Bugungi gazetalarni o‘qirkanman, «Sabr» degan maqolaga ko‘zim tushdi. Oldiniga «E, shundan boshqa gap qurib qoptimi!» dedim-da, e’tibor bermadim, boshqa sahifalarni qarab chiqdim. Keyin ichimda bir qiziqish paydo bo‘lib, haligi maqolani o‘qishga tutindim.
Muallif «Sabr»da shularni qalamga olgandi:
«Bambuk daraxti juda qiyinchilik bilan o‘stirilar ekan.
Xitoyliklarning salkam falsafalashgan bambuk ekish jarayoni yomg‘ir mavsumida boshlanarkan.
Urug‘ chuqur qazilgan yerga ko‘milgach, uni rosa sug‘orisharkan.
Bu ish bir yil bo‘yicha davom etarkan. Qazilgan chuqurga go‘ng tashlab, tinimsiz suv berilarkan.
Birinchi yilda yerga ekilgan bambuk urug‘ining unib chiqishini umid qilish behuda emish. Ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi yilda ham urug‘ nish urmasmish. Nihoyat, beshinchi yil deganda urug‘ unib chiqarmish.
Ko‘kargan bambuk ilk ikki yilda faqat besh santimetr bo‘y cho‘zarmish.
Ikkinchi yilning oxirida o‘sishi tezlasharmish.
Va ikki yil ichida bambukning bo‘yi 27 metrga borarmish.
Ya’ni, bambuk og‘ochi ekkanlar rosa to‘qqiz yil kutganlaridan ¬keyin uning bir daraxtga aylanganini ko‘ra olisharmish.
Shuning uchun Xitoyda bambuk o‘stirish qutlug‘ ish sanalarmish.
Juda katta mehnat, qunt bilan o‘stirilgan bambuk daraxtini va uning yog‘ochidan tayyorlanadigan favqulodda go‘zal, bezakli o‘ymakorlik ishlarini ko‘rmoq uchun sabr bilan kutish kerak ekan.
Xitoyda bambuk sabr timsoli, sabr so‘zining ma’nodoshi emish».
«E, o‘l-e!» dedim ichimda. Shuyam gapmi? Qibrisda, qibrislik bir yozuvchi o‘z xalqiga sabr timsoli sifatida bambukni ibrat ko‘rsatishi shart¬mi?
* * *
Kichkinagina bola edim. Boshlang‘ich maktabda o‘qiy boshlagan chog‘im, adashmasam, birinchi sinfni tugatganimdan keyingi yozgi ta’tilga chiqqan paytlar edi.
Buvamning bir eshagi bo‘lardi. U hamma biladigan yirik, Qibrisning filday eshaklaridan emas, qiltillagan eshakcha edi.
Bir kuni buvam menga:
— Yur, seni bir o‘ynatib kelay, — dedi.
Qanaqa quvonganimni bilsangiz edi.
To‘rtta idishga suv to‘latib, ikkitasini eshakning o‘ng va chap yoniga osilgan xurjunlarga soldi. Qolgan ikkitasini arqonga bog‘lab, eshakka ortdi. Keyin meni ham eshakning ustiga mindirib qo‘ydi.
Buvam boshvoqni qo‘liga olib, yo‘lga tushdi. Eshak, ustida yuklar, men, erinibgina uning ortidan yurdi.
Yo‘l baland-pastli, o‘ydim-chuqurli, tog‘li-tepali edi. Ammo eshak ustida borayotganim uchun kayfim chog‘, ichimga sig‘masdim. To‘g‘ri, sal-pal sollanib borardim, biroq bu parvoyimga kelmasdi, rosa miriqayotgandim!
Bechora buvam esa o‘lguday charchagan, harsillab nafas olardi. Shunga qaramasdan, to‘xtamay yurib borardi. U paytdagi bola holimda anglamagan bo‘lsam ham, buvam o‘shanda oltmish beshlardan o‘tgandi.
Keta-keta bir yam-yashil vodiyga yetdik. Uning o‘rtasini ekinzorlar, atrofini zaytun daraxtlari va turli butazorlar qoplagandi.
— Bu vodiyni Vo‘ligari deyishadi, — dedi buvam menga o‘girilib. — Eng ko‘p qush ovlanadigan joy shu yer bo‘ladi! Katta bo‘lganingda, sen ham kelasan bu yerlarga.
Vodiy ichida anchagina yo‘l bosdik. Bir qiyalik qarshisida to‘xtadik.
— Mana shu yer bizniki, — dedi buvam.
Meni eshakdan tushirdi. Arqonlarni yechib, suv idishlarini yerga qo‘ydi. Keyin xurjundagi ikkita suv idishini ham olib, ularning yoniga joylashtirdi.
So‘ngra xurjunlarni, eshakning to‘qimini olib, yerga tashladi.
Eshak shir yalang‘och bo‘ldi. Uzoq yo‘ldan yuk bilan kelib ancha charchagandi. Uni bir og‘och ko‘lankasiga yetaklab borib, boshbog‘ini o‘tlay oladigan darajada bo‘shatib, daraxtga bog‘lab qo‘ydi.
— Oldin ishimizni bitiraylik, keyin o‘tirib tin olamiz. Qani, men bilan yur-chi, — dedi buvam.
Sal naridagi, qiyalik etagidagi yerga bordik. Bu yerda qator qilib ekilgan zaytun ko‘chatlari bor edi.
— Bular zaytun ko‘chatlari, hali yosh, — dedi buvam birini silay turib. — Yaqinda ekdim bularni. O‘sib, ka-a-atta zaytun og‘ochi bo‘lajak. Men balki ko‘rmasman. Bularning mevalarini terib olayotganda, meni eslab yurarsan, bolam.
Suv idishlarini birma-bir ko‘chatlar tagiga keltirdi. Barcha ko‘chatni menga sug‘ortirdi.
— Bular sening og‘ochlaring. Sen sug‘ording. Sen ularga jon berding, — deya buvam menga yaxshi gaplar aytib, ko‘nglimni ko‘tardi.
O‘sha yoz ta’tilida bir necha marta o‘sha tarzda, bir necha mil uzoqdan eshakda suv tashib kelib, ko‘chatlarni sug‘organimizni yaxshi eslayman.
Bu orada yillar suvday oqib o‘tib ketdi.
Boshlang‘ich va o‘rta maktabni tugatgach, universitetda o‘qidim, uni bitirguncha qishloqdan, u yerdagi turmushdan ancha uzoqlashdim.
Universitetni tugatgan yilim Qibrisda urush boshlanib qoldi. Boshqalar kabi men ham ona qishlog‘imni rumlarga tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldim...
Buvamning «Bu seniki» degan zaytun ko‘chatlarining katta bo‘lib-bo‘lmaganini esa ko‘rolmadim. Chunki Vo‘ligari deyilgan u go‘zal vodiyga boshqa borolmadim.
Yaxshiyamki buvamning umri uzun ekan, birgalikda ekkanimiz o‘sha zaytun ko‘chatlarining unib-o‘sganini, meva berganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
1968 yildan Qibris orolida yana tinchlik boshlandi. Bir kuni qishloqqa buvamni ko‘rgani borganimda, u menga o‘sha ko‘chatlar haqida gapirib qoldi:
— Sening zaytunlaring ham o‘sib, kap-katta og‘och bo‘lib ketdi. Meva ham bera boshladi. Qachon borib ko‘rasan, ularni?
— Biror kun birgalikda borib ko‘rarmiz, buva, — dedim.
Ne yoziqki, buvam bilan vodiyga borish bizga nasib etmadi. U o‘sha ko‘rishganimizdan ko‘p o‘tmay vafot qildi.
Shundan keyin bir necha bor buvamni tushimda ko‘r¬dim... U har doim «Borib zaytunlaringni ko‘r» derdi.
Nihoyat bir kuni vodiyga borib, o‘sha zaytunlarni ko‘rdim.
Haqiqatan ham ko‘chatlar ulg‘ayib, katta-katta daraxtga aylangandi. Bir paytlar buvam bilan birga o‘tqazgan zaytunlarimni birma-bir ko‘zdan kechirdim, tanalarini suyib siladim, ko‘lankalarida o‘tirdim. Otamning, buvamning, boshqa qishloqdoshlarimning zaytun daraxtlari haqidagi gap-so‘zlarini esladim.
U insonlar uchun har bir daraxtning tirik odam kabi, uylaridagi hayvonlariyu parrandalari kabi qadr-qimmati bor edi.
Zaytunga kelsak, har bir ko‘chatning unib-o‘sishi uchun yillarcha qunt bilan mehnat qilish, sabr bilan parvarishlash, meva berishini esa sakkiz-o‘n yil kutish kerak bo‘lardi.
Bundan tashqari, suv anqoning urug‘i bo‘lgan bu orolda har kim ham zaytun ekishday og‘ir ishga qo‘l uravermasdi. Buvam o‘sha zaytun ko‘chatlarini o‘tqazarkan, ularning tutishi, ildiz otishi uchun millarcha uzoqlikdan eshak ustida suv tashib keltirarkan, endilikda taxmin qilishimcha, ularning daraxt bo‘lib, meva berganini ko‘rolmasligini ham bilgan, bilganu bu og‘ir yumushdan voz kechmagan.
Qisqasi, Qibrisda zaytun bor ekan, sabrning timsoli deya bambukni ko‘rsatish yarashmagan ish. E, zaytun qaydayu bambuk qayda!
Ismoil Bo‘zqurt. Sabr (hikoya)
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi