Biz real voqelikni unga moslab muloyimlik bilan yoza olamizmi? Bu usul juda yaxshi-ya, lekin bu holda menga nima bo‘ladi? Voqelikni bitmay-diganlarga-chi? Axir, voqelikning sochlari to‘zg‘igan, hurpaygan. Bironta taroq yo‘qki, chiroyli qilib tarab qo‘ysang! Shoirlar va yozuvchilar uning kokillaridan tortqilab, umidsizlik bilan turmaklab qo‘ymoqchi bo‘ladilar, lekin silliqlangan voqelik ularning tushlarida dahshat bo‘lib ko‘rinadi. Shu kunlarda voqelikning qiyofasiga nimadir bo‘lgan o‘zi. Tepaga tarab, minoraga o‘xshatib bog‘langan sochlar maftunkor orzular qasriga yopishmayroq turibdi va voqelikning shokilalari o‘zining o‘jarligini bildirib qo‘yayapti. Ular turmakdan chiqib ketib, yuzni berkitib tashlayapti, tartibga keltirmoqchi bo‘lgan kuchlarga bo‘ysungisi kelmayapti. Goho bu o‘jar sochlar dahshatdan tikka bo‘lib ketayapti – atrofida shunday ishlar bo‘layaptiki! Ularni hech jilovlab bo‘lmayapti. Hech qanaqasiga bo‘yin egmaydi! Kemtik taroq bilan qancha siypalamagin, natija o‘sha-o‘sha! Hatto oldingilaridan besh battar!
Biz nimalar bo‘layotgani haqida yozamiz, yozgan narsalarimiz qo‘limizda turib, erib ketadi, xuddi hayotimizdan olib, bo‘layotgan voqealarni tasvirlashga sarflagan vaqtimiz barmoqlarimiz orasidan oqib tushayotgandek. Va hech kim bu yo‘qotishlar haqida, o‘layotgan vaqtimiz haqida qayg‘urmaydi. Na tiriklar qayg‘uradi, na o‘lgan vaqtlar; marhumlar haqida gapirmayoq qo‘yaylik. Yozish uchun ketgan vaqt boshqa yozg‘uvchilarning kitoblariga suqilib kirib olgan. U hamma narsaga, bir yo‘la qodir, axir u – vaqt-da! U sening ishingga ham, boshqalarnikiga ham suqilib kira oladi, boshqalar qo‘qqaytirib qo‘ygan paxmoq turmaklar ustiga ag‘dariladi, go‘yo real voqelik tomondan kutilmaganda esgan yoqimli, lekin g‘azabnok shamol. Shamol o‘zi ortidan hamma narsani ergashtirib, jon-jahdi bilan esadi. Hamma narsani joyidan yulqib olib, qayoqlargadir olib qochadi, faqat aks ettirilishi lozim bo‘lgan voqelik tomonga emas. Qayoqqa bo‘lsa bo‘ladiki, faqat voqelikka emas... Shoir reallikni qayoqdanam bilsin; voqelik uning ichiga so‘rab o‘tirmay yopirilib kirib oladi, qayoqlargadir tortqilab ketadi, nuqul chetga tortadi. To‘g‘ri, o‘sha tomonlardan shoir hamma narsani aniq-tiniq ko‘ra boshlaydi, lekin ayni paytda, reallikning yo‘llaridan chetlarda qolib ketadi. Bu yo‘llarda unga o‘rin yo‘q. Uning o‘rni doim tashqarida. O‘sha yoqlarda turib aytganlariga boshqalar quloq tutishadi. Shuning uchun ham quloq tutishadiki, uning mulohazalari ikki ma’noli. Shunday qilib, oldimizda ikki xil fikr paydo bo‘ladi, ikkovi ham ma’qul, to‘g‘ri va atrofimizda umuman hech qanaqa voqea sodir bo‘lmagandek taassurot qoldiradi, ikkovi voqeani turli ma’nolarda talqin qiladi, ikkoviyam shunday chuqurlikka qazib kirib ketadiki, taroqning singan tishi kabi yetishmayotgan, allaqachon yo‘qotilgan dalilni qidirib topmoqchi bo‘ladi. Yoki – yoki. Haqiqat yoki yolg‘on. Ertami, kechmi shunday bo‘lishi kerak, chunki unga asoslanib hech nima qurib bo‘lmaydi. Tubsiz jarlik ustiga nimayam qurib bo‘lardi! Ularning nigohi tushadigan hamma narsa kam-ko‘stli, tutqich bermaydi, shoirlar shunaqa narsalarga yopishib olishga behuda urinadilar, va uning ustiga bir narsalar qurmoqchi bo‘ladilar, garchi o‘shasiz ham yashasa bo‘ladi. Ular, hamma narsa qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldirishlari mumkin edi, shunday qiladilar ham! Ular hech nimani yo‘q qilmaydilar; g‘ira-shira nigoh bilan ko‘radilar, garchi bu nigoh huda-behuda narsalarga tushmasa ham. Ularning nigohi naqd nishonga tegadi. Va bu nigoh qadalgan narsa, hodisa bizga nimalarnidir aytib beradi, so‘nggi nafasini chiqarib so‘zlaydi, garchi unga shundoq bir qarab qo‘ydilar va hali jamoatchilikning o‘tkir nigohlari unga qadalganicha yo‘q; shoirning nigohi tushgan narsa, hodisa, «bittagina tasvirning qurboni bo‘lmaganimda boshqacha kechgan bo‘lardim» deb aytmaydi. U sukut saqlash a’loroq bo‘lgan narsalarga (axir, bu haqda ustomonlik bilan gapirish mumkin edi-da!), hamma vaqt mavhum qoladigan va asossiz narsalarga guvohlik beradi. Ko‘pchilik bunday mubhamliklarga ko‘kragigacha botib ketgan. Xuddi oqar qumda suzib yurgandek; go‘yoki u suzishga yordam beradi! Bunday hodisa tagida qattiq zamin yo‘q, biroq buni «zaminsiz» deb bo‘lmaydi. Unda sababiy bog‘lanish yo‘q; u har narsa, hech kim unga yetishishni orzu qilmaydi...
Yozuvchi tashqarida turadi, uning nuqtai nazari, garchi u hayotiy chegaralardan tashqarida bo‘lsa ham, hayotga xizmat qiladi, aks holda biz to‘lib-toshgan insoniy hayotning o‘rtasida, yuragida turmagan bo‘lardik; va yozuvchi chetdan turib, boshqa joylarda, o‘zidan uzoq yerlarda yuz berayotgan hayotni kuzatadi. Hayot sen yo‘q yerlarda yuz beryapti. Kimdir yurib borayotgan yo‘lini – hayot yo‘lini, hayotiy yo‘lini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa, koyish kerakmi? Axir uni turtib yubordilar, yo‘lidan supurib tashladilar, buning sababi – bardoshi yetmaganligida emas, atrofidagilarning zug‘umini ko‘tarolmaganida, bu og‘ir yukni, hayot yukini ko‘tarolmaganida emas, shunchaki, tasodifan supurilib ketdi; xuddi poyafzalga ingan changni, uy bekasi beshafqat kurashadigan changni artib tashlaganidek; gapning sirasini aytganda, bu shafqatsizlik yerliklarning kelgindilarga munosabatichalik bo‘lmas. Bu qanaqa chang ekan o‘zi? U radioaktivmi yoki shunchaki aktiv? Shuning uchun ham so‘rayapmanki, u o‘zidan keyin g‘alati nurlanadigan iz qoldiradi. U yozuvchidan chetlarda yugurib ketayotganini bildirish uchun belgi qoldiradimi (yozuvchiga hech qachon yaqinlashmaydigan yo‘lni belgilaydi) yoki yozuvchining o‘zi chegaralardan chiqib, yo‘lning yonidan o‘tib ketadimi? Narigi dunyoga ketganicha yo‘q, biroq nuqul chetlashaveradi. O‘sha tomonlarda turib boshqalarga qaraydi, aytgancha, boshqalar ham bir-birlariga nisbatan o‘zgacha, turli-tumanligi bilan o‘zgacha; va u, ularning o‘ziga yarasha bir xilligidagi harxillikni ko‘rsatish va shakllantirish uchun qaraydi; axir, shakl – muhim narsa, demak, u o‘sha yoqlarda turib bularni kuzatgani qulayroqdir-da? Biroq, ular buning (yozuvchining) botirligini kechirmasdan, eshigiga bo‘r bilan yozib ketadilar, demak, uning yo‘li nurlanadigan kukun bilan emas, eshikdagi bo‘r chiziq bilan belgilanar ekan-da? Nima bo‘lganda ham bu belgi bir vaqtning o‘zida hamma narsani ochib tashlaydi ham, o‘zi qoldirgan izni puxtalab chaplab yopib tashlaydi ham. Go‘yo bu dunyoda umuman bo‘lmagandek. Shunda ham u nima bo‘lganini biladi. Bu haqda u teleekrandan eshitgan, qonga bo‘yalib, og‘riqdan burishgan yuzlardan ko‘rgan, quyuq grim chaplangan va kulayotgan yuzlardan ko‘rgan, teleshou olib boruvchining savollariga hamma vaqt to‘g‘ri javob beradigan silikon lablardan o‘qigan, bunga aloqador, hech qanaqa aybi yo‘q, lekin tabiatiga ko‘ra hech qachon og‘zini yopmaydigan ayollarning qo‘qqisdan o‘rnidan turib ketib, ko‘ylagini yechib taranglatib kelgan ko‘kraklarini telekamera oldida namoyish qiladigan ayollarning (ilgari erkaklar tarang muskullarini namoyish qilishardi) lablaridan o‘qigan. Yana yuzlab bo‘g‘izlardan, so‘zlari og‘izlaridan chiqayotgan sassiq, faqat yanada kuchliroq gupillab urayotgan hidga o‘xshab otilib chiqayotgan bo‘g‘izlardan eshitgan. Mana u, bu yo‘lda agar kimdir bor bo‘lsa, ko‘rish mumkin bo‘lgan narsa! Lekin sen bu yo‘ldan, yo‘lga yo‘l berish uchun tushasan. Unga sen uzoqdan, bir o‘zing yolg‘iz turgan joylardan qaraysan va buni mamnuniyat bilan qilasan, chunki yo‘lga qarash maroqli, lekin undan yurging yo‘q. Bu yo‘ldan qandaydir shitirlagan tovushlar eshitiladi. Aftidan, u nafaqat keskin yorug‘lik va odamlarning qattiq ovozlari, balki shitirlash bilan ham o‘ziga qaratib xabar berayotgandek. Nahotki, yurish mumkin bo‘lmagan yo‘l, hech kim unda sayr qilmayotganidan qo‘rqadi, axir, atrofda sodir bo‘layotgan va uzluksiz davom etayotgan bema’ni ishlar: qiynashlar, jinoyatlar, o‘g‘irliklar, zo‘ravonlik, dunyoning taqdirini bichayotgandagi majburiy shafqatsizliklar shunchalar ko‘pki! Yo‘l bularning bariga befarq qaraydi. U hamma narsani o‘z yelkasida, garchi tagi puch bo‘lsa ham butun qat’iyati bilan ko‘tarib yuradi. Asossiz, omonat tarzda. Men ilgari ham aytganman, sochlarim tikka bo‘lib ketadi, hech qanaqa lok uni yotqizolmaydi. Menda ham qat’iyat yo‘q. Na ichimda, na tashimda! Chekkada turgan paytingda bir qadam, bir qadam chekinishga, shundoq oyoqlaring tagidan boshlanadigan tubsiz jarga sakrash uchun doim tayyor bo‘lishing kerak. U yoqda, yanayam chekkalarda qopqon bor, u o‘z qurbonini poylab yotibdi, seni o‘pqoniga tortib ketishni kutib, og‘zini katta ochadi. U seni jalb qilib, ichiga tortib ketadi. Yo‘q, men u yo‘lni, o‘zim qadam tashlamagan yo‘lni ko‘zdan qochirishni istamayman. Men uni tasvirlashni, aniq va haqqoniy tasvirlashni xohlayman. Modomiki, men unga qarab turgan bo‘lsam, demak bundan bir nima chiqishi kerak. Biroq, bu yo‘l meni ayab o‘tirmaydi. U menga tanlash imkoniyatini qoldirmaydi.
Nima qilishim kerak? Yo‘ldan yurishning o‘zi menga erishib bo‘lmaydigan ish, ayni paytda undan nari ketolmayman. Men ilgarigi joyimda turgan ko‘yi, ketaman. Lekin u yerlarda ham, ishonarli bo‘lishi uchun, o‘zimning chorasizligimdan, oyoqlarim ostidagi omonat zamindan himoya zarur. Yonimda, meni nafaqat himoya qilib, balki umid bag‘ishlab so‘zlarim ketyapti; to‘g‘ri ish qilyapmanmi, yo‘qmi, voqelikni qanchalik haqiqiy buzib tasvirlayman – tekshiradi. Axir, mening so‘zlarim voqelikni har doim noto‘g‘ri tasvirlaydi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas, biroq ular shunday tasvirlaydiki, o‘qigan yo eshitgan odam, noto‘g‘ri ekanligini darrov sezadi. Ular aldaydi-da! Mening so‘zim, shoirona tilim – qo‘riqchi it. Meni qo‘riqlashi kerak, shuning uchun uni boqaman, lekin u kutilmaganda o‘zimga tashlanib qoladi. Qo‘riqchi itim o‘zimni tishlab olmoqchi bo‘ladi. Mening yakkayu yagona, boshqalar menga loy chaplashiga yo‘l qo‘ymaydigan himoyachim, o‘zimdan boshqa hamma narsani tasvirlash uchun mavjud bo‘lgan tilim, so‘zlarim – yagona himoyachilarim, endi o‘zimga qarshi chiqyapti. Birovlar meni yozib tashlamasligi uchun o‘zim varaq-varaq qog‘oz qoralayman. Nahotki so‘zlar menga himoyachidek ko‘rinib, o‘zimga hujum qilish uchun berilgan bo‘lsa?! Men so‘zlarda, yozuvlarimda himoyachini qidirgan edim, endi bo‘lsa, harakati va ohanglari bilan ishonchli tayanch bo‘lib tuyulgan hamrohlarim – so‘zlarim o‘zimga qarshi chiqib turibdi. Bunda hayron bo‘ladigan hech narsa yo‘q. Axir, o‘zim ularga hech qachon ishonmaganman. Va bu qanaqa niqob bo‘ldiki, seni ko‘rinmas odamga aylantirish o‘rniga, aksincha, borgan sari aniqroq oshkor qilib tashlayversa?!
Mening so‘zlarim gohida bu yo‘lga tasodifan tushib qoladi, lekin hech qachon ortga qaytmaydi. So‘zlar bilan ifodalasam, bu jarayon, umuman, ixtiyoriy emas, xohlaysanmi, yo‘qmi, beixtiyor ixtiyoriy. So‘zlar nima istayotganini o‘zi biladi. Ularga yaxshi. Mana, men, masalan, ismlarni bilmayman, ular menga qorong‘i. Gapirish, umuman har qanaqa nutq, u yerda hayot yo‘lida to‘xtovsiz izhor qilinadi, na boshi bor, na – oxiri, biroq buni, men aytiladigan so‘z deyolmayman. U yo‘lda turganlarning nutqlari cheksiz, chunki hech kim to‘xtashni istamaydi, ular shunchalik band xaloyiq. Ular o‘sha yoqda – yo‘lda. U yerlarda men yo‘qman, so‘zlarim bor; goho meni tashlab ketadigan va odamlarga yetib boradigan; biroq hammaga, haqiqiy, real odamlarga bab-baravar emas; mendan qochib yo‘lda, ko‘zga aniq tashlanadigan ko‘rsatkichlari bor (bunda hech kim adashib qolishi mumkin emas!) yo‘lda ketayotgan so‘zlarim; xuddi videokamera singari odamlarning har bir harakatini kuzatadigan, hech bo‘lmaganda, hayot deganlari nimayu, qanaqa ekanligini bilishga intiladigan so‘zlarim, ayni ularni kuzatayotgan paytlarida so‘zlarim o‘zligini yo‘qotib qo‘yadi. Keyin ular ko‘rganlarini, endi «hayot» deb bo‘lmaydigan narsalarni tasvirlashlari kerak. Kimdir, masalan, profilaktik ko‘rikdan o‘tib kelishim kerak, deyishi mumkin. Va to‘satdan gapining ohangi jiddiylashib qoladi, xuddi bironta so‘z aytishdan bosh tortsammikan, deyayotgandek... U taraflarda nima bo‘lishidan qat’i nazar, so‘zlarim mendan qochadi, yolg‘iz qolaman. So‘zlar tarqab ketadi. Men yo‘ldan chetda qolaman. Tashqarida. Va so‘zlarim begona yo‘llarda tentirab yurishadi.
Yo‘g‘-a, to‘xtang-chi, ular haliyam shu yerda ekan! Nahotki, hech qayoqqa ketishmagan, kim bilan kuch sinashsam ekan, deya mo‘ljal qilib turishgan bo‘lsa? Ana, menga qarashdi va o‘sha zahoti jilovlab olishdi. Men bilan chavandozdek munosabatda bo‘lishyapti, hukmini o‘tkazmoqchi, meni yomon ko‘rishadi. Ular yo‘llarida uchraydigan iltifotli odamlarga xushomad qilishadi, egasiz qolgan itdek orqasidan ergashib, itoatgo‘y bo‘lishadi. Aslida ular qo‘rs, nafaqat menga, boshqa hammaga ham quloqsizlik qiladilar. O‘ziga xon, o‘ziga bek. Tunlari ovozlari boricha qichqirishadi, axir, kimdir faqat quyoshdan (elektr simidan emas) quvvat olib yonadigan fonuslarni yo‘l yoqalariga terib qo‘yishni, ular daydib yuradigan so‘qmoqqa durustroq nom berishni unutib qo‘ygan. To‘g‘ri, bu yo‘lakning nomi shunaqangi ko‘pki, o‘zingcha bir nom berishga ham qiynalasan. Qichqiraman, yuguraman, o‘z burchagimda turib baqiraman, u dunyoga ketganlarning qabri tepasida turib oyoqlarim bilan yer tepinaman, axir men yo‘l chetidan yelib ketayotgan bo‘lsam, qaerga qadam bosayotganimni, og‘ir tovonlarim bilan nimalarni toptayotganimni bilmasam; so‘zlarimni qabul qilib, men tomonga haqoratomuz kulib qarab qo‘yayotganlar tomonga intilaman. Ular bilishadiki, men bu hayotimdan bir marta bo‘lsin, mamnun bo‘lsam, o‘sha zahoti boshimdan bir chelak suv ag‘darishadi. Muzdek suv bilan oldin o‘zimga keltirishadi, keyin yaxshilab tuzlashadi. Mayli. O‘zim, odamlar yuradigan yo‘laklarga tuz sepib yuraman, siqimlab-siqimlab sepaman, yo‘llarning muzi erisin deyman, so‘zlarimning oyoqlari ostida ishonchli zamin qolmasin, deya atrofga sochaman. Shundog‘am ular allaqachon zaminsiz, asossiz. Ularning surbetligi shunchalik asossiz! Modomiki, o‘zim ishonchli zaminda emasman, so‘zlarim uchun zaminga yo‘l bo‘lsin! Battar bo‘lsin! Nega ular men bilan u yoqda – chekkada birga qolishmadi, nega meni tashlab ketishdi? Mendan ko‘ra ko‘proq narsalarni ko‘rgilari keldimi? U tomondagi asosiy yo‘ldan, yoqimli odamlar ko‘p, bir-birlari bilan u yoq-bu yoqdan muloyimgina valaqlashib yuradigan odamlar bilan liq to‘la yo‘ldan yurgilari kelgan. Mendan ko‘ra ko‘proq narsalarni bilgilari keldimi? Shundog‘am ular mendan ko‘ra ko‘p narsani biladilar, yo‘q, yana va yana ko‘p bilishni istaydilar. Mening so‘zlarim, atrofdagi hamma narsani o‘ziga singdiradigan so‘zlarim, qarabsanki, halok bo‘lishadi. Ular o‘ziga voqelikni singdiraverib-singdiraverib bo‘kib qoladi. Ajab bo‘pti!.. Lekin ular qusishni bilishmaydi, hamma narsani hazm qilaverishadi. So‘zlarim meni chaqirishadi, men tomonga – yo‘ldan chetga qarab qichqirishadi, o‘zimni ko‘rmay turib, tavakkaliga qichqirishadi va nishonga tegishlari ham mumkin, axir, ular og‘ziga kelganini aytib emas, Xaydegger aytganidek (Trakl haqida) «beruvchining jiddiyligi» bilan gapirishadi. Ular chorlashadi, meni uzoqdan chaqirishadi, endi bu hammaga ma’lum, har kimning qo‘lida tayyor so‘zlar joylangan jajji quticha bor, nimalarni gapirishni bilishadi, axir ular bekorga o‘qishibdimi? So‘zlarim meni chaqirishadi, men esa qopqonga tiqilib qolganman, men ham qichqiraman, oyoqlarimni ojiz qimirlataman, qolaversa, yo‘q hammasi boshqacha – so‘zlarim meni chaqirishmayapti, ular meni tashlab qochib ketishgan-ku, shuning uchun telefon orqali qo‘ng‘iroq qilishga majbur, endi naq qulog‘imga qichqirishadi; meni peyjer orqalimi, uyali telefon orqalimi topishadi-da, to‘ppa-to‘g‘ri quloqlarim ichiga shunday baqirishadi-ki, javob berishga hojat qolmaydi, o‘zlari men uchun javob berib qo‘ya qoladilar; va men ular aytgan gaplarni takrorlashim kerak; axir shunday iltifotli, ishonsa bo‘ladigan odam bilan bir kun kelib oxirigacha gaplashish va shunchaki valaqlashib olish, yanada be’manilik bo‘lardi, chunki u qoqilib tushdi, tezda oyoqqa turib, kimningdir ortidan chopqillab ketolmaydi. Hech qanaqa ma’no yo‘q. So‘zlarim u yoqda – tepada, qulay yo‘lakda turib gaplashishyapti (bilaman, ularning yo‘lagi menikidan ko‘ra qulayroq, men umuman, yo‘lga qarab o‘tirmay daydiyveraman, qolaversa, men uni aniq ko‘rmayman, bilamanki, men ham shu yo‘lakda yurgim bor), demak, mendan uzoqlashib ketayotgan so‘zlarimning gaplari, ularning oxirigacha gaplashib olishga urinishlari bo‘lib chiqadi-da...
Sizlar mendan nari ketib, olg‘a yurishimga imkon yaratish uchun so‘zga aylangansizlar, shunday emasmi, axir? Biroq bunda hech qanaqa kafolat yo‘q. Sizlar esa, bilishimcha, umuman hech narsaga kafolat berolmaysizlar. Menga qaranglar, sizlarni taniyolmayapman. Sizlar o‘z ixtiyoringlar bilan menga qaytmoqchimisizlar? Men esa sizlarni qabul qilmayman, vassalom! Bunga nima deysizlar? Qo‘ldan chiqdi – yo‘qoldi. Ketganni qaytarib bo‘lmaydi. Va agar mening xayolparishonligim, doimiy hozir bo‘lmasligim, muttasil chetda turishim, hammasi birgalashib, so‘zlarimni qaytarib olishimga undasalar, ular menga qaytib ishonchli panoh topib oladilar, uyiga qaytgandan xursand bo‘lishib, o‘zlarini ajoyib tovushlar bilan ifoda eta boshlaydilar-da, pirovardida, shu tovushlari, quloqlarni teshib o‘tadigan, qattiq o‘kiradigan sirenalari bilan meni yanada chetga surib qo‘ygan, borgan sari uzoq-uzoqlarga eltib tashlagan bo‘lardilar. O‘zim dunyoga keltirgan va qachonlardir mendan qochib ketgan so‘zlarim (balki, men ularni, tezda qochib ketishlari uchun dunyoga keltirgandirman, chunki o‘zim, vaqtida o‘zimdan qochib ketolmaganman) endi, orqaga bir tisarilib olib, meni chekka makonlarga siqib chiqarmoqchi bo‘ladilar. So‘zlarim rohatlanib ko‘lmakda, yo‘ldagi kichkinagina, vaqtinchalik mozorda tipirchilaydilar, nigohlarini «havo kengliklaridagi mozor»ga qadaydilar, egasiga yoqmoqchi bo‘lgan hayvon bolasidek erkalanib, oyoqlarini osmonga qilib yotib oladilar, har qanday odobli so‘zlar kabi yoqishni istaydilar, qornimni silab qo‘yisharmikin degandek intiq bo‘ladilar; boshqa nimayam kerak ularga? Erkalatishlarini juda yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun ham ular marhumlarga qarashmaydi; bu – mening ishim, menga yuklatilgan vazifa. Lekin so‘zlarim – atrofimda girdikapalak bo‘lib, uyalmay-netmay, silab-siypalab qo‘yishimni kutib yurgan so‘zlarim menga bog‘lanib turishlarini kuzatish uchun vaqtim yo‘q. Gap shundaki, men qarab turishim kerak bo‘lgan marhumlar juda ko‘p: bizda – avstriyaliklarda «kimgadir qarab turish» deyilganda, g‘amxo‘rlik qilish tushuniladi. Men ular bilan yaxshi muomala qilishim kerak, axir bizni mashhur qilib turgan narsa hamma bilan yaxshi muomalada bo‘lish-da! Tashvish qilmang, butun dunyo allaqachondan beri bizni kuzatib turibdi. Bu haqda o‘zimiz tashvish qilishimizga hojat yo‘q. Biroq ichimda, marhumlarga qarab turishga da’vat qanchalik baland jaranglasa, o‘z so‘zlarimni kamroq kuzataman. Men marhumlarga qarab yuraman, qandaydir bekorchi maishatparastlar mening mehribon, yoqimli so‘zlarimni silab-siypab qo‘yadi, biroq bundan marhumlar tirilib qolmaydilar. Hech kim aybdor emas. Va men ham, ichim boshimdagi to‘zg‘igan sochlarim kabi vayron, men ham marhumlar tirilmayotgani uchun aybdor emasman. So‘zlarim u yoqlarda – yo‘llarda xushomadgo‘ylik qilib, begona qo‘llar oldida bosh egishdan to‘xtashini, garchi bu qo‘l tekkizishlar ular uchun yoqimli bo‘lsa-da, bas qilishlarini shunday istardimki! Ular birovlarga zorlanib va talab qilish o‘rniga, o‘zlari mujassamlashgan talabga aylanishlarini, pirovardida, begona erkalashlarga bo‘ysunmasdan o‘zimga qaytinglar, degan talablarimga bo‘ysunishlarini juda-juda istardim. So‘zlar shunaqa, egasiga bo‘ysunishi kerak, lekin ular buni bilmaydilar, menga quloq solmasligi shundan. Bo‘ysunishlari kerak, chunki ularni o‘z bolasidek ko‘targan kishilar (so‘zlarga mehribonchilik qilsang, ular ham shunaqangi muloyim bo‘lib qolishadiki!) bo‘ysunishmaydi, aksincha – buyruq berishadi. So‘zlarni o‘z ixtiyori bilan muloqot doirasiga kirishga chaqiradigan shiorlarni yoqqan, parcha-parcha qilib yirtgan, yo‘q qilib, bayroqlarini o‘zlari bilan olib ketgan kishilar ko‘p. Mana, shunaqa. Qancha ko‘p odam mening so‘zimga kirib, ularning qornini silasa, tuklarini paxmaytirsa, ishonuvchanligiga qarasa, men ulardan qoqilib-surilib shuncha nari qochaman; men so‘zlarimni bir umrga yo‘qotdim, ularga mendan ko‘ra yaxshiroq muomala qiladiganlarga berdim; deyarli uchib borayapman; men ularning ortidan quvishim lozim bo‘lgan yo‘l qani, o‘zi! Qanday, qayoqqa va nima uchun yugurishim kerak? Men ish qurollarimni jomadondan chiqarishim mumkin bo‘lgan joyga qanday qilib boraman; qolaversa, asboblarimni o‘sha zahotiyoq joyiga qaytib solishim kerak. U yoq – narigi tomonda, shox-shabbalar orasidan kuchsizgina nur ko‘rinadi: mening so‘zlarim birovlarga avval suykalib, keyin o‘zi ularni allalaydigan va nihoyat, o‘zlari ham allalanadigan joy o‘sha yermidi? Yoki ular yana chaqib olishga shaymi? Ularga chaqish bo‘lsa! Buni hali hech kim bilmaydi, men-ku yaxshi bilaman, ular menda uzoq yashab yurishdi-ku. Odamlar ko‘rinishidan beozor, istalgan uyda bo‘ladigan jonivorlarga o‘xshash bu maxluqlar bilan tillarini chuchuk qilib, dilkashlik qilishadi. Nega ular begona bu jonivorlarni o‘z uylariga kiritishadi? Nega bu so‘zlar hammaga ma’lum so‘zlarga o‘xshamagan bo‘lishi kerak? Boshqacha bo‘lishganda edi, ehtimol, ularni uyingga kiritish xavfli bo‘lardi. U yerlarga ulardan oldinroq o‘rnashib olgan so‘zlar bilan chiqisholmay qolishlari mumkin-da. Hayot nimaligini tushunadigan va xayrixoh odamlar qancha ko‘p bo‘lsa, mening nigohim, so‘zlarimga eltadigan yo‘llarni shunchalik topolmay qiynaladi...
So‘zlarim meni nazarda tutishmaydi, garchi men ularning onasiman. Men – yurtim tilining onasiman. Ona tili bu yerda azaldan bor, u doim mening ichimda, faqat uning otasi yo‘q. Ona tilim ko‘pincha beadablik qilardi, menga bu haqda aytishgan, biroq men tushunishni istamasdim. O‘zim aybdorman. Otamiz kichkinagina oilamizni tashlab ketdi; ona tilni yetim qilib ketdi. U haq edi. Men ham uning o‘rnida shunday qilgan bo‘lardim. Endi, ona tilim mendan qochib otasining izidan ketdi. Aytganimdek, u narigi tomonlarda. Bir vaqtlar otasi ketgan yo‘ldan o‘tayotgan odamlarga quloq tutadi... Biroq u qancha ko‘p bilsa, buning ahamiyati shuncha kam. Tabiiyki, u doimo nimalarnidir gapiradi, lekin bu hech kimga hech nima bermaydi. Va hatto mening parishonligim ham mendan voz kechadi, chunki u hech qaerda kerakmas-da. Hech kim menga ahamiyat bermaydi. Menga e’tibor bilan munosabatda bo‘lishadi-yu, lekin o‘zimga ahamiyat berishmaydi...
Biz ko‘p so‘zlar almashdik, ularning almashinuv narxi juda past, pirovardida bitta narsa qoladi, u ham bo‘lsa – dahshat!
Men nimadir dedim, u o‘sha zahoti unutildi. Fikrlarim shunga intildi, ular tezroq mendan qochib ketgisi keldi. Har kuni nimalarnidir gapirishadi-yu, lekin men aytayotganlarim haqida gapirish mumkin emasmish. Aytilgan so‘z nuqtai nazaridan, bu – razillik. Bu misli ko‘rilmagan razillik. O‘sha «aytilgan» meniki bo‘lishni xohlamaydi. «Aytilgan» «bajarilgan» bo‘lishni istaydi, odamlar «aytildi-qilindi» deb maqtashlarini xohlaydi-da. So‘zlarim avvalgidek meniki bo‘lsalar edi, nima desalar ham rozi bo‘lardim, hatto «seniki emasmiz!» deyishsa ham. Qanday qilib, ular menga bog‘lanib qolishlariga erishsamikin? Axir, boshqalarga hech nima yopishmaydi, tirg‘almaydi, shuning uchun so‘zlarimga o‘zimni taklif qilaman. Qaytinglar! Ey, mening aziz so‘zlarim, o‘zimga qaytinglar! Qayoqda! U tomonlardagi yo‘llar ustida ular men bilishim mumkin bo‘lmagan sirlarni bilib olishadi va bu haqda eshitishni istamaydiganlarga gapirib yurishadi. Men esa jon qulog‘im bilan eshitmasmidim. Shu menga lozim edi, biroq kechirasiz-u, so‘zlarim ro‘paramga kelib to‘xtashni-da xayollariga keltirmaydilar, men bilan gaplashishlari haqida esa, gap bo‘lishi mumkin emas. Mening so‘zlarim bo‘shliqda mavjud. Bu shunday bo‘shliqki, unda ko‘pchilik bor. Bo‘shliq, bu – yo‘l demak. Men ana shunaqa bo‘shliqdan ham tashqaridaman. Men bunaqa yo‘lni tark etdim...
Bu yerda nima qilayotganimni aytaymi? Men shu yerdaligimdanmi, mening aziz so‘zlarim ham nariroqlarda uzala tushib yotib olishdi. Mabodo men berkinib turgan joyimdan chiqib, ularni o‘zimga qaytarish uchun yo‘lning narigi tomoniga o‘tadigan bo‘lsam, tiraqaylab qochib qolishsa kerak. Nimaga ularni o‘zimga qaytarishim kerak, o‘zim bilmayman. Balki, ular meni o‘zlashtirib olmasliklari uchundir? Buni, balki ular, mendan qochib ketganlar, ortimdan izma-iz yurmaydiganlar bilishar? Ular boshqalarning gapiga, nigohlariga ergashadi, meni esa boshqalar bilan adashtirishmaydiyam. Ular bunaqa emas, boshqacha. Sababi shuki, ular boshqacha-da! So‘zlarimga shuning o‘zi kifoya. Eng kerakligi – men mulohaza bildirmayman. Ey, mening shiringina so‘zlarim, menga qaytmaslik uchungina boshqalarga ergashasizlar-a! Ularni ushlab ololganimda edi, men ham boshqalardan qolishmay silab-siypalagan, erkalatgan bo‘lardim. Biroq men tutib ololmasligim uchun so‘zlarim narigi tomondagi yo‘ldan yurishadi.
Qanday qilib ular bilintirmasdan qochib qolishadi? Modomiki, nimadir yo‘qolar ekan, sukunat bo‘lishi uchun nima yo‘qolishi kerak? So‘zlarim u tomonga qancha ko‘p o‘tishsa, shuncha qattiq jaranglaydi. Ular hammaning og‘zida, faqat mening lablarim ularni shivirlamaydi. Meni zulmat bosib kelayapti. Hislarim yo‘qolib, o‘tirib qolganim yo‘q, lekin meni zulmat bosayapti. So‘zlarim ortidan tun va zulmat aro qarab qolgancha, holdan toyaman, yorug‘lik yordamida kimnidir jalb qilaman va o‘zimni o‘zim yoritaman, gir aylanib, qorong‘ida goh uni, goh buni ilg‘ayman, yoritdim nima-yu, yoritmadim nima, ular bundan qat’i nazar, mavjud. Bu mayoq hech kimga yordam bermaydi, garchi kimdir suvga cho‘kib o‘lmasligi uchun uning yordamiga muhtoj. Men so‘zlarimni zo‘r berib o‘chirishga intilsam, ular shuncha o‘jarlik bilan alangalanadi.
O‘zing aytgan so‘zlarga ham juda yaqinlashish mumkin emas, bu – da’vat, ular o‘zini-o‘zi himoya qila oladilar, quloqlarni kar qilgudek baqiradilar-ki, ishqilib, ular aytayotganlarni kimdir shipshib turganini hech kim sezmasin. So‘zlarim menga va’dalar berib yo‘ldan urmoqchi bo‘ladilar-u, maqsadlari boshqa yoqda – nima qilsam ham ularga yaqinlashmasam bo‘lgani. Ulardan narida qoladigan bo‘lsam, menga hamma narsani va’da qilishadi. Millionlab odam yaqinlashsa mayli-yu, faqat, men emas! Meniki bo‘la turib shunday deyishadi-ya! Bunga nima deysiz! Nima qilishni o‘zim ham bilmayman. So‘zlarim kelib chiqishini unutib qo‘yishgan bo‘lsa kerak, boshqa nimayam derdim. Ular qachondir mening bag‘rimda murg‘akkina edi, endi shunday katta bo‘lib ketishganki, ta’riflash qiyin! O‘zim ham ularni bazo‘r taniyman. Ularni, mana bu-u-unday zig‘irtakligidan bilaman. Ular mening bolalarim edi, hammasi tinch-osoyish edi. Endi bo‘lsa, mana bunaqa barzangi bo‘lib ketishibdi. Endi ular mening bolalarim emas. Bola ulg‘aymadi, shunchaki o‘sib ketdi, hali mening rahnamoligimdan qutulmaganini, mendan ajrab ketmaganini tushunmaydi, shunga qaramay, uni allalagan bilan qutulib bo‘lmaydi. O‘zini o‘z ovozi bilan garang qilgancha uyg‘oq, o‘zidan qattiqroq baqirganlarning ovozini bosib ketar darajada baqiradi. So‘zlarimning ovozi aql bovar qilmaydigan cho‘qqilarga ko‘tariladi. Bunaqa ovozni eshitishga hech kim toqat qilolmaydi, desam ishonavering! Bunday bolalarim bilan faxrlanmayman, iltimos, so‘zlarimga ishoning! Ular juda kichkina paytlarda bir umr shunday yuvoshligicha qolib ketishlarini istardim. Hali ham, ular birovlarning ustiga quyunday yopirilishlarini, birovlarning ularga jazavaga tushib hayqirishlarini, qo‘llarini siltab o‘qtalishlari-yu og‘ir narsalar bilan hamla qilishga urinishlarini istamayman. Mening so‘zlarim bunday buyumlarni qo‘lda tutolmaydilar, ular jismonan baquvvat emaslar, bunda mening aybim bor. Ular hech narsani tutib ololmaydilar. So‘z bilan hamla qila oladilar-u, lekin qo‘l bilan ushlolmaydilar. Men esa ularning qopqonida qolaveraman, garchi meni tashlab ketgan bo‘lsalar ham. Men, o‘z so‘zlarimning asirasiman, ular men qamalgan joyni qo‘riqlashadi. G‘alati-yu, ular menga umuman qarashmayapti! Menga shunchalar ishonishganmidi? Men qochib ketmasligimga ishonadilar, shuning uchun mendan qochib ketish oson deb o‘ylaydilar, shekilli. Mayli, mendan qochib ketaverishsin, bari bir, meni hech qachon yo‘qotishmaydi. Men doim ularning qo‘li yetadigan joydaman, ular esa – aksincha. Men qolaveraman.
Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 3-son.