OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Faridun Tonkaboniy. Yashasin, tanballik! (hikoya)

Odamzoddan tanbali bo‘lmaydi. U to‘rt oyoqlab yurishni xohlamagani uchun ikki oyoqlab yurishni afzal ko‘rgan. Chunki to‘rt oyoqda yurganda bo‘ynini cho‘zishi, boshini ko‘tarib turishi, yurganda qo‘lini silkitishi noqulay bo‘lardi. Ikki oyoqda yurishi esa, boshini tik tutib, boshqa jonzotlardan o‘zining ustunligini ko‘rsatib qo‘yish uchun imkoniyat yaratdi. 
Inson hayvonlarni, masalan, otni qo‘lga o‘rgatishining sababi – u shunchaki yayov yurishga eringanidan edi. Otda yurish yaxshi-da. Xo‘sh, inson qayiq va kemani nima uchun ixtiro qilgan? Albatta, o‘zi suzishni istamagani uchun. Yalqovligi suzishga xalaqit bergan-da. Keyin desangiz, unga eshkak eshish ham malol kelgan va u yelkanli qayiqni yaratib, moviy to‘lqinlar qo‘ynida, quyoshning zarrin nurlarida tovlanib turib yana o‘ylagan: shu yelkanni ko‘tarib-tushirish ham bir dahmaza. U shu zahoti motorli qayiqni ixtiro qilib yuborgan-u, birpas o‘tib yana yalqovligi tutgan, chunki bandargohga kirib, yoqilg‘i olishga navbatda turishga erinib, o‘zining tinchligini o‘ylab, yuradigan mashina kashf qilgan.
Egarda lo‘killab yurganda bo‘g‘imlari, faytonda yurganda beli og‘rigan va erinchog‘lik bilan avtomobil bilan temir yo‘lni o‘ylab topgan. Keyin o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda avtomobilda soatlab yurish, avtomobilga yoqilg‘i quyish, moy me’yorini tekshirish, g‘ildiraklarni almashtirish, tasmani, amortizatorni sozlash va boshqa ishlarni bajarishdan erinib, samolyotni yaratgan.
Samolyotga ham qanoat qilmagan. Uni uchish yo‘lakchasiga to‘g‘rilash, havoga ko‘tarilgandan keyin qo‘nish uchun aerodrom qidirish, aerodrom topilgach, qo‘nishga ruxsat tekkuncha uning ustida aylanib yurishga erinib, vertolyotni yasagan va bu uning tanballigigiga juda ham mos tushgan. Chunki uchuvchi xohlasa – joyidan uchib ketadi, xohlasa, joyiga qo‘nadi.
Samolyotning yumshoq o‘rindig‘ida o‘tirib, unga ichimlik, xohishiga ko‘ra kitob, gazeta, jurnal berishdi, musiqa qo‘yishdi, kino ko‘rsatishdi. Eng asosiysi – masofa, piyoda bir yilda yetadigan manzilini bir necha soatda bosib o‘tadi. U shu soatlarga ham qanoat qilmadi, tanballigi tutdi. Endi u ovoz tezligida uchadigan samolyot ixtiro qildi. Ana, ko‘rdingizmi, bu olamda odamzoddan tanbal va chidamsiz jonzot yo‘q.
Har qanday boshqa ixtirolarni oling, u xoh katta, xoh kichik bo‘ladimi, bari inson tanballigining mahsulidir. Kir va idish-tovoq yuvish mashinalari, kimyoviy ko‘ylak, bir marta foydalaniladigan likopchalar, qog‘oz qadahcha va dastro‘molcha, lift. Ha, ha, eng ishonchli misol, bu – lift. U liftni zinapoyalar orqali yuqoriga ko‘tarilishga eringani uchun kashf qilgan. Axir, tanballikning chegarasi bordir? Xo‘p, liftda yuqoriga ko‘tarildi, endi qayoqqa boradi? U shunday ishyoqmaski, qarang, pastga ham liftda tusha boshladi.
Siz nima deb o‘ylaysiz, insonga eng zo‘r lazzat va quvonch beradigan mashg‘ulot nima? Yeyishmi? Ha, to‘g‘ri – yeyish! Inson bu sohada ham tanballigidan voz kechmadi. O‘ziga ovqat tayyorlashga erinchog‘ligi sabab, restoranni o‘ylab topdi. Endi buni qarangki, oldiga keltirib qo‘yilgan ovqatni pichoq, sanchqi, qoshiq yordamida yeyishga erinib, buterbrodni yaratdi. To‘g‘ri, buterbrodning rolini kamsitmaslik kerak, chunki u insoniyatning eng buyuk kashfiyotidir.
Inson shunday zotki, o‘rnidan turishga, bir-ikki qadam yurishga, do‘stlari bilan suhbatlashishga, o‘z ishlarini tartibga keltirishga erinadi. Buning uchun u xat bilan pochtani yaratdi. Bu narsalarni yaratishga yaratib qo‘ydi-yu, yana tanballigi tutdi. Endi u xat yozib, pochtaga borib marka olishi, uni ho‘llab xatjildga yopishtirishi (to‘g‘ri, keyinchalik u markali xatjildlar ixtiro qildi) va xatni pochta qutisiga tashlashi kerak edi. Bu yumushlarni bajarishga erinchog‘ligi tutib, telefonni bunyod etdi. Telefoni borlar, albatta, xat yozmasligi, o‘tirgan joyidan xohlagan kishisi bilan gaplashishi mumkin-da. Bora-bora telefon orqali savdoni yo‘lga qo‘ydi, sotib olish, sotish, o‘qish, o‘qitish, hatto telefon orqali sevish va nikohdan o‘tishni amalga oshirdi. Ha, ha, dunyoda eng tanbal jonzot sevgidan oladigan lazzatni yalqovlikdan ustun qo‘yaolmadi. Sevgilisi bilan uchrashmagani yetmaganday, unga xat ham yozmadi va shunchaki telefon qilib qo‘yaqoldi. Ochiq gap-da, men bir narsaga hayron bo‘laman, ba’zi bir odamlar o‘zlarining tanballiklari bilan tabiatni ham aldamoqchi bo‘ladilar. Masalan, har bir bolani alohida tug‘ishga, alohida ter to‘kishga erinib, bir yo‘la ikkita, uchta, hatto beshtalab tug‘ishadi. Ayting, bu tanballik bo‘lmay, nima?
Qayoqqa qaramang, tanballik bilan bekorchilikka ko‘zingiz tushadi. Oddiygina o‘zingizning ish stolingizga qarang. Inson ruchkani siyohdonga botirishga erinib, o‘zi yozar ruchka yaratdi. Keyin bu ruchkani siyohga to‘ldirishga sabri chidamay, sharikli ruchkani kashf etdi. Bu ruchkada yozilgan xati ko‘ziga xunuk ko‘rinib, yozuv mashinkasini o‘ylab topdi. Bu ham unga yoqmadi, tugmachalarni bir-bir bosishga erinchoqligi tutdi. Shunda u avval elektr yozuv mashinkasini, keyin barmoqlariga ko‘proq dam berish uchun elektron yozuv mashinkasini yaratdi. Bitta matnni ikki-uch marta qayta yozishga erinib, kopirka qog‘ozni ixtiro qilganiga nima deysiz?
Tanballik qursin, inson u yoq-bu yoqqa yurib yangiliklardan xabardor bo‘lishga erindi. Shunda u gazetani o‘ylab topdi. Gazeta – bu inson eng yalqov paytlarida yaratgan kashfiyotlaridan bittasi. Chunki shinamgina uyda, divanda cho‘zilib yotib, bir necha varaq qog‘ozni varaqlab, dunyoda bo‘layotgan yangiliklardan xabardor bo‘lish yaxshi-da. Lekin inson uchun bu ham yoqmadi va radioni yaratib qo‘ydi.
Radio – odamni yanada tanbalga aylantirdi. Gazeta o‘qishda bir ozgina harakat bor edi, radio eshitishda-chi, yo‘q, cho‘zilib yotaveradi. Ha, cho‘zilib olib, ovoz chiqadigan qutiga termulish ham jonga tegarkan. Lekin zerikkanda o‘rindan turish, kiyinib tashqariga chiqish, qaysidir avtobusga osilish, navbatda turib chipta sotib olish va kinoteatrga kirib kino ko‘rish ham erish tuyilarkan odamga. Shunda inson buning ham yo‘lini topdi va televizorni yaratdi.
Televizor o‘zining odatiy xizmatidan tashqari ota-ona, buvi va buva rolini ham bajarardi. Televizor – o‘qituvchi, eng yaqin do‘st, o‘yinda sherik yoki raqib, u qiziqchi va olabo‘ji edi. Agar odamlar biror muammo ustida bosh qotirishga qo‘llari tegmay, to‘g‘risi, tanballiklari tutsa, televizor darrov bu mavzuda qiziqarli suhbat uyushtirib bera olardi. Ba’zida odamlar tili uchida turgan gapni aytib ham qolar, ba’zida aravani quruq olib qochib, zeriktirardi ham. Shunga ham shukr qilmoq kerak. Chunki inson uchun eng og‘ir yumush – bu fikr qilmoq. Fikrlash, o‘ylash – bu tanballikning eng oliy belgisi. Televizor esa odamni o‘ylashdan, fikrlashdan qutqardi. 
Masalan, o‘nta tugmani o‘tkazish va yechish – bu igna bilan quduq qazishday gap-ku. Lekin buni bir tugma bosish bilan saranjomlash mumkin. Asosan shoshib turganda bu juda qo‘l keladi. Bu, shoshqaloqlik, shoshqaloqlik esa tanballik bilan chiqisholmaydi, deyishingiz mumkin. Lekin men shoshqaloqlikning zaruriy tomonlarini nazarda tutib aytyapman. Masalan, tabiat qo‘yniga chiqishga shoshayotgan bo‘lsangiz, tugmalarni bir-bir o‘tkazishda qo‘lingiz titraydi yoki toyib ketaveradi. Shu paytda “zanjirli yopqich” siz uchun mo‘‘jiza ko‘rsatadi. Boshqa sohalarda ham tanballik namunalarini ko‘rish mumkin.
Tarixni olib ko‘raylik. Inson o‘tgan zamonlarda ham tanbal bo‘lgan. Oddiy sadoqdan paykonni olib kamonga qo‘yishga, keyin kamon ipini tortishga, nayza otishga yoki dushman boshi uzra qilich o‘ynatishga erinib, miltiqni ixtiro qilgan. Lekin har otgandan so‘ng miltiqni yana o‘qlash joniga tegib, avtomat va pulemyotni o‘ylab topgan. Endi dushmanlarini bitta-bitta o‘ldirishga sabri chidamagan, nimagaki, buning uchun ko‘p vaqt va ko‘p harakat sarflanadi. Qarang, buning ham yo‘lini topib, zaharli gaz bilan bombani yaratdi.
Endi iqtisodiyotga bir nazar tashlasak. To‘g‘ri, inson hamma ishni qilishga erinadi. Ekish, o‘rish, pishirish, tikish, qurish va boshqa qilinishi kerak bo‘lgan ming bir ishlarni bajarish osonmi? Shunda odamlar bir joyda yig‘ilishdi va ularning orasidan bir tanbali chiqib, dedi: “Kelinglar, bunday qilamiz: sen non yopasan, sen poyafzal tikasan, sen temir eritasan, sen daraxt kesasan, sen uy qurasan. Men esa sizlar qilgan ishlarning hisob-kitobini yuritaman. Sen yaxshi ishlading, sen yomon ishlading, deb ajrim chiqaraman”.
Shu yo‘sin insoniyat tarixida mehnat taqsimoti degan buyuk inqilob yuz berdi va u rivojlanib-rivojlanib... hozir esa to‘xtab qolgan. Lekin tanballik hamisha yo‘l topgan va topadi.
Shu tariqa avtomatlashtirish yuzaga keldi.
Siyosat olamiga mo‘ralaylik, keyin siyosatchilar bizdan nolib yurishmasin. Inson jamoat ishlarini bajarishga yalqovligi tutib, shaxsiy ishlarini tartibga keltirish maqsadida vakillar tanladi. Vakil degani ham odam, demak, u ham tanballar sirasiga kiradi. Ular bir necha odamni yig‘ib, jamoat ishlarini amalga oshirishni buyurishdi. Lekin o‘sha bir necha odam ham tanbal emasmi, o‘z yelkalaridagi yukni bitta odamning bo‘yniga yuklashni o‘ylab topdi. U odam xohlaydimi-yo‘qmi, ko‘pchilikning xohishini bajarishi shart. Turgan gap, u odam charchaydi va bu ishdan bosh tortadi, kezi kelganda qochadi. Odamlar uni aldadi, ha, ha, aldadi, xohlaganda jinni ham qilishdi (Yomon narsalarni o‘ylamang! U paytlarda gazetada “tasodifiy hodisalar” rukni yo‘q edi!).
Kelinglar, endi omad va omadsizlikka to‘la siyosatni tinch qo‘yaylik-da, ko‘ngilxushlik olamiga sayohat qilaylik.
Insonning eng yaxshi ko‘radigan ermagi nima deb o‘ylaysiz? Albatta, ichish! Odam yangi qit’alarni ochishni, yovvoyi va xavfli o‘rmonlarda sayr etishni, cho‘qqilarni zabt etib, bundan zavq olishni yoqtiradi, lekin bunga tanballigi xalaqit beradi. U bu narsalardan oladigan zavqini uyida o‘tirib olishni afzal ko‘rdi va mayni kashf etdi. Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, may insoniyatning eng omadli kashfiyoti hisoblanadi. Sen hech narsa qilmaysan, mayning o‘zi sen uchun hamma ishni qiladi. U soatlab yurishingga, raqs tushishingga, kulish, yig‘lash, baqirishingga kuch beradi, xayolingga nima kelsa shuni bajarishingga ko‘maklashadi. Keyin tushkunlikka tushmasliging uchun seni bo‘shashtiradi, tinchlantiradi va turgan gapki, uxlatadi (o, bunaqa holatni inson qanchalar yaxshi ko‘radi!).
Aytgancha, hozirgina esimga tushdi! Agar inson tanbal bo‘lmasa, nima uchun uyqu dorini o‘ylab topdi? Nimagaki, uxlaganida u yonidan-bu yoniga ag‘darilishga eringani uchun shu dorini kashf etgan.
Gapdan chalg‘idik, axir gap ko‘ngilxushlik haqida borayotgan edi-ku. Xo‘sh, inson nimadan ko‘proq lazzat oladi? Hech kimga sir emas, sport insonga juda katta lazzat bag‘ishlaydi. Sportchilar insoniyatning eng chaqqon va abjir vakillari hisoblanadi. O‘zi sport bilan tanballik bir-biriga zid-ku, deyishingiz mumkin. Lekin biz mutlaqo boshqa narsani nazarda tutmoqdamiz. Menimcha, sportchi eng tanbal kishi. Agar u tanbal bo‘lmasa, nimaga tog‘larga chiqish uchun ko‘tarib-tushiradigan moslamalar, arqon yo‘llar va boshqa uskunalarni o‘ylab topdi?
Ha, men aytmoqchi edimki, inson shunchalar yalqovki, agar u biror ishni qilishni istamasa, o‘sha zahotiyoq shu ishni qilmaydi, agar biror ishni qilishni xohlasa, bu ishni qilish uchun o‘ziga biror qulaylik yaratishni o‘ylab topadi. Suhbat sport haqida ketyaptimi, bir misol keltiray. Siz har kuni ertalab badantarbiya bilan shug‘ulanasiz, to‘g‘rimi? Ajoyib kunlarning birida o‘rningizdan turib, o‘zingizga o‘zingiz shunday deysiz: “Bugun badantarbiya qilishga kech bo‘ldi”. Ertasi kuni esa o‘ylaysiz: “Bugun nimagadir kayfiyatim yo‘qroq, yaxshisi badantarbiya qilmay qo‘yaqolay”. Indiniga yana bahona bor: “Kecha kechqurun ozgina otgan edim, bugun badantarbiya qilishga hushim yo‘qroq”. Shu yo‘sin, siz ertalabki badantarbiyadan voz kechasiz.
Agar siz sport bilan shug‘ulanmaydigan bo‘lsangiz-u, lekin birdan unga xohish tug‘ilib qolsa: “Yaxshi, bugun juma – haftaning oxiri, dushanbadan boshlayman”, deb o‘zingizni yupatasiz.
Agar siz dutor chalishni o‘rganmoqchi yoki matematika bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz biror muddatni belgilab oling: “Oy boshidan boshlayman!” deng. Qish bo‘lsa, “Bahorda boshlayman!” deng.
Xo‘sh, endi falsafa tomonga ham bir qiyo boqaylik-da, keyin o‘zimiz ham safsata sotishni bas qilaylik (davom ettirish menga ham yoqmayapti).

Rus tilidan Ilhom Zoyir tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.