OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Genrix Byoll. Mening g‘amgin yuzim (hikoya)

Portda turvolib, chag‘alaylarni kuzatayotganimda mening g‘amgin yuzim shu mavzeda navbatchilik qilayotgan mirshabning e’tiboriga tushibdi. Qushlarga mahliyo bo‘lib qolibman. Ular ozuqa ilinjida goh osmonga o‘qdek sapchib, goh pastga toshdek shuvillab tusharkan, harakatlari bekor ketardi. Port bo‘m-bo‘sh, qoramoy to‘kilib, yupqa, yashil parda qoplaganidan quyuq tuyulayotgan suvda har balo suzib yuribdi. Bironta paroxod ko‘rinmaydi, ko‘tarma kranlar zanglab yotibdi, omborlar tanazzulga yuz tutgan, hatto kalamushlar ham portning vayronalarida ko‘rinmaydi. Shunchalik jimjit edi, bu yer. Tashqi dunyo bilan aloqa uzilganiga ko‘p yillar bo‘lgan.
Men bitta chag‘alayni tanlab oldim-da, uchishini kuzatdim. Hurkovuch bu qush momaqaldiroqni sezgan qaldirg‘och singari, ko‘pinchi suvga yaqin uchadi, onda-sonda qiyqirib tepaga ko‘tariladi-da, sheriklariga qo‘shilib ketadi.
Agar shu payt menga, tila tilagingni, deyishsa, bir burda non so‘ragan bo‘lardim. Uni maydalab-maydalab suvga otardim-da, betartib uchayotgan qushlarga aniq yo‘nalish berib, quloqlarni qomatga keltirayotgan chiyillashlarni buzib yuborardim, non bo‘laklari va ushoqlari yordamida bu ayqash-uyqash harakatlaru ovozlarni go‘yo tarab-tarab, chiroyli qilib qo‘yardim. Biroq, o‘zim ham shu qushlar singari ochman, charchaganman, g‘amgin bo‘lsam-da, baxtiyorman. Bu yerda qo‘llarni bo‘mbo‘sh cho‘ntakka tiqib, g‘amdan mast bo‘lgancha, chag‘alaylarni kuzatish shunchalik mazza edi-ki!
Qo‘qqisdan, yelkamga to‘ralarga xos qo‘l kelib tushdi va “Ortimdan yuring!” degan buyruqni eshitdim. Qo‘l yelkamni ezib, meni o‘ziga qaratmoqchi bo‘ldi. Men qayrilib qaramasdan ko‘lni yelkamdan silikb tashladim-da, xotirjamgina “Esingiz joyidami?” dedim.
— Millatdosh, — dedi haligacha menga ko‘rinmay turgan odam, — ogohlantiraman!
— Menga qarang, janob!
— Qanaqa janob?! — qahr qildi odam. — Biz hammamiz millatdoshmiz!
 U yonimga turvolib, qiyalab qaradi, men esa osmonda daydib yurgan nigohimni mirshabning “sahovatli” ko‘zlariga cho‘ktirishga majbur bo‘ldim. O‘n yillar davomida xizmat burchidan boshqa narsani tuymagan, buqadek keladigan bu odam o‘ta jiddiy edi.
— Nimaga asosan? — deya gap boshladim.
— Asoslar yetarli, — cho‘rt kesdi u. — G‘amgin yuzlaringiz.
Kulib yubordim.
— Kuladigan gap emas!
Uning qahri rostakam edi. Avvaliga, bu mirshab zerikkanidan menga tirkalayapti, deb o‘yladim, chunki ko‘ziga ro‘yxatdan o‘tmagan bironta fohisha, mast dengizchi yoki o‘g‘ri yoki harbiy qochoq tashlanmayaptiki, ushlavolsa! Endi, u hazillashmayotganiga, haqiqatda ham meni hibsga olmoqchi ekaniga ishonch hosil qildim.
— Ortimdan yuring!
— Nega endi? — so‘radim bosiqlik bilan.
Shunda chap bilagimni ingichka zanjir chirmab olganini sezib, “Oh, o‘ldim!” dedim ichimda. Charx urib uchayotgan chag‘alaylarga, go‘zal osmonga oxirgi marta qaradim va siltanib chiqib, o‘zimni suvga otmoqchi bo‘ldim. Yana panjaralar ortiga tashlanishdan yoki yollangan jallodlar qo‘li bilan bir xilvat yerda bo‘g‘ilib o‘lgandan ko‘ra, mana shu iflos suvda cho‘kib o‘lgan yaxshiroq tuyuldi menga. Biroq, mirshab zanjirni qattiq tortib, meni o‘ziga yaqinlashtirdi, qochish haqida o‘ylash bekor bo‘lib chiqdi.
— Nega bunday qilyapsiz? — dedim takroran.
— Qonun bor: hamma baxtiyor bo‘lishi kerak.
— Men baxtiyorman! — hayqirib yubordim.
— G‘amgin yuzlaringiz aytib turibdi, — kesatdi mirshab va boshini chayqab qo‘ydi.
— Bu yangi qonun bo‘lsa kerak?
— E’lon qilinganidan buyon o‘ttiz olti soat o‘tdi. Siz esa, har qanday qonun matbuotda chiqqandan keyin yigirma to‘rt soat o‘tgach, kuchga kirishini bilishingiz kerak.
— Men bunaqa qonunni bilmayman.
— Qonunni bilmaslik jazodan xalos qilmaydi. U hamma ovozkarnaylardan eshittirildi, hamma gazetalarda bosildi, taraqqiyotning bunaqa vositalaridan foydalanmaydiganlar uchun esa, — deya mirshab menga nafrat bilan qarab qo‘ydi, — butun imperiya bo‘ylab varaqalar tarqatildi. Shuning uchun keyingi o‘ttiz olti soatni qaerlarda o‘tkazganingizni ham aniqlashga to‘g‘ri keladi.
U meni tezroq sudray ketdi. Shundagina egnimda palto yo‘qligini, sovuq ekanini sezibman, shundagina qornim ochlikdan quldirayotganini eshitibman, shundan keyingina soqollarim o‘sib ketganini, yuvinmaganimni, juldurvoqi ekanimni, hamma millatdoshlar soqollarini qirtishlab, yuvinib-taranib yurishlari, baxtiyor va to‘q bo‘lishlari kerakligi haqida qonunlar borligini eslabman. Mirshab meni oldiga solib, turtib borardi, go‘yo men o‘g‘irlik qilib, qo‘lga tushgan qo‘riqchi tasqaramanu, endi shirin xayollar bilan qo‘qqayib turadigan poliz va tomorqalarni tark etishim kerak.
Ko‘chalarda odam ko‘rinmaydi, politsiya idorasi uzoq emas. Meni ozodlikdan mahrum qilishlari turgan gap, bunga bahonani bir pasda topadilar. Mirshab meni yoshligimdan qadrdon bo‘lib qolgan ko‘chalarda yetaklab borayotganidan dilgir bo‘ldim. Men bu yerlardan portdan qaytishda o‘tardim, ayqash-uyqash bo‘lsa-da, chiroyli, quyuq butalar bilan qoplangan bog‘larda, o‘t bosgan yo‘llarda shunchaki tentirardim. Afsus, bularning hammasi bo‘lib-bo‘lib tashlangan, o‘rilgan, qaychilangan, chorsi-chorsi bo‘laklarga ajratilib, sodiq fuqarolarning turli uyushmalari dushanba, chorshanba va shanba kunlari harbiy mashqlar o‘tkazishi uchun moslashtirilgan. Faqat, osmonu havo ilgari — yurak orzularga, shirin xayollarga to‘la vaqtlarda qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgan.
Yo‘l-yo‘lakay ishqiy ermaklarga mo‘ljallangan ba’zi kazarmalar tepasiga, kimlardir chorshanba kunlari hirsiy zavq-shavq olishga navbati kelishini eslatib turadigan rasmiy nishon ilib qo‘yilganiga ko‘zim tushdi. Ba’zi qovoqxonalarga ichkilik nishonini ilib qo‘yish huquqi berilgan shekilli, ko‘ndalang tortilgan ikkita och jigarrang va bitta to‘q jigarrang tasmali davlat ramzi tushirilgan krujkalar ko‘zga tashlanadi. Bu kunda pivoxo‘rlik rohati nasib etganlarning rasmiy ro‘yxatiga kiritilgan millatdoshlarning yuragi shodlikka to‘lib-toshgani shubhasiz.
Ro‘paramizdan chiqib qoladigan o‘tkinchilarning yuzlarida g‘oyatda tirishqoqlik aks etadi, ulardan ufurib turgan g‘ayrat-shijoat mirshabga ko‘zlari tushgan zahoti yanada kuchayib, qadamlarini tezlatadilar, yuzlarida majburiyatni bajo keltirganlik ifodasi ko‘rinadi. Do‘konlardan chiqayotgan ayollar esa, ularga lozim bo‘lganidek, tevarak-atrofga baxtdan ko‘zlari chaqnab qarashga harakat qiladilar. Ayollar yaxshi ovqatlar bilan davlat xodimlarining kuch-quvvatini tiklashga da’vat etilgan uy bekasi bo‘lganlari uchun ham qonun, ular shod, quvnoq va tetik-bardam bo‘lishlarini talab qiladi.
Biroq, odamlar bizga ro‘para kelishdan o‘zlarini ustalik bilan olib qochardilar: ko‘chadagi jonzotning har qanday ko‘rinishi bizdan yigirma qadam naridayoq ko‘zdan g‘oyib bo‘lar, har kim yo‘lida birinchi uchragan do‘konga yoki muyulish ortiga o‘zini urib ketishga harakat qilardi, ayrimlar begona uylarga kirib ketib, eshik ortida qaltirab, bizning qadam tovushimiz tinguncha kutardi. Faqat, bir marta, biz chorrahani kesib o‘tgan daqiqada qariyaga ro‘para keldik. Uning ko‘kragida maktab o‘qituvchisining nishoni bor ekan. Qariya bizga duch kelishdan o‘zini obqocholmadi, beixtiyor, burchini bajarishdan boshqa iloji qolmadi: qoidaga muvofiq dastavval, itoatkorlik belgisi sifatida kaftini peshonasiga uch marta urib, mirshabga salom berdi, keyin, mening betimga uch marta tupurdi va bunday holatlarda aytilishi shart bo‘lgan “Iflos! Sotqin!” degan haqoratlarni aytdi. Tuflayotganda u mo‘ljalni aniq oldiyu, lekin isib ketganidan og‘zi qurib qolganmi, har holda, menga mayda tomchilar kelib tegdi. Men bo‘lsam, qonunga xilof qilib, tupukni yengim bilan, beixtiyor artibman. Buning uchun mirshab ketimga bir tepdi, ikki kuragim o‘rtasiga musht tushirdi va xotirjamlik bilan “Birinchi bosqich” deb tushuntirgan bo‘ldi. Ya’ni, politsiyaning har qanday mansabdori qo‘llaydigan eng birinchi va yengil jazo chorasi, demoqchi.
O‘qituvchi bizdan shosha-pisha uzoqlashdi. Boshqa o‘tkinchilar o‘z vaqtida burilib ketishga ulgurib qoldilar. Ishqiy kazarma oldida, shart bo‘lgan kechki sayrni bajarib yurgan, shishinqiragan ayol havo orqali menga o‘pich yubordi va men minnatdor jilmayish bilan javob qaytardim. Mirshab o‘zini bilmaganga soldi. U boshqa har qanday odamni jazolashi mumkin, lekin bunaqa ayollar o‘zboshimchalik qilishi taqiqlanmagan. Ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan qonun bunday ayollarga taalluqli emas, chunki davlat xodimlarining ish qobiliyatini ko‘tarishda hech kim ularchalik yordam berolmaydi. Ammo, bunday imtiyozni davlat falsafasi fanining uch karra do‘xtiri Blyaygyot rasmiy, umummajburiy falsafa jurnalida qoralab chiqqan. Men bu haqda kechagina, poytaxtga kelayotib, bir dehqonning hovlisidagi xojatxonaga  kirganimda, gazeta parchalaridan o‘quvdim. Qaysidir bir talaba, ehtimol, o‘sha dehqonning o‘g‘lidir, uch karra do‘xtirning mulohazalarini chuqur ma’noli so‘zlar bilan “sharhlab”, gazeta chetiga yozib tashlabdi.
Baxtimga, sirena tovushi uvillagan paytda biz politsiya mahkamasiga yetgan edik. Demak, bir necha daqiqadan so‘ng ko‘chalarga yuzida sokin baxt ufurib turadigan odamlar (ha, ha, aynan sokin baxt, chunki ish kunining oxirida baxtni jo‘shqin ifodalash ish og‘ir bo‘lganini anglatadi; shod-hurramlik esa, ish kunining boshlanishida hamroh bo‘lishi kerak) to‘lib ketadi va ularning har biri menga tuflab o‘tishi lozim. Shunday bo‘larmidi yo boshqacha, har holda, sirenaning uvlashi o‘n daqiqadan keyin ish kuni tugashini bildiradi, ishlovchilarning bari shu o‘n minut ichida hozirgi oliy hukmdorning “Baxt va sovun!” degan shioriga muvofiq yaxshilab yuvinishi talab etiladi.
Politsiyaning beton xarsangni eslatadigan mahkamasi eshigini ikkita mirshab qo‘riqlayapti, men o‘tayotganda ular tayinlangan “tan jazosi chorasi”ni qo‘llab, qo‘ndoq bilan boshimga qattiq urishdi va to‘pponchani ko‘kragimga nuqishdi, chunki davlat chiqarib qo‘ygan birinchi raqamli qonunning preambulasida bunday deyilgan: “Politsiyaning har bir mansabdori o‘z lavozimiga yarasha ushlanganning (hibsga olingan odamni shunday atashadi) tanasida hujjatli iz qoldirishi kerak; jinoyatchini tutib olgan mansabdor bundan mustasno, chunki u tan jazosi berish imkoniyatlaridan so‘roq paytida foydalanish huquqiga ega.”
Qonunda yana bunday deyiladi: “Politsiyaning har bir mansabdori qonun oldida aybdor bo‘lgan har qanday odamni shaxsan o‘zi jazolashi mumkin va zarur. Jazo berishda navbat kutish shart emas, shunday navbat yuzaga kelish ehtimoli bor, xolos.”
Biz uzu-un, ikki tomonida ko‘plab, katta-katta derazalari bor, devorlari bo‘m-bo‘sh yo‘lakdan o‘tdik, oldimizda paydo bo‘lgan eshik o‘z-o‘zidan ochildi. Kiraverishdagi posbon biz haqimizda xabar berdi. Hamma baxtli, qonun oldida itoatkor va batartib, har kuni tayinlangan yarim kilo sovunni ko‘pirtirish bilan band bo‘laverganidan, ushlangan (hibsga olingan)ning paydo bo‘lishi bir voqea edi.
Biz kirib borgan yarimyalang‘och xonada bitta yozuv stoli, telefoni bilan, va ikkita oromkursi bor, men xonaning o‘rtasida turishim kerak, mirshab dubulg‘asini yechib, o‘tirdi.
Boshlanishiga sukunat hukm surdi, hech nima bo‘lmadi. Doim shunaqa qilishadi, va bu — eng yomoni. Vaqt o‘tgan sayin yuzimda baxtsizlik alomatlari kuchayib borayotganini sezib turibman. Buning ustiga o‘lgudek charchaganman, ochman, halok bo‘lishim muqarrar.
Bir necha soniyadan keyin kichik tergovchining och jigarrang formasini kiygan, rangi o‘chgan, novcha bir odam kirib keldi va hech nima demasdan oromkursiga o‘tirdi-da, menga sinchiklab qaradi.
— Hunar?!
— Oddiy millatdosh.
— Tug‘ilgan yil?!
— Birinchi, birinchi,... yigirma birinchi yil.
— Mashg‘ulot?!
— Mahbus.
Tergovchi mirshab bilan ko‘z urishtirib olishdi.
— Qachon va qaerdan ozod etilgan?!
— Kecha, o‘n ikkinchi korpus, o‘n uchinchi kamera.
— Qayoqqa yo‘llangan?!
— Poytaxtga.
— Hujjat!
Cho‘ntagimdan ozodlik haqidagi guvohnomani chiqarib, tergovchiga uzatdim. U guvohnomani ko‘rsatmalarim yozilayotgan qalin, yashil qog‘ozga to‘g‘nab qo‘ydi.
— Nima uchun qamalgan?!
— Baxtiyor yuzim uchun.
Tergovchi va mirshab yana bir-biriga qarab olishdi.
— Aniqroq! — dedi tergovchi.
— Oliy xukmdor vafotining yilligi — umumiy motam kunida yuzim baxtiyor ekani mirshablar e’tiborini o‘ziga tortgan.
— Muddat?!
— Besh.
— Xulq?!
— Yomon.
— Aniqroq?!
— Xizmat burchlaridan bosh tortish.
— So‘roq tugadi.
Kichik tergovchi o‘rnidan turib keldi-da, bir musht urib, oldingi uchta tishimni sindirdi. Bu — men o‘ta xavfli jinoyatchi sifatida maxsus tamg‘alanishim kerakligini bildiradi. Bunaqa qattiq jazo chorasiga yo‘liqaman, deb o‘ylamagandim. Kichik tergovchi chiqib ketgandan keyin xonaga to‘q jigarrang forma kiygan barzangi tergovchi kirib keldi.
Tergovchi, katta tergovchi, sudya, bosh sudya, ora-chora meni tutib keltirgan mirshab, hammalari qonun ko‘zda tutgan jazolarni berishdi. Bir vaqtlar yuzim baxtli ko‘ringani uchun besh yilga qamalgan bo‘lsam, endi, g‘amgin yuzim uchun o‘n yilga hukm qilishdi.
Umumiy baxtiyorlik va sovundek ko‘pirgan rohat-farog‘atga g‘arq bo‘lgan shu o‘n yildan o‘lmay qutulib olsam, yuzimda hech qanday ifodalar bo‘lmasligiga harakat qilaman.

1950.

Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1999 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.