OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dino Butssati. Eynshteyn bilan uchrashuv

Kuz oqshomlaridan birida Albert Eynshneyn ishdan so‘ng Prins-ton xiyobonlarini aylangani chiqib, ajib hodisaga duch keldi. Hech sababsiz, bamisoli ipidan yechib yuborilgan itga o‘xshab, olimni tafakkuri bir jismdan ikkinchisiga uchib-qo‘narkan, tuyqus u butun umri davomida besamar intilib kelgan ezgu maqsadiga erishganligini idrok etdi. Siz hozir ushbu kitobni nechog‘lik ravshan ko‘rib turgan bo‘lsangiz, sanoqli lahzalarda uni shundoq ko‘z o‘ngida “Fazoning egilish holati” degan tabiat hodisasi yuz berdi. Inson aql-zakovati fazoning egilishini nainki bo‘yi, teranligi va eni barobarida, balki bizga mutlaqo noma’lum, sir-sinoatli to‘rtinchi o‘lchamida bilib olishga ojizlik qiladi, deb hisoblanadi. Garchand uni mavjudligi isbotlangan esa-da, u hamon tasavvurimizda tilsimligicha qolib kelmoqda. Go‘yoki girdimizni qandaydir g‘ov-g‘arovlar to‘sib olgan-u, xayolot singari bepoyon inson tafakkuri tobora yuksala borib, ilkis o‘sha to‘siqqa urilib to‘xtaydi. Hayot bo‘lganda na Pifagor, na Aflotun va na Dante undan oshib o‘ta olardi. Zero, ushbu haqiqat xayolotimizni hadsiz sarhadlariga-da sig‘may ketadi.
Uzoq izlanishlar va izchil tadqiqotlardan so‘ng olimlar fazoning egilishini idrok etish mumkin, degan xulosaga kelishdi. Hayot davom etar ekan, urushlar millionlab odamlarni umriga zomin bo‘layotgan bir paytda, istirohat bog‘lari va so‘lim go‘shalarda sevishganlar haliyam visol onlaridan lazzatlanishmoqda. Ba’zi bir olimlar o‘zlari tug‘ma daholigidan quvvatlanib, baayni ularni ilohiy bir qudrat tubsiz jarliklardan olib o‘tganu, oniy lahzalarda yana ortiga keltirib qo‘yganidek, ular Olam yaralishining aql bovar qilmas sirlar kaliti — fazoning egilishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, hayrat barmog‘ini tishladilar.
Ushbu Fenomen ovoza qilinmadi, kashfiyotchilar sharaflanmadi, olamshumul voqea sir saqlandi. Zero, uning inkishof etishi alohida bir shaxsnining sa’y-harakatiga bog‘liq ediki, u daholarga xos kamtarlik bilan shunchaki: “Kamina fazoning egilish holatini idrok etdi”, deb qo‘ya qolardi. Xolbuki unda isbot o‘laroq na rasmiy hujjat, na fotosurat va na shu kabi daliliy ashyolar mavjud edi.
Bunday paytlarda inson aql-zakovati shiddat va shijoat-la shu choqqacha atigi abstrakt formulalardan iborat bo‘lgan hamda ong-shuurimizdan tashqarida tug‘ilib, komillikka erishgan sir-tilsimli olamni bir kunjidan ignani ko‘zidekkina yo‘l topib, u yerga kirib oladi-da, o‘ziyam mana shu hayot javhariga evrilib, tashvishu g‘avg‘olari bir holicha kunpayakun bo‘ladi. Bamisoli mangulikka daxldordek, bir o‘zimiz ham tafakkurimizni qudrati ilohiyasi o‘laroq arshi a’loni ko‘z ilg‘amas qatlariga dovur yuksalib boramiz.
O‘sha xushhavo oqshomda Albert Eynshteyn hayotida aynan shu hodisa ro‘y berdi. Osmon gumbazi binafsha rangda bo‘lib, ko‘cha fonuslari Zuhro yulduzi bilan bahslashayotgandek porlar, vujudimizni sir-jumboqli uzvi bo‘lgan Yurak Parvardigor marhamati ila bir maromda tepar edi. Eynshteyin donishmand inson edi. Kibr-havoga berilmasdi, lekin shu topda u ham mutakabbirlik domiga tushdi, zotan, g‘irt qashshoq odam ham tuyqusdan boyib ketsa, bosar-tusarini bilmay qolmasmidi!
Qasma-qasdiga, tabiat feomeni qanchalik shiddat-la ro‘y bergan bo‘lsa, shunchalik tezlikda badar ketdi. Eynshteyn ikki yog‘iyam manzarali butadan iborat notanish joyda turardi. To‘rt tomoni ham yaydoq yalanglik o‘rtasida devorlari sariq-qora ranglarga yo‘l-yo‘l qilib bo‘yalgan va tomidagi sharsimon fonus girdini yoritib turgan yoqilg‘i quyish shoxobchasi hamda yonginasidagi yog‘och o‘rindiqda mijozlarni kutayotgan habashni uchratish mumkin edi. U egniga korjoma, boshiga esa beysbolchilarning qalpog‘ini kiyib olgandi.
Habash yonidan o‘tib ketayotgan Eynshteynga peshvoz chiqib:
– Janob! – dedi.
U barvasta, bag‘oyat xushbichim, yuzi issiq, afrikaliklar singari sarvqomat edi. Tunda uning tishlari bodroqday oqarib ko‘rinardi.
– Janob! – dedi zanji yana, – sizda gugurt topiladimi? – o‘chiq sigaretasi bilan olim yoniga keldi.
– Chekmayman, – to‘xtab javob qildi Eynshteyn. Uning yuzida taajjub zohir bo‘ldi.
– Ehtimol, tomoq ho‘llashga puldan cho‘zarsiz?
Habash yosh, barvasta va shu bilan birga surbet ham edi.
Eynshteyn cho‘ntaklarini kovlab ko‘rdi.
– Men... xijolatdaman. Pulim yo‘q ekan, olib yurishga odatlanmaganman. Rosti, judayam afsusdaman.... – degancha ketmoqqa shaylandi.
– Shunisigayam rahmat, lekin... ma’zur tutgaysiz...
– Senga nima kerak o‘zi? – dedi olim bir parda ko‘tarilib.
– Aslida o‘zingiz keraksiz. Sizni kutib o‘tirgan edim.
– Meni? Nima bo‘lyapti o‘zi?
– Sizda ishim bor. Muhim maxfiy ish bilan kelganman. Buni faqat qulog‘ingizga aytishim mumkin.
Uning tishlari oldingidan ham oppoq bo‘lib ko‘rinardi. U olimning qulog‘iga englashdi.
– Men Azroilman, – dedi u shivirlab, – Ajal farishtasi bo‘laman, seni joningni olgani keldim.
Eynshteyn seskangancha ortiga tisarildi.
– Sal oshirib yubormadingmi? – dedi u o‘zini dadil tutishga urinib.
– Kamina – O‘lim farishtasiman, – qaytardi u. Mana qara...
U manzarali butadan shoxcha sindirib oldi. Sanoqli lahzalarda butoqcha yaproqlari so‘lib, qovjirab, ustiga tuproq yoqqandek tusga kirdi. Habash bir purkashi bilan butkul kuyib kulga aylandi.
Eynshteyn qayg‘uga cho‘mdi.
– Jin ursin! Demak, paymonam to‘libdi-da... Axir qanday qilib? Kimsasiz joyda, allamahalda-ya?
– Menga amr qilingan.
Eynshteynning ko‘zlari olazarak u yoq-bu yoqqa qaradi, tirik jon ko‘rinmaydi.
O‘sha xiyobon, tungi yoritqichlar va olis chorrahada to‘xtab turgan ulovlarning chiroqlari. U osmonga qaradi, tim ko‘kda yulduzlar miltillaydi. Zuhro yulduzi ufq ortiga boqib bormoqda.
– Quloq sol, – dedi unga olim yalingannamo. – Menga bir oy muhlat ber. Katta ishga qo‘l urganman! Iltimos, atigi bir oygina.
– Sen o‘z kashfiyoting natijasini u yoqqa borgach, bilib olaverasan, biroq hozir oldimga tush!
– Ular tamoman boshqa-boshqa narsalar: bosh qotirmasdan ham narigi dunyoda bilishimiz mumkin bo‘lgan kashfiyotlarning qadr-qimmati necha pul bo‘lardi? O‘ttiz yildan beri olib borayotgan tadqiqotlarimga katta qiziqish bilan qarashmoqda. Kamina olamshumul yangilik yaratish ostonasida tursa-yu...
Habash xunuk irjayib qo‘ydi.
– Bir oy dedingmi? Mayli, lekin yanagi safar yashirinib qolaman, deb yurmagin tag‘in. Yerning qa’riga bekinsang ham baribir qulog‘ingdan tortib olaman.
Eynshteyn undan yana nimanidir so‘ramoqchi bo‘ldi, bu paytda iblisning qorasi o‘chgan edi.
Sevimli kishing bilan ayriliqdagi bir oy ham uzoq tuyuladi, basharti senga o‘ttiz kundan keyin o‘lasan deyishsa, bu muhlat qosh bilan kiprik orasichalik ham bo‘lmay qoladi. Bir oy oqar suvdek o‘tib ketdi. Muddat tugagan kechada Eynshteyn uchrashuv joyiga jo‘nadi. U o‘sha yoqilg‘i quyish shoxobchasining oldidan chiqib bordi. Bu gap habash korjomasining ustidan kiftiga harbiy bichimdagi eski shinelni tashlab olgandi. Zero sovuq hali zabtiga olayotgandi.
Eynshteyn habashning yelkasiga qo‘lini qo‘yib:
– Men keldim, – dedi.
– Ishing nima bo‘ldi? Tutatgandirsan?
– Yo‘q, tugatolmadim, – dilgirlik bilan javob qildi olim. – Menga tag‘in bir oy vaqt ber! Ont ichib aytamanki, bu safar tamomlayman. Ishon, kunlarni tunlarga ulab mijja qoqmay ishlayapman, lekin ulgura olmadim. Endi ko‘pi ketib ozi qoldi.
Habash aytganida turib, yelka qisib qo‘ydi.
– Baringiz bir go‘rsiz! Noshukrsizlar! Oyog‘imga bosh urib yalinib-yolvorishni bilasiz. Bahona topishga ustasizlar.
– Ammo-lekin hozir nihoyatda murakkab tadqiqot bilan mashg‘ulman. Hali shu choqqacha hech kim...
– Aytmasang ham bilaman, – uning gapini bo‘ldi O‘lim farishtasi.
Poyonsiz Koinotning kaliti asrorini izlayapsan, shundaymi?
Ikkovlari jim qolishdi. Qish oqshomida hammayoq besaru befayz edi. Shunday sovuqda ko‘chaga chiqish ham malol keladi kishiga.
– Endi nima qilamiz? – so‘radi Eynshteyn.
– Bo‘pti, boraqol... Lekin bilib qo‘y, vaqt lip etib o‘tib ketadi.
Darhaqiqat, u oqar suvday o‘tib ketdi. Ilgari vaqt to‘rt haftani bu qadar tez komiga yutib yubormas edi. Ayozi suyakka ignadek sanchiladigan o‘sha dekabr oqshomida achchiq shamol so‘nggi yaproqlarni kimsasiz xiyobonda uchirib o‘ynar, daho beretkasining chetlaridan hurpayib chiqib turgan oppoq sochlari titrab ketardi. Olim yana yoqilg‘i quyish shoxobchasining oldidan chiqdi. Endi habash quloqchinini boshiga bostirib kiyib, cho‘k tushgancha pinakka ketgandi.
Eynshteyn yaqin borib hadik bilan uning kiftiga turtib:
– Men keldim, – dedi.
Sovuqdan qunishib olgan habashning tishi-tishiga tegmasdi.
– Ha-a, senmiding?
– Menman, menman.
– Haytovur tamomlabsan-da.
– Xudoga shukr, tamomladim.
– Asrimizning olamshumul o‘yini nihoyasiga yetibdi-da? Qidirgan narsangni topdingmi o‘zi? Doru dunyoning murvatlarigacha yechib olib, yana butlab qo‘ygandirsan?
– Ha, – dedi jilmaygancha Eynshteyn va tomoq qirib qo‘ydi – bu yog‘iga Koinotning taqdiridan ko‘nglimiz to‘q, desak ham bo‘laveradi.
– Ketdikmi bo‘lmasa? Har qalay ko‘chishga tayyordirsan endi?
– Albatta. Axir kelishganmiz.
Shunda Azroil o‘rnidan sapchib turib habashlarga xos guldurak ovozda xoxolay boshladi. So‘ngra ko‘rsatgich barmog‘ini Eynshteyn qorniga nuqdi. Olim zo‘rg‘a oyoda turardi.
– Bo‘pti, bo‘pti, qari tulki... uyingga borishing mumkin, o‘pkangni sovuqqa oldirib qo‘ymayin, desang, oyog‘ingni qo‘lingga olib yugur... Hozircha menga keraging yo‘q.
– Meni qo‘yib yuboryapsanmi? Unda bu tomoshaning nima keragi bor edi?
– Ishingni tugatib ol, degandim-da... Bor gap shu. Agar seni qo‘rqitmaganimda, kim bilsin, ishingni qachongacha cho‘zar eding...
– Ishimni? Buni senga nima daxli bor?
Habash kulib yubordi.
– Menga-ku daxli yo‘g‘-a... Anavi, yerning tagidagi zabti zo‘r iblislarga bu juda muhim... Aytishlaricha, ular sening dastlabki kashfiyotlaringdan zap foydalanganmish... Garchi bunda sen aybdor bo‘lmasang ham, bilib qo‘yganing ma’qul. Muhtaram professor, senga yoqadimi-yo‘qmi, baribir aytishim shart: o‘shanda ixtirolaring do‘zax egalariga juda qo‘l kelgandi-da o‘ziyam. Endi bo‘lsa yangi tadqiqotlarga mablag‘ ajratyapmiz...
– Qo‘ysang-chi! – dedi Eynshteyn jig‘ibiyron bo‘lib. – Bu olamda formulalardan ham bezavol narsa bormikan? Axir ular bor-yo‘g‘i sof abstraktsiya, g‘irt ob’ektiv...
– Ofarin! – Iblis barmog‘ini yana olimning qorniga tiragancha qichqirib yubordi. – Qandingni ur, azamat! Bundan chiqdi, meni sening oldingga shunchaki maymun o‘ynatgani yuborishgan ekan-da?! Seningcha, ular yanglishishgan, shundaymi? Yo‘q, sen o‘z ishingni qoyilmaqom qilib bajarding. Yerning qa’ridagilar sendan mamnun bo‘lishmoqda! Eh, hali sen bilganingdami!...
– Xo‘sh, bilganimda nima bo‘lardi?
Eynshteyn o‘girilib qaraguncha, Iblis g‘oyib bo‘lgandi. Yoqilg‘i quyish shoxobchasi ham, yog‘och o‘rindiq ham endi o‘rnida yo‘q edi. Faqat Nyu-Jersi shtatining Prinston shahrida tun tobora quyuqlashib borar, muzdek shamol esib, olis-olislarda mashinalarning chiroqlari milt-milt qilar edi.

Rus tilidan Ilhom Hafizov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.