OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Leonardo da Vinchi. Hikoyatlar

ARSLON VA QO‘ZICHOQ

Bir kuni qafasda yotgan och ars¬lonning oldiga endi oyoqlangan tirik qo‘zichoqni tashlashdi. Kichkintoy shunaqa go‘l va oqko‘ngil ediki, hayvonlar podshohidan hayiqish uning xayoliga ham kelmadi. Uni o‘zining onasi tasavvur qildi, shekilli, fahmsiz ishonch bilan dahshatli junbosh tarafga yurdi va katta ochilgan yorug‘ ko‘zlarida mehr-muhabbat va hayrat va beozor bir yuvoshlik bilan uning pinjiga kirib, mo‘ylovlarini iskab erkalandi.
Sher bunday oqko‘ngil ishonchdan qurolsizlandi va uni tilka-pora qilishdan tiyildi. U norozi po‘ng‘illay-po‘ng‘illay birinchi marta och uxlab qoldi.

QUMURSQA VA BUG‘DOY DONI

O‘rimdan so‘ng dalada qolib ketgan bug‘doy doni sabrsizlik bilan yomg‘irni kutardi. Eshik qoqib keladigan qora qishga qolmay tuproqqa chuqurroq kirib olishni o‘ylardi. Shoshib o‘tayotgan qumursqa uni ko‘rib qoldi. Topilmadan quvonib, o‘ylab ham o‘tirmay, og‘ir yukni ko‘tarib olib ini tarafga keta boshladi. Yukning og‘irligidan qiynalsa ham, kun yorug‘ida uyga yetib ulgurishi uchun to‘xtovsiz harakat qilardi.
— Nima uchun buncha zo‘r berasan? Meni shu yerga tashlab ket, — dedi bug‘doy.
— Agar seni tashlasam, qishda tamaddisiz qolamiz, — dedi qumursqa, og‘ir nafas olib. — Biz ko‘pmiz, har birimizning uyimizdagi zahirani ko‘paytirish majburiyatimiz bor.
Don o‘ylab shunday dedi:
— Men sening halol mehnatlaringni tushunaman, ammo sen mening holatimniyam tushun-da, aqlli qumursqasan, meni diqqat bilan bir eshit!
Bu gapdan ko‘nglida bir mamnunlik tuygan qumursqa bir muddat nafasni rostlab olish uchun yukini yerga tashlab o‘tirdi.
— Agar bilsang, — dedi don, — mening vujudimga hayotbaxsh bir kuch qamalgan va mening vazifam — yangi hayotni paydo qilish. Kel, ikkovimiz do‘stlarcha kelishib bir shartnoma tuzaylik.
— U qanday shartnoma?
— U shunday, sen meni iningga olib ketmaysan, shu yerga, qadrdon dalamga tashlab ketasan, — deb tushuntirdi don. — Roppa-rosa bir yildan keyin men seni mukofotlayman.
Qumursqa ajablanib ishonqiramay bosh chayqadi.
— Qadrdon qumursqa, menga ishon, haq rostni gapiryapman. Hozir mendan voz kechib, aytgan muddatgacha qoldirsang, evaziga bir don emas, yuz don olasan.
Qumursqa chakkasini qashlab: “Bir donga yuz don. Bu ertaklarda bo‘ladigan mo‘‘jiza-ku,” — deb mulohaza qildi.
— Sen uni qanday qilasan? — dedi u ko‘tarinki bir qiziqish bilan ishonqiramay.
— Menga ishon, — dedi don. — Bu hayotning siri. Endi esa kichkina chuqurcha kovla-da, meni ko‘m… Yozda shu joyga qaytib kel…
Shartlashilgan muddatda qu¬murs¬qa dalaga keldi. Bug‘doy doni o‘z va’dasining ustidan chiqdi.

QOG‘OZ VA SIYOHDON

Yozuv stoli ustida bir uyum bir xil toza qog‘oz varaqlari yotardi. Bir kuni ulardan biri ilmoqli, aylana va chiziqchali, gajakli va nuqtali turli jimjimali shakllar bilan qoplanibdi. Kimdir peroni olgan-da, uni siyoh bilan ho‘llab, varaqni so‘zlar va rasmlar bilan to‘ldirgan, shekilli.
— Meni bunday quloq eshitmagan mislsiz xo‘rlash senga nima uchun kerak bo‘ldi? — deb so‘radi stol ustida turgan siyohdondan dilabgor o‘pkalab varaq. — Sening yuvilmas ranging mening oqligimga ham, pokligimga ham dog‘, qog‘ozligimga abadiy isnod! Bu ahvolda men endi kimga kerakman?
— Xafa bo‘lma, — dedi mehr bilan siyohdon. — Seni umuman kamsitishni ham dog‘ qilishni ham istashmagan, faqat kerakli bitik bitishgan. Endi sen oddiy uyumdagi qog‘oz emas, yoziqli maktubsan. Shu damdan e’tiboran sen inson fikrini muhofaza qilasan va sening asosiy vazifang ham, ulug‘ qudrating ham mana shunda.
Mehribon siyohdon haq ekan. Allaqaysi kun yozuv stolini yig‘ishtirayotgan odam vaqt izmidan sarg‘aygan, betartib sochilib yotgan varaqlarni ko‘rdi. U ularni yonib turgan kaminga tashlash istagida yig‘ishtirayotganda, birdan o‘sha “bag‘ri dog‘” varaqni payqab qoldi. Odam zaruratsiz chang bosgan qog‘ozlarni tashlab yubordi-da, yozib to‘ldirilgan o‘sha varaqni tafakkur nomasi sifatida avaylab, ehtiyot qilib stol tortmasiga joylab qo‘ydi.

OQQUSH

Oqqush egiluvchan bo‘ynini yana engashtirib o‘zining suv ko‘zgusidagi shaklu shamoyiliga uzoq razm soldi… U charchog‘ini va butun vujudini qaqshatayotgan qaltiroq boisini endi tushundi. Xayrlashish fursati kelgan edi.
Uning qalbi olis yoshlik yillaridagiday hamon go‘zal va qorday oppoq edi. U o‘zining o‘zlik surati va siyratini hayotning hamma qiyinchiliklari va sinovlaridan bedog‘ va pokiza saqlab yashashni uddaladi.
Endi alvido kunini xotirjam va munosib kutib olishga tayyor edi.
U chiroyli bo‘ynini qayirib, ohista va ulug‘vorlik bilan bir vaqtlar yoz jaziramasi o‘tishini poylaydigan, tagiga kirib soya¬lashni xush ko‘radigan sohildagi qari majnuntol sari suzib ketdi.
Kech kirdi, kunbotar shafag‘i sokin ko‘l suvini alvon rangga bo‘yadi.
Atrofga cho‘kkan chuqur oqshom sukunatida oqqush qo‘shig‘i taraldi.
Oqqush hech qachon avval bunday yurakdan armonli va o‘ta og‘riqli sog‘inch bilan kuylamagan edi.
U o‘zining tabiatga, osmonga, suvga va yerga bo‘lgan muhabbatini ulug‘ ilhom bilan kuylardi.
— Oqqush kuylayapti, — deya shivirlashdi alvido nolasidan sehr¬langan baliqlar, qushlar va jami dashtlar, o‘tloqlar va o‘rmon jonzotlari. — Bu o‘layotgan oqqush qo‘shig‘i.
Butun borliqqa taralgan bu dilbar va g‘amnok qo‘shiq quyoshning so‘nggi nuri bilan birga so‘ndi…

QAQNUS

Bepoyon sahro ustida, so‘ngsiz yuksaklikda ucharkan, qaqnus olis lashkargoh xilvatida yonayotgan gulxanni ilg‘adi. U buyuk hayot sinovi yetganligini va taqdir amriga mardona bo‘ysunish lozimligini tushundi.
Qaqnus dunyoda yashaydigan jami burgutlarning ulug‘i, go‘zallik va patlarining yorqinligida ham unga teng keladigan parranda zoti yo‘q edi.
U qanotlarini keng yozib, tungi osmon qa’rida ulug‘vor parvoz qilarkan, so‘ng u ohista doira yasab yerga, olov sari pastlay boshladi.
Gulxan ustida u olov tili patlarini yamlayotganini, oyoq panjalari charsillab kuyayotganini his qildi. Azaliy burchga sodiq va azoblarga bardoshli qaqnus qo‘rqmasdan gulxan ichiga quladi.
Olov vishillab, chirsillab, uzoq burqsib yondi va nihoyat o‘chdi. Biroq, ko‘p o‘tmay, uyum kul qo‘rini teshib chiqqan zangor olov tilchasi shamolda tebranib, to‘g‘ri yuksakka o‘rladi va uning zangor olov rang qanotlari bor edi.
Bu kulda yangidan tug‘ilgan, osmoni falakda yana besh yuz yil yashaydigan qaqnus bolasi edi…

Ruschadan Shafoat Rahmatullo Termiziy tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.