Irlandiyalik buyuk yozuvchi Jeyms Joys ijodi XX asr jahon adabiyoti tarixida muhim o‘rin tutadi. Uning hozirgi zamon adabiyotlariga ko‘rsatgan ta'siri g‘oyatda ulkan. E.Xeminguey, U.Folkner, T.Vulf kabi dunyoga mashhur adiblar uning shogirdlari bo‘lishgani, ular o‘z asarlari haqida Joysning e'tirofini ilhaq bo‘lib kutishgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. 1982 yili YUNESKO qarori bilan irland realistik adabiyotining klassigi Jeyms Joys tavalludining 100 yilligi butun dunyoda keng nishonlandi. Adibning “Dublinliklar” nomli hikoyalar to‘plami, “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili” va “Uliss” romanlari allaqachon yuzlab xalqlar tillariga tarjima qilingan, jahondagi barcha nufuzli oliy o‘quv yurtlari, o‘rta ta'lim adabiyot dasturlari va majmualaridan o‘rin olgan.
O‘zbek o‘quvchisi bu ulug‘ yozuvchi ijodi bilan Istiqlol sharofati tufayli bahramand bo‘la boshladi. Hozircha uning “Dublinliklar” to‘plamidan bir necha hikoyalar, “Jakomo Joys” nomli nasriy asari gazeta va jurnallarda e'lon qilindi. 1993 yili filologiya fanlari nomzodi Tilavoldi Jo‘raevning oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun mo‘ljallangan “Jeyms Joys” nomli risolasi chop etildi.
J.Joysning “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili” romani bir qarashda atoqli o‘zbek adiblari Oybek, Abdulla Qahhor va G‘afur G‘ulomning avtobiografik asarlarini yodga soladi. Yosh bolaning, o‘smirning ongi atrof-muhitni qay tarzda qabul qiladi, u ta'lim-tarbiya olayotgan maskandagi o‘zaro munosabatlar, oiladagi, jamiyatdagi vaziyat bola ongining shakllanishida nechog‘li ahamiyat kasb etadi, muayyan muhitda shakllangan bu ong o‘z-o‘zini anglash jarayonlarini qanday kechiradi — bular barchasi J.Joys romanida nozik psixologik tahlillar orqali juda chuqur ochib berilgan. Muallif asar qahramonining fikrlarini, o‘y-xayollarini, kechinmalari va his-tuyg‘ularini asosan uning ichki monologlari orqali ko‘rsatib beradi.
Ahmad Otaboyev