OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ernest Xeminguey. Ko‘prik bo‘yidagi chol (hikoya)

Yo‘l chetida o‘tirgan temir gardishli ko‘zoynak taqqan cholning kiyimlarini qalin chang bosgan edi. Yuk tashuvchi aravalar, avtomobillar, erkaklaru ayollar, bolalar daryoga o‘rnatilgan muvaqqat ko‘prik orqali narigi qirg‘oqqa shoshilinch o‘tkazilmoqda edi. Xachir qo‘shilgan aravalar qiya sohilga yetganda yo‘lidan og‘ib ketar, askarlar ularni g‘ildiraklari kegayidan itarib bazo‘r to‘g‘rilar edi. Yuk mashinalari tiqilinchdan otilib chiqib, taraqa turuq qilgancha tepalikka o‘rmalar va darhol ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi, to‘pig‘igacha turpoqqa botgan dehqonlar esa zo‘rg‘a sudralib borar, faqat chol qilt etmasdi. Uning qadam tashlashga majoli qolmagan edi.
Men ko‘prikdan o‘tishim, narigi sohildagi istehkomni tekshirib ko‘rishim, dushman qanchalik surilganini aniqlashim kerak edi. Topshiriqni bajarib, yana ko‘prik osha ortga qaytdim. Endi aravalar ham, piyodalar ham ancha kamayib qolgan, cholning o‘tirishi esa o‘sha-o‘sha edi.
- Qaerdan kelyapsiz, otaxon?- deb so‘radim undan.
- San-Karlosdan, - javob qildi chol va jilmaydi.
San-Karlos uning ona shahri ekan. Ona shahri haqida gapirish esa cholga yoqardi. Jilmayganining boisi shunda.
- Men jonivorlarga qarardim, - deb izoh berdi u.
- Shunaqa deng? - dedim men garchand uning javobini tushunmagan bo‘lsam-da.
- Ha, - dedi qariya. – Shaharda yakka-yolg‘iz o‘zim qolgan edim. Jonivorlarga qarashim kerak edi. San-Karlosdan hammadan keyin chiqib ketdim.
U cho‘ponga ham, molboqarga ham o‘xshamasdi. Men uning changga botgan qoramtir kiyimlari, g‘ubor bosgan ko‘kimtir yuzi, temir gardishli ko‘zoynagiga qaradim va so‘radim:
- Qanday jonivorlarga qarardingiz?
- Har xil, - dedi chol va achinish bilan boshini chayqadi. – Hammasini tashlab ketishimga to‘g‘ri keldi.
Afrikani yodimga solgan Ebro daryosi etaklariga va ko‘prikka dam-badam ko‘z yugirtirib, muhoraba deb atalmish mangu sinoatdan dalolat beruvchi ilk shovqinlardan dog‘da qolmay deb atrofga sergak quloq solar ekanman, dushman nechog‘li tez paydo bo‘lishini tahmin qilar edim. Chol esa hamon o‘sha yerda o‘tirardi.
- Qanday jonivorlarga qarardingiz? – deb takroran so‘radim.
- Uch xil, - deb javob berdi u.- Ikki echki, bir mushuk, yana to‘rt juft kaptarga.
- Ularni tashlab ketishingizga to‘g‘ri keldimi?
- Ha. Otishma boshlandi. Otishma boshlanganidan keyin kapitan menga keting, deb buyruq berdi.
- Oilangiz bormi? –so‘radim yakka-yolg‘iz aravalar qiyalikdan zing‘illab pastga tushayotgan ko‘prikning narigi tomonidan nigohimni uzmay.
- Yo‘q, - dedi u. – Shu jonivorlardan boshqa yaqinlarim yo‘q. Mushuk-ku o‘rgangan. Albatta bir kunini ko‘rib ketadi. Lekin qolganlarining holi nima kechadi – aqlim yetmaydi.
- Siz kimlar tomondasiz? – deb so‘radim.
- Hech kim tomonda emasman, - dedi u. – Yetmish oltidan oshdim. O‘n ikki chaqirim yo‘l yurdim. Bu yog‘iga endi qadam bosishga holim qolmadi.
- Bu yer juda xavfli, bexatarroq joyga borganingiz ma’qul, - dedim men. - Tartosga boradigan yo‘lga yetib olsangiz, bas. U yerdan yukmashinalari ko‘p o‘tadi.
- Yana bir pas o‘tiray, - dedi chol. – Keyin turarman. O‘sha yukmashinalari qayoqqa boradi?
- Barselonaga, - dedim men.
- Barselonada hech kimni tanimayman, - dedi u. – Lekin sizdan juda minnatdorman. Judayam minnatdorman.
U menga xorg‘in va ma’yus ko‘zlarini tikdi. So‘ng yana dardini yorgisi keldi chamasi:
- Bilaman, mushuk bir kunini ko‘rib ketadi, - dedi. - Xavotir olmasam ham bo‘ladi. Lekin qolgan jonivorlarga achinaman. Sizingcha, ularning holi nima kecharkin?
- Nima ham derdim. Ular ham omon qolsa kerak.
- Rostdanmi?
- Bo‘masam-chi? – dedim aravalar ko‘rinmay qolgan narigi sohilni sinchkov kuzatar ekanman.
- Otishma boshlanib qolsa, jonivorlar qayoqqa qochadi? Otishma boshlanishi bilan, hatto meni ham shahardan haydab chiqarishdi-ku.
- Kaptarlarning qafasini ochib qo‘yganmidingiz o‘zi? –deb so‘radim.
- Ha.
- Unda kaptarlar uchib ketadi.
- To‘g‘ri aytasiz, uchib ketadi, - dedi qariya. - Lekin qolganlari... Yo‘q, yaxshisi qolganlarini o‘ylamasligim kerak.
- Sal o‘zingizga kelgan bo‘lsangiz, endi turing, - deb qistadim cholni. – Yurishga harakat qilib ko‘ring.
- Sizdan minnatdorman. - Chol o‘rnidan turdi, biroq gandiraklab ketdi-yu, yana qalin chang ustiga o‘tirib qoldi.
- Men jonivorlarga qarardim, - deb o‘zicha g‘udrandi chol menga e’tibor ham bermasdan. - Men faqat jonivorlarga qarardim.
Unga yordam berishning hech iloji yo‘q edi. Pasxa hayitining birinchi kuni, fashistlar Ebroga bostirib kelayotgandi. Kun zax, rutubatli, osmon qop-qora pastqam bulutlarga to‘la bo‘lgani uchun dushman samolyotlari ucha olmayotgan edi. Samolyotlarning ucholmagani, yana mushuk zotining o‘z kunini o‘zi ko‘rib keta olishi – pirovardida cholning ko‘nglini tinchitgani shular bo‘ldi.

1938 yil.

Ruschadan Qulman Ochilov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.