Xastenrat mo‘ljaldagi ayolni uchrataman deya o‘ylanib yura-yura uni may oyida topdi. Mana, hozir ular birin-ketin navbatda, oziq-ovqat do‘koni kassasi yonida turibdilar. Hali erta bo‘lishiga qaramasdan, ayol xuddi shoshayotgandek xarid qilgan narsalari turgan aravacha dastasini tinimsiz chertardi.
Xastenratning ko‘zlari unda. Yoshi mabodo kattaroq bo‘lmasa, o‘ttizlar chamasida, o‘rta bo‘y, mallasoch, eri yo‘q. O‘g‘li sakkiz yoshda. Huquqshunos yordamchisi bo‘lib ishlayotgani bois kun bo‘yi ishda, yolg‘iz o‘g‘lini esa dugonasinikida qoldiradi. Qaddi-qomatiga gap yo‘q, kelishgan ayol, saranjom-sarishtalikni qadrlaydi, ust-boshlarni farqiga boradi. Yana nima desamikin, Sharqqa – Osiyoga qiziqadi, Tailandda, Birmada bo‘lgan, endigi yil Yaponiyaga bormoqchi.
Xastenrat deyarli hech narsa xarid qilgani yo‘q, faqat mayda-chuydalar oldi. Aravachasi deyarli bo‘sh, ostki panjarasining u yer-bu yeri ochiq ko‘rinib turibdi. Komuflyaj, xayolidan xursand o‘tkazdi u. Shunchaki bahona. Bahonaning nimaligini u tatib ko‘rgan. Yaqinda xuddi shunaqangi asnoda sut sotib olgandi, nima qilarini bilmay, icha-icha sutga mukkasidan ketib qoldi. Bo‘ldi, boshqa gapning hojati yo‘q, vassalom, sut bo‘lsa, sut bo‘lgandir. Eski gap. O‘shandan so‘ng sut deganni og‘ziga olmaydi.
Ayol yaxshigina narsalar olgan: buzilmaydigan mahsulot va yemishlar. Aslida hayron bo‘ladigan joyi yo‘q, biroq nima bo‘lganda ham yaxshi alomat. Hisob-kitob qilarkan, ayol qo‘lidagi pulni g‘aznachiga uzatdi-yu, sumkasidan tezgina mayda pul chiqardi. Matodan tikilgan kulrang sumkacha. Aravachadagi narsalarni joylashtirib, tekshirgan ko‘yi tashqari otlanarkan Xasternat uning shoshayotganini aniq his qildi. Axir oson emas, u yoqda ish, bu yoqda bola. Tashqariga deyarli yugurgandek chiqib ketdi.
Xastenratning pul to‘lash gali. Hisob-kitob qilarkan, u bilan yana ikki kundan keyin uchrashishni ko‘ngliga tugdi. Ertalab, ishga otlanganda, avtobusda uchrashdi. Darhaqiqat, ayol avtobus ichida ikki ro‘baro‘ o‘rindiqning birida o‘tiribdi. Xastenrat, ayolning ko‘zlari tashqarida ekanligidan foydalanib, qarshisiga o‘tirdi va uni kuzata boshladi. To‘ppa-to‘g‘ri, yoshi o‘ttiz beshlarda bor, malla sochlari yelkasiga tushib turibdi, sochining ayrim joylari sariq kokildek tovlanadi, ko‘zlari yashilroq. O‘ng yanog‘ida jajjigina tirtiqcha, yo‘q tirtiq emas, ingichga yaltiroq tirtiqcha o‘rni. Chaqaloqligida ota-onasi qo‘lchalarini erkin qo‘ygan bo‘lsa, tirnagan chog‘i.
Tirtiqcha bo‘lsa tirtiqcha-da, shungayam ota go‘ri-qozixonami. Hammamiz ham allaqachon bola emasmiz endi. Qancha devorlarga urilmadi bu tilla boshlar.
Ayol keyingi bekatda tushish uchun qo‘zg‘alib, avtobus tugmachasini bosdi. Har holda bugunga shuning o‘zi kifoya, o‘yladi Xastenrat. Ishni pachava qilmaslik kerak. Qushchani cho‘chitmaslik lozim. Bil’aks, pir etib uchadi -ketadi.
Oqshom Xastenrat uyi yaqinidagi pivoxonaga yo‘l oldi. Ayol albatta uyda. Bola uzzu-kun uyda, jilla qursa tunda birga bo‘lmog‘i lozim. Bekinmachoq o‘ynashadi, kitob o‘qib beradi, o‘g‘li ham o‘qishni biladi-yu, baribir-da. O‘rmondagi qizchaning yovvoyi maxluqotlar bilan g‘aroyib sarguzashtlari haqida. Qizchaning bir do‘sti bor. Xullas, voqea oxiriga yetmagunicha, o‘g‘li uxlamaydi, uxlash u yoqda tursin, kiprik qoqmaydi. Xastenrat pivoxonada roppa-rosa ikki soat o‘tiradi, uch krujka pivo ichadi, cho‘chqa eti va pishloq qo‘shilgan baget tanovul qiladi. Uyga qaytib televizorda yangiliklarni ko‘radi va o‘rniga cho‘ziladi. U haqda o‘ylay boshlaydi. Huquqshunos yordamchisining lavozim pillapoyasidan ko‘tarilishiga imkon yo‘q. Umr bo‘yi shundoq qolishi ham mumkin. Arz-dod qilib bo‘lmaydi. Turmushi har holda chakki emas. Boshqalarni ko‘rib turibdi. Nosqovoqqa nos bormi deb yurganlar qancha.
Kelgusi hafta seshanba kechqurun ayol dugonasi bilan kinoga tushmoqchi, o‘g‘li sinfdoshinikida qoladi. Xastenrat ham chipta buyurib qo‘ydi, yo‘lga tushishdan oldin yuvindi, har ehtimolga qarshi soqolini yana qirtishladi. Kinoda odam to‘la, aksiga olib, kino ham uzundan-uzoq, bir yarim soat deganda tanaffus e’lon qilindi. Xastenrat ikki ayolni darhol tanidi, ular ohista unga qarab kelishayotgan edi. Odam ko‘pligidan foye tiqilinch, barcha shoshilgancha salqin ichimliklar tomon intilayotgandi. Xastenratning gap ochishi oson kechdi.
Chamasi, ayollar bir filmni muhokama etishardi. Unga yaqin-lasharkan, ayolning tortinib uyalinqirashi anchagina ortdi. Xastenrat buni darhol payqadi, payqadi emas, tanasida his etgandek bo‘ldi. Rost-da, hademay axir hamma narsa jiddiy tus oladi. Sochini yangicha turmaklabdi. Ahmoqqa ham ayon-ku axir, bu behudaga emas, shunchaki qilinmagan. Fursatdan foydalangan Xastenrat kinodan so‘ng biron joyda o‘tirish istagi bormi-yo‘qligini so‘rab oldi. Ayol “mayli” deganda, hatto uning ovozidagi shukuhni ham sezdi. Aksiga olib qurg‘ur filmning oxiri yomon tugadi. Uchchovlon bozor tomon miq etmay yo‘l oldilar. Qaxvaxonaga kirib joylashib-netib ulgurmasdanoq, soatiga qaragan ayol dugonasiga uzoq qola olmasligini bildirdi. Xastenrat shoshib qoldi. Nima balo yuz bersa ham, ya’ni bezorilar bostirib kiradimi yoki to‘satdan yong‘in chiqadimi, ishqilib nima yuz berganda ham vaziyatni o‘nglash lozim. Ichimlik buyurishayotganda ayol choyga moyillik bildirdi. Xastenratning yana boshi qotdi, endi u Osiyo, Yaponiya haqida gapira boshladi, yana nima ham desin?
– Yaponiya? – Xuddi nima haqida gap ketayotganini anglamaganday so‘radi ayol.
– Ha, Yaponiya! – ta’kidladi Xastenrat, qahvaxonada shovqin-suron hukmronligi uchun go‘yo baqirganday. – Ha, ha, Yaponiya, – takrorladi ayol. Haqiqatda Yaponiyaga borish kerak. Borganda ham ikki haftaga.
Chakki emas. Har holda Xastenrat gap uzilmasligiga erishdi. Asosiy mavzudan bir oz chetlashilganiga qaramay, maqsad muhayyo. Avvaliga ayolning dugonasini, so‘ng o‘zini biroz kuldirdi. Ayol unga tikildi. Dugonasi xalal bermaganida qo‘lidan tutsa ham bo‘lardi. Afsuski, iloj yo‘q. Kim bilsin, o‘ylardi Xastenrat, balki bu yaxshilikkadir.
Ayollar ketishdi. Xastenrat qahvaxonada qoldi. Uyi yonidagi yemakxonadagidek katta krujkada pivo buyurdi. Yarim tunda uyiga qaytadi. Bugun may oyi kirgani aniq bilinyapti, xayolidan o‘tkazdi u. Yozda ham tun bunchalik iforli bo‘lmaydi. Bu hid chamasi maysazorlar, shahar ko‘kalamzorlaridan anqiyapti, fikrladi u. O‘rmonlardan ham, albatta. Kiraverishda eshikni yopdi. Zinapoyada chiroqni yoqdi, uyiga kirgach, derazani yopishga azm qildi. Ehtiyot bo‘lgan ma’qul. Bahorda tong ayozli bo‘ladi, shivirladi u.
Yana ayolni o‘ylab ketdi. Ertadan keyin uning yana og‘ir kuni. Ishning tig‘izligi bois kech qaytadi, o‘g‘li dugonasinikida qoladi. Uni ertasi o‘zi olib qaytadi, maktabiga tashlaydi. Noqulay, biroq na iloj. Dod desa ham, voy desa ham shu. Xastenratga esa navbatdagi ishora: jiddiyroq munosabatga hozirlik ko‘r. Shu o‘y-xayol bilan ko‘zi ilinadi.
Ikki kun keyin choshgohlarda Xastenrat maktab oldida turibdi. Qo‘ng‘iroq chalinadi, bolalar tashqariga oshiqadi; dugonasi esa kech qolmoqda. Xastenrat bolani darhol taniydi. Onasining quyib qo‘ygandek nusxasi. Yo‘lakda turibdi, Xastenrat u tomon yuradi. Endi bunday deydi: onang seni olib ketishimni so‘ragandi. Bugun bironta qiziqarliroq narsa o‘ylaymiz uchchovimiz. Faqat bu senga bog‘liq, nima desang shu, qo‘shib qo‘yadi Xastenrat. Bola balki hayvonot bog‘ini xohlar. Juda soz, deydi Xastenrat. A’lo. Aytganing bo‘la qolsin. Suyunganidan bola hatto onasini ham so‘ramaydi. U bilan chiqaverishda ko‘rishamiz, izoh beradi Xastenrat va bola so‘rasa-so‘ramasa yana takrorlaydi: xavotir olma, onang bizni chiqaverishda kutadi.
Ilkis Xastenrat ikkilanadi. Balki ikkovlonga, ya’ni Xastenrat va ayolga yolg‘iz qolish ham nasib etib turgandir. Gaplashish. Hatto quchoqlashish. Vaqti-soati ham bitdi. Bundoq qarasa, telefoni jiringlayapti. Bu o‘sha. – Kechagi ish bitmayapti, – deydi u, – yana qancha davom etadi Xudo biladi.– Nadomat chekadi u.
– Chakki bo‘ldi-ya, – g‘udrandi Xastenrat biroz o‘tgach, – balki yakshanba kuni...?
– Ha-ha, albatta. Agar hech narsa o‘zgarmasa...
Xastenrat uyiga qaytadi. Ish unmadi. Boplab yo‘lini topgan edi. Bola-siz hech narsaning iloji yo‘q. Nima qilardi, Xudoning aytgani bo‘ladi. Hamma balo o‘zidan, hammasini o‘zi buzdi. Bugun endi uyida o‘tiradi. Yerto‘laga tushib, u yerni obdon saranjomlaydi, shishalarni katta yashikka, eski-tuskini qopga tiqadi. Uyali telefonni olvolish kerak.
Shu alfoz keyingi kunlar ich-etini yedi, na o‘zini, na boshqani ko‘zga ildi. O‘ylamay ish qilib qo‘yishiga ham bir bahya qoldi. Bir emas, yana bir nechta. Ishdan to‘g‘ri uyiga jo‘naydi, kim biladi, biron baloga giriftor bo‘lmasin tag‘in. Va nihoyat o‘zini tutadigan kun ham keldi. Chorshanba kuni saharmardonda ayolga noma bitdi: nima qilay, bundan buyon sen bilan bunday ketolmayman. Ikkimizning g‘alati, qaltis, tajribani eslatadigan, hech qanday majburiyat bilan bog‘lanmagan munosabatimizni aytmoqchiman. Yoki birga ta’til qilaylik. Yoxud yakshanba kunlari qayoqqadir ketaylik. Uchta aniq taklifni ham keltirdi: Dengiz, tog‘ yoki Ovro‘po poytaxtlaridan biriga borish. Keyin xatni pochta yashigiga tashlab ishga jo‘nadi. Uyali telefon kun kechgacha o‘chiq yurgani bois javob kechqurun olinadi. Hayajon degan narsa bosilmaydi.
Hayajon ham behuda emaskan. U Ovro‘po poytaxtini tanladi. Qay bir poytaxtligini esa Xastenrat hal qiladi. Qanday soz! – ichiga sig‘masdi u. Faoliyatini mislsiz kuchaytirdi. Haftaning qolgan qismi kutish bilan o‘tdi. Shanba kuni ertalab Parij yo‘nalishidagi poyezd to‘xtaydigan bekatda turibdi. Oyog‘i yonida safarbop jomadon.
Poyezdning kelish vaqti yaqinlashyapti: uch minut to‘xtaydi-yu, jo‘naydi. Xastenrat rosa ikki marta ayolni perrondagi olomon ichida ko‘rganday bo‘ldi, afsuski u emas ekan. U o‘zini aldab, rostdan asabiylashmoqda.
Asosiy narsa hozir bosiqlik. Yo‘lning dastlabki daqiqalari sayohatning qanday kechishini, omad yor bo‘ladimi-yo‘qmi ko‘rsatadi. Hozircha safar xaltadagi narsalarni joylashtirish, u yoq-bu yoqni nazarkarda qilish, vagon restoranini aniqlash: darhol qahva ichish kerakmi-yo‘qmi, shunaqa. Ana shularni chamalab tur. Toki hovuring bosilsin.
Keyin poyezd keladi, u esa yo‘q. Xastenrat sakkizinchi vagonga chiqadi – noumidlik hukmron, fikri sochiq. Jomadoni bilan surib, eshikni yopadi, o‘rindiq suyanchig‘ini engashtiradi. O‘rni bo‘sh – ro‘parasida u o‘tiribdi. Nahotki, chindan ham o‘sha bo‘lsa. Xastenrat hangu mang: na tili bor, na biron narsa qila oladi. Ayolning sochi yana yangicha turmaklangan, sochining rangi qoraroq, bo‘yalgan chog‘i, yonog‘idagi tirtiqcha ko‘rinmaydi. Unga tabassum hadya etadi. Tabassum-la javob qaytarishdan o‘zga iloj yo‘q. Jomadonni joyiga qo‘yadi, poyezd siljiydi.
Ikkovlon jim. Ko‘zlar oynaga qadalgan. Hademay chegara ortda qoladi. Eshik ustidagi tablo aldamasa, poyezd allaqachon maksimal tezlikda. Nigohlaridagi ko‘rinish chaqmoqdek uchib o‘tmoqda. Mayda-chuyda shaharchalar boshlanib-netib ulgurmay, zumda ado bo‘ladi. Tavba, hash-pash deguncha Fransiya. Xastenrat shu haqda gapirganday bo‘ladi, ayol unga qaraydi. Bosh silkiydi-yu, yana buriladi. Miq etmaganini esa rozilik alomati deyish mumkin.
Parijga bir qadam qolganda o‘rtalarida gap ulandi, bu gal keskinlikdan asar yo‘q – may oyi avjida, – bu ham umidbaxshlik.
Ayol ma’qulladi. Monmatrdagi kichkina mehmonxona, Bulon o‘rmonida, Lyuksemburg bog‘ida bahor. Xastenrat mashhur qo‘shiqchi, musavvir, musiqachilarning nomini aytdi. Ayol kuldi, Xastenrat orzu-xayolga cho‘mdi.
To‘satdan: ana u! – u intiq kutgan nigoh, yuz ifodasi, ovoz, maxsus harakat. Shubha yo‘qki, shu daqiqada uning foydasiga qaror qabul qilindi. Qolganiga gap yo‘q. So‘z ustiga so‘z quyuladi.
– Parij, – deydi Xastenrat, eng to‘g‘ri qaror! – ular to‘ppa-to‘g‘ri vokzalga kirib kelishmoqda.
– Parij, – dedi Xastenrat, – axir bu sevishganlar shahri, – turib jomadonni oldi.
– Eh, – javob qildi ayol, – sen shunday hisoblasang... – Xastenrat uning yukini ham ko‘tardi, poyezddan tushdilar. Vokzal osmoni musaffo. Ular arkadalar bo‘ylab ketishmoqda, ayol oldinda, Xastenrat orqada. Ilk da’fadagi chorrahada ayol unga o‘girildi, tabassum hadya qildi. Xastenrat o‘zida yo‘q shod.