OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ketrin Mensfild. Bir piyola choy (hikoya)

Rozemari Fell unchalik go‘zal ayol emas. Ishqilib uni go‘zal deyish qiyin. Yo, «chiroylikkina», deb atasakmikan? Ha, ha, agar Rozemarining fazilatlarini sinchiklab kuzatsak... Nazarimda, sinchiklab kuzatish ham unchalik shart emas-ov...
Rozemari yosh, istarasi issiq, zamonaning eng so‘nggi urfida did bilan kiyinadigan, kitobxonlikka o‘ch ayol. Uni turli kasb egalari davrasida tez-tez uchratasiz. Davradoshlarining ba’zilari yoqimtoy, ajoyib kishilar bo‘lib, ayrimlari esa g‘alati-g‘alati fe’l-atvorli edi.
Rozemari bundan ikki yil oldin turmushga chiqqandi. Maykl ismli erkatoy o‘g‘li bor. Eri ham sidqidildan uni sevadi. Bu oila boy yashashardi, haqiqatdan ham boy.
Rozemari biror narsa xarid qilmoqchi bo‘lsa, ko‘proq Parijga boradi, men esa Bond ko‘chasiga boraman. Mabodo Rozemarining ko‘ngli gulga ketsa, mashina uni muhtasham binolar joylashgan Rejent ko‘chasiga olib boradi. Shunda Rozemari do‘kon peshtaxtalariga hayrat bilan boqib:
- Men ana uni, mana buni va yana manavini ham olmoqchiman, - deydi. - Ana undan to‘rt dasta bersangiz. Ana u ko‘zadagi atirgullarni ham. Ha, hammasini bering. Yo‘q, yo‘q, nastarin kerak emas. Nastarinni yoqtirmayman, judayam beso‘naqay.
Rozemarini mashinagacha ozg‘ingina sotuvchi qiz kuzatib qo‘yadi. Uning bir quchoq gul ko‘tarib odimlashi xuddi beso‘naqay kiyim kiyib olgan yosh bolaning yurishiga o‘xshardi.
Qish kunlarining birida Rozemari Keson ko‘chasidagi kichkina qadimiy do‘konchaga kirdi. Bu uning sevimli do‘koni edi. Do‘konda kerakli hamma narsani topish mumkin. Sotuvchi ham unga bajonidil xizmat qiladi. Bo‘sag‘ada Rozemarini ko‘rdi deguncha quvongan chehrasi yorishib ketadi. Hatto sevinchdan tili zo‘rg‘a gapga keladi. Xushomal albatta. Ammo, bu yerda bir sir bor-ov...
- Bilasizmi, xonim, -tushuntirishga harakat qilardi u muloyim ovozda, - mollarimning qadrini bilmaydiganlarga sotgandan ko‘ra, ularni sotmaslikni afzal ko‘raman. Gapning ochig‘i ularning qadr-qimmatini kamdan-kam odam biladi.
Shunday deya sotuvchi peshtaxta oynasi ustiga baxmalga o‘ralgan jajjigina qutichani qo‘ydi. U buni Rozemari uchun saqlab kelayotgandi. Hali hech kimga ko‘rsatganicha yo‘q. Nafis did bilan ishlangan quticha shunchalik jozibali yaraqlardiki, xuddi oftobda tovlanayotganga o‘xshaydi. Quticha qopqog‘ida yigit bilan qizning rasmi bor ekan. Ular gul tagida yonma-yon turishar, qizchaning qo‘llari yigitning yelkasida edi. Qizning shlyapasi geranium bargidan sal kattaroq bo‘lib, uzun shoxchalardan to‘qilgandi. Atrofi yashil lenta bilan o‘ralgan edi. Yana ularning ustida sezgir farishtaga o‘xshagan bulutcha suzib yurardi.
Rozemari qo‘lqopini yechdi. U har doim biror narsa sotib olmoqchi bo‘lsa shunday qilardi. Ha, bu unga yoqqandi, judayam yoqqandi. Bu haqiqiy omad edi. Sotib olishi kerak. Qutichaning u yoq-bu yog‘ini ko‘rdi, ochdi, yopdi, qo‘llari ko‘m-ko‘k baxmalga judayam yarashdi. Bunga e’tibor bermay bo‘lmasdi. Sotuvchi peshgaxtaga suyanib ruchkasi bilan yarqirab turgan qutichani sal nari surib sekingina pichirladi:
- Sizga aytsam, xonim, gullariga e’tibor bering.
- Ha, ajoyib! - Rozemarini gullar hayratta soldi. 
- Xo‘sh, narxi qancha?
Sotuvchi, go‘yo, o‘zini eshitmaganga soldi. Keyin pichirlagan ovoz eshitildi.
- 28 giney, xonim.
- 28 giney?
Razemari sezdirmadi. Qutichani joyiga qo‘ydi; qo‘lqoplarini kiydi.
- 28 giney? - Uning kayfiyati buzildi. - Iltimos, olib qo‘ying, keyin olaman, - dedi ovozi qaltirab.
Sotuvchi allaqachon tushungandi. Albatta, u Razemari uchun qutichani bir umr saqlaydi.
Tashqaridagi eshik g‘ijirlab yopildi.
U qish havosini kuzatdi. Yomg‘ir yog‘mokda. Havo sovuq bo‘lib, hozirgina yongan ko‘cha chiroqlari xomushday ko‘rinadi. Ular nelardandir afsuslanganday xira shu’la sochib turishardi. Odamlar ham har tarafga shoshilishmokda. Rozemari qandaydir g‘alati bo‘ldi. Judayam qutichani olgisi kelgandi.
Albatta, mashinasi joyida edi, faqat yo‘ldan o‘tish kerak. Lekin nimagadir jimgina turardi. Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin, kimdir adashadi, kimdir ularga yo‘l ko‘rsatadi, ba’zilar yo‘q.
Xuddi shu payt allakim:
- Kechirasiz, xonim, - deb uning xayolini bo‘ldi.
Rozemari burilib orqasiga qaradi. Oldida qorachadan kelgan judayam yosh bir qiz turardi. U xuddi suvdan chiqqan odamday qaltirardi. Qaerdan kelgan bo‘lsa?
- X-xonim, - duduqlandi qiz, - ozroq choy-chaqa puli bering.
- Choy-chaqa? - hayron bo‘ldi u. Bu ovoz umuman gadoy ovoziga o‘xshamasdi.
- Umuman puling yo‘qmi? - so‘radi Razemari.
- Yo‘q, xonim.
Qiziq, Rozemari unga yaqinlashdi. Bundan ham qizig‘i bo‘ladimi, axir? Birdaniga bu voqea Rozemari uchun sarguzashtday tuyuldi. Bunday havodagi uchrashuv xuddi Dostoevskiy romanidan olinganday. Tavakkal qilib qizni uyga olib ketsa-chi? Nima bo‘lar ekan? Juda qiziq bo‘lardi. Shunda u hayron qolgan do‘stlariga: «Uyimga olib kelgandim, xolos», - degan bo‘lardi. Keyin oldida turgan qizga:
- Yur uyga, birga choy ichamiz, - dedi.
Qiz kutilmagan taklifdan orqaga chekindi. Hatto qaltirashdan ham to‘xtadi.
Rozemari qizning qo‘lidan ushlab:
- Nimaga hayron bo‘layapsan? Qani ketdik, - dedi jilmayib.
- Yo‘q, yo‘q, xonim, - dedi qiz seskanib.
- Yo‘q, borasan, - dedi Rozemari qat’iy.
- Siz, siz meni politsiyaga olib bormaysizmi?
- Politsiyagami? - birdan kulib yubordi Rozemari. - Nahotki shunday deb o‘ylasang? Yo‘q, faqat yordam bermoqchiman, xolos.
Ular mashinaga o‘tirishdi va uyga yo‘l olishdi. Yo‘lda ayol asirasiga bunday tasodifiy uchrashuvlar hayotda bo‘lishini, farishta, mehribon onalar haqiqatda borligini tushuntirmoqchi bo‘ldi. Gap oxirida:
- Qo‘rqmasdan yuraver. Axir ikkalamiz ham ayolmiz... - deb qo‘ydi.
Nihoyat mashina to‘xtadi. Qo‘ng‘iroq chalindi, eshik ochildi, birga uyga kirishdi. Issiqlik, yorug‘lik, uydagi shinamlik, hamma narsa o‘ziga o‘xshardi. Shu vaqtgacha bilmagan ekan. Uydagi hamma jihoz uni kutardi.
- Qani yur yuqoridagi xonamga, - dedi Rozemari ochiq ko‘ngillik bilan. U beozor qizni hech kimga ko‘rsatishni xohlamadi. Zinadan chiqishi bilanoq xizmatkorni ham chaqirmasdan o‘zi qizning kiyimlarini almashtirmoqchi bo‘ldi. Bunday tasodifiy hodisa tabiiy bo‘lishi kerak, axir!
- Shu yerga, - dedi u yanada keng, chiroyli xonaga kirishgach.
Xonaning pardalari tushirilgan, olov yoqilgan, issiq, havorang gilamlar, hammasi xonaga yarashgan edi. Qiz eshik oldida turib qoldi. U hayron edi. Rozemari e’tibor bermadi.
- Qani, o‘tir, - dedi u stulni olov yoniga siljitib. - Ozroq isinib ol, judayam sovqotganga o‘xshaysan.
- Rahmat, xonim, - dedi qiz biroz uyalib.
- Qo‘rqmasdan joylashaver. Kiyimlarimni almashtirguncha o‘tirib tur. Keyin boshqa xonaga o‘tib choy ichamiz. Namuncha qo‘rqmasang. - Shunday deya u qizni yelkasidan ushlab o‘tqizib qo‘ydi.
Qaytib kelganda u qizni qanday o‘tqizib ketgan bo‘lsa shu holda ko‘rdi. Rostini aytganda qiz ovsarga o‘xshardi. Rozemari e’tibor bermadi. Unga biroz egilib:
- Shlyapangni yechmaysanmi? Soching ho‘l ekan, - dedi.
- Xo‘p bo‘ladi, xonim.
Shlyapa yechildi.
- Kel, paltongni ham yechamiz.
Qiz o‘rnidan turdi. Bir qo‘li bilan stuldan ushlab paltosini Rozemariga yechtirdi. Paltosi judayam og‘ir edi. U boladay ikkilanib qoldi. Agar odamlar bir-birlariga yordamlashishni xohlasalar, ozroq bo‘lsada bir-birlarini hurmat qilishlari kerak, bo‘lmasa juda qiyin bo‘ladi, deb o‘yladi. Endi paltoni nima qilsa ekan? Paltoni ham, shlyapani ham yerga tashladi. Rozemari sigareta tutatmoqchi bo‘lib turganda qiz to‘satdan:
- Kechirasiz, xonim, hech narsa yeganim yo‘q, holdan ketayapman, uyga keta qolay, - deb qoldi.
- Hozir, bir pas kutgin, - deya Rozemari qo‘ng‘iroqni chaldi. - Choy, tezroq choy keltiringlar, ozroq brendi ham.
Xizmatkor kirib chiqar, qiz esa yig‘lamsirab:
- Brendi ichmayman, faqat choy ichaman, xonim, - derdi.
Uning bu holati ayanchli edi. Rozemarining unga rahmi keldi.
- Yig‘lama, jonginam, yig‘lama, - deya ro‘molchasini uzatdi. U boshqa hech nima deya olmadi. Ozg‘in yelkasidan quchib bag‘riga bosdi. Qiz uyalib o‘tirmadi. Ikkalasi ayol ekanligidan tashqari hamma narsani unutdi va xo‘rsinib:
- Endi bunday yashay olmayman, chiday olmayman. Bu turishda o‘zimni bir narsa qilib qo‘yaman, - deya hayotidan noliy boshladi.
- Unday qilma, yordam beraman. Qaragin-a uchrashganimizni. Hozir choy ichamiz, hammasini aytib berasan. Biron narsa o‘ylab toparmiz. Yig‘lama.
Ular choy kelganda ancha-muncha tinchib qolishgandi. 
Xizmatchi qizning oldini har xil shirinliklar bilan to‘ldirib tashladi. Rozemari sigareta chekib uni kuzatib o‘tirdi. Dasturxon olingach beozor, nimjon qiz charchab o‘zini stulga tashladi.
Rozemari sigaretni chekib bo‘ldi, gapni boshlash vaqti kelgandi.
- Qachon ovqatlanganding? - so‘radi muloyimgina.
Shu payt eshiq ochildi.
- Rozemari, kirish mumkinmi?
Bu Filipp edi.
- Marhamat.
U kirdi. Kirdi-yu, to‘xtab qoldi. Rozemari jilmayib:
- Bu dugonam miss...
- Smit, xonim, - dedi qiz qo‘rqmasdan tik qarab.
- Smit, - davom ettirdi Rozemari. - Biroz gaplashmoqchi edik.
- Ha, albatta, - dedi Filipp. Uning ko‘zi polda yotgan palto va shlyapaga tushdi. Filipp olovga yaqinlashib: - Judayam yomon kun bo‘ldi, - dedi befarq o‘tirgan qizga qarab.
- Ha, haqiqatdan ham yomon, - gapini tasdiqladi xotini.
Filipp kulib qo‘ydi.
- Kutubxonaga, oldimga kirgin. Miss Smit bizni ma’zur tutar.
- Albatta.
Ular xonadan chiqishdi.
- Menga qara, tushuntirsang-chi bundoq. Kim u o‘zi?
Rozemari kuldi, eshikka suyanib javob berdi:
- Keson ko‘chasidan topib oldim. Haqiqiy topilma. Choy-chaqa so‘radi. Men esa uyga olib keldim.
- Endi u bilan nima qilmoqchisan? - jahli chiqdi Filippning.
- Unga yaxshi muomalada bo‘l, - dedi birdan Rozemari, - ahvoli qiyin hozir.
- Azizim, - dedi Filipp, - bilasanmi, sen aqldan ozibsan. Bu umuman mumkin emas.
- Bilardim shunday deyishingni, - e’tiroz bildirdi Rozemari. - U bugun qoladi.
- Lekin bilasanmi... - dedi Filipp sekingina va sigaretasini tishlab: - Istarasi issiqqina ekan, chiroyli, menga yoqdi. 
- Chiroyli? - Rozemari kutilmagan gapdan lol qoldi. - Sen shunday deb o‘ylaysanmi? E’tibor bermapman.
- Nahotki, - dedi er gugurtni chaqib, - U judayam yoqimli, bir qaragin, azizim. Xonaga kirganda o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim... Nima bo‘lgandayam xato qilayapsan. Qo‘pollik qilgan bo‘lsam kechirasan.
- Ahmoq qiz, - dedi Rozemari jahli chiqib. U kutubxonadan chiqib ketdi, lekin qizning oldiga bormadi. Xonasiga kirib stolga yaqinlashdi: «Chiroyli, yoqimli. Nahotki shunday bo‘lsa». Chek daftarchasini oldi. Yo‘q, chek yordam bermaydi. Tortmani ochib 5 paund oldi. Ikkitasini tashladi, uchtasini qo‘lida siqib turdi va qizning oldiga ketdi. Qaytib kelganda Filipp xonada o‘tirardi.
- Aytgancha, Filipp, haligi miss Smit biz bilan ovqatlanmaydi, - dedi u tutilib.
Filipp gazetadan boshini ko‘tardi.
- Nima bo‘ldi?
Rozemari uning tizzasiga o‘tirdi.
- Ketaman deb turib oldi. Ozroq pul berdim, - dedi jilmayib va o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Sochini qaytadan taradi, ko‘zlarini bo‘yadi, taqinchoqlarini taqib yana Filippga yaqinlashdi-da,
- Men-chi, men yoqamanmi? - deb so‘radi sekingina.
- Judayam, azizim, - deb uni o‘ziga yanada yaqinroq tortdi eri. Biroz jim turishdi. Rozemari yalindi:
- Bugun chiroyli quticha ko‘rdim. 28 giney ekan. Maylimi olsam?
- Ola qol, azizim.
Lekin eri Rozemari kutgan so‘zni aytmadi.
- Filipp, - pichirladi u va erining bag‘riga battar suqildi: 
- Men-chi, men chiroylimanmi?

Ingliz tilidan Nilufar Muhammedova tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 1999 yil, 4-son
 
* * *
 
SADAQA (A CUP OF TEA)

Turmushga chiqqaniga endigina ikki yil bo‘lgan ko‘hlikkina, yosh, aqlli, zamonaviy va o‘qimishli juvon Rozmari Fellni eri juda yaxshi ko‘rar, undan hech narsani ayamasdi. Rozmari tushgan oila, mabodo kelin u yoki bu narsa xarid qilmoqchi bo‘lsa, Londonni nazariga ilmay, to‘ppa-to‘g‘ri Parijga yo‘l olardi.
Qish oqshomlaridan birida Rozmari tilla magazinga kirib keldi. Mudir ataylab yashirib qo‘yilgan qutichani peshtaxta ostidan chiqardi.
— Voy, buncha chiroyli!—dedi hayratlanib Rozmari.— Qancha turarkan?
Mudir uning so‘zini eshitmaganlikka oldi, ammo birozdan keyin:
— Arzimagan pul, xonim,— dedi.
— Myonga saqlab qo‘ysangiz, iltimos.
Magazin mudiri ta’zim qildi.
Tashqarida yomg‘ir quyar, endigina yongan elektr chiroqlari qandaydir g‘amgin miltirab turardi. Ana shu vaqtda kichik jussali, qorachadan kelgan yosh bir qiz Rozmarining yonida paydo bo‘ldi va mungli ovozda:
— Xonim, xayr qiling…— dedi.
— Menga aytyapsizmi? — ovoz kelgan tomonga o‘girildi Rozmari va xuddi suvdan chiqqanday qaltirab turgan begona qizni ko‘rdi.
— Xonim,— dedi qiz yanada mungliroq ohangda,— sadaqa qiling…
«Sadaqa»? Bu tovush qandaydir sodda, samimiy edi, sira gadoynikiga o‘xshamasdi.
— Nima, hecham pulingiz yo‘qmi?— so‘radi Rozmari shu zahoti noo‘rin savol berib qo‘yganini payqab, xijolat chekdi.
— Ha, xonim,— javob qildi qiz.
— Nahotki? — Rozmari qizga diqqat bilan razm solgach, rahmi kelib, saxovat ko‘rsatmoqchi bo‘ldi.
Faraz qilingki, qizni uyga olib borsin, xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Shov-shuv ko‘tarilishi tabiiy. Rozmari bu bechoraga hayratlanib qarayotgan do‘stlariga nimalar deyishini tasavvur qildi: «Shunchaki uyga olib keldim…» Nihoyat, qizga yaqinlashib, dedi:
— Yuring biznikiga.
Qiz ergashdi.
— Siz meni politsiyaga topshirib yubormaysizmi? — shubhalanib so‘radi u, biroz yurishgach.
— Politsiyaga deysizmi? — kulib qo‘ydi Rozmari. —Nega endi? Savob ish qilmoqchiman, xolos.
Ular chiqqan yengil mashina tun qo‘yniga sho‘ng‘ib ketdi.
— Mana uyga ham yetib keldik… O‘tiring, marhamat,— dedi u qizni kamin yonida turgan katta oromkursiga taklif qilib.
— Yaxshi, xonim,— pichirladi qiz va shlyapasini yechdi.
— Keling, paltongizni ham yeching,— dedi Rozmari.
Qiz o‘rnidan turdi, o‘ng qo‘li bilan oromkursiga suyandi. Rozmari unga ko‘maklashdi.
— Avf etasiz, xonim,— dedi qiz rangi o‘chib.— Hushdan ketyapman. Hozir yiqilib tushsam kerak. Xonim, yeyishga biron narsa topilmaydimi?
— Yo xudo! Qanday berahmman-a!
Rozmari xizmatkorga buyurdi:
— Choy opkelinglar! Darrov choy opkelinglar! Ozgina kon’yak ham!
Qizning ko‘zlariga yosh qalqdi, u endi tortinchoqlikni unutgandi.
— Men bu holatda uzoqqa borolmayman! — dedi u baqirib.— Chidab turolmayman. Bu kunimdan o‘lganim yaxshi…
— Biroz sabr qiling,— dedi Rozmari.— O‘zingizni bosing. Iltimos, yig‘lamang.
Choy keltirildi. Qiz yig‘ini to‘xtatib, lazzatli taomlardan to‘yib tanovul qildi.
Dasturxon yig‘ishtirilganda lablari qirmiz, ko‘zlari shahlo bir sohibjamol oromkursida yastanib o‘tirardi.
Shu payt eshik tutqichi buraldi: «Rozmari, kirsam maylimi?» Bu uning eri Filipp edi.
— Ha,— dedi Rozmari jilmayib.— Bu mening turmush o‘rtog‘im…
— Smit xonim,— dedi oromkursidagi go‘zal.
— Smit xonim,— dedi Rozmari.— Biz gurunglashayotgandik.
— Agar malol kelmasa,— dedi Filipp xotiniga qarab,— kutubxonaga chiqsangiz. Smit xonim bizni avf etsinlar.
Ko‘zlar to‘qnashdi. Rozmari qiz uchun javob berdi:
— Albatta.
Eru xotin xonadan chiqib ketishdi.
— Xo‘sh,— dedi Filipp kutubxonada,— kim u? Mehmonmi?
Rozmari eshikka suyanib kuldi.
— Ko‘chadan topib keldim. Rostdan. U mendan sadaqa so‘rovdi, uyga taklif qildim.
— Tabriklayman!—dedi Filipp hazillashib.— Xo‘sh, uni nima qilmoqchisiz?
— Bilmasam,— dedi Rozmari yelkasini qisib.— O‘ylab ko‘ramiz-da.
— Ammo-lekin,— dedi Filipp sigaretining kulini tushirarkan.— U haddan tashqari go‘zal ekan, yoshi ham yigirmadan oshmagan, menimcha.
«Go‘zal?» Rozmari erining gapidan ajablandi, hatto uyatdan qizarib ketdi.
— Oh! — gapni ilib kedi Filipp.— U nihoyatda go‘zal ekan! Nahotki sezmagan bo‘lsangiz? Xo‘sh, endi Smit xonimni bugungi ziyofatga taklif etishga ijozat bersangiz, jonim.
— Qo‘ysangiz-chi! —dedi Rozmari va kutubxonadan chiqib ketdi, biroq mehmonxonaga bormadi. U yozuv-chizuv qiladigan xonasiga kirib, kursiga cho‘kdi: «Go‘zal! Haddan tashqari go‘zal…» Rozmarining yuragi gupillab ura boshladi. U seyfni ochib beSh funt sterling oldi, so‘ng ikkitasini qaytib joyiga qo‘ydi-da, uch funt sterlingni changallaganicha mehmonxonaga yo‘naldi…
Bir yarim soatlardan keyin Rozmari kutubxonaga qaytib keldi.
— Sizga aytib qo‘ymoqchi edim,— dedi Rozmari.— Smit xonim tungi ziyofatda qatnasha olmas ekan.
Filippning qo‘lidagi qog‘oz tushib ketdi.
— A? Nega? Nima bo‘ldi?
Rozmari kulib, erining tizzasiga o‘tirdi.
— Negadir o‘z-o‘zidan ketamanga tushib qoldi,— dedi u birozdan so‘ng.— Bechoraga xayr qildim. Ketdi. Ra’yini qaytara olmadim.
Oraga jimlik cho‘kdi.
Birozdan so‘ng Rozmari maqsadga o‘tdi:
— Bugun magazinda ajoyib quticha ko‘rdim. O‘shani olsam maylimi?
— Ixtiyoringiz,— dedi Filipp.— Bilasiz-ku, men hech qachon sizning ra’yingizni qaytarmaganman.
Lekin Rozmari so‘ramoqchi bo‘lgan narsa, aslida, bu emasdi.
— Filipp,— shivirladi u.— Men go‘zalmanmi-a?

O‘roq Ravshanov tarjimasi
 
* * *
 
BIR PIYOLA CHOY

Rozmari Fell u qadar xushro‘y juvon emas edi. Lekin u yosh, yulduzi issiqqina, o‘ta zamonaviy, durustgina did sohibasi, o‘qimishli edi. Turmush qurganiga ham ikki yil bo‘lib qolgandi. Umr yo‘ldoshi uni juda ham sevib ardoqlardi. Ular o‘ziga to‘q oila edi. Shunchaki boy emas, haqiqatdan ham tuzukkina badavlat oila. Agar Rozmari xarid qilishni xohlasa, biz va siz shaharning biror bir savdo markaziga borsak, u esa Parijga borib kelar edi.
Qish kunlarining birida tushdan so‘ng Rozmari chog‘roqqina do‘konchaga bir qutichani ko‘rishga kirdi. Do‘kondor bu qutichani aynan shu xonimga saqlab o‘tirgandi. Uni hali hech kimga ko‘rsatmagan edi. Rozmari esa uni ko‘rgan birinchi odam.
-Naqadar go‘zal, -Rozmari bu mo‘‘jazgina ajoyibotga mahliyo bo‘lib qoldi. Qutichani narxi qancha ekan-a? Shubhasiz juda yuqori bo‘lsa kerak.
-Yigirma sakkiz ginea*, xonim, -dedi do‘kon egasi.
-Yigirma sakkiz ginea,-takrorladi Rozmari beparvogina. Axir badavlat inson uchun yigirma sakkiz ginea hech qancha emas. U o‘ychan dedi:
-Yaxshi, uni men uchun saqlab tura olasizmi? Men tezda…
Do‘kon egasi ta’zim qildi:
-Albatta, xonim.
U bu xonim uchun hattoki bir umr saqlab turishga ham rozi.
Tashqarida yomg‘ir quyardi, yaxshigina izg‘irin. Hozirgina yoqilgan lampalar xiragina nur sochardi. Shu payt Rozmarining ro‘parasidan yoshgina, ozg‘in qiz chiqib qoldi.
-Xonim, sizdan bir narsa so‘rasam maylimi?-dedi u xo‘rsinib.
-Mendanmi?
Rozmari qayrilib qaradi. Uning ko‘zi o‘zidan uncha katta bo‘lmagan, yoshg‘irda ivib ketgan nimjongina qizga tushdi.
-Xonim,- dedi u,- menga bir piyolagina choy olib bera olmaysizmi?
Bir piyola choy? Qizning tovushida qandaydir oddiylik, samimiyat bor edi. Bu ovoz tilanchining ovozidan tamom farq qilardi.
-Sizda umuman pul yo‘qmi?- so‘radi Rozmari hayron bo‘lib.
-Hech vaqo yo‘qyu xonim,-dedi qiz.
-Nahotki?!
Rozmari qizga yaqinroqdan boqdi. To‘satdan u tavakkal qilmoqchi bo‘ldi. Uni o‘zi bilan uyiga olib ketsa-chi?Kitoblarda o‘qiganidek yoki kinofilmarda ko‘rganidek ish tutsa-chi? Nima bo‘pti? To‘g‘ri. Bu “duv-duv” gap bo‘lib ketishi mumkin. Lekin baribir Rozmari bu qizga yaxshilik qilgisi keldi. U hayratdan og‘zi ochilgan do‘stlariga aytadigan gapini hozirdan o‘ylab qo‘ydi. “Men shunchaki unga yordam bermoqchi bo‘ldim”. U oldinga qarab yurdi va yonidagi qizga : “Yuring, biznikida choy ichamiz”, dedi. Qiz bir sapchib tushdi.
-Siz…siz meni politsiya mahkamasiga olib bormoqchimisiz? –uning ovozida chuqur iztirob bor edi.
-Politsiya mahkamasiga?- Rozmari kulib yubordi.-Nahotki shu qadar shafqatsiz bo‘lib ko‘ringan bo‘lsam. Men faqatgina isinib olishingizni, menga aytadigan gaplaringiz bo‘lsa, tinglashni xohlayman, xolos. Qani ketdik.
Och odamni ko‘ndirish juda oson ish. Xizmatkor mashina eshigini ochgancha kutib turar edi. Bir necha daqiqadan so‘ng ular qorong‘ulik og‘ushiga singib ketdilar.
-Bu yoqqa,- yetakladi Rozmari uni o‘zining muhtasham yotoqxonasiga yetib kelishganida.
-Kirib o‘tiravering,- dedi u kamin oldiga kresloni tortayotib, -keling, isinib oling, anchagina sovuq qotgan ko‘rinasiz.
-Qanday bo‘larkin, -ikkilandi qiz.
-Bemalol, -dedi Rozmari. –Xavotirlanishning keragi yo‘q . Rost aytyapman.
Keyin sekin uni kresloga o‘tirg‘izib qo‘ydi.
-Rahmat, xonim, -dedi u shlyapasini yechib qo‘yayotib.
-Keling, paltongizni yechishga yordamlashib yuboray, -dedi Rozmari.
Qiz o‘rnidan turdi. Biroq darhol kresloga bir qo‘li bilan tayanib qoldi. Shunda u tez, biroq ravon qilib “Meni kechiring, xonim, lekin hushdan ketib qolay deyapman. Agar biror narsa yeb olmasam yiqilib tushishim aniq” , -dedi. Uning rangi yanada oqarib ketgan edi.
-Voy, xudoyim-e, qanchalik e’tiborsizman-a. Rozmari qo‘ng‘iroqqa yeldek uchib bordi.
-Choy, darhol choy keltiring. Brendi ham.
Qiz yig‘lab yuboray deb turar, u uyalishni ham esdan chiqarib qo‘ygandi. Ikkalasi ham ayol ekanligidan boshqa hamma narsani unutgandi. Keyin birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
-Boshqa chiday olmayman. O‘lay deyapman. Rosti, boshka chiday olmayman.
-Keragi yo‘q . O‘zim sizga g‘amxo‘rlik qilaman. Biron nima o‘ylab toparmiz. Iltimos, yig‘lamang.
U yig‘idan to‘xtagan payti choy ham keltirib qolishdi. Yengilgina tamaddi o‘zining ta’sirini ko‘rsatdi. Stol yig‘ishtirilganda qiz g‘uncha lab, ko‘zlari teran, xushro‘ygina qizga aylanib qolgan edi. Shu payt eshik dastagi buraldi.
-Rozmari, kirsam maylimi?
Bu uning umr yo‘ldoshi Filipp edi.
-Kiraver.
Filipp xonaga kirar ekan, ularni ko‘rib to‘xtab qoldi.
-E, kechirasizlar.
-Hechqisi yo‘q, -jilmaydi Rozmari. –Bu mening dugonam miss…
-Smit, xonim, -dedi qiz.
-Ha, miss Smit, -dedi Rozmari, -biz suhbatlashib o‘tirgan edik.
Filipp shirin tabassum bilan jilmayib qo‘ydi.
-Ha, darvoqe, bir daqiqaga kutubxonaga kelolasanmi? Bizni avf etasiz, deb o‘ylayman miss Smit.
Qizning chiroyli ko‘zlari unga qadaldi.
-Albatta, avf etadilar, -Rozmari uning o‘rniga javob berdi.
Ular xonadon chiqdilar.
-Menga qara, -dedi Filipp yolg‘iz qolishganida. –Bu nimasi? U qiz kim?
Rozmari kulimsirab eshikka suyandi:
-Ko‘chadan olib keldim. Nega ishonmayapsan? U mendan bir piyola choy uchun pul so‘radi. Men esa uni uyga olib kelishni xohladim.
-Tasanno, -dedi Filipp hazilona. –Lekin uni endi nima qilmoqchisan?
-Yaxshilik qilmoqchiman, -darhol javob qildi Rozmari. –Bilmayman qanday. Bu haqda hali gaplashmadik. Xozircha bilmayman.
-Yoqimtoy qiz ekan, -sekingina dedi Filipp sigaretasini ezg‘ilab, — yigirmadan oshmagan bo‘lsa kerak-a?
-Yoqimtoy? – Rozmari taajublanganidan qizarib ketdi. –Sen shunday deb o‘ylaysanmi? Bu haqda o‘ylab ko‘rmabman.
-Nahotki?! –Filipp gugurtni qo‘liga oldi. –U haqiqatdan ham juda maftunkor. Yaxshilab qaragin, mening jajjiginam. Miss Smit biz bilan tushlik qilar ekanmi?
-Qanchalar be’manisan.
Rozmari kutubxonadan chiqib ketdi. Lekin yotoqxonasiga kirmadi. U o‘zining darsxonasiga kirib sekin stoliga o‘tirdi. Yoqimtoy! Juda maftunkor! Uning yuragi hayajondan dukillab urardi. U g‘aladonini ochib besh funt sterling banknot oldi. O‘ylanib turib ikkitasini qaytarib joyiga qo‘ydi. Sal o‘tmay qolgan uchtasini qo‘liga ushlagancha yotoqxonaga kirib ketdi.
Yarim soatlar vaqt o‘tib Rozmari kutubxonaga kirganida Filipp hanuz o‘sha yerda o‘tirardi.
-Senga shuni aytishim kerakki, -dedi Rozmari eshikka suyanib, -miss Smit bugun biz bilan tushlik qilmaydi.
Filipp gazetasini qo‘ydi:
-Ie, nima bo‘ldi? Kelisha olmadinglarmi?
Rozmari uning yoniga kelib sekin tizzasiga o‘tirdi:
-Ketaman, deb turib oldi. Men unga arzimas pul hadya qildim.
-…
-Uning xohishiga qarshi bora olmayman-ku, to‘g‘rimi? –yumshoqqina qo‘shib qo‘ydi Rozmari.
Ikkovi ham jim bo‘lib qolishdi. Rozmari o‘ychan dedi:
-Bugun …mo‘‘jazgina quticha ko‘rib qoldim…. yigirma sakkiz ginea ekan. Olsam maylimi?
-Mayli, jajji “isrofgarim”, -dedi Filipp. – Qachon senga biron nimani ta’qiqlab qo‘yganman?!
Lekin Rozmari so‘ramoqchi bo‘lgan narsa bu emas edi.
-Filipp , -shivirladi u , -men maftunkormanmi?
_________________
* Ginea - pul birligi (21 shillingga to‘g‘ri keladi)

Ingliz tilidan Munira Norova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.