Fransua Moriak (1885.11.10, Bordo — 1970.1.9, Parij) — fransuz yozuvchisi. Fransiya Fanlar Akademiyasi a’zosi. Ijodiy faoliyatini shoirlikdan boshlagan. Birinchi romani «Zanjir jafosini tortgan bola» (1913)da qishloklik yigitning Parijdagi sarguzashtlari tasvirlangan. «Moxovga hadya etilgan bo‘sa» (1922), «Volida» (1923), «Tereza Deskeyru» (1927), «Ilonlar o‘rami» (1939), «Boshi berk ko‘cha» (1939) kabi romanlari mashhur. 1943 yilda Fransiya Qarshilik harakatiga qo‘shilib, Forez taxallusi bilan fashizmga qarshi maqolalar yozgan («Qora daftar»). Uning urushdan keyin yozilgan asarlaridan «Maymun» (1951), «Xudoyiga atalgan qo‘zichoq» (1954), «O‘tmish o‘spirini» (1969) kabi romanlari mashhur.
Moriak 1952—70 yillarda Fransiyada chiqadigan «Ekspress» va «Figaro» gazetalarida o‘zining siyosiy, axloqiy va estetik mavzularda yozilgan «Yon daftarlar» ini e’lon qildi. Uning ijodi uchun illatlarni ruhiy taxlil qilish va tabiiy detallashtirish xos. «Roman» (1928), «Romannavis va uning personajlari» (1938), «Ruhiyat xotiralari» (1956) kabi asarlarida yozuvchining badiiy-estetik karashlari o‘z ifodasini topgan. So‘z san’atidagi har qanday modernizmga qarshi turgan Moriak hayotni qanday bo‘lsa, shundayligicha tasvirlashga intilgan. Nobel mukofoti laureati (1952).