Men ko‘rikdan o‘tish maqsadida shifokor huzuriga bordim: yoshim qirqqa kirgandan buyon men buni muntazam ravishda har yarim yilda amalga oshiradigan bo‘ldim.
Karlo Trattore – mening shifokorim va eski do‘stim. U meni besh qo‘ldek biladi. Kuz kunlaridan biri. Havo bulut. Yurakni siqadigan havo. Kech kirmoqda.
Shifokor huzuriga kirib bordim. Trattore menga sinchkovlik bilan qarab, kulib qo‘ydi.
– Ko‘rinishing juda yaxshi, ha, juda yaxshi! Bundan ikki yil muqaddam ko‘rinishing bir ahvolda edi, deb kim ham aytardi.
– Ha, to‘g‘ri aytyapsan! Hayotda o‘zimni bunchalik sog‘lom his etmagan edim. Odatda shifokorga najot istab, murojaat etadilar. Bugun men yoningga xursandligimdan keldim: o‘zimni juda yaxshi his etyapman. Shuning uchun men ahvoli-ruhiyatimdan mamnunman. Trattoreni dog‘da qoldirmoqchiman, axir men asrning hamma narsasi ta’sir etadigan asablari qaqshagan bemor edim-da. Hozir esa asablarim qaqshamaydi, hammasi joyida. Kun-bakun sog‘lig‘im yaxshilanib bormoqda. Ertalab uyqudan turaman, deraza darpardasi tirqishlari orasidan shahar tongining yorug‘ nurlari xonamga tushib turadi, o‘zimni nobud qilish fikri endi meni bezovta qilmayapti.
– Ko‘rinishing yaxshi. Ko‘ruvdan o‘tmoqchimisan? – hayron bo‘lib so‘radi Trattore. – Yuzingdan qon tomib turibdi-ya. Pul ham ishlolmaydigan bo‘ldim. Yuzlaring tarang.
– Ha, endi oldingga kelib qolganimdan keyin...
Yechinib, karavotchaga yotdim. Shifokor qon bosimimni o‘lchadi. Yurak va o‘pkamni eshitib ko‘rdi. Lekin indamadi.
– Xo‘sh, qalay, – qiziqdim men.
Trattore yelkasini uchirib qo‘ydi-yu, lekin javob bermadi. U xuddi birinchi bor ko‘rib turgandek, menga tikilardi. Nihoyat u:
– Nima desam ekan, seni bezovta qiluvchi turli kasalliklaring; bo‘lmag‘ur fikrlarni o‘ylashlaring qayoqqa yo‘qoldi? Bular seni bezovta qilmayaptimi? Axir sen o‘zingni qo‘yarga joy topolmas eding-ku? Sen aytmoqchisanki...
Men qat’iy ravishda bosh silkidim.
– Ko‘rmagandek bo‘lib ketdim. Kasallikni ham o‘ylamay qo‘ydim. Go‘yo men boshqa odamga aylanib qolgandekman.
– Boshqa odamga aylanib qolgandek... – dedi do‘sti so‘zlarni cho‘zib talaffuz qilarkan uning gaplarini takrorlab.
Tuman tobora quyuqlashib bormoqda, soat besh bo‘lmasa-da, ko‘chani zulmat bosa boshladi.
– Esingdami, – dedim men, – tunda goh birda, goh ikkida yuragimni bo‘shatish uchun senikiga kirib borardim. Ko‘zlaring uyqudan yumilib ketayotgan bo‘lsa ham, sen so‘zlarimni tinglarding. Endi ularni eslashgayam odam uyaladi. O‘shanda qanday tentakligimni endi tushunyapman!
– Kim biladi deysan!..
– Nima-nima?
– Hech narsa.
– To‘g‘risini ayt. Sen endi baxtlimisan?
– Baxtli?
– Qanday balandparvoz so‘z-a!
– Yaxshi, savol-javobga o‘tamiz.
– Mayli.
– Sen xotirjammisan, hayotingdan mamnunmisan?
– Ha, mamnunman.
– Sen doim uyda, odamlar orasida, ishxonada begonadek, yolg‘iz va hech kimga kerak emasdek his qilarding o‘zingni. Demak, bu holatlar seni tark etdimi deyman?
– Ha, aynan shunday. Birinchi bor men o‘zimni jamiyatning to‘la-to‘kis a’zosi sifatida his qila boshladim.
– Shundaymi? Tabriklayman. Shuning uchun o‘zingda ishonch, ma’naviy qoniqish paydo qilibsan-da?
– Ustimdan kulyapsanmi?
– Aslo. Sen endi bir maromda hayot kechiryapsanmi?
– Shunday desa ham bo‘ladi.
– Televizor ko‘ryapsanmi?
– Deyarlik har kuni kechqurun. Biz Irma bilan u yoq-bu yoqqa kamdan-kam boramiz.
– Sport bilan shug‘ullanyapsanmi?
– Aytsam, ishonmaysan, ashaddiy ishqiboz bo‘lib qoldim.
– Kim uchun?
– O‘z-o‘zidan ma’lum-ku. “Inter” jamoasi uchun-da.
– Qaysi partiyadasan?
– Tushunmadim?
– Men siyosiy partiyani nazarda tutyapman.
O‘rnimdan turib, do‘stimning yoniga yaqinlashib bordim-da, qulog‘iga shivirladim.
– Shuyam sir bo‘pti-yu! Go‘yo buni hech kim bilmaydigandek gapirasan-a!
– Bu seni hayratga solmadimi?
– Hecham-da.
– Bu sendaylar uchun oddiy holat. Mashinani yoqtirasanmi? Rulda o‘zingni qanday his qilasan?
– Ko‘rganingda sen meni taniy olmasding?! Meni toshbaqa yurishimni eslaysanmi? O‘tgan hafta Rimdan Milanga ketaturib, vaqtni belgilab oldim. Bilasanmi, necha soatda yetib boribman? To‘rt soatu o‘n daqiqada... Shoshmay tur. Nega sen meni so‘roqqa tutyapsan, a?
Trattore ko‘zidan ko‘zoynagini oldi. Tirsaklarini stolga tirab, barmoqlarini chog‘ishtirdi-da:
– Senga nima bo‘lganini bilishni istaysanmi? – dedi.
Men unga tikilib qarab turibman-u, yuragim hapqirib ketyapti. Nahotki u mendan qandaydir xavfli kasallik topgan bo‘lsa?
– Biron narsa bo‘ptimi? Tushunmadim. Sen shunday deb o‘ylaysanmi?
– Hammasi tushunarli: murdaga aylanibsan.
Trattore hazil qilishni yoqtirmaydi, ayniqsa, qabul vaqtida.
– Murda deysanmi? – dedim men. – Qanaqa murda? Menda davosi yo‘q kasallik bor ekanmi?
– Qanaqa kasallik! Seni o‘lim yoqasidasan deb aytganim yo‘q-ku. Men seni faqat murdasan deb aytdim, xolos.
– Buni qanday tushunish mumkin! Besh daqiqa avval sen mening sog‘lig‘imni havas qiladigan darajada deganding?
– Sog‘lig‘ing joyida! Odam bundan ortiq sog‘lom bo‘lolmaydi. Ammo, sen murdasan. Sen sharoitga moslashibsan, ruhan va jismonan jamoatga qo‘shilibsan, tinchlik, osoyishtalikda yashayapsan, o‘zingda ishonch paydo bo‘libdi, shuning uchun seni murdasan, deyapman.
– Shunday degin! – demak, bu so‘zlarni ko‘chma ma’noda aytayotgan ekansan-da. Men bo‘lsam qo‘rqib o‘tiribman.
– So‘zimni qanday tushunishingga bog‘liq. Jismoniy o‘lim – oddiy va siyqasi chiqqan holat. O‘limning dahshatli ko‘rinishi mavjud: bu o‘ziga xoslikni yo‘qotish, o‘z muhitidan tashqariga chiqolmaslikdir... Atrofingga boq, odamlar bilan suhbatlash. Kamida ularning oltmish foizi murdalar ekanligini ko‘rmayapsanmi? Ularning soni yildan-yilga oshib bormoqda. Ular ichki his va tug‘yonlaridan mahrum bo‘lgan, bir xil hayotga o‘rgangan itoatkor, o‘z qiyofasini yo‘qotgan odamlar. Ularning istaklari va fikrlari bir xil va so‘zlashadigan mavzulari ham bir xildir. Odamni karaxt qiluvchi ommaviy madaniyat bu.
– Bo‘lmagan gap! Men shunchaki shayton vasvasasidan qutuldim, o‘zimni faol, yanada harakatchan his qilyapman. Ayniqsa qiziqarli futbol uchrashuvini tomosha qilayotganimda yoki mashinam tepkisini bosayotganimda.
– Bechora Enriko! Men senga achinaman, ayniqsa, sening avvalgi halovatingni yo‘qotgan kunlaringga achinaman.
Bas! U meni hozirgi osoyishta holatimdan chiqarib yubormoqchi.
– Yaxshi, sen aytganday murda bo‘la qolay, lekin nima uchun oxirgi yillarda men yasayotgan haykallarga talab oshib bormoqda. Agar sen aytgandek men o‘lik holatda bo‘lsam...
– Qotib qolgan holatda emassan, sen murdasan. Ba’zan ayrim xalq murdalardan iborat bo‘ladi. Yuz millionlab murdalar. Ular ishlaydilar, ixtiro qiladilar. Yugurib-eladilar va o‘zlaridan juda mamnun bo‘ladilar. Bu bechoralar o‘zlarini murda ekanliklarini tushunmaydilar. Nihoyatda kamchilikni tashkil qilgan bir to‘da odam ularga nima qilmoq kerakligini, nimani yaxshi ko‘rish va nimaga ishonish kerakligini ularga buyuradilar. Xuddi Antil orollardagi sehr-garlar murdalarni tiriltirib, dala ishlariga yuborayotganlaridek. Sening haykallaringga kelsak, ular senga shonu-shuhrat keltirmaganining o‘zi seni aynan murda ekanligingdan dalolat berib turibdi. Sen hayotga moslashib olding, ko‘nikding, ular bilan barobar qadam tashlayapsan. O‘z fikringni boshqalarga aytmay ichingga yashirding, bayroqlaringni tushirding, nohaq aytilgan so‘zlarga isyon ko‘tarmading, telbalar, isyonkorlar, xayolparastlar safidan chiqib ketding. Shuning uchun ham hozir sening san’at asarlaring keng omma – murdalar didiga mos keladi.
Do‘stimning bu gaplarini eshitishga ortiq toqat qilolmay sapchib o‘rnimdan turib ketdim.
– Xo‘sh, sen o‘zing-chi? Nega o‘zing haqingda indamaysan?
– Menmi? – deya kulib qo‘ydi shifokor. – Men ham, o‘z-o‘zidan ma’lumki, ko‘p yillardan beri murdaman. Axir bu shaharda bundan qochib qutulib bo‘ladimi? Men uchun faqat ozgina tirqish qolgan. U ham bo‘lsa kasbim tufayli... Ana shu tirqish orqali hozircha u-bu narsani ko‘rib turibman.
Hammayoqni qorong‘ulik qamrab olgandi. Sanoat shahrini qalin tuman qopladi. Deraza oynasi orqali ro‘paradagi binoning old tomoni zo‘r-bazo‘r ko‘zga tashlanardi, xolos.
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.