OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fazu Alieva. Buvimning iltijolari (hikoya)

–Siz allaqachonlar xudoning joniga tekkansiz? – dedi bir kuni onam.
–Ie, nega uning joniga tegar ekanman? Unga nima yomonlik qildim? – achchig‘landi buvim.
–Bitta-ikkita narsani so‘rasa bo‘ladi, siz bo‘lsangiz, birdan shuncha ko‘p so‘raysizki, ularni yozib qo‘ysa, butun boshli bir kitob bo‘lardi. Sizning iltijolaringizning hammasini xudo esida tutishi gumon.
–Voy, astag‘firullo, sen butunlay aqlingni yegansan. Xudovandi Karim, iltijo qilaman, unga quloq solma. U hech narsa degani yo‘q, hech narsa, – deya buvim qo‘llarini samovotga tikdi. – Sen shafqat sohibisan, shuning uchun senga iltijo qilamiz. Sohibi qudratsan, iltijolarimizni sendan boshqa kim ham inobatga olardi? –Biroz jim qolgach, davom etdi buvim. – Har subhidam senga murojaat qilaman, shafqatli bo‘l, o‘g‘irlik qilmaganman, ichmaganman, begona erkaklar bilan yurmaganman. Birovlar yuragiga rahna solganim yo‘q. Hech qachon daraxtlar tepasidagi qushlaringni cho‘chitmaganman. Inson tug‘ilganida me’yorida shodlanganman, u amring bilan bandalikni bajo keltirganda esa me’yorida yig‘laganman. Gunohlarimni kechir! Mabodo biror qilig‘im didingdagiday bo‘lmagan bo‘lsa, qasddan deb bilmagaysan. Sening oldingda hamma gunohkordir. Sening nigohing ham har bir maysaga, har bir gulga, toshga, buloqqa tushayotgan shudringday baxayr bo‘lg‘ay.
Mana, Patimatning eri o‘ldi, – buvimning ovozi g‘amgin jarangladi. – demak, xohish-irodang shunday ekan. Unga ortiqcha kun bermagansan. Patimatning uch jigargo‘shasi yetim bo‘lib qoldi. Demak, yetimlikni boshidan kechirish ular taqdirida bor ekan. Axir, Patimat hali yosh, erga tekkisi keladi. Unga shunday er nasib etginki, u bolalari uchun ota o‘rnini bossin.
Xatimat yana farzand ko‘rmoqchi, – iltijo qiladi buvim. – O‘zingga ayon ularning yettita qizi bor. Endi o‘g‘il ko‘rishni istaydi. Uning yurak qa’rida ne borligi faqat senga ravshan. Lekin o‘g‘il tug‘ilsin! Sendan iltijoim shu.
Supaynat qari qiz bo‘lib qoldi. Axir u hech kimga yomonlik qilmagan edi-ku. U ham boshqa qizlarday erta tongda turadi, hammadan kech yotadi. U yer haydashda ham, beda o‘rimida ham, g‘alla o‘rimida ham hoziru nozir. Har bir ushoqning qadriga yetadi, uvol deb boshoqni bosmaydi. Suv to‘la ko‘za bilan qaytayotganida yerda yotgan boshoqni engashib olib, uni uyiga keltirganini o‘zim ko‘rganman. Kuyovlarning ko‘zi qaerda, bilmayman. Magazinda ishlaydigan Oyshatdan uning qaeri kam? Meni to‘g‘ri tushun. Men Oyshatning baxtiga qarshi emasman. Alhamdulilloh, suzishni bilmaydigan kishi dengizda qanday g‘arq bo‘lsa, u ham baxtga shunchalik g‘arq bo‘lsin! Supaynatga ham ozgina bersang, bahri ummoning ado bo‘lmaydi-ku.
Tangrim! Men bandangni kechir. Lekin ko‘p narsa so‘rayapti deb o‘ylama. Aminat kasal, uning iztirobini kamaytir, kuni bitgan bo‘lsa, o‘limini yengil qil, axir, bu ayol hech qanday yomonlik qilmagan.
–Voy-bo‘y, ona, sizni tangri-taolo bu qanday tilanchi edi, deb o‘ylasa kerak, – kuldi onam.
Lekin buvim hech kimga quloq solmay iltijosini davom ettiraverdi: 
– Qumursqadan tortib insongacha barcha jonzot, maysadan tortib tishgacha barcha o‘suvchi narsa, toshdan tortib qoyagacha bo‘lgan mangu mavjudot, buloqdan tortib dengizgacha barcha hayotbaxsh narsa sening shafqatingdan umidvor. Yer tagidagi urug‘ni, yer ustidagi nabobotni, boshoqdagi donni, guldagi mevani o‘zing asra. Yomg‘ir va quyosh me’yorida bo‘lsin. Bizni do‘l va yashindan, ekinimizni dumbullik va tobidan o‘tib ketishidan saqla, bizni balo-qazolardan asra. Yo‘ldagi yo‘lovchining tunini ravshan qil, toki u yo‘lidan adashmasin. Qushlar uyasini buzilishidan saqla. O‘rmonda yashovchi qanotli va vahshiy jonivorlarga o‘z bolasidan judo bo‘lishdek musibatni ravo ko‘rma. Ular ham o‘z polaponlarining uchayotganini, o‘z bolalarining chopayotganini ko‘rishsin!
Ota-onalarning bandalikni bajo keltirish payti kelganda qabrga o‘z bolalari qo‘li bilan qo‘yilsin. Zeroki, dunyoda ota-ona uchun bolalarining o‘limini ko‘rishdan achchiq qayg‘u yo‘q.
Mendan qahring kelmasin, sohibi qudrat. Mashriqdan Mag‘ribgacha cho‘zilgan yerni tabarruk qo‘ling birla silab qo‘y. O‘z ezguligingni hech kimdan ayama. Meni ham unutma. Mening bolalarim va nevaralarimga pokdomonlik ato et. Faraz qil, ular senga ishonishadi va ibodat qilishadi.
–Bunday iltijo qilishga qanday jur’at etasiz, axir, nevaralaringizning birontasi ham ibodat qilmayotganini u ko‘rib turibdi-ku!
Buvim bo‘lsa badtar qattiqroq:
–Astag‘firullo, bizlar sening qullaring, qanchalik uvolga yo‘l qo‘ymaylik, sen yaxshi deb hisob qil, – deya iltijosida davom etardi. – Bir savobimizni yuz deb qabul ayla. Bizni biz yaxshilik qilayotgan kishilarning yovuzligidan saqla. Sobiq do‘st makridan asrab, uni bizga dushman etma. Oyog‘imiz zaharli alafni toptasin, qo‘limiz mevali daraxt o‘stirsin. Hammaga maqsadga erishish uchun kuch ber, barcha o‘z-o‘zidan norozi, bosh qalardan esa rozi bo‘lsin. Xayrli ishlar qilish istagini ber.
Bizning ovulimizga hech qachon ayol kishining yengiltakligi va er kishining qo‘rqoqligi keltiradigan sharmandalik nasib etmasin. Tashnaga suv yubor. Zaharli tildan va ochofat ko‘zidan asra. Og‘zimizdan faqat kishilarga shodlik keltiradigan so‘zlar chiqsin. Odamlar qalbiga rahna soluvchi so‘zlarni ichga yutaylik. Bizni achchiqligimiz uchun tupurib tashlamasinlar, shirinligimizdan yutib yuborsinlar.
Bizga ezgulikni esda tutish va yomonlikni unutish uchun kuch ber. Shunday bardosh berginki, qayg‘umizni shodlikka aylantiraylik. Maysa bag‘ridagi hasharotdan tortib yer tagidagi qurtgacha hammasini ko‘rib turibsan, ha, imkoniyati yo‘q narsani ko‘rib turibsan. Imkoniyati yo‘q narsani so‘rasam, meni kechir, faraz qilki, so‘raganim yo‘q. Hali ham men hammasini bayon etolmadim, ko‘p narsa aytilmay qoldi, lekin fikrlarim senga ayon, faraz qil, men hammasini aytdim. Chunki shoshib turibman. Subhidamni o‘tkazib yubormayin tag‘in. Axir, dalaga borishim kerak. Astag‘firullo, Alhamdilulloh!

P. Usmon tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.