Bog‘ panjarasi yonidan aravalarning o‘tib borayotgani eshitildi, ba’zan ularni sal-pal chayqalib turgan barg-yaproqlar orasidan ham ko‘rib qolardim. Ularning jazirama issiqda qurib-qaqshab ketgan kegay hamda shotilari shunaqangi g‘ichirlardiki! Daladan qaytayotgan ishchilarning bundan kulishayotganini ko‘rib, odam uyalib ketardi.
Men ota-onamning bog‘ida, daraxtlar orasida, abjirgina arg‘imchog‘imizda dam olib o‘tirardim.
Panjara oldida shovqin sira tinmaydi. Hozirgina bolalar zuv yugurib o‘tib ketishdi; hayal o‘tmay g‘alla ortilgan aravalar paydo bo‘ldi, ulardagi bog‘lamlar ustiga erkaklar va ayollar o‘tirib olishgan, tevarak-atrofdagi gulpushtalar qorayib ko‘rinadi; kechga tomon hassa tayangan bir janobga ko‘zim tushdi, u aftidan, kechki salqinda asta sayr qilib yurardi, uning ro‘parasidan qo‘l ushlashib kelayotgan bir to‘p qizlar chiqib qoldi, ana, ular salomlashib, yon tomondagi maysazorga o‘tib ketishdi.
Shundan so‘ng, allaqaerdan “guv” etib qushlar osmonga ko‘tarildi, ularni kuzatarkanman, birdaniga otilib chiqqanini ko‘rgan bo‘lsam ham, negadir ishongim kelmasdi, ehtimol, quvvatsizlikdanmi, bir oz boshim aylanib, o‘zimni xuddi yiqilayotgandek his qildim va arqonlarni mahkam ushlab oldim. Dam o‘tmay, qattiqroq chayqala boshladim, havo ham yanada salqinlashib, osmonda parvoz qilib yurgan qushlar o‘rnini endi miltillagan yulduzlar egalladi.
Sham yorug‘ida kechki tamaddiga o‘tirdim. Charchadim shekilli, ikkala qo‘llarim bilan taxtasupaga suyangan ko‘yim buterbrod yeb oldim. Derazaning nihoyatda yupqa, mayin to‘rsimon pardalari iliq shabadada yengil hilpiraydi, goh-goh ko‘chadan bitta-yarimta o‘tib qolib, men bilan ko‘rishib, gaplashgisi kelib qolsa, uni qo‘llari bilan mahkam tutadi. Ko‘pincha sham o‘chib qoladi va shamning bo‘g‘iq tutunida anchagacha chivinlar uymalashadi. Goho kimdir deraza osha chaqirib qoladi, men ham xuddi tog‘larga yoki ochiq havoga qaragandek, birrov nazar tashlayman, ovoz bergan kimsa esa javob ham kutmay ketib qoladi.
Nihoyat, bittasi deraza panjarasiga astoydil sakrab chiqadi va boshqalar uy oldida to‘planib, kutishayotganini ma’lum qiladi, men esa xo‘rsinib, o‘rnimdan turaman.
— Yo‘g‘-e, namuncha xo‘rsinmasang? Nima bo‘ldi o‘zi? Boshingga biror og‘ir, tuzatib bo‘lmas musibat tushdimi? Nima, endi sira o‘zimizga kelolmaymizmi? Rostdanam hammasi tugadimi?
Hech nima tugagani yo‘q edi. Biz uy oldiga chopib bordik.
— Xayriyat-e, keldilaringmi? Sen o‘zi doim kech qolasan!
— Nega endi men?
— Ha, sen, xohlamasang, uyingda o‘tir. Ayab o‘tirish yo‘q!
— Nima? Ayab o‘tirish yo‘q? Bu nima deganing?
Biz boshimiz bilan oqshom bag‘riga sho‘ng‘idik. Na kunning, na tunning farqi bor edi. Dam nimchalarimiz tugmalari bir-biriga tegib, tishdek g‘ichirlar, dam barchamiz baravar masofada birga yugurib borar, tropik joylardagi jonivorlarga o‘xshab, og‘zimizdan olov purkardik. Qadimgi urushlardagi kirasir (kirasa (sovut) kiygan otliq askar)lar yanglig‘ bir-bir bosib, tag‘in osmonu zaminda, bir-birimizni turtib-surib, torko‘chadan quyi tushib kelar va oyoqlarimizdagi ana shu tezlik sovib ulgurmay, yana qaytadan qishloq ko‘chasi sari chiqib borardik. Shu ketishda ba’zi bir sheriklarimiz ko‘chadagi chuqurlarga tushib ketar, ammo qoramtir do‘nglik oldida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi deguncha, yana yuqorida, dala yo‘lida begona odamlardek paydo bo‘lar va pastga termulib turishardi.
— Bu yoqqa tushsalaring-chi!
— Avval tepaga chiqib ollaring!
— Bizni yiqitmoqchisanlar deb o‘ylayotganimiz yo‘q, aqlimiz joyida.
— Shunchalik qo‘rqoqmiz, demoqchimisanlar. Qani, chiqa qolinglar unda!
— Rostdanmi? Sanlar-a? Bizni yiqitmoqchimisanlar? Ko‘ramiz hali ahvollaringni.
Biz hujumni boshladik, zumda oynadek silliq tepalik oldiga yetib borib, o‘zimizni ko‘chadagi o‘t-o‘lanlar o‘sib yotgan chuqurlar ustiga tashladik, kimdir nogoh yiqildi, kimdir o‘z ixtiyori bilan. Hamma narsa birdek qizigan, biz na issiqni, na o‘t-maysalardagi sovuqni sezardik, faqat charchaganimiz bilinardi, xolos.
O‘ng tomonga xiyol yonboshlab, qo‘lni quloq ostiga qo‘ydim deguncha, odamni uyqu elita boshlaydi. Lekin boshingni ko‘tarib, bor kuchingni to‘plab, yana sakrab o‘rningdan turishing, yanada chuqurroq o‘raga tushib ketishing kerak. Shundan so‘ng, qo‘lingni ko‘ndalang tutib, oyoqlaringni yondama shamol yalab, havoga yuzma-yuz otilib chiqasan va albatta, yana boshqa chuqurroq xandaqqa yiqilib tushasan. Koshki edi shunisi oxirgisi bo‘lsa.
So‘nggi chuqurda bukik tizzalaringni, butun tanangni o‘z holiga qo‘yib, cho‘zilib uxlab olging keladi, qayoqda, bu haqda o‘ylab ham bo‘lmaydi, aksincha, kasal odamga o‘xshab chalqancha yotvolib, yig‘lavoray deysan. Mabodo tepalikdan bironta bola tirsaklarini beliga tirab, tovonlari qorayib tushib kelgudek bo‘lsa, unga asta ko‘z qisib qo‘yasan.
Tepada Oy ko‘rindi, chiroqlarini yoqvolgan pochta mashinasi o‘tib ketdi.
Yengil shabada esdi, buni chuqurda yotib ham sezish mumkin edi, yaqin-o‘rtada joylashgan o‘rmon shovillay boshladi. Shunaqa paytlarda odamning ortiq yolg‘iz qolgisi kelmay qoladi.
— Qaerdasanlar? Bu yoqqa kelinglar, hammang!
— Nimaga yashirinib o‘tiribsan, tur-e!
— Pochta allaqachon o‘tib ketdi, bilmadilaringmi?
— Yo‘g‘-e! Rostdanmi?
— Albatta, sen uxlayotgan paytda o‘tib ketgan.
— Men uxladimmi? Bo‘lmagan gap!
— Qo‘ysang-chi, yuz-ko‘zlaringdan bilinib turibdi-ku.
— Sendan iltimos qilaman…
— Kela qolinglar endi!
Biz yonma-yon yugurishib ketdik, ba’zilar qo‘l ushlashib oldi, boshimizni tik tutib bo‘lmasdi, chunki pastga qarab tushib borardik. Kimdir kutilmaganda hindularning jangovar chaqirig‘idan hayqirib yubordi va biz endi otlarga o‘xshab sakrab chopa ketdik, har sakrashimizda shamol bellarimizdan quchib, madadkor bo‘layotgandek tuyulardi. Bizni hech narsa to‘xtata olmasdi; bir-birimizni quvib o‘tayotganimizda qo‘llarimizni qovushtirib, yon-atrofimizga ham birrov razm solib olardik.
Tentaksoy ko‘prigi ustiga yetganda, hammamiz to‘xtab qoldik; ilgarilab ketganlar ham qaytib kelishdi. Pastda suv tosh va ildizlarga urilib oqar, vaqt allamahal bo‘lib qolgani ham sezilmasdi. Nega hozir birortamiz ko‘prik panjarasidan suvga sakramayotganimiz ajablanarli hol edi.
Uzoqda, butazor va changalzorlar ortidan temir yo‘l poezdi yelib kelardi. Barcha kupelarning chiroqlari yoniq, deraza oynalari tushirib qo‘yilgan edi. Shunda oramizdan bittasi nogoh ko‘cha qo‘shig‘ini kuylay boshladi-yu, barchamizning ashula aytgimiz kelib qoldi. Biz poezdga qaraganda ham tezroq kuylardik, qo‘llarimizni silkib ham qo‘yardik, chunki ovozimiz yetishmay, bo‘g‘ilayotgandek tuyular, bu esa bizga yoqardi. Agar ovozing boshqalarniki bilan qo‘shilib ketgudek bo‘lsa, o‘zingni go‘yo qarmoqqa ilingandek his etarkansan.
Ortimizda o‘rmon, olislab borayotgan sayyohlar ketidan shunday kuylab qoldik. Bu paytda qishloqda kattalar haliyam uyg‘oq, onalar esa bolalarini yotqizish uchun joy hozirlashardi.
Vaqt bo‘ldi. Men yonimdagi bolani o‘pib qo‘ydim-da, qolgan uchoviga shunchaki qo‘l uzatdim va kelgan yo‘limdan orqaga chopib ketdim, ortimdan hech kim chaqirmadi. Birinchi muyulishga yetib borgach, meni endi ular ko‘ra olmasdi, burildim va dala yo‘llari bo‘ylab o‘rmon tomon yana yugurib ketdim. Men janubdagi shahar sari intilardim. Bu shahar haqida qishlog‘imizda shunday gap-so‘z yurardi:
— U yerda odamlar yashaydi! Bilasizlarmi, ular uxlamas emish!
— Nega endi uxlamas ekan?
— Chunki ular charchashmas ekan.
— Nega endi charchashmasa ekan?
— Chunki ular ahmoq ekan.
— Nima, ahmoqlar charchamaydimi?
— Ahmoqlar qanday charchasin, axir!
Nemischadan Mirzaali Akbarov tarjimasi
«Kitob dunyosi» gazetasi, 2015 yil, 1-son