OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Goderdzi Choxeli. Baliqdan maktub (hikoya)

– Jonning na boshi bor, na oxiri,– dedi menga Gamixarda ketayotib va yo‘lida davom etdi.
Bir kun oldin undan: “Jon bormi o‘zi?” deb so‘ragandim, lekin o‘shanda u javob bermagandi. Faqat, bilmayman, deganday yelkalarini qisib qo‘ygandi. Kecha bo‘lsa, so‘zma-so‘z: na boshi bor, na oxiri, dedi. Men hech narsa so‘raganim ham yo‘q edi, u pichan o‘rishga shoshayotgandi. Shoshganidan tushlik ovqati solingan xaltasini ham uyda esdan chiqaribdi. Kenja qizi orqasidan yugurib, yo‘lda qo‘liga tutqazdi.
Vaqt hali erta edi, tong yaxshi yorishmagandi ham. Ko‘cha boshida paydo bo‘lgan brigadir unga baqirib berdi:
– Yo‘l bo‘lsin, Gamixarda, qayoqqa?
– O‘rimga.
– O‘rim-po‘rimni bilmayman, eshitdingmi? Qo‘ylarning junini qirqish kerak! Qirqimga borasan?
– Menga pichanni kim o‘radi? O‘zing bilasan-ku, uyda mendan bo‘lak ishlaydigan erkak yo‘q.
– Qo‘y bu gaplarni, Gamixarda,– dedi brigadir o‘ziga ishongan odam ohangida va menga qarab yurdi.
Gamixarda burildi-da jun qirqimiga emas, pichan o‘rimiga yo‘lida davom etdi.
– Gamixarda! – baqirdi brigadir.– Qayoqqa ketayapsan, a?
– O‘rishga,– dedi Gamixarda qiyalikdan oshayotib.
– Qarab tur, Gamixarda, mendan ko‘rasan hali,– do‘q qildi brigadir va menga yuzlandi: – Fermada qiladigan ishing yo‘q, eshitdingmi!
– Nega endi?
– Nega bo‘lardi, odamlarni ishdan chalg‘itayapsan, nimalarnidir so‘rab-surishtirayapsan, yozib olayapsan...

Ikki kun burun fermaga kirib, qo‘ylar junini qirqayotgan erkaklardan qalbning mavjudligi haqida qanday fikrda ekanliklarini so‘ragandim. Bu haqda Gamixarda bilan gaplashganimda u menga javob bermagandi.
Juda sodda odam-da, bu Gamixarda. Ba’zan uni hamqishloqlari g‘arib deyishadi, bu balki uning qashshoq yashaganidandir. Gamixarda juda kambag‘al, halol mehnati bilan kun ko‘radi. Xotini va bir-biridan kichik bolalarini bir o‘zi boqadi. Mana, o‘sha kuni ertalab uni ko‘rdim-u, yuragim achishib ketdi. Pichan o‘rimiga ketayotib nonushtani olmaganimi yoki qizchasining uning orqasidan yugurayotganimi, baribir, buni ko‘rib rahmim kelib ketdi. Nega shunday ekanini bilmayman. Buni xudo biladi. Uning qadam tashlashi ham g‘alati. Qiyalikdan tepaga ko‘tarilayapti-yu, boshqacha odimlab borayapti. Go‘yo uning tanasi begona jinsdan-u, unga oyoq bosishga yuragi betlamayotganday.
– Kecha rais urishib berdi,– so‘zini davom ettirdi brigadir.
– Nima deb o‘ylaysan, jon qayoqqa ketadi?– so‘radim men.
– Men hech nima deb o‘ylamayman,– dedi va birdan burilib keta boshladi.
– Jon o‘ladimi?
– Qanaqa jon, yana qanaqa jon, nimalar bilan boshingni qotirayapsan o‘zi?
– Haligi, odam tanasida yashaydigan jon-da.
– Odamning tanasida hech qanday jon yashamaydi,– dedi u,– tug‘ilamiz va o‘lamiz, bor-yo‘g‘i shu.
– Faqat shumi?
– Bo‘lmag‘ur gaplar bilan boshimni qotirma, valaqlashishga vaqtim bormi hozir. Fermada seni boshqa ko‘rmay, eshitdingmi?– dedi u tepaga ko‘tarilayotgan Gamixarda ortidan qararkan.
– Bugungi kunni esidan chiqmaydigan qilaman!
– Nima qildi u senga?
– Jun qirqishdan bo‘yin tovlayotgani-chi?
– Ishlagani ketdi-ku, axir.
– Qanaqa ish?
– Qanaqa ish bo‘lardi: o‘rish, to‘plash, g‘aram qilish-da!
– Buni biz ertaga ko‘ramiz,– dedi brigadir va qishloq markaziga yo‘l oldi.
Kecha yakshanba edi. Ertalabdan ish boshlagan Gamixarda pichanni to‘dalab tog‘dan pastga, yalanglikka sudrab tushdi, kichik-kichik qilib g‘aramladi. Xotini va bolalari unga yordamlashishdi. Kun issiq edi. Quruq pichan sudralganda, yerdan chiqqan chang terlagan bolalarning badaniga yopishib loyga aylanardi. Kechga yaqin ishni tugallab, nonushta qilish uchun chashma yoniga o‘tirdi.
Katta yo‘lda bir necha yuk mashinasi ko‘rindi. Ular yo‘ldan burildilar-da, g‘aramlar yonida to‘xtashdi.
– Tayyorlaganing hammasi shumi?– so‘radi brigadir qotgan non qobig‘i tishlaganicha unga ro‘para bo‘lgan Gamixardadan.
– Ha, hammasi shu.
– Boshqa yo‘qmi?
– Yo‘q.
– Necha g‘aram?
– O‘ttizta.
– Yigirma beshtasini biz olib ketamiz.
– Nega yigirma beshtasini, menga o‘n beshta topshirish belgilangan-ku.
– To‘g‘ri, o‘n beshta edi. Jun qirqimiga chiqmaganing uchun yigirma beshta belgilandi.
– Qanday qilib shunaqa belgilanishi mumkin. Axir beshta g‘aram bilan bitta sigirni ham boqolmayman-ku. Bolalarim qanday kun ko‘radi?
– Men aytganimday qilamiz,– dedi brigadir va mashinalarni g‘aramlar yoniga haydashni buyurdi. Pichanni mashinalarga ortib, brigadir ishchilar bilan haydovchilar yoniga o‘tirishdi. Gamixarda talmovsirab turgan joyida depsinar, bir bolalariga, bir pichan ortilgan mashinalarga qarar, butun badani qaltirardi.
– Ketdik, – dedi brigadir.
Yuk mashinalari og‘ir qo‘zg‘alishdi.
Gamixarda ancha vaqt asabi qaqshab turdi, keyin cho‘ntagidan gugurt qutisini oldi-da, g‘aramlardan birining yoniga cho‘kkaladi, gugurt chaqdi.
– Nima qilayapsan?– uning qo‘liga yopishdi xotini.
– Nari tur!– Gamixarda xotinini itarib yubordi-da, yonayotgan gugurtni avval bir g‘aramga, keyin boshqasiga tutdi...
– Butun yoz bo‘yi bel bukding, ter to‘kding, endi o‘t qo‘yasanmi?–deya eriga tashlandi ayol, so‘ng boshidan ro‘molini olib olovni o‘chirmoqchi bo‘ldi, lekin kech bo‘lgandi. Qovjiragan pichan birdan o‘t oldi va olovning sarg‘ish tillari g‘aramlarni yamlay boshladi.
Gamixardaning xotini sochlarini yoygancha yig‘lar, bolalari uning etagiga yopishib olishgandi. Gamixarda g‘aramning yonib kulga aylanishiga qarab turdi. Keyin katta yo‘lga burilayotgan mashinalarga nazar tashladi-da, turgan joyidan pastga otildi. U urilib-surilib, yiqilib turib, goh yumalab, goh sakrab pastga qarab uchib borardi.
U bor kuchi bilan Aragviga qarab chopardi. Uning orqasidan xotini yugurardi. Uning ketidan bolalari, bolalarning ketidan butun qishloq chopib borardi. Biz Gamixarda o‘zini suvga tashlamoqchi deb o‘yladik.
Biz daryoga yetib borganimizda, Gamixarda ust-boshini yechib ulgurgan, kiyimini sohilda qoldirib qip-yalang‘och suvga kirgandi. Daryoning o‘rtasiga borgach, kamar joyni topib oldi-da, unga cho‘kib o‘tirdi. Suvdan faqat kallasi chiqib turardi.
Gamixarda bizdan teskari burilib, qayoqqadir osmonga qarab turardi: odamlar sohilda o‘tirib uning suvdan chiqishini kutishardi. Lekin Gamixarda suvdan chiqadiganga o‘xshamasdi.
– Yuringlar, ketdik, bu yerdan, aftidan u bizlardan uyalayotganga o‘xshaydi,– dedi chollardan biri va odamlarni nari boshlab ketdi.
Faqat Gamixardaning xotini va bolalari qoldi daryo bo‘yida. Men uzoqroqdagi toshga o‘tirdim.
– Chiqishni o‘ylamayapsanmi?– chaqirdi uni xotini.
Gamixarda g‘ing demadi. Birozdan keyin xotini undan sohilga chiqishini iltimos qila boshladi. Gamixarda pinagini ham buzmadi. Bolalari baravariga, jo‘r bo‘lib chaqirishdi.
Gamixarda kun botguncha suvda qimir etmay o‘tiraverdi. Quyosh botgach, butun qishloq ahli daryo bo‘yiga yugurib keldi. Odamlar baqirishdi, chaqirishdi, suvdan chiq deb iltimos qilishdi, chiqmasang kechasi shamollab, o‘lib qolasan, deb qo‘rqitishdi. Gamixarda bo‘lsa, parvo ham qilmasdi. Xuddi qulog‘iga paxta tiqib olgandek, eshitgisi kelmasdi. Hatto odamlarga qayrilib ham qaramadi.
Gamixardaning xotini va bolalari yig‘idan to‘xtashmasdi. Aragvi bo‘yiga eng oxirida jamoa xo‘jaligi raisi keldi.
– Ishyoqmas, qani sohilga chiq-chi!– buyruq berdi rais.
Gamixarda raisga ham quloq solmadi.
– Nega endi u bilan adi-badi aytishib o‘tiribmiz. Hozir o‘zimiz uni suvdan sudrab chiqamiz,– dedi brigadir suvga tusharkan. Bir necha erkak uning orqasidan ergashdi.
Buni ko‘rgan Gamixarda o‘rnidan turib, daryo oqimi bo‘ylab suza boshladi. U eng baland sharshara ustiga yetib borganda to‘xtadi. Yana bir qadam qo‘ysa tamom, halok bo‘ladi. Brigadir bilan borayotgan erkaklar unga qarab yurishardi, lekin Gamixarda tanasi bilan sharsharaga talpinganda qo‘rqib to‘xtashdi: falokat bosib kallasi bilan pastga tashlab qolsa-ya!– deb sohilga chiqishdi.
Qorong‘i cho‘kdi. Odamlar birin-ketin uy-uyiga tarqala boshladi.
– Joniga tekkach, o‘zi chiqadi,–dedi Gabriel.
– Ketdik, ketdik, qorong‘i tushishi bilan o‘zi sohilni qo‘msaydi. Odamlar oldida unga chiqish noqulay bo‘layapti,– dedi rais Gamixardaning xotini va bolalarini yetaklab.
Tun zulmati shu qadar quyuqlashdiki, yer yuzidan hamma narsa yo‘q bo‘lib ketganday edi. Qishloqqa faqat daryo shovqinigina eshitilardi.
Ertalab odamlar yana daryo bo‘yiga to‘planishdi. Gamixarda hamon beligacha suvda turar, qaltirardi. Odamlarni ko‘rishi bilan yana suvga yotib oldi.
– Nega suvdan chiqmayapsan?!– jerkidi xotini.
– Odamlarni ishdan chalg‘itish uchun qilayapti, men unga ko‘rsatib qo‘yaman,– jahli chiqdi brigadirning.
– Axir o‘zi ishlamayapti, boshqalarni ham ishlagani qo‘ymayapti. O‘z xohishi bilan chiqmasa, milisani chaqiraman,– do‘q qildi rais va qo‘shimcha qildi:– Qani beshgacha sanayman, Gamixarda, suvda o‘tirish yetar endi!
Hech kimga quloq solmasdi Gamixarda, hech kimga qaramasdi. U faqat sharqqa tikilar va quyosh chiqishini kutardi. Sovqotib qolganga o‘xshaydi.
Yarim soat o‘tgach, militsioner ham keldi.
– Chiqamizmi yoki yo‘q?– dedi kesatib u ham o‘z navbatida.
Gamixarda indamadi.
– O‘zing chiqasanmi yoki yordamlashaymi?– militsioner savolni boshqacha qo‘ydi, lekin javob olmagach, yechina boshladi.
Gamixarda yana o‘zini sharshara tomon o‘ngladi, odamlar militsionerni suvga qo‘yishmadi.
– Besh yilni bo‘yningga olding, Gamixarda! Buni senga men aytayapman!– jahl bilan qichqirdi militsioner va osmonga qarata to‘pponchasidan o‘q ham uzdi.
Oftob chiqdi. Gamixarda uni sog‘inch to‘la nigohi bilan qarshiladi. Bizlar yana tarqalishdik.
– Bizlarsiz o‘zi tezroq chiqishi mumkin,– dedi rais Gamixardaning xotini va bolalarini kechagiday yana yetaklar ekan.
Uyda men Gamixardaga xat yozdim:

“Gamixarda!
Suvdan nega chiqmayapsan? Nega indamaysan? Xotining va bolalaringga rahming kelmaydimi? Men yaxshi bilaman, sen o‘z istaklaringga erk beradigan, xayolingga suvda o‘tirish kelsa, daryoga tushadigan odamlardan emassan. Tushuntir nima gap o‘zi?
Luka”.

Xatni men toza qog‘oz bilan o‘radim-da, orasiga ruchka ham qo‘yib, Gamixardaga irg‘itdim. U atrofga qarab, mendan bo‘lak hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, xatni ilib olib o‘qidi. Bir og‘iz so‘z aytmay ruchkani olib yozdi:
“Shu damdan boshlab men odamlar bilan aloqani uzaman. Haqiqatni ko‘rmaydigan, mehnatni qadrlamaydigan, inson hayotini bir chaqaga olmaydiganlar bilan birga bo‘lishni istamayman. Men odamlarni yaxshi ko‘rardim, lekin endi ularni sevmayman. Sevmayman, chunki men endi odam emasman.
Men baliqman!
Men inson zotini unutaman, barchangizni unutaman.
Menga qanaqa xotin haqida gapirayapsan? Qanaqa bolalar? Anavi sohilda yig‘lab o‘tirganlarmi? Ha, rost! Mening xotinim, bolalarim bor edi. Bu odam paytimda edi. Ha, ikki kun burun odam edim. Bugun men baliqman va endi meni sizlar bilan bog‘lab turgan hech narsa yo‘q.
Men shuni xohladim.
Baliq”.
“Gamixarda!
Sen, men baliqman deyapsan, lekin unday emas. Biz sening odam ekanligingni bilamiz. Sen o‘tmishingdan qanday qilib voz kechasan. Bunga ishonish qiyin. Har qancha urinma, baliq bo‘lolmaysan.
Nima bilan baliqqa o‘xshaysan? Suvda o‘tirishing bilanmi?
Yo‘q, sen baliq emassan, bo‘lolmaysan ham. Bu ahmoqlikdan boshqa narsa emas. Yaxshisi jamiyatga, xotining, bolalaring yoniga, yerga qayt! Qorning och qolmadimi?
Luka”.

“Yo‘q, och emasman. Hozircha, harholda och emasman. Odamlar, xotin va bolalarga, yerga kelsak, men uchun bularning hech qaysi biri mavjud emas. Men barchani va hamma narsani tark etdim.
Men hatto qachonlardir odam bo‘lganmanmi, yo‘qmi, eslolmayman.
Men baliqman va bilasanmi, baliq bo‘lish biram yaxshiki... Bizning dunyomiz butunlay boshqa. Siz odamlar, bir-biringizning jig‘ingizga tegaverib, adoi tamom qilasizlar. Shunga qaramay, o‘zingizni odam deb hisoblash juda yoqadi. Birortasiga sen odam emassan deb ko‘ring-chi, o‘sha yerdayoq o‘ldirib qo‘ya qoladi. Ko‘pincha oxirigacha odam bo‘lib qolish juda qiyin. Lekin shunday yashashdan voz kechish uchun siz kuchni qaydan topasiz?
Nahotki sizlardan yana birontangiz baliq bo‘lishni xohlamagan bo‘lsa?
Ba’zan siz qush bo‘lishni orzu qilishingizni bilaman. Bu esa siz ham o‘zingizning insoniy hayotingizdan qochib qolishni xohlashingizni bildiradi.
Shunday emasmi, a? 
Baliq”.

“Gamixarda!
Biz qush bo‘lib osmonga uchish haqida orzu qilarkanmiz, bu insoniylik qismatimizdan qochib qolishimizni bildirmaydi. Yo‘q, aslo, Ayni shunday damlarda insoniy hayotimizni yanada kuchliroq sevamiz. Parvoz qilish haqidagi orzularimiz bilan uni yanada go‘zal, yanada erkin qilishga intilamiz.
Odamlar bir-birining jig‘iga tegib, adoi tamom qiladi, debsan. Ehtimol, sen haqdirsan. Biroq faqat sen kundalik qiyinchiliklarga dosh berolmading, bizdan voz kechding. O‘z qalbingga quloq sol: inson hayotining qiyinchiliklari tufayli odamlardan voz kechib, uni unutish, baliqqa aylanish unga ma’qulmikin?
Nima, baliqlarning o‘z qiyinchiliklari yo‘qmikin?
O‘pqonlar baliqlarni o‘rab, chirpirak qilganida ular nega quruqlikka chiqmaydilar?
Baliqlar bir-birini yemaydilar deb o‘ylaysanmi? Ular hozircha sendan qo‘rqayaptilar, ehtimol, yaqiningga suzib kelishga botina olmaslar. Bu shuning uchunki, sen hozir ulardan kuchlisan. Lekin ular sening ojizligingni sezishsa bormi, shunaqayam talab tashlashadiki, faqat suyaklaring qoladi. Shundan keyin sen ularga “men baliqman” deb istagancha baqir, foydasi bo‘lmaydi.
Maslahatim shuki, suvdan tezroq chiq, aks holda men yuqorida aytganim qismatdan qochib qutulolmaysan.
Odamlardan qochish mumkin emas. Mumkin emas!
Luka”.
“Sen ataganday men Gamixarda emas, baliqman. Gapni mana shundan boshlaylik. Ha, sen haqsan. Men inson hayotining qiyinchiliklariga bardosh berolmadim va baliqqa aylandim. Xo‘sh, buning nimasi yomon?
Men baliq bo‘lishni istayman. Baliq bo‘lishga yaramaymanmi? Nima qilibdi,hech bo‘lmasa o‘z xohlaganim baliq bo‘lib o‘laman-ku .
Men o‘limdan qo‘rqmayman. Bu, siz – odamlar, o‘limdan qo‘rqasizlar. Biz – baliqlar, qo‘rqmaymiz.
Nega, qo‘rqmayman?
Chunki jonning boshi ham yo‘q, oxiri ham.
Baliq!

“Baliq!
Ehtimol, jonning boshi ham, oxiri ham yo‘qdir. Lekin shunisi aniqki, jon inson tanasida yashar ekan, baliqning joni bo‘lolmaydi. Jon har xil tanalarga joylashishga qodir. Tana moddiydir, modda shaklga ega, shakl esa vaqtga bo‘ysunadi. Demak, shakl vaqt ta’sirida parchalanmas ekan, jon o‘z makonini tark etmaydi.
 Keyin inson joni ehtimol baliqqa o‘tar, lekin bu dargumon. Ko‘chib o‘tadi ham deylik. Unda bu avvalgi jon bo‘lmaydi, oldingi hamma narsa unutilgan bo‘ladi. To‘la unutish esa, tamom demakdir. Bundan chiqadiki, jon o‘zi yashayotgan tana bilan birgalikda o‘z hayotini tugallaydi. Yoxud jon o‘z hayotini davom ettirmoqda deylik, u holda jon xotirasini saqlashi kerak. Agar inson joni xotirasini saqlasa, bu demak, u avvalgidek o‘zining inson joni bo‘lib qoladi va moddiyundan tashqarida inson hayotini uzaytiradi.
Ko‘rib turganingdek, birinchi hol ham, ikkinchi hol ham aniq guvohlik beradiki, sen baliq bo‘lolmaysan.
Bu o‘rinda gap istakda emas, mohiyatdadir. Bitta senga emas, hammaga qiyin. Ba’zan odamga juda ham qiyin bo‘ladi. Lekin agar bizning har birimiz senga o‘xshab Aragvining suviga o‘tirib olib, o‘zimizni baliq deb ta’kidlayversak, bu nimalarga olib borishini o‘ylashning o‘zi dahshat. Biz suvda ham bir-birimiz bilan it-mushuk bo‘lamiz, shunda sen qayoqqa qocharding? Orqangga qayt endi. Bolalaring qanday yig‘layotganini eshitmayapsanmi?
Luka”.

“Jon o‘ziga ma’qulini tanlashga haqli. Buni rad etib bo‘lmaydi. Shuni yaxshi bilinglarki, mening jonim odamlar bilan birga bo‘lishni xohlamadi. Shuning uchun ham mening baliq bo‘lishga haqqim bor. Sen jon avval bo‘lib o‘tgan hamma narsani unutishi mumkinligini aytayapsan.
Shunday ekan, men ham odamlarni unutaman. Bor gap shu.
Baliq”.

“Sen odamlarni unutolmaysan. Sening qalbing inson quvonchlarini, qayg‘u alamlarining unutilmas damlarini ham abadiy saqab qoladi. Sening qalbing yolg‘izlikning shirin anduhlarini ham saqlab qoladi. Sening qalbing inson qo‘llarining mehr-muruvvatini unutolmaydi. Sening qalbing oyoq bosib yurgan yerini unutolmaydi. Qalbingda hamisha qo‘rquv yashagusidir. Bu fanolik qo‘rquvidir. Sening qalbing yana qanchadan-qancha narsalarni unutmasligi kerakligini kim biladi deysan.
Ehtimol, ochlik seni odamlarga qaytarar. Buni ham qalbing uzoq vaqt unutolmaydi. Bolalaring senga salom yo‘llashayapti.
Kutamiz.
Luka”.

“Odamlarning quvonch va g‘am-anduhlarining menga nima daxli bor. Yolg‘izlik biz – baliqlarga ham xosdir.
Xudo odamlardagidek baliqlarda ham yashaydi. Biz – baliqlar ham bir-birimizni sevamiz. Suvni bizlar siz yerni sevgandan ko‘ra kuchliroq sevamiz. Holbuki, o‘sha yerni o‘zaro bo‘lisha olmay jiqqamushtsizlar.
Yo‘qlik, fano qo‘rquvi? Bu qo‘rquv kimda yo‘q o‘zi?
Naqadar och bo‘lmayin, men odamlar orasiga qaytmayman.
Bolalar? Qanaqa bolalar, esimda yo‘q...
Men shu yerda, suvda farzand ko‘rishga qaror qildim. Mendan sizlarda yana nima qoldi? Hech narsa. Yerni ham, uning nozu ne’matlarini ham sizlarga berdim, meni tinch qo‘yinglar. Hamma narsani unutishimga xalaqit bermanglar.
Baliq”.

Uchinchi kuni butun qishloq ahli yana Aragvi bo‘yiga to‘plandi. Kimdir shoshilinch chora ko‘rishni, kimdir kutishni maslahat berdi.
– Senga ikki kun muhlat beraman. Agar esingni yig‘ib olmasang, senga hayfsan berishga va xo‘jalikdan bo‘shatishga majbur bo‘laman. Odamlarimni ishdan qoldirayapsan!– baqirdi rais.
U bo‘lsa parvo ham qilmadi, kar bo‘lib qolganmi, nima balo?
Yana militsioner paydo bo‘ldi, hozir akt tuzaman, deb do‘q qildi. Bunga javoban u boshi bilan suvga sho‘ng‘idi. Bir necha bor shunday qildi.
O‘sha tun saxiy oy yerni juda yorqin yoritdi. Odamlar yoshgina yalangoyoq qizchaning suv chetida turib otasidan iltimos qilayotganini ko‘rishdi:
– Ada, chiqa qoling, adajon! Siz suvdan chiqsangiz bo‘ldi, adajon, men boshqa hech ham to‘polon qilmayman. Iltimos, adajon, baliq bo‘lmang, uyimizga keling.
U go‘dakning iltijolariga e’tibor bermagach, qizcha yig‘lagancha qishloqqa qaytdi. Ayni o‘shanda qishloqdoshlarimning g‘azabi qaynadi. Ular yig‘ilishib, meni chaqirishdi-da, unga quyidagicha xat yozishni buyurishdi: Agar sen bundan buyon suvdan chiqmaydigan bo‘lsang, o‘zimizning qadimgi odatimizga ko‘ra mosuvo qilamiz.
– Keragi yo‘q, xudo haqqi unday qilmanglar,– yalina boshladi uning xotini,– rahm qilinglar, to‘xtab turinglar, balki fikridan qaytar, sho‘rlik.
– Yana bir kun kutamiz, keyin agar biz bilan yashashni istamasa jamiyatimizdan haydaymiz,– dedi keksa ruhoniy menga qarab:– Ertalab unga yoz: agar tushgacha suvdan chiqmasa, xalqni to‘playman va jamoamizdan chetlatamiz. Na yer, na samo odamning insonligidan voz kechganini eshitgani yo‘q. Bu tangri irodasiga shak keltirishdir. Odamlar ustidan kulishni kim qo‘ydi unga? Maslagidan qaytishga, murtad bo‘lishga kim huquq berdi?
Nega odamlarni yo‘ldan uradi? Bizlar unga hech narsa bo‘lsak, xudo ustidan nega kuladi? Agar bu Tangrining irodasi bo‘lsa, uni baliq qilib yaratgan bo‘lardi. Insonga qaraganda baliqni yaratish oson-ku! Yo Xudo, bu ko‘rnamak mavjudotni nechun yaratding?!
Keksa Mtsara ancha vaqt bu murtad boshiga malomat toshlarini yog‘dirdi. Olomon jim turib, eshitardi.

Ertalab menga topshirilgan maktubni yozdim:

“Baliq!
Sen o‘z hatti-harakating bilan xalqni qattiq haqorat qilding. O‘zingning inson bo‘lishni istamasliging bilan odamlarda ishonchsizlik uyg‘otayapsan. Odamlarning butun fikri-zikri beixtiyor sen bilan bo‘lib qoldi. Odamlarning birdaniga seni unutishi, voz kechishi unchalik oson emas. Jinni bo‘lganingda ham boshqa gap edi, axir sen es-hushing joyida odamsan-ku!
Kecha tunda qizalog‘ing senga qanchalar yalindi. Bizni tashlab ketmang, deb ohu zor qildi! Butun qishloq ahlining qizaloqqa rahmi kelib ketdi. Sen bo‘lsang qizchangga bir og‘iz so‘z ham aytmading.
Xalqning sabr kosasi to‘ldi va senga quyidagilarni yetkazishni so‘radi: agar tushga qadar odamlar orasiga qaytib kelmasang, ular seni qishloqdan haydab yuboradilar. Ularni ham tushunish kerak: agar sen odamlar orasida yashashni istamasang, ularning ham sen bilan ishi bo‘lmaydi. Axir ularning ham izzat-nafsi bor. Nahotki sen shundan ham qo‘rqmaysan? Odamlar sendan yuz o‘girsa, qayoqqa borasan? Axir, sovuq tushsa baribir suvdan chiqishga majbur bo‘lasan yoki daryo bilan birga muzlamoqchisan?
Hal qil... Senda hali tushgacha vaqt bor.
Luka”.

“Farosatlaringga balli-e! O‘ylab-o‘ylab shuni topdinglarmi?
Odamdan yuz o‘girish – bu sizlarning qo‘lingizdan keladi. Bu sizlarning sinalgan usullaringiz. Darvoqe, bizlarda, baliqlarda bunaqa qonun yo‘q.
Men sizlarni rad etdim. Sizlar esa buni haqorat deb bildingiz. Qarang-a, qanchalar oriyatlisizlar. Siz meni qo‘rqitmoqchi bo‘layotgan narsaning menga ahamiyati yo‘q. Sizning qaroringiz hatto menga ma’qul. U menga sizlarni tezroq unutishimga yordam beradi. Mayli, yomon o‘ylamabsizlar. Nihoyat meni tinch qo‘yar ekansizlar-da!
Baliq”.

Baliqning javobi haqishloqlariga o‘qib berildi. Hamma tashvishlanib, dahshatga tushdi.
Tush payti dyakon Mtsara qishloq ortidagi tepalikka chiqdi. Bu yer jamoa yig‘inlarining qadimiy joyi edi. U guvohlarning qat’iy sukutida chetlatish marosimini ijro etdi.

Gamixarda Aragvi suviga tanda qo‘yganidan beri bir hafta o‘tdi. Uning bolalari xat yozing, qaytib kelsin deb, jon-holimga qo‘ymaydi. Unga nimalar yozmadim deysiz, hech narsa ta’sir qilmayapti. U hatto xatlarimga javob bermay qo‘ydi. Ochligidan teri bilan suyagi qoldi, xolos. Aftidan, suvdan chiqish niyati yo‘qqa o‘xshaydi.
Tunda momaqaldiroq gumbirlab, chaqmoq chaqdi, keyin jala quydi.
– Balki yomg‘ir uni suvdan chiqishga majbur qilar,– deya umid qilishdi qishloqdagilar va tun zulmatini diqqat bilan kuzata boshladilar.
Gamixardaning xotini va bolalari daryo toshganidan qo‘rqib: chiqa qol, suv ko‘paymoqda,– deb jon-jahdlari bilan yolvorardilar. U bo‘lsa daryoning o‘rtasidagi kattakon toshga chiqib o‘tirib oldi. Daryo kechasi bilan shovqin solib toshlarni ag‘dar-to‘ntar qilardi.
Ertalab tovushlar shovqinidan uyg‘onib ketdim. Daryo tun bo‘yi juda ko‘p daraxtlar, shox-shabbalarni oqizib kelgan ekan. Butun qishloq ahli qirg‘oqqa ko‘chib chiqqan edi. Katta kishilar u daraxtdan-bu daraxtga yugurishar, o‘z belgilarini qo‘yishardi. Biri-biridan o‘zishga harakat qilishardi. Sal imillab qoldingmi, bas, kimdir boltasi bilan sen qo‘ygan belgini chopib tashlab o‘zinikini yozardi. To‘sinlarni goh biri tortar, goh ikkinchisi, shu tariqa ish janjalgacha borib yetardi.
Mening e’tiborimni tortish uchun Gamixarda loyqa suvdan boshini chiqarib bo‘ynini cho‘zdi. U masxara qilganday iljayib menga qaradi. Keyin menga xat yozdi:
“Sen meni yana odamlar yoniga qaytib kel, deb ko‘ndirishga urinasanmi?
Ular shunga arzirmikin?
Qara, odamlaring qanaqa ekanini ko‘rib qo‘y!
Baliq”.

Men unga javob qaytarolmadim. O‘sha daqiqalarda menga odamlarni oqlash ma’nisiz bo‘lib ko‘rindi. Men Gamixarda fikriga qo‘shilolmasdim. Yo‘q unday emasdi. Faqat o‘sha kuni men juda ko‘ngilsiz voqeaning guvohi bo‘lib qolgandim: ayollar ham, erkaklar ham ajratmay va kimligiga e’tibor ham bermay, daryo sohilga chiqarib tashlagan dov-daraxt qoldiqlari bilan bir-birini do‘pposlar, so‘kishar, chinqirishar, kimdir taxlab qo‘ygan o‘tinlarni tashib ketishardi. Kechga tomon tinchib qolishdi va bir-birining yuziga qaray olmay, uy-uyiga tarqalishdi.
Kechasi yana momaqaldiroq gumburladi, tong otguncha havoning avzoyi ochilmadi.
Menimcha, o‘sha kechasi qishloqda hech kim uxlamadi.
Ertalab ko‘z o‘ngimda g‘alati manzara gavdalandi. Daryoning qir-g‘oqlarini loy-balchiq qoplagan. Aragvining suvi qatron kabi qop-qora bo‘lib oqmoqda. Qirg‘oqda bir to‘da odamlar, bezovta, dovdirab turishibdi.
O‘sha kecha yaqindagina talashib-tortishib to‘planib, taxlab qo‘yilgan, daraxt, o‘tin, shox-shabbalarni daryo yuvib ketibdi. Birorta cho‘p, payraha ham qolmabdi. Odamlar boshlari xam holda turishardi. Kechagi mushtlashuvdan keyin bir-birining ko‘zlariga qarashga uyalishardi. U yer-bu yerda suv sohilga uloqtirib tashlagan o‘lik baliqlar ko‘zga tashlanardi.
Faqat Gamixarda hech qayerda ko‘rinmasdi. Xotini sochlarini yoyganicha suvi qop-qora Aragvi bo‘ylab yugurar, bolalari uvvos solganicha uning ketidan chopishardi.
Ushbu baxtsiz hodisa janjallashgan kishilarni hushiga keltirdi va ularni yana birlashtirdi. Qayg‘u hammani kechagi ranju dilozorliklarni unutishga majbur etdi. Odamlar yo‘qotgan go‘shalarini izlab, Aragvining izidan tushdilar. Bu qora to‘da to‘lqinlari hurpaygan jo‘shqin daryo ortidan shunday jon-jahdlari bilan chopardilarki, beixtiyor o‘ylab qoldim:
“Arziydi! Xudo haqqi, arziydi!” Va o‘rnimdan sakrab turdim-u, choxeliklar izidan yugura ketdim.

Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.