OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hiyam al-Muflih. Fikr (hikoya)

Bir kuni “S”ning miyasiga bir fikr keldi.
O‘ylab qarasa, u hali uncha shakllanmabdi.
U bu fikrning ba’zi burchagi-yu qirg‘oqlarini, baland-pastligini tekislashni, poydevorini mustahkamlashni xohladi. Biroq dangasalik uning erka aqlini karaxt qilib qo‘ydi va tomirlarida esnaganday oqa boshladi.
U fikrini qo‘liga olib, ma’lum bir paytgacha saqlab qo‘yish uchun muzlatgichda muzlatib qo‘yishga qaror qildi.
“S”ning yonida “A” ismli bir kishi o‘tayotib, uning oldida e’tiborsiz ag‘darilib yotgan fikrini sezib qoldi. U qo‘lga kiritmoqchi bo‘ldi-da, egasidan so‘radi. “S” karomat ko‘rsatib, bu fikrni unga sovg‘a qildi. Shunday qilib, u “A”ning mulki bo‘lib qoldi.
“A” bu fikrga ancha pardoz berdi.
U mohir tadbirkor tojir edi. Fikrlarni qanday qilib sotishni bilar edi.
Sotuvga tayyor bo‘lganida o‘z do‘koniga qo‘yib qo‘ydi.
“J” ismli mijoz uni sotib olish maqsadida rosa sinchiklab u yog‘-bu yog‘ini ko‘rdi, undan hayratga tushib sotib oldi.
Chunki u optimist kishi edi. U fikrni yarqiroq ranglarga bo‘yab, uning bo‘yniga ipak lenta ilib, uyining o‘zi eng yaxshi ko‘rgan burchagiga ilib qo‘ydi.
Har kuni ertalab uning qarshisida qahva ichayotganda ko‘zlari shod-xurramlikka to‘lar, chehrasida tabassum paydo bo‘lar edi. U mana shu bilan har kunga oddiy kulrang kunining bulutlarini haydar edi.
Bundan “M” ismli hamkasbining jahli chiqar, g‘azablanar edi, chunki u doiman pessimist edi.
Har safar unikiga kelganida “qani, endi buni menga bersa edi” deb qo‘lga kiritishni xohlardi.
Tiqilinch qilib so‘rayvergach, undan xijolat tortib, uning xohishini qondirdi. U aslida do‘stining tushkunlik girdobidan chiqishiga va kunlarini xursandchilik va optimistlik alvonlari bilan bezashiga yordam berib, o‘z ko‘nglini xotirjam qilmoqchi edi.
Chunki “M”ning o‘zgarishi juda qiyin edi.
U barcha bezaklarini yechdi, yaltiroqlarini o‘chirdi.
Qatl etuvchi qora rangga bo‘yadi, so‘ng uni eritdi va... o‘q hajmidek qolipga quydi.
Qayerga borsa, uni barmoqlari o‘ynab, qo‘llarida tumordek ko‘tarib yurdi.
Bir kuni...
u tumorini qayerdadir unutib qoldirdi. Uni bir och daydi o‘g‘irlabdi.
U o‘ziga to‘q, erka yashayotgan bir kishiga hasadi oshib uni o‘ldirishni rejalashtirib yurar edi.
U o‘g‘irlagan qora o‘qni to‘pponchasiga joyladi, so‘ng uni o‘sha kishi tomon mo‘ljallab otdi va qochib ketdi.
Ertalab gazetalar quyidagi xabarni bosib chiqardi.
Janob “S”ning jasadi topildi, u miyasiga otilgan qora o‘qdan o‘lgan.

Arab tilidan Murtazo Saydumarov tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.