– Familiyangiz!?
– Choxeli.
– Ismingiz?
– Butula...
– Kasbingiz?
– Qishloq ruhoniysi.
– Kimdan shikoyat qilayapsiz?
– Maxare Shugliarui...dan.
– Xo‘sh, shikoyatingiz nimadan iborat?
– Shundan iboratki, senga aytsam, ular mening xususiy qarg‘amni o‘zlariniki qilib olishdi. O‘zlariga og‘dirib olishdi-yu, qaytarib berishmayapti, senga aytsam... U endi bizniki bo‘ldi, deyishayapti, senga aytsam...
– Qanaqasiga sizning xususiy qarg‘angiz bo‘ladi? Nima siz meni kalaka qilayapsizmi?!
– U mening qarg‘am ekanini hamma biladi: pichan o‘rgani borsam, orqamdan uchib boradi. Yer haydagani jo‘nasam, izimdan ergashadi... Ular bo‘lsa o‘zlariga og‘dirishdi...
– Shoshmang, shoshmang... demak, sizning xususiy qarg‘angiz bor edi, shundaymi? O‘sha qarg‘ani qanaqa deb atashardi?
– Qarg‘animi?
– Ha, ha, qarg‘ani.
– Hech qanaqa. Odamlar Butulaning qarg‘asi deyishardi.
– Demak, siz qarg‘aga hech qanaqa nom qo‘ymagansiz... Hm, tushunarli.
– Nima tushunarli, axir?
– Shunisi tushunarliki, siz o‘zingizga tegishli bo‘lmagan qarg‘ani o‘zlashtirib olgansiz, endi tushundingizmi?
– Xudo guvoh... Men...
– Xudoni o‘z xoliga qo‘ying, bu yerda!
– Kechirasiz, og‘zimdan chiqib ketdi... Men..
– Fuqaro Butula, qarg‘a necha yildan beri sizning xususiy mulkingiz edi?
– To‘qqiz yildan beri, muhtaram hakam.
– Nega ular qarg‘angizni qaytarib berishmayapti?
– U endi bizniki bo‘ldi, deyishayapti.
– Qarg‘aning o‘zi-chi? O‘zi kimni ma’qul ko‘rayapti?
– Uni aldab o‘zlariniki qilib olishdi, muhtaram hakam. Kunduzi ham, kechasi ham unga don sepishadi. Shunday qilib, qarg‘a ularga o‘rganib qolgan.
– Ular qarg‘ani qanaqa atashibdi?
– Hech qanaqa.
Hakam kechgacha qarg‘ani aniqlash masalasida Butula bilan ovora bo‘ldi. Butula mahkamadan chiqqanida shu qadar holdan toygan ediki, uyiga zo‘rg‘a yetib keldi.
– Hakam nima dedi. Qarg‘aning narxini to‘laydigan bo‘lishdimi yoki o‘zini qaytarishadimi? Bir nima desang-chi?! Ozg‘ingga tolqon solganmisan?– so‘radi xotini Butuladan.
– Ikkingiz ham aybdorsiz, dedi.– Bo‘lgan gap shu. Avvalo, qarg‘ani sen o‘zingniki qilib olgansan, keyin, u o‘ziniki qilib olgan deydi. Qanaqadir shum niyatinglar borga o‘xshaydi, dedi.
– Pul-chi, pul? Nima, ularni to‘lashga majbur qilmaydimi?
– Hamma balo mana shu pulda-da: hali yuztalikni o‘zing sanab berishingga to‘g‘ri kelmasaydi, dedi.
– Nega endi?
– Ertaga, ertalabdan qishlog‘ingizga boraman, tekshirish, o‘tkazaman. Baland bir tekis tom ustiga, deydi, bir tomoniga sen don sepasan, ikkinchi tomoniga Maxare. Har biringiz o‘z sepgan yemishingiz yonida turasiz. Men, deydi, ikkalangizning o‘rtangizda bo‘laman. Qarg‘ani kutamiz. Agar qarg‘a sen sepgan donga kelib qo‘nsa, Maxare jarima to‘laydi. Agar unikiga qo‘nsa, sen to‘laysan...
– Nima, esingni yedingmi? Shunga rozi bo‘ldingmi, a? O‘tgan avliyolar bayramida bor-yo‘g‘i zo‘rg‘a yuz so‘lkavoy ehson yig‘ilgandi, shuni ham jarimaga to‘lamoqchimisan? Shundoq ham aniqki, Maxare sepgan donga qo‘nadi-da.
– U shunday degan bo‘lsa, men nima qilay?
Keyingi kuni ertalabdan butun qishloq ahli Maxarening uyini xalqa qilib o‘rab oldi. Tomning bir tomonida Butula, ikkinchi tomonida Maxare turardi. Ularning orasida savlat to‘kib hakam turardi. Qishloqdoshlarning bir qismi Butulani, boshqalari Maxareni himoya qilardi. Hal qiluvchi gapni qarg‘a aytishi kerak edi. Uzoq kutishga to‘g‘ri keldi. Qarg‘a negadir kechikayotgandi. Hakam, meni kalaka qilishayapti, deb gumon qilib, Butula bilan Maxarening g‘azabnok yuziga qaradi-yu, xotirjam bo‘ldi. Lekin o‘ziga alam qilardi, axir shu yerning o‘zida ikki yuzni ishlab qolishi mumkin edi-da.
Birdan bezovtalanib qoldi. Havoda qarg‘a ko‘rinib qoldi. Bulutlar ostida bir doira yasadi-da, ohista pastlay boshladi; tomgacha uchib keldi-da, qanot qoqib, to‘ppa-to‘g‘ri hakamning qalpog‘iga qo‘ndi-yu, bir qag‘illab, chirs etkizib oq najas tashladi-da, uchib ketdi.
Maxare bilan Butulaning yuragi qo‘yib yubordi: ularni jarimadan xudoning o‘zi qutqardi.
Lekin hakam ushlagan yerini uzmay qo‘ymasdi. U darhol o‘ziga kelib, Butula bilan Maxarega ayblovchi xulosa chiqardi.
– Sizlar yashirib kelayotgan shum niyatlaring tufayli o‘zingizga tegishli bo‘lmagan qarg‘ani haqqingiz bo‘lmagan holda o‘zlashtirib olgansizlar-u, unga hech qanaqa nom qo‘ymagansizlar va bu ham yetmagandek, uni adabsizlikka o‘rgatgansizlar. Shu boisdan bir haftalik muddatdan so‘ng har biringiz ikki yuz rubl miqdorida jarima to‘lashga majbursizlar. Agar jarima to‘lashdan bosh tortsanglar, ishlaring sudga oshiriladi.
Hakam qalpog‘idan qarg‘aning axlatini artdi-da, uni yana boshiga kiyib, jo‘nab qoldi.
Maxarening boshi qotdi – kunu tun o‘ylar, ikkiyuz rublni qayerdan topishni bilmasdi.
Butulaning harholda umidi bor edi – yana ikki kundan keyin qishloqdagilar diniy bayramni nishonlashadi, balki tag‘in yuz so‘lkavoy tushib qolar. Shunda avvalgiga qo‘shib to‘lasa bo‘ladi.
Lekin Butula aytganday bo‘lmadi, bayramda odam kam bo‘ldi, xayr-ehson juda oz tushdi.
Maxarening ham pul oladigan joyi yo‘q edi. Na qo‘shnilari, na qarindoshlari qarg‘a jarimasini to‘lashi uchun unga qarz bermadilar. Burnining tagida eshikni qarsillatib yopib: “Bor, qarg‘aning dumi tagini poylab tur, pul tushsa yig‘ib olasan”, deb to‘ng‘illadilar.
Bir haftadan so‘ng, hakam ularni huzuriga chaqirib, uylariga yubormay qo‘ydi.
Xudoning bergan kuni so‘roq qilish uchun qishloqdan yangi guvoh chaqirilardi. Qarg‘aning shaxsiyati surishtirilardi. Ko‘plar qayta so‘roq qilinardi. Hakamning ko‘ziga ikkinchi bor ko‘rinishni o‘ziga ep ko‘rmaganlar bo‘lsa, birinchi chaqiriqdayoq unga pul qistirar, keyin esa qishloqqa qaytib, o‘zining epchilligidan g‘ururlanib, so‘roq berish uchun qatnayverib charchagan sodda odamlarga mensimay qarashardi.
Qishloq ahli tashvishga tushdi, junbushga keldi. Hammasi bir bo‘lib, bir amallab to‘rt yuz rubl yig‘ib, vakillar bilan hakamga jo‘natishdi.
Hakam barmoqlari bilan stolni chertdi-da, jirkanibgina pulni stol qutisiga tashladi. Buni ko‘rib turgan vakillarning bor umidlari puchga chiqdi.
– Agar o‘sha qarg‘ani ushlab, shaxsan menga tirik va zarar yetkazilmagan holda keltirib berish majburiyatini olsanglar,– dedi hakam,– iltimoslaringiz qondiriladi!
Qishloqdagi kattadan-kichik – hamma qarg‘ani tutishga kirishdilar. Qo‘rqib ketgan va qishloqda kamdan-kam ko‘rinadigan qarg‘a endi hech kimning tomiga qo‘nmasdi. Uchib kelar, alohida o‘sgan daraxtga qo‘nar, bir qag‘illab qo‘yar va yana uchib ketardi.
Uni ushlab olisha olmadi ham, o‘ldira olishmadi ham. Hakam tirik va sog‘-omon keltirishni buyurgandi. Endi unga tegishga ham qo‘rqardilar: butun qishloqqa jarima solmasin tag‘in.
Birinchi bo‘lib Gamixarda gap ochdi.
– Nima, hakam Butulaning qarg‘asi qanaqaligini eslab o‘tiribdimi?
– Qayoqdan eslaydi.
– Unday bo‘lsa, kelinglar boshqasini ushlaymiz.
– Eslab qolsa-chi?
– Qayerda deysan, o‘shanda ko‘rishgayam ulgurmagandi – uchib kelib boshiga qo‘ndi-yu, yana uchib ketdi.
– Anavi ikkovi bu qarg‘a bizniki emas deb, og‘zidan gullab qo‘ysalar-chi? Unda hakamdan baloga qolamiz-ku!
– Ularga odam yuborish kerak. Biz qarg‘ani almashtirmoqchimiz, deb ogohlantirsin, hakamga aytib qo‘yishmasin tag‘in.
Butula bilan Maxareni ogohlanatirish uchun odam yuborishdi.
Qishloq yaqinidagi mevazor bog‘dagi o‘z inida keksa bir qarg‘a yashardi. Bir necha yillardan beri o‘sha yerda bola ochardi. Odamlar unga o‘rganib qolishgan va yashashiga xalaqit berishmasdi. Bu yaxshilik uchun qarg‘a ham yaxshilik bilan javob qaytardi. Odamlar qarg‘aning ular hovlisidan biror jo‘jani olib qochganini sira eslamasdilar.
Nima ham qilishardi. Hakamga shu qarg‘ani olib borishga qaror qilishdi. Bolalarga qarigan nok daraxtiga chiqib, qarg‘ani ushlashni buyurishdi.
Bechora qarg‘a, odamlarning begunohligiga shunchalik ko‘nikkan ediki, uchib ketishga urinmadi ham. Uni olib ketishgach, ayollar o‘z odatlari bo‘yicha uvvos solishdi:
– Oh, bechora qarg‘ajon, o, sho‘rlik palaponlar.
– E, nimasini aytasiz, qo‘shnijon. Yetim bo‘lib qolishdi.
– Odamga qiyin bo‘ldi. Qarg‘a uch yuz yil umr ko‘radi, deyishadi. Ungacha hakam ham o‘lib ketsa kerak, shunda qarg‘ani qo‘yib yuborishar.
– Uch yuz emas, o‘ttiz yil.
– Yo‘g‘-e, menga qara, sen noto‘g‘ri eshitgandirsan.
– Balki u yerdagilar qarg‘aning qancha yashashini bilishmas, tirik va sog‘lom olib kel, deb buyurishadi. Qancha yashashini kutishmoqchi shekilli.
– Bolalari-chi, onasiz o‘lib ketishadi-ku.
– Eh, yayrab qolishadi-da, qarg‘alar.
– Eh, nimasini aytasiz!
Qarg‘a bo‘lsa, uni olib ketishayotganda xavf-xatarni sezdi shekilli, qag‘illab qo‘ydi.
Hakam va’dasining ustidan chiqdi, Butula bilan Maxareni ozod qildi.
Chiqib ketayotganlarida Butula orqasiga qaytdi va hakamning qulog‘iga shivirladi:
– Faqat meni sotmagin... Ular senga soxta qarg‘ani tiqishtirdi.
– Qanaqasiga soxta?– baqirdi hakam va hovliga yugurib chiqdi.
– Yo menga o‘sha qarg‘ani ushlab tiriklay olib kelasiz yoki sudni aldaganlaring uchun jarima to‘laysizlar!
Nima ham qilishardi. Odamlar xafa bo‘lib qishloqqa qaytishdi. Izlab o‘sha qarg‘ani sira topolmadilar. Faqat afsuslanishadi:
– Qarg‘a uch yuz yil yashamaganida, o‘sha qush alaqachon o‘lib ketdi derdik. Endi nima qilamiz?
Haliyam izlab yurishibdi.
Butulaga esa ne qayg‘u, qartayib bu dunyoni tark etdi.
Goderdzi Choxeli. Qarg‘a mojarosi (hikoya)
Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimasi