OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Emil Zolya. Toshqin (hikoya)

I

Kamina Lui Rube bo‘laman. Yoshim yetmishda. Tuluzadan bir necha chaqirim olisda oqadigan Garonnaning yuqori qirg‘oqlarida joylashgan Sen-Jori qishlog‘idanman. O‘y to‘rt yoshimda tuzliq-to‘rva bo‘ynimdan tutdiyu o‘zimga hamda oilamizdagilarga rizq-ro‘z topish payiga tushdim; hayriyat farovon kunlar ham yetib keldi. Oz muddat ichida viloyatimizdagi eng davlatmand fermerga aylanib qoldim.
Bizning uyimizdan ham xudo xayru saxovatini ayamadi. Boshimizga baxt qushi qo‘ndi; quyosh umrimizga yo‘ldosh ekanidan biron marta ham yerdan kam hosil olgan yilimizni eslay olmayman. Fermamizda o‘n jon bo‘lib, hammasi bir-biriga muruvvat ko‘rsatib yashardi. Eng avvalo o‘zim, azamatlarning azamatiman, ishda yoshlardan qolishmayman; so‘ng kenja ukam Per — qari bo‘ydoq, iste’fodagi serjant; erining o‘limidan keyin biznikiga ko‘chib kelgan xo‘ppasemiz singlim Agata — juda ham shaddod, masrur — kulganida qahqahasi butun qishloqqa eshitilib turadi. Shunday qilib tomirimiz tarmoq otardi. O‘g‘lim Jak, uning xotini Roza hamda uch qizi — Ema, Veronika va Mariya; to‘ng‘ichi Ema norg‘ul yigit Siprian Buisonga turmushga chiqqan, undan ikki farzand ko‘rgan, biri ikki yashar, boshqasi o‘n oylik; oq-sariqdan kelgan kenja qizi qishloqda emas, xuddi shaharda tug‘ilgandek. Men — buva, eng katta buva edim. Dasturxon tevaragida singlim Agata o‘ng tarafimda, ukam Per so‘l tarafimda o‘tirar, atrofimni kattadan kichikkacha, hatto o‘n oylik nabiramgacha o‘rab olishar, u yigitlarday duppa-durust xo‘rillatib sho‘rva ichardi. Bolalarning qoshiqlarni taraqa-turuq qilishlarini ko‘rsangiz edi! Qachonki, kichkintoylarim qo‘lchalarini cho‘zganlaricha baqirib-chaqirib:
— Buva, non olib beri-ing! Buvajon, yana non olib bering! — deyishganida qonimda faxr va quvonch jo‘sh urib ketardi.
Ajoyib kunlar edi! Hayotimizda mehnat bilan qo‘shiq uyg‘un edi. Oqshomlari Per har xil o‘yinlar o‘ylab topar, polkdoshlari haqida hikoyalar aytib berardi. Agata xolalari bozor kunlari qizlarimiz uchun quymoqqa qorilgan nonlar yopib berardi. Mariya ingichka ovozda oyatlarni qiroat qilar, zar zulflari bo‘ynini tutib, qo‘lini tizzasiga qo‘yib o‘tirganida naq farishtaga o‘xshab ketardi. Ema Siprianga turmushga chiqqanidan so‘ng men uyimizni ikki qavatli qilishga jazm etdim. Veronika bilan Gasparning unashtirilishidan keyin esa uchinchi qavatni tiklashni, xullas osmonga yetguncha qavatma-qavat qo‘shib boraverishni o‘zimcha hazil aralash mo‘ljalga kiritib qo‘ygan edim. Biz bir-birlarimizdan ajralishni istamas, turmush shunday kechaversa fermaga ulab butun boshli shahar barpo etishimiz mumkin edi. Oilada hamjihatlik hukmron ekan, o‘z uy-joyingda umringni yashab, oshingni oshab jon berishga nima yetsin!
Bu yilgi may oyi juda quvonchli keldi. Paykallarimizda xuddi bodroqday bodrab hosil yetishgan edi. O‘g‘lim Jak bidan birga tasarrufimizdagi yerlarni aylandik. Biz soat uchlarda yo‘lga chiqqan edik. Garonna qirg‘oqlari bo‘ylab yastanib yotgan yaylovlar — yashil gilam, o‘t-o‘lan belga tepadi, o‘tgan yili o‘tqazilgan tollarning bo‘yi chamasi bir metrga ko‘tarilgan. Mayda uchastkalardagi bug‘doyzor va uzumzorlarni ham ko‘zdan kechirdik; bo‘liq bug‘doy boshoqlari mo‘l hosildan darak berardi. Jak xaxolab kularkan, yelkamni quchib qo‘ydi:
— Buni qarang-a, otaxon! Endi nonga ham, shira-sharbatga ham rosa to‘yadigan bo‘libmiz! Xudo bizga yor bo‘lib, tuprog‘imizni oltin yomg‘iri bilan namlagan ko‘rinadi!
Biz allaqachon unut bo‘lgan muhtojliklarimiz ustidan kulardik. Jak to‘g‘ri aytadi, balki xudoning, balki boshqa biron bir nabining nazari tushgandirki, atrofdagi, odamlardan ko‘ra ko‘proq menga omad kulib boqqan edi. Qachon do‘l yog‘sa, bizni chetlab o‘tardi. Bordiyu qo‘shnining uzumzorlariga kasallik tushsa, guyo to‘siq o‘rnatilganday, biznikiga yaqin yo‘lamasdi. Qisqasi, men buni haqiqatda ham shunaqa bo‘lishi kerakligiga yo‘ydim — axir men hech kimga yomonlik, g‘arazgo‘ylik qilmaganman, demak to‘laqonli baxtga munosibman.
Qaytishda tasarrufimizdagi maydonlarni kesib o‘tib, qishloqning narigi tarafidan yurdik. Tutlar yashnab qiyg‘och barg yozgan. Gurunglashib, rejalashib borayotibmiz. Ko‘proq pul jamg‘arsak, biz yana yer xarid qilamiz, pirovardida vohaning katta qismini egallab olamiz. Bordiyu biz kutgandek hosil mo‘l-ko‘l bo‘lib bersa, orzularimizning ro‘yobga chiqishi muqarrar.
Uyiga yaqinlashib qolganimizda Roza paydo bo‘lib, qo‘lini havolatgancha bizni chaqira boshladi:
— Tezroq, tezroq yuringlar!
Sigirimiz tuqqan ekan. Uy shov-shuvga to‘lib ketgan, baqaloq Agata hovlida lapanglab yurar, qizlar esa buzoqchadan ko‘z uzishmas edi. Bu ham xudoning marhamatidan boshqa narsa emas. Yaqindagina qo‘rani boshqatdan qurgan edik — axir podada yuzdan ziyod mol bor, sigirlar, eng ko‘pi qo‘y bo‘lib, yilqilar ham anchagina.
— O-ho, ezgulik-ku! — qichqirdim men. — Bu oqshom asil vinodan bir shisha ichadigan bo‘libmiz-da.
Roza bizni chetga tortib, Veronikamiz mahbubi Gasparning nikoh kunini aniqlab olishga kelganini aytdi. Veronika uni tushlikka taklif qilgan ekan. Gaspar moranjlik fermerning to‘ng‘ich o‘g‘li, yigirma yoshli barzangi, vohada hayratomuz kuchi bilan dong qozongan; hatto bir safar Tuluzadagi bayramda «janub qoploni» deyishadigan Marsialning ham adabini bergan. Shunday bo‘lsa-da, Gaspar — bolalarday ma’sum, ko‘ngli beg‘ubor — buning ustiga, nihoyatda uyatchan ediki, Veronikaning ko‘zi unga tushishi hamono rangi boshqacha bo‘lib ketardi.
Gaspar hovlida xizmatkorlarga choyshablarni yoyishda ko‘maklashardi. Rozadan uni chaqirib qo‘yishni iltimos qildim. U oshxonaga kirishi bilan Jak menga o‘girilib:
— Ota, gapni boshlang, — dedi.
— Yaxshi yuribsanmi, o‘g‘lim, — deya Gasparga murojaat qildim. — Demak, nikoh kunini belgilashimiz kerak... Shunga kelgansan?
— Ha, Rub’e bobo...
— I-ya, i-ya, nimaga qizarasan, — dedim. — Menga qolsa to‘ylaring avliyo Felistaning tug‘ilgan kuni — o‘ninchi iyulda bo‘laqolsin. Bugun yigirma uchinchi iyun, demak, bor-yo‘g‘i uch hafta kutishga to‘g‘ri keladi. Ha, bechora rahmatli xotinimni ham Felista deyishardi, u sizlarga baxt keltiradi. Maylimi?
— Juda soz, avliyo Felistaning tug‘ilgan kuni bo‘lgani ma’qul.
U, Per va menga qo‘lini cho‘zib, barmoqlarimizni shunaqangi qisdiki, suyaklari qisirlab ketdi. So‘ng Rozani o‘pib, uni onajon deb atadi. Bu bo‘ychan, cho‘ng mushtli yigitning Veronikaga qattiq ishqi tushgan ekan, maboda biz bu gapni bekor qiladigan bo‘lsak, alamidan hushdan ketib qolishini tan oldi.
— Endi, — deya davom etdim men, — biz bilan tushlik qilasan... Siz bolatoylar, qani, tezda dasturxonga yaqinlashinglar-chi! O‘zim ham rosa ochiqibman-da!
O‘sha oqshom biz dasturxon atrofiga o‘n bir kishi yig‘ildik. Gasparga Veronikaning yonidan joy berdik; u mahbubasidan ko‘z olmas, ovqatni ham unutgan, azbaroyi hayajonlanganidan kipriklariga ingan yoshni ham payqamas edi. Siprian bilan Ema bir-birlariga qarashib, jilmayib qo‘yishardi, — ularning ham turmush qurganlariga uch yil bo‘ldi, xolos. Yigirma besh yildan beri birga yashayotgan Jak bilan Roza esa o‘ta nazokat bilan sevishganlarga o‘g‘rincha boqishardi. Men bo‘lsam, bu oshiq-ma’shuqlarning baxti oilamiz dasturxonini go‘yo jannatning bir burjiga aylantirganidan quvonar, ularga tikilarkanman, yangidan qo‘lga kiritgan yoshligim ham o‘tib ketayotganidan tashvishlanardim.
Eh-he, huzur qilib ovqatlangan edik, o‘sha oqshom! Kulgisini odatda ichiga yutib yuradigan Agata xolaning jag‘i-jag‘iga tegmas, hazil-huzulining poyoni yo‘q edi. Keyin Per Lionda boshidan kechirgan — bir qiz bilan muhabbati sarguzashtlarini aytib bermoqchi bo‘ldi. Baxtimizga meva olib kelishdiyu hamma birdan gapdan qoldi. Men yerto‘ladan ikki shisha vino olib chiqdim. Bo‘lg‘usi kelin-kuyovning muvaffaqiyatlari uchun ichdik: bizda muvaffaqiyati uchun deyishadi, bu — janjalsiz yashash, bir etak bola ko‘rish va aqchadonini to‘ldirish demak. Shodiyona boshlandi. Gasparimiz tushgur sevgi haqidagi qo‘shiqlarni chunonam qotirib aytarkanki, asti qo‘yavering. Mariya ham chetda qolmadi: u diniy madhiyalarni tik turib, ingichka, mayin ovozda xirgoyi qildi.
Men o‘rnimdan qo‘zg‘alib derazaga yaqinlagan edim, orqamdan Gaspar ergashib qoldi.
— Silar tomonda qanday yangiliklar bor? — so‘radim undan.
— Yangiliklar yo‘q hisobi, — deya javob berdi u. — Ko‘pchilik keyingi kunlardagi jala haqida gapirishyapti, biron bir falokat ro‘y bermasa go‘rga edi, degan xavotirga tushishgan.
Darhaqiqat, ikki kundan oshdi: vaqti-vaqti bilan jala quyib turardi. Bir kechadayoq Garonnada suv keskin ko‘tarilgan, biroq hali bizga xavf solmas — qirg‘og‘ini yuvmagan, demak, cho‘chishning o‘rni yo‘q; daryo shunchalik keng yoyilgan va sokin ediki, u bizga xuddi mushfiq bir qo‘shnidek beminnat xizmatda edi. Boz ustiga, dehqonlar tug‘ilib-o‘sgan joylarini, qulab tushay deb turgan uylarini istar-istamas tark etishardi.
— Hechqisi yo‘q, — xitob qildim men, — hammasi joyida bo‘ladi! Bunday hol har yili bo‘lib turipti: daryo yamlamay yutadigandek qutiradiyu keyin, qarabsanki, bir kechadayoq tinchib, xuddi beozor qo‘zichoqdek qirg‘oqqa bosh qo‘yadi. Meni aytdi dersan, o‘g‘lim, bu gal ham zararsiz o‘tib ketadi... Havoning musaffoligini qara!
Men unga osmonni nuqib ko‘rsatdim. Quyosh botgan, soat yettiga jom urmoqda edi. Ranglar jilolanadi! Osmon ko‘m-ko‘k, bepoyon kenglikka moviy chodir to‘shalgandek, ufqdagi quyosh nurlari xuddi oltin chang-kukunlaridek tovlanadi. Guyo ko‘kdan qandaydir sokin bir quvonch yog‘ayotgandek. Qishloqda hech qachon bunday sokinlik hukm surmagan bo‘lsa kerak. Shafaq cherepitsa-tomlarni binafsha tusiga kiritgan. Qo‘shnilar qahqahasiga yo‘lda ketayotgan bolalarning gangir-gungir ovozlari qo‘shildi, olisdan qishloqqa poda qaytardi: baa... mo‘o‘...
Garonna tahdidli hayqirar, ammo bu hayqiriq menga boshqa ovozlar singari tabiiy bo‘lib tuyular — uning gumbur-gumburiga chamasi ko‘nikib qolgan edim. Osmon bo‘zardi, qishloq esa mudrardi. Farahbaxsh kun oqshomga bo‘yin burgan, oilamizning iqboli, mo‘l hosil nashidasi, farovonlik, Veronikaning nikohlanishi — hamma-hammasi o‘zi bilan birga musaffo, tiniq oqshom nurlarini olib kelayotganday tuyulardi menga.
Men deraza yonidan nari ketdim. Qizlar gurunglashib o‘tirar, biz ularning gaplarini kulimsiragancha eshitardik. Nogahon, qishloq sukunatini buzib, ko‘ngilga vahim, o‘lim dahshatini soluvchi shovqin-hayqiriq keldi:
— Garonna! Garonna!..

II

Biz hovliga otilib chiqdik.
Qishlog‘imiz, Sen-Jori jarlikda, Garonna sathidan besh yuz metr chamasi pastlikda joylashgan. Daryo maysazorda bo‘y qo‘ygan baland teraklardan narida, Biz hech narsani ko‘rmas, qulog‘imiz ostida hamon o‘sha dahshatli nido yangrardi:
— Garonna! Garonna!..
Kutilmaganda katta yo‘lda ikki erkak bilan uch ayol ko‘rindi: ayollardan biri bolasini ko‘tarib olgan. Ular yonimizdan o‘tayotib, hamon qichqirardilar. Ahyon-ahyonda ortlariga qarab qo‘yishar, xuddi bo‘rilar galasi quvib kelayotganday, zo‘r berib chopishardi.
— Bu nima? Ularga biron narsa bo‘libdimi? — so‘radi Siprian. — Nima gap ekan, buva?
— Bilmadim, bilmadim, — dedim men. — Daraxt barglari ham qilt etayotgani yo‘q, hatto.
Chindan ham borliq mudroq bir holatda edi. Shu gap ko‘nglimdan o‘tgan ediki, sodir bo‘lgan dahshatdan hammamiz birvarakayiga baqirib yubordik. Teraklar orasidan bexos rang-quti o‘chgan qochoq itlar galasi otilib chiqqanday bo‘ldi; to‘rt tarafdan yopirilib kelgan to‘lqinlarga to‘lqinlar ergashar, daryo yerni to‘zitgancha shiddatli oqardi. Endi biz ham beixtiyor baqirib yubordik:
— Garonna! Garonna!..
Ikki erkak va uch ayol hamon yo‘lda chopib borishmoqda. Oqim kuchaygandan kuchayar, atrofni miltiqlarning gumburlashiga o‘xshash sado tutgan edi. Suv birinchi duch kelgan zabardast uchta terakka urildi, terak shoxlari bir zum ko‘rindiyu g‘oyib bo‘ldi. So‘ng to‘lqinlar sinchli kulbani domiga tortdi; devorlar qulab tushdi, hovlidagi aravalar pista po‘chog‘idek oqib borardi. Oqim asosan qochoqlarning ortidan quvayotganday edi. Yo‘lning burilishida, tik nishablikda, daryo teng ikkiga bo‘linib, qochoqlarning barcha chekinish yo‘llarini to‘sib qo‘ydi. Ular aqldan ozib, baqirishiga ham madorlari yetmay, suv kechgancha hamon chopib borardilar. Oxiri ulkan to‘lqin zarb bilan bolali ayolni yiqitdi. Birin-ketin qolganlari ham ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
— Tezroq! Tezroq!— deya qichqirdim men. — Tezroq uyga kiringlar! Uyimiz mustahkam, qo‘rquvga hojat yo‘q.
Ehtiyotkorlik yuzasidan darhol yuqori qavatga chiqishga shoshildik. Dastlab ayollarga yo‘l berdik. Oilamizdagilarning xohishlariga qaramasdan men eng keyinda borardim. Uy tepalikda, yo‘ldan ancha balandda qurilgan edi. Suv jimir-jimir qilib hovliga oqib kirdi. Shunday bo‘lsa-da, biz unchalik sarosimaga tushmadik.
— Hech narsa bo‘lmaydi, — dedi Jak birodarlarini xotirjam qilish uchun. — O‘tib ketadi... Ota, eslaysizmi, ellik beshinchi yili ham hovlini mana shunday suv bosgan, bir fut ko‘tarilib, keyin pasaygan edi.
— Baribir hosilni payhon qiladigan bo‘ldi... — dedi Siprian siniq tovushda.
— Yo‘q, yo‘q, hech narsa qilmaydi, — qo‘rquvdan baqrayib qolgan qizlarga qarab, e’tiroz bildirdim men.
Ema kichkintoylarini karavotlarga yotqizdi. Keyin bolalarining bosh tomoniga o‘tirdi, uning yonidan Veronika bilan Mariya joy olishdi. Agata xola yonidagilardan o‘zi bilan olib chiqqan vinoni ilitishlarini iltimos qildi, — bir qultumi kishi kayfiyatini ko‘taradi-da. Jak bilan Roza tashqaridan ko‘z uzishmaydi. Men ukam bilan, Siprian Gaspar bilan boshqa deraza oldida o‘tiribmiz.
— Yuqoriga chiqinglar! — deya hovli o‘rtasida, suv kechib yurgan oqsochlarga baqirdim. — Shilta bo‘lishning hojati yo‘q u yerda!
— Mol-hollarni nima qilamiz? — deyishdi ular. — Hurkib bir-birlarini ezib qo‘yishadi-ku!
— Chiqinglar dedimmi, chiqinglar... Naryog‘i bir gap bo‘lar. Bordiyu falokat qaytmasa, baribir mollarni saqlab qolishning iloji bo‘lmaydi.
Men o‘zimiznikilarni qo‘rqitmoqchi emasdim. O‘zimni bardam tutib, ularga taskin bermoqchi bo‘lardim. Deraza tokchasiga tirsagimni tirab olib, ukam, nabiram va Gaspar bilan suhbatlashamanu ayni paytda suvning ko‘tarilib borishini kuzataman. Daryo butun qishloqni — jin ko‘chalardan tortib, o‘nqir-cho‘nqirlarigacha yutib bo‘ldi.
Haligina dahshat solib hayqirgan to‘lqinlar endi shashti qaytib, o‘tib bo‘lmas to‘siqlarga aylana boshlagan edi. Sen-Jori qishlog‘i joylashgan jarlik ko‘lga aylandi-qoldi. Hovlimizni chamasi bir metr balandlikda suv bosdi. Garchi uning tobora ko‘tarilayotganini ko‘rib tursam ham, dahshat o‘tdi, ana-mana pasayadi, degan gaplarni qilaman.
— O‘g‘lim, agar bir necha soat ichida suv tortib ketmasa, — deya Gasparga murojaat qildim, — biznikida yotib qolishingga to‘g‘ri keladi. Bemalol.
U menga bir qarab qo‘ydiyu miq etmadi. Keyin yuzi bo‘zarib, chuqur xo‘rsinib oldida, Veronikaga ko‘z tashladi.
Soat to‘qqiz yarimlar atrofida. Hali qorong‘ilik tushmagan. Osmondan yurakni g‘ash qiladigan oqish nur yog‘ilib turardi. Yuqoriga ko‘tarilayotganlarida xizmatkorlar o‘zlari bilan ikkita chiroqni olivolishni unutmagan ekanlar, men ularni biz o‘tirgan xona qorong‘ilashganda, dilgir alamlarimizni bir oz yoritar, degan umidda yoqishga amr qildim. Agata stolni o‘rtaga surib qarta chiylay boshladi. U ham avvalo bolalardagi noxush xayollarni chalg‘itmoqchi bo‘lardi. Ba’zan uning nigohi men bilan to‘qnash kelib qolardi; xushchaqchaqligi bilan hammaga birdamlik in’om etar, qo‘rquvni yengish uchun kulardi. U Ema, Veronika, Mariyani stol atrofiga o‘tirishga majbur qildi. Qarta o‘ynay boshladik. Agataning o‘zini tutishini ko‘rsangiz, yolg‘ondakam ishtiyoq bilan qartalarni chiylar, yutuqlarni yig‘ishtirib olar, hazillashar va bostirib kelayotgan suvning shovqinini eshittirmaydigan darajada jag‘i-jag‘iga tegmay gapirardi. Lekin qizlar xotirjam o‘tirisholmasdi: ranglari so‘lg‘in, qo‘llarini bukkanlaricha tashqarida nima bo‘layotganidan ogoh bo‘lib turishar, o‘yin har soniyada to‘xtab qolardi. Ulardan biri menga o‘girilib:
— Suvning shashti qaytmadimikin, buva? — deb so‘radi siniq tovushda.
Suv sathi dam sayin shiddat-la ko‘tarilardi. Men ularga hazil aralash javob qildim:.
— O‘yinlaringni bemalol o‘ynayveringlar, suv ko‘tarilib qayoqqa ham borardi.
Hech qachon yuragimni bunchalik besaranjomlik qamramagan edi. Dahshatli manzarani ojizalarga ko‘rsatmaslik uchun biz erkaklar atayin deraza yoniga turib olganmiz. Goho xona tomon o‘girilib jilmaygan bo‘lamiz — bir zaylda yonayotgan chiroq, stol ustida halqa-halqa nur... Ko‘z oldimizda yalpi muhabbat koshonasi oilaviy saranjom-sarishtalik. Xonada sukunat hukmron, tashqarida esa quturgan daryo suvi tobora ko‘tarilib borardi._
— Lui, — dedi ukam Per, suv derazagacha uch fut qolibdi. Biron chora ko‘rmasak bo‘lmaydi.
Men uni jim bo‘lishga undab, qo‘lini chimchilab qo‘ydim. Ammo yaqinlashib kelayotgan dahshatni yashirishning endi iloji yo‘q edi. Alhol qo‘ylarning ma’rashi, mollarning mo‘rashi, yilqilarning kishnashi eshitilib qoldi, qachonki, yilqilar kulfat yaqinlashsa shunday pishqirishadi, kishnashadi...
— Xudoyim-ey! Voy xudoyim-ey! Ema butun vujudi qaltirab, qo‘lini viski to‘la stakanga tiragancha o‘rnidan to‘rdi. Ojizalar gur etib derazaga yaqinlashishdi, lekin churq etmasdan shu yerda to‘xtab qolishdi: qo‘rquvdan ularning sochlari tikka bo‘lib ketgan edi.Oqshom. Loyqa suv ustida xira nur qalqib turar, bo‘zargan osmon tubida zamin xuddi chang-chungi qoqilgan gilamdek ko‘zga chalinardi. Olisda pag‘a-pag‘a tutun osmonga o‘rlaydi. Zumda borliqni tuman qopladi, dahshat solgan kun nihoyasiga yetib, ajal keltiradigan tun boshlandi; odamlar tovushi eshitilmas, faqatgina bepoyon dengizga qo‘yilayotgan daryo shovullashi hamda cho‘kayotgan jonivorlarning ma’rashi, bo‘kirishi quloqqa chalinardi.
— Xudoyim-ey! Xudoyim-ey!.. — shivirlashdi ojizalar siniq, ayanchli tovushda.
Kuchli qarsillash ularning munojotlarini tutib ketdi. Mol-hollar jon holatda og‘ilu otxonalar eshiklarini sindirib yuborgan edi. Baribir najot yo‘li yo‘q: suv, suv... Ko‘y-qo‘zilarni girdob xazondek chir aylantiradi, sigirlar va yilqilar esa oqim bilan kurashib oldinga talpinadilar, biroq muallaq qolgani hamono g‘arq bo‘ladilar. Ayniqsa, bo‘z otimiz o‘lim oldida o‘zini mardonavor tutdi — quloqlarini ding qilib pishqirishini ko‘rsangiz — yo‘q, oxiri oqim uni ham adoyi tamom qildi.
Biz birinchi bor umidsiz xitoblardan o‘zimizni tutib qololmadik; ko‘zyoshlarimiz beixtiyor tomog‘imizga tiqilib qoldi. Jonimiz boricha baqirib-chaqirgimiz kelardi. Oilamiz uchun qadrli bo‘lgan, cho‘kib borayotgan mulkimizga qo‘llarimizni cho‘zgancha botinan yig‘lardik, nolayu afg‘onimizni tiyib turishga madorimiz qolmagan edi. O, bu xonavayronlik! Hosil yakson bo‘ldi, mol-hol cho‘kib bitdi; o‘zimiz bo‘lsak behushu besar edik. Xudoda ham adolat yo‘q: biz unga hech shak keltirmagandik, u esa butun borlig‘imizni tortib oldi... Men ko‘kka musht o‘qtalib nido qildim. Bizga ato qilingan, hozirgina tassarufimizda bo‘lgan bug‘doyzorlar, tokzorlar, sayribog‘larimiz qani?! Oftobning beozor botishi, lojuvard oqshom — hamma-hammasi nahot yolg‘on bo‘lsa?! Suv dam sayin ko‘tarilardi.
— Lui, — dedi ukam Per menga, — biron chora ko‘rmasak bo‘lmaydi, suv derazaning tagigacha chiqdi.
Bu so‘z bizni hushimizga keltirdi. Men o‘zimni o‘nglab, yelkamni qisgancha dedim:
— Pul — qo‘lning kiri. Birga bo‘lsak, bunday tashvishlar hech gapmas... Ishga kirishishimiz bilanoq o‘rni to‘lib ketadi.
— Ha, albatta, siz haqsiz, ota! — Jak hayajon bilan xitob qildi.
— Devorlar mustahkam, bizga hech narsa qilmaydi. Zo‘r kelsa tomga chiqamiz.
Bu joy biz uchun so‘nggi boshpana edi. Suv shiddat bilan zinama-zina ko‘tarilar, eshikka daf qilardi. Xavfli daqiqalarda jamuljam bo‘lish ilinjida bir-birimizdan bir qadam ham ortda qolmay chordoq tomon intildik. Banogoh Siprian yo‘qolib qoldi. Men uni chaqirgan edim — u qo‘shni xonadan, yuzi gezarib ketgan holda chiqdi. Oqsochlar yo‘qligini fahmlab, ularni kutmoqchi bo‘lgan edik, Siprian menga g‘alati qarab, sekingina:
— Halok bo‘lishdi... Ular turgan xona tagidagi saroy o‘pirilib tushdi... — dedi,
Bilishimcha, bechora qizlar sandiqchalaridagi omonotlarini olishga tushishgan.
Siprianning shivirlab aytishicha, narigi binoga narvonni ko‘prik qilib o‘tganlar. Men unga hech kimga hech narsa demasligini tayinladim. A’zoi badanim muz bo‘lib ketdi, uyimizda o‘lim sharpasi... Xonadan chiqarkanmiz aqalli chiroqni o‘chirish esimizga tushmabdi. Stol ustida qartalar sochilib yotardi. Xonani bir metr suv bosgan edi.

III

Baxtimizga tom keng va yassi edi. Amal-taqal qilib tuynuk orqali chiqdik. Hammamiz shu yerda joylashdik, ojizalar o‘tirib olishdi. Erkaklar atrofdan boxabar bo‘lish uchun cherepitsalar ustidan yurib, uyning ikki tomonida bo‘y cho‘zgan mo‘rilar oldiga borib turishdi. Men bo‘lsam tuynukka tayanganimcha qeng ufqqa nazar solaman.
— Yordam yetib keladi, bunga ishonchim komil, — dedim bardamlik bilan, — Sentenaliklarning qayig‘i bor. Hali zamon suzib kelishsa ajab emas... Anaviga qaranglar, huv suvda chiroq pordlayaptimi, a?
Atrofimdagilar miq etishmadi. Per nima qilayotganini o‘zi bilmagan holda sarxonasini bo‘riqtirib g‘azab bilan chekar, har tortganida mushtugining bir chetidan tufurardi. Jak bilan Siprian mungli bir ahvolda olis-olislarga tikilishar, Gaspar esa qo‘llarini musht qilgancha mushkul ahvoldan chiqishning ilojini qidirayotgandek tom ustida u yoqdan-bu yoqqa chopardi. Ojizalar g‘uj bo‘lib, sovuqdan dir-dir titraganlaricha hech narsani ko‘rmaslik niyatida yuzlarini qo‘llari bilan bekitib o‘tirishardi. To‘satdan Roza boshini ko‘tardi-da, atrofga nazar tashlab, so‘radi:
— Oqsochlar qaerda? Nega ular bu yoqqa kelishmayapti?
Men javob berishdan ojiz edim. Shunda u ko‘zimga tik qarab qistovga oldi:
— Oqsochlar qaerda qolishdi, deyapman?
Yolg‘ondakam bir narsa deyish qo‘limdan kelmadi, yuzimni chetga burdim. Hammadan avval meni qamrab olgan o‘lim talvasasi ayollaru jondan shirin qizlarga ham yuqqanini sezdim. Ular nima bo‘layotganini bilib turardilar. Mariya o‘rnidan dast turib, titragancha nafas oldida, ko‘zyoshlarini to‘ka-to‘ka xumordan chiqdi. Ema kuylagi aralash bolalarini ko‘kragiga bosgancha har qanday ofatga dosh beradiganday tik qolgan. Veronika hamon ko‘zini qo‘llari bilan to‘sgan. Hatto hamisha o‘zini quvnoq tutadigan Agata xolaning ham endi rangida rang qolmagan: munojot o‘qiydi, cho‘qinadi.
Ko‘z oldimizdagi sovuq manzara yanada kengayib borardi. Shaffof yoz tuni kirgan. Oy hali chiqmagan, biroq ko‘m-ko‘k osmonga sochilgan yulduzlar shu’lalanib turardi. Oqshom tunga o‘rin bermayotganday. So‘ngsiz osmon quchog‘ida suv; u yulduzlarning xira shu’lasida jilvalanadi. Zamin qorasini ko‘rsatmas, butun o‘lkani borlig‘icha suv yutib yuborgandek. Falokat bir zumgina yodimdan ko‘tarildi. Qaysi bir oqshom, Marselda xuddi shunday dengizni ko‘rganim, hayratga tushganimni esladim.
— Suv ko‘tarilyapti, suv ko‘tarilyapti, — ukam Per mushtugini qattiq tishlagancha dam-badam shu so‘zni takrorlardi.
Tomdan bir metrcha atrof suv. Uning sokin tortgan yuzi ko‘rinmasa ham oqimi, shiddati eshitilib turadi. Yon-atrofimdagi tepaliklar daryo qirg‘og‘idan unchalik baland emasligini bilaman. Bir soatdirki, toshqin ochiq dahshat sola boshladi. Suv yuzida daraxtlar, bo‘chkalar, bog‘-bog‘ pichanlar qalqigan. Uzoq-uzoqlarda qasira-qusir qilib uylar, daraxtlar qulaydi — shag‘al to‘kayotgan aravalarmi deysiz...
Ojizalarning ohu nolalaridan Jakning bardoshi tugadi.
— Bu yerda turishimiz mumkin emas. Omon qolishning biron yo‘lini topaylik... Ota, sizga yalinib yolvoraman, bir narsa deng!
— Ha, to‘g‘ri aytasan, harakat qilishimiz kerak... — dedim ming‘irlab.
Biroq nima qilarimizni bilolmasdik. Gaspar Veronikani opichib olib suzmoqchi bo‘ldi. Per sol yasashni taklif qildi. Bu g‘irt jinnilik edi.
— Agar cherkovgacha yetib olishning imkoni bo‘lganda edi, — dedi nihoyat Siprian.
Suv yuzida to‘rt qubbalik cherkov ko‘rinib turardi. U bizdan yetti qo‘rg‘on narida: qishloq chetida qad ko‘targan fermamiz imoratlariga tutashgan. Nahotki, tomma-tom oshib cherkov binosiga yetib olish mumkin bo‘lmasa? Borgandan keyin cherkov ichiga tushib olish qiyin emas. Aftidan ko‘pchilik o‘sha yerda panoh topgan bo‘lsa kerak, chunki qo‘shni tomlar usti bo‘m-bo‘sh, boz ustiga jomxonadan ovozlar eshitilib turardi. Lekin unga yetib olish uchun qator to‘siqlarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keladi!
— Buning iloji yo‘q, — dedi Per. — Remboning uyi bir oz baland, buning uchun narvonlar kerak.
— Men borib ko‘ray-chi, — taklif qildi Siprian. — Maboda u yoqqa o‘tishning iloji bo‘lmasa, qaytib kelaman, bordiyu iloji topilsa birga jo‘naymiz, ayollarni ko‘tarib olamiz.
Men rozilik berdim. U haq edi. Bo‘lishi mumkin emasdek tuyulgan narsani amalga oshirishimiz kerak. Siprian mo‘rilar mahkamlangan temir tutqich yordamida qo‘shni uyga yetib olgan ham ediki, xotini boshini ko‘tara uvvos soldi:
— Qani u? Yolg‘iz qolishni xohlamayman. Birga yashadikmi, birga o‘lishimiz kerak.
Ema erining tomda ekanini payqadi. U bolalarini qo‘ldan qo‘ymay, cherepitsalar ustidan chopib ketdi.
— Siprian, kutib tur, — derdi u, — men oldingga boryapman, sen bilan birga o‘lmoqchiman.
U matonat bilan oldinga intilardi. Eri o‘girilib undan orqasidan kelmasligini yolvorib so‘rar, qaytib kelib, hammani qutqarib qolmoqchi ekanini aytardi. Ammo xotini asabiy ravishda boshini chayqagancha derdi:
— Men sening oldingga boryapman, oldingga boryapman. Qanaqasiga xalaqit berishim mumkin? Sening oldingga boryapman, a?..
Siprian xotinining qo‘lidan bolalarini oldi. So‘ng esa tomga chiqishga yordam berdi. Biz ularning har bir harakatlarini kuzatib turardik. Sekinlik bilan ular yo‘lga tushdilar. Ema yig‘layotgan bolalarini ko‘tarib olgan, Siprian esa nimadir deb unga taskin berar, va ahyon-ahyonda biz tomonga qarab-qarab qo‘yardi.
— Ularni bexavotir joyga qo‘yginu tezda biz tomon qaytib kel! — deya Siprianga qarab baqirdim.
U qo‘llarini silkitib nimalardir der, daryo shovqinidan men uning gaplarini eshitmasdim. Tez orada biz ularni ko‘zdan yo‘qotdik — chamasi pastqam tomlar ustidan borardilar. Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas yana ko‘zga chalinishdi, tom judayam tik bo‘lsa kerak, yuqoriga emaklab ko‘tarilishmoqda. To‘satdan meni vahima chulg‘ab oldi. Qo‘limni kuvacha qildimu jonim boricha qichqira boshladim:
— Orqaga! Orqaga qaytinglar!
Hamma — Per, Jak, Gaspar ham: «Orqaga, orqaga!» deya qichqira boshladi. Ular bir lahzagina to‘xtashdiyu yana harakatga tushishdi. Bu vaqtda Remboning uyi qarshisiga, ko‘cha muyulishiga borib qolishgan, binoning tomi nisbatan uch metrcha baland edi. Bir fursatlik ikkilanishdan so‘ng Siprian mushukdek epchillik bilan sakrab mo‘ri quvuridan ushladi. Kelishib olishgan bo‘lsa kerak, Ema cherepitsalar ustida turardi. Biz uning bo‘y-bastini ko‘rib turibmiz, ko‘kish osmon etagida qomati ko‘rsa ko‘rguday; bolalarini mehr va muhabbat bilan quchoqlab olgan. E-voh, xuddi shu lahzada dahshatli hodisa ro‘y berdi.
Remboning uyi bir vaqtlar sanoat korxonasi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, shoshilinch, omonat qurilgan edi. Boz ustiga ko‘chani bosgan suv oqimi uy peshtoqiga kelib urilardi. Nazarimda uy qasir-qusir qilayotgandek tuyular, nafasim ichimga tushib tom ustiga tirmashib chiqayotgan Siprianni vahima aralash kuzatib turardim. Banogoh qattiq gumburlash eshitildi. Kulchaga o‘xshash sarg‘ish oy chiqqan, bulutsiz samodan zaminga xotirjam boqib guyo behad suv sathini chiroqdek yorita boshlagan edi. Falokat ko‘z oldimizda ro‘y berdi. Remboning uyi qulab tushdi. Qo‘rqqanimizdan chinqirib yubordik. Siprian ko‘rinmasdi. To‘lqinlar avval tomni parchalab tashladi, so‘ng yutib yubordi. Jimib qolgan suv betida ayqash-uyqash yog‘ochlar yarim butxonani eslatadi: ustunlar orasida tasavvur qilish qiyin darajada jonsarak bo‘lib tipirchilayotgan tana.
— U tirik! — qichqirib yubordim. — Xudoga shukr, u tirik!.. Anavi yoqqa qaranglar, oy yorug‘iga, u suvda suzib yuribdi!
Ajal sirtmoq solgan bo‘g‘zimdan kulgi toshib chiqdi. Biz xuddi omon qolgandek shodmonlikdan chapak chalardik.
— U qaytib keladi, — dedi Per.
— Ha. U albatta qaytadi, qaranglar! — dedi Gaspar. — U chap tarafidagi ustunni ushlab olishga urinmoqda.
Lekin biz va na boshqa kuloldik, na boshqa bir so‘z deya oldik: sitamgir xavotirlik yana yuragimizni siqa boshladi. Bildikki, Siprianning ahvoli nihoyatda tang. Aftidan uy qulagan hamon uning oyoqlari to‘sinlar orasida qisilib qolgan, boshini suvdan chiqara olgan xolos. Bu judayam qo‘rqinchli edi. Ema qo‘rquvdan titragancha ikkala go‘dagi bilan hali-hanuz qo‘shni uy tomida turardi. Ko‘zlari bir necha metr narida o‘lim bilan olishayotgan erida. U aqldan ozgan, tipirchilar, quturgan itdek tinmay uvvos solardi.
— Uning bunday o‘limiga yo‘l qo‘ymaslik kerak! — Jak chidab turolmadi. — Qanday bo‘lmasin oldiga borish lozim.
— To‘sinlar orqali pastga tushsak... — luqma tashladi Per, — balki oyoqlarini chiqarib olarmiz?
Ular tomlar osha kelishayotgan ham ediki, shu zahoti yana bir uy qulab yo‘l bekilib qoldi. Vujudimizni muzdek ter qopladi, alamdan qo‘llarimizni sindirguday qisamizu dahshatli manzaradan ko‘z uzishga botinolmaymiz.
Siprian o‘nglanib olish uchun urinib ko‘rdi. U favqulodda kuch bilan suv yuziga chiqib, yonbosh bo‘lib oldi. Biroq horg‘inlik undan ustun kelardi. Jon shirin: biron narsaga ilinish ilinjida yana harakat qila boshladi. Bo‘lmadi. Ohiri taqdirga tan berdi shekilli jim bo‘lib qoldi. Ajal sharpasi yaqin: Siprianning sochlari suvga botib turibdi... Ana, birinchi to‘lqin uning peshonasiga urildi, boshqasy esa ko‘zlarini to‘sib tashladi. Zum o‘tmay boshi ko‘rinmay qoldi, g‘arq bo‘ldi.
Oyoqlarimizga yopishib o‘tirgan ayollar jon holatda yuzlarini to‘sdilar. Hammamiz tizzalab olganmiz, qo‘llarimizni cho‘zgancha ho‘ngrab yig‘lab, takbir tushiramiz. Ema bo‘lsa bolalarini bag‘riga bosib, hanuz tomda turar, ayyuhannosi tunda juda qattiq eshitilardi.

IV

Qancha fursat serrayib qolganimizni bilmayman. O‘zimga kelganimda suv yana ham ko‘tarilgan edi. Endi u uyimizning cherepitsalarigacha yetgan, tom ulkan ko‘lda mo‘‘jazgina oroldek ko‘zga chalinardi. O‘ng va so‘l tarafimizdagi uylar ham chamamda yiqilib tushgan, chor-atrofni batamom suv bosgan edi.
— Biz suzyapmiz, — deya shivirladi Roza, cherepitsalarga suyanib.
Haqiqatda ham, tom asosidan uzilgan, baayni solga aylangan, chayqalayotganini sezib turibmiz, allaqayoqlarga sudrayotgandek. Faqat bir zaylda tosh qotgan jome’ binosiga boqqanimizdagina bosh aylanishimiz qolar, falokat quturgan joyning o‘rtasida, o‘z o‘rnimizda turganimizni anglardik.
Endi suv boshqacharoq junbishga keldi. Hozirga qadar oqim ko‘cha bo‘ylab oqayotgan bo‘lsa, kutilmaganda harakatini o‘zgartirdi. Bu juda dahshat edi. U yo‘lida nima uchramasin, domiga olar, shitob bilan duch kelgan joyga urardi. Uyimiz tomon ayqash-uyqash bo‘lib, to‘sin, xodapo‘shlar oqib kela boshladi. Suv kar va soqovdek nola qiladi. Pardevorlar qisirlab ketdi. Yog‘ochlarning qasira-qusirini eshitib tomga qaraymiz — mana hozir tom ham, devor qam qulab tushadi, biz tamom bo‘lamiz...
Gaspar tom burjiga amallab bordi-da, qudratli qo‘llari bilan bitta to‘sinni o‘zi tomon tortib olarkan, xitob qildi:
— Kurashish kerak!
Jak uzun sinchni ushlab olishga urinar, Per esa unga ko‘maklashardi. Men yoshimni yashab, belimdan quvvat ketib, boladek nimjon bo‘lib qolganimdan o‘zimga-o‘zim la’nat o‘qirdim. Uch erkak himoyalanishga — toshqin daryo bilan yakkama-yakka olishishga jazm etishgan. Gasparning qo‘lida tayoq, devorga urilishi ehtimoli bor xodalarni epchillik bilan chetga burib yuborar, quturgan to‘lqin oyoqlaridan tortqilardi, Per bilan Jak ham uning yonida shu ish bilan mashg‘ul. Bu behuda urinishlar bir soatdan oshiq cho‘zildi. Uchalovi ham gangib qolgan, so‘kinishar, toshqinga la’natlar o‘qishardi. Gaspar ashaddiy jangda holdan toygan nayzabozga o‘xshardi. Suv ko‘pirib toshmoqda. Jak bilan Per qo‘llari qo‘ltiqlarida, tek qolishgan; Gaspar yana bir bor urinib ko‘rgan edi, to‘sin sirg‘alib ketib devorga urildi. Sa’yi harakatlarimizdan foyda yo‘q edi.
Mariya bilan Veronika bir-birini quchoqlab olishgan. Ikkalasi ham yurakni larzaga soladigan bir og‘iz gapni takrorlashadi — ular hozir ham qulog‘im tagida jaranglab turibdi:
— Men o‘lishni istamayman!.. Men o‘lishni istamayman!..
Rozaning ikkala qizi qo‘lida, ularni ovutgan, tasalli bergan bo‘lar, o‘zi esa boshini ko‘targan ko‘yi Mariya bilan Veronikaning nolasini takrorlardi:
— Men o‘lishni istamayman!..
Faqat Agata xolagina miq etmaydi: tilovat ham qilmaydi, cho‘qinmaydi ham. Chuqur qayg‘uga botgan, nogoh ko‘zi menga tushib qolsa, bazo‘r jilmaygan bo‘ladi.
Suv tom ustida jimirlay boshladi. Qutilishga umid yo‘q. Cherkov tomondan ovozlar eshitilganday, olisda ikkita chiroq miltillaganday bo‘ldi-yu, yana sukunat, yana najotsizlik domiga tortdi. Sentenaliklarning qayig‘i bo‘laturib bizdan oldin g‘aflatda qolganliklari endi ravshan edi.
Gaspar hali-hanuz tom ustida u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi. To‘satdan bizni chaqirib qoldi.
— Qani, yordamga kelinglar. Meni mahkam ushlab turinglar-chi!
Yigitning qo‘lida tayoq — uy tomon suvda qalqib kelayotgan nimanidir poylab turibdi. U mustahkam taxtalardan yasalgan saroy tomi xuddi solning o‘zi edi. Sol uyimizga yaqinlashgan zahoti Gaspar tayog‘i bilan to‘xtatishga uringan ham ediki, oqim uni yulqib olib ketishga bir bahya qoldi-yu, yordam so‘rab baqirib yubordi. Belidan mahkam ushlab olganmiz. Sol deganimiz zarb bilan devorga urildi, biz uning parchalanib ketishidan xavotirlanardik.
Gaspar osmondan tushgandek paydo bo‘lgan solga bir sakrashdayoq chiqib oldi-da, mustahkamligiga ishonch hosil qilish uchun hamma tarafini ko‘zdan kechirdi. Per bilan Jak tomning bir chetida solni ushlab turardilar. Gaspar kular, quvonch bilan derdi:
— Biz omon qoldik, bobojon... Ayollar, namuncha ko‘zyoshi to‘kmasalaring!.. Axir bu rostmana kema. Qaranglar-a, hatto oyog‘im ho‘l bo‘lmadi. Biz bemalol sig‘ishamiz, o‘zimizni uydagidek his qilaversak bo‘ladi. O‘zi ham juda mustahkam.
U solni yanada mustahkam qilmoqchi bo‘ldi: suv betida qalqiyotgan bir necha to‘sinlarni ushlab, Per har ehtimolga qarshi uydan olib chiqqan arqonga bog‘ladi. Bu orada suvga yiqilib ham tushdi. Bizning baqiriq-chaqiriqlarimizga kulgan bo‘ldi: u suv balosini birinchi ko‘rayotgani yo‘q, u Garonna bo‘ylab bir mil suzishga qobil edi. Yigit tomga qaytib chiqib, ust-boshidagi suvni sidirarkan, zo‘r berib gapirardi:
— Solga darrov chiqib olinglar, g‘animat dam o‘tmasin!
Ojizalar solga o‘tishdiyu cho‘kka tushishdi. Gaspar holsizlangan Veronika bilan Mariyani ko‘tarib o‘tqazdi. Roza bilan Agata xola tomdan o‘zlari tushib, qizlarning yonidan joy oldilar. Xuddi shu on cherkov tomonga ko‘z tashladim. Ema mo‘riga suyangan, beligacha suvga botgan, go‘daklarini baland ko‘targancha turardi.
— Xafa bo‘lmang, buva, — dedi Gaspar. — Sizga va’da beramanki, ular shunday qolishmaydi, yo‘l-yo‘lakay olib ketamiz.
Per bilan Jakdan keyin solga men ham chiqdim. Solning bir tomoni sal qiyshayganday bo‘ldi, ammo mustahkamligiga ishonish mumkin edi. Tomni eng keyin tark etgan Gaspar nihoyatda abjirlik-la olvolganimiz tayoq bilan solni yo‘lga solmoqchi buldi. Hammamiz unga bo‘ysunardik. Tayoqlarimizni tomga nuqib shunchalik harakat qilamiz, qani qimirlasa: sol guyo mixlanib qolganday. Shiddatli oqim uni zarb bilan tomga qaytarib urar, bu shu jihatdan xavfli ediki, taxtalar bir-biridan ajralib ketishi hech gap emas edi.
Biz yana mutlaq yordamga muhtoj ekanimizni angladik. Ofatdan qutuldik deb o‘ylagandik, ammo daryo hali bizni o‘z hibsidan bo‘shatmagan ekan. Ojizalarning tomda emasliklariga hatto afsus qila boshladim, negaki, shiddatli oqim ularni yulib ketishi mumkin edi. Tomga qaytish haqida og‘iz ochishim bilan hammalari:
— Yo‘q, yo‘q, yana picha sabr qilaylik. O‘ladigan bo‘lsak, mana shu yerda o‘lganimiz ma’qul! — deya baqirib yuborishdi.
Gaspar endi kulmasdi. Biz yana, ikki hissa kuch bilan tayoqlarni tomga tirab, solni itara boshladik. Qani qimirlasa! Perning xayoliga arqonda uning yo‘nalishini o‘zgartirish keldi-yu, amalga oshirishga kirishdik. Biz suv betida qalqib-qalqib borardik. Gaspar Emani solga olish haqidagi va’dasini eslatdi. U hamon faryod chekib turardi. Buning uchun bizni holdan toydirgan shiddatli oqimni kesib o‘tishimiz lozim. Gaspar maslahatomuz nazar bilan menga qaradi. Men sodir bo‘lgan voqealardan esankirab qolgan, boz ustiga o‘z-o‘zidan ravshanki, bunday mushkulotga oldin hech qachon ro‘para kelmagan edim. Emani deb sakkiz kishining hayot shamini o‘chirishimiz xavfi bor. Bir necha soniya shu haqda o‘yga botgan bo‘lsam-da, baribir nabiralarimning bo‘zlashlari jon-jonimdan o‘tib ketdi.
— Ha, albatta, — dedim Gasparga, — biz ularni tashlab ketolmaymiz, bu mumkin emas.
U jimgina boshini quyi egdi va yana tayoqlarni qo‘liga olib, omon qolgan devorga tirab itara boshladi. Biz qo‘shni uyni yonlab saroylarimizu omborxonalarimiz ustidan suzib o‘tdik. Sol suv bosgan ko‘cha o‘rniga burilgani hamon hammamiz baqirib yubordik, — oqim bizni bir hamla bilan yana hozirgina jilgan joyimizga eltib qo‘ydi. Sol hazon yanglig‘ chir aylanar, favqulodda kuch bilan tom cherepitsalariga borib urilardi. Ajralib ketgan taxtalar atrofimizda suzib yuradi. Hammamiz shalabbomiz. Keyin, nima bo‘lganini eslay olmayman. Faqatgina Agataning chalqancha yotganini, etagini suv yulqiyotganini, cho‘kib borayotganini xotirlayman, xolos. Kuchli og‘riqdan ko‘zim yarq etib ochilib ketdi — Per sochimdan tortgancha meni suvdan olib chiqardi. Jonibga ma’nosiz adanglayman, hech narsaning farqiga bormayman, Per yana sho‘ng‘idi. To‘satdan Gasparga ko‘zim tushdi: yigitcha qo‘lida Veronikani tutib turibdi. Gaspar uni yonimga yotqizib yana suvga sho‘ng‘idi-da, Mariyani olib chiqdi. Uning yuzi za’faron, harakatsiz yotishidan o‘libdimikin degan xayolga bordim. Bu sa’y-harakat yana takrorlandi. Ammo behuda edi. Per bilan Gaspar quturib ketgan suvda bir-birlariga yaqinlashib, maslahatlashgan bo‘ldi, biroq men hech narsani eshitolmadim. Surobi qolmay tomga qaytib chiqqanlarida alam bilan baqirib yubordim:
— Agata xola qani?! Jak-Chi?! Roza-chi?!
Ular boshlarini qo‘yi egishdi, ko‘zlari jiqqa yosh duduqlanib aytgan gaplaridan ma’lum bo‘lishicha: Jakning boshiga to‘sin urilishi bilan Roza eriga yopishib olgan, oqibatda ikkoviniyam oqim oqizib ketgan. Agata xola bo‘lsa, g‘arq bo‘lganicha ketdi. Biz uning tanasi ochiq deraza tuynugi orqali tagimizdagi uyga oqib qirgan, degan to‘xtamga keldik. O‘rnimdan turib, bir necha daqiqa oldin Ema turgan tomga qaradim. Suv ko‘tarilgan, Emaning bolalarini tutgancha qotib qolgan qo‘llari ko‘rinardi, xolos. Keyin hammasi to‘lqinlarga singishib ketdi; faqatgina suv sathi oy yog‘dusida miltillardi.

V

Biz bor-yo‘g‘i besh kishi qoldik. Hali suv botmagan uzungina tomimiz biz uchun panoh. Oqim mo‘rilardanu birini oqizib ketdi. Hushdan ketgan Mariya va Veronikani oyoqlari suvga tegmasin deb ko‘tarib olganmiz. Ular asta o‘zlariga kelishdi: kiyimlari shilta, sovuqdan qaltirayotgan qizlarga qarash, o‘lim xavfi oldidagi nolalarini eshitish judayam og‘ir botadi. Biz ularni xuddi bolalarni yupatgandek yupatamiz, bu kulfatdan omon saqlab qolishimizni tushuntiramiz. Lekin bizga ishonishmaydi, o‘limga mahkum ekanliklarini bilishadi. Taskin-tasallilarimiz dafn marshidek eshitiladi-yu, bir-birlarini quchoqlaganicha qo‘rquv va sovuqdan tishlarini takillatishadi.
Atrof suv... Qishloqdagi jami uylarning ikki-uchtasininggina devorlari butun qolgan. Faqatgina cherkovda jon saqlayotgan odamlarning ovozi quloqqa chalinib turadi. Endi shag‘al tashiyotgan aravalarning tovushiga o‘xshash tovush ham eshitilmay qolgan. Biz okeanda, zamindan ming-ming mil narida qolib ketgandaymiz.
Banogoh chap tomondan eshkak shaloplashi eshitilganday bo‘ldi. Oh, bu shaloplash qanchalar umidbaxsh!.. Biz nafasimizni ichimizga yutib, ovozlarga quloq tutardik, biroq sarg‘ish suv kengligi va har joy-har joyda ko‘zga tashlanib turgan qora ko‘lankalardan boshqa hech narsani ko‘rmasdik; bu ramzlar — daraxtlarning uchi hamda qulab tushgan devorlarning parcha-purchasi — ular harakatsiz edi. Suv yuzidagi xodalar, o‘t-o‘lan, bo‘sh bo‘chkalar — hamma-hammasi bizga soxta quvonch bag‘ishlar, garchi shovqinning sababini bilmasak-da, uni yaqqol eshitib turardik.
— Ah-ha, men ko‘rdim! — xitob qildi Gaspar. — Qaranglar! Hu, ana katta qayiq!..
U qandaydir bir nuqtani ko‘rsatdi, men ham, Per ham hech vaqoni ko‘rmasdik. Ammo Gaspar o‘z so‘zida turib oldi. Eshkaklarning shaloplashi oshkora quloqqa chalinardi. Rostdan ham qayiq ko‘rindi. U olisda, seknngina suzib yurardi-yu, ammo biz tomonga yaqinlashmasdi. Aqldan ozguday ahvoldamiz, tomog‘imiz yirtilgudek bo‘lib baqiramiz. Qayiqda o‘tirganlarning go‘rlariga kesak qalab tashladik, qani, bir aks sado kelsa. O‘sha ko‘zga ko‘ringan narsa haqiqatdanam qayiqmidi — haligacha bilolmayman. U ko‘rinmay ketgach, biz so‘nggi umidimizni ham yo‘qotdik.
Per anchadan buyon quruq mushtugini labiga qistirgancha o‘tirardi. U, eskidan mehnatkash — mo‘ylabini burab, qoshlarini chimirib, hozir nimalardir deb po‘ng‘illab qo‘yadi. Uning jasurligi ayniqsa xavf kuchayganda tutadi, azbaroyi qahri qaynab suvga tuflaydi. Cho‘kayotibmiz. Birdan ukam nimagadir qaror qilib, tom chetiga yo‘l oldi.
— Per, Per! — yuragim orqaga tortib chaqirdim.
— Alvido, Lui... — dedi u o‘girilib. — Men ortiq toqat qilolmayman, ketsam sizlarga ko‘proq joy qoladi. Alvido!..
Keyin mushtugini uloqtirib yubordi-da, o‘zini suvga tashladi.
Suzishni unchalik bilmasdi, suvga tashlagancha qaytib chiqmadi. Aslida, Per o‘z erkini to‘lqinlarga qasdma-qasd topshirdi, — birodarlari afg‘onlarini, uqubatlarini tortishga uning yuragi tob berolmadi.
Cherkov soati ikkiga jom urdi. Shunchalik o‘lim va azob olib kelgan ayovsiz tun pirovardiga yetmoqdaydi. Oyog‘imiz tagidagi quruqlik tobora torayib borar, suv jimirlar, o‘ynoqi to‘lqinlar izma-iz chopardi. Oqim yana o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi, yog‘och, vayronalar uyumi endi qishloqning o‘ng tarafida sokin, yoyilib suzardiky, daryoning ko‘tarilishi eng poyon nuqtaga yetib, horiganidan erinchoqlik-la seqin oqayotgandek edi.
To‘satdan Gaspar boshmoq va kamzulini yechdi. Bir daqiqa oldin u qo‘lini bukib, barmoqlarini qisirlatib o‘tirardi.
— Gapimga quloq soling, buva, — dedi u mening qarashimga dosh berolmay. Kuta-kuta to‘ydim. Endi ilojim yo‘q... Ruxsat etsangiz men uni qutqarib qolaman.
U Veronikani nazarda tutardi. Men bahsga kirishdim — qizim bilan cherkovgacha suzib borishlariga inonmasdim. Lekin Gaspar o‘z so‘zida turib oldi.
— Yo‘q, yo‘q, kuchim ko‘p, qo‘llarim baquvvat... Bunga o‘zingiz ham ishonasiz! — U hoziroq bu ishni amalga oshirishi zarurligini, keyinroq esa boladek ojizlanib qolishini qo‘shib qo‘ydi; poyimizdagi uy uvalanib ketsa Veronikani qutqarib qololmasdi.
— U mening dilrabom, men uni qutqarib qolaman...
Men Mariyani bag‘rimga bosgancha miq etmay turardim.
— Oldingizda qasam ichamanki, Mariya uchun qaytib kelaman...
Gaspar bor kiyimini yechib, bitta ishtonda qolgan: siniqqina ovozda Veronikaga tez-tez ko‘rsatmalar berar, undan ajralmasligini, o‘zini butunlay uning ixtiyoriga topshirishi kerakligini, eng muhimi —bardam bo‘lishini uqtirardi. Qiz bechora uning har bir so‘zini bosh qimirlatib ma’qullardi-yu, aft-angoridan juda tushkun holda ekani sezilib turardi. Garchi Gaspar xudojo‘y bo‘lmasa-da, cho‘qinib oldi, so‘ng Veronikaning qo‘ltig‘idan arqon bilan bog‘lab, tomdan tushdi. Qiz oyoqlari suvga tegishi bilan chinqirib yubordi, nafasi qaytib hushidan ketdi.
— Xuddi shu kerak edi! Men endi uning uchun javob beraman.
Ularning ortidan qanchalik xavotir bilan kuzatganimni tasavvur qilishingiz mumkin. Yiltillab turgan suvda Gasparning bor harakati yaqqol ko‘rinardi. Arqonga bog‘langan Veronika yelkasida, suv domiga tortadi, ammo g‘ayritabiiy kuch bilan olg‘a harakat qiladi. U masofaning uchdan bir qismini suzib o‘tgan ham ediki, to‘satdan suv junbishga kelib qoldi. To‘qnashuv juda dahshatli edi. Ular ko‘rinmay qoldilar. Kup o‘tmay Gaspar suv yuziga suzib chiqdi, yolg‘iz — arqonning uzilgani tabiiy edi. U ikki bor suvga sho‘ng‘ib, nihoyat Veronikani ham olib chiqdi va uni yelkasiga o‘ngarib oldi. Endi arqon yo‘q, suzish nihoyatda og‘ir. Gaspar bor kuchi bilan suzmoqda. Ular cherkovga yaqinlashganlari sari titray boshladim. Chinqirib yuborishdan qo‘rqaman — yonma-yon katta bir to‘sin oqmoqda. Agar... Og‘zim ochilgancha qoldi: yangi paydo bo‘lgan to‘lqin ularni ikki tomonga uloqtirib yubordi, keyin... ko‘rinmay ketdilar.
Men butunlay gangib qoldim. Hayvondan farqim yo‘q — xayolimda faqat o‘zimni asrash. To‘lqin tortqilaydi. Yonimda allakimning xaxolashini eshitaman, xolos.
Tong bo‘zara boshladi. Havoning avzoyi ajoyib: go‘yo quyosh chiqishi arafasidagi ko‘l sohiliga o‘xshaydi, atrof salqin va sokin. Hamon yonimda allakim: burilganim zahoti Mariyani ko‘rdim — u shiltasi chiqqan kiyimda xaxolab kulardi.
Bechora, sho‘rliklari-ya!.. U deyarli har kuni, ayniqsa, jom qayta-qayta yangraydigan yakshanba kunlari azonda turar, yuzini obdan chayardi... Keyin oro berib oqish sochlarini turmaklardi... Hozir ham o‘zini xuddi uydagidek xayol qilib, nazarida ertalabki yuvinib-taranishni maromiga yetkazayotgani ravshan edi... Beozor boladek kulmoqda ko‘zlari tiniq, yuzida shodmonlik. Undagi telbalik menga ham yuqdi. Goho xaxolab kulayotganimni payqab qolaman. Mariya... Boshdan kechgan ko‘rgiliklar uni aqldan ozdirgan, bahor kunlari uni alqayotgandek edi.
Hech narsaga tushunmasam-da, unga qarab nazokat-la boshimni irg‘ab qo‘yaman. U shoshilgancha o‘ziga zeb beradi. Mariya yasan-tusanni tugatib, yo‘lga tushishim mumkin, deb o‘yladi shekilli, ingichka, billurdek ovozda qo‘shiq boshlab yubordi. Lekin u tezda xirgoyisini bas qildi, xuddi kimningdir chaqirig‘iga javob berayotgandek:
— Boryapman! Boryapman! — deb xitob qildi.
U yana xirgoyisini boshlab, tomdan tushdi-da, suvga sho‘ng‘ib ketdi. Men esam hamon kular, uni yutib yuborgan suvga quvonch bilan tikilardim.
Bundan keyin nima bo‘lganini yana eslay olmayman. Tomda yolg‘izman. Suv hali ham ko‘tarilardi. Bittagina mo‘ri sog‘ qolgan edi: men unga suvda g‘arq bo‘lishni istamagan abjir hayvondek tirmashib olgan edim. Keyin yo‘qlik qa’riga qulagandek bo‘ldim...

VI

Men nega tirikman? Aytishlaricha, soat oltida sentenaliklar qayiqda suzib kelishibdi: mo‘riga yopishgancha behush yotgan ekanman. Shafqatsiz ofat meni chetlab o‘tgan, hamma tug‘ishganlarimdan ajralib, o‘zimning bu baxtsizligimni hali his etmagan bir alfozda, tirik edim.
Mana, men hamon tirikman. Naslu nasabim — bolalarim, qizlarimu kelinlarim, yosh va keksa erkak va ayollarning hammasi nobud bo‘ldi. Men esa toshlar yonida o‘sadigan o‘limtik yovvoyi o‘tdek yashayapman. Agar menda jasorat bo‘lganda edi, Per singari: «Toqatim tugadi, alvido!» deya ular ketidan Garonnaga yo‘l olardim. Boshqa farzandlarim yo‘q, uyim yakson bo‘lgan, maydonlarim yaroqsiz holga tushgan. E-voh!.. Dasturxon atrofida hammamiz — keksalar o‘rtada, yoshlar tegramizda o‘tirgan oqshomlar bir xotira endi! Qalbim mehr va haroratdan to‘lib-toshardi o‘shanda! O‘rim payti, uzumni yig‘ishtirish kunlarida uyimizga qaytganimiz hamono mo‘l hosildan qalbimiz faxrga limmo-lim to‘lardi! Beozor bolalar, ajoyib tokzorlar, xurram qizlar va yumshoq nonlar — keksalikdagi quvonchlar bir umrga arzigulik mukofot edi! Hammasi barbod bo‘ldi, shunday ekan, men nega tiriklar orasidaman?!
Menga halovat begona, endi hech kimning madadi kerak emas. Maydonlarimni bolalari tirik qolgan dehqonlarga ulashaman. Ularning zaminni alqashga, qayta tiriltirishga quvvatlari keladi. Bor bud-shudidan ayrilgan men uchun bir parcha yer bo‘lsa, bas.
Yagona istagim — tug‘ishganlarimning jasadlarini topish, orqalaridan o‘zim ham boradigan mozorimizga dafn etish. Tuluzadan daryo oqizib ketgan ko‘plab murdalarni topishibdi. O‘sha yoqqa borishga qaror qildim.
Qanchalik dahshatli kulfat! Ikki mingga yaqin uy qulagan, yetti yuz kishi cho‘kib ketgan; butun qishloq huvillab, balchiqqa botgan... Yigirma ming yarim yalang‘och, baxtsiz odamlar qoldi; shaharda murda hidi anqiydi, hamma tif tarqalishidan xavotirda; muruvvatli odamlar jarohatni davolashdan ojiz.
Men nuragan uylaru o‘zimga tegishli marhumlardan boshqa hech narsani ko‘rmasdim. O‘z iztiroblarim o‘zimga yetib ortadi! Aytishlaricha, haqiqatdan ham ko‘p murdalarni topishibdi. Ularning hammasini shahar mozoriga qo‘yishibdi. Murdalarni suratga olishgan ekan, Gaspar bilan Veronikaning suratini topib oldim. Hali rasman qovushmagan kelin-kuyovlar o‘lganlarida ham ajralishni istamagan: quchoqlashgan, o‘pishgan ko‘yi turishibdi. Shunday ahvolda suratga olishgan ekan. Aytishlaricha, jasadlarini bir-biridan ajratish uchun achomlashgancha qotib qolgan qo‘llarini kesishibdi.
Menda, to‘fonda mag‘lub bo‘lsalar-da baribir gezargan chehralarida yuksak muhabbatning pokligi, jasorati qolgan go‘zal yigit va qizdan qolgan xotira — shu. Surat, surat... Ularga tikilganim sayin ko‘zlarimdan shashqator yosh oqadi...

Ruschadan Asqar Haydarov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1988 yil, 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.