Hozir “olma pish, og‘zimga tush” deb o‘tiradigan zamon emas. Kecha ish qidirib ikki joyga uchrashdim, ammo keyingi idoraning xo‘jayini menga boshdan-oyoq uzoq razm solib chiqqanida, to‘g‘risi... adoi tamom bo‘ldim.
Ba’zan shunaqa bo‘ladiki, ishdan bo‘shatsalar parvo qilmaysiz, qaytanga yengil tortasiz, o‘zingizni qafasdan qutulgan qushday his etasiz. Bizning mahkamada ham hayot-mamot jangi biror zum to‘xtagan emas. Ana shunday janglardan birida qovun tushirdim – og‘zimdan boshliqqa yoqmaydiganroq gap chiqib ketdi-da-ey! Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi, deysizmi? Nima bo‘lardi – o‘sha kuniyoq kavushimni to‘g‘rilab qo‘ydilar. Tavba, o‘zi yigirma kishi ishlaydigan idora-yu, dag‘dag‘asi olamni buzadi!
Avvaliga xizmat mojarolaridan qutulganimga suyundim. Boshqa ish topish esa xamirdan qil sug‘urishday oson tuyuldi. Buning ustiga, mana, endi chinakamiga oila bag‘riga qaytganday bo‘ldim. Axir, menda ham xotin bor, farzand bor. Ishlab yurgan kezlarimda ular bilan bemalol yayrab-yashnab o‘tirish qayoqda edi deysiz! O‘g‘limni deyarli ko‘rmasdim, bo‘lar-bo‘lmasga tergayverardim, xotinim bilan esa nuqul ishga aloqador gaplarni gaplashardik. Shunaqa paytlar ham bo‘lardiki, chiroqni o‘chirib to‘shakka kirganimizdan ke-yin ham chakagimiz tinmasdi – tunni tongga ulavorardik. To‘g‘risi, kalavani men chuvatardim. Mavzu bitta – ishxonamdagi g‘iybatlar, bir-biriga pand berishu choh qazishlar – faqat shu. Mana, hammasidan qutuldim, bari sariq chaqaga ham arzimasligini tushunib yetdim. Olam ko‘zimga boshqacha ko‘rina boshladi. O‘g‘lim karavotida bir tekis nafas olib uxlayapti, xotinim muloyim barmoqlari bilan sochimni silayotganini sezib yotibman, qulog‘imga bir nimalarni shivirlaydi, ovozi biram ma-yin, biram shirali! Ey xudoyim-ey, bo‘larkan-ku shunaqayam yashasa! Entikaman, ko‘zlarimdan yosh dumalaydi. To‘g‘ri, erkak kishi yig‘lamasligi kerak, lekin men ba’zan yig‘lavoraman, baxtiyorligimdan, yonimda mana shunday sadoqatli, mana shunday vafodor, meni jonidan ham ortiq ko‘radigan odam borligidan yig‘layman. Gohida, oq choyshab ustida huzur qilib yotgan chog‘imizda, osmon ustimizga ag‘darilib tushganda ham bir-birimizdan ajralmaslik to‘g‘risida ont ichardik. Biz hech narsadan qo‘rqmasdik. Hech qanday kuch bizni ayira olmasligiga, dorulbaqoga ham yaxlit bir vujud bo‘lib qadam bosishimizga qattiq ishonardik.
Ammo endi menda ilgarigi ishonch yo‘q. Pul degan narsa, garchi biz ming ahdu paymon qilmaylik, er-xotin orasiga rahna solishi mumkinligidan vahimaga tushaman.
Mana, ikki oydirki, ishsizman. Ikki oydan beri har kuni kechqurun xotinim ikkalamiz bir parcha qog‘ozga raqam bitamiz. Yozamiz, o‘chiramiz. Yana yozamiz, yana o‘chiramiz. Boshda raqamlar katta emasdi, asta-sekin ulg‘ayaverdi. Hozir ham qarzimiz uncha ko‘p emas, biror ming kron bo‘lsa kifoya. Lekin, nima bo‘lganda ham, pul haqida ko‘proq gapiradigan bo‘lib qoldik. Ayniqsa, keyingi ikki hafta ichida juda ezilib ketdim. Har kuni ertalab uydan chiqib, ish qidiraman. Shaharda bunaqa joy barmoq bilan sanarli, kechgacha tentirab yurish shart emas. Lekin men shunday qilaman. Tinka-madorim quriguncha shahar ko‘chalarida ivirsib yuraveraman. Axir, uyga qamalvolib, zinapoyada eshitilgan qadam tovushlari eshigim oldida tinarmikan, pochtachi hayotimizni izga solib yuboradigan biror mujda keltirarmikan, deb kutib o‘tirishdan ortiq azob bormi! Bunday deyishimning sababi – so‘nggi kunlarda ko‘p idoralarga kirib-chiqdim, ish masalasida menga yordam berishi mumkin bo‘lgan ancha-muncha odam bilan gaplashdim. Hozircha butun umidim o‘shalardan. Endi, ertadan kechgacha ko‘chada sang‘ib yurishimga kelsak, bir amallab vaqt o‘tkazish, xotinim bilan pul haqida gaplashmaslik uchun, unga bugun ertalab falon joyga, tushdan keyin pismadon joyga bordim, de-yish uchun shunday qilaman. Aslida, aytgan joylarimning birortasiga ham bormagan bo‘laman. Shulardan ayrimlarining darvozasi oldida turib-turib, kirmay qaytib ketganman. Lekin xotinimga, kirdim, deyman. Ochig‘ini aytsam, yol-g‘onchilik bobida tajribam katta: sobiq ishxonamda nuqul yolg‘on gapirib o‘rganganmiz. Lekin shu choqqacha, nazarimda, xotinimni aldamagan edim. Kechasi, chiroq o‘chgandan keyin aybimga iqror bo‘lay deyman-u, sira jur’at qilolmayman. Vaqt-soati kelar, qo‘limga pul tushib, qarzlardan qutularman, ana o‘shanda yolg‘on gapirganimni bo‘ynimga olaman, balki xotinim ikkalamiz qotib-qotib kularmiz.
Hay, mayli. Lekin bir narsaga hayronman: er-xotin pul degan xonasallot oralariga rahna sololmaydigan darajada yaqin bo‘lishlari mumkinmi, yo‘qmi?
Hozir sizga kecha ro‘y bergan voqeani so‘zlab bermoqchiman, chunki bu voqea ikki dunyoda ham esimdan chiqmaydi.
Hikoyamning boshida menga boshdan-oyoq razm solib chiqqan odam haqida gapirgan edim. Yo alhazar! O‘sha damda qay ahvolga tushganimni siz tasavvur ham qilolmaysiz! Bo‘lmasa, ko‘rinishim binoyidek, ust-boshim ham tuppa-tuzuk edi. Nachora, “umumiy taassurot” degan tushuncha ham bor-da dunyoda. Haligi odam meni soch-soqolim o‘sgan, egnim yupun bir qiyofada ko‘rganida nima qilardi, bilmadim. Qayrilib ham qaramas edi-yov, menimcha. Yo hamma gap ko‘zdamikan? Nima bo‘lganda ham, keyingi vaqtlarda ko‘pchilik menga sinovchan nazar tashlaydigan bo‘lib qolgan. Aslida-ku, boshqa birovga ana shu alfozda tikilish inson sha’niga to‘g‘ri kelmaydi, lekin odamlar bu haqda o‘ylamaydi-da. O‘zim ham tayyorlov bo‘limi mudiri bo‘lib ishlaganimda, ehtimol, idoramizga kelgan mijozlarga ana shunday nazar bilan qaragandirman. Lekin men aytgan boyagi odamdan umidim katta edi, shuning uchun ham uni oxirgi tashrif uchun “tishimning kavagi”da asrab kelayotgan edim – axir, uning o‘zi bir mahallar, sizga bu ish to‘g‘ri kelmaydi, siz kattaroq lavozimga munosibsiz, vaqt topib oldimga bir kiring, degan edi-da. Ikki oydan beri har kuni yotsam ham, tursam ham o‘sha odam haqida o‘ylayman, tilimda faqat o‘sha odamning ismi aylanadi; buni qarangki, oxirgi uchrashuvimizdan keyin o‘zim ham, turqi-tarovatim ham o‘zgarib qolgani haqida zarracha o‘ylamabman-a! Mana, huzuriga kirganimda o‘rnidan ham turmadi, qo‘lini ham uzatmadi, bor-yo‘g‘i menga boshdan-oyoq uzoq razm solib chiqdi, xolos. Qaniydi, yer yorilsayu yerga kirib ketsam! O‘shanda nimalar deganim yodimda yo‘q, lekin gap bunda ham emas, gap shundaki, bir nigoh bilan insonligim, nafsoniyatim shaf-qatsizlarcha oyoqosti qilingan edi. O‘pkam to‘lib, ko‘zlarimga yosh qalqdi. Nihoyat, u o‘rnidan turdi, tirsagimdan ushlab kabineti ostonasigacha kuzatib qo‘ygach, “Bardam bo‘ling”, dedi. Axir, men oxirgi umidimni shu odamga tikkan edim-ku! Ko‘chaga chiqdimu boshim oqqan tomonga qarab yurdim, hech narsani ko‘rmasdim, qorachig‘larim ko‘zyoshlar tubiga g‘arq bo‘lib ketgan edi...
Hozir shaharda gripp tarqalgan. Ko‘pgina mahkamalarning boshliqlari betob. Yaqinda xotinim gazetada o‘qibdi: grippga chalinganlar soni kun sa-yin ortib borayotganmish.
– Xudoga shukr, – dedi u, – o‘lim deyarli yo‘q.
– Ha, shukr qilish kerak, – dedim men, lekin ko‘nglimdan, xuddi ispan urushi vaqtidagiday odamlar ko‘proq qirilsa qaniydi, degan o‘y o‘tmadimikan?
Tag‘in, jinni bo‘lganmi bu, deb o‘ylamang. Ishlab turganimda bunaqa gap xayolimga ham kelmasdi, hozir ham bunaqa bo‘lishini xohlamayman, albatta. Lekin o‘tgan yili sentyabr oyida urush boshlanishini xohlab turgan odamlarni hozir teranroq tushunayotgandayman, nazarimda. Ammo o‘shanda bunday gaplardan g‘azablanganman. Hozir yana urush haqida gap ochilsa, bilmadim... har holda, urush hayotga o‘zgarish kiritadi. So‘nggi kezlarda xotinim ikkalamiz boshiga kulfat tushgan odamlar haqida ko‘proq gaplashamiz. Ilgari bunday emas edi.
– Qanday dahshat! – deydi xotinim, ishsiz bir odam ikki farzandini gaz bilan zaharlab o‘ldirganini eshitib.
– Rostdan ham, dahshat, – deb qo‘yaman men ham.
Gazetalar deyarli har kuni mana shunaqa voqealarni butun tafsiloti bilan chop etadi.
Kecha anovi odam nigohi bilan qaddi-qomatimni “qarichlab” chiqqanidan keyin ko‘chama-ko‘cha daydib yurganimda birdan etim uvishayotganini sezib qoldim, shunda gripp yodimga tushdi. Boqqa kirib, skameykaga o‘tirdim; kun sovuq edi, izg‘irin chimchilab turibdi, tevarak-atrofda hech zog‘ yo‘q. O‘tirib, gripp haqida o‘ylay ketdim. Balki men ham grippga chalingandirman. Har doim tramvayda yuraman-ku, birorta yo‘lovchidan yuqqan bo‘lsa yuqqandir. Darvoqe, xastalik ham bir imtiyoz emasmi? Lekin ishi tayin odamlar uchun imtiyoz. Bundaylar oppoq to‘shakda cho‘zilib yotadi, atrofida hamma girdikapalak. Tomirimni ushlab ko‘rdim – tez va pala-partish uryapti, badanim misday qizib ketgan. Sekin turib, uyga qarab yo‘l oldim. Qadam bosganim sayin ahvolim og‘irlashib borardi. Uyga yaqin qolganda ko‘zim tinib ketdi. Zinapoyada bir oz to‘xtab turishga to‘g‘ri keldi.
Eshikni ochib, yo‘lakka kirdim. Yotoqxonadan xotinimning ovozi eshitildi:
– Senmisan?
Ilgari, ishlab yurganimda, har gal mana shu yo‘lakda kutib olib, “yaxshi keldingmi?” deb so‘rardi. Bu gal unday qilmadi. Chunki hozir kirib-chiqishim ko‘p. Baribir, kutib olmaganidan dilim o‘ksidi. Paltomni bazo‘r yechdim, shu orada beixtiyor ingrab yubordimmi, “ha, nima bo‘ldi?” deb so‘radi xotinim hamon qorasini ko‘rsatmay. Javob bermadim. Yotoqxonaga kirsam, dazmol qilayotgan ekan. Yoniga bormadim, odatdagiday, chakkasidan o‘pmadim. Karavot ustidagi adyolni qayirib, pinjagimni stul suyanchig‘iga ildim. Xotinim ishini to‘xtatib, menga ko‘z qirini tashladi:
– Yotmoqchimisan?
– Ha. Mazam yo‘q. Isitmam chiqyapti.
– Ie, shunaqami!
“Ie, shunaqami!” degan xitobni har xil talaffuz qilish mumkin. Bu gapni u taajjublanib, andak qo‘rquv aralash aytdi. “Gripp bo‘lmasin tag‘in” deb sergaklanmadi. Yana dazmolga yopishdi.
– Yotsam maylimi? – deb so‘radim o‘smoqchilab.
– Yotaver, bemalol. Kitob o‘qi, sen ham bunday bir dam olishing kerak-ku, axir.
Gapining ohangida ishsiz va pulsiz qolgan odam yotishga haqli emas, degan ma’no yo‘q edi, albatta. Ammo ilgarigi vaqt bo‘lganda dazmolni bir chetga qo‘yib, yonimga kelib o‘tirardi. Yechinarkanman, miyamga har turli fikrlar yopirilib kelaverdi. Xotinimga qarab turib, avvaliga, judayam tasqara bo‘p ketibdi-ya, deb o‘ylardim. Gavdasi keliga o‘xshaydi, qorni tog‘oraday, yelinlari kindigigacha osilib tushgan, yuzi ham shaftoliqoqidan farq qilmaydi. Shu zahoti boshqa bir xotira isyon ko‘tarib qoldi. Esimda, bundan ko‘p yillar muqaddam qandoq juvon edi-ya! Oltinrang sochlari oftob nurida yal-yal tovlanadi, g‘unchadek lablarida nimtabassum. Ovozini aytmaysizmi! Jonon piyolaning jarangiday nafis va ishvali. Endi-chi, endi! Sochmi bu yo yomg‘irda qolgan po‘stakmi? Ovozini-ku qo‘yavering – moylanmagan arava g‘ildiragining g‘iychillashi ming marta a’lo! Qani o‘sha nazokat, qani o‘sha ishvalar?! Vodarig‘, qandoq kunlarga qoldim! Ammo... uning shu ahvolga tushishiga o‘zim aybdorligimni ham sezib turardim. Uyaldim. Adyolga burkanib, hech narsani o‘ylamaslikka ahd qildim. Bo‘lmadi, tinch yotolmadim. Uyalganim, o‘zimni ayblaganim alam qilib ketdi. Mana, isitmalab yotibman, birrov bo‘lsa ham yonimga kelmadi-ku! Axir ishsizman, pulsizman. Yana shuni ham bilamanki, tan-jonim sog‘, meni to‘shakka yotqizgan – gripp emas, anovi o‘rnidan turib qo‘lini uzatmagan, nigohi bilan meni “rentgen”dan o‘tkazgan ablah! Kelib-kelib, o‘shanga ishonibman-a! Ana shunaqa o‘ylar miyamda g‘ujg‘on o‘ynar, bir-biri bilan bahslashar, biri ikkinchisini inkor etar edi. So‘ng barcha o‘y-fikrlarim bir yerga jamlanib, omuxta bo‘ldiyu sal narida kuyindi hidi taratib dazmol bosayotgan ayolga nisbatan hadsiz-adoqsiz bir nafratga aylandi. Ammo-lekin siz o‘ylaganchalik xudbin emasman. Mabodo, shu ayolni aynan xunuklashib, tasqarasi chiqib ketgani uchun sevishimni va judayam qattiq sevishimni his etmaganimda, undan bu qadar nafratlanishni ham o‘zimga ravo ko‘rmasdim. Axir, uning vujudida men ham borman, uni men shu ko‘yga solib qo‘ydim. Xotinimni yoshlik paytidagiday asrab turishga qurbim yetmadi – qo‘l kaltalik qildi. Pulim bo‘lganida hozir ham qo‘g‘irchoqday dirkillab turmasmidi, sochlari yal-yal yonmasmidi, ovozi jonon piyoladay jaranglab, nozli ishvayu shamalarga limmo-lim to‘lmasmidi! Evoh, “pul – belning quvvati” deb bejiz aytmagan ekanlar!
Yotgan joyimda harorat o‘lchagichni so‘radim. Keltirib berdi. Salkam 38°.
– O‘ttiz sakkizu ikki, – dedim xotinimga.
Aslida haroratim o‘ttiz yettiyu sakkiz edi. Lekin cho‘zilib yotvolish uchun bu kam-da. Mening esa yotgim kelardi. Umrimda biror marta mana shunday oyoqni uzatib dam olishga haqim bormi-yo‘qmi? Eng yaqin odamimning oldida o‘zimni kasallikka solib yotishim insofdan emasligini yaxshi bilaman. Lekin nima qilay? Ikki oydan beri boshimni devorga uraman – bir xil savol beraman, bir xil javob olaman. Odamlarning istehzo to‘la nigohlari-chi! Ozgina dam olvolish uchun menga bahona kerak edi. Ishlab yurgan vaqtimda kasal bo‘lib xizmatga borolmasam, xijolat tortmasdim. Xotinim ham “Parvo qilma. Qaytanga yaxshi, birga o‘tiramiz”, derdi. Endi esa ming turli bahonayu sabab qidirishim kerak.
O‘zimni kasallikka solib yotibman-u, tag‘in xotinimdan xafa bo‘laman. Nuqul og‘zini poylayman, biror marta “tuzukmisan” dermikan, degan umidda mo‘ltirab qarab qo‘yaman – qani miq etsa! Indamay dazmol uryapti. Ancha vaqtgacha shu alfozda yotdim, undan sado chiqmadi. Keyin uyqu qochgan paytlarda o‘qiydiganim sarguzasht romanni olib, duch kelgan sahifasini ochdim:
“Biz lord Piterning kutubxonasiga kirdik. Bu shifti cherkov gumbaziday baland xona edi. Devorlar gird-aylana yakrang muqovali kitoblarga liq to‘la. Yerga Buxoro gilamlari to‘shalgan, kamin tokchasida chinni guldonlarga solingan anvoyi guldastalar. Lord Piter o‘qiyotgan kitobini bir chetga qo‘yib, biz bilan so‘rashish uchun o‘rnidan turdi. Xizmatkor qahva keltirdi, lord Piter inqilob davridan qolgan konyakdan hammamizga bir-bir qultum quydi. “Mana, ko‘nglimiz tusagan hamma narsa muhayyo,– dedi u.– Kaminda olov yonib turibdi, stolda antiqa konyak, tash-qarida kech kuzning devona shamoli. Faqat bittagina murda yetishmayapti, xolos”.
Xuddi shunday deb yozilgan – bu parchani yoddan bilaman. Eng qizig‘i, murda haqidagi so‘zlar boshqacha harf bilan terilgan. Lord Piter – ingliz korchaloni. Ibodatxonani eslatuvchi kutubxonasiga Buxoro gilamlari to‘shalgan, chinni guldonlaru inqilob davridan qolgan konyaklar bu maskanga zeb berib turadi. Mazkur roman muallifi o‘zi tasvirlagan narsalarni umrida ko‘rmagandir, lekin buning nima ahamiyati bor: axir, qayd etilgan bisotlardan har birining zamirida pul yotibdi. Ayniqsa, “bittagina murda” – bir dunyo pul degani.
Lord Piter shunaqa badavlat ediki, hatto pulining hisobini ham bilmasdi. Mustaqil izquvar bo‘lvolib, ajo-yib-g‘aroyib mo‘‘jizalar ko‘rsatish ham unga cho‘t emasdi. Faqat bittagina murda yetishmayotgan edi. Biroq murdani sotvolish mumkin-ku... Kitobni bir chetga qo‘ydim-da, narigi yonboshimga ag‘darilib ko‘zlarimni yumdim. Bir mahal xayolan yana o‘sha kutubxonaga kirib qoldim. Lord Piter menga boshdan-oyoq razm solib chiqdi. “Menga murda kerak, – dedi u. – Naqd ming funt sanab beraman”. Indamay turaverdim. “Bo‘pti, – dedi lord Piter. – Besh ming bo‘laqolsin”. Mendan sado chiqmagach, lord Piter nimtabassum qildi. “Bu yoqqa keling, konyak quyib beraman, – dedi u. – Qani, frantsuz inqilobini boshdan kechirgan konyakdan bir tatib ko‘rib, bahosini bering-chi”. Bu voqea menga xuddi tushday tuyuldi, ammo bundan keyin hatto sarguzasht romanlarni ham o‘qimasligim kerakligiga aqlim yetib qoldi. Men, umuman, o‘qimasligim kerak. O‘qiganim bilan ko‘z oldimga pul kelaversa, murda ham pulga borib taqalaversa – nima keragi bor menga bunaqa mashmashani! Ana, xotinim o‘sha-o‘sha – qo‘lida dazmol, og‘zida talqon. Xonani kuyindi hidi tutib ketgan. Ey parvardigori olam, gunohim nima?! Uxlab, hamma narsani unutish maqsadida yuzimni yostiqqa bosdim.
Uyg‘onganimda qorong‘i tushib qolgan edi. Xotinim yo‘q. Kuyindi hidi chiqib ketsin deb derazani ochib qo‘yibdi. Oshxonadan o‘g‘limning ovozi eshitilardi. Balki shuning shovqinidan uyg‘onib ketgandirman. Ammo-lekin ovozi judayam o‘tkir-da!
– Nega kirish mumkin emas, oyi? – deb so‘rardi u.
– Jim! – derdi oyisi. – Chunki dadang uxlayapti.
– Nega kunduzi uxlaydi?
– Charchagan-da. Shovqin solma, uy-g‘otvorasan.
Aftidan, bola o‘z aytganidan qolmasa bu gal dakki eshitmasligini sezdi shekilli-yov, balki onasining taqiqini rag‘batday tushungandir – kim biladi, odatda bolalar so‘zning ma’nisidan ko‘ra ohangiga ko‘proq e’tibor berishadi. Eshik sekin ochilib, yotoqxonaga pisibgina o‘g‘lim kirib keldi. O‘zimni uxlaganga solib yotaverdim, ammo uning iliq nafasini sezib turardim. Bir mahal barmog‘ining uchini gardanimga ohistagina tekkizib qitiqlay boshladi. Shahd bilan u tomonga o‘girildim. O‘g‘lim xaxolagancha xonaning o‘rtasida irg‘ishlashga tushdi. Butun vujudidan – lablaridan, tishlaridan, yuzlariyu sochlaridan kulgu yog‘ilardi, men uning quvlik bilan yiltirayotgan mug‘ombir ko‘zlarini arang ilg‘adim. Keyin u chopgancha oshxonaga kirib ketdi, o‘sha yoqdan o‘g‘limning g‘olibona ovozi eshitildi:
– Oyi, oyi, dadamni uyg‘otdim!
Badanimni iliq bir epkin silab o‘tganday bo‘ldi. Bas qilish kerak lanj-likni! Turish kerak, muzdek suvda yuvinish kerak...
Endi turayotgan edim, xotinim kirib keldi:
– Ovqatni shu yerga opkelaymi yo o‘zing chiqasanmi?
Bu gapdan ayb qidirish noo‘rin, ammo ohangi, uning chimirilib turishlari... “Bilaman, soppa-sog‘san. Ayyorlik qilyapsan, qo‘lingdan pul topish kelmagani uchun o‘zingni kasallikka solib yotibsan. Xo‘sh, bu nayrangbozlik qachongacha davom etadi yo insofga kelib, esingni yig‘ishtirib oldingmi?” Xotinimning gapini men shunday tushundim. Indamay o‘rnimdan turdim, oyog‘imga shippakni ilib, pijama ustidan yelkamga kamzulni tashladim. Oshxonaga sudralib, shalviragan bir qiyofada kirgan bo‘lsam kerak – rostdan ham boshim zirqirab og‘rir, butun jismim zil-zambil edi. O‘g‘lim xonaning o‘rtasida turgan ekan, meni ko‘rib tag‘in qiqirlay boshladi. Balki hayiqmay uyg‘otganidan tantana qilib kulayotgandir yoki egnimdagi pijama kulgisini qistatdimi – qaydam, chunki kunduz kunlari uyda pijamada yurmasdim. Ehtimol, aftim g‘alati ko‘ringandir. Sekin yoniga borib, “O‘chir”, dedim. Bu so‘zni ijirg‘anib ayt-dim shekilli, o‘g‘lim yelkalarini qisib, ikkala kafti bilan yuzini berkitdi. Shundan keyin sal yengil tortdim. Albatta, yosh bolaning kulishi kap-katta odamning nafsoniyatiga tegishiga birov ishonmaydi, lekin nima uchun jahlim chiqdi, hayronman. Oshxonaga sukunat cho‘kdi, judayam og‘ir sukunat. Kresloga o‘tirib, yuzimni gazeta bilan to‘sdim.
Birinchi sahifada Ispaniyadagi urush haqida yozilgan edi:
“Ayollar, bolalar va qariyalarning aksariyati shaharda qolgan edi. Ular g‘oliblarning mehr-shafqatiga umid bog‘lagan edi, ammo shahar ishg‘ol etilishi bilan hammani, xuddi poda singari, markaziy maydonga haydab kelib, pulemyotlardan o‘qqa tuta boshlashdi. Biz bu manzarani baland tog‘ cho‘qqisidan kuzatib turardik. Do‘zax deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Norasida go‘daklar onalarining etaklari ostidan panoh izlar, ammo bu ularni asrab qololmasdi. O‘q bo‘roni bittayam tirik jon qolmaguncha davom etdi...”
Ertalab shu maqolaga yana ko‘z yugurtirdim, baribir uncha ta’sir qilmadi. Lekin “...ammo bu ularni asrab qololmasdi” degan jumlani qaytadan o‘qiganimda sochim tikka bo‘lib ketdi. Onalarining etagi ostiga yashirinayotgan bolalar ko‘z oldimga keldi. Dahshatli manzara edi bu! Gazetani bir chetga uloqtirdim. Bittagina murdaga muhtoj bo‘lgan lord Piter yodimga tushdi. Ehtimol, lord Piterning boyliklari, buxoriy gilamlari, chinni idishlari aynan Ispaniyaning qalay konlari sharofatidandir. Ehtimol, lord Piter urushning iloji boricha uzoqroq cho‘zilishini xohlayotganlar toifasidandir, ehtimol, u allaqachon bitta emas, yuzta murdani qo‘lga kiritishga ulgurgandir. Modomiki, dunyoda mana shunday qabohat yuz berayotgan ekan, ishlaymanmi, ishsizmanmi, tirikmanmi, o‘likmanmi – nima ahamiyati bor? Shu tobda xotinimning yoniga borib, uni bag‘rimga bosgim, hech nima demasdan, astoydil bag‘rimga bosgim keldi. Ko‘nglim vayron bo‘lib ketgan edi.
Chekilgan shuncha iztiroblarga qaramay, men bilan eng yaqin odamim o‘rtasidagi pinhona jang hanuz davom etardi. Xotinim suli bo‘tqasi solingan likopni to‘q etkizib stolga qo‘ydi, ke- yin bolani chaqirib, bo‘yniga sochiqcha bog‘ladi. Men yana gazeta varaqlay boshladim. Uchovimiz ham miq etmasdik. Xotinim o‘choqboshiga chiqib, idish-tovoqlarni yuvishga tushdi, likopchalarning bir-biriga urilishidan sezdimki, xonaki urush hali to‘xtagani yo‘q.
O‘g‘lim qoshiqcha bilan bo‘tqani titkilab o‘tirar, men gazeta osha uni kuzatardim. Ehtimol, tomog‘idan ovqat o‘tmayotgandir, balki menga araz qilayotgandir. Kreslodan qanday turib ketganimni bilmayman, stol yoniga, o‘g‘limning ro‘parasiga o‘tirvolib, undan ko‘z uzmay qarab turaverdim. Bola nigohimga anchagacha bardosh berdi, so‘ng birdan qoshiqni uloqtirib, aftini bujmaytirdi.
– Qani, yig‘lab ko‘r-chi! – dedim tishimni g‘ijirlatib. – Ye ovqatingni!
O‘g‘lim qo‘rqqanidan qoshiqni to‘ldirib og‘ziga bo‘tqa tiqdi, yutishga rosa urindi-yu, bo‘lmadi, ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi.
– Tupursang – ko‘rasan!
Shunday deyishim bilan bo‘tqa og‘zidan otilib chiqdi, u o‘qchir, gezarib ketgan yuzi so‘lak aralash bo‘tqaga belangan edi. Men “battar bo‘l” deganday qarab turardim, negaki, yig‘ilib yotgan zahrimni sochib, bir qadar yengil tortgan edim. Aslida o‘zimni ham, xotinimni ham, hamon o‘qchiyotgan o‘g‘limni-da ko‘rgani ko‘zim yo‘q edi. Po‘pisa bilan o‘rnimdan turdim. Ammo o‘g‘lim o‘zg‘irlik qilib, baqirgancha o‘choqboshiga qarab yugurdi.
– Oyi!.. Oyi!..
Orqasidan quvib borib, o‘choqboshi ostonasiga yetganda taqqa to‘xtab qoldim. O‘g‘lim onasining tizzalaridan quchoqlab, etagiga yuzini mahkam bosib turardi. Ko‘z oldimga lop etib, ispan shaharchasida qirilgan bolalar keldi. Nahotki, diydam o‘sha harbiylarnikiday qotib ketgan bo‘lsa, nahotki, birov buyursa hech ikkilanmay pulemyotni tarillatishga tushsam!..
Oshxonaga qaytib, stol yoniga o‘tirdim. Chakkalarim lo‘qillardi. Nima qilsam ekan? O‘choqboshiga qaytib borib, o‘g‘limni xumordan chiqquncha do‘pposlasammikan? Yo‘q, ketishim kerak, boshim oqqan tomonga qarab jo‘navorishim kerak, o‘zlari qanday xohlasa shunday yashayversin. Ayni paytda, hozirgi holatim shunchaki bir jazava ekanini ham anglab turardim. Jazavaning sababi esa ma’lum: men boshimni tosh devorga uryapman, odamlar menga masxaraomuz qarashyapti, qaerdan pul topishni bilmayapman, lekin xotinim bilan o‘g‘limni yaxshi ko‘raman, agar o‘zimni qo‘lga olsam, hayotimiz izga tushib ketardi. O‘zimni tutishim, ruhimni tushirmasligim kerak...
O‘g‘lim hamon o‘choqboshida piqillar, onasi pichirlab uni yupatardi. Bir ozdan so‘ng xotinim sho‘rva quyilgan idishni ko‘tarib yemakxonaga qaytib keldi. Hech narsa demadi, ko‘rinishi xotirjam, yuzida biron bir ifoda yo‘q edi. Indamay ikkita likopcha sho‘rva quydi, tamaddi qila boshladik.
Go‘shtli sho‘rva – jon-dilim, ayniqsa, yumaloqlangan qiymali bo‘lsa – oh-oh-oh! Ammo bu gal sho‘rva go‘shtsiz edi, likop ichida ikki-uchta jimjiloqday sabzi suzib yurardi. Lekin, to‘g‘risi, qoshiqni buning uchun bir chetga surib qo‘yganim yo‘q. Ishtaham bo‘g‘ilgan edi. Xotinim gavdasini stul suyanchig‘iga tashlab birdan xaxolavorganda og‘zim lang ochilib qoldi.
– Nega kulasan?
– O‘zingni bir oynaga solib ko‘r.
– Nima bo‘pti?
– Pul yo‘qligiga men aybdor emasman, shuning uchun senga qiymali sho‘rva pishirib berolmayman.
Kim biladi, bunaqa gapga balki kulish kerakdir, lekin, nazarimda, basharamga tarsaki tortilganday bo‘ldi. Shartta o‘rnimdan turdimu bir og‘izgina so‘z aytdim, ammo-lekin yomon so‘z! Keyin yotoqxonaga kirib, eshikni qattiq yopdim, yo‘q, oldin lang ochib turib, so‘ng qarsillatib yopdim. Albatta, bu bir jirrakilik, lekin nachora? “Pul yo‘qligiga men aybdor emasman”, deydi-ya! Men bir ho‘plam sho‘rva uchun zarda qildimmi?! U meni bir tiyinga qimmat odam deb o‘ylayapti. Lekin xotinim haq: rostdan ham men haqirman, notavonman, bir tiyinga qimmat odamman. Biroq buni tan olish – o‘limdan og‘ir! Chiroqni yoqib, xonaning qorong‘i bir burchagiga bordim-da, o‘zimni himoya qilmoq uchun atrofimga nafrat g‘ishtlaridan qo‘rg‘on qura boshladim. Tashlab ketsammikan, deya o‘ylardim men, bir jazosini tortsin, “tirikchilik – toshdan qattiq”ligini bir bilib qo‘ysin. Mendan biror nima talab qilishga qanday haddi sig‘adi? O‘shanda unga uylanish niyatim yo‘q edi, o‘zi yopishib qo‘ymadi. Kutaylik, maoshim sal ko‘paysin, dedim, ko‘nmadi. Farzandli bo‘lishga ham men shoshgan emasman, o‘zi tug‘aman, deb turib oldi. Mana endi, pul opkelmayapsan, deb boshimda yong‘oq chaq-yapti. Nuqul pul deydi, pul, pul, pul! He, pul o‘lsin-e! Tashlab ketgan taqdirimda ham tinch qo‘ymaydi bu, pul talab qilib izimdan advokat jo‘natadi! Qaniydi, rostakamiga kasal bo‘lsamu o‘lib qo‘yaqolsam! Qutulardim basharasini ko‘rishdan, xalos bo‘lardim shu dardisar pul xarxashasidan!
Ko‘nglimdan ana shunday gaplar kechardi-yu, ammo bularning bari quruq vasvasa ekanini sezib turardim.
Burchakda xiyla vaqtgacha karaxt bo‘lib o‘tirdim. Vujudimni chulg‘agan boyagi naf-rat asta-sekin tarqalib, faqat quyqasi qoldi. Bundoq o‘ylab qaralsa, vahima qiladigan hech narsa bo‘lgani yo‘q-ku. Bor-yo‘g‘i... men xayolan tuzgan ro‘yxatdagi eng so‘nggi odam menga boshdan-oyoq razm solib chiqdi. Shunga achchiq qilib o‘zimni kasallikka soldim. Uddasidan chiqa olmaganimdan keyin jazavaga tushdim. Shuning uchun xotinim ham to‘nini teskari kiyvoldi. To‘g‘risi-da, biz shunaqa badavlatmidikki, jazavaga tushsam. Miyam tiniqlasha boshladi, qilgan ishimdan uyaldim, etim junjikdi, shu darajada tubanlashib ketdimmi, a? Bosh-qalarga ozor berib, shundan lazzatlandim, shundan o‘zimga tasalli izladim. Dunyoda yuz berayotgan jamiki kulfatlar men uchun faqat o‘z musibatlarimdan chal-g‘ish vositasiga aylanib qoldi. Ilgari bunaqa emas edim. Agar shu ahvol davom etsa, mendan ajal quroli sifatida foydalanishlari ham hech gap emas. Shu tobda hech narsaga kafolat berolmayman. Hozir ko‘nglim faqat tanholikni tusayapti. Xotinim oldimga kelishini ham xohlamayman. Shu choqqacha oramizdagi munosabat qoyaday mustahkam, uni hech qanday kuch o‘rnidan siljitolmaydi, deb o‘ylardim. Endi esa, bir burchakda qunishib o‘tirarkanman, o‘zimni bosh-keti yo‘q bo‘shliqda osilib turganday his etardim. Mabodo hozir xotinim kirib kelgan taqdirda ham uni bag‘rimga bosib, yaxshi kuningda ham, yomon ku-ningda ham birga bo‘laman, deyolmayman. Bunaqa so‘zlarni faqat huzur-halovat og‘ushida yashayotganlar aytishi mumkin. Bunaqa va’da berish uchun odamning beli baquvvat bo‘lishi kerak.
Xotinim qorasini ko‘rsatmadi, o‘zaro hech qanday savol-javob yo yarash-yarash ham bo‘lmadi, men shundan xursand edim. Faqat yarim kechadan oshganda, karavotda mijja qoqmay o‘y surib yotganimda, nogahon qo‘lini men tomonga uzatib, bilagimni qattiq bir qisib qo‘ydi.
– Qo‘y, ko‘p siqilaverma, uxla. Ertaga – xudo poshsho.
– Yaxshi tushlar ko‘r, – dedim men ham iyib ketib.
“He, o‘rgildim o‘sha poshshongdan!” demoqchi edim-u, ichimga yutib qo‘yaqoldim.