Ulug‘ shoir, nosir va dramaturg Ivan Vazov 1850 yilda Bulg‘oristonning Bolqon tog‘i etagidagi Sopote shahrida boy tijoratchi oilasida tug‘ilib, 1921 yilda Sofiyada vafot etgan. Otasi katta savdogar edi. Onasi kitob o‘qishni sevadigan uy bekasi o‘g‘lini ham kitobxon qilib o‘stirdi. Oldin mahalliy maktabda, so‘ng o‘sha paytdagi katta madaniy markaz hisoblangan Plovdiv shahrining gimnaziyasida o‘qidi.
Birinchi she’rini o‘n olti yoshida yozgan edi. Matbuotda ilk bora «Qarag‘ay» degan she’ri e’lon qilinganida yigirma ikki yoshda edi. Bu she’r darhol keng o‘quvchilar ommasining diqqatini qozondi. Otasi «bunday mayda-chuyda ishlarni qo‘y», deb uni savdo sohasiga boshladi, onasi esa «tinmay yozaver», deb maslahat berdi. U otasi bilan Rum?niya va boshqa mamlakatlarda uncha-muncha savdo bilan shug‘ullanib yursa ham, asosiy vaqtini adabiyotga, ijodga bag‘ishlar edi. Bora-bora butunlay adabiy faoliyatga berildi.
Tarixdan ma’lumki, bu paytda Bulg‘oriston Usmonli imperiyasining bir qismi edi. 1877-78 yillarda Rossiya-Turkiya urushi yuz berib, Turkiya yengildi, natijada 1879 yilda Turkiyaga tobe Bolgariya knyazligi tashkil topdi. 1908 yilda esa butunlay mustaqil davlatga aylandi.
Albatta, hamma mustamlakalar kabi, Bolgariya ham mustaqillik uchun kurashgan, undan umidi katta edi. Ammo milliy davlat tepasiga kelgan liberallar boylarning manfaatini himoya qildi. Xalqning hayoti og‘irlashdi.
Ivan Vazov ham avvaliga milliy ozodlik uchun kurashchilar qatorida edi, ammo xalq turmushining ayanchli ahvolini ko‘rib, o‘zi boylardan bo‘lishiga qaramay, xuddi rus yozuvchilari Pushkin, Lermontov, Gogol, Tolstoy kabi bulg‘or xalqining, ayniqsa, ezilgan dehqonlarning haqlarini himoya qiluvchi asarlar yozdi. O‘zining xalqchil she’r va dostonlari, roman, qissa va hikoyalari, sahna asarlari bilan chin ma’noda xalq yozuvchisiga aylandi.
Ivan Vazovning ijodiy merosi juda boy. «Bayroq va gusla», «Bolgariya iztiroblari», «Qutilish», «Unutilganlar dostoni», «Dalalar va o‘rmonlar», «Sargardonlar qo‘shig‘i», «Osmonimiz ostida», «Uchta so‘z — uch dara» kabi o‘nlab she’riy to‘plamlari, «Mahobat», «Tepalik ortida» kabi dostonlari, «Yangi yer», «Kazalar yurtining shohinasi», «Zulm» kabi romanlari, «Xo‘rlanganlar», «Mitrofan va Dormidolskiy», «Dali o‘rmon sayohati» singari qissalari va yuzlarcha hikoyalari bosilib chiqqan. Rus tilida uning olti jildli «Asarlar» to‘plami nashr etilgan.