OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ivan Bunin. Chiptakovush (hikoya)

Beshinchi kuni esgan izg‘irin ko‘zni ochirmay qo‘ydi. Ko‘zni qamashtirguvchi oppoq qor va g‘ira-shira ilg‘anayotgan, sovuq zabtiga olgan xutor kulbalaridan birida qayg‘u hukmron edi: bu uyda murg‘ak bir bola og‘rib yotardi. Kichkina bemor isitmasi ko‘tarilib, alahsiraganida g‘ingshib allaqanday qizil chiptakovush berishlarini yolvorib so‘rardi. Mushtipar ona kunu tun jajji o‘g‘lining to‘shagi oldidan jilmas, qo‘rquv va nochorlikdan alamiini ichga sig‘dirolmay achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kardi. Nima qilsa bo‘ladi, qanday yordam berish mumkin? Er xizmat safarida bo‘lsa, otlar yuvoshmas, eplash qiyin, kasalxonagacha esa o‘ttiz chaqirim yo‘l bosish kerak. Do‘xtirga xabar yetkazilgan taqdirda ham bunday sovuq avjiga chiqqan kunda uning kelishi dargumon...
Dahlizda taqillagan ovoz eshitildi-Nefed keltirgan bir uyum poxolni polga tashlab, hansiragan ko‘yi kaftlarini uhlab, bir-biriga ishqab, isitarkan, so‘ng xona eshigini qiya ochib, bekaga yuzlandi:
-Xo‘sh, bekam, ahvoli qanday? Xiyol yengillashib qoldimi?
-Qayoqda deysan, Nefed! Allaqayoqdagi narsalarni so‘raydimiey? Qizil chiptakovushni so‘rayapti...
-Qizil chiptakovush? Bu nima bo‘ldiykan?
-Xudo biladi. Alahsirayapti. Isitmasi tushmayapti. Otashi jahon bo‘lib yotibdi, bolam bechora.
Nefed telpak bostirilgan boshini irg‘ab, o‘yga botdi. Telpak, soqol, eski pochapo‘stin, qiyshaygan piymalar... qor ostida qolgan, muz qotgan... Tuyqus o‘jarligi tutdi yigitning:
-Tayoqchani so‘rayaptimi, ko‘ngli shu narsani xohlayaptimi, demak topish kerak, topish.
-Qaerda ekan bu zormonda?
- Novosyolkaga borish kerak. Rastada bordir. Qizili topilmasa ham fuksin bilan bo‘yaymiz.
-Xudo xayringni bersin, Novosyolkagacha olti chaqirimlik yo‘lku? Bu izg‘irinda yurib bo‘ladimi?
Tag‘in o‘yga botdi Nefed, ammo zum o‘tmay tilga kirdi.
-Hechqisi yo‘q, boraman. Chiqmagan jondan umid, yayov borsam ham zarar qilmaydi. Shamolga ters turib boraman.
Nefed eshikni qiya ochiq qoldirgancha chiqib ketdi. Oshxonada bir so‘z ham qotmay, chakmonni kiydi-da, ustidan kaltapo‘stinni egniga ilib, belini ohori ketgan belbog‘ bilan gir aylantirib mahkam siqdi. So‘ng qo‘liga qamchini olib eshikka chiqdi. Qoruyumlarini g‘arch-qurch bosgancha hovli osha darvozaga yetdi va misoli quturayotgan cho‘l dengiziga ro‘baro‘ bo‘ldi.
Tush o‘tib, so‘ng atrofga qorong‘i tusha boshlagach, mushtipar ayolning ko‘ngliga xavotir oraladi – Nefed bu mahalgacha qaytmagandi. “Yetib olgan bo‘lsa, tunash uchun qo‘noqqa qolgandir”,-deya o‘zini ovutdi. Necha kunlarga cho‘ziladigan bunday sovuq havoda uyga qaytishga ham erinasan kishi. Ertaga tushlikkacha kutish kerak. Xizmatkorning uyda yo‘qligi ayolning ko‘ngliga battar vahm solar, tun tobora qo‘rqinchli tuyilardi. Butun uyni mana shu xavf-xavotir chulg‘ab olgandi: zim-zimistonda, ko‘zni ochirmaydigan bo‘ronli qorda sho‘rlik ne ahvolda qoldi ekan?
 Moychiroq olovi lovullab yonar, titrab-ko‘tarilib yolqin taratardi. Mushtipar ona uni olib polga, krovatdan sal nariga qo‘ydi. Bolakay qilt etmay yotar, shu’lada uning soyasi devor bo‘ylab ko‘tarilib, haybatli tus olar, olov har titraganda soya ham shunga monanad nari borib – nari kelardi. Bemor hush-behush ko‘ngil istagi tinchlik bermayotgan narsani talab qilishdan to‘xtamasdi. Ba’zan achchiq ko‘z yoshlarini oqizib, yolvorishga ham tushardi:
-Oyijon, bera qoling! Jon oyijon, chiptakovushmni bering!
Bu dam onaizor tizzalarini yerga tashlab, ko‘ksini mushtlay ketardi:
-Ey xudo, yordam ber! O‘zing qutqar!
Nihoyat, tun arib, tong oqargach, deraza ortida g‘ala-g‘ovur eshitildi. Beka bu izg‘irin tovushi emasligiga, odamlar ovozi kelayotganiga amin bo‘ldi. Keyin kimdir derazani betoqatlarcha tiqillatdi.
Bekaning hovlisiga shoshib kirib kelganlar novoselsklik erkaklar edi. Ular Nefedning butkul muz qotib tarashaday qotgan, oppoq, jonsiz jasadini ko‘tarib kelishgandi. Ular shahardan qaytishayotganda adashib qolib, tuni bilan izg‘ishgan, tongda nogoh o‘tloq oldidan chiqib qolishibdi. Sal narida dahshatli qorga botib tarrakday qotgan otga yo‘liqishibdi. Bu ayanchli manzaradan ichlariga qo‘rquv tushib, “endi barchamiz shu yerda o‘lib ketamiz” deb umidlari so‘nganida uchi ko‘rinib turgan piymani ko‘rib qolishibdi. Qorni titib, piyma kiygan odamni qor uyumidan tortib chiqarishsa, u juda tanish odam chiqibdi, ammo baxtga qarshi tanada jondan asar qolmagan ekan. O‘tloq xutorga qarashli ekaniga ishonch hosil qilgan novoselsklik yo‘lovchilar najot topilganidan mamnun bo‘lishibdiyu, ammo boshqa tarafdan ko‘ngillarini qayg‘u qamrab olibdi. Ular jasadni dast ko‘tarib, bekaning kulbasi tomon yurishibdi.
Darvoqe, Nefedning qo‘ynida yangi chiptakovushsi va fuksin bo‘yog‘i solingan shisha ham bor ekan.
______________    
*chiptakovush – yupqa, tilim-tilim po‘stloqdan to‘qilgan oyoq kiyimi

Umid Ali tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.