OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ernest Xeminguey. Ko‘prikdagi chol (hikoya)

Gardishli ko‘zoynak taqqan, juldur kiyingan chol yo‘l chetida o‘tirardi. Daryoga qurilgan ponton ko‘prikdan esa aravalar, yuk ulovlari, erkagu ayol, bola-baqra o‘tib turardi. Xachirga qo‘shilgan aravalar askarlar nazoratida ko‘prikdan sohilga chiqarib qo‘yilar, vakillarga topshirilardi. Goho dehqonlar, to‘piqlarigacha changga botib, sudralib o‘tardilar. Faqat cholgina joyida qimirlamay o‘tirar, yurishga majoli yo‘qdek tuyulardi.
Ko‘prikdan o‘tib narigi tomonni kuzatish, dushman hujumidan ogoh bo‘lish mening vazifam edi. Ko‘prikda ulovlar siyrak edi, piyodalar ham kamayib qolishgandi, ammo chol hamon shu yerda o‘tirardi.
— Qaerdansiz? — deb so‘radim undan.
— San Karlosdanman,— dedi u. Ona shahrini esiga tushirganimgami, mamnun iljayib qo‘ydi.
— Men hayvonlardan xavotirdaman...— deya luqma tashladi chol.
— A?..— dedim men yaxshi tushunmay.
— Ha,— dedi u,— hayvonlarni deb orqada qoldim. San Karlosni tashlab chiqqan so‘nggi odam menman.
U na cho‘pon va na chavandozga o‘xshardi. Men uning kir kiyimlariga, sovun ko‘rmagan yuziga, gardishli ko‘zoynagiga nazar soldim va asta so‘radim:
— Qanday hayvonlar bo‘ldi ular?
— Har xil,— dedi u bosh chayqab.— Ularni tashlab keldim...
Men ko‘prikka qarab turardim. Amriqolik esa Yebro Dalta qishlog‘i tomon termulardi. U dushmanni o‘ylar, tiq etgan tovush eshitilsa, vujudi quloqqa aylanardi.
— Qanday hayvonlar ekan-a, ular?— deya takror so‘radim.
— Ikki echki va bir mushuk. Yana to‘rt juft kaptar ham bor.
— Siz ularni qoldirib keldingizmi?
— Ha, chunki to‘plar... Kapitan menga to‘plar o‘q uzadi, boring, dedi.
— Oilangiz yo‘qmi?— deb so‘radim men ko‘prik adog‘iga qarab. Oxirgi aravalar ko‘prikdan o‘tib, tepalikka tirmashmoqda edi.
— Yo‘q,— dedi u.— Faqat hayvonlarim... Mushuk, albatta, xalos bo‘la oladi. Lekin boshqalari... Bilolmadim.
— Qaysi siyosatni ma’qullaysiz? — deb so‘radim undan.
— Siyosatga qiziqmayman,— dedi u.— yoshim yetmish  sakkizda, o‘n ikki chaqirim yo‘l yurdim, uzoqqa borolmasam keragov...
— Bu yerda o‘tirmaganingiz ma’qul,— dedim unga.
— Bironta yuk mashinasida Tortosadagi chorrahagacha yetvolsangiz yaxshi bo‘lardi.
— Bir oz kutaman,— dedi u.
— Keyin ketarman. Yuk mashinalari qaysi tomonga boradi?
— Barselona tomonga.
— Menga bu yerlar notanish... Katta rahmat sizga. Baraka toping.
U menga mo‘ltirabgina qarab, tashvishlarini baham ko‘rayotganligimdan mamnunligini bildirdi.
— Mushukdan ko‘nglim to‘q-a, lekin boshqalari-chi?.. Xo‘sh, siz bu haqda qanday fikrdasiz?
Men yelka qisdim.
— Shaharni to‘plardan o‘qqa tutishsa, ular nima qiladi-a?..
— Kaptarlar qafasdadir, og‘zini ochiq qoldirgan-misiz?—deb so‘radim men.
— Ha, ochiq.
— Unda, ular uchib ketadi.
— Ha, darvoqe, ular uchadi. Lekin boshqalari-chi? Hm, bu haqda o‘ylamaganim ma’qulga o‘xshaydi...
— Agar dam olvolgan bo‘lsangiz,— dedim qimtinibgina,— men ketaman...
— Rahmat,— dedi chol va oyoqqa turdi, turdiyu ilkis qalqib, yerga o‘tirib qoldi.
— Men faqat hayvonlarimdan tashvishdaman,— degan ovozi eshitildi orqamdan.— Faqat hayvonlarimdan...
Cholga bir narsa deyish mahol edi. Fashistlar Yebroga yaqinlashib qolishgandi.

O‘roq Ravshanov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.