OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gi de Mopassan. Yangi yil sovg‘asi (hikoya)

Jakyuz de Randal uyida bir o‘zi tushlik qilar ekan, xizmatchisiga tashqariga chiqib kelish ehtimoli mavjudligini bildirib qo‘ydi. So‘ng ish stoliga o‘tirib maktub yozishga kirishdi. U har yilning oxirida shu an’anani bajarar edi: o‘tirib yozar va orzu qilardi. Jakyuz o‘tgan yangi yil kunini xotirladi: barcha odamlar unutilgan. Do‘stlarining qiyofasi ko‘z oldida keksayib o‘zgarib bormoqdaydi. U barcha oshnalariga birinchi yanvar kuni o‘qiladigan yangi yil tabrigini bita boshladi.
Jakyuz tortmani ochib, ichidan suyuklisining suratini oldi va unga bir zum tikilib o‘pib qo‘ydi. Keyin oppoq qog‘ozga biroz qarab turdi- da, yoza boshladi.
“Azizim, Iren.
Bu gal yuborgan mitti suvenirimni olgandirsan. Bugun o‘zimni senga shu gapni aytish uchun tayyorlab keldim…»
Jakyuzning qo‘li titrab ketdi va o‘rnidan turib xonani keza boshladi. U oxirgi o‘n oydan buyon sevgi asiriga aylangandi. U o‘sha ayolni juda yaxshi ko‘rib qolgandi. U albatta, yosh yigit emasdi, lekin o‘zini hamon yoshlardek tutardi. Xullas, u ehgiroslarini sarhisob qilganidek, bugun ham uzilishib ketgan do‘stlarini hamda hayotiga kirib kelgan yangi odamlarni hisoblardi. Uning sevgidagi g‘ayrati asta-sekin tinchlikka cho‘ma boshlagandi. U o‘zidan yuragimda aslida kimga nisbatan haqiqiy sevgi bor deb so‘rar, bunga javob esa o‘sha ayol bo‘lib chiqar, erkak kelajakda nima bo‘lishini o‘ylardi. U birdan qalbida chuqur hurmat, minnatdorlik va nafislikni his etdi.
Eshik qo‘ng‘irog‘i Jakyuzning xayolini bo‘ldi. Ikkilanib qoldi: eshikni ochsinmikin? Lekin yangi yil kechasi kim bo‘lmasin eshikni ochish lozim, degan gapni eshitgani uchun nima bo‘lsa ham ochishga qaror qildi. U qo‘liga shamchiroqni tutib, uzun yo‘lak bo‘ylab keta boshladi. Kalitni burab, eshikni ochishi bilan tashqarida Irenning devorga suyangancha murdadek oppoq yuziga ko‘zi tushdi.
Erkak shivirladi:
— Senga nima bo‘ldi?
— Yolg‘izmisan? — savolga savol qaytardi ayol.
— Ha.
— Xizmatkorlaring-chi?
— Ular yo‘q.
— Tashqariga chiqmasmiding?
— Yo‘q.
Ayol ichkariga kirdi, Jakyuzning dimog‘iga o‘sha qadrdon is urildi. Mehmonxonaga kirgach, ayol divanga asta cho‘kdi va yuzini erkakning qo‘liga bosgancha, yig‘lab yubordi.
Erkak uning oyoqlariga tiz cho‘kdi, ayolning yuzini ko‘llariga olib shivirladi:
— Iren, Iren, senga nima bo‘ldi, gapirsang- chi? O‘tinib so‘rayman, menga barini ayt.
Ayol yig‘lamsiragancha, sekin dedi:
— Boshqa bu ahvolda yashay olmayman.
— Bu ahvolda… nima deganing bu?
— Ha, yashay olmayman. Men juda ko‘p sabr qildim. U menga bugun qo‘l ko‘tardi.
— Kim? Eringmi?
— Ha, o‘sha.
— Oh!
Jakyuz asabiylashdi, uning erini bunchalik beshafqatligidan larzaga tushdi. Irenning eri shu dunyo kishisi, yuqori tabaqadan, bir klubning egasi bo‘lib, otlar jinnisi, hamma yerda ma’lum va mashhur, shu bilan birga bilimli va nihoyat an’analarga sodiq bir kishi edi. U boshqa badavlat va hotamtoy insonlar kabi o‘zini oilasiga juda mehribon ko‘rsatar edi. Lekin ayolining xohishlari, sog‘lig‘i, kiyim-kechagi bilan ishi bo‘lmas, tashlab qo‘ygandi.
Jakyuz ayol bilan do‘stlashgach, har bir er ayoliga uning do‘stlari bilan muloqotiga ruxsat berilishiga erishgan hamda ayol bilan bemalol suhbatlasha olardi. Garchi erkak ichidan ayolni sevsa-da, uyida janjal bo‘lishini aslo istamas edi.
— Nimadan boshlandi, aytib ber,— so‘radi erkak.
Ayol uzun hikoyasini boshladi: to‘ylarini, ilk kelishmovchiliklarini, katta janjallarni, so‘ng erining jizzaki va qo‘pollashib ketganini, hozir esa uning Jakyuzdan behuda rashk qilishi va qo‘l ko‘tarishlarini so‘zlab berdi.
Ayol gapning so‘nggida qo‘shib qo‘ydi:
— Men uning yoniga qaytmayman. Sening oldingga keldim.
Erkak ayolning qo‘lidan tutib gap boshladi:
— Azizim, sen katta xato qilgansan. Agar eringni mana shu xatosi bilan yolg‘iz qoldirar ekansan, hech nimaga erisholmaysan.
Ayol xavotirlanib so‘radi:
— Xo‘sh, unda qanday maslahat berasan?
— Uyga qaytgin-da, xuddi o‘sha janjalli kunlar boshlanmasidan ilgari qanday yurgan bo‘lsang, o‘zingni shunday tut.
— Sen so‘rayotgan narsa yolg‘on-ku, axir?
— Yo‘q, bu aqlli ayolning ishi. Munosabatlarning rishtasi senga bog‘liq. Sen barchasini yo‘qotmasliging lozim.
Ayol o‘rnidan turdi va g‘azabkor pichirladi:
— Xo‘sh, mayli. Bu yerda ortiq qololmayman. Bari tugadi, tugadi!
Keyin qo‘lini erkakning yelkasiga qo‘yib so‘radi:
— Meni sevarmiding?
— Ha.
— Chinmidi?
— Ha.
— Unda nega yoningda olib qolmaysan?
— Yonimda? Birga? Bu tentaklik. Unda seni yo‘qotaman. Bari umidlar tugaydi.
— Tingla, Jakyuz. U meni sen bilan boshqa ko‘rishishimni taqiqladi. Men boshqa uyingga qaytib kelmayman. Bu so‘nggi qaroring bo‘ladi: ketaymi yo qolaymi?
— Azizim, Iren, agar ajrashsanggina senga uylanaman.
— Ha, uylanasan — nihoyat ikki yildan so‘ng ajrasholsam. Sen juda sabrlisan-ku, axir! — kesatdi ayol.
— Menga qara! Men ertaga ering kelib seni olib ketishiga chiday olmayman, tushunsang-chi, qonun u tarafda.
— Meni uyingda saqla demayapman, Jakyuz. Qaergadir qochib ketamiz. Meni juda sevasan, deb o‘ylabman. Xato qildim. Xayr.
Ayol eshik tomon jadap qadam tashladi.
— To‘xta, Iren!
Ayol unga o‘girilib qaramadi. Uning ko‘zlari yoshga to‘la edi:
— Meni tinch qo‘y!
Erkak uni majburlab o‘tirg‘izdi va yuqoridagi gaplarini yana tushuntira ketdi. Ayolning jim va beparvoligini ko‘rib, unga yalindi, tushunishini istadi.
Jakyuz gapirib bo‘lgach, ayol tilga kirdi:
— Endi meni tushunib jim ketishimni istarsan? Qo‘lingni ol, oyoqlarimga ham tegma.
— Menga qara, Iren.
— Qo‘yib yuborasanmi, yo‘qmi?
— Iren, bu qatiy gapingmi?
— Qo‘yib yubor.
— Bu so‘nggi so‘zingmi, dedim?
— Ha, endi qoch, men ketay.
— Ketmaysan. Mayli, erta tongdayoq bu yerdan ketamiz.
Ayol og‘ir gap boshladi:
— Yo‘q, endi kech. Men istamayman.
— Ketma! Men burchimni bajaraman. Sen aytgan nimaiki bo‘lmasin, barini bajaraman.
Ayol unga uzoq tikilib turdi va so‘radi:
— Unda menga tushuntir.
— Nimani tushuntiray, ayt?
— Hammasini. Fikringni o‘zgartirgan narsani. Keyin men nima qilish kerakligini aytaman.
— Hech nimani o‘zgartirmadim. Sen tashlab ketayotganingdan qo‘rqdim, xolos.
— Bu fikrni shunchalik tez o‘zgartirishga qodir emas.
— Meni tinglasang-chi, azizim. Bu savol bilan bir nima o‘zgarib qolmaydi. Seni sevib qolganimni tushunganimda, o‘zimga shu gapni aytganman: kimki bir ayolni sevib qolsa, unga erishish uchun bariga tayyorligini bo‘yniga olishi lozim.
— Nikoh bu — ulkan ijtimoiy baho, ulkan huquqiy baho, mening ko‘zlarimdagi tuyg‘u esa qalb bahosi.
— Nima bo‘lsa ham, ijtimoiy, huquqiy jihatdan eriga bog‘langan ayol, agar uni sevmasa, yuragi o‘zgada bo‘lsa, unga g‘amxo‘rlik qiladigan insoni bo‘lsa, erkak ham uni desa ham baribir ular o‘zlarini tutqundek sezishadi.
— Agar ularning ikkisi ham vijdonli bo‘lsal har qanday to‘siqlar va odatlarni yengish kerak.
— Ayol tavakkal qila oladi. Chunki u bor yuragi bilan, vijdoni bilan, hayotini tikib, barcha qiyinchiliklarga oldindan tayyorlanib, baridan voz kechishga rozi bo‘lib sevadi. Erkaklar ham buning qadriga yetib, bariga tayyor turishi lozim. Boshqa aytadigan gapim yo‘q. Hali turli majburiyat va qo‘rquvga berilgan inson edim, hozir esa qarshingda faqatgina seni sevguvchi inson turibdi.
Ayol jilmaydi:
— Men aldadim, azizim. Hech nima sodir bo‘lmagandi. Erim beshafqatlik qilmagandi. Lekin men bilishni judayam istadim: Yangi yilda menga yuragingdagilarni ayta olmarmikinsan. Shuni bilmoqchiydim. Mana, iqroringni eshitdim. Endi hayotimni o‘zgartirish fursati keldi. Bugun baxtliman, yangi yil menga haqiqiy muhabbatimni topib berdi…

Inglizchadan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.