To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, shu kungacha shaxsiy guvohnoma ham kerakli narsa ekanligini bilmagan ekanman. Ya’ni, bundan bir-ikki kun oldin akam Xayrulloh bilan maktabga otimni yozdirish uchun borgunimizga qadar shaxsiy guvohnoma ham suv, non va kiyim kabi odamning hayoti uchun zarurligini bilmas ekanman. Seshanba kuni Xayrulloh bir necha oydan beri birinchi marta bizning oldimizga keldi. Men bolalar bilan mahallamiz etagidagi jarlikda Abbos va G‘ulomalining xo‘rozlari jangini tomosha qilib turgandim. Akamni ko‘rishim bilan shunchalik quvonib ketdimki, xo‘rozlar jangi tomoshasidan ham voz kechib, uning oldiga yugurib bordim. Yuzlaridan o‘pdim-da, u bilan birgalikda kulbamiz tomon yo‘l oldim.
Hali kulbamizga yetib bormasimizdan Xayrulloh so‘rab qoldi:
– Haliyam ko‘cha-kuyda sang‘ib yuribsanmi, Abdulloh? Bunaqa bekor sang‘ib yurma, deb aytmaganmidim?! Xo‘rozbozligu kaptarbozlikni yig‘ishtir deb aytuvdimku?! Biror ishning etagidan tutsang bo‘lmasmidi?
– Sang‘ib yurganim yo‘q! – dedim. – Dadamning o‘rniga ishga chiq-yapman. Bu hafta tungi navbatda ishlayapman, kunduzlari bekorman.
– Unda haliyam maktabga borib otingni yozdirmadingmi?
– Yo‘q. Meni maktabga olib boradigan hech kim yo‘q-ku?!
– Hech kim yo‘q? O‘zingning oyog‘ing singanmi? Maktabga borayotgan shuncha bolani biror kishi ergashtirib borayotgan ekanmi?
Kulbamizning eshigigigacha jim bordik. Uyimizdagilar Xayrullohni ko‘rib rosa quvonishdi. Haliyam to‘shakda yotgan, ko‘kragi xirillab ovoz chiqarayotgan dadam joyidan bir qo‘zg‘aldi-da, kuldi. Bu paytda oyim bilan singlim Halima dadamga quvvat bo‘lsin va ko‘kragi bir oz yumshasin deya kartoshka pishirishayotgan edi. Bizni ko‘rishlari bilan Xayrullohning oldiga yugurib kelishdi. Kichkintoylarimiz Nosir bilan Malaknoz esa Xayrullohning sumkasini titkilashga tushishdi.
Xayrulloh dadam bilan ko‘risharkan:
– Sizga nima bo‘ldi? – deb so‘radi. – Kasalmisiz?
Dadam kallasini qimirlatib qo‘ydi. Onam esa Xayrullohga dedi:
– Bir oydan buyon tomog‘idan ovqat o‘tmaydi. To‘shakda mana shunday yotganicha oh-voh qiladi.
– Do‘xtirga bormadilarmi? – deb so‘radi Xayrulloh.
Dadam o‘sha xirillagan ovozda.
– Qayoqqa ham borardim do‘xtir izlab? – dedi.– Qayoqqa?...
– Biror joyga borsangiz bo‘lmaydimi? Do‘xtir qahat emas-ku?! – dedi Xayrulloh norozi ohangda.
– Hozir yaxshiman, – dedi dadam. – Agar o‘lmay qolsam, keyingi safar borarman o‘sha do‘xtirga.
– Qani yaxshi bo‘lganingiz? – dedi oyim dadamning gapini rad etib. – Hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Qancha kartoshka pishirib berdim, qancha ovqat yedirdim, hatto qarzga guruch suvidan ham olib ichirdim, ammo kor qilmadi.
– Ishiga ham bora olmayaptilar, – dedim men ham gapga qo‘shilib.
Xayrulloh menga bir qarab qo‘ydi. So‘ngra birdaniga bir narsa esiga tushgandek:
– Ertaga ertalab Abdullohni maktabga olib borib, otini yozdirib kelmoqchiman, – deb qoldi. – Siz ham biz bilan yuring, do‘xtirga ko‘rsataman.
Dadam ko‘rpani boshiga tortdi-da, hech narsa demadi. Xayrulloh Malaknozni tizzasiga o‘tqazib, cho‘ntagidan qog‘ozga o‘ralgan ikkita shokolad chiqardi-da, bittasini Malaknozga, ikkinchisini Nosirga berdi. Mening shokoladga havasim kelib qolaverdim.
– Maktabda o‘qib nima bo‘ladi? Usti yaltiroq, ichi qaltiroq quruq savlatli oliftalardan biri bo‘ladimi?! Undan ko‘ra borib biror ishning etagidan tutsa yaxshimasmi?!
Dadam gapini gapirdi-da, yana boshini ko‘rpaga o‘rab oldi.
– Olifta deganingiz nimasi? – dedi Xayrulloh. – Maktabda o‘qigan va buning natijasida ma’lum bir darajalarga erishgan shuncha odamning hammasi quruq savlatli oliftalar ekanmi? Siz ham ajab gaplarni gapirasiz!
Xayrulloh shundan so‘ng menga bir ko‘z tashladi-da, dadamga qarab:
– Xarob kulbalardan iborat bo‘lgan bu joyda qashshoq va yalangoyoq bolalar bilan o‘ynab yuraversin demoqchimisiz?! – dedi. – Unda kim bo‘ladi bu? Kontrabandachi yoki giyohvand bo‘lishini istaysizmi?... Siz otasi bo‘la turib o‘g‘lingizni maktabda o‘qishga undash o‘rniga besavod bo‘lib qolaversin demoqchimisiz?! Odam savodning qadriga yetish uchun begona shaharda musofir bo‘lib ko‘rishi kerak. Ikkita so‘zdan iborat bo‘lgan bir enlik xatni yozishdan ojiz bo‘lasan. Mingta odamga yalinishingga to‘g‘ri keladi.
Xayrulloh bu gaplarni aytmaganida ham men o‘zimcha:
“Nima bo‘lganda ham maktabda o‘qish alebastr korxonasida ishlashdan ming marta osonroq, – deb o‘ylardim. – Maktabda o‘qishning eng og‘ir tomoni shundangina iborat bo‘lishi mumkinki, faqat o‘tirib yozaman yoki xuddi Ahmadga o‘xshab, “dadam suv berdi”, “oyim non berdi”, deb ovoz chiqarib o‘qiyman. Bor-yo‘g‘i shu! U yerda qo‘llaringni kesib yuboradigan va ko‘zingni ko‘r qilib qo‘yadigan alebastr ham, ajdahoga o‘xshab boshingda turadigan va hadeb seni so‘kaveradigan ishboshi ham bo‘lmaydi”.
– Nima bo‘lganda ham maktabda o‘qish korxonada ishchi bo‘lib ishlashdan yaxshiroq, – dedim.
Hech kim mening bu gapimga ahamiyat bermadi. Hammalari sumkasini ochib, undagi narsalarni chiqarayotgan Xayrullohning atrofini o‘rab olgan edilar.
Har doim Xayrulloh Bandar Abbosdan quruq qo‘l bilan qaytmas, sumkasi sovg‘a-salomga to‘la bo‘lardi. U har kelganida hech kimni unutib qoldirmasdi. Bir safar kelganida menga xorijda chiqqan, usti qizil bolalar qo‘l soatini olib kelgandi. Men ushbu soatim bilan bolalar orasida rosa maqtangan, ancha vaqtgacha g‘ururlanib yurgandim.
Xayrulloh bu safar oyimga bir ro‘mol, Halimaga chiroyli yashil kofta, turmushga chiqib ketgan opam Kanizga ham xuddi ana shu koftadan, dadamga jundan to‘qilgan bir sharf, men, Nosir va Malaknozga esa bir juftdan paypoq olib kelgandi.
Malaknoz erkalanib akamga suykalganicha injiqlik qilar, “menga ham anavi koftadan bering”, derdi. Xayrulloh uni qanchalik erkalab, aylanib-o‘rgilsa ham, ko‘nmasdi. Axiyri uni bag‘riga bosib, kulbadan tashqariga chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Men ularning orqasidan chiqdim, Nosir ham bizga ergashdi.
Tashqarida kulbalarning oldidan o‘tib ketayotgandim, Xayrulloh:
– Abdulloh! – dedi. – Ertaga ishdan qaytishing bilan tezda uyga kel. Tezroq yo‘lga tushishimiz, qanday qilib bo‘lsa ham ertaning o‘zida ishni tugallashimiz kerak. Hozir ham kech bo‘lmadimikin deb qo‘rqib turibman. Yana qandaydir bahonalarni keltirib, seni maktabga qabul qilmaymiz, deb turib olishmasin, tag‘in!
– Bo‘pti, – dedim. – Ertalab oltida bo‘shaymiz.
Shundan so‘ng ko‘zlarimga yaxshilab tikildi-da:
– O‘zing nima deysan, Abdulloh? – dedi. – Maktabda o‘qiging kelyaptimi?
Kulib qo‘ydim-da:
– Nega endi o‘qigim kelmas ekan?! – dedim. – Nima bo‘lganda ham alebastr korxonasidan yaxshiroq-ku!
Akam zilday qo‘lini boshimga qo‘yib, to‘zigan sochlarimni mehr bilan siladi.
* * *
Kechasi ish paytida bir necha bor dastgohning oldida turganligim esimdan chiqib ketdi. Yonimdagi dastgohda ishlayotgan, yoshi o‘zim bilan teng bo‘lgan Mustafo:
– Senga nima bo‘ldi, Abdulloh? – dedi. – O‘y-xayolga berilib ketding chog‘i? Oshiq-moshiq bo‘lib qoldingmi, nima balo?!
Uning bu gapiga kulib qo‘ydim-da:
– Yo‘q, og‘ayni, – dedim. – Sen ham juda olib qochasan-da!
Shundan so‘ng Xayrullohga o‘xshab yuzimga jiddiy tus berdim-da:
– Oshiqlik qayoqda, – dedim. – Odam birortani sevib qolishi uchun ham hafsala kerak!
– Unda nega xayoling ketib qolyapti?
– Shunchaki... Akam Xayrulloh keldi. Ertaga meni maktabga olib borib, otimni yozdirib kelmoqchi. Ana shuni o‘ylab turibman. Akam Xayrullohni tanisang kerak. Bugun ...
Shu payt ishboshiga ko‘zim tushib ketdi. U asta-sekin qadam tashlaganicha biz tomon kelardi. Tezda boshimni enkaytirdim-da, oldimga kelib qolgan qoplardan birini ko‘tarib aravachaga tashladim.
Tonggacha hech bo‘lmaganda bir yuz yigirma qop alebastrni omborga olib borib, terib qo‘yishimiz kerak edi. Agar tonggacha ushbu norma bajarilmasa, soat oltidan keyin ham qolgan qoplarni omborga yetkazishga majbur bo‘lardik. Men har doim soat ertalabki oltidan keyin – tungi nav-batda ishlaydigan ishchilar ketganlaridan so‘ng ham korxonada qolar, ba’zida alamimdan yig‘lab yuboray derdim. Ayniqsa hozir – Xayrulloh kelgan va meni kutib turgan paytida bu narsa menga alam qilardi.
Yana xayolim maktab, kitob, dars va muallimlarga ketdi...
G‘ulomxon Muhammad doim shunday derdi:
– Bizni maktabga qabul qilishmaydi. Mingta bahona to‘qishadi. Bir safar aytishadiki, sizning yoshingiz katta, yana bir safar aytishadiki, sizning bo‘y-bastingiz katta va yosh bolalar bilan sinfda o‘tirishingiz noqulay. Bilmadim, boshqa bir safar aytishadiki, sizlar ko‘chmanchisizlar, maktabga ololmaymiz... Gapning qisqasi, bizni o‘zlaridan uzoqlashtirish uchun mingta sababu bahona topishadi...
Ammo boshqa tomondan Xayrullohni o‘ylasam yuragim dadillashardi. Chunki Xayrullohning qila olmagan ishi yo‘q edi. Hatto ota-onam va Halabiyobodning barcha katta-kichigi uning gapiga quloq solishardi. Biror ishga qo‘l uradigan bo‘lsa, to uni oxiriga yetkazmasdan qo‘ymasdi. Har qanday ishning uddasidan chiqardi. Men ham xuddi akamday katta bo‘lsam, barcha odamlar men bilan hisoblashishlarini orzu qilardim.
– Hoy bola!... Mudrab qoldingmi, nima balo?! Qoplar uyulib ketibdiyu bu yerda?!
Yana xayolga berilib ketib, ishboshi kelganini sezmay qolibman. Dast-goh chiqib, bir-birining ustiga qalashib ketgan qoplar tomon yugurdim. Ishboshi past ovozda bir narsalar deb ming‘irladi-da, ketdi.
Qo‘rquvdan yuragim yorilayozdi. Agar ertalab soat oltida ishboshi uyga ketishimga ruxsat bermasa nima qilaman? “Agar ruxsat bermasa, – dedim o‘ziga o‘zim, – korxonaning orqa tomonidagi devordan oshaman-da, ketvoraman”.
Havoning yorishganiga yarim soatcha bo‘lgandi. Ammo soat olti bo‘lgunicha yuragim qon bo‘lib ketdi. Ammo mening baxtimga ertalab ishboshining kayfiyati yaxshi bo‘lib, kecha kechasi mening ishni rasvo qilganimni esiga ham olmadi.
Ish haqimni olishim bilan tezda jo‘nadim va birpasda uyga yetib bordim. Kulbamizga yetib kelganimda hansirashning zo‘ridan ko‘kragim achishar, hatto tuzukroq salom berishga ham holim yo‘q edi.
– Senga nima bo‘ldi? – dedi oyim mening ahvolimni ko‘rib. – Nega it quvgan soqovdek halloslab kelding?
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q, – dedim. – Xayrulloh bilan shaharga, maktabga otimni yozdirgani boramiz. Tezroq yo‘lga tushmasak, kech bo‘ladi va maktabning eshigini yopib qo‘yishadi.
Non bilan shirin choy tanovul qilayotgan Xayrulloh esa:
– Judayam sen aytganingchalik emas, – dedi. – Hozir o‘tirib biror og‘iz non yeb olgin, so‘ngra yo‘lga tushamiz.
Oyim dedi:
– Otang sizlar bilan bormas ekan, yo‘l-yo‘lakay opang Kanizning ham uyiga bir kirib chiqinglar. Ko‘ringlar-chi, bolaginam nima qilayotgan ekan...
– Nima qilardi? – dedi Xayrulloh. – Yashab yurgandir-da. G‘ulomalining qovoq-tumshug‘ini ko‘rishga toqatim yo‘q. O‘zicha kekkayib ketgan...
Oyim yalingansimon dedi:
– Mayli,bolam! Sen opang uchun borgin. Seni ko‘rib xursand bo‘ladi. Ertalablari G‘ulomali uyda bo‘lmaydi. Ishga ketadi.
To‘g‘risi bir tomondan oyimga ichim achisa, ikkinchi tomondan opam Kaniz va uning bolalarini sog‘ingan edim. Bir necha oydan beri ko‘rmagandim.
– Bo‘pti, – dedim. – Shaharga borsak unikigayam bir kirib chiqamiz.
* * *
Katta yo‘lgacha piyoda borishga majbur edik. Havo bir oz sovuq edi va uyqum kelardi. Bir necha marta orqamga o‘girilib esnab qo‘ydim.
– Uyqung kelyaptimi? – dedi Xayrulloh.
– Yo‘q, – dedim. – Bu yo‘l judayam uzun ekan. Halabiyobodni olib borib o‘sha cho‘lning o‘rtasiga qursinlar deb kim aytgan ekan?! Katta yo‘lning yaqinida qursalar bo‘lmaydimi?!
Xayrulloh hech narsa demadi. Go‘yo men unga hech narsa demagandek indamay ketaverdi. Uyqusirayotgan odam har narsa deyaveradi, deb o‘ylagan bo‘lsa kerakda.
Yarim soat deganda uzoqdan shalog‘i chiqqan bir eski avtobus ko‘rinib, “Oq tuproq” bekatiga yetib keldi. Xayrulloh chiptalarni haydovchiga berdi va avtobusning to‘riga qarab ketdik. Bittagina joy bo‘sh ekan. Ya’ni, uchta joydan ikkitasiga bizdan oldinroq chiqqan ikki yo‘lovchi o‘tirib olishgan ekan.
– O‘tir, – dedi Xayrulloh menga.
Xayrullohning talashib-tortishib o‘tirishga toqati yo‘q edi. Ayniqsa, menday bir odam bilan. U menga yaxshilik qilmoqchi ekan, unga e’tiroz bildirib o‘tirishning o‘zi yaxshi emas. U meni itarib yelkamdan shunday bosdiki, bo‘sh joyga o‘tirishga majbur bo‘ldim. Shunchalik charchagan ekanmanki, keyingi bekatga yetmasdan uyquga ketdim.
– Tur, yetib keldik!
Qattiq uyquda ekanman, Xayrullohning ovozidan uyg‘onib ketdim. Avtobusdan tushganimizda ham uyqum to‘la ochilmagan, ko‘zlarim yumilib-yumilib ketardi. Yurish malol kelar, erta tongning shirin uyqusi hali meni tark etgisi kelmasdi. O‘sha yerda, maydon o‘rtasida cho‘zilib uxlagim kelardi.
– Anavi suv quvuri oldiga bor-da, yuzingni yuvib ol, – dedi Xayrulloh. – Uyqung tarqaladi. Ungacha men biror kishidan maktabning qayerda ekanligini so‘rab olaman.
Quvurdan chiqayotgan suv shunchalik muzday ediki, dadamning iborasi bilan aytganda, hatto Ashobi Kahfning uyqusiga ketgan bo‘lganimda ham uyqu-puyqumni uchirib yuborardi. Xayrullohning oldiga qaytib kelganimda u gazetalarini yoyib qo‘ygan do‘kondor choldan so‘rardi:
– Amaki, maktab qayerda?
– Maktab? Qanaqa maktab?
– Maktabdaqa maktab! Bolalar o‘qiydigan va ilm o‘rgatadigan maktab.
– Bu yerda maktab ko‘p, - dedi chol.- Senga nima kerakligini ayt, men senga ko‘rsatib yuboraman.
Xayrulloh meni ko‘rsatib dedi:
– Mana buni maktabga bermoqchi edim.
Chol ko‘zlarini qisgancha menga tikilib turdi-da, so‘radi:
– Nechanchi sinfda o‘qiydi?
– Birinchi sinf... Ya’ni hali maktabga chiqmagan. Endi otini yozdirmoqchi...
Bilmadim, nimagadir uyalib ketdim va boshimni quyi solib oldim. Ko‘z ostidan cholga qaradim. U mening bo‘y-bastimga ajablanib tikilardi. U bir oz o‘yladi-da, so‘ng dedi:
– Mana shu ko‘chadan yuqoriga qarab borsang o‘ng tomondan bir ko‘cha chiqadi. Ana shu ko‘chadan yuz qadamcha yursang, maktabga yetasan.
* * *
Maktabning darvozasi ochiq bo‘lib, uning hovlisida bizning Nosirimiz tengi bir to‘da bola qiy-chuv qilganlaricha mo‘ylovli bir kishi bilan to‘p o‘ynashardi. Bolalardagi ushbu shodlik menga ham o‘tganday bo‘ldi. Birdaniga o‘zimni boshqa bir olamga kirib qolganday his qildim. Bu olamda faqatgina men va ushbu bolalar bor edi. Ko‘nglim umrim oxirigacha mana shu yerda qolish va ana shu quvnoq bolalarning o‘yinini tomosha qilib o‘tirishni istab ketdi. Bilmadim nimagadir quvonchning zo‘ridan ko‘zlarimga yosh keldi va bo‘g‘zimga yig‘i tiqildi.
– Abdulloh, Abdulloh! Nega qoqqan qoziqday qaqqayib qolding?
Kallamdagi shirin xayollar pir etdiyu uchdi-ketdi. Xayrullohning ortidan yo‘lga tushdim.
Uchta zinadan yuqorilab, bir yo‘lakka yetdik. Yo‘lakning poli turli rangdagi qadama naqshlar bilan bezatilgan edi. Ikkalamiz yo‘lakka, uning devorlariga va ularning yuzasiga solingan turli-tuman naqshlar va tasvirlarga angrayib qaragancha yurib borardik.
– Hozir qaysi eshikka kirishimiz kerak? – dedim.
– Mana shu eshiklardan bittasiga-da! – dedi Xayrulloh.
Ammo baxtimizga qarshi barcha eshiklar yopiq edi. Biz qay bir eshikka kirishni bilmay turib qoldik.
Xayrulloh ohista yurib eshiklardan birining oldiga bordi. Oldin ushbu eshikka yaxshilab qarab chiqdi, so‘ngra unga qulog‘ini yopishtirib tingladi. Men ham u yerga bordim-da, Xayrullohga o‘xshab qulog‘imni eshikka qo‘yibtingladi. Xona ichkarisidan ovozlar kelardi.
Oldiniga ovozi yo‘g‘on muallim ekanligi shubhasiz bir kishi nimalarni aytar, so‘ngra esa bolalar o‘sha gapni jo‘r ovozda takrorlashardi:
Muallim aytardi:
– Kechasi edi.
Bolalar takrorlashardi:
– Kechasi edi.
– Oy bulutning orqasida edi.
– Oy bulutning orqasida edi.
– Oy nurlari...
– Oy nurlari...
– Yerni yoritardi.
– Yerni yoritardi.
– Eh, qanday go‘zal!
– Eh, qanday go‘zal!...
Shu payt birdaniga eshik zarb bilan ochildi-da, men bilan Xayrulloh orqaga qarab uchib ketdik. Eshikni ochgan bola esa xuddi ajinani ko‘rgandek qichqirib yubordi-da, orqaga qarab qochdi.
Sinf birdaniga tinchib qoldi. Stulda o‘tirgan ko‘zoynakli kishi oldiniga bizga ajablanib qaradi, so‘ngra o‘rnidan turib bizning oldimizga keldi. Qo‘rqqanimdan o‘takam yorilib ketay dedi. Agar ko‘zoynakli kishi bizni ta’zirimizni berib qo‘yish uchun sinfning o‘rtasiga olib kirsa nima bo‘ladi?! Xayrulloh u bilan yuzma-yuz bo‘lib qolsin deya yog‘ochga o‘xshab qotib qolgan oyoqlarimni sekin-asta orqaga tortdim. Partalarda o‘tirgan bolalardan bir nechtasi piq etib kulib qo‘yishdi.
Ko‘zoynakli kishi so‘radi:
– Xo‘sh xizmat. Nima ishingiz bor edi?
Shoshib qolgan Xayrulloh tilga kirdi:
– S... salom... Y... yo‘q! To‘g‘risi... janob o‘qituvchi... biz...
Bechora Xayrulloh! Jiqqa terga botgan edi. Shu choq Xayrullohning xijolat chekayotganini ko‘rmaslik uchun o‘sha yerdan ketvorgim keldi.
Xudoga shukrki, ko‘zoynakli kishining o‘zi unga yordamlashvordi:
– Marhamat qilsinlar! Hech qisi yo‘q.
Xayrullohning yuzlari uyatdan qizarib ketgan edi. U zo‘raki bir kulib qo‘ydi-da:
– H... ha, – dedi. – To‘g‘risini aytsam... biz mana bu ukamni maktabga qo‘ygani kelgandik... Adashib kiribmiz shekilli. Kechirasiz!
Judayam xushmuomala bo‘lgan ko‘zoynakli kishi esa:
– Hechqisi yo‘q, – dedi. – Siz marhamat qilib idoraga boring: yo‘lakning oxirida, chap tomondan birinchi eshik.
Xayrulloh tezda men tomonga qaytdi. Kulib qo‘ydi-da:
– Ishni rasvo qilishimizga sal qoldi, – dedi. – Yaxshiyam kallamizni yo‘qotib qo‘ymadik.
Idorada ikkita rais o‘tirgan ekan. Kichikroq stol ortida o‘tirgan rais dedi:
– Buning iloji yo‘q. Birinchidan kech bo‘ldi, ikkinchidan yoshi judayam katta ekan. Yanayam borib janob Fayzobodiyning o‘zi bilan gaplashib ko‘ring, balkim qabul qilib qolar...
Fayzobodiy bir narsalarni yozish bilan mashg‘ul edi.
– Salom, – dedi Xayrulloh. – Kechirasiz, biz ukamning otini birinchi sinfga yozdirgani keldik.
Fayzobodiy mening bo‘y-bastimga bir qarab qo‘ydi-da, ruchkasining narigi uchini og‘ziga soldi. Bir oz o‘ylandi-da:
– Birinchi sinfga? – deb so‘radi.
– Ha, janob, birinchi sinfga! – dedi Xayrulloh.
– Kech kelibsiz. Maktabda o‘qish boshlanganiga ikki oy bo‘ldi. Nega ertaroq kelmadingiz?
– Kechiksa ham hechqisi yo‘q, janob. Buning qobiliyati yaxshi. Yoshi o‘n uchda. Kallasiyam yaxshi ishlaydi.
Fayzobodiy bir kulib qo‘ydi-da:
– Ha-a, – dedi. – Bo‘yining kattaligini aytmasa ham bo‘ladi. Ammo yoshi to‘g‘ri kelmaydi-da! Ukangizni maktabga qabul qilishimizga qonun yo‘l bermaydi.
Shu choq olamning barcha g‘am-g‘ussasi Xayrullohning yuzida aks etgandek bo‘ldi. Bir oz jim qoldi. So‘ngra nochor bilan Fayzobodiyning yuziga qaradi.
– Janob, – dedi. – To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, biz ko‘chmanchilarmiz. Mana shu Tehronporsdagi Halabiyobod mahallasida turamiz. Agar ko‘chada bekor sang‘ib yuradigan bo‘lsa yo men kabi bir ishsiz; yo o‘sha yerdagilarga o‘xshab giyohvand yoki o‘g‘ri bo‘ladi. Endi o‘zingiz ayting: nima qilaylik?
Fayzobodiy nigohini menga qaratdi. Go‘yo Xayrulloh bergan savolga javobni mening savlatimdan qidirayotgandek edi.
– Halabiyobod... – dedi-da, kallasini qimirlatib qo‘ydi. So‘ngra:
– Nima desam ekan sizga... – dedi. – Menimcha siz uchun faqatigina bir yo‘l bor: ukangizni kechki sinflarga qabul qilish mumkin... Albatta ungayam kech bo‘ldi-yu ammo biror yo‘lini qilsa bo‘ladi.
So‘ngra menga qarab bir kulib qo‘ydi-da:
– U yerda o‘zing ham bemalol bo‘lasan, o‘quvchilarning hammasi katta yoshdagilar...- dedi.
Uning bu gaplaridan uyalib ketganimdan jilmayib qo‘ydim-da, boshimni quyi soldim.
– Kechki sinflar ham mana shu yerning o‘zidami? – deb so‘radi Xayrulloh.
– Ha, mana shu maktabning o‘zida, – dedi Fayzobodiy. – Faqat ukang darslarni qoldirmaslikka va’da berishi kerak. Chunki hozir ham boshqa o‘quvchilardan ikki oy orqada.
Men bunday xushmuomala odamlarning gaplariga nima deb javob berishni ham bilmasdim.
– Xo‘p bo‘ladi, janob rais! – deb qo‘ydim nima deyishimni bilmay.
– Unda bugundan boshlab o‘qishni boshlasangiz bo‘ladi...
Oldiniga quvonchdan o‘zimni yo‘qotib qo‘yay dedim, ammo keyin birdaniga vujudimni qo‘rquv qopladi. O‘quvchilar to‘la sinfga kirib borishga yuragim yo‘q edi. Hech narsani bilmay angrayib tursam, hamma mening turqimga qarab kulsa... Ammo Xayrullohga qaraganimda uning yelkasidan tog‘ ag‘darilganday yengil nafas olganini ko‘rdim. Menga qarab kulib ham qo‘ydi.
– Men... Men... Ya’ni bugundan boshlab... janob?...
Fayzobodiy dedi:
– Ha, bugundan boshlab. Albatta, hozir borib avval u yoq bu yoqlaringni tartibga solib, tushdan so‘ng soat ikki yarimda mana shu yerga qaytib kelasizlar...
“Demak oldin opam Kanizning uyiga borib yuz-qo‘llarimni yaxshilab yuvaman, – deb o‘yladim. – So‘ngra bittadan daftar va ruchka sotib olib, shu yerga kelaman”.
– Marhamat qilib shaxsiy guvohnomangizni bering!
Guvohnomaning nomini eshitishim bilan ko‘zimdan olov chiqib ketgandek bo‘ldi. Xato eshitdimmikin, deb o‘yladim. Xayrullohga qaradim.
– Guvohnoma?!... – dedi Xayrulloh. – To‘g‘risi, shaxsiy guvohnomasi yo‘q... Ya’ni janob... haligi... biz... Halabiyobodda hech kimning shaxsiy guvohnomasi yo‘q. Hech kimning, janob.
Tezda Fayzobodiyning yuziga qaradim: qani, Xayrullohning gaplari ma’qul keldimi yoki yo‘qmi? U taajjublanib dedi:
– Guvohnomangiz yo‘q?! Unda nima qilib turibsizlar bu yerda. Maktabniku qo‘ya turing. Ammo shaxsini tasdiqlovchi hujjat kerak bo‘ladigan bu jamiyatda qanday qilib yashaysizlar?! Agar guvohnomasi bo‘lmasa...
– Ya’ni guvohnomasi bo‘lmasa maktabga qabul qila olmaysizmi? – deb uning gapini bo‘ldi Xayrulloh.
– Men sizga tushuntirib aytdim-ku! Bo‘lmaydi! Bo‘lganida edi o‘zim ukangizning ro‘yxatga yozib, maktabga qabul qilgan bo‘lardim.
– Unda ayting: biz nima qilaylik?
– Bilmadim. Mening qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Siz o‘zingiz yashaydigan tumanga borib, muammoyingizni aytishingiz mumkin. Balkim o‘sha yerda sizga yordam berib qolishar. Tumaningizdagi mutasaddilar: “ushbu janobni maktabga qabul qilish mumkin”, deb yozib bersalar bo‘ldi, men bosh ustiga qabul qilaman! Marhamat!
– Qaysi tuman?
– Tumandaqa tuman! O‘zingiz yashaydigan tuman. Tehronpors tumani Ta’lim va tarbiya bo‘limiga-da1 .
– Ya’ni biz Ta’lim va tarbiya bo‘limiga borishimiz kerakmi?
– Xuddi shunday. Bu yerdan uch ko‘cha yuqorida. Mana bu ko‘chadan borsangiz, chap tomoningizda, uch ko‘cha yuqorida.
* * *
So‘ray-so‘ray Ta’lim va tarbiya bo‘limini topdik. U yerda odam shunchalik ko‘p ediki, agar boyagi maktabda bo‘lgani kabi raisning xonasini topamiz deb qulog‘imizni eshikka qo‘ysak hamma bizning ustimizdan kulgan bo‘lardi.
Xayrulloh bir yog‘och stulda o‘tirgan mirshablar kiyimidagi kishidan so‘radi:
– Ro‘yxatga olish idorasi qayerda?
– Idora mana shu yerda. Nima ishlaring bor edi?
– Mana bu bolani ro‘yxatdan o‘tkazishimiz kerak edi. Mana shu idoraga borishlaring kerak deb aytishdi.
– Ana shuni so‘rayapmanda. Boshidan o‘rinbosar janoblariga ishimiz bor edi, desalaring bo‘lmaydimi? Ikkinchi qavatga chiqasizlar, o‘ngdan to‘rtinchi eshik.
O‘ngdan to‘rtinchi eshikni ochganimizda ko‘zoynakli bir kishi boshini qog‘ozlardan ko‘tarib dedi:
– Marhamat!
– Salom janob! Biz ukamni ro‘yxatga yozdirgani keldik. To‘rtinchi maydondagi maktabga borgandik, bu yerga kelishimiz lozimligini aytishdi.
– Xo‘p, qanday muammo chiqdi?
– Hech qanday muammo, janob. Shaxsiy guvohnomamiz yo‘q.
– Qiziq gapirasiz-a?! Odamning shaxsiy guvohnomasi bo‘lmasa, bu narsa hech qanday muammo hisoblanmaydimi?!
– Axir, janob, u yerda – Halabiyobod mahallasida hech kimda guvohnoma yo‘q. Biz ko‘chmanchilarmiz, janob. Ukamning savodi chiqsin deb uni maktabga qo‘ymoqchiydik.
– Nega shu paytgacha shaxsiy guvohnoma olmadilaring?
– Chunki bizlarga shaxsiy guvohnoma berishmaydi, janob. Mingta bahona to‘qishadi. Bundan tashqari o‘zimiz ham dangasaroqmiz, janob. Madaniyatimiz past, bilimsiz va nodonmiz. Onalarimiz dunyo kimning qo‘lida ekanligini bilishmagan. O‘zlari uchun, bolalarining bir kuni kelib o‘z yo‘llarini topib ketishlari, boshqalar ularni odam hisobiga qo‘shishlari, ularni maktabga qabul qilishlari uchun guvohnoma olishni bilishmagan.
– Axir bu sabab bo‘lolmaydi-ku?!
– Nega endi sabab bo‘lolmas ekan? Axir men aytib turibman-ku: bizda bolalar shundayligicha kulbalarda dunyoga kelishadi, o‘sha yerda chang-tuproq ichida katta bo‘lishadi va o‘sha yerda o‘lib ketaverishadi. Hech kimning ular bilan ishi yo‘q. “Guvohnomaning bizga nima keragi bor”, deyishadi. Ha-ha, janob, ular buni bilishmaydi. Madaniyatlari judayam past...
Men og‘zim ochilib qolganicha Xayrullohning gaplariga quloq solardim. Xayrulloh bunday o‘tkir va dadil gaplarni qayerdan oldiykin, deb hayratda qolgan edim. Xuddi kitob o‘qigan kishilardek gapiradi-ya!
“Endi ushbu janob Xayrullohning gaplariga javob berolmasa kerak, – deb o‘yladim. – Endi albatta meni maktabga qabul qilish to‘g‘risida o‘ylab ko‘radi”.
Janob o‘rinbosar:
– Harholda... – dedi-da, so‘ngra qog‘ozga tez-tez bir narsalarni yozib, Xayrullohning qo‘liga tutqazdi.
– Hozir buni olib borib yonimizdagi xonaga – Ta’lim va tarbiya bo‘limi boshlig‘i janob Ma’sumiyga bering. Balkim u biror narsa der.
Yonboshdagi xonaga bordik. Ta’lim va tarbiya bo‘limi boshlig‘i qog‘ozni o‘qib ko‘rdi-da:
– Ha, janob Asqarning aytganlari to‘g‘ri, – dedi. – Afsuski bizning qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Qonunga ko‘ra, shaxsiy guvohnomangiz yo‘q ekan, sizni biror bir maktabga ololmaymiz. Aks holda boshimizga ortiqcha tashvish orttiramiz.
– Unda siz hozircha ukamni maktabga qabul qilishlari to‘g‘risida ko‘rsatma bersangiz, biz esa shaxsiy guvohnoma olish uchun harakat qilsak bo‘lmaydimi?
– Sizga aytdim-ku: biz bunday qilolmaymiz!
– Janob rais, ukam ro‘yxatdan o‘tmasdan shundaygina kelib sinf-da o‘tirsa bo‘lmaydimi?
– Albatta bo‘ladi. Erkin tinglovchi sifatida sinfga kirib o‘tirishi, o‘tilayotgan darslarni tinglashi mumkin. Ammo bu holda u bizning o‘quvchimiz hisoblanmaydi va biz undan imtihon ololmaymiz.
Men Ta’lim va tarbiya bo‘limi boshlig‘ining bu gaplariga tushunmadim.
– Unda nima qilaylik, janob? – dedi Xayrulloh.
– Toki borib shaxsiy guvohnoma olmaguningizga qadar hech narsa qila olmaysiz.
– Janob rais, sizning o‘zingiz shaxsiy guvohnoma berolmaysizmi?
– Men?... Yo‘q, o‘g‘lim! Siz fuqarolik holatlarini qayd etish bo‘limiga borishingiz kerak. Bunaqa hujjatlarni o‘sha yerdan berishadi. Bizning qo‘limizdan keladigani shuki, ularga bir xat yozib sizning ishingizni tezroq hal qilib berishlarini so‘rashimiz mumkin, xolos. Qolgani bizning qo‘limizda emas!
– Bu idora qayerda?
– Unchalik uzoq emas. Mana shu ko‘chaning oxirigacha borasizlar. Maydondan o‘tganingizdan keyin ikkita chorrahadan ham o‘tasizlar. O‘ng tomonda uch qavatli eski g‘ishtin bino bor. Oq taxtada “Fuqarolik holatlarini qayd etish bo‘limi” deb yozib qo‘yibdi... Sizning savodingiz bormi?
– Yo‘q, janob, – dedi Xayrulloh. – Mening ham shaxsiy guvohnomam yo‘q...
Shundan so‘ng ikkalamiz Ta’lim va tarbiya bo‘limi boshlig‘ining xonasidan chiqdik.
Zinlardan tushar ekanmiz, o‘zimga o‘zim derdim: “Bu dunyoda hamma raisning ham raisi bor bo‘lsa kerak. Agar shunday bo‘lsa, dunyodagi barcha raislarning raisi kim ekan? Uning tuzilishi va qiyofasi qanday ekan?”.
Eski g‘ishtin binoni topib bordik. Bu binoning g‘ishtlariyam, zinalariyam, xonalariyam, derazalariyam, hatto odamlariyam eski ekan. Odamlarining barchasi ko‘zoynak taqqan, oriq va keksa edilar. Xuddi oyim aytib bergan ertaklardagi qadimgi odamlardek. O‘sha odamlardan biri judayam katta – kattaligi odamning yarmicha keladigan bir kitobni ochib olganicha siyoh bilan unga bir narsalarni yozib o‘tirardi.
Shaxsiy guvohnomani ham ana shu kitob kattaligida chiqarish fikrlariga kelib qolmaganiga xudoga shukrlar qildim. Agar odamning shaxsiy guvohnomasi mana shuncha katta va og‘ir bo‘ladigan bo‘lsa, bunday shaxsiy guvohnomani u yoq-bu yoqqa olib borgunicha odamning ona suti og‘zidan kelardi. “Shaxsiy guvohnoma beradigan idorada odamlar nega buncha qari bo‘ladilar, kitoblari ham nega buncha katta va og‘ir bo‘ladi?” deb qancha o‘ylasam ham o‘yimning oxiriga yetolmadim.
Men va Xayrulloh raislardan birining stoli oldida turvolib uning qanday qilib yozuv-chizuv qilayotganligini tomosha qilib turganimizda u boshini ko‘tarib dedi:
– Eshitaman?
Xayrulloh so‘z boshladi:
– Shaxsiy guvohnoma olgani keldik.
Rais yana boshqatdan yozishga tushdi va pichirlab bir narsa dedi. Ammo uning gapini na men tushundim, na Xayrulloh.
– Bir narsa dedingizmi? – dedi Xayrulloh.
Keksa kishi ko‘zoynagining tepasidan unga qaradi-da, ruchkasi bilan o‘ng tomonni ko‘rsatib dedi:
– To‘g‘riga borasiz!
Men bilan Xayrulloh o‘zimizni orqaga tortdik va ruchka yo‘naltirilgan tomonga qarab bordik. Bu tomondagi stol ortida o‘tirgan raisning qiyofasi ham xuddi biz birinchi borgan stol ortidagi raisning qiyofasiga o‘xshab ketardi. Yuzlari va soqollari ham bir-biridan farq qilmasdi. Xuddi bir olmaning ikki yuziga o‘xshashardi. Hayratdan o‘zimni yo‘qotib qo‘yay dedim. Yana bir marta birinchi raisga qaradim. Ularning kiyimlarigina bir-biridan farq qilardi. “Bular albatta egizaklar bo‘lsa kerak, – dedim o‘zimga o‘zim. – Aks holda faqatgina bir-birlarining ro‘paralarida o‘tirganliklari va har ikkalalari ham shaxsiy guvohnoma tayorlash bilan shug‘ullanganliklari uchun qiyofalari bir xil bo‘lmagan bo‘lardi”.
– Eshitaman?
– Shaxsiy guvohnoma olgani keldik.
– Chaqirgunimizcha anavi yerda o‘tirib turing.
Yumshoq stulga o‘tirganimizdan keyin yana boshqatdan bu idoraning hamma joyiga sinchiklab qarab chiqa boshladim. Bu yerdagilarning barchasi bir xil qiyofada bo‘lib, barchalari oldilaridagi katta kitoblarni ochib olganlaricha unga bir narsalarni tez-tez yozardilar.
Xayrullohdan so‘radim:
– Bugun shaxsiy guvohnomamizni berishadimi?
– Bilmadim. Oldin bilaylikchi buning uchun nima narsalar kerak ekan.
Biz uning stoli yonida o‘tirgan keksa rais boshini ko‘tardi-da, bizga qarab:
– Ismi nima? – dedi.
Men tezda o‘rnimdan bir qo‘zg‘alib qo‘ydim-da:
– Abdulloh! – dedim.
– Xudoydod Karam, – deb qo‘shib qo‘ydi Xayrulloh. – Abdulloh Xudoydod Karam.
– Unda kim o‘lgan? – deb so‘radi keksa rais.
Men Xayrullohga qaradim, Xayrulloh esa menga qaradi. Hayratdan o‘zimni yo‘qotib qo‘yay dedim. Axiyri chaynalib dedim:
– Kim? Men?!
Keksa rais esa xuddi men bir yomon gap gapirib qo‘ygandek tishlarini g‘ijirlatdi-da:
– Kim o‘lgan deb aytyapman? – dedi. – Qaysi sanada?
– Hech kim o‘lgani yo‘q, – dedi Xayrulloh. – Biz shaxsiy guvohnoma olgani keldik.
Keksa rais xuddi birov uni so‘kkandek ko‘zoynagining tepasidan ko‘zlarini o‘qraytirib qaradi-da:
– Nega odamni masxara qilasizlar? – dedi. – Kim shaxsiy guvohnoma olgani keldi?
Yana jiqqa terga botgan Xayrulloh dedi:
– Mana bu, ukam...
Keksa rais yana tishlarini g‘ijirlatib:
– Unda onasi o‘lgan kishi kim? – dedi.
So‘ngra baland va asabiy ovozda qichqirdi:
– Onasining shaxsiy guvohnomasini bekor qilmoqchi bo‘lgan kishi kim edi?
Bizning ro‘paramizdagi stulda o‘tirgan kishi keksa raisning stoli oldiga kelib dedi:
– Men edim, marhamat!
– Qayerda yuribsiz? Kartangizni yozib tugatganimcha bir pas kutib turolmadingizmi?
– Kechirasiz... Fotokopiya olgani ketgandim.
– Ismini nima deb aytgandingiz?
– Mohjon. Mohjon Muhammadiy.
Men yengil nafas oldim va Xayrullohga qaradim. Xayrulloh jilmayib qo‘ydi-da:
– Bu yerda o‘lganlarning shaxsiy guvohnomalarini ham bekor qilishar ekan, – dedi.
– Qanday qilib? – dedim.
– Shunday qilib. Shaxsiy guvohnomaning ustiga chizib qo‘yisharkan-da, “omin” deyisharkan!
– Shaxsiy guvohnomalar uvol ketmasligi uchun uni boshqa biror kishiga berishsa bo‘lmaydimi? Nargis o‘lganida Safdar uning shaxsiy guvohnomasini boshqa birovga kerak bo‘lib qolar deb saqlab qo‘ygan edi.
– Safdarni qo‘y, uning aqli kamroq o‘zi.
Shundan so‘nggina ushbu shaxsiy guvohnoma idorasida ishlaydigan raislarning keksa va eski bo‘lishlarini tushunib yetdim. Chunki bir kishi odamlarga shaxsiy guvohnoma beradigan bo‘lsa, boshqa bir kishi ularning shaxsiy guvohnomalarini bekor qila olmaydida axir. Bunaqada hamma narsa aralashib ketadi-da. Ya’ni biror kishiga shaxsiy guvohnoma bergan rais shaxsiy guvohnomalar va odamlar bir-birlari bilan aralashib ketmasliklari uchun bir kuni kelib o‘sha shaxsiy guvohnomaning egasi olamdan o‘tganida uni o‘zi bekor qilishi kerak. Buning uchun esa ko‘p yashashi kerak bo‘ladi. Aks holda hamma narsa...
Xayrulloh o‘ylarimni oxiriga yetkazmadi. Tirsagi bilan biqinimga turtib:
– Tur! – dedi.
Yana o‘sha keksa raisning stoli oldiga borib xuddi onasi o‘lgan bolalardek turib oldik.
– Xo‘sh, nima istaysizlar? – dedi keksa rais.
– Shunchaki... – dedi Xayrulloh gapini yo‘qotib. – Mana bunga shaxsiy guvohnoma olgani keldik.
– Nima bo‘ldi? – dedi keksa rais. – Shaxsiy guvohnomasini yo‘qotganmi?
– Yo‘q, janob. Umuman shaxsiy guvohnomasining o‘zi yo‘q. Ya’ni boshidan shaxsiy guvohnomasiz dunyoga kelgan.
– Xo‘sh, nega unda endi keldingiz? Birato‘la xotin olayotgan paytida kelardingiz!
– Endi shu paytgacha shaxsiy guvohnomaga unchalik ehtiyojimiz yo‘q edi. Shaxsiy guvohnoma so‘raydigan odamga ishimiz tushmagandi. Biror kishining ham bizning shaxsiy guvohnomamiz bilan ishi yo‘q edi. Shaxsiy guvohnoma olishga endi kelganimizning sababi shuki, ukamni maktabga qo‘ymoqchi edik, ular esa shaxsiy guvohnoma kerak deyishdi.
Shundan so‘ng Ta’lim va tarbiya bo‘limi boshlig‘i bergan qog‘ozni keksa raisga berdi. Keksa rais qog‘ozga qaradi, ko‘zoynagini bir qo‘zg‘atib qo‘ydi, so‘ngra qog‘ozni ko‘zining oldiga olib borib o‘qidi.
– Biz shundayicha shaxsiy guvohnoma berolmaymiz-ku?! – dedi u. – Shaxsiy guvohnoma berishning ham o‘z qonun-qoidasi bor. Ko‘chadan kelgan har qanday kishiga shaxsiy guvohnoma beravermaymiz-ku?! Buning necha yoshda ekanligini, kimligini, yaqinlari kim ekanligini qayoqdan bilamiz? Davlatning qonuni o‘yinchoq emas-ku?!
– Men akasi bo‘laman, yaqini ham o‘zimman. Hozir yoshi o‘n uchda.
– Bor-yo‘g‘i shumi? Yoshi o‘n uchda va tamom vassalom?! Hih... Siz uning akasi ekanligingizni biz qayoqdan bilamiz.
– Men buning akasi bo‘lmasam, unda kim uning akasi? Men yolg‘on gapirayotganim yo‘q-ku?!
– Nima bo‘lganda ham bunisi bizga qorong‘i. Qonun bizning qo‘l-oyog‘imizni bog‘lab qo‘ygan. Tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomasini olib keling, balkim biror ilojini qilarmiz.
– Tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomasi ham yo‘q, janob. O‘sha kulbamizda dunyoga kelgan. Onam do‘xtir-po‘xtirga borgan emas. Kimdan ma’lumotnoma olib kelamiz?
– Bo‘lmasa undanam yaxshi! Marhamat qilib turing-da, ketavering!
Xayrulloh yalinishga tushdi:
– Siz bir yaxshilik qiling, janob rais. Axir umrining oxirigacha shaxsiy guvohnomasiz yurolmaydi-ku?! Biror iloji bordir axir?!
– Nega endi o‘ylayapsiz bu to‘g‘rida? Dunyoga kelgan paytidayoq shaxsiy guvohnoma olishni o‘ylashingiz kerak edi.
– Endi shunday bo‘lgan bo‘lsa nima qilaylik? Bizga biror yo‘lini ko‘rsatib yuboring hech bo‘lmasa!
Keksa rais o‘ylanib turdi-da, buning bir yo‘lini topgandek:
– Unda mahallangizdan guvohlik qog‘ozi olib kelishingiz mumkin, – dedi. – Mahallangizning oqsoqollariga imzo qo‘ydiring-da, olib keling. Shunda biror ilojini qilarmiz.
– Axir ularning savodlari yo‘q-ku?! Qanday qilib imzo qo‘yadilar?!
– Unda men nima qilay?! – dedi jahli chiqqan keksa rais. – Boshimni aylantirib tashladilaring-ku! Unda ayting: barmoqlarini bosishsin. Qo‘llari sinib qolmagandir axir?! Hech bo‘lmasa barmoqlari bordir?!
– Unda, janob, siz yana bir yordam bervorasiz: o‘sha guvohlik qog‘ozini o‘zingiz yozib bering... Axir bunaqa ishlarga bizning aqlimiz yetmaydida!...
– O‘zim yozib beray? Nima deb yozay? Yo‘q, buni o‘zingiz yozishingiz va o‘zingiz imolashingiz kerak!
– Bo‘pti, – dedi axiyri Xayrulloh rozi bo‘lib. – Katta rahmat. Ertaga olib kelamiz. Siz ertaga bo‘lasizmi?
– Ha, ertaga bo‘laman. Siz o‘sha qog‘ozni olib kelavering, men shu yerda bo‘laman.
Hali eshikdan chiqib ulgurmagan edik hamki, keksa rais bizni chaqirib qoldi:
– Esingizda bo‘lsin: guvohlik qog‘ozini tuman politsiyasi ham tasdiqlashi kerak. Aks holda guvohlik qog‘ozi hech qanday kuchga ega bo‘lmaydi.
Nimalar deyapti yana? Bizning mahallamizda tuman politsiyasi nima qiladi?!
Xayrulloh orqasiga qaytib keksa raisning stoli oldiga bordi.
– Kechirasiz, janob, – dedi. – Bizning mahallamizda tuman politsiyasi yo‘q.
– Tuman politsiyasi yo‘q?! Unda nima bor o‘zi o‘sha mahallangizda?! Bo‘lmasa boshimni ko‘p aylantirmang-da, ketavering!
– ... Axir bizning aybimiz nima, janob?!
– Kishi bir joyda yashasayu tuman politsiyasi bo‘lmasa?! Axir qanday qilib tuman politsiyasi bo‘lmasligi mumkin?! Undan ko‘ra birato‘la tog‘ning ortiga, hech narsasi yo‘q joylarga ko‘chib keting-da, bemalol yashayvering!
– Axir sizga aytdim-ku: u yerning oti Halabiyobod, hech narsasi yo‘q. Nega mening gaplarimga ishonmaysiz? U yer Halabiyobod, na suv bor, na non bor, na elektr, na idora, na maktab, na do‘xtir, na tuman politsiyasi, na... hech narsasi yo‘q! Qup-quruq cho‘l. Endi ayting: biz nima qilaylik?
Xayrulloh jiqqa terga botgan, rangi oqarib ketgan va ovozi ham titrab chiqardi. Keksa rais ham uning asabiylashayotganini tushundi shekilli, gapni qisqa qilib qo‘yaqoldi:
– Bo‘pti, unda guvohlik qog‘ozini olib kelavering, biror yo‘lini qilarmiz. Siz hozir boravering!...
Idoraning zinalaridan tushib kelganimizda kuz oftobi ko‘chaga o‘zining iliq nurlarini yoygan edi. Oftobning badanga yoqadigan nurlari ostida yerga cho‘zilib uxlaging kelardi.
– Abdulloh! – dedi akam xayolimni bo‘lib. – Anavi Navro‘zali amakining qizi Gulpari haliyam bormi yoki erga tegib ketganmi?
– Yo‘q, – dedim. – Haliyam bor. Nima ishing bor edi?
– Hech narsa. Mana shu guvohlik qog‘ozini yozib beradimi devdimda.
Xayrulloh to‘g‘ri aytardi. Gulpari Navro‘zali qizi mahallamizdagi yagona savodli odam bo‘lib, to‘qqizinchi sinfgacha o‘qigan, kimki birortaga xatmi yoki boshqa biror narsami yozmoqchi bo‘lsa, uning oldiga borardi. Ba’zilar esa kerak bo‘lsa-bo‘lmasa unga bir narsalar yozdirib yurishardi.
Novvoyxonaning oldidan o‘tib ketayotganimizda oyoqlarim bo‘shashib, ko‘nglim sust ketdi. Issiq tandir nonning tomoqni qitiqlovchi hidi yo‘lakka yoyilgan, men kabi bir qorni ochqagan odam novvoyxona taxtasi ustiga qo‘yilgan nonlarning barchasini olib bir yamlashda yutib qo‘yay derdi. Ichaklarim quldiray boshlagan edi.
– Aka, – dedim. – Yuring, bittagina non olib yeylik.
– Hozir Kanizning uyiga boramiz-ku, – dedi Xayrulloh. – Agar qorning ochqagan bo‘lsa, mayli, birorta non olib beraman.
– Yo‘q, – dedim. – Aytgandek, opamnikiga boramiz-ku. O‘sha yerda yeyishga biror narsa topilib qolar.
* * *
Mahallamizga yetib kelganimizda kun botishiga ozgina qolgan edi. Shunchalik charchagan edimki, birinchi kulba – Salimxonning kulbasi oldidayoq yerga cho‘zilib yotgim va uxlagim keldi.
Oyim bir pushta loy tayyorlab olganicha devor yoriqlarini suvash bilan mashg‘ul edi. Tez-tez nafas olar ekan:
– Yoriqlardan shamol kiradi, kulbani isitib bo‘lmaydi, – dedi. So‘ngra e’tiborini bizga qaratib dedi:
– Nega buncha kech qolib ketdinglar? Maktabga qabul qilish shuncha vaqtni olarkanmi? Ichkariga kiringlar, dadangning issig‘i chiqqan, olovdek yonyapti boyaqish.
– Axir ertalab do‘xtirga olib boray deganimda ko‘nmadilar-ku?! – dedi Xayrulloh jig‘ibiyron bo‘lib. – O‘jarliklari tutib qolsa hech narsaga ko‘nmaydilar! Agar biz bilan do‘xtirga borganlarida edi, ikkita xapdori ichardilar, ahvollari bir oz bo‘lsada yaxshiroq bo‘lardi.
Kulbaning ichidan turib Xayrullohning gaplarini eshitgan dadam bo‘g‘iq ovozda:
– Qaysi pulimizga dori sotib olarding?! O‘g‘rilik qilib topardingmi pulni?!...
Dadam yana bir narsalar dedi, ammo men qolgan gaplarini tushunmadim.
Yig‘lamsirab oyim:
– Hozir biror yo‘lini qilmasang bo‘lmaydi, bolam, dedi. Bunday yotaversa biror narsa bo‘lib qolmasin tag‘in.
– Mayli, oyijon, – dedi Xayrulloh. – Agar do‘xtirga boraman desalar hozir ham olib borishga tayyorman.
Men esa itday charchagan edim. Cho‘zilaman-da, uyquga ketaman, deya kulbaning ichiga kirdim. Dadam kallasini ko‘rpaga o‘rab olgan edi. O‘sha holatda xir-xir etib bir narsa dedi-da, jim bo‘ldi.
– Nima dedilar? – dedi Xayrulloh.
– Hech narsa, – dedi oyim. – Ertalab boraman do‘xtirga dedi.
Qorong‘ulikda bir narsalar tikish bilan mashg‘ul bo‘lgan Halima so‘rab qoldi:
– Otingni maktabga yozdirib keldingmi, Abdulloh?
Mening esa savol-javobga hafsalam yo‘q edi.
– Yo‘q, – dedim. – Ertaga shaxsiy guvohnomangni olib kelinglar dedi.
– Unda holinggga maymunlar yig‘larkanda!
Halima yana nimalar deganini tushunmadim. Qovoqlarim zil bo‘lib, uyqu bosib kelardi.
Endigina ko‘zim ilingan ekan hamki Xayrullohning ovozi uy-qumni buzib yubordi:
– Abdulloh, uxlab qolma! Borib manavi guvohlik qog‘ozini ham birato‘la to‘g‘rilab kelaylik.
Og‘zimni katta ochib esnadim-da:
– O‘zingiz boraversangiz bo‘lmaydimi? – dedim.
– Senam men bilan birga borsang yaxshiroq. Hech yo‘qsa seni ko‘rsalar har xil bahona to‘qib yotishmaydi.
Ming mashaqqat bilan o‘rnimdan turdim. Xayrulloh bilan tortishib o‘tirishning foydasi yo‘q edi. O‘zimni majburlab oyoqda turardim.
– Hech bo‘lmasa bir tishlam non yeb ketinglar, – dedi Halima.
Qo‘llaridagi qurib qolgan loylarni tozalayotgan oyim ham unga qo‘shildi:
– Ha, bolalarim, biror burdadan non yeb ketinglar. Hozir sizlarga choy qo‘yaman.
Xayrulloh esa shoshardi.
– Sizning choyingiz qaynagunigacha biz qaytib kelamiz, – dedi. – Ishimiz unchayam ko‘p emas.
So‘ngra Halimaga qarab dedi:
– Halima, tur o‘rningdan. Gulparilarnikiga borib kelamiz.
Gulparining otasi Navro‘zalining kulbasi bizning kulbamizdan to‘rtta kulba narida edi. Shimol tomondagi cho‘ldan esadigan sovuq shamollardan pana bo‘lish uchun o‘z kulbalarini bir tepalik yonida qurishgan edi.
Gulpari yo‘q ekan.
– Sakina xolanikiga ketgan edi, - dedi Navro‘zali amaki.
So‘ngra Halimaga qarab:
– Bor, aytib kel, – dedi. – U yerda qiladigan ishi ham yo‘q. Shunchaki bekorchilikdan bir aylanib kelay degandi.
Halima chiqib ketishi bilan Navro‘zali amaki dedi:
– Bu tomonlarga qaysi shamollar uchirdi, Xayrulloh?! Anchadan beri bu tomonlarga kelmay qo‘yganding?!
– Nimayam qila olardim, Navro‘zali amaki, – dedi Xayrulloh. – Kelib-ketish oson emas, yo‘l uzoq.
Navro‘zali amaki bukchayib qolgan belini ushlaganicha kulba burchagida yonib turgan pechkaning ustidan qorayib ketgan chovgumni oldi-da, unga bitta piyola va bitta bordoq qo‘shib bizning oldimizga olib keldi. Menga piyolada, Xayrullohga esa bordoqqa choy quyib uzatdi. “Yaxshi bo‘ldi, – dedim ichimda quvonib. – Hech bo‘lmasa piyoladagi choy tezroq soviydi”.
Shu payt Gulpari kulbaning eshigiga osilgan gilamni chekkaga surib ichkariga kirdi va salom berdi. Xayrulloh uning salomiga alik olgandan so‘ng:
– Gulpari xonim, bizga bir guvohlik qog‘ozi yozib berasizmi deb kelgandik, - dedi.
Navro‘zali amaki so‘radi:
– Qanday guvohlik qog‘ozi?
– Mahalladan guvohlik qog‘ozi, – dedi Xayrulloh. – Abdullohga shaxsiy guvohnoma berishlari uchun mahalla aholisidan ana shu guvohlik qog‘oziga imzo yig‘ishimiz kerak ekan. Idoradan shunday deb aytishdi.
– Kimga imzo qo‘ydirasizlar?
– Mahallamizning oqsoqollarigada! Axir shaharga borib guvoh topolmaymiz-ku?!
– Axir bu yerliklarning imzolarini tan olishmaydi-ku?! Masalan, menikini ham! Axir sening guvohlik qog‘ozingni imzolashim uchun o‘zimda shaxsiy guvohnoma bo‘lishi kerak-ku?!
– Buning uchun shaxsiy guvohnomaning nima keragi bor? Siz Abdullohga shaxsiy guvohnoma berishlari uchun imzo qo‘yasiz, xolos.
– Mening nima to‘g‘risida gapirganimni tushunmading. Men sizlarning guvohlik qog‘ozlaringizni imzolashim uchun o‘zimda ham shaxsiy guvohnoma bo‘lishi kerak. Guvohlik berish shunchaki amalga oshadigan ish emas-ku! Buning uchun odamda shaxsiy guvohnoma bo‘lishi lozim. Shaxsiy guvohnomasi bo‘lmagan yuzta odamning imzosini yig‘ib chiqsang ham bu imzolar hech qanday kuchga ega bo‘lmaydi.
– Unda nima qilishimiz kerak? Shaxsiy guvohnomasi bo‘lgan kishini qayerdan topamiz?
– Mana shuni aytaman-da! Gulpariga shaxsiy guvohnoma olgunimizcha ham biz ana shu muammoga duch kelgan edik. Bu ovoragarchilik bizning boshimizga ham tushgan edi. Siz endi bir necha shaxsiy guvohnomasi bo‘lgan bir necha obro‘liroq kishini topishingiz kerak, o‘shalar sizning guvohlik qog‘ozingizni imzolay oladilar. Axir o‘zining shaxsiy guvohnomasi bo‘lmagan kishi qanday qilib boshqa bir kishiga shaxsiy guvohnoma berishlari uchun guvohlik berib imzo qo‘ya oladi?
Xayrulloh bir oz o‘ylanib turdi-da:
– Unda Gulpari xonim guvohlik qog‘ozini yozib beraversin, so‘ngra biror chorasini o‘ylab toparmiz, – dedi. – Balkim idoradagilar indamasdan qabul qilib qolishar. Axir biz imzo qo‘ygan kishilarning shaxsiy guvohnomalari yo‘q ekan, deb aytmaymiz-ku!
Navro‘zali amaki yana boshqatdan tushuntirishga urindi:
– Men nima deb tushuntirdim senga? Axir davlatning ishi o‘yinchoq emas-ku! Buning uchun hujjat so‘raydi, nusxa so‘raydi, qog‘oz so‘raydi...
– Xo‘p, yozib beraversin, – dedi Xayrulloh ham bo‘sh kelmay. – Har holda zarari yo‘q-ku. Balkim qabul qilib qolishar. Boshqa qanday ilojimiz bor?
– Bo‘pti, yozaversin – dedi Navro‘zali amaki. – Hozir Gulpari o‘tirib yozib beradi. Yozmasin deyayotganim yo‘q. Ammo bularni quloqlaringga quyib olinglar deb aytyapman. Yana ertaga: “Nega bizdan ikki-uch kuylak ko‘proq yirtgan Navro‘zali amaki bularni bizga aytmadi?” deb yurmanglar!
Gulpari qozoz, qalam olib keldi, fonusni yoqdi va otasining yoniga o‘tirdi-da:
– Nima deb yozay? – dedi.
Navro‘zali dedi:
– Yoz: “Guvohlik beriladi shul haqdakim, Abdulloh Xudoydod Karam, Karamali o‘g‘li, bir mingu...” Nechanchi yilda tug‘ilgandi, Xayrulloh?
– Bilmadim. Hozir yoshi o‘n uchda... Yozning o‘rtasida tug‘ilgandi. Ammo nechanchi yil, qaysi oy, qaysi kunligini bilmayman.
Navro‘zali o‘ylanib turdi-da:
– Qaysi oy bo‘lishi mumkin? – dedi.
So‘ngra barmoqlari bilan sanadi:
– Bir, ikki, uch, to‘rt, besh... Demak “bundan o‘n uch yil oldin beshinchi oyda tug‘ilgan. Shaxsiy guvohnomasi yo‘q”. Mana shu! “Unga shaxsiy guvohnoma berishingizni so‘raymiz”.
Gulpari otasining aytganlarini tez-tez yozdi. So‘ngra qog‘ozni Xayrullohning qo‘liga berdi. Xayrulloh bir oz qog‘ozga tikildi va xuddi savodi bor kishilarday uning boshidan oxirigacha qarab chiqdi-da:
– Katta rahmat! – dedi.
Shundan so‘ng qog‘ozni Navro‘zali amakining qo‘liga berib:
– Navro‘zali amaki, – dedi, – Bitta imzo qo‘yib berolasizmi?...
– Mayli, – dedi Navro‘zali amaki. – Men imzo qo‘yaman. Ammo haliyam o‘sha aytgan gapim. Bu qog‘ozdan sizlarga hech qanday foyda yo‘q!
So‘ngra qog‘ozni tizzasining ustiga qo‘ydi-da, Gulparining qo‘lidan qalamni olib unga judayam ehtiyotkorlik bilan imzo chekdi va Xayrullohning qo‘liga qaytarib berdi.
Xayrulloh shoshganicha tashqariga chiqib ketdi. Men ham piyoladagi choyimni tez-tez ho‘plab ichdim-da, uning ortidan yugurdim. Ammo shu payt Navro‘zali amaki chaqirib qoldi:
– Abdulloh... Abdulloh!
Ortimga qaytdim.
– Mana bu siyohni ham olvolgin, – dedi. – Kimki barmoq bosmoqchi bo‘lsa ishlatasizlar.
Tashqari hali unchalik qorong‘i bo‘lmagan edi. Bunday paytlarda hamisha ko‘pchilik odam bir-birlarini ko‘rib hol-ahvol so‘rashish, shuningdek, yurakni siqadigan qorong‘i kulbalariga kirib ketishga majbur bo‘lmasliklari va yoki kerosinlarini bekordan bekorga fonusga yem qilmasliklari uchun kulbalarining oldida to‘planib turishardi.
Ibrohimbek ham kulbasining oldida, bir temir bidonning ustida o‘tirganicha qo‘shni kulbada turadigan qari kampir Gulbibi bilan gaplashib o‘tirardi. Ibrohimbekning ahvoli boshqalarnikidan yaxshiroq bo‘lsa-da, shunchalik xasis ediki, qorong‘u tushmagunicha xotini va bolalariga fonusni yoqishga ruxsat bermas edi. Osmonga oy chiqqan kechalarda esa oyning nuri kulbaning ichiga tushishi va fonus yoqib o‘tirmasliklari uchun kulbasining eshigiga tutilgan gilamni ko‘tarib qo‘yishlarini buyurardi.
Xayrulloh salom berdi-da:
– Ibrohim amaki, – dedi. – Mana bu guvohlik qog‘ozining ostiga bitta imzo qo‘yib yuborasizmi?
– Guvohlik qog‘ozing nimasiydi? – dedi Ibrohimbek.
– Hech narsa emas, Ibrohim amaki. Abdullohga shaxsiy guvohnoma olmoqchimiz, xolos. Navro‘zali amaki ham imzo qo‘ydi.
Ibrohimbek boshini orqaga tortdi-da, sarak-sarak qilib:
– Yo‘q-yo‘q, Xayrulloh! – dedi. – Men imzo qo‘ymayman. Imzoning javobgarligi bor.
– Qanaqa javobgarlik?! Unda nega Navro‘zali amaki imzo qo‘ydi?
– U imzo qo‘ygan bo‘lsa qo‘yaversin. U o‘zini tomdan tashlasa men ham tashlashim kerakmi? Yo‘q, men imzo qo‘ymayman. Imzoning javobgarligi bor.
Men ham gapga qo‘shildim:
– Bo‘pti, Ibrohim amaki. Imzo qo‘ymasangiz barmog‘ingizni bosaqoling! Barmoq bossa ham bo‘laveradi.
U menga qarab bir o‘qraydi-da:
– Barmoq bosishning ham javobgarligi bor, – dedi. – Imzo qo‘yish bilan barmoq bosishning nima farqi bor?!
Ibrohimbekning imzosining bahridan kechib qo‘ya qoldik.
– Go‘rga! – dedi Xayrulloh. – Durmalikning oldiga boramiz.
Durmalik judayam xushmuomala odam edi. Dadamning aytishiga qaraganda, oldinlari cho‘pon bo‘lgan, keyinchalik esa cho‘ponlikni tashlab shu yerga – Halabiyobodga kelib qolgan.
Uning o‘sha oldingi cho‘ponlik hayotidan birgina nay unga meros bo‘lib qolgan edi. Hamisha kun botar chog‘da kulbasining oldida yolg‘iz o‘tirib olganicha o‘zicha nay chalib qo‘shiq aytaverardi. Dadam derdi: “Har doim Durmalik chalgan nayning ko‘ngilni o‘rtovchi ovozini eshitganimda qishloqda ishlagan o‘sha olis yillarim esimga tushib ketadi. Durmalikning ovozi menga o‘sha olis paxtazorlar va sholizorlarni eslatadi. O‘sha Go‘rgon cho‘llari va dashtlarini esga soladi... Oh, qanday davrlar edi-ya!”
Durmalikning chodiri oldiga yetganimizda har doimgiday bir tuproq tepachaning ustida o‘tirib olganicha nay chalish bilan mashg‘ul edi.
– Hormasinlar, Durmalik og‘o! – dedi Xayrulloh.
– Salom, Xayrulloh Karamali! – dedi Durmalik. – Biz tomonlarga qaysi shamollar uchirdi? Qachon safardan kelding?
– Kecha kelgandim. Indin ketishim kerak. Ertaga mana buni maktabga qo‘yib kelaman. Shunda ko‘nglim joyiga tushadi. Bizga o‘xshab yurmasin deymanda!
– Barakalla, Xayrulloh! Musulmonning ishini qilyapsan. Xudo xayringni bersin! Ukalaringga e’tiborsiz emassan. Bu bolalar xuddi beozor va begunoh qo‘zilarga o‘xshaydilar. Agar ularni bir ozgina ko‘zdan qochirsang, bo‘rining changaliga tushib qolishadi.
– Mana bu yerga bir barmoq bosib yuborasizmi, Durmalik og‘o?
– Bu nima?
– Hech narsa. Abdullohga shaxsiy guvohnoma olishimiz uchun kerak bo‘lgan guvohlik qog‘ozi.
Durmalik tezda barmog‘ini siyohga botirib qog‘ozning ustiga bosdi.
– Mana bu imzo ham sizlarga! – dedi. – Boringlar, iloyim ishlaring o‘ngidan kelsin!
Shundan so‘ng bir kulib qo‘yib, yana nayni labining chekkasiga qo‘ydi-da, odamga o‘sha paxtazorlar va sholizorlarni eslatadigan g‘amgin kuyini chalishga tushdi. U ham nay chalar, ham qo‘shiq aytardi. Shunchalik uzoq nay chalib qo‘shiq aytganidan charchab qolar, ba’zi kechalari o‘sha yerning o‘zida, tuproq ustida cho‘zilib uxlab ham qolardi.
Durmalik go‘yo Halabiyobodda ekanligini unutib qo‘ygandek, xuddi o‘zini o‘sha qo‘ylari va echkilari orasida yurgandek his qilar, u ustida o‘tirib nay chalayotgan ana u tepacha ham o‘sha olis yaylovlardagi tepaliklar emas, balki temir-tersak, chirigan meva-chevalar, janda kiyimlar va singan shishalarning uyumi ekanligini bilmasdi.
* * *
Uyga yetib kelganimizda men charchoqning zo‘ridan yig‘lagim kelardi. Bu paytda havo qop-qorong‘i bo‘lib ulgurgan, oyim fonusni yoqib dadamning bosh tomoniga qo‘yib qo‘ygandi. Nosir bilan Malaknoz uxlab qolishgan, Halima esa qo‘shni ayollar bilan birga mahallamizdan ikki yuz – uch yuz qadam yuqoriroqda bo‘lgan axlatxona tomonga ketgan edi. Mahallamiz odamlari ushbu axlatxonada axlatlarni titib, biror narsaga yarab qoladigan turli narsalar topib olishardi.
Kechalari shahar kommunal xo‘jaligi idorasi axlatlarni yoqqanda uning sassiq hidi mahallamizga yoyilardi. Ammo shunga qaramasdan axlatxonaning shu yaqin orada ekanligi yaxshi edi. Oyim aytardi: “Xudoga shukrki, shahar hokimlarining kallasiga ushbu axlatxonani bu yerdan yig‘ishtirib boshqa biror joyga ko‘chirish kelmagan. Aks holda qora kunimiz bundan-da qorong‘u bo‘lardi. Xudoga shukr! Xudoga ming bora shukr!”
Oyim to‘g‘ri aytardi. Chunki hamisha u yerdan kunimizga yarab qoladigan biror narsa topsa bo‘lardi: hali kiysa bo‘ladigan yirtilgan kiyimlar va poyabzallar, ishlatsa bo‘ladigan ruxli va plastik idishlar... Hatto bizga kerak bo‘lmaganida ham ularni shaharga olib borib, eski buyumlarni sotish bilan shug‘ulanadigan kishilarga berish, ularning o‘rniga naqd pul yoki kerakli biror narsa olish mumkin edi. Ba’zi paytlari axlatxonadagi qutilar ichidan hali urinmagan sabzavotlar va meva-chevalar ham topib olish mumkin edi. Faqat buning uchun odamning ko‘zlari xuddi burgutning ko‘zidek o‘tkir bo‘lishi kerak. O‘shandagina axlatlar orasidan topilgan bunday “o‘ljalar”ga qirg‘iy kabi chang solish mumkin.
O‘zim ham vaqt topganimda mahallamizning bolalari bilan axlatxonaga borardim. Odamning omadi chopsa qimmatbaho narsalarni ham topishi mumkin edi. Haligacha odamlar Ramon Marzuyi axlatxonadan topib olgan oltin uzuk to‘g‘risida gapirib, uni o‘zlari topib olmaganlari uchun hasrat chekishadi. Ammo Xayrulloh bizning axlatxonaga borishimizni yoqtirmasdi. “Axlatxonada nima bor sizlarga?! – derdi u jahli chiqib. – U yerdagi narsalardan yo kasal bo‘lasiz, yo o‘lasiz!”
Lekin bunga kim ham quloq solardi? Hatto Xayrulloh uyda bo‘lgan kunlari ham oyim bilan Halima kechalari sekin bildirmasdan axlatxonadan “xabar olgani” chiqib ketishardi.
Kechki ovqatga non va pomidorimiz bor ekan. Pomidorlarni oyim o‘sha axlatxonadan topib olgan edi. Yuvib, tozalab dasturxonga qo‘yishgan, ammo buni Xayrullohga aytishmagandi. Aks holda u janjal qilishi va yemasligi mumkin edi. Mening esa ovqatlanishga umuman hafsalam yo‘q edi. Oyim bilan Xayrulloh gurungga berilib ketishganda sekingina dadamning ko‘rpasi ostiga kirdim-da, hali badanim yaxshigina isimasdan turib uyquga ketdim. Tushimda o‘sha maktabni, birda to‘p o‘ynayotgan va yana birda sinfda dars o‘tayotgan o‘sha bolalarni ko‘rardim. So‘ngra Ta’lim va tarbiya bo‘limida Xayrulloh ikkalamizning ovorayu sarson bo‘lib yurganimiz tushimga kirdi. Janob rais esa hadeb: “Bo‘lmaydi! Agar bo‘lganida o‘zim yozib berardim”, derdi. So‘ngra esa shaxsiy guvohnoma beradigan idorada yolg‘iz turardim, o‘sha egizaklardek bir-biriga o‘xshab ketadigan ikki rais ham o‘zlarining o‘sha katta kitoblarini oldilariga qo‘yib olganlaricha ko‘zoynaklari ustidan menga qarab: “Shaxsiy guvohnomangni olib kel, bekor qilamiz!” deyishardi. Men esa qo‘rqib ketganimdan o‘sha ikki raisni ko‘rmayin deb ko‘zlarimni qattiq yumib olgandim. Ammo yumuq ko‘zlarim ortidan ham ularni ko‘rardim, ular esa xuddi murdalarning yuzlariga o‘xshab ketadigan basharalarini menga qaratganlaricha oldimga kelishardi. Qancha qochay deb urinsam ham qocholmasdim, maktab bolalari esa mening ustimdan kulishar va jo‘r ovozda: “O‘hho‘! Oftob qayoqdan chiqdi...” deyishardi.
Cho‘chib uyqudan uyg‘onib ketdim. Jiqqa terga botgandim. Oyim bilan Xayrulloh esa haliyam o‘tirib gaplashishardi. Dadam yonimda uxlab yotar, men esa sovqotardim.
Ko‘zlarimni yumib oldim. Oyim bilan Xayrulloh men to‘g‘rimda gaplashishardi. Qulog‘imni ding qildim.
– Qo‘ying, uyg‘otmang, – derdi Xayrulloh. – Mayli uxlasin. Bechora kecha kechasi ham mijja qoqqani yo‘q. Bugun ham bola bechora rosa charchadi. Bugun kechasi uning o‘rniga men borib ishlayman.
Birdaniga korxona esimga tushib ketdi va bugun kechasi Xayrulloh mening o‘rnimga bormoqchi ekanligini eshitib, suyunib ketdim. To‘g‘risi, agar o‘zim boraman deganimda ham borolmasdim. Chunki charchoqning zo‘ridan a’zoyi badanim mayda-mayda bo‘lib ketgandek edi. Ammo shuning bilan birgalikda Xayrullohning indin Bandar Abbosga qaytishi kerakligini eslasam ungayam ichim achib ketardi. Bechora, kecha kelganidan beri mening ishim ortidan yugurib yurardi.
Shu payt Xayrulloh mening o‘rnimga ishga borishi uchun o‘zimni uxlaganga solib nomardlik qilganimni his qildim. O‘pkam to‘lib, ko‘zimdan yosh oqib tusha boshladi. “Go‘rga! – dedim o‘zimga o‘zim. – Charchagan bo‘lsam ham, bir amallab o‘rnimdan turaman-da, Xayrullohga: “Senga pishirib qo‘ygani yo‘q, nima, mening oyog‘im singanmi, mening o‘zim boraveraman”, deyman”. Oyoqlarimni yig‘ib o‘rnimdan turmoqchi bo‘ldim. Ammo... eyvoh, oyoqlarimda qimirlashga ham mador yo‘q edi. O‘rnimdan turishga bir-ikki urindim-da, tinkam qurib yana jimib qoldim va qanday qilib yana uyquga ketganimni bilmay qoldim. Yana ko‘z oldimga o‘sha ikki rais keldi. “Karamali o‘ldi, shaxsiy guvohnomasini bekor qilgani keldik”, deyishdi ular. So‘ngra o‘sha maktab bolalari kelishdi va o‘sha kitoblarini jo‘r ovozda o‘qishdi. Durmalik esa tepachaning ustida o‘tirvolganicha bolalar uchun nay chalardi.
Yana uyqumdan uyg‘onib ketdim. Endi kulbada na oyim bor edi, na Xayrulloh. Nosir bilan Malaknoz pishillaganlaricha jimgina uxlab yotishardi. Shu choq birdaniga “yana dadam o‘lib qolgan bo‘lmasinlar”, degan o‘y miyamga yashindek urildi. Qo‘rqqanimdan qaltiray-qaltiray dadamga qaradim. Yo‘q, xudoga shukr, nafas olyapti. Ammo nafas olishdagi xirillashi kuchaygan edi. Gulbibi kampirning bir marta oyimga aytgan gaplari esimga keldi. “Erim vafot qilganida qabristonda dafn qilgani qo‘yishmagandi”, degandi u o‘shanda.
“Dadam vafot qilganda uni qabristonda dafn etgani qo‘yishsinda ishqilib! – dedim o‘zimga o‘zim. – Agar qo‘yishmasa uning murdasini nima qilamiz?”
Og‘zim qurib ketdi. Go‘yo ushbu o‘ylar borgan sari meni chanqatayotgan edi. Terlab ketgandim. O‘rnimdan turib bir piyola suv ichdim-da, yana o‘zimni ko‘rpaning ostiga urdim.
Endigina badanim isib ko‘zim ilingan ekan hamki dadam chaqirib qoldi:
– Abdulloh!... Abdulloh...
– Ha.
– Tur o‘g‘lim, bir piyolagina suv olib bergin, suvsadim.
Malol kelib ko‘rpaning tagidan chiqdim va suv to‘ldirilgan suvdonning oldiga bordim. Undan bir piyola suv oldim-da, olib kelib dadamga berdim. Dadam suvni ichib, piyolani menga berdi. Piyolani stulning ustiga qo‘ydim-da, yana o‘zimni ko‘rpaning ostiga urdim. Bu safar yaxshilab isib olish uchun boshimgacha ko‘rpaga o‘ralib oldim. Yana ko‘zim uyquga ilinishi bilan Durmalik, shaxsiy guvohnoma beradigan raislar va maktab bolalari ko‘z oldimga kelishdi.
Endigina uyquga ketgan edim hamki yana kimdir meni chaqirayotganini eshitdim:
– Abdulloh! Abdulloh...
Ko‘zlarimni ochib quloq soldim. Yana dadam chaqirayotgan edi. O‘zimni uxlaganga solib jim yotaverdim. “Yana suv olib kel desalar kerak”, dedim o‘zimga o‘zim.
Dadam yana chaqirdi:
– Abdulloh,... Abdullohjon o‘g‘lim...
Qo‘rsligim tutdi. Ko‘rpani ustimdan otib yubordim-da:
– Ha, – dedim zarda bilan. – Yana nima deysiz?!
Dadam to‘shakda tirsagiga suyanib yarim turgan holda tomog‘idan zo‘rg‘a chiqayotgan xirilloq va siniq ovozda dedi:
– Manavi yostiqni orqamga qo‘yib ber, o‘tiraman.
Shunchalik jahlim chiqdiki, dadamga bir narsa deb yuboray dedim. Ammo o‘zimni tutdim-da:
– Jimgina uxlayvermaysizmi?! – dedim. – Yarim kechasi nima qilasiz o‘tirib?!
Dadam yarim ko‘targan boshini yana yostiqqa qo‘ydi-da:
– Mayli, o‘g‘lim, mayli, – dedi. – Uxlayver, kerak emas!
Shu payt dadamga o‘zimning ichim achib ketdi.
– Turaqoling, – dedim. – Keling, yostiqni orqangizga qo‘yib beraman.
Dadam boshini chayqab “yo‘q” ishorasini qildi-da, boshqa hech narsa demadi. Ko‘zlarini chodir o‘rtasidagi ustunga tikkanicha qotib qoldi. Ko‘zlari yoshga to‘lgandek ko‘rindi. Qilgan ishimga pushaymon bo‘ldim. O‘zimni la’natladim-da, o‘rnimdan turib boshiga bordim.
Rangi qog‘ozdek oppoq bo‘lib ketgan edi. Boshini menga tomon burdi-da, jilmaydi. Ko‘zlarida bir dunyo mehr jam bo‘lgan edi. Ajin bosgan qo‘lini qo‘llarim orasiga oldim. Muzday edi.
– Dadajon, oyimni aytib kelaymi?
Hech narsa demadi. Yana ko‘zlarini ochdi va lablari qimirladi. Ammo ovoz chiqmadi.
Birdaniga badanim muzlab, titray boshladim. Sovuq shamol kulbaning eshigiga tutilgan gilamni chekkaga surib yubordi. Fonusdagi olov lip-lip qildi, ammo o‘chib qolmadi. Badanimga g‘alati bir qo‘rquv o‘rladi va keyin nima bo‘lganini tushunmadim. Jinnilardek kulba eshigigiga tutilgan gilamni shart chetga surdim-da, o‘zimni tashqariga urdim.
Birpasda axlatxonaga yetib bordim. Oyim bilan Halima endigina mahalla tomon kelishayotgan ekan.
Oyim meni ko‘rishi bilan shoshib qoldi va so‘radi:
– Nima bo‘ldi, Abdulloh? Nega ranging o‘chib ketgan?
Gapirishga qancha urinmay gapirolmadim. Faqat:
– Oyi, dadam... dadam... – deya oldim xolos.
Shundan so‘ng yig‘lab yubordim. Oyim axlatlar orasidan yig‘ib olgan narsalarini yerga otib yubordi-da, ikki qo‘li bilan boshiga qattiq mushtlab dod solganicha chodirimiz tomon yugurib ketdi. Halima ham oyimning ortidan yugurdi. Men esa nima yuz berganini bilganim uchun chodirimizga borishga shoshilmadim. Shoshilganimda ham oyoqlarimda mador qolmagan edi.
Oyim bilan Halimaning nola-fig‘oni mahallani tutgan edi. Chodirning ichiga kirishga yuragim yo‘q edi. Chodir tashqarisida yerga o‘tirdim. Oyim va Halimaning yig‘i-sig‘ilari va nola-fig‘onlarini eshitardim. Ammo, bilmadim, negadir mening ko‘zimga yosh kelmas edi. Bir necha daqiqa oldin tirik bo‘lgan dadamning o‘lganiga ishongim kelmas edi.
Ko‘zlarimni osmonga tikdim. Yulduzlar har doimgidan ham yorug‘roq edilar. Xuddi suvga tushib ketgandek, osmon bag‘rida miltirashar va titrashardi.
Mahallamizning kulbalari va chodirlaridan birin-ketin odamlar chiqib bizning kulbamiz tomon kelishardi.
* * *
Xayrullohga qanday qilib xabar qilishganini bilmadim. Kelganida yuzida rang yo‘q edi. Ammo yig‘lamasdi ham. Malaknozni Gulparining, Nosirni esa Durmalikning oldiga jo‘natarkan:
– Bolalarning bu yerda bo‘lishlari yaxshi emas, – dedi.
Shundan so‘ng menga qarab dedi:
– O‘rningdan tur, Abdulloh, o‘rningdan tur! Shu bo‘y-basting bilan o‘tirvolib yig‘layapsanmi?! O‘rningdan tur. Tez-tez ishga kirishaylik.
Shundan so‘ng yenglarini shimardi-da, ishga kirishdi.
– Yordam beradigan birorta bormi? – dedi. – Tepalikning orqasiga o‘taylik, murdani yuvishimiz kerak.
Navro‘zali amaki bilan Rahmon Hamudiy unga ergashishdi. O‘zimiznikida bir suvdon suv bor edi, yana ikki suvdon suvni qo‘shnilardan qarzga olishdi. Dadamni bir ko‘rpaga o‘rab olib ketishdi. Erta tongda uni yuvib bo‘lishgan ekan.
* * *
– Agar murdani qabul qilishmasa nima qilamiz? – dedi Xayrulloh.
– Unisi mening bo‘ynimda! – dedi Navro‘zali amaki. – Axir biz ham odammiz-ku?! Uch-to‘rtta yoshi kattaroq kishi yo‘lga tushaylik. Borib aytamiz: biz ham odammiz, bu ham bizga tegishli odamning murdasi. Sen tashvishlanma, Xayrulloh. Ishimiz to‘g‘ri bo‘ladi, inshoolloh!
Kichik yuk mashinasi bo‘lgan Ahmad og‘o ertalab sotgani suv olib kelganida Navro‘zali amaki unga dedi:
– Ahmad og‘o, bir savob ish qilgin: mana bu murdani Beheshti Zahro qabristoniga olib borib bergin.
Ahmad og‘o esa ko‘ngli chopmay dedi:
– Mashinam rasvo bo‘ladi. Men musulmonlar uchun suv tashiyman. Rasvo qilsam yaxshi bo‘lmaydi.
– Murda toza, g‘usl qildik.
– Murda murda-da baribir.
U shunday dedi-da, suv to‘la suvdonlarini sotish uchun mashinasidan sakrab pastga tushdi.
– Men katta ko‘chaga chiqib bir kichik yuk mashinasi topib kelaman, – dedi Xayrulloh. – Qaytib kelgunimcha murda mana shu yerda turib tursin.
Xayrulloh mashina topib kelguniga qadar soat o‘n bo‘ldi. Mashina kelishi bilan dadamni toza bir ko‘rpaga o‘radilar-da, mashinaning orqa tomoniga ortdilar. Navro‘zali amaki bilan Xonmuhammad mashinaning oldiga, Xayrulloh bilan Durmalik esa mashinaning orqa tomoniga, murdaning oldiga o‘tirishdi. Men ham boraman deb qancha o‘zimni urmay, o‘zlari bilan birga olib ketishmadi.
– Borib nima qilasan? – dedi Xayrulloh. – Hali u yerdayam mingta muammomiz bor. Hali bizning o‘zimizni u yerga kirgizishlari noma’lum. Murdani dafn qilish tomoshami senga?! Sen bolalarning oldiga bor, qiynalishib qolishmasin!
Dadamni olib ketishlari bilan chodirimiz tomon qaytdim. Erkaklar o‘sha atrofda tarqalib turishar, ayollarning esa ba’zilari tashqarida, boshqa ba’zilari chodirning ichida oyim bilan Halimaning yonida o‘tirishardi. Endi yig‘i-sig‘i tugagan, pichirlab gaplashishlar boshlangan edi. Hatto oyim bilan Halima ham endi yig‘lashmas, kecha kechasi to‘kkan ko‘z yoshlarining o‘rni yuzlariga qora iz solgan edi. Oyim meni ko‘rishi bilan so‘radi:
– Ketishdimi?
– Ha, ketishdi, – dedim. – Ahmad og‘o olib bormadi, nomard! Endi uni nima qilishni o‘zim bilaman.
Shundan so‘ng tashqariga chiqib erkaklarning orasida o‘tirdim.
Alebastr korxonasida ishlaydigan Salimxon dedi:
– O‘lim haq, Abdulloh. Bekorga o‘zingni qiynamagin. Borib shaxsiy guvohnomangni ol-da, maktabingda o‘qigin. Shundagina rahmatli otangning ruhi shod bo‘ladi.
Shundan so‘ng dedi:
– Hozir o‘rningdan tur! Bunday motam tutib o‘tirma. Yur, bizning chodirimizga boramiz. Bir piyola yangi damlangan choydan ichgin, ozgina o‘zingga kelib olasan.
– Yo‘q, Salim amaki, – dedim. – Borgim kelmayapti.
– Nega borging kelmayapti?
U shunday dedi-da, jilmayib:
– Bizning choyimizni ko‘rsang borging kelib qoladi, – dedi. – Qani, tur o‘rningdan. Tur bolakay!
Qo‘limdan tutib kulbasi tomon yetakladi.
– Salim amaki, men shu yerda o‘tiraman. Qaraylikchi, nima qilisharkin: qabristonda dafn etgani ruxsat berisharmikin yoki yo‘q?
– Bo‘pti, shuni bizning chodirimizda o‘tirib kutib tursang bo‘ladi-ku?!
Ortiqcha tortishib o‘tirishning foydasi yo‘qligini angladim. Unga ergashdim. O‘sha atroflarda o‘ynab yurgan Nosir ham bizga ergashdi. Uning ortidan Malaknoz ham yetib keldi. Nosirga qarab dedim:
– Sen qayoqqa?
– Qo‘y, kelaversin, – dedi Salimxon. – Sen ham kel, bolam.
Salimxonning chodiri ichida o‘tirgan chog‘imizda kecha kechasi yuz bergan voqealar ko‘z o‘ngimga kela boshladi. Bechora dadamga o‘layotgan chog‘ida qanchalik azob berdim-a! O‘zimga o‘zim derdim: “Agar Salimxon, Xayrulloh yoki oyim men kecha kechasi dadam so‘nggi nafaslarini olayotgan chog‘ida uni qanchalik ranjitganimni bilib qolishsa, mening yuzimga tuflashlari va “Baloga uchragur, noloyiq o‘g‘il, otangni sen o‘ldirding!” deyishlari aniq”.
O‘zimga o‘zim va’da berdim: “Agar Xayrullohdek katta bo‘lsam pul topaman-da, Mashhadga, Imom Rizoning maqbarasiga borib dadam mening gunohimdan kechishlarini so‘rab iltijo qilaman”. Bu yerda qancha o‘tirganimni va bunday xayollardan qanchasini surganimni bilmayman. Yaqinlashayotgan mashinaning ovozi xayollarimni bo‘lib yubordi. “Kelishdi”, dedim-da, chodirdan tashqariga chiqdim. Ammo u harbiylarning “Jip” mashinasi edi. Palov olib kelishgan ekan. Har payshanba kuni mahallamiz yaqinida joylashgan harbiy qismdan bizga palov olib kelishar edi. Biz oldindan tayyorlab qo‘ygan kosalarimizni olardik-da, harbiylarning mashinasi oldida qator tizilib kosalarimizni birma bir askarlarning qo‘liga berardik. Ular kosalarimizga palov solib bizga berishardi. Payshanba kunlari biz uchun bayram edi.
Birdaniga ko‘nglim sust ketdi va askarlar olib kelgan palovning yoqimli hidi dimog‘imni qitiqladi. Dadam o‘lmaganida edi Nosir va Malaknoz bilan har birimiz bittadan kosa tutgancha qatorga turgan bo‘lardik. Ammo hozir buning iloji yo‘q. Dadam o‘lgan, buning ustiga uning murdasini ko‘mish uchun joy topilgan yoki topilmaganligi ma’lum bo‘lmagan bir paytda men qornimning tashvishini qilsam yaxshi bo‘lmaydi. Mening yonimga kelib turgan Nosir esa dedi:
– Abdulloh, borib kosani olib kelaymi? Borib palov olmaymizmi?
– Palovni nima qilasan, ochko‘z?! – dedim. – Bir kun nafsingni tiyib turolmaysanmi?! Dadam o‘lganligini bilmayapsanmi?! Hamma yig‘lab turgan bir paytda palovga balo bormi?!
– Yig‘lab bo‘lishdiku?! – dedi Nosir palovdan ko‘ngil uzolmay.
Gaplarimizni eshitib turgan Salimxon chodirning ichkarisidan dedi:
– Nega palov yemaskan?! Dadam o‘ldi deb hammalaring ochlikdan birin-ketin o‘lishlaring kerakmi?! Bu yoqqa kel, Nosirjon, kel o‘g‘lim. Mana bu kosani ol-da, borib o‘zingga va Malaknozga palov ol. Mana shu yerga olib kel-da yegin.
Men Nosirga qarab o‘qraydim. Xayrulloh bo‘lganida edi buning adabini berib qo‘ygan bo‘lardi. Lekin men Salimxondan hayiqdim. Salimxon meni o‘zi palov yeya olmagani uchun jahli chiqyapti deb o‘ylayapti, shekilli.
Nosir bilan Malaknoz xuddi qahatchilikka uchragan odamlar kabi shoshib-pishib palov yeyishayotgandi. Xayrullohning mashinasi kelib qoldi. Mashinaning oldiga chopib bordim. Xayrulloh shunchalik asabiy ediki, ming joyiga pichoq ursang bir qatra qon chiqmasdi. Odamlar ham mashinaning atrofida to‘planib olishgandi.
Dadamning murdasini qabul qilishmagan edi.
– Nega dafn qilmadilaring? – dedi Salimxon. – Nega qaytarib olib keldilaring?
– Shaxsiy guvohnomasi kerak ekan, – dedi Navro‘zali amaki. – Murdaning shaxsiy guvohnomasi bo‘lmasa dafn etishga ruxsat berishmas ekan.
Salimxon asabiylashib dedi:
– Bu to‘polonda shaxsiy guvohnomani qayerdan topamiz?! Unda siz borib nima karomat ko‘rsatdingiz? Shaxsiy guvohnomani qayerdan topamiz, deb aytmadilaringmi?
Boshi gangib qolgan Xayrulloh titroq ovozda dedi:
– Aytdik, ming marta aytdik. Yalindik, yolvordik. Bo‘lmaydimi bo‘lmaydi, tamom vassalom, deyishdi. Qonun nuqtai nazaridan mumkin emas emish. Nima qilib bo‘lsada qo‘yishmadi. Axiyri shaxsiy guvohnoma yoki o‘lim to‘g‘risida ma’lumotnoma olib kelmasak bo‘lmaydi, shekilli. Boshimizga ne kunlar tushdi, Salim amaki!
– Murdaga shaxsiy guvohnomaning nima keragi bor ekan?! – dedi yana asabiylashib Salimxon. – O‘lgan odam o‘ldi, bu narsalar endi nima uchun kerak ekan?!
Men qanchalik o‘ylamay, o‘lgan odamning shaxsiy guvohnomasi ularga nima uchun kerakligiga sira aqlim yetmasdi. Shaxsiy guvohnomani o‘likka qo‘shib qabrga ko‘mishmasa kerak, axir?!
Axiyri Salimxon dedi:
– Unda bunday qo‘l qovushtirib o‘tirmaylik. Bir ozdan keyin murda sasib qoladi. Mashinaga chiqinglar, fuqarolik holatlarini qayd etish idorasiga boramiz. Qani nima bo‘larkin?
Murdani Salimxonning kulbasiga olib borib qo‘ydilar-da, o‘zlari mashinaga chiqdilar. Xayrullohga dedim:
– Xayrulloh, men ham boraymi?
– Borib nima qilasan?
– Shunday o‘zim. Birato‘la mening shaxsiy guvohnomamni ham olib kelamiz.
Xayrulloh asabiylashdi, boshini burdi-da, pichirlab bir narsalar dedi va mashina tomon ketdi.
Ortidan yugurdim:
– Xayrulloh, men ham boraymi?...
– Bo‘pti kelaqol, – dedi u ko‘ngayday. – U yerda tomosha bor ekanmi senga?!
Men bilan Xayrulloh mashinaning orqa tomoniga, Navro‘zali amaki bilan Salimxon esa mashinaning oldiga o‘tirishdi. Mashina joyidan burilganicha havoga chang-to‘zon ko‘tardi-da, yo‘lga tushdi.
Yana Xayrulloh bilan men o‘sha eski g‘ishtin binoning eski zinalarini ko‘rib turardik.
Navro‘zali amaki bilan Salimxon oldindan, men bilan Xayrulloh esa ularning ortidan zinalardan ko‘tarilib borardik.
Bu safar ikkita shaxsiy guvohnoma olgani kelardik: biri kecha o‘lgan dadam uchun, ikkinchisi hali tirik bo‘lgan men uchun.
______________
* Ta’lim va tarbiya bo‘limi – Eronda: Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim va tarbiya vazirligi deb nomlanib, uning viloyatlardagi boshqarmalari Ta’lim va tarbiya boshqarmalari, tumanlardagi bo‘limlari esa Ta’lim va tarbiya bo‘limlari deb nomlanadi. (Tarj.).