OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Evan Xanter. Uchqun (hikoya)

Mo‘ylovi hafsala bilan taroshlangan kulrang kostyumli  sotuvchi judayam iltifotli edi. Eddi uni diqqat bilan tinglar, ora-orada Meriga qarab qo‘yardi: u qanday fikrda? 
-Ishoning,-gapida davom etdi sotuvchi,-sizlar firmamiz xizmatidan foydalanayotgan yagona farzandsiz oila emassiz. Istasangiz, sizlar qilmoqchi bo‘lgan ishni allaqachon amalga oshirgan oilalarni sanab berishim mumkin.  
-Kechirasiz, biz hali nima qilmoqchiligimizni aytmadik-ku,-dedi Eddi. 
-Albatta, janob Stivens, sizni tushunaman. Lekin shuni unutmangki, agar bu ishni qilmasangiz, keyin afsuslanasiz.  
Meri qovog‘ini uygancha bosh irg‘adi. 
-Biz soch va ko‘z rangini tanlashimiz mumkinligini aytdingiz. Shu to‘g‘rimi? 
-Shak-shubhasiz,-ta’kidladi sotuvchi.-Menimcha, sizlarning ko‘rinishingizga jigarrang ko‘z, malla soch mos tushadi. 
-Yuz terisining rangini ham o‘zimiz tanlay olamizmi?-so‘radi Eddi. 
-Albatta, janob Stivens. Yuzining rangini ham o‘zingiz tanlashingiz mumkin. 
-Zo‘r ekan!-dedi Meri. 
-Bilmadim...-ikkilanib javob qaytardi Eddi. 
-U rostdan ham o‘sadimi? Xuddi haqiqiydek?-so‘radi Meri sotuvchidan.   
-Albatta, xonim. Firmamizning ajralib turadigan xususiyati ham aynan mana shunda. Biz sizga hayotning birinchi haftasini boshlagan modelni beramiz. Model avtomatik ravishda o‘sadi. Bir necha yillar davomida metall kattalashib boradi. Yengil va egiluvchan plastik metalga mos ravishda cho‘zilib boradi. Yillar o‘tgach, yuz qiyofasi ham o‘zgaradi.  
-U qanchalik o‘sadi? 
-Bu sizlarning istagingizga bog‘liq. Aksariyat mijozlar o‘g‘il bolalar uchun olti fut, qizlar uchun besh fut bo‘yni tanlashadi.
-Biz o‘g‘il bolani xohlaymiz,-dedi Eddi. 
-Ha,-bosh silkidi Meri. 
-Yaxshi, buning qiyin joyi yo‘q,-jilmaygancha javob berdi sotuvchi.-Istasangiz, bugun o‘g‘il bolani olishlaring mumkin, yanagi safar esa qiz bola olasizlar.  
-Biz o‘g‘il bola olamiz,-dedi Eddi qat’iylik bilan. 
-U holda, janob Stivens, sizlarda o‘g‘il bo‘ladi. Modelning yana boshqa xususiyatlari haqida ham bilishni istaysizlarmi? 
-Hm...-dedi Meri va jim bo‘lib qoldi.-Uning fe’l-atvori qanaqa bo‘ladi? Aytmoqchimanki... 
-Uning fe’l-atvori a’lo! Siz ongi top-toza mukammal mashinaga ega bo‘lasiz. Modelda elektron xotira bor. Elektron xotira qurilmasi miya mexanizmi bilan birlashtirilgan. Boshqacha qilib aytganda, u faqat sizlar o‘rgatgan narsanigina biladi. Ishonavering, o‘zingiz ham uni haqiqiy boladan ajratolmaysiz.  
-Bunga ishonchingiz komilmi? 
-Tushunmadim? 
-Uni haqiqiysidan ajratib bo‘lmasligiga ishonchingiz komilmi? Men qo‘shnilar uning bola emas, robot ekanligini bilib qolishlari mumkinligini nazarda tutyapman. 
Sotuvchi ovozining boricha kulib yubordi. 
-Janob Stivens, sizga aytdim-ku, aksariyat qo‘shnilaringiz haqiqiy bola o‘rniga robot bola boqishadi, siz esa hali ham menga ishonmayapsiz. Hattoki farzandi bor oilalar ham hozirda bizning modellarimizni sotib olishyapti. 
Eddi ikkilangancha Meriga qaradi. Meri asabiylashib pastki labini tishladi, so‘ng eriga qarab bosh irg‘adi.  
-Rozimiz,-dedi Eddi shosha-pisha. 
-Yaxshi, yaxshi!-Sotuvchi darhol shartnoma qog‘ozini oldi va ruchkasini uzatdi.-Xo‘sh, sochining rangi qanaqa bo‘lsin? 
Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas, Stivenslarning uyiga modelni olib kelishdi. U xuddi haqiqiy chaqaloqdek edi. Er-xotinlar uni ko‘rib o‘zlarida yo‘q xursand bo‘lishdi. Dastlabki kunlari ularning chaqalog‘i yig‘lamadi, ammo Eddi bu kamchilikni birpasda bartaraf qildi. U model xotirasiga kerakli ma’lumotni kiritgach, chaqaloq yig‘laydigan bo‘ldi. 
-Biz ehtiyot bo‘lishimiz kerak,-dedi Meri bir kuni. 
-Nimaga unday deyapsan? 
-Uning xotirasiga ma’lumot kiritishda ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Hozirgi ko‘rinishi olti oylik go‘dak uchun mos holatda. Buni qara, yaqinda u gapira boshlaydi. 
-Ha. Buni o‘ylamabman. 
-Qo‘shnilarimiz sezishdimikin? 
-Menimcha, yo‘q.  
-Qaerdan bilasan? 
-Ular ajablanishmadi.  
-Lekin... men homilador emasdim-ku. 
-Bilaman. Ammo ular hozircha hayron bo‘lishmadi.  
Meri karavotchada uxlab yotgan go‘dakka nigoh tashladi.  
-Hammasi yaxshi bo‘ladi-a, Eddi? 
-Ha. Albatta, azizam.  
-Aytmoqchimanki... biz uni haqiqiy farzandimizdek yaxshi ko‘ramiz. Bilasan-ku, u... mashina.
-Biz uni yaxshi ko‘ramiz, azizam,-javob qaytardi Eddi o‘ychanlik bilan. 
-Ishonching komilmi? 
-Ha. 
Stivenslarning yon qo‘shnisi janob Jeffris bola haqida eshitgach, Eddini uyiga chaqirdi va portveyn ichishni taklif qildi.
-Portveyndan yaxshiroq narsa yo‘q, Eddi. Boladan yaxshirog‘i ham yo‘q. Uni yoqtirib qolasizlar. 
-Uni yaxshi ko‘raman,-dedi Eddi. 
-Shoshmay turing, hali u katta bo‘lsin, o‘shanda ko‘rasiz... 
Eddining lablari ucha boshladi va u qo‘lidagi qadahni stol ustiga qo‘ydi.  
-Nim…ma? 
-U gapirishni, yurishni boshlasin, o‘shanda ko‘rib zavqlanasiz. 
-Ha,-dedi Eddi yengil tortib. 
-Kichkintoyning ismi nima?-so‘radi janob Jeffris va ayyorona iljaydi. 
-Robert,-dedi Eddi. 
-Robert,-takrorladi janob Jeffris.-Yaxshi ism. 
-Otamning ismi ham Robert edi. 
-Judayam yaxshi ism,-yana qaytardi janob Jeffris. 
-Bo‘pti, menga ruxsat, Meri kutib qoldi.  
-U katta bo‘lgach, sizlarga ancha yaxshi bo‘ladi,-dedi janob Jeffris iljaygancha.-Tushundingizmi?  
Eddi Robertning ko‘zida g‘alati bir narsani sezib ozgina tashvishlandi. U bu haqda hech kimga indamadi. Bir kuni kechqurun u divanda kitob o‘qib o‘tirardi. Kutilmaganda kitobdan boshini ko‘tardi va o‘g‘lining diqqat bilan unga qarab turganligini ko‘rdi.  
-Nima bo‘ldi, o‘g‘lim? 
-Hech narsa, dadajon. O‘ylanib turuvdim...-Uning og‘zidan chiqqan so‘zlar olti yoshli bola uchun odatiy edi. 
-Nimani o‘ylayotuvding? 
-Ko‘p narsalarni, dadajon. 
Eddi yelkasini qisdi. Keyin esa Robertning o‘ng ko‘zida yorqin uchqunni ko‘rdi.  
-Yonimga kel-chi. 
Robert o‘rnidan turib dadasining oldiga keldi. Eddi Robertning yuz-ko‘ziga diqqat bilan razm soldi. Ba’zi-ba’zida uning o‘ng ko‘zida uchqun chaqnardi. «Bu ichki qurilma. Axir o‘g‘lim robot-ku», o‘yladi u. 
-Nima gap, dadajon?-so‘radi Robert. 
-Hech narsa. Shunchaki ko‘zing osti tilingandek tuyulgandi.-U Robertning silliq va elastik yelkasiga kaftini qo‘ydi.  
Eddi va Meri farzandlari esli-hushli ekanligiga ishonishardi. Ular unga faqat yaxshi narsalarni o‘rgatishar, u haqiqiy komil inson bo‘lib yetishishiga shubha qilishmasdi. Ammo ular o‘g‘illarining tarbiyasini tashqi ta’sir buzishi mumkinligidan xavotirlanishardi. Ular Robert maktabga borguniga qadar uning fe’l-atvorini shakllantirib bo‘lishlariga umid qilishardi. Ular farzandlarini sevishar, undan faxrlanishardi. Janob Jeffris, janob Anderson, Klarklar, d’Allessonlar, Makkartilar oilasi, politsiyachi, chevar va baqqol-ularning hammasi Robertni tanishar, uni ko‘chada ko‘rib qolishsa jilmayib qo‘yishardi.  
Eddi Robertning o‘ng ko‘zidagi uchqunni butunlay unutib yubordi. Keyingi paytda bu uchqun deyarli sezilmay qolgandi. U bu haqda Meriga aytdi va u ham tashvishlanmay qo‘ydi. Er-xotinlar  Robertni tarbiyalashda davom etishdi. Ular farzandlari yaxshi inson bo‘lib yetishishini chin dildan istashardi. 
Ammo ular Robertning beshafqat va yovuz bo‘lib qolganini ko‘rib qo‘rqib ketishdi. Buni birinchi bo‘lib Eddi bilib qoldi. U bir kuni ishdan uyga qaytdi. Hovliga kirib, eshikni sekin yopdi. 
-Meri!-chaqirdi u xotinini. Hech kim indamadi. U hayron bo‘lgancha yelkasini qisdi.-Robert! 
Bu safar ham hech qanday javob bo‘lmadi. Eddi sarosimaga tushib qoldi. Birdan garaj orqasidan Robertning ovozini eshitib qoldi. U garajga yaqinlashdi.  
-O‘ldirish kerak! O‘ldirish kerak! Bu jonzotni o‘ldirish kerak! 
Eddining a’zoi badani seskanib ketdi, u joyida qotib qoldi va ko‘zlarini yumdi. Uning o‘g‘li Robert qurbaqani o‘ldirayotgandi. Qurbaqaning butun badani teshib tashlangandi. Robert qo‘lidagi pichoqni qurbaqaning duch kelgan joyiga sanchayotgandi. Uning qo‘llari qonga belangandi. U xirillagancha bitta gapni takrorlardi: 
-O‘ldirish kerak! Bu jonzotni o‘ldirish kerak!  
Eddi bu noxush manzaraga chidab turolmadi, o‘girilib, indamay uyga kirib ketdi. U ichkariga kirib yuz-qo‘lini yuvdi va Merini kuta boshladi. Meri kelgach, u hammasini aytib berdi.  
-Nima qilishni ham bilmay qoldim... U buni qaerda o‘rgangan bo‘lishi mumkin? Kim o‘rgatgan? Uni so‘kdingmi?  
-Yo‘q.  
-Kimdir unga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.  
-Kimdir unga qotillik qilishni o‘rgatgan,-dedi Eddi. 
Robert uyga kechqurun kirib keldi. Uning qo‘llari toza qilib yuvilgan, yuzida tabassum bor edi. 
-Salom, o‘g‘lim!-dedi Eddi.-Kun bo‘yi qaerda eding? 
Robert jilmaygancha uning yoniga kelib o‘tirdi. 
-Bog‘da bolalar bilan to‘p tepdik.  
Eddi ko‘zlarini katta-katta ochdi va dahshat bilan Meriga qaradi. Merining yuzi bujmayib ketdi: «O‘n ikki yoshli o‘g‘lim yolg‘on gapiryapti». O‘sha kech ular Robertning berahmligi va yolg‘onchiligiga qarshi kurashishga qaror qilishdi. Ular qo‘shnilari farzandlarining robotligini bilib qolishlarini xohlashmasdi. Shu bilan birga o‘g‘illarining miyasiga kim bunday og‘uni quyganini aniqlashni ham istashardi. Ular qo‘shnilarni bo‘lishib olib, Robertga kim salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini aniqlamoqchi bo‘lishdi. Ammo qo‘shnilarning hech biri bunday ish qilmaganliklari ma’lum bo‘ldi. 
«Robertning ongini kim zaharlagan? Nega? Nima uchun?» deb o‘ziga o‘zi savol berardi Eddi va birortasiga ham javob topolmasdi. U janob Jeffris bilan gaplashib qoldi.
-O‘g‘lingizdan tashvishdamisiz? 
-Ha. Menimcha... kimdir uning tarbiyasini buzyapti. 
-Qo‘ysangiz-chi, Eddi.
-Yo‘q,-dedi Eddi.-Kimdir uning ongini zaharlagan. Kimdir unga o‘ldirishni o‘rgatgan.  
Hayratdan janob Jeffris ko‘zlarini katta-katta ochdi va Eddi uning ko‘zlariga tikildi.  
-Rostdanmi? 
-Ha, ha,-dedi Eddi. 
-Unga o‘ldirishni o‘rgatishibdimi?-so‘radi janob Jeffris. 
Eddi janob Jeffrisning ko‘zlariga qaragancha javob qaytardi: 
-Ha. Tirik jonzotni o‘ldirishni o‘rgatibdi! 
-Hechqisi yo‘q, endi hammamiz tirik jonzotmiz!-xitob qildi janob Jeffris va xoxolab kuldi.
Eddi indamay ortiga qaytdi. U janob Jeffrisning ko‘zida ham xuddi o‘g‘lining ko‘zidagidek uchqunni ko‘rgandi. 
U hovliga kiriboq bor ovozda qichqirdi: 
-Meri! Meri! Meri! 
Meri boshini changallagancha o‘tirardi. U bir oz oldin boshqa qo‘shnilar bilan gaplashib kelgandi. Eddi xonaga kirganida u ma’yus nigohini eriga qaratdi. 
-Meri,-dedi Eddi,-biz hoziroq bu yerdan ketishimiz kerak. Janob Jeffris, d’Allessonlar, Klarklar... 
-Makkarti, politsiyachi va Steynlar, baqqol, anavi sotuvchi...-Meri kaftlari bilan yuzini berkitdi.-Bari befoyda, Eddi. Befoyda!.. 
-O‘ng ko‘zida uchqun chaqnaydi... Uchqun! 
-Ha, ha...-dedi Meri.
-Robotlar. Ularning hammasi robot ekan! Hammasi. 
Eddi Merining oyoqlariga o‘zini tashladi va yuzini uning tizzalariga qo‘ydi. Ikkisi ham Robertning xonaga kirganini sezishmadi. Uning ko‘zlari chaqnar, qo‘llari esa qaychini mahkam changallab turardi.

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.