M.M. Dostoyevskiyga
Peterburg. 24 mart, 1845 yil
Ont ichdim, suv va havoday zarur bo‘lganda ham sabru toqat bilan buyurt-ma asosida ijod qilmayman. Buyurtma bilan ijod qilish iste’dod alangasini nainki zaiflashtiradi, balki tamomila so‘ndiradi. Men esa har bir asarim, shubhasiz, a’lo bo‘lishini istayman. Bu borada Pushkindan ham, Gogoldan ham ibrat olsa arziydi. Asarlari nisbatan ko‘p bo‘lmasa ham, payti kelib, har ikkilasiga haykal o‘rnatiladi. <...> Ular shonu shuhratni, ayniqsa, Gogol yillar davomida qashshoqlik va g‘aribona kun kechirish evaziga qo‘lga kiritgan. Ko‘hna ijod uslublari yo‘qolayotir. Yangi qalamkashlar qog‘ozni bulg‘ashdan nariga o‘tolmayapti. Muayyan ijodkorning jamiki salohiyati birgina zo‘riqishga sarflanayapti, xolos. Bunda qiyomiga yetkazilmagan hayrotomuz g‘oya bilan salohiyatning behuda chiranishigina ko‘zga tashlanayotir, qilingan ish esa sariq chaqaga ham arzimaydi. Beranje zamonaviy frantsuz feletonchilarini suv bilan to‘latilgan may jomiga qiyoslaydi. Bizning qalamkashlar ham baayni shunday. <...>
Yozgan romanimdan ko‘nglim to‘q. Bu jiddiy va to‘kis asar. Darvoqe, jiddiy nuqsonlari ham yo‘q emas. Bundan qat’i nazar, nashrdan chiqsa, e’tirof qilinishi shubhasiz.
<...> Juda ko‘p o‘qiyapman, o‘qiganlarim juda g‘alati ta’sir qilayotir. Qachonlardir o‘qigan asarimni takroran o‘qiyman va go‘yo qalbim yangi kuch-quvvat bilan to‘ladi, sinchiklab mutolaa qilib, barchasini tushunaman va ilhomlanaman.
Drama yozish masalasida biron va’da berolmayman. Buning uchun deylik, kaminadan, ko‘p yillik tajribayu xotirjamlik talab etiladi. Hozir ayni ijod pallasi. Bugungi kunda drama emas, melodrama yozish odat tusini olgan. Shuhratparast dramaturglar Shekspir shuhrati so‘nib, sharpaday tuyulayotir. Yozda, ehtimol, yana qo‘limga qalam olarman. Ikki-uch yil va ko‘ramiz, hozircha esa kutamiz!
Badiiy adabiyot masalasida ikki yil avvalgi tasavvurlarim tamomila o‘zgardi. Ilgarigi bolalarcha go‘llik, safsatabozlikdan asar ham yo‘q.
Muhtojlikdan jinnixonada zavol topgan nemis shoirlari haqida “Invalid”da hozirgina feleton o‘qidim. Yigirmata shoir, lekin biri-biridan mashhur! Yuragim orqaga tortib ketdi. Nazdimda, ijod bobida afsungar bo‘lish kerak...
M.M. Dostoyevskiyga
4 may, 1845 yil
<...> Bu romanim fikru zikrimni tamomila band qilib, shu darajada tinkamni quritdiki, shunday bo‘lishini bilganimda, unga sira qo‘l urmagan bo‘lardim. Uni yana bir marta yangidan yozdim, Xudo haqqi, ancha epaqaga keldi; salkam ikki baravar yutdi. Nihoyat so‘nggi nuqta qo‘yildi, ortiq tahrir qilmayman. Qayta qo‘l urmaslikka ont ichdim. Pushkin hatto kichik-kichik she’rlarini ham qayta-qayta tahrir qilgan. Gogol g‘aroyib asarlarini ikki yillab erinmay sayqallagan. Valter Skott, masalan, “Maennering” singari badiiy to‘kis asarini bir necha haftada yozganiga sira aqlim yetmaydi. Balki 40 yoshda bo‘lgani uchun shunday natijaga erishgandir.
M.M. Dostoyevskiyga
(Peterburg) 1 fevral, 1846 yil
<...> “Kambag‘allar” romanim o‘n beshinchi sanadayoq chiqqan. Nimasini aytay, birodar! Beshafqat ta’na-malomatlar yog‘dirildiki, asti qo‘yaverasan! “Illyustratsiya”da bosilgan taqriz boshdan-oyoq haqoratlar bilan yo‘g‘rilgan. “Severnaya pchela”da esa undan ham beshbattar malomatnoma bosildi. Lekin, Gogolni dastlab qanday kutib olishgani yodimda, Pushkinga ilk kezlarda qanday munosabatda bo‘lishganini esa hammamiz bilamiz. <...> Tinmay ta’na toshi yog‘dirish barobarida ayni o‘sha asarni o‘qishni ham kanda qilmaydilar. Gogolga nisbatan ham shunday yo‘l tutishgan. Haqorat, haqorat, yana haqorat qilishgan-u baribir qo‘ldan qo‘ymay o‘qiganlar va endilikda murosaga kelib, maqtay boshladilar. O‘ziyam kutilmagan jumboqni tortiq qildim-da!
Olomonga xos botiniy sezgirlik kitobxonlar ommasida ham bor, biroq badiiy did, saviya yo‘q. Ayni uslub bilan yozish mumkinligini hazm qila olmayaptilar. Ular jamiki asarlarda bevosita ijodkor siymosini ko‘rishga ko‘nikishgan; men siyratimni ochmaganman. Aynan kamina adib emas, asar qahramoni Devushkin nomidan bayon qilinganlarni kitobxonlar anglay olmayapti, holbuki, Devushkin o‘zgacha uslubda so‘zlay olmaydi. Roman cho‘zilib ketgan deya ta’na qilayaptilar, aslida bironta ham ortiqcha so‘z qo‘llamaganman. Mening ijodimni rus adabiyotida tamomila yangi yo‘nalish sifatida ham talqin qilayotganlar (Belinskiy) ham bor. Ularning nazdida, mening ijodimda Sintez, ya’ni umumlashtirish emas, balki Analiz – tahlil kuchli, ya’ni teranlikka sho‘ng‘ib, zarrama-zarra elakdan o‘tkazib, yaxlitlikni kashf etaman. Gogol esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaxlitning o‘zini olib qo‘ya qoladi va shu bois men singari teranlashmaydi. Romanni o‘qisang, ishonch hosil qilasan. <...>
M.M. Dostoyevskiyga
Peterburg. 1 aprel, 1846 yil
<...> Son-sanoqsiz yangi adiblar yetishdi. Ayrimlari kaminaga raqib. Ular orasida Gertsen va Goncharov, ayniqsa, salohiyatli. Gertsenning asarlari allaqachon bosilgan, ikkinchisi havaskor, hali bironta asari nashr qilinmagan. Ularni chunonam maqtayaptilar. Lekin ijod bobida birinchilikni hozir ham va umid qilamanki, keyinchalik ham qo‘ldan bermayman. Sirasini aytganda, adabiyot olamida hech qachon bu darajada kuchli jo‘shqinlik bo‘lmagan. Bu ezgu natija berishi shubhasiz. <...>
M.M. Dostoyevskiyga
Peterburg. Petropavlovsk qamoqxonasi. 22 dekabr, 1849 yil
<...> Nahotki ortiq hech qachon qo‘limga qalam olmasam? To‘rt yildan ke-yin yana ijodga kirishaman degan umiddaman. Nimaiki yozsam, hammasini senga yuboraman. Yo Xudoyim! Men ming azob bilan yana yaratgan qancha timsollar xayolimda izsiz yo‘qolib, so‘nadi yoxud hayotimni barbod qiluvchi zahar-zaqqumga aylanadi! Evoh, agar yozmasam, ko‘zim ochiq ketadi. Bundan o‘n besh yillik qamoq muddatiyu qo‘limdan qalam tushmagani afzal. <...>
M.M. Dostoyevskiyga
Omsk, 30 yanvar – 22 fevral, 1854 yil
<...> Katorga — surgunda behisob xalqona timsollar, fe’l-atvorlar egalarini o‘rgandim! Men ular bilan tug‘ishganday bo‘lib ketdim va fe’l-atvorlarini juda yaxshi o‘zlashtirgandayman. Daydilar va qaroqchilar qismatiyu jamiki tiyra, kulfatzada turmush tarziga xos beadad qissalar guvohi bo‘lganimga ishongim kelmaydi! Bular asosida jild-jild asarlar yaratsa bo‘ladi. Naqadar ajoyib xalq. Surgunda umrim behuda sovrulmaganiga beadad shukr. Rossiyani boshdan-oyoq ko‘rmagan taqdirda ham rus xalqini shu darajada o‘rgandimki, bu baxt kamdan-kam odamga nasib etadi. Biroz manmanlik ham qildim. Umid qilamanki, kechirsa bo‘ladi. <...>
A.N. Maykovga
Semipalatinsk. 18 yanvar 18 (56) yil
<...> She’rlaringizni o‘qidim va juda yaxshi ta’ssurot paydo bo‘ldi; slav-yan xalqlarining ma’naviy najotkorligi bilan bog‘liq vatanparvarlik tuyg‘ularingizga to‘la qo‘shilaman. Bu oliyjanob Rossiya, ulug‘ va muqaddas ona yurtimiz zimmasiga tushgan olamshumul vazifa. “Klermont ibodatxonasida” she’ringizni juda yaxshi yakunlagansiz! Bag‘oyat ulkan fikrni shu darajada qoyilmaqom ifoda etganingiz tahsinga loyiq!
Ijod bilan band edim, lekin asosiy asarimni yozishni biroz keyinga qoldirdim. Kayfiyatim maromiga kelishini kutayapman. Adabiyot olamidagi yangiliklar haqida yozing. Bu yil mobaynida deyarli hech qanday asar o‘qimadim. Sizga o‘z xulosalarimni ham aytaman: Turgenevga ayniqsa, manzur bo‘lyapti – faqat ulkan iste’dod sohibi bo‘lgani holda qator o‘rinlarda talantini jilovlay bilmasligi afsuslantiradi. L.T. ijodi ham juda ajoyib, lekin, fikrimcha, ko‘p yoza olmaydi (yanglishayotgan bo‘lishim ham mumkin). Ost-rovskiyni umuman bilmayman, bironta ham asarini to‘liq o‘qimaganman, lekin asarlari tahliliga oid ko‘plab mulohazalarga ko‘zim tushdi. U, balki, Rusning muayyan toifalari hayotini yaxshi bilar, lekin, menimcha, chinakam san’atkor emas. Boz ustiga, nazarimda, u g‘oyasiz ijodkor. Yanglishganimga amin bo‘lay, iltimos, uning yaxshi asarlaridan, Xudo haqqi, menga yuboring, toki bu adib haqida tanqidchilarning fikrlari asosida mulohaza yuritishni bas qilay. Pisemskiyning faqat “Fanfaron” va “Badavlat kuyov” asarini o‘qidim. Uning asarlari menga juda yoqadi. Zukko, bag‘rikeng va hatto sodda adib: yaxshi hikoya qiladi. Bir jihat ko‘ngilni xira qiladi: shoshib yozadi. Juda tez va ko‘p yozadi. Ijodkor o‘z qadr-qimmatini bilishi, salohiya-ti va san’atga alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi, ayniqsa, san’atni sevishi kerak. Yoshlikda g‘oyalar shaloladay quyilib kelaveradi, lekin bironta fikr tug‘ilgani hamono bayon etishga shoshilishning hojati yo‘q. Yaxshisi, biroz kutib umumlashtirgan, ko‘proq mulohaza yuritgan ma’qul, toki biron g‘oyani ifodalaydigan ko‘plab mayda jihatlar yaxlitlashib, yagona yirik, salobatli timsolga aylangani va shundan keyin bayon qilingani ma’qul. Buyuk adiblar yaratgan buyuk badiiy qahramonlar aksariyat uzoq davom etgan mashaqqatli mehnat natijasida yuzaga kelgan. Oraliqdagi tajribalaru xomaki mulohazalarni qog‘ozga tushirishga ne hojat? Pisemskiy xususida aytmoqchimanki, nazarimda, ijod bobida o‘zini cheklamaydi. Ayrim adibalarimiz rosmana ayol adibalarday ijod qiladi, ya’ni zukkolik va nazokat bilan favqulodda oshiqib qalam tebratadi. Ayting-chi, adiba ayollar nima uchun hech qachon qat’iyatli ijodkor bo‘la olmaydi? Hatto shubhasiz, ulkan san’atkor George Sand ham zaifalarga xos fe’l-atvori bilan ijodkorlik bobida bir necha marta o‘ziga o‘zi pand bergan. <...>
I.C. Turgenevga
Turin. 18 oktyabr, 18 (63) yil
<...> Peterburgda menga jiddiy ish muntazir. <...> Jurnalni deyarli yangidan tashkil etish darkor. Uni yana ham zamonaviy, qiziqarli qilish va ayni paytda adabiyotni hurmat qilish kerak – bular peterburglik qator bilimdonlarning fikriga ko‘ra, o‘zaro uyg‘unlashuvi mushkul vazifa. Biroq adabiyotga nisbatan boshlanib kelayotgan nafrat bilan jon-jahdimiz bilan kurashmoqchimiz. Niyatimizdan qaytmaymiz. Bu borada yordamingizni darig‘ tutmang, marhamat qilib, imkon qadar qo‘llab-quvvatlang. <...>
I.C. Turgenevga
Peterburg. 23 dekabr, 18 (63) yil
Qimmatli va muhtaram Ivan Sergeevich! P. V. Annenkovning ukamga aytishicha, siz aksariyat fantastikadan iborat “Sharpalar” hikoyangizni jurnalda nashr qilinishini xohlamayotgan emishsiz. Bundan jiddiy aziyat chekayapmiz.
Nima uchun, Ivan Sergeevich, “Sharpalar” hozirgi davrga to‘g‘ri kelmaydi va uni tushunishmaydi, deb o‘ylayapmiz (basharti, shunday fikrda bo‘lsangiz). Aksincha, salohiyatli adiblarga taqlid qilgan iste’dodsiz safsatabozlar olti yil mobaynida uzluksiz ijod olamidagi ijobiy an’analarni shu darajada yerga urdilarki, sof badiiy (g‘oyat shoirona) asarni jurnalda bajonidil chop etamiz. Ko‘pchilik muayyan ajablanish, lekin ko‘ngilni ilitadigan ajablanish bilan qabul qiladi. Keksayu yangi avlodga mansub fahm-farosatli kishilar shunday holatga tushadi. Hech vaqoni anglamaydiganlar xususida esa og‘iz ochishni ham istamayman. Ular adabiyotga qaysi nuqtai nazardan yondoshishlarini aytsam, ishonmaysiz. Cheklangan manfaatparastlik – ularning bor-yo‘q xohishi shu. Ularga chinakam shoirona asar yozib bering; qabul qilmaydilar, aksincha kimdir ayovsiz kaltaklanayotgan holat tasvirlangan asarni qo‘lga oladilar. Shoirona haqiqat yovvoyilik sifatida talqin etiladi. Ularga turmush voqealaridan nusxa ko‘chirish kerak, xolos. Bunday nasrni badiiy asar hisoblab bo‘ladimi? Baayni jaholatparast ma’jusiylik. Shundan keyin ularga nazar tashlashni ham istamaysan. G‘aflatdan nihoyat o‘ziga kelayotgan sog‘lom qatlam san’at, adabiyotdan dadillikni kutayotir. Sizning “Sharpalar” hikoyangizda shunday kutilgan dadillik bor, basharti shunga mos qadam tashlasangiz, bu barchamiz uchun o‘ziga xos namuna bo‘ladi. “Sharpalar” uslubi barchani hayratlantiradi. Men, darvoqe, manfaatparastlik shakllaridan birini bilaman, Sizning asaringizdan bu toifaning ko‘ngli to‘lmasa ham ohanraboday joziba kuchiga ega ekanini e’tirof etadi. Bizda yolg‘ondakam nigilistlarning soni boru, sanog‘i yo‘q, axir. Lekin bu borada muhimi – mavjud holatni anglashdan iborat. Bu holat – zamonamizda yashayotgan rivojlangan va ongli mavjudotning ilhaqligi. “Sharpalar” ayni ilhaqlik bilan yo‘g‘rilgan. Ayni “rishta tuman ichra tor singari jaranglaydi” va juda mavridida aks sado beradi. “Sharpalar”— musiqaday ohangdor. Darvoqe, musiqaga nisbatan munosabatingizni bilishni istardim. Sizningcha, musiqa shunchaki ko‘ngilxushlikmi yoki ijobiy zaruriyatmi? Menimcha, ong (mulohazago‘ylik emas, balki bus-butun idrok) anglab yetishga ulgurmagan kechinmalar musiqa vositasida bayon qilinadi, binobarin musiqa ijobiy xususiyatga ega. Manfaatparastlar esa buni tushunmaydi; lekin musiqani yaxshi ko‘radiganlari yuz o‘girgani yo‘q va avvalgidek shug‘ullanyaptilar.
Sizning “Sharpalar”ingiz shakli juda qoyilmaqom. Agar biron-bir jihatiga shubha bilan qarash kerak bo‘lsa, faqat shakli masalasida bosh qotirish mumkin. Xullas, hamma gap shundaki: fantastik xususiyatga ega asar adabiyot olamida yashab qolish huquqiga egami? Bu savolga kim ham rad javobini berardi! “Sharpalar”ni yetarli darajada fantastik tusga ega emas, degan nuqtai nazardan, ehtimol, tanqid qilsa bo‘lar. Yana ham fantastik tusga ega bo‘lganda, asar kuchliroq ta’sir qilarmidi? Siz asaringizdagi mavjudotni vampir — qonxo‘r sifatida izohlagansiz. Menimcha, bunday izohga hojat yo‘q. Fikrimga Annenkov qo‘shilmadi va mulohazasini ijobiy kuchlar yo‘qotilgani, boy berilgani singari dalillar bilan isbotlashga urindi. Uning fikrini men ham ma’qullamadim. Hikoyaga xos orziqish va go‘zal shaklni anglaganimning o‘zi katta gap. Hikoya g‘azablanish begona mayin ohangi bilan ham e’tiborga sazovor. Qoyatosh va boshqa holatlar bilan bog‘liq manzaralar esa hozircha hal qilinmagan favqulodda muammolarga ishora bo‘lib, ularning hal qilinishi noma’lum, undan voz kechishni xohlamasa ham ayni paytda yurak yana ham orziqadi va vahimaga tushadi. Xullas, bunday mulohazalar bugungi kun uchun juda o‘rinli bo‘lib, bunday fantastik asarlar faqat naf keltiradi.
M.N. Katkovga
Visbaden. 10 (22) – 25(17) sentyabr. 1865 yil
Qoralama
Sizning “Russkiy vestnik” jurnalingizda qissamning chop etilishiga umid qilsam bo‘ladimi?
Mazkur asar g‘oyasi, taxminimcha, Sizning jurnalingiz yo‘nalishiga aslo zid emas, aksincha. Bu – bir jinoyat tafsilotlariga oid psixologik hisobot.
Asar voqealari ayni kunlarda ro‘y beradi. Kelib chiqishi meshchan, dorilfunundan haydalgan va o‘ta qashshoq kun kechiruvchi yosh yigit tuturuqsiz yengiltaklik bilan xomxayollar domiga tushib qoladi va ayanchli ahvoliga bir hamla bilan barham berishga ahd qiladi. U sudxo‘r bir kampirning hayotiga zomin bo‘lishni ko‘ngliga tugadi. Kampir bema’ni, garang, xasta, ochko‘z, aql bovar qilmas foizlar hisobiga kun ko‘radi, yovuzning yovuzi, ustiga-ustak singlisini oqsoch sifatida itday ishlatadi. “Hech vaqoga yaramaydi”, “Nima uchun yashayapti?” “Biron-bir kimsaga nafi tegayotirmi?” va hokazo. Shu kabi savollar yigitchani yo‘ldan uradi. U kampirni o‘ldirishga, bor-budini o‘marishga qaror qiladi; olis qishloqda yashaydigan onasini baxtiyor etish, zamindorlardan biriga yollangan opasini xalos qilish, o‘qishni tugatish va chet elga jo‘nab ketishning va keyinchalik “bashariyat oldidagi burchini” bajarishda sofdil, qat’iyatli, izchil yo‘l tutishni mo‘ljallaydi. Shu asno “jinoyatini yuvmoqchi” bo‘ladi. Bema’ni, garang, xasta, ochko‘z kampirning umriga zomin bo‘lganini qotillik deb atashga tili ham bormaydi. Uning nazdida, bu kampir dunyoda nima uchun yashayotganini bilmaydi, boz ustiga, ehtimol, biron oylar orasida o‘zi shundog‘am jon taslim qilgan bo‘lardi.
Bunday jinoyatlar o‘ta mashaqqat bilan sodir etilsa ham – ya’ni deyarli har doim qator dalillar jinoyat joyida qoldiriladi va bu jinoyatchilar qo‘lga olinishiga olib keladi, u esa o‘z qilmishini ko‘z ochib-yumguncha uddalaydi va hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydi.
So‘nggi fojeaga qadar salkam bir oy ozodlikda yuradi. Undan sira ham shubhalanishmaydi va shubhalanishlari ham mumkin emas. Ayni shu o‘rinda jinoyatning butun psixologik jarayoni yuzaga chiqadi. Qotil ro‘parasida hal qilib bo‘lmaydigan savollar ko‘ndalang bo‘ladi, ilgari xayoliga ham kelmagan favqulodda hissiyotlar ich-etini kemira boshlaydi. Ilohiy adolatu zaminiy qonun-qoidalar ustun chiqadi, va u – o‘z aybiga o‘zi iqror bo‘lishga majbur bo‘ladi. Shunday qilishga majbur, chunki yana odamlar orasida emin-erkin hayot kechirish uchun hatto surgunda nobud bo‘lishga ham rozi; jinoyat sodir etgani hamono bashariyatdan ayrilib, yolg‘izlanib qolgani bois o‘zini qo‘ygani joy topolmaydi. Adolat qonuni va insoniy fe’l-atvor g‘oliblik qiladi. Jinoyatchi gunohini yuvish uchun azob-uqubat tortishga jazm etadi. Darvoqe, fikr-mulohazalarimni to‘la-to‘kis bayon etishim qiyin.
Asarimda shunday ishora ham borki, jinoyat uchun beriladigan huquqiy jazo qonun himoyachilari o‘ylagandan ko‘ra jinoyatchini oz cho‘chitadi, zero, munosib jazoga axloqiy nuqtai nazardan, qisman, o‘zi ham talabgor.
O‘ta omi kimsalar ham shunday holatga tushganining shohidiman. G‘oya yorqin bo‘lishi va ta’siri kuchli bo‘lishi maqsadida asarimga yosh yigitni bosh qahramon qilib olmoqchiman. So‘nggi paytlarda ro‘y bergan bir necha hodisalar men o‘ylagan mavzu favqullodda xususiyatga ega emasligiga ishontirdi. Xususan, esli-hushli va hatto ibratomuz xislatli yosh yigitlar ham qotillik qilishi ehtimoldan xoli emas. Moskvadagi talabalar voqeasidan keyin universitetdan haydalgan bir talaba haqida Moskvada menga gapirib berishgandi – u pochtani o‘marish va xat tashuvchini o‘ldirishni mo‘ljallagan. Gazetalarda yozishlaricha, g‘ayrioddiy xomxayollarga berilish dahshatli voqealar sodir bo‘lishiga olib kelayotir. Qisqasi, ro‘y berayotgan voqealar asarim mavzusini oqlaydi.
O‘z-o‘zidan ayonki, asar ma’nosini boshdan-oxir bayon qilganim yo‘q. O‘qimishli chiqishiga ishonchim komil, nokamtarlik bo‘lmasligi uchun badiiyati haqida gapirmaganim ma’qul. Muddatida topshirishga urinib, qolaversa, boshqa sabablar bois qator nuqsonlarga ham yo‘l qo‘yganman. Lekin bu asarni shoshilmay ehtiros bilan yozdim. Avvalo, o‘zimning ko‘nglim to‘lishi uchun bu asarimni imkon boricha yaxshi chiqishiga harakat qilaman.
A.Ye. Vrangelga
Peterburg. 18 fevral, 1866 yil
Surgundagi mahbusday mashaqqat bilan ishlayapman. Bu – “Russkiy vestnik” jurnalida chop qilinayotgan roman. Roman katta – olti qismdan iborat. Noyabr oxirlarida anchaginasi tayyor bo‘lib qolgan va tayyor edi; hammasini yoqib yubordim; nihoyat, buni tan olsam bo‘ladi. Yozganlarim o‘zimga yoqmadi. Romanning yangi tuzilishiyu yangi rejasi sira tinchlik bermadi va qaytadan kirishdim. Kechayu kunduz tinmayotganimga qaramay, ishim unmayapti. Hisoblashimcha, har oyda “Russkiy vestnik” jurnaliga olti bosma toboq hajmgacha qo‘lyozma yetkazib berishim kerak. Bu dahshat; lekin uddasidan chiqqan bo‘lardim, afsuski ruhiy xotirjamlik yetishmasligi pand beryapti. Roman – shoirona tusda bo‘lishi lozim, ruhiy xotirjamligu tasavvur rang-barangligini taqozo etadi. Meni esa qarz berganlar tinch qo‘yishmayapti; hatto qamoqxonaga tiqib qo‘yamiz, deb dag‘dag‘a qilishyapti. Haligacha ular bilan kelisha olmadim, ularning ko‘pchiligi mulohazali kishilar bo‘lib, qarz to‘lash muddatini besh yilga kechiktirish taklifimga rozi ekanliklariga qaramay, bu masala hal bo‘lishiga hamon ishonchim komil emas; ayrimlari bilan haligacha bir bitimga kela olmadim. Xavotirlanishim boisini tushunarsiz, degan umiddaman. Bu kayfiyatim va ko‘nglimni o‘ta xijil qilmoqda, necha kundan buyon o‘zimga kela olmayapman, bu yoqda esa romanni uzluksiz yozishim kerak. Ba’zan qo‘limga qalam olgim kelmaydi. Shu bois qadrdon do‘stlar bilan suhbatlashish uchun qulay fursat topish ham muammo.
Xudo xohlasa, bu bebaho roman bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Ikki hafta muqaddam “Russkiy vestnik”ning dastlabki yanvar sonida romanimning birinchi qismi chop etildi. Nomi – “Jinoyat va jazo”. Hozirdanoq ko‘plab hayajonli mulohazalar eshitdim. Romanda jur’at bilan yangi muammolar ko‘tarilgan. Sizga uni yubora olmasligimdan afsusdaman! Nahotki, Sizlarda “Russkiy vestnik”ga hech kim obuna bo‘lmagan?
Darvoqe, bizning ichki, ruslarga xos aqliy va fuqarolik hayotimiz bilan qiziqayotganingizdan juda mamnunman. Garchi barcha masalalarda fikringizga qo‘shila olmasam ham Sizning nuqtai nazaringizni do‘st sifatida qadrlayman. Ko‘plab masalalarga favqulodda nuqtai nazardan yondoshasiz. Asosiy ma’lumotlarni xorijiy gazetalardan olmaysizmi? Ularda Rossiyaga tegishli barcha mavzular uzluksiz noto‘g‘ri talqin qilinadi. Bu, albatta, juda keng masala. Menimcha, chet elda yashash asnosida xorijiy matbuot ta’siriga berilmaslikning imkoni yo‘q. Bunday holatni o‘z boshimdan kechirganman.
A.V. Korvin-Krukovskoyga
Moskva. 17 iyun, 1866 yil
Men favqulodda va g‘ayrioddiy ish qilmoqchiman: to‘rt oyda har biri 30 toboq hajmga ega ikkita roman yozishni mo‘ljallayapman, birini ertalab, ikkinchisini esa kechqurun yozaman va belgilangan muddatda yozib bitiraman. Bilasizmi, azizam, Anna Vasilevna, mana shunday g‘ayrioddiy va favqulodda ishlarni uddalash haligacha menga xush yoqadi. Men boy-badavlatlar sirasidan emasman. Bu agar maqtanchoqlik bo‘lsa, ma’zur tutasiz! Maqtanmay nima ham qilay; boshqa jihatlarim bilan e’tiborni tortishim mushkul.
Bugungi adabiy hayot qanday? Ishonchim komilki, oldingi va hozirgi adiblardan hech biri men qalam tebratadigan sharoitda hech qachon ijod qilmagan. Turgenev bunday sharoitda ijod qilgandan ko‘ra jon taslim qilib qo‘ya qolgan bo‘lardi. Lekin, koshki Sizga tushuntira olsam, xayolingizda tug‘ilgan, qalbingizga ilhom bergan, yaxshiligini o‘zingiz biladigan ajoyib fikrni o‘zgartirish juda og‘ir, – boz ustiga uni ongli ravishda o‘zgartirishga majbur bo‘lsangiz.
A.P. Milyukovga
Lyublino. 10-16 iyul, 1866 yil
Lyubimovning mo‘ljalida (keyinchalik) yana bir boshqa, menga nisbatan makkorona fikr ham bo‘lgan, xususan: men topshirgan to‘rtta bobdan birini chop etib bo‘lmaydi, Lyubimov shunday fikrga kelgan va Katkov uni ma’qullagan. Ikkalasi bilan ham bahslashdim – fikrini o‘zgartirishni o‘ylamayapti ham! Mazkur bob xususida biron gap aytishim qiyin; lekin rosmana ilhom bilan yozganman, ehtimol, nojo‘ya bo‘lsa bordir; hamma gap shundaki, ular asarning badiiy qimmati borasida qayg‘urmayaptilar, faqat axloqiy mezonlar bilan yondoshyaptilar, xolos. Bu borada ham, fikrimcha, hech qanday e’tirozga o‘rin yo‘q, ular esa aksini e’tirof qilyaptilar, ustiga-ustak niligizm nishonalari bor, deya da’vo qilishyapti. Mazkur bobni o‘zgartirish kerak, deya Lyubimov qat’iy turib oldi. Rozi bo‘ldim, bobni o‘zgartirish shunchalik tinkamni quritdiki, ayni vaqt mobaynida uchta yangi bobni yozib bitirgan bo‘lardim. Nima bo‘lganda ham talab qilinganday o‘zgartirib topshirdim. Shuncha asabiylashganim kamday, shundan keyin Lyubimovni ko‘ra olmadim, shu bois o‘zgartirishlarim ma’qulmi va o‘zlari ham biron o‘zgartishlar kiritmayaptilarmikan, bilolmay mushkul ahvoldaman.
Keyinchalik nimalar ro‘y beradi, bilmayman, – lekin tahririyat a’zolari bilan roman masalasidagi fikr-mulohazalar qarama-qarshiligi yuzaga kelayotgani meni jiddiy tashvishlantiryapti.
A.N. Maykovga
Jeneva. 12 yanvar, 1867 yil
Boshdan kechirganlarim borasida aytadiganim shu: ming azob bilan ijod qildim. Yirik badiiy asar yaratish azobini bilasizmi? Xudoga shukrki, bilmaysiz! Xususan, buyurtmaga binoan uzundan-uzun badiiy asar yozishdek do‘zax azobiga duchor bo‘lmagansiz. “Russkiy vestnik” jurnalidan juda katta – 4500 rubl qalam haqi oldim. Yil boshida ilhom meni tark etmaydi, xayolimda tug‘ilgan ijodiy rejalar badiiy tadrij topib, yilning oxirigacha barchani rozi qilaman, deb mo‘ljallagandim. Ko‘nglim shuning uchun ham xotirjam ediki, xayolimda ham, ko‘nglimda ham hamisha juda ko‘p ijodiy fikrlar bo‘ladi. Lekin ijodiy fikrning chaqmoqday yalt etganidan naf yo‘q, chunki mazkur fikr to‘laqonli badiiy shakl-shamoyil kasb etishi zarur; bu jarayon esa daf’atan va favqulodda ro‘y beradiki, aynan qachon sodir bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmaydi; faqat shundan keyin, dastlabki ijodiy fikr ko‘ngilda to‘la-to‘kis timsol qiyofasini kasb etgach, uni badiiy asarga aylantirish mumkin. Bu borada mo‘ljalni bexato olsa ham bo‘ladi. Xullas, butun yoz va butun kuz mobaynida turli ijodiy fikr-mulohazalarni jamladim (boshqa o‘ta qiziqarli fikrlar ham ko‘nglimdan kechdi), lekin muayyan tajriba bois u yoki bu mulohazaning soxtaligi, murakkabligi yoki ahamiyatsizligini oldindan his qilardim. Nihoyat, ulardan birini tanlab, ishga kirishdim, ko‘p yozdim, lekin dekabrning to‘rtinchi sanasida hammasini bir chetga surdim. Ishontirib aytamanki, o‘rtamiyona roman bo‘lardi; ko‘ngildagidek ijobiy emas, balki aynan o‘rtamiyona bo‘lgani bois tamomila ko‘nglim qoldi. Buning menga keragi yo‘q.
Meni anchadan buyon bir fikr bezovta qilib keladi, lekin uni romanga aylantirishga jur’at qilolmasdim, chunki juda murakkab ijodiy reja, ustiga-ustak uni ro‘yobga chiqarish uchun tayyor emasman. Bu fikr – g‘oyat ajoyib fe’l-atvor sohibi timsolini yaratishdan iborat. Menimcha, bundan ko‘ra og‘irroq ish bo‘lmasa kerak, ayniqsa, bizning davrimizda. Siz, albatta, fikrimga qo‘shilasiz. Bu fikr ilgari ham ayrim badiiy timsol tarzida xayolimdan kechgan, afsuski, oniy fikrning o‘zi kamlik qiladi, to‘la-to‘kis ijodiy g‘oya bo‘lishi kerak. Juda alamangiz holatim ayni fikr bilan shug‘ullanishga undayotir.
Umuman, ijodiy reja mavjud. Bo‘lajak asar bilan bog‘liq ayrim jihatlari ham asta-sekin shakllanyapti va menga ilhom bag‘ishlayotir. Lekin yaxlit asar mavhumligicha qolayotir. Qahramon ham. Chunki badiiy asarim aynan qahramon vositasida yaxlitlik kasb etadi. Bu men uchun odatiy tus olgan. Men avval timsolni aniq tasavvur qilishim kerak. Asarni yozish asnosida uning qahramoni shubhasiz qiyofa kasb etarmikan? Aytsam ishonmaysiz, shu asno kutilmagan yangi mulohazalar ham yuzaga kelayotir: bosh qahramondan tashqari asar uchun ayol bosh qahramon ham zarur bo‘layotir, bir yo‘la ikki bosh Qahramon! Bu ikki qahramondan tashqari yana ikki timsol bor – ularni ham deyarli bosh qahramon sifatida talqin qilsa bo‘ladi. (Yordamchi qahramonlar ham ko‘pdan-ko‘p – roman axir sakkiz qismdan iborat bo‘ladi). To‘rt qahramondan – ikkitasi ko‘nglimda shakllandi, bittasi to‘la qiyofa kasb etganicha yo‘q, to‘rtinchisi, ya’ni asosiy, bosh qahramon – hozircha juda zaif. Xayolimning tublarida shakllanib ulgurgan bo‘lishi ham mumkin, lekin aniq tasavvur qilishim qiyin kechayotir. Nima bo‘lganda ham asarni yozish uchun kamida ikki hissa vaqt zarur.
Dastlabki qism, nazarimda, kuchsiz. Lekin, yanglishmasam, yana bir xavf bor: hozircha hech vaqo jamuljam bo‘lgani yo‘q, balki kelgusi qismlarni yozish asnosida hammasi joyiga tushib ketar (koshki, shunday bo‘lsa!). Birinchi qism, mohiyatan, kirishdan tashkil topgan. Faqat shunisi zarurki, dastlabki qism kitobxonda qiziqish uyg‘ota olishi kerak. Bu masalada ijobiy fikr ayta olmayman.
Roman “Telba” deb nomlanadi. Darvoqe, qiziq ustida ham, hech kimga o‘zi haqida ijobiy fikr bildirish huquqi berilmagan. Birinchi qism ham chakki bo‘lmasa, ajab emas. Agar bosh qahramon qiyofasi unda yaqqol ko‘zga tashlanmasa, zarari yo‘q, oldindan shunday rejalashtirganman. Ayni shu bois Sizning fikringizni sabrsizlik bilan kutayotirman.
N.N. Straxovga
Florentsiya. 1869 yil, 26 fevral
Rus tanqidchiligiga xos bir jihatni payqadingizmi? Har bir benazir tanqidchimiz (Belinskiy, Grigorev) peshqadam adibga tayangan holda salohiyat kasb etgan, ya’ni butun ijodini ayni adib asarlarining talqiniga baxshida etgan va hayoti mobaynida fikr-mulohazalarining barchasini ayni adib asarlarini tahlil qilish asnosida bayon etgan. Bu xolisona va go‘yo zaruriy tarzda ro‘y bergan. Demoqchimanki, bizning tanqidchilarimiz azbaroyi ehtirom bilan munosabatda bo‘ladigan adib bilan hamjihatlikda o‘zligini namoyon etadi. Belinskiy adabiyotni va shoiru adiblar ijodini taftishdan o‘tkazish bahonasida emas, hatto Pushkin to‘g‘risidagi maqola bilan emas, balki aynan Gogolga tayanib, tanqidchi sifatida e’tirof qozondi. Darvoqe, u Gogolni o‘spirinligidayoq nihoyatda ardoqlagan. Grigorev esa Ostrovskiy asarlarining tahlili vositasida va uning ijodini himoya qilgan holda maydonga chiqdi. Sizni taniganimdan buyon Lev Tolstoyga bevosita, benihoya xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lishingizdan xabarim bor. To‘g‘ri, “Zarya” jurnalidagi maqolangizni o‘qib, dastavval payqaganim shu bo‘ldiki, shunday maqola zarur edi va fikr-mulohazalaringizni bayon etish uchun faqat va faqat Lev Tolstoy ijodidan, xususan uning navbatdagi asaridan boshlashingiz talab qilinardi. (Lev Tolstoyning tarixiy fatalizmini Siz ham qo‘llab-quvvatlashingizni “Golos”da feleton muallifi qayd etgan. Bunday bema’ni malomatga, albatta, e’tibor berishning hech hojati yo‘q, lekin gap shundaki, ular bunday ohanjama fikrlaru tesha tegmagan iboralarni qay go‘rdan topishadi? Tarixiy fatalizm degani nimasi yana? Nima uchun aynan mutaassiblik va burnining tagidan narini ko‘ra olmaydigan chalamullalar shu darajada mavhum va sirli ifoda etadilarki, daf’atan anglab bo‘lmaydi! Axir, feleton muallifi qandaydir fikr bildirmoqchi bo‘lgan, Sizning maqolangizni esa, shubhasiz, o‘qigan.) Borodina jangi haqida mulohaza yuritar ekansiz, Tolstoyning ham,Tolstoy to‘g‘risidagi fikringiz mohiyatini ham bayon qilgansiz. Bundan ham ravshan fikr yuritish amrimahol bo‘lsa, ajab emas. Milliy, ruslarga xos tafakkur oshkora bayon etilgan. Ayni shu jihatni tushunishmagan va fatalizm tarzida talqin etishgan! Maqolaga oid boshqa mulohazalar borasida esa davomini kutyapman (men haligacha olganim yo‘q). Maromiga yetkazib yozilgan yorqin, mantiqan, qat’iy anglangan tafakkur. Lekin ayrim tafsilotlarga qo‘shila olmayman. Yuzma-yuz suhbatlashsak, maktubdagidan ko‘ra, albatta, o‘zgacha fikrlashgan bo‘lardik. Sirasini aytganda, men Sizni hozirgi tanqidchilarning kelajagi porloq yagona vakili, deb bilaman.
Bahslashishni xush ko‘rmaysizmi? Esiz. Bahsu munozara fikrni tushuntirishning favqulodda qulay usuli; shu bois mahalliy ommaning bahslashishga ixlosi katta. Deylik, Belinskiyning barcha maqolalari munozara tarzida yozilgan. Qolaversa, bahsu munozara vositasida muayyan jurnalga xos nuqtai nazarni bayon etish va uning e’tirofiga erishish mumkin. Ustiga-ustak munozaraga tobingiz yo‘qligi Sizga ziyon yetkazishi hech gap emas: Sizning lug‘aviy boyligingiz va bayon uslubingiz Grigorevnikiga nisbatan juda yaxshi. Nihoyatda ravshan; lekin doimiy xotirjamlik tusiga ega ekanligi bilan Sizning maqolalaringiz mavhumday taassurot paydo qiladi. Kerakli o‘rinlarida hayajonlanish ham, murosasizlik ham kerak, hatto dolzarb jihatlarni bandma-band ko‘zdan kechirish lozim. Bu maqolaga o‘ta muhim zaruriylik tusini beradi va o‘quvchini hayratlantiradi.
Men voqelikka (san’atdagi) o‘zgacha nuqtai nazardan qarayman va aksariyat fantastik va favqulodda tusga ega deb hisoblaydigan holatlarni odatiy holat, deb bilaman. Odatiy voqealar va ularga nisbatan siyqa munosabat, menimcha, realizm emas, hatto uning aksi. Gazetalarning har bir sonida o‘ta hayotiy va g‘oyat oqilona dalillarga oid hisobotlarni ko‘rasiz. Adiblarimiz uchun ular mo‘‘jiza; ular mazkur holatlar mohiyatini anglashni o‘ylab ham ko‘rmaydilar; xolbuki, ular chinakam voqelik, rad qilib bo‘lmaydigan hayotiy dalillar. Kim ularni payqaydi-yu, batafsil tushuntiradi? Ular favqulodda emas, balki oniy va kundalik tusga ega. Lekin adiblarimiz g‘oyalarining teranligi aynan g‘oyalari qamrovi tasvirida o‘z ifodasini topmasa, masalan, (Goncharov asarining qahramoni) Rayskiy kabi, bundan ne foyda? Rayskiy qanday siymo? Azaliy siyqa soxta rus kishisining timsoli; hammasini inson boshlaydi, katta niyatlar bilan ishga kirishadi-yu, hatto eng maydalarining ham uddasidan chiqa olmaydi. Ming yillik safsata! Sariq chaqaga ham arzimaydigan fikr, boz ustiga noto‘g‘ri! Belinskiyning shohidligida ruslarning fe’l-atvoriga nisbatan malomat. Voqelikni aks ettirishda ham nuqtai nazari o‘ta yuzaki va qabih. Faqat bir qoziq atrofida aylanadi. Bu tarzda butun voqelikni e’tibordan qochiramiz. Dalillarni kim qayd etadiyu, mohiyatini kim ko‘rsatib beradi? Turgenevning qissasi haqida gapirmayman: nimaligi faqat Xudoga ayon! Mening qalamimga mansub mo‘‘jizaviy “Telba” nimasi bilan chinakam hayot, boz ustiga odatiy turmush emas! Darvoqe, zamindan uzilgan jamiyatimiz toifalarida ayni shunday fe’l-atvor egalari aynan hozir bo‘lishi kerak, – mazkur toifalar haqiqatdan ham noyob bo‘lib borayotir. Ortiqcha gapga ne hojat! Romanning qator o‘rinlari shoshma-shosharlik bilan yozilgan, cho‘zilgan talay o‘rinlari risoladagidek emas, lekin muvaffaqiyatli chiqqan jihatlari ham bor. Men o‘z romanimni yoqlamoqchi emasman, balki ayni asar vositasida ilgari surilgan g‘oyani himoya qilmoqchiman. Fikringizni yozing, albatta yozing va imkon boricha oshkora yozing. Qancha ko‘p tanqid qilsangiz, Sizning samimiyatingizni shu qadar yuqori baholayman.
Abduhamid Pardayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 11-son.
____________
XATLAR BO‘YICHA IZOH VA QAYDLAR
1. Dostoyevskiy Mixail Mixailovich (1820-1864) – dramaturg, tarjimon, noshir. F.M. Dostoyevskiyning akasi.
2. Maykov Appalon Nikolayevich (1821-1897) – shoir, tarjimon va tanqidchi. O‘n to‘qqizinchi asrning 40-yillaridan e’tiboran F.M.Dostoyevskiyning yaqin do‘sti.
3. Turgenev I.S. – shoir, adib.
4. Katkov Mixail Nikiforovich (1818-1887) – “Russkiy Vestnik” jurnali muharriri.
5. Vrangel Aleksandr Yegorovich (1838-?) – huquqshunos va diplomat. Fyodor Dostoyevskiy u bilan Semipalatinskda surgunda bo‘lgan davrda, 1854 yilda tanishgan. A.Ye. Vrangel “Dostoyevskiy 1854-1856 yillarda Sibirda surgunda” xotiralar kitobi muallifi.
6. Korvin-Krukovsoy Anna Vasilevna (1843-1887) – Parij Kommunasi qatnashchisi, taniqli inqilobchi. Adabiy faoliyatini aka-uka Dostoyevskiylarning “Epoxa” jurnalida hikoyalar e’lon qilish bilan boshlagan.
7. Milyukov Aleksandr Petrovich (1817-1897) – tarixchi va adabiy tanqidchi.
8. Straxov Nikolay Nikolayevich (1828-1896) – tanqidchi, faylasuf.1861 yildan e’tiboran Straxov aka-uka Dostoyevskiylar nashr qilgan “Vremya” va “Epoxa” jurnallarining faol mualliflaridan bo‘lgan.