OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Javoharla’l Neru. Bobur («Hindistonning kashf etilishi» kitobidan)

http://ziyouz.uz/images/babur.jpg...Afg‘onlar Hindistonni fath etdilar hamda keyinchalik yerli xalq bilan aralashib ketdilar. Oliynasab hoqonlar oldida endi avvalo, xalqning nafratini so‘ndirish, aholini o‘z tomoniga og‘dirib olish vazifasi ko‘ndalang turardi. Ular mazkur mushkulotni bartaraf etish uchun beshafqatlik ko‘rsatishni bas qilib, sabr-toqat kishilariga aylandilar, o‘zlarini begona bosqinchiday emas, balki hindlarday tutdilar. Bu avval boshda oddiy bir siyosat bo‘lsa, vaqt o‘tgan sayin asta-sekin, o‘z-o‘zidan umumiy jarayonga aylana bordi. Shimoli-sharqdan kelgan kishilar hind muhiti ta’sirida yerli xalq bilan aralashib keta boshladilar. Xalq orasida yanada qudratliroq, tafakkur va turmush tarzining uyqashib ketishiga olib boradigan oqim paydo bo‘ldi. Aralash madaniyat kurtaklari yuz ko‘rsatdi va keyinchalik Shoh Akbar faoliyatiga zamin yaratildi.

Akbar Hindistondagi imperiya rivojida katta o‘rin tutgan mo‘g‘ullar sulolasining uchinchi sultoni edi. Uning bobosi (Bobur) 1526 yilda Dehlini zabt etgan bo‘lishiga qaramay, bu yurtda o‘zini doim begonaday his etar va rostdan ham, hind eli u uchun begona edi. U shimoldan bostirib kirib keldi, o‘sha yoqda, O‘rta Osiyoda bu vaqtda temuriylar madaniyati gullab-yashnayotgan va Eronning madaniy-ma’rifiy hayotiga kuchli ta’sir o‘tkazayotgandi. Boburga o‘zi ko‘nikkan do‘stona muhit, Eron va Bag‘doddan keltirilgan fazilatli anjomlar nasib etmadi. U shimoliy tog‘larning qorli yuksakliklarida betinim kezdi, Farg‘onaning ajoyib ne’matlarini juda sog‘indi. U hind yurtidagi taassurotlari hakida so‘zlab aytgandiki, «Latofatekim, Hindustonda bor — uluk viloyatdur...»

Bobur Hindistonni fath etgandan so‘ng to‘rt yil o‘tgach, vafot etdi. Vaqtining ko‘p qismini jangu jadallarga va istanbullik mashhur me’mor loyihasi bo‘yicha tiklanayotgan poytaxt — Agra qurilishiga bag‘ishladi. Istanbulda Sulton Sulaymon hukmdor edi, uning sharofati bilan mazkur yurtda ajoyib binolar barpo etildi.

Bobur Hindistonda juda kam narsa ko‘rdi, unga yoqtirmay munosabatda bo‘lganliklari tufayli ko‘p narsalarni e’tiborsiz qoldirdi. U bizga asosan Shimoliy Hindiston madaniyatining inqirozi haqida hikoya qiladi. Ushbu inqiroz qisman Temur keltirgan talafotlar, qisman qo‘li gul ustalar, olimlar va san’at ahlining janubga najot istab qochib ketganliklari tufayli sodir bo‘ldi. Bu esa hind xalqi ijodiy qudrati yuz tutgan halokat haqida ham guvohlik beradi. Bobur mamlakatda qo‘li gul hunarmandlar va tadbirkor kishilar yetarli, ammo ijodkorlik hamda kashfiyotchilik ruhi miskin edi, deb xabar beradi. Shu tufayli Hindiston, hashamatli, dabdabali turmush tarzi darajasiga ko‘ra Erondan ancha ortda qoldi. Bu hol, balki, shunday hayot kechirishga tabiatan qiziqmaslikdan yoki keyingi fojiali voqealar oqibatidan kelib chiqqanmi, bilmadim. O‘sha vaqtda hindlar dabdabali hayot kechirishga eronilardan ko‘ra kamroq qiziqqan bo‘lishlari mumkin. Chunki, agar qiziqqanlarida, turfa, g‘aroyib anjomlarni Erondan hech bir kiyinchiliksiz olib kelishlari mumkin bo‘lib, zero, ikki mamlakat o‘rtasida doimiy aloqalar bor edi. Ammo Hindistonning madaniy turg‘unligi va zavolining sababi keyinroq yuz bergan voqealardir, degan fikr hakikatga yakinroq. Mumtoz adabiyotdan va tasviriy san’at namunalaridan ma’lumki, bundan avvalgi davrlarda ham, turmush kechirishning og‘irligi, ijtimoiy ahvolning murakkabligiga qaramay, yaratilgan asarlarning nafisligi hayratlanarli darajada bo‘lgan. Hatto Bobur Shimoliy Hindistonni zabt etgan mahalda ham ko‘pchilik ovrupolik sayyohlar mamlakat janubi — Vijayanagarada san’at va madaniyatning favqulodda yuksak rivojlanganligi haqida bitiklar qoldirganlar.

Biroq, hatto shunday bo‘lsa-da, Shimoliy Hindistondagi inqiroz juda hayratlanarli. Qotib qolgan diniy e’tikod hamda ijtimoiy hayot tarzi mahdudlikni kuchaytirdi, taraqqiyotni bo‘g‘ib ko‘ydi. Islomning yoyilishi, o‘zgacha tafakkurga, o‘zgacha hayot kechirishga o‘rgangan chet elliklarning kirib kelishi mavjud e’tiqodda va hayot tarzida aks etdi. O‘zga mamlakat kishilari olib kelgan barcha ko‘rgiliklar kishilar tafakkur doirasining kengayishiga sabab bo‘ldi.

Bobur dilbar shaxs edi. Uyg‘onish davrining ajoyib sultoni, kuchli, tadbirkor kishi bo‘lib, san’atni, adabiyotni, go‘zallikni sevardi. Nabirasi Akbar esa yanada maftunkorroq bo‘lib, yanada ko‘proq fazilatlarga ega edi...

 

«Dunyo tarixiga bir nazar» kitobidan

Ovro‘po, Chin-Mochin, Yapon mamlakati va Malayziya dunyosidagi yurtlar tarixining bayoni davomida biz o‘n yettinchi asr oxirigacha yetib keldik va o‘n sakkizinchi asr boshida to‘xtadik. Hind eli tarixi bayonini esa o‘n oltinchi asrdan — Bobur zamonidan boshlaymiz.

1526 yilda Boburning zaifu razil Dehli sultoni ustidan qozongan g‘alabasi Hindistonda yangi davrni — Mo‘g‘ullar imperiyasi davrini boshlab berdi. U kichik tanaffuslar bilan to 1707 yilgacha, ya’ni 181 yil davom etdi. Mo‘g‘ullar imperiyasining qudrati va shuhrati butun Osiyo va Ovro‘poni egalladi. Mazkur sulolaning olti namoyandasi yashab o‘tgach, u bo‘linib keta boshladi, maratxlar va sikxlar o‘z xonliklarini tuzib oldilar. Buning ustiga kelgan inglizlar markazlashgan hokimiyatning parchalanayotganidan, mamlakatdagi tartibsizliklardan foydalanib, asta-sekin o‘z hukmronliklarini o‘rnata boshladilar.

Men senga Bobur haqida ba’zi narsalarni aytib bergan edim[1]. Uning ajdodlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Temurga va Chingizxonga borib taqaladi. U muayyan darajada ana shu fotihlarning qudratini va harbiy iste’dodini o‘zida mujassam etgandi. Bu vaqtda mo‘g‘ullar Chingiz davriga nisbatan ancha taraqqiy etgan. Bobur ham eng fasohatli va orif kishilar sirasiga mansub edi. U diniy mazhablarga mutaassiblarcha berilishdan xoli edi, san’atga, adabiyotga ixlos qo‘ygan, o‘zi ham forsiy tilda nazm bitardi[2]. Gullaru bog‘larni sevar, jazirama Hindistonda turib, o‘zining O‘rta Osiyoda qolgan purlatofat vatanini ko‘p bor yodga olardi. «...Tamom bog‘lari rudqa mushriftur, binafshasi bisyor latif bo‘lur. Oqar suvlari bor, bahori bisyor yaxshi bo‘lur, qalin lola va gullar ochilur...» — deb yozgandi u o‘z esdaliklarida.

Bobur Samarqand taxtini egallaganida bor-yo‘g‘i o‘n bir yashar o‘spirin edi. Sening yurtdoshlaring bu yoshda maktabga borishadi. Sultonlik esa mushkul vazifa. Har tarafdan uni dushmanlar qurshab olgandi. Unga shu yoshida muhoraba maydonlarida ot surishga, jang-jadal qilichini tutishga to‘g‘ri keldi. Taxtini yo‘qotib, o‘zining dolg‘ali umr yo‘lidagi juda ko‘p sarguzashtlarni boshidan kechirib, yana qaytib oldi. Shunda ham nazmu navo, san’at bilan oshnoligini qo‘ymadi. Kobulni fath etgandan so‘ng, Hind tog‘lari orqali Hindistonga kirib keldi. Qo‘shini oz sonli bo‘lsa-da, u o‘sha vaqtlarda Ovro‘po va G‘arbiy Osiyoda urf bo‘layotgan o‘tochar qurollarga ega edi. Jang qilishga botingan afg‘on hoqonining[3] behisob lashkari uning muzaffar qo‘shini tomynidan uzil-kesil tor-mor etilgach, Bobur g‘oliblik tojini kiydi. Biroq bu bilan uning mashaqqatlari nihoya topmadi, zero, taqdirning unga atab hozirlab qo‘ygan o‘yinlari ko‘p edi. Xavf tahdid solganda, sarkardalar shimolga chekinmoqni maslahat berdilar, biroq Bobur o‘jar edi, aytdiki, o‘limga-da yuzma-yuz borurmiz, bil’aks chekinmasmiz. U chog‘irni yaxshi ko‘rardi. Ushbu xatarli vaziyatda chog‘ir no‘sh etmakni ham tark qilishga azm ayladi, barcha xumlarni kunpayakun qilishga buyruq berdi. Nihoyat, g‘alaba qushi yana uning boshiga qo‘ndi. Bobur esa ahdida qattiq turdi.

U Hindiston saltanatini to‘rt yilgina boshqardi, so‘ng omonatini topshirdi. Bu to‘rt yil shiddatli jangu jadallar bilan kechdi, orom fursatlari juda kam bo‘ldi — shoh Hindiston uchun begonaligicha qoldi. Istanbuldan mashhur me’morni chorlatib, Agrada ajab bir poytaxt barpo qildirdi. Bu — Buyuk Sulaymon Istanbulni qayta tiklayotgan vaqt edi. Chorlovga javoban, me’morlar ustasi Sinon Hindistonga shogirdi Yusufni yubordi.

Bobur qoldirgan esdaliklar bu zotning ichki dunyosiga nazar tashlashga yordam beradi. U bizga Hindistonning hayvonot olami, nabototi, mevalari va kishilari, hatto qurbaqalari haqida ham hikoya qiladi. Shuningdek, o‘zining olis yurtidagi ajoyib qovunlar, uzumlar va gullar haqida yozadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yurtda unga hayrixoh hech kim, hech narsa yo‘q... Balki to‘rt yillik urush davomida Bobur xalqning hayotini yetarlicha yaxshi o‘rgangandir? Yoki, ehtimol, begona kishi uchun aholining turmushini tushunish, anglab yetish qiyin kechgandir? Lekin hayotning madaniyatliroq qatlamlariga mansub kishilar yangi hukmdor bilan muloqotga kirishishdan qochdilar. Nima bo‘lganda ham u bir qancha vaqtdan beri hukmronlik qilayotgan afg‘onlardan ham, yerli xalq ichidan ham munosib kishilarni topolmadi. Bobur juda kuzatuvchan, ta’sirchan zot edi. U kirib kelgan vaqtda Shimoliy Hindiston zavolga yuz burgandi.

«Hinduston mamoliki, — hikoya qiladi Bobur, — vase va purmardum va purhosil viloyat voqe bo‘lubtur. Sharqi va janubi, balki G‘arbi ham Muhit daryosig‘a muntahi bo‘lur. Shimoli bir tog‘durkim, Hindikush va Kofiriston va Kashmir tog‘lari bila payvasttur. G‘arbi shimoli Kobul va G‘azni va Kandahor voqe bo‘lubtur. Jami’ Hinduston viloyatining poytaxti Dehli ermish...»

Shu narsa diqqatga sazovorki, Bobur Hindistonni, garchand, u o‘zining fath etishi sababli ko‘plab xonliklarga bo‘linib ketganiga qaramay, bir butun davlat deb bilardi. Hindistonning birligi g‘oyasi uning butun tarixi bo‘ylab o‘tib kelgan g‘oyadir.

Bobur yozadi:

«Hinduston avvalgi iqlimdin va ikkinchi iqlimdin va uchunchi iqlimdindur. To‘rtinchi iqlimdin Hindustonda yo‘qtur. G‘arib mamlakate voqe bo‘lubtur. Bizning viloyatlarga boqa o‘zga olamedur. Tog‘ va daryosi va jangal va sahrosi, mavozi’ va viloyoti va hayvonot va nabototi, eli va tili va yomg‘uri va yeli borcha o‘zgacha voqe bo‘lubtur... Sind suvini o‘tgach, yer va suv va yig‘och va tosh va el va ulus va roh va rasm tamomi Hinduston tariyqidadur...

Yana Hinduston baqalari, agarcha o‘shal baqalardektur, vale bu baqalar suvning yuzida yetti-sakkiz qari yuguradurlar».

So‘ng u Hindistonning hayvonot va nabototi haqida so‘zlab, alqissa, kishilarga o‘tadi:

«Hinduston kam latofat yer voqe bo‘lubtur. Elida husn yo‘q va husni ixtilot va omizish va omadu raft yo‘q, tab’ va idrok va adab yo‘q va karam va muruvvat yo‘q va hunarlarida va ishlarida siyoq va andom va raja va go‘niya yo‘q va yaxshi ot va yaxshi it yo‘q va uzum va qovun va yaxshi mevalar yo‘q va yax yo‘q va sovuq suv yo‘q va bozorlarida yaxshi osh va yaxshi non yo‘q, hammom yo‘q va madrasa yo‘q va sham’ yo‘q va mash’al yo‘q...»

Beixtiyor Hind yerida o‘zi nima bor ekan deb so‘raging keladi. Bobur mazkur satrlarni bitayotganda, ancha asabiylashgan bo‘lishi ham mumkin.

«Latofatekim, Hindustonda bor — uluk viloyatdur. Va oltun va yarmog‘i qalin bo‘ladur... Yana bir latofati budurkim, har sinfdin va har hirfagardin behad va benihoyat ko‘pdur. Har ish uchun va har nima uchun jami muqarrar va muayyandurkim, otaonalaridan beri ul ish va ul nimani qila kelgandurlar...»

Men Bobur esdaliklarining ba’zi joylaridan parchalar keltirdim.

Bobur 1530 yilda, 49 yoshida vafot etdi. Uning o‘limi haqida el og‘zida mashhur bir hikoyat yuradi. Farzandi Humoyun xastalanib yotib qolganda u, azbaroyi muhabbati zo‘rligi tufayli o‘z hayotidan kechib, Humoyunga bag‘ishlagan ekan. Aytadilarki, Humoyun sog‘ayib ketibdi, Bobur esa bir necha kundan so‘ng qazo qilibdi.

Boburning muborak jasadi Qobulga olib kelingan va hayotlik chog‘ida sevgan bog‘iga dafn etilgan. Nihoyat, u o‘zi orzulagan gullarga... shu tariqa yetishdi.

Rus tilidan Isajon Sulton tarjimasi

“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 10-son

______________

[1] Bu asarni Neru turmada, qiziga bag‘ishlab yozgan edi.

[2] Ulug‘ shoir, fotih va mutafakkir Bobur, ma’lumki, mavlono Lutfiy hamda hazrat Navoiy izidan borib, turkiy tilda she’rlar bitgan. Neru bu yerda xatoga yo‘l qo‘ygan (tarj.).

[3] Ibrohim Lo‘diy nazarda tutilyapti.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.