OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘asson Kanafaniy. Abu Usmon amaki (hikoya)

Isroil soldatlari bizni Ramle-Qunduz yo‘lining ikki tarafi bo‘ylab safga tizib, «Qo‘llar ko‘tarilsin!» deya buyurdilar. Kun nihoyatda issiq, go‘yo quyosh osmondan ko‘zga ko‘rinmas olov seli yog‘dirib, butun yer yuzidagi mavjudotning kulini ko‘kka sovurishga chog‘langandek edi. Onam gavdasi bilan meni oftobning jazirama tig‘idan pana qilmoqchi bo‘layotganini payqab qolgan soldatlardan biri tepamizga kelib rosa vahshat soldi-da, meni saf oldiga chiqishimni, so‘ng esa tuproq tizzaga uradigan ko‘chaning qoq o‘rtasida ikkala qo‘limni ko‘targancha bir oyoqlab turishimni buyurdi.
O‘shanda to‘qqiz yashar paytim edi. Bundan to‘rt soatgina ilgari isroilliklar Ramleni ishg‘ol qilishgan, men bu voqeaning guvohi bo‘lgan edim. Soldatlar shu zahoti talonchilikni boshlab yuborganlarini ham o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ular hatto kampirlar va yosh-yosh qizchalarning arzimas taqinchoqlarini ham tortib ola boshladilar. Talonchilar orasida badanlari oftobda qorayib ketgan soldat ayollar ham bor edi. Ular ochko‘zlikda boshqa sheriklariga dars beradigan darajada beshafqat edilar. Onam mendan ko‘z uzmay unsiz yig‘lar, men esa hoziroq borib onamni yupatgim, «Yig‘lamang, oyi, hammasi joyida, issiqdan ham xavotirlanmang — dosh bera olaman!», deya tasalli bergim kelar edi.
Axir men endi onamning ko‘zining oqu qorasi, yakkayu yolg‘iz farzandiman. Otam o‘lgan, katta akamni bosqinchilar Ramlega kirib kelgan zahoti qo‘lga olgan edilar. Onamning yagona suyanchig‘i bo‘lib qolganimni u paytda to‘la anglab yetmas edim. Hozir hatto tasavvur ham qilolmayman: Damashqqa ko‘chganimizdan keyin onam mensiz qanday kun kechirardi? Men bo‘lmaganimda, kim tonggi gazetalarni sotib choychaqa ishlardi, kim avtobus bekatlarida tomog‘ini yirtib bir burda non topardi?!
Shafqatsiz quyosh otashi ayollaru qari-qartanglarning chidam-bardoshining so‘nggi zarralarini eritib yubordi. Har tomondan jon achchig‘idagi norozi tovushlar eshitila boshladi. Hozir men bir paytlar Ramlening tangu tor ko‘chalarini to‘ldirib yurgan, endi esa nochor ahvoli bilan ko‘nglimda hadsiz rahm-shafqat uyg‘otayotgan odamlarga unsiz termilib turardim. Lekin... harbiy kiyimdagi bir ayol borib Abu Usmon amakining soqolidan tortqilab-tortqilab kalaka qila boshlaganda qay holatga tushganim... yo‘q, buni hech qanday so‘z bilan ifodalay olmayman.
Asli Abu Usmon amaki mening tug‘ishgan amakim ham emas. U bir faqir odam, kasbi sartarosh, Ramleda tabiblik ham qiladi. Bolalar uni juda yaxshi ko‘rishganidan «Amaki», deb chaqirishadi.
U kichik qizi — jajji Fotimani mahkam bag‘riga bosgancha tek qotgan, qizcha esa qo‘rquvdan katta-katta ochilgan ko‘zlarini javdiratgancha begona ayolga qarab turar edi.
— Sening qizingmi?! — deb o‘shqirdi soldat ayol.
Abu Usmon amaki qo‘rqa-pisa bosh irg‘adi — ko‘zlarida xavotir alomati aks etgan edi. Shu payt odamlar aro izg‘ib yurgan devqomat bir soldat Abu Usmon amakini mendan to‘sib qo‘ydiyu keyin nima bo‘lganini ko‘rmay qoldim. Uch marta qisqa-qisqa otilgan o‘q tovushini eshitdim, xolos. So‘ng... Abu Usmon amakining dahshatdan burishib ketgan qiyofasiga ko‘zim tushdi. Fotimaning boshi uning qo‘lida osilib qolgan, qizchaning timqora sochlari orasidan sizib chiqqan qon qaynoq tuproqqa tomchilar edi.
Abu Usmon amaki, nigohlari shuursiz, qalt-qalt titrayotgan qo‘llarida Fotimaning oftobda kuygan tanasini ko‘targancha yonimdan jimgina o‘tib ketdi. Odamlar qatori oralab, to qadrdon torgina ko‘chasiga burilib ketmaguncha uning dol bukilgan qomatidan ko‘z uzmay turaverdim. Abu Usmon amakining xotini esa yerda, tuproq bilan bir bo‘lib, boshini changallagancha o‘qtin-o‘qtin bo‘zlab o‘tirardi. Isroil soldati uning oldiga yaqinlashib, qo‘li bilan ayolga o‘rnidan turishni buyurdi. Ayol qimir etmadi. Soldat quturib, shaxd bilan uni tepib yubordi. Ayol, bir zumda og‘zi-burni qora qonga to‘lib, chalqanchasiga ag‘darilib tushdi. Hammasi xuddi hozirgidek ko‘z o‘ngimda: soldat ayolning ko‘kragiga avtomatning uchini tiradi-da... shartta otib tashladi. Keyin birdan men tomonga o‘girildiyu vahshiyona qichqirgancha bir oyog‘imni ko‘tarishimni buyurdi: azbaroyi qo‘rqqanimdan men beixtiyor ikkinchi oyog‘imni ham yerga qo‘ygan ekanman... Darhol buyruqni bajardim, shunday bo‘lsa ham soldat basharamga ikki shapaloq tortib yubordi va qon bo‘lgan kaftini ko‘ylagimga artdi.
Hushimdan ayrilib, umbaloq oshib tushishimga sal qoldi. Ko‘z qirim bilan onamni izlab topdim — onam, qo‘llari tepaga ko‘tarilgan, son-sanoqsiz ayollar orasida turar edi. Yuz-ko‘zidan tirqirab yosh oqayotganiga qaramay, u menga jilmayib qarashga urinardi. Oyog‘im uvishib, butun a’zoyi badanimga titroq kirgan bo‘lsa-da, men ham onamga kulimsirab boqishga tirishdim. Hozir shartta onajonimning quchog‘iga otilgim, hech qaerim og‘rimayotganini, ko‘z yoshidan foyda yo‘q ekanini, aksincha, Abu Usmon amaki singari matonatli bo‘lish lozimligini aytgim kelardi.
Birpasdan keyin Abu Usmon amaki qaytib keldiyu xayollarim bo‘lindi. Chamasi, u allaqachon Fotimani ko‘mib bo‘lgan edi. U hech kimga e’tibor bermay kelar, mening ich-etimni esa boshqa bir narsa tirnar edi: axir, bechoraning boshiga yana bir ko‘rgilik tushdi-ku; axir, xotinini ham otib tashlashdi-ku! Abu Usmon amaki boya o‘zi turgan joyga borib to‘xtadi. Menga uning faqat bukchaygan, terdan jiqqa ho‘l bo‘lib ketgan yelkasigina ko‘rinib turardi. U asta egildi, xotinining jasadini yerdan ko‘tardi.
Ieroilliklar bostirib kelmasdan burun men bu ayolni necha marta sartaroshxona oldidagi supachada o‘tirganini ko‘rganman! U doim do‘kon ichkarisidagi erining ovqatlanib bo‘lishini hamda idish-tovoqning bo‘shashini jimgina kutib o‘tirardi.
Mana, Abu Usmon amaki shu bilan uchinchi marta yonimdan o‘tdi: entikib nafas oladi, ajin bosgan yuzlarida reza-reza ter tomchilari...
Olomon o‘kirib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib turardi. Ayollar va qariyalar og‘ir sukutga cho‘mishgan. Ramleliklar Abu Usmon amakini yaxshi ko‘rishar, hurmat qilishar edi. O‘ziyam og‘irkarvon, mehnatkash inson-da! Falastin urushi boshlanganida u bor-shudini sotib, puliga qurol-yarog‘ sotib olgan va yurtdoshlarim bu muqaddas kurashda o‘z burchlarini ado eta olsinlar, deb ularga tarqatgan edi. Sartaroshxona ham o‘shanda o‘q-dori omboriga aylandi-qoldi. Lekin buning evaziga u hech kimdan biron nima kutmagan, ta’ma qilmagan edi. Uning yagona tilagi shu edi: kuni bitib o‘lsa, jasadi Ramlening salqin qabristoniga qo‘yilsa... Butun Ramle aholisi uning bu niyatidan boxabar edi.
Asta onamga tikildim: u hamon qo‘llarini ko‘targancha butun vujudi ko‘zga aylanib Abu Usmon amakini kuzatib turardi. Amaki bir isroil soldatining qarshisiga keldi-da, sartaroshxona tomonni ko‘rsatib nimadir dedi. So‘ng do‘konchasiga kirib ketdi, sal o‘tmay qo‘lida oq choyshab bilan qaytib chiqdi. Xotinining jasadini choyshabga o‘rab, qabriston tarafga yo‘l oldi.
Keyin u yana saf oldida paydo bo‘ldi: qadamlari og‘ir, qo‘llari ikki yonida shalviragan... U go‘yo birdaniga kichrayib ketgandek edi, kiyimida qon dog‘lari; sekin-sekin odim tashlab menga yaqinlashdi va shunday nazar tashladiki, go‘yo meni ko‘chaning qoq o‘rtasida, quyoshning jazirama tig‘i ostida changga, terga botgan, og‘zi-burnim qonga belangan holda turganimni endigina ko‘rayotgandek edi. Uning bu qarashida o‘sha paytda men anglab yetmagan allaqanday g‘alati ifoda bor edi... U yana avvalgi joyiga qaytdi-da, boshqalarga o‘xshab qo‘llarini yuqori ko‘tardi.
Lekin qishlog‘imiz odamlariga Abu Usmon amakining istagini amalga oshirish nasib etmadi: uni so‘roq qilish uchun isroil komendaturasiga olib ketdilar, oradan ko‘p o‘tmay olomon u yoqdan kuchli portlash ovozini eshitdi, binoning yer bilan yakson bo‘lganini ko‘rdi. Abu Usmon amakining jasadi o‘sha binoning xarobalari ostidan o‘ziga abadiy makon topdi.
Biz onam ikkimiz Ramledan bosh olib ketdik. Iordaniyaga o‘tayotganimizda, tog‘da bir yangi xabarni eshitdik: Abu Usmon amaki o‘shanda do‘koniga kirganida u yerdan faqat choyshabnigina olib chiqmagan ekan...

Ruschadan Normurod Norqobilov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1983 yil, 10-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.