Falakning gardishi bilan ba’zida xizmatkorlar oilasida tug‘iladigan go‘zal va maftunkor qizlardan biri edi u.
Unda na sep-sidirg‘a, na umid va na taniqli bo‘lishdan ma’no-mazmun bor edi. U birovni tushunishga ham urinmagan, sevmagan va mashhur kimsaga ham turmushga chiqmagandi. Qiz Xalq Ta’limi Vazirligida ishlaydigan kichik kotibga turmushga chiqishga rozi bo‘lgandi.
U oddiy kiyinar, chunki boshqachasiga imkoniyati bo‘lmasdi. Ammo u chindan ham to‘g‘ri yo‘ldan adashgandek o‘ta baxtsiz edi. Modomiki, boshqa ayollardek na tabaqasi va na martabasi bor. Oila va tug‘ish o‘rniga faqat go‘zallik, nazokat, jozibali ko‘rinish dardida yurardi. Tabiiy nafislilik, xushbichimlilik, aql-idrokli bo‘lish oliy tabaqalik belgisi hisoblanib,bu faqat aslzoda xonimlarga xos edi.
U o‘zini faqat go‘zalliklar va to‘la-to‘kis hayot uchun tug‘ilganligini his qilib, to‘xtovsiz azob chekardi. Turar joyining faqironaligi, devorlarning g‘arib ko‘rinishi, eskirgan stullar , pardalarning aft-angori unga azob berardi. Uning xilidan bo‘lgan boshqa bir ayol bu narsalarni hattoki aqliga ham sig‘dirolmasligini o‘ylab qiynalar, asablarini tarang qilardi.Kichkina Breton(1) dehqoni kabi kundalik uy yumushlari uni afsus-nadomatlar domiga tashlab, chorasiz va ushalmas orzular girdobiga uloqtirardi.
U sharqona naqshlar bilan bezatilgan devoriy gilamlar osilgan, bronza qandillar nur taratib turgan sokin xonani, katta kresloda yonboshlab olgancha etik shim kiygan baquvvat inson haqida hayol surganicha oshxona plitasidan anqiyotgan issiq havodan og‘irlashib lanch bo‘ldi. U ipaklar bilan bezatilgan uzun zallarni, ko‘zni quvontiradigan hashamdor mebellarni, muattar atirlarga burkangancha soat beshki bazmlarda yaqin dugonalari bilan gurung quruvchi fransuz ayollari va taniqli odamlar bilan suhbatlashishni, barcha ayollarning rashkini qo‘zg‘ab, ularning diqqat markazida bo‘lish hayolida suzib yurardi.
Juvon uch kun oldin yozilgan daturxon bilan qoplangan aylana stol oldiga tushlik qilish uchun kelib o‘tirgan mahal, sho‘rva idishining qopqog‘ini olib qo‘ygan turmush o‘rtog‘i quvonch bilan xitob qildi:
- O, mazali rot-au-feu!(2) Bundan ortig‘i bo‘lmasa kerak!
Ayoli esa lazzatli tushliklar, yaraqlayotgan kumush idishlar, qadimiy odamlaring rasmi tushirilgan devoriy gilamlar, ertaksimon o‘rmon o‘rtasida parvoz qilayotgan g‘aroyib qushlarni hayol qilardi. Shuningdek, u jimjimador likopchalar xizmatidagi mazali taomlar, gulmohining qizg‘ishrang go‘shti yoki bedana qanotini yeyish davomida quloqqa kulgu aralash chalinadigan muloyim shivir-shivirlarni orzu qilardi.
Uning rango-rang ko‘ylaklari, taqinchoqlari, umuman hech nimasi yo‘q edi. U shulardan boshqa narsani sevmasdi. U o‘zini shu matohlar uchun yaralganini his qilardi. U ko‘ngilxushlik qilish, boshqalarning hasadini keltirish, maftunkor bo‘lish va hammani o‘ziga qaratishni yoqtirardi.
Uning ayollar monastrida birga tahsil olgan sobiq sinfdosh dugonasi bo‘lib, u juda boy edi. Qiz ushbu dugonasinikiga borishni, ko‘rishni yoqtirmas, sababi, doim ortiga qaytganidan so‘ng azob chekardi.
Ammo bir kuni kechqurun uning turmush o‘rtog‘i muzaffar qiyofada uyga kirib keldi va qo‘lidagi katta konvertni uzatdi.
- Bu yerda, - dedi u, - senga atalgan bir nima bor.
Ayol qog‘ozni keskin tarzda yirtib tashladi-yu quyidagi so‘zlar tushirilgan tamg‘ali taklifnomani sug‘urib oldi:
“Xalq Ta’limi Vazirligi va madam Jorjes Ramponnau hurmatli mister va madam Luizellarni 18-yanvar, dushanba kungi bazm kechasi uchun Vazirlik saroyiga lutfan taklif qiladi.”
Ayol eri kutganidek xursand bo‘lish o‘rniga, taklifnomani nafrat bilan stol ustiga irg‘itib, to‘ng‘illadi.
- Bu bilan nima kilishimni istagandingiz?
- Azizam, seni xursand qilmoqchi edim. Tashqariga hech chiqmaganing uchun bu yaxshi imkoniyat deb o‘ylagandim. Buni qo‘lga kiritish oson kechmadi. Qancha odam bu yerga borishni orzu qiladi. U yerga saralab chaqirishgan. Ayniqsa, kotiblarni aytishlari g‘oyat dargumon. Bazmga faqat zodagonlar yig‘iladi.
Juvon eriga darg‘azab tikilib, betoqatlik bilan so‘zladi.
- Axir bazmga nima kiyib boraman?
Eri bu haqda o‘ylab ko‘rmagandi.
- Nimaga, teatrga tushganda kiygan ko‘ylagingchi?! O‘sha menga juda yoqqandi, - dedi u.
So‘ngra gapirishdan to‘xtab qoldi. Xotinining yig‘layotganini ko‘rib, yomon ahvolga tushdi. Ayolning qo‘z qirralaridan ikkita katta tomchi yoshlar sekingina lablari tomon yumaladi.
U tutilib-tutilib gapirdi.
- Nima bo‘ldi? Nima bo‘ldi?
Ayol jizzakilik bilan uning rahmini keltirgandi. So‘ng esa yonoqlarini artib, bosiq ovozda javob berdi.
- Hech narsa. Faqatgina ko‘ylagim yo‘q, shuning uchun ballga borolmayman. Taklifnomani esa xotini mendan ko‘ra yaxshiroq yig‘ingan hamkasblaringizga berarsiz.
Er ilojsiz edi.
- Kel Matilda, o‘ylab ko‘raylik, - davom etdi u. – Bejirim va boshqa tadbirlarga ham kiysa bo‘ladigan yarashiqli ko‘ylak qancha turadi?
Juvon bir necha daqiqa chuqur o‘yga toldi, hisob-kitob qildi, miqdordan taajjublanib, tejamkor kotibning gaplaridan cho‘chib, o‘zicha nimalardandir voz kechdi.
Vanihoyat, ikkilana-ikkilana javob berdi.
- Anig‘ini bilmayman-u, o‘ylashimcha to‘rt yuz frank bilan nimadir qilsa bo‘ladi.
Uning rangi oqarib ketdi. Chunki bu miqdordagi pul bilan u qurol sotib olishni va yakshanba kuni to‘rg‘ay ovlashga borgan bir necha do‘stlari bilan kelasi yozda shahar chetidagi Nanterra(3) yaylovlarida o‘q otish bilan o‘zini-o‘zi siylashni mo‘ljallagan edi.
Ammo bu haqda indamadi.
- Yaxshi, senga to‘rt yuz frank berganim bo‘lsin. Ajoyib ko‘ylak xarid qilishga urinib ko‘rarsan.
Bazm kuni tobora yaqinlashar, ko‘ylagi tayyor bo‘lganiga qaramay madam Luizel g‘amgin, behalovat va behuzur ko‘rinardi.
Bir kuni oqshom mahali turmush o‘rtog‘i undan so‘rab qoldi.
- Nima bo‘ldi? Keyingi uch kun ichida g‘alatiroq bo‘lib qolgansan.
Ayol javob berdi:
- Bir dona ham taqinchog‘im, bir dona ham toshlarim, umuman taqishga hech narcam yo‘qligidan xo‘rligim kelayapti. Nihoyatda baxtsizman. Yaxshisi bormay qo‘ya qolganim ma’qul.
- Tabiiy gullarni taqishing mumkin,- gapirdi mister Luizel.- Hozirda bu uslub juda urfga kirgan. O‘n frank evaziga ikki yoki uchta chiroyli atirgul sotib ololasan.
Ayol ishonqiramadi.
- Yo‘q, boyvachcha xonimlar orasida bechora qiyofada ko‘rinib , g‘ururim poymol bo‘lishini hoxlamayman.
Ammo eri baqirib yubordi:
- Qanchalar axmoqsan-a! Dugonang madam Forestierni yo‘qlab borib, taqinchoqlarini so‘rab tur. Axir u bilan juda ham qalin o‘rtoqsizlar-ku.
U xursandchilikdan qiyqirdi.
- To‘ppa-to‘g‘ri! Bu hayolimga kelmagan ekan.
Ertasi kuni u dugonasinikiga kelib, dardini bayon qildi.
Madam Forestier oynali eshik bilan qoplangan kiyim javonidan katta taqinchoqlar qutisini olib keldi. Uni ochib, dugonasiga dedi:
- Azizim, tanlab ol!
U dastavval bilakuzuklarni, keyin marvarid marjon shodasini, keyin Venetsiya xochini, usta zargarning tilla va qimmatbaho toshlarini ko‘zdan kechirdi. U ko‘zgu oldida o‘ziga oro berdi, ikkilandi, bulardan to‘la qoniqish hosil qilmagach, joyiga qaytarib qo‘ydi.
- Hammasi shumi? – so‘radi u.
- Nega ekan, yana bor albatta. Qarab ko‘r. Nimani yoqtirishingni bilmayman-ku.
Birdaniga uning ko‘zlari qora duxoba qutidagi olmosli serhasham marjon shodasiiga tushdi. Yuragi qinidan chiqayozdi. Uni ushlaganida ko‘llari titrab ketdi. Taqinchoqni keng yoqali ko‘ylagiga moslab, bo‘yni atrofiga ildi va ko‘rinishidan quvonib o‘zini yo‘qotdi.
Keyin esa qo‘rquv, iztirob aralash so‘radi.
- Menga huddi shuni berib tura olasanmi, faqat huddi shuning o‘zini?
- Ha, albatta.
U dugonasining bag‘riga o‘zini otib, xursandligidan o‘pib qo‘ydi. So‘ngra xazinasi bilan jo‘nab ketdi.
Bazm kuni yetib keldi. Madam Luizel katta muvaffaqiyatga erishdi. U barchadan go‘zal, xushbichim, po‘rim, quvnoq va baxtiyor edi. Barcha erkaklarning ko‘zi unda, uning ismini so‘rashar, tanishishga harakat qilishardi. Vazirlar Mahkamasining barcha vakillari u bilan birga vals tushishni istashardi. Shaxsan uning o‘zi vazirning e’tirofiga tushdi.
U sarxushlik bilan, ehtiros bilan raqsga tushar, ichimlik ta’sirida rohatlanib, go‘zalligi zafarida, muvaffaqiyati shohsupasida, baxt osmonida suzgancha barchasini unutib, o‘ziga bo‘lgan izzat-ikrom, hayrat, yoniq istaklar va mutlaqo muzaffarlik hislari ayolning qalbini chulg‘ab olgandi.
Tongi soat to‘rtga yaqin, u ketish taraddudida edi. Turmush o‘rtog‘i yarim tundan buyon qarovsiz xonada , xotinlari bayramni ajoyib nishonlayotgan uchta erkak bilan uxlab yotardi.
U xotinining yelkasiga bazm ko‘ylagining husniga dog‘ tushiradigan oddiygina sharfni tashlab qo‘ydi. Juvon buni sezgach, qimmatbaho mo‘ynaga burkangan boshqa bir ayollarning nazariga tushib qolmaslik uchun uni yulqib oldi.
Luizel uni to‘xtatdi.
- Biroz kutib tur, tashqarida shamollab qolasan. Men borib, taksi ushlayman.
Lekin Matilda uni eshitmadi. Chaqqonlik bilan zinalardan pastladi. Ko‘chaga chiqishib, birorta ham fayton topisholmadi. Ular qidirishni boshlagach, uzoqroqdan o‘tib ketgan taksichiga ko‘zlari tushib, baqirib qolaverishdi.
Chorasiz qolganicha sovuqdan qaltirab, Seine (Zayna)ga tomon yurishardi. Vanihoyat, kunduzlari umuman uchratib bo‘lmaydigan, faqat yarim kechasi Parij atrofida paydo bo‘ladigan eski aravani (noktambulant) daryo bo‘yida uchratishdi.
Rue des Martirs dagi uyi eshigi oldida tushib, g‘amgin yurishda davom etishdi. Matilda uchun hammasi tamom bo‘lgandi. Erining soat o‘nda Vazirlikda bo‘lishi kerakligini hayolidan o‘tkazdi.
U yana bir marta shuhrat og‘ushida ko‘zgu orqali o‘ziga tikilib, yelkalarini yopib turgan sharfni oldi. Biroq kutilmaganda chinqirib yubordi. Bo‘ynidagi marjon shodasi yo‘q edi!
Eri yarim yechingan ahvolda so‘z qotdi.
- Senga nima bo‘ldi?
U jinninamo o‘girildi.
- Men... men... men madam Forestierning marjon shodasini yo‘qotib qo‘ydim.
Luizel joyida qotib qoldi.
- Nima?!... Qanday qilib? Bo‘lishi mumkinmas!
Ular ko‘ylakning qatlarini, plashning taxlamlarini-yu cho‘ntagini, hamma joyni qarab chiqishdi. Ammo topilmadi.
- Bazmdan chiqqaningda u bo‘yningda bo‘lganiga ishonching komilmi? – so‘radi Luizel.
- Ha, saroy dahlizida turganimda u bo‘ynimda edi.
- Agar uni ko‘chada tushirganingda ovozini eshitgan bo‘lardik. U taksida qolgan bo‘lishi kerak.
- Ha, ehtimol. Raqamini olganmidingiz?
- Yo‘q, sen-chi, eslolmaysanmi?
- Yo‘q.
Ular hayratomuz tikilib turishardi. Oxiri, Luizel kiyimlarini kiydi.
- Men piyoda ortga qaytaman, - dedi u. – Bosib o‘tgan yo‘nalish bo‘ylab yurib, topishga urinib ko‘raman.
U chiqib ketdi. Matilda bazm ko‘ylagida kresloda o‘tirib, ko‘ziga uyqu kelmay, olovni ham yoqmay, hayoliga bir fikr kelmay uni kutardi. U soat yettilar atrofida izlaganini topolmay, quruq qaytib keldi.
Luizel milittsiya boshqarmasiga, gazeta idoralariga borib mukofotlar e’lon qildi. U barcha taksi kompaniyalarini umid ilinjida aylanib chiqdi.
Falokatga yo‘liqqan ayol kun bo‘yi vahima ichida kutdi. Tunda Luizel siniqqan, oqish yuz bilan qaytdi. Hech qanday yangilik yo‘q edi.
- Dugonanga – dedi u, - taqinchog‘ining ilgakini buzib qo‘yganing, uni tuzatish uchun biroz vaqt kerakligini yozib yubor.
U birma-bir hammasini xatga tushirdi.
Hafta oxirida ular umidini butunlay uzishdi.
Naq besh yoshga qarigan Luizel so‘zladi.
- Endi taqinchoqni o‘rniga qanday qaytarish haqida bosh qotirishimiz lozim.
Keyingi kun ular qutini olib, dong‘i chiqqan zargarnikiga borishdi. Luizel uning kitobini qarab chiqdi.
- Madam, men marjon shodasi sotadigan sotuvchi emasman. Shunchaki, kutilarga bezak beraman xalos.
Shundan so‘ng, ular zargarma-zargar yurib, o‘sha marjon shodasiga o‘xshashini izlashdi, ulardan maslahat olishdi. Ikkalovi ham alam va iztirob bilan xastanamo edilar.
Palais Royaldagi do‘konda ular qidirayotgan taqinchoqqa juda o‘xshash olmos shodasiga duch kelishdi. Narxi qirq ming frank turar ekan. Ular buni o‘ttiz olti ming evaziga xarid qilishlari mumkin edi.
Er-xotin zargarga uch kungacha uni sotmasligini so‘rab yolvorishdi. Luizel taqinchoqni o‘ttiz olti ming frankka olish to‘g‘risida o‘zaro kelishuv qilishdi. Har ehtimolga qarshi, ular feral oxirida yana boshqasini ham topib qo‘yishdi.
Luizelda otasi unga qoldirgan o‘n sakkiz ming frank bo‘lib, qolganini qarz oldi.
U birovdan ming frank, boshqasidan bush yuz, besh luisni u yerdan, uch luisni bu yerdan so‘rab, qarz qig‘di. U barchasini qayd etib qo‘ydi. Xonavayron qiladigan va’dalar berdi, sudxo‘rlar va barcha qarz beruvchi zoti bilan bitim tuzdi. U qolgan umrini xavf ostiga qo‘yib, hattoki harajatlarni to‘lay olish yoki olmasligini bilmay turib, tavakkal imzo qo‘ydi.U hali boshidan o‘tkazmagan uqubatlar , uni yiqitishi mumkin bo‘lgan o‘ta qashshoqlik, moddiy muhtojlikning kelajagi va unga azob beradigan ruhiy qiynoqlardan vahimada edi. U marjon shodasini olish uchun keldi va savdogarning rastasiga o‘ttiz olti ming frankni tashladi.
Madam Luizel marjon shodasini qaytarish uchun kelganida, madam Forestier unga sovuq ohangda gapirdi.
- Buni tezroq qaytarishing lozim edi. O‘zimga zarur bo‘lib qoldi.
U qo‘rqqanidek, dugonasi qutini ochmadi. Agar taqinchoq boshqa ekanligini bilib qolganida nimani o‘ylagan, nimalar degan bo‘lardi? Madam Luizelni o‘g‘irlikda ayblarmidi?
Madam Luizel hozir yo‘qchillikda yashashni qo‘rqinch bilan his qilgandi. Tasodifiy hodisada qahramonlarcha ishtirok etdi. Endi esa dahshatli qarzdorlikdan qutulmoq lozim. Ayol buni to‘laydi. Ular xizmatkorini ishdan bo‘shatishdi; Turar joyini o‘zgartirishdi; tom ustidagi cherdakni kiraga olishdi.
U uy yumushlarining naqadar og‘irligini, oshxona tashvishlarining yoqimsizligini anglab yetib, yog‘li qozon va tova uchun pushti tirnoqlarini ishlatardi. U kir polotnoni, erining ko‘ylagini va idish artadigan sochiqlarni yuvardi. Har kuni ertalab yuvindilarni ko‘chaga olib chiqib, zinaoyalarda to‘xtab nafas rostlagancha suv olib chiqardi. Odamlarning xotiniga o‘xshab kiyinar, qo‘lida savat bilan meva, baqollik, go‘sht do‘koniga borar, savdolashar, haqorat qilar, mayda pullarini tiyinigacha hisoblardi.
Har oy qarzning biroz miqdorini uzishsa, qolganini uzaytirishardi.
Turmush o‘rtog‘i kechqurunlari savdogarning hisob-kitoblaridan nusxa yozar, tunga borib varog‘i uchun 5 luis evaziga qadimiy qo‘lyozmalardan namuna ko‘chirardi.
Bu turmush tarzi o‘n yil davom etdi.
O‘n yildan so‘ngina ular hamma narsani, hamma-hammasini – sudxo‘rlarga nisbati va qo‘shma foizlari bilan to‘lab bo‘lishdi.
Madam Luizel endilikda qarimsiq qo‘rinardi.Kambag‘allashgan ayol kuchli, qattiqqo‘l va qo‘rs bo‘lib qolgandi. To‘zg‘igan soch, qiyshaygan yupka va qizargan qo‘llari bilan suvlangan polni artish davomida baqirib gapirardi. Ba’zan, eri idorada bo‘lgan vaqtlarda , u derazaga yaqin o‘tirgancha yillar oldingi faraxbaxsh kechani , u nihoyatda latofatli va go‘zal bo‘lgan ball haqida hayol surardi.
Agar u marjon shodasini yo‘qotmaganida nima bo‘lardi? Kim ham bilardi? Kim biladi deysiz? Hayot qanchalar g‘aroyib va o‘zgaruvchan! Kichkinagina voqea ba’zan yashash yoki hayotdan umid uzishga yetarli bo‘ladi!
Yakshanba kuni edi. Haftalik mehnatlarning xordig‘ini chiqarish maqsadida Champs Elyseesda sayr qilib yurib, bola yetaklagan ayolga to‘satdan duch keldi. Hanuz yosh, hanuz go‘zal, hanuz maftunkor bo‘lgan madam Forestier edi.
Madam Luizel hayajonlandi. U bilan gaplashsinmi? Ha, albatta. Axir hammasini to‘lab bo‘lgan, endi bor gapni aytaversa ham bo‘ladi.
U tepaga ko‘tarildi.
- Xayrli kun, Jinni!
Unga tanishidek murojaat qilgan oddiy yoqimtoy juvondan taajjublandi –yu , ammo uni mutlaqo tanimadi.
- Lekin... madam! – tutulib garirdi u. – Sizni tanimadim... Adashgan bo‘lsangiz kerak.
- Yo‘q. Men Matilda Luizelman.
Dugonasi qichqirib yubordi.
- O, bechora Matilda! Qanchalar o‘zgarib ketibsan!
- Ha, seni oxirgi bor ko‘rganimdan buyon qancha og‘ir kunlarni boshdan kechirdim.. qancha musibatli kunlarni... Hammasi sen tufayli bo‘ldi!
- Meni deb! Qanday qilib?
- Saroydagi bazmga taqib turish uchun menga bergan olmos shodalarini eslaysanmi?
- Ha, xo‘sh?
- Meni uni yo‘qotib qo‘ygandim.
- Nimani nazarda tutayapsan? Uni keltirib berganding-ku.
- Senga huddi o‘xshashini olib kelib bergandim.So‘ngra buning to‘lovini o‘n yil davomida uzdik. Tushunayapsanmi, hech vaqosi yo‘q kimsa uchun bu qanchalar mushkul edi. Vanihoyat, hammasi tugadi. Bundan juda xursandman.
Madam Forestier yurishdan to‘xtadi.
- Aytmoqchisanki, menikini o‘rniga qaytarish uchun olmos shodasini sotib olgansan?
- Ha! Sen buni sezmading ham! Ular juda o‘xshash edi.
Matilda mamnun kuldi.
Madam Forestier kattiq titrab ketdi, uning qo‘llarini ushlab, dedi:
- O, bechoraginam Matilda! Nima uchun, mening taqinchog‘im sun’iy toshlardan yasalgan edi-ku!
_______________
1. Breton- quyi Normandiyadagi g‘arbiy Fransiyaning yarim oroli bo‘lgan Brittanidan.
2. Pot-au-feu – qaynatma sho‘rva
3. Nanterra – Parijning g‘arbiy chekkasi
* * *
MARJON
U go‘zal, jozibador xonimlardan bo‘lib, faqat taqdirning xatosi bilan oddiy xizmatchilar oilasida tug‘ilgandek edi. U mashhur bo‘lish, boy yoki taniqli kishiga turmushga chiqish, suyukli yori bo‘lishni na orzu va na umid qilgandi; shuning uchun ham ta’lim boshqarmasining oddiygina xodimiga turmushga chiqqandi.
U sodda bo‘lib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish qo‘lidan kelmasdi; lekin o‘ziga o‘xshagan boshqa ayollardan farqli o‘laroq baxtsiz edi. Ularning tabiiy bo‘lmagan go‘zalligi, dimog‘dorligi bu ayollarni oliynasab xonimlar maqomida tutib turardi.
U o‘zini dunyodagi barcha hashamu farog‘atlar uchun tug‘ilgandek his qilib doimo azob chekardi. U uyining muhtasham emasligidan, suvog‘i ko‘chgan devorlar, shalog‘i chiqqan kursiyu rangi o‘chib ketgan kiyim-kechaklaridan xo‘rligi kelardi. Uning o‘rnida boshqa ayol bo‘lganida bularning barchasini sezmagan, o‘zining bu holatidan azoblanmagan bo‘lardi. Uyini kulbaga aylantirib ko‘ygan Breton manzarasi uning qalbida og‘riq va orzularni uyg‘otardi. U muhtasham, bronzadan yasalgan qandillar yoritib turuvchi muhtasham saroy va kalta shim kiygan eshikbonlarni orzu qilardi.
Uning boy sinfdosh dugonasi bo‘lib, dugonasining uyiga borib kelganidan so‘ng shunday azob chekardiki, shuning uchun unikiga borishni yoqtirmasdi. U qayg‘u-alam, tushkunlikka tushganidan kun bo‘yi yig‘lardi.
Bir kuni eri qo‘lida katta xatjild ushlagancha xursand holda keldi.
-Mana, - dedi u,- senga.
Xonim shoshib-pishib xatjildni ochdi va taklifnomaga ko‘zi tushdi:
“Ta’lim vaziri Jorje Ramponno janob va Luazel xonimni 18 yanvar, dushanba oqshomida vazirning uyida bo‘ladigan ziyofat kechasiga lutfan taklif etadi”.
Eri umid qilganidek xursand bo‘lish o‘rniga u xatjildni stol ustiga irg‘itib to‘ng‘illadi:
-Nima qilishim kerak?
-Jonginam, seni xursand bo‘ladi, deb o‘ylabman. Buni qancha to‘polon bilan oldim. Hamma taklifnoma talashdi. U yerda bari mansabdor kishilarni ko‘rasan.
U eriga xo‘mraydi:
-U yerga nima kiyib boraman?
Eri bunday savolni kutmagani uchun duduqlanib qoldi:
-Nega unday deysan? Teatrga kiyib boradigan ko‘ylaging menga juda yoqadi.
U yig‘layotgan xotiniga qarab qiyin ahvolga tushib qoldi. Xotinining ko‘zlaridan oqqan yosh tomchilari og‘ziga kirayotganini ko‘rib so‘radi:
-Nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsan?
Xotini qiyinchilik bilan yig‘idan to‘xtadi va yonoqlarini artarkan, javob qaytardi:
-Hech narsa. Mening u yerga kiyib boradigan ko‘ylagim yo‘q. Taklifnomani xotini mendan ko‘ra yaxshiroq kiyinadigan hamkasbingga ber.
Eri xo‘rsingancha javob qaytardi:
-Menga qara, Matilda. Ziyofatga kiyib borsa bo‘ladigan oddiyroq ko‘ylak qancha turadi?
Xotini eri yo‘q demasdan bera oladigan pulni chamaladi va ovozi qaltiragancha javob berdi:
-Aniq ayta olmayman, lekin menimcha to‘rt yuz frank yetsa kerak.
Erining rangi oqarib ketdi; u do‘stlari bilan Nanter tekisliklarida ov qilish uchun miltiq sotib olgani pul to‘lab qo‘ygandi. Shunday bo‘lsa-da, u xotiniga dedi:
-Bo‘pti, senga to‘rt yuz frank beraman. Lekin yaxshi ko‘ylak sotib ol.
Ziyofat kuni yaqinlashib kelar, Luazel zonim esa g‘amgin, tashvishli va jahldor bo‘lib borardi. Uning ziyofatga kiyib boradigan ko‘ylagi tayyor edi. Eri undan so‘radi:
-Senga nima bo‘ldi? Keyingi ikki-uch kunda o‘zingni g‘alati tutyapsan.
Xotini javob qaytardi:
-Mening na biror taqinchog‘im, na uzugim bor. Bezaklarsiz juda kambag‘al ko‘rinaman. Undan ko‘ra ziyofatga bormay qo‘ya qolaman.
Eri dedi:
-Ko‘ylagingga gul taqib olsang bo‘ladi. O‘n frankka ikki-uchta atirgul sotib olishing mumkin.
Xotini rozi bo‘lmadi.
-Yo‘q, -dedi u, - boy xonimlar ichida mana shunday ko‘rinishdan yomoni yo‘q.
Birdan eri xitob qildi.
-Ahmoqligimizni qara-ya! Dugonang Forestedan taqinchoqlarini so‘rab turmaysanmi? Axir sizlar yaqin dugonasizlar-ku!.
Xotini ham quvonchdan qichqirib yubordi:
-To‘g‘ri! Buni o‘ylamabman.
Ertasiga u dugonasinikiga bordi va dardini aytdi. Foreste xonim taqinchoqlar solinadigan qutichasini olib chiqib ochdi va dedi: -Xohlaganingni tanlab ol, dugonajon.
U dastlab bilakuzuklarni ko‘rdi, keyin marvaridlarni, undan keyin oltin xochli zanjir va boshqa taqinchoqlarni ko‘rib chiqdi. Ko‘zgu oldida turganicha unisini taqib ko‘rdi, bunisini taqib ko‘rdi, qaysi birini olishni bilmadi. Keyin so‘radi:
-Boshqa taqinchoqlaring yo‘qmi?
-Bor. Senga yoqarmikin.
U qora quticha ichida turgan olmoslardan tayyorlangan marjonni ko‘rdi va yuragi gupillab urib ketdi. U marjonni qo‘llari qaltiragancha oldi. Bo‘yniga taqqach, ko‘zini ko‘zgudan uzolmay qoldi. Keyin esa yuragi hapriqqancha so‘radi:
-Shuni bera olasanmi? Faqat shuni.
-Albatta.
U dugonasini mahkam quchoqladi va xazinasini olib uyga qaytdi.
Ziyoft kuni yetib keldi. Luazel xonim hammadan go‘zal, quvnoq, baxtli edi. Ziyofatga yig‘ilganlarning barchasi u bilan tanishish istagida edi.
U zavq bilan, hech narsani o‘ylamay, baxt bulutlari uzra parvoz qilgancha raqs tushdi.
Eri uning yelkasiga uyidan ziyofatga kelishda olib kelgan yopinchiqni tashladi. Yap-yangi ko‘ylak ustida bu yopinchiq qanday ko‘rinishini his etgan Matilda qimmatbaho mo‘yna ilgan ayollar uni ko‘rib qolmasliklari uchun tashqariga shoshildi.
Janob Luazel uni to‘xtatdi:
-Shoshma. Shamollab qolishing mumkin. Men izvosh olib kelaman.
Lekin u eshitishni ham istamadi va qadamini tezlatdi. Ular ko‘chaga chiqishib, birorta ham izvosh ko‘rishmadi. So‘ngra yo‘lda izvosh uchrab qolishidan umid qilishib piyoda keta boshlashdi. Umidsiz holda Sena daryosi bo‘ylab ketishayotib, nihoyat bir izvoshni ko‘rishdi.
Izvosh ularni Martir ko‘chasidagi uylariga eltib qo‘ydi. U ko‘zgu oldiga kelib yelkasidan yopinchiqni oldi va o‘z go‘zalligini yana bir bor tomosha qilish uchun ko‘zguga tikildi. Birdan qichqirib yubordi. Uning bo‘ynidagi marjon yo‘q edi.
Eri:
-Nima bo‘ldi?-dedi.
U eriga o‘girildi:
-Forestening marjoni yo‘q.
Eri boshini changalladi:
-Nima? Qanaqasiga? Bo‘lishi mumkin emas!
So‘ngra ular kiyimlarni, cho‘ntaklarini, uyning hammayog‘ini qarab chiqishdi. Marjon yo‘q edi.
Eri so‘radi:
-Ziyofatdan chiqqanimizda uni taqib olganmiding?
-Ha.
-Agar ko‘chada tushib qolganida uning yerga tushgan ovozini eshitishimiz kerak edi. Uni izvoshda tushirib qo‘ygan bo‘lsang kerak.
-Ha. Shunaqa bo‘lsa kerak. Uning raqamini bilasanmi?
-Yo‘q. Sen e’tibor bermaganmiding?
-Yo‘q.
Ular bir-birlariga tikilib qolishdi.
-Men ketdim, -dedi eri, -kelgan yo‘limizni qarab ko‘ray-chi, balki topilib qolar.
U chiqib ketdi. Xotini yotoqxonaga kirgani ham kuch topolmay kursiga o‘zini tashladi.
Eri ertalab soat yettilarda qaytib keldi. U marjonni topa olmagandi.
-Dugonangga xat yozib, marjonni sindirib qo‘yganingni ayt, -dedi u, -tuzattirib beraman deysan. Ungacha biror yo‘lini toparmiz.
Xotini shunday qildi.
Bir haftadan so‘ng besh yilga qarib ketgan Luazel xonim dedi:
-Marjonni topish yo‘lini qidirishimiz kerak.
Ertasiga ular marjon sotib olingan do‘kon nomi yozilgan qutini ko‘targancha o‘sha do‘konga borishdi.
-Marjonni men tayyorlamaganman, xonim, -dedi zargar, -qutisini tayyorlaganman.
So‘ngra ular do‘konma-do‘kon yurishib, o‘sha marjonga o‘xshagan marjonni izlashdi. Nihoyat, Palas-Royal do‘konida ular yo‘qolib qolgan marjon bilan bir xil olmos marjonni ko‘rishdi. Uning narxi qirq ming frank edi. Do‘konchi uni o‘ttiz olti ming frankka berishini aytdi.
Ular zargardan marjonni uch kun sotmay turishini iltimos qilishdi. Yalinib-yolvorishib o‘ttiz to‘rt ming frank berishlarini, qolganini esa fevral oxirida berishga zargarni ko‘ndirishdi.
Luazel otasidan qolgan o‘n sakkiz ming frankni to‘pladi, qolganini esa qarz oldi.
U kimdandir ming frank, kimdandir besh yuz frank oldi. U va’dalar berdi, bormagan sudxo‘ri qolmadi. U kelgusi hayotini ham o‘ylamay pul olaverar, oxiri yaxshimi-yomonmi har qanday qog‘ozga imzo qo‘yaverar, bo‘ynidan ilonday bo‘g‘ib turgan o‘sha marjon balosidan qutulish uchun o‘ttiz olti ming frankni to‘plasa kifoya edi.
Luazel xonim marjonni Foreste xonimga olib borganida dugonasi sovuq ohangda dedi:
-Ertaroq olib kelishing kerak edi. Menga juda zarur bo‘lgandi.
U Luazel xonim xavotir bilan kutganidek qutichani ochmadi. Agar qutichani ochganida nima bo‘lardi? U nima degan bo‘lardi? Uni o‘g‘irlikda ayblashi mumkin edimi?
Luazel xonim hayot qiyinchiliklarini endi bildi. Dahshatli qarzni to‘lash lozim edi. Ular uydagi farroshdan voz kechishdi. Uylarini sotishib, kichkinagina kulbani ijaraga olishdi.
U uy tutish qanchalik og‘ir ekanligini endi ko‘rdi, ovqat pishirishni o‘rgandi. Nozik qo‘llari bilan idishlarni yuvdi, kir yuvdi, har qadamda dam olib suv tashidi. Bozorga borib oziq-ovqat sotib olishni, har bir chaqani o‘ylab sarflashni o‘rgandi.
Eri kechalari ham ishlaydigan bo‘ldi, u birovlarning kitoblarini olib kelib, bir sahifasini besh sudan ko‘chirib berardi.
Ular o‘n yil deganda barcha sudxo‘rlardan olgan qarzlarini uzib bo‘lishdi.
Luazel xonim endi qari ko‘rinardi. U kambag‘al oilaning kuchli bekasiga aylangandi. U egniga eski-tuski kiyimlarni ilgancha pol yuvardi. Lekin eri ishda bo‘lgan paytda ba’zi-ba’zida deraza oldida o‘tirgancha o‘sha ziyofat kechasini eslardi.
Agar o‘shanda marjonni yo‘qotmaganida nima bo‘lardi? Kim biladi deysiz? Hayot qanday g‘aroyib! Kichkinagina narsa inson hayotini barbod qilishi yoki saqlab qolishi mumkin!
Bir kuni Yelisey ko‘chasida haftalik yumushlarini o‘ylab ketayotib, bola yetaklab olgan ayolni ko‘rib qoldi. U hali ham yosh, hali ham jozibador Foreste xonim edi. Luazel xonim qotib qoldi. Nima qilish kerak? Undan qarzi yo‘q, hammasini aytadi. Nega aytmas ekan?
U ayolni to‘xtatdi.
-Salom, Janna.
Dugonasi uni tanimay hayron turib qoldi.
-Xonim, men sizni tanimayman. Adashdingiz, shekilli.
-Yo‘q, men Matilda Luazelman.
Dugonasi hayratdan qichqirib yubordi:
-Oh! Bechora Matilda! Qanchalik o‘zgarib ketibsan.
-Ha, boshimga og‘ir kunlar tushdi. Hammasiga sen sababchisan.
-Men? Nima uchun?
-Vazirning uyidagi ziyofatda taqib turish uchun menga olmos marjon berganding, esingdami?
-Ha.
-Uni yo‘qotib qo‘ygandim.
-Qanaqasiga, uni qaytarib berganding-ku?.
-Senga xuddi o‘shanga o‘xshash boshqasini qaytargandim. Uning pulini to‘lashga o‘n yil umrimiz ketdi. Bilasan-ku, biz unchalik boy emasdik. Nihoyat qarzdan qutuldik.
Foreste xonim dedi:
-Menga olmos marjon berganmiding?
-Ha. Seniki bilan bir xil edi.
U g‘urur bilan jilmaydi. Foreste xonim uning qo‘llaridan tutgancha qichqirib yubordi:
-Oh, bechora Matilda! Meniki soxta olmos edi. Uning narxi bor-yo‘g‘i besh yuz frank edi!
Ingliz tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.