OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gul Pocha Ulfat. Miltiq (hikoya)

Bu voqeaga bir necha yil bo‘ldi. Afridiy qabilasidan bo‘lgan To‘masxon momand qabilalari yashaydigan tog‘li viloyatdan qishlog‘iga o‘tib ketayotgandi. Qo‘lida miltig‘i bor, hech narsadan qo‘rqmasdi.
Momand qabilasidan bo‘lgan Banorasxon To‘masxonning yelkasidagi ajoyib miltiqni ko‘rib, aqlini yo‘qotayozdi. Momandlar birovning qo‘lida yaxshiroq qurol ko‘rib qolishsa, mol-jonini ham ayamay, uni qo‘lga kiritishga urinishadi.
To‘masxon qishloqdan ancha uzoqlashganda orqasidan izma-iz kelayotgan Banorasxon bir pana joydan turib:
— Hoy, miltig‘ingni darrov tashla-da, bu yerdan tezroq yo‘qol,—deb baqirdi.
To‘masxon darrov katta bir toshning panasiga o‘tib olib, ovoz chiqqan tomonga o‘q uzdi. Afg‘on o‘lsa o‘ladiki, qo‘lidagi yarog‘ini birovga bermaydi.
Qo‘rqoqlik qilib, qurolidan ajralgan afg‘ondan hatto bola-chaqalari ham or qilib, yuz o‘giradi.
To‘masxon o‘q ovozini zshitib momandlar Banorasxonga yordamga kelmshini yaxshi bilardi. Shuning uchun u o‘z raqibini tezroq bir yoqlik qilishi kerak edi. Banorasxonga o‘q tegib, ko‘ksini changallaganicha yerga yiqildi. To‘masxon shu yoqqa kelayotgan momandlarning shovqin- suronini eshitib qolib, kuchi boricha tepalikka qochdi.
To‘masxon momandlar o‘qidan zo‘rg‘a jon saqlab, yugurgancha bir tepalikdan oshib o‘tdi. Qarasa, yana momandlar qishlog‘idan chiqib qolibdi. Momandlardan qochib qutulishiga ko‘zi yetmay, daryo yoqasidagi kichikroq bir uyga kirib, boshpana so‘radi. To‘masxon qotil bo‘lsa ham, afg‘on afg‘onga panoh bo‘lishini yaxshi bilardi. Bu afg‘onlarning muqaddas mehmondo‘stlik odatidir.
To‘masxon uyga kirib olgach, xavfdan qutuldim, deb o‘yladi. Uy egasi momand bo‘lgan taqdirda ham mehmonga yomonlik qilmaydi.
Shu payt bir to‘da miltiqli momand- lar uyni qurshab olishdi.
— Uyingda yashirinib yotgan qochoq — qotil! U o‘g‘lingni otib o‘ldirdi!— deb ular bir-birlariga gal bermay uy egasi Mir Akbarxonga qichqirishardi. Shu payt momandlar Banorasxonning murdasini keltirishdi. Mir Akbarxon o‘g‘lining jasadini ko‘rib, bir zum dong qotib qoldi. G‘am-anduhda qolgan cholga qarar ekan, To‘masxonning rangi oqardi.
Taqdiri tushmagur, nega uni boshqa uyga yetaklamadi ekan? Nima uchun u o‘z oyog‘i bilan o‘limini axtarib keldi?
Mir Akbarxon boshini quyi solgancha, indamay murdaga tikilib turardi.
Qani endi iloji bo‘lsa-yu, pichog‘ini shartta sug‘urib, qotilni bo‘g‘izlab tashlasa! Ota qalbida ikki his-hayajon olishardi; o‘g‘li uchun qasos olish burchi, hamda mehmonni izzat-hurmat qilish burchi.
Nihoyat, ikkinchi burch g‘olib chiqdi.
Chol alamdan qovjirab qolgan lablarini zo‘rg‘a qimirlatib, bo‘ridek quturib turgan qabiladoshlariga vazminlik bilan dedi:
— Yaxshi, mehmonim o‘ldirgan bo‘lsa, mening o‘g‘limni o‘ldiribdi. Uning gunohidan o‘tish — mening ishim. Agar u bo‘lak odamni o‘ldirganda uni himoya qila olmasdim, — u ovozini sal balandlab so‘zini davom ettirdi:— Shu gaplarim qulog‘ingizda bo‘lsin. Sizlar unga yomonlik qila olmaysiz, chunki u, yaxshimi, yomonmi, mening mehmonim. U boshpana so‘rb keldi. Uyimga yaxshi niyat bilan kelib, taqdirini menga topshirgan odamni o‘ldira olmayman. Pushtunvalay* odatini buzishga haqim yo‘q. Agar bu odamni sizlarga topshirsam, bechorani o‘ldirasizlar. Unda men o‘zimni badnom qilib, momand qabilasi sha’niga dog‘ tushirgan bo‘laman. Bu ishimizni eshitib boshqa qabilalar, ota-bobolarimizning muqaddas urf-odatini oyoq osti qilishibdi, deb nafrat bilan qarashadi.
Mir Akbarxonning gapi hammaga ma’qul tushdi. Momandlar To‘masxonga qo‘l tegizishmadi. U sevimli miltig‘ini yelkasiga tashlab, momandlar kuzatuvida o‘z qabilasi — afridiylar yashaydigan qishloqqa omon-eson yetib oldi.

Orif Usmon tarjimasi
_____________
* Pushtunlarning urf-odatlar majmuasi «Push» tunvalay» deb ataladi. Bu urf-odat qonun tusiga kirgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.