Jonatan Svift (Jonathan Swift) (1667.30.11 Dublin — 1745.19.10) — ingliz yozuvchisi, jamoat arbobi. 1682—88 yillarda Dublin universitetining Triniti kollejida tahsil ko‘rgan.
Ilk asarlari — «Vilyam Senkroftga qasida» (1690) va «Kongrivga qasida» (1693). «Kitoblar jangi» (1697) pamfletining davomi «Bochka haqida ertak» hajviyasi (1704)da katolik, anglikan va puritan cherkovlari orasidagi kurash parodiya ruhida tasvirlangan. «Movutchining xatlari» (1723—24) va «Kamtarin taklif» (1729) pamfletlarida irland xalqi boshidan kechirayotgan zulm qoralangan. «Dunyoviy suhbatchilar» (1738), «Malaylarga o‘gitlar» (1745) kabi hajviyalari xam bor.
Svift ijodidagi eng muhim va yagona roman — «Gulliverning sayohatlari» (1—2 jildlar, 1726) ingliz jamiyatidagi illatlarni fosh etuvchi achchiq satira, o‘tkir aybnomadan iborat. Gulliverning xayoliy o‘lkalar — liliputlar (mitti odamlar), brobdingneglar (ulkanlar), aqlli otlar mamlakatlariga qilgan sayohatlari bilan bog‘liq holda adib real voqelikdagi yangicha munosabatlar, bosqinchilik urushlari, davlat idoralaridagi sotqinlik, sudyalarning adolatsizligi va boshqalarda aks ettirgan.