ldirib qo‘yishing mumkin edi.
-Ha. Lekin sen tirik qolding. Demak, ikkimiz birga bo‘lishimizni taqdirning o‘zi xohlagan.
U yana menga yopishdi, ammo bu safar g‘azabimni bosib turolmadim. Uni surib tashladim va bo‘kirdim:
-Qotil! Sen xotinimni o‘ldirding, men seni o‘ldiraman!
Qonim qaynab ketdi. Umrimda hech qachon bunchalik g‘azablanmagandim. Jahlga minganimdan o‘zimni idora qilolmasdim. Men oldinga tashlandim va Diananing yuzi qo‘rquvdan bujmayib ketdi. Ammo u voqealarning bunday rivojiga ham tayyorgarlik ko‘rgan ekan. U qo‘liga kattagina pichoqni oldi va qornimga hamla qildi. O‘zimni orqaga tashlashga ulgurdim. Pichoq terimni tilib o‘tdi. Men uning qo‘lidan ushlab chap tomonga qayirdim. Bilagi qirsillab sindi. Pichoq yerga tushdi. O‘ng oyog‘im bilan Diananing qorniga o‘xshatib tepdim. U bukchayib qoldi. Pichoqni olish uchun egilishim bilan u o‘ziga kelib uzun tirnoqlari bilan yuzimni timdalash uchun tashlandi. Qo‘limdagi pichoqni unga to‘g‘riladim. Pichoq Diananing tomog‘iga sanchildi. U xirillagancha tomog‘ini changalladi va yiqildi. Uning barmoqlari orasidan tizillab qon otilar, men uning jon berishini kuzatib turardim.
-E Xudo, Bobbi, nima qilib qo‘yding?-orqamda tanish ovoz eshitildi. Men keskin o‘girildim va Diana Makkormik bilan yuzma-yuz bo‘ldim. Shu zahoti hammasini tushundim va yerga o‘tirib qoldim. Men hozirgina Donni o‘ldirgandim. O‘rnimdan turishga urindim.
-E Xudoyim,-dedi u singlisining jasadiga qararkan. Uning ko‘zlari yoshga to‘ldi.-Seni ogohlantirishga harakat qildim, Bobbi. Singlim aqldan ozib qolgandi. U faqat sen haqingda o‘ylar, necha yildan beri faqat sening ismingni aytardi. Keyin esa qaerda yashashingni bilib olibdi. Uni to‘xtatishga urindim, senga juda ko‘p marta qo‘ng‘iroq qildim, ammo xotining ikkingiz men bilan gaplashishni istamadinglar.-Diana Donning jasadi ustiga engashdi, uning boshini tizzasi ustiga oldi.-Kecha u menga qo‘ng‘iroq qilib nihoyat senga yetishganini aytdi. Xotiningni Don o‘ldirgandi. O, Bobbi...
***
-Ha,-dedi Oskar.
-Menga o‘n besh yil berishdi.
-Men bir narsaga tushunmayapman.
-Nimaga?
-Sen bu yerda nima uchun o‘tirganingga. Nahotki Diana to‘g‘risini aytmadi? Buning ustiga diktofoningda yozuv bor edi.
-Diana yolg‘on ko‘rsatma berdi. U singlisini men ta’qib qilganimni aytdi. Xotinimni ham o‘zim o‘ldirganimni, keyin esa Donga hujum qilganimni aytdi. Yozuvga kelsak... Diktofonning batareykasi o‘tirib qolgan ekan. Faqat suhbatimiz boshidagi o‘pishganimiz yozilgan, xolos.
-Ha, hammasi rasvo bo‘lgan ekan,-dedi Oskar.
-Nimasini aytasan.