OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isabel Alyende. Biz yaratilgan tuproq (hikoya)

Ular qizaloqni botqoqdan boshini chiqarib, ko‘zlarini katta-katta ochganicha unsiz faryod chekayotgan holda topishdi. Uning ismi Asusena edi. (Uni Lili deb ham chaqirishardi) Katta befayz qabriston allaqachon to‘lib ketgan, atrofni esa yetimlarning faryodi tutib ketgandi. Kichik qizaloqni yashash uchun qattiq tirishib harakat qilishi bu fojeaning ramzi edi. Telekameralar qizchaning bunday chidab bo‘lmas tasvirini tez tez namoyish etishar, uning kimligini va uning ismini hech kim eslay olmasdi. Ekranda har zomonda uning orqasida o‘ttiz yillik faoliyati davomida o‘z kasbiga sodiq, mas’uliyatli bo‘lgan, tajribali jurnalist  Rolf Karley ko‘rinardi.
Dastlabki yer osti tebranishi paxta dalalarida bo‘lib, ularni ko‘pik to‘lqinlariga o‘xshatib qo‘ydi. Geologlar bir necha hafta oldin seysmograflarni o‘rnatishgan va to‘g‘ yana uyg‘onishini bilishardi. Shuning  uchun  ular vulqon otilib issiq yemirilish sodir bo‘lishini va lava muzlarni eritib falokat yuz berishini bashorat qilishdi lekin ularning bu ogohlantirishlariga hech kim quloq solmadi. Vodiydagi shaharlar aholisi hech narsadan behabar to o‘sha dahshatli yer qimirlashi va ulkan qor ko‘chkisi sodir bo‘lib, toshlar va suv qishloqlar ustiga yopirilib kelib ularni ko‘mib yuborgan noyabr oyining fojeali chorshanbasigacha o‘z kundalik yumushlarini qilib yurishgan edi. Tirik qolgan odamlar dahshatli manzaraga guvoh bo‘lishdi ularning ko‘z o‘ngida uylar, saroylar, mehmonxonalar, cherkovlar, oppoq paxta dalalari, qop-qora qahva o‘rmonlari, chorva yaylovlari – barchasi yo‘q bo‘lib ketdi.  Ancha vaqtdan keyin harbiylar va ko‘ngillilar yordamga yetib kelishdi va halokat kengligini tahlil qilishga urinishdi, ular halokat natijasida yigirma ming odam va bir necha yuz ming hayvon loyga botib ketganini tahmin qilishdi. O‘rmonlar va daryolar ham  supirib tashlangan va ulardan asar ham qolmagandi biroq ulkan botqoqli sahro vujudga kelgandi.                                                 
 Rolf Karley Asusenani birinchi bo‘lib topgan va uni qutqarishga urinayotgan ko‘ngillilar guruhini suratga olayotgandi. Uning kamerasi qizaloqning qoramtir yuzi umidsiz ko‘zlari va loyga belangan sochlarini yirik planda ko‘rsatardi. Uning atrofi balchiq loy bilan qoplangan, kimdir uni tortib olishga urinsa qiz botib ketishi mumkin edi. Qutqaruvchilar qizga arqon tashlashdi, u esa ular to unga arqonni ushlashini baqirib aytmagunlaricha arqonni ushlashga harakat qilmasdi.Nihoyat qiz botqoqlikdan qo‘lini chiqarib harakatlanishga urindi, ammo tezlik bilan botqoqqa cho‘ka boshladi. Buni ko‘rgan Rolf safar xaltasi va anjomlarini otib yubordi va botqoqlikni kechib o‘ta boshladi.        
  “Isming nima?” deb so‘radi u qizdan.
 Qiz unga ismini aytdi.
“Qimirlama, Asusena” deb Rolf sekinlik bilan qiz tomonga yura boshladi.
Qizni yaqindan borib qutqarishni imkoni bo‘lmagach, Rolf ortga chekindi va atrofni aylanib oyoq qo‘ysa bo‘ladigan qattiqroq yerni qidira boshladi. Nihoyat u qizga yaqin kelishni uddasidan chiqdi va arqon bilan qizning qo‘llari ostidan bog‘ladi, endi qizni tortib olishlari mumkin edi. Rolf qizga qarab yosh boladek jilmaydi va unga hammasi yaxshi bo‘lishini, u bilan shu yerdaligini va ularni tez orada tashqariga olib chiqishlarini aytdi. U qutqaruvchilarga arqonni tortish haqida ishora qildi, lekin arqonni tortishlari bilan qiz qichqirib yubordi. Qutqaruvchilar yana bir marta urinib ko‘rishdi, shunda qizaloqning yelkasi va qo‘llari ko‘rindi. Lekin ular qizni boshqa qimirlata olishmadi. U qopqonga tushib qolgandi. Kimdir qizning oyoqlari uyining qulagan devorlari orasiga tiqilib qolgan deb tahmin qildi lekin Asusena bu g‘isht bo‘laklari emas, uning oyoqlariga chirmashib, yopishib olgan ukalari va singillari ekanligini aytdi.
“Tashvishlanma seni albatta chiqarib olamiz” deb va’da berdi Rolf.
Asusena unga qaradi biroq hech narsa demadi.
Rolf Karley soatlab qizni qutqarish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi. U qattiq kurashdi lekin qizni qutqarish dahshatli azob edi. U bir nechta usullardan foydalanib ko‘rdi lekin foydasi bo‘lmadi. U ikki nafar askarga u bilan birga qolib, unga yordam berishlarini so‘radi lekin ular ketishdi. Chunki boshqa qurbonlarga ham yordam ko‘rsatish zarur edi. Qizaloq garchi qimirlay olmasa ham, zo‘rg‘a nafas olayotgan bo‘lsa ham, umidsizlikka tushmasdan taqdirga tan bermasdi.
Rolf bir amallab qizning qo‘llari ostidan mahkam ushladi. Biroq harakatlanishning imkoni yo‘q edi. Rolf botqoqqa sho‘ng‘ib qizning oyoqlarini topishga bir-ikki marta urinib ko‘rdi, lekin buni ham foydasi bo‘lmadi. Rolf  ratsiya orqali suvni chiqarib tashlovchi nasos (pompa) so‘radi. Lekin unga transport yo‘qligini, nasos keyingi kuni jo‘natilishi mumkinligini aytishdi.
“Uzoq kuta olmaymiz!” deb baqirdi Rolf Karley, ammo hech kim hamdardlikdan nariga o‘tmasdi. Harbiy doktor qizni tekshirish uchun keldi va uning yuragi yaxshi ishlayotganini, agar qattiq sovuq yemagan bo‘lsa shu tundan omon qolishini aytdi.
“Biroz chida, Asusena,ertaga nasos keltirishadi,”  shunday deb Rolf Karley qizni yupatishga urindi.
“Iltimos, meni yolg‘iz tashlab ketmang,”  deb yolvordi qiz.
“Ha, albatta, havotirlanma hech qachon seni tashlab ketmayman.”
Qahva keltirishdi va Rolf qizga qahvani ichishga yordamlashdi. Issiq ichimlik uni jonlantirdi va qiz Rolfga o‘zining kichkina hayoti,oilasi,maktabi va vulqon otilishidan oldin sodir bo‘lgan kichik voqealar haqida gapira boshladi. U o‘n uch yoshda edi va hech qachon o‘z qishlog‘idan tashqariga chiqmagandi. Rolf tez orada hammasi tugashini, nasos keltirishlarini va suvni nasos bilan olib tashlab, g‘ishtlarni surib uni halos etishlarini hamda uni vertolyotda kasalxonaga olib borishlarini, u yerda esa u tezda tuzalib ketishini va unga sovg‘alar olib borishi haqidagi optimistik gaplarni aytib qizning ko‘nglini ko‘tarardi.
Rolf biroz o‘ylanib qoldi, “Asusena allaqachon qo‘girchoq o‘ynash yoshidan o‘tgan, unga nima olib borsam ekan ehtimol ko‘ylak olib borarman. Ayollar haqida ko‘p narsa bilmayman.”  Garchi u hayoti davomida ko‘plab ayollar bilan tanishgan bo‘lsada hech biriga sovg‘a olish haqida o‘ylamagan ekan.Ikki soat davomida u Asusenaga o‘zining sayohatlari va sarguzashtlari haqida gapirib berdi. Vaqt o‘tgani sayin qizni mudroq bosib kelardi Rolf esa hali ham shu yerda ekanligiga uni ishontirish uchun qorong‘uda ham gapiraverardi.
Uzun tun bo‘ldi.
Bir necha ming chaqrimdan turib men Rolf Karley  va qizni tele ekran orqali kuzatib bordim. Men uyda jimgina o‘tira olmadim va odatda biz Rolf bilan tunlarni teledastur tayyorlash bilan o‘tkazadigan Milliy Telekanalga bordim. Men barcha muhim shaxslar, senatorlar, armiya qo‘mondonlari, Shimoliy amerikalik elchilar, Milliy Neft Kompaniyasi prezidentiga qo‘ng‘iroq qilib balchiqni tortadigan nasos so‘rab yalindim biroq quruq va’dalardan boshqa narsani olmadim. Radio va televideniye orqali ham shoshilinch yordam so‘radim.
Erta tongi efirda men dahshatli manzarani ko‘rdim, odamlar va hayvonlarning jasadlari erigan qor natijasida vujudga kelgan daryolardan oqib o‘tardi. Daraxtlar tepasiga va cherkovlarning qo‘ng‘iroqxonalariga chiqib olgan odamlar esa najot bilan yordam kutishardi. Fuqaro Muhofazasidan kelgan yuzlab askarlar va ko‘ngillilar vayronalar orasidan tirik qolganlarni izlashardi. Radio tarmoqlari yetim qolgan bolalarga boshpana berishni xohlovchilar qo‘ng‘irog‘iga to‘lib ketgandi. Oziq-ovqat va ichimlik suvi tanqisligi boshlandi. Doktorlar qo‘l-oyoqlari  jarohatlangan odamlarni narkozsiz operatsiya qilishardi.Buyrokratik hukumat esa faqat buyruqbozlik bilan band edi. Epidemiya tarqala boshladi.
Asusena ich-ichidan qaltirab ketardi. Qimirlamay yotish va keskinlik uni ancha holdan toydirgan bo‘lsada aqli-hushi joyida edi. Rolf Karleyning esa soqollari o‘sib ketgan, holdan toyganidan ko‘zlari kirtayib qolgandi. U endi  kamerasini mutlaqo unutgandi. Bizga kelgan tasvirlar Rolfniki emas boshqa reportyorlarniki edi. Rolf qizni chiqarib olishga yana bir marta urininb ko‘rdi. Lekin faqat qo‘li bilan to‘siqlarni olib tashlashga urindi chunki asbob ishlatsa qizga jarohat yetkazib qo‘yishdan qo‘rqdi.
Rolf Asusenaga jo‘hori qaylasini berdi lekin qiz uni qaytarib tashladi. Doktor uni isitmasi borligini aytdi, lekin antibiotiklar faqat qorasonga chalinganlar uchun asrab qo‘yilganini ta’kidladi. Ruhoniy kelib qizning bo‘yniga bokiralik tumorini osib ibodat qila boshladi. Yomg‘ir maydalab yog‘a boshladi.
“Osmon ham yig‘layapti” deb Asusena o‘zi ham yig‘lab yubordi.
“Iltimos, qo‘rqma, kuchingni asra. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Men sen bilanman. So‘z beraman, qanday bo‘masin seni bu yerdan chiqarib olaman,” deb Rolf unga dalda bo‘ldi.
Reportyorlar qizni suratga olish uchun kelishdi va undan ba’zi savollarni so‘rashdi. Ayni vaqtda ko‘plab telekanallar vakillari o‘zlarining kameralari, ovoz yozish apparatlari, tasvirchilari va boshqa asbob-anjomlari bilan shu yerda edi. Asusenaning yuzi butun dunyo bo‘ylab millionlab ekranlarda namoyish etildi. Rolf esa hammasidan nasos so‘rab iltimos qilardi.
Ikkinchi kuni qorong‘u tushgach, Rolf Asusenaga, u yaxshi uxlashi uchun onasidan o‘rgangan qadimgi Avstriya xalq qo‘shig‘ini aytib berdi, biroq qiz naridan beri uxladi. O‘sha tunda Rolfning xotirasidan ko‘plab yomon xotiralar o‘tdi. U bularni hammasini Asusenaga ayta olmasdi. Axir qizaloq dengiz orti, Yevropada urush yillari nima bo‘lganini qayoqdan ham bilsin. U qizaloqqa ruslar ochlikdan o‘lib ketgan maxbuslarni yoqib yuborish uchun konslagerlarga tashigani, tog‘dek uyum bo‘lib yotgan yalong‘och jasadlar, tiriklayin kuydirilgan va dorga osilgan bolalar haqida qanday qilib aytib bera olardi. Shuningdek ko‘z oldida onasi xo‘rlangan o‘sha mash’um tun haqida ham aytib bera olmasdi albatta. U aytib bera olmaydigan ko‘p narsalar bor edi. Rolf ayni damda bu narsalarni hayolidan o‘chirib tashlashga urindi.
 Rolf Asusenaninig yoshida bo‘lgan davrlarini yodga oldi. Yoshligida otasi uni bir chuqurga tashlab kamari bilan rosa qamchilagandi. Bir marta o‘zini yomon tutdi deb hisoblab otasi uni katta shkaf  ichiga qamab qo‘yganida esa burchukda titrab turgan hayvon kabi u qorong‘ulikni ko‘rmaslik uchun ko‘zlarini yumib olgan, yurak urishini eshitmaslik uchun esa quloqlarini qo‘llari bilan bekitib olgandi. Shu narsalarni chuqur qayg‘u bilan yodga olar ekan Rolf butun hayotini yashirinish bilan o‘tkazgan, otasi uning tug‘ilishini isnod deb bilgan, aqli zaif singlisi Katerinani esga oldi. Katerina bilan Rolf emaklab yemakxona stolining ostiga bekinib olishardi va oyoq tovushlarini eshitib bir-birlarini mahkam quchoqlab olishardi. Katerinaning shirin hidi hali ham Rolfning dimog‘idan ketmagandek edi. Uning qo‘rquv bilan nafas olishi, ipakdek mayin sochlari, ko‘zlaridagi samimiylik hanuz yodida turibdi. Katerinaning o‘limidan so‘ng u juda ko‘p ko‘z yosh to‘kdi. Keyinchalik u jurnalist sifatida erishgan barcha yutuqlariga o‘tmishidagi qiyinchiliklariga bardosh bergani uchun erishganini anglab yetdi. U qanchalik urinmasin o‘tmishini esidan chiqara olmasdi. Ko‘zlari yoshdan qizarib ketgan Rolf onasini so‘nggi marta qora ko‘ylakda, onasi uni Janubiy Amerikaga ketadigan qayiqqa o‘tqazganida ko‘rgan edi. Onasi uni ko‘z yoshlarini artishga kelmadi, faqat uning “urush tugadi, endi belkurak olib kuydirilgan jasadlarni ko‘mamiz” degan gaplari yodida qolgandi.
“Iltimos yig‘lamang, men azoblanayotganim yo‘q. Men yaxshiman,” dedi Asusena uning hayollarini bo‘lib.
“Sen uchun yig‘lamayapman” deb kuldi Rolf Karley. “O‘zimni deb yig‘layapman. Men azoblanayapman.”
Uchinchi kuni vodiyda bo‘ron bo‘lib ag‘dar-to‘ntar boshlandi. Respublika Prezidenti falokat sodir bo‘lgan joyga tashrif buyurdi. U mamlakatda motam e’lon qildi, favqulotda holat joriy qilib kimki o‘g‘irlik yoki boshqa jinoyat sodir qilsa qurolli kuchlarga uni otib tashlashni buyurdi. Qo‘shni millatlar yordam taklif qila boshlashdi. Prezident vodiyga kirish joyini muqaddas joy deb e’lon qildi, ruhoniylar bu yerga kelib qurbonlar haqiga ibodat qilishlari mumkin edi. Prezident qo‘shin turgan hududga borib qutqaruvchilar sonini ko‘paytirishni, kasalxonalarda esa shifokorlar va hamshiralar ish soatlarini uzaytirishni buyurdi. Keyin u o‘sha butun dunyo ko‘rgan qizaloq, Asusenani so‘radi. U qizaloqqa qo‘l silkitdi va mikrofonlar uning qizchaga uning jasorati butun millat uchun ibrat bo‘lishi haqidagi ehtirosli gaplarini yozib oldi. Rolf Karley esa hech narsa bilan ishi yo‘q faqat nasos so‘rardi. Prezident bu ish bilan shaxsan o‘zi shug‘illanishini aytib uni ishontirdi.
 Men Rolf Karleyning loyga cho‘kkalab o‘tirgan siymosini ko‘rib turardim. Kechki yangiliklar uzatilganida ham Rolf shu holatda turardi. Rolf Asusenaga tasalli bermoqchi bo‘lar lekin aksincha qiz uni yupatardi. Men ularni hayotni boshqa tomonidan uch kun kuzatdim. Rolf hammasiga taslim bo‘lgandi.Uning qizning ko‘z oldida halok bo‘lishiga jimgina qarab turishidan boshqa iloji qolmagandi. Asusena o‘n uch yillik umri davomida uni hech bir yigit yaxshi ko‘rmaganini va dunyodan sevilish nimaligini bilmay o‘tib ketayotganidan qattiq achinayotganini Rolfga aytayotganida men ham o‘sha yerda edim. Rolf esa unga uni hammadan, onasidan, singlisidan, dunyodagi barcha ayollardan, umr yo‘ldoshi bo‘lgan mendan ham ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rishini aytdi.Shunday deb u qizning peshanasidan o‘pdi. Nihoyat ular taqdirga tan berishgandi. Rolf qizni qiynalmasdan joni uzilishini so‘rab sekin ibodat qila boshladi. Bu orada menga ertasi kuni harbiy samolyotda nasos yetkazishlari haqida xabar berishdi. Ammo endi kech edi. Uchinchi kuni tunda Asusena hayotining oxirgi daqiqalarigacha u bilan birga bo‘lgan do‘stining oldida jon berdi. Rolf uning boshini ko‘ksiga bosganicha indamay turardi va biroz o‘tib u qizni qo‘yib yubordi. Qiz botqoqdagi gul kabi sekinlik bilan cho‘kib ketdi. Rolf esa kameraga nafrat va alam bilan qarab turardi.

Ingliz tilidan Feruzbek Ziyodullayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.