OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lev Brandt. Burgutlar (hikoya)

Ikki qavatli uydek ulkan qafasda yirtqich parrandalar yashardi. Ular shu atrofdagi o‘ralashib yurgan odamlar, qovjiragan yaproqlari chang qoplagan daraxtlar, tussiz osmondan ko‘zlarini uzmay, tosh qoyaning isqirt do‘ngalagida o‘tirishar va soatlab mudrashar edi. Xira ko‘zlarida uzoq o‘tmish manzaralari: g‘amgin qoyalar, tubsiz jarliklar, bo‘ronlarda mayishgan bahaybat daraxtlar, past bulutlar, cheksiz, ko‘k osmon adabiy naqshlanib qolgandek... 
Faqat qizg‘ish patlarini hurpaytirib kalxatlar erinibgina yerda yurar va nariroqdagi hovuzda suzib yurgan o‘zlaridek tutqun o‘rdaklar, g‘ozlar hamda oqqushlarga qarab vahshiyona ovozda chinqirishardi.
Barcha tutqunlar uzoq yillardan buyon yashayotganlari uchun qafasga, undagi hayotga tamomila ko‘nikib qolishgan edi. Shu sababli bo‘lsa kerak o‘zlarini osoyishta tutishardi. Faqat ahyon-ahyon xuddi dahshatli tush ko‘rib uyg‘ongandek bitta-yarimtasi temir panjaraga yopishib olib, behush yiqilgunga qadar jon-jahdi bilan qanotlarini uraverar edi. Shunday mahalda doim qafasda janjal, to‘polon bo‘lardi.
Dunyoning to‘rt chekkasidan keltirilgan, xulq-atvori, tabiati bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydigan bu parrandalar anchagacha beparvo yurishdi. Biroq tutqunlik ularni xiyla serzarda, asabiy qilib qo‘ygani uchunmi tez-tez, ko‘pincha besabab janjal chiqarishardi.
Qafasdagi bir juft qushlargina umumiy to‘polon, janjallarga aralashmasdilar. Ular hamisha xira ko‘zlarini yumib, qoyaning tepasida qayg‘uli tusda qimir etmay o‘tirishardi.
Bular ozod yashash uchun tug‘ilgan burgutlar edi. Ulardan biri — yoshrog‘i, hayvonot bog‘iga keltirilganda, kattasi ellik yildan ziyod shu qafasda yashardi. Uning qo‘ng‘ir yelkalarida o‘sha paytdayoq keksalik alomati — oqish patlar paydo bo‘la boshlagandi. O’shandan beri o‘n yil o‘tdi. Kichik burgutning och, rangsiz patlari bu vaqt ichida qoramtir tusga kirdi; kattasining kiftidagi oq patlar gardaniga yoyilib katta, yaxlit dog‘ga aylandi. Ularning tusi turlicha bo‘lgani bilan qismatlari bir xil edi. Ikkovi ham qanoti chiqmasdan o‘z makonidan judo bo‘lgan, o‘shandan beri bu tutqunlikda yashardi. Na unisi, deb bunisi inson qo‘li bilan bino qilingan isqirt qoyadan yuqoriga ko‘tarilish nasib etmagandi. Ular xuddi zanglagan panjarani payqamay uzoq parvozdan orom olayotgan qushlardek vazmin qanotlarini mag‘rur yoygancha mudrashardi. Qafasda yuz berayotgan voqealar, o‘zgarishlarga qiziqmas, hatto umumiy to‘s-to‘polonlar chog‘ida ham sokin o‘tirishardi. Faqat o‘qtin-o‘qtin ikkovi birdan jonlanib qolar, shunda ko‘zlarida yashil alanga yona boshlardi...
Burgutlar qomatlarini rostlab qanotlarini silkib-silkib qo‘yar, lekin joylaridan qo‘zg‘almasdi.
Yuksak osmon bo‘ylab goh-goh qur-qurlab, qag‘illaganicha yirik kushlar galasi o‘tib qolardi.
Yo‘lovchi qushlar shahar ustidan uchib o‘tib ko‘zdan yo‘qolguncha burgutlar mana hozir ularning ortidan ko‘tariladigan kabi qanotlarini kerib turishar edi.
Goho milt-milt yuksaklikda, yo‘lovchi qushlar izidan qilt etmay uchib borayotgan kichkina qora nuqta ozod qondoshlarini burgut ko‘zi qiynalmay payqab qolardi.
Ovqatlanish vaqtida qafasdagi yirtqich qushlar o‘rtasida doim kelishmovchilik sodir bo‘lardi. Qafasga tashlangan nimtaga birinchi bo‘lib kalxatlar tashlanardi. Ular ochko‘zlarcha eng katta bo‘laklarga yopishar, ammo kamdan-kam hollarda olib ketishga muvaffaq bo‘lishardi. Bir juft kulrang tasqaralar kalxatlarga yopishib go‘shtni tortib olardi.
So‘ng tasqaralarga oiladosh bosh va bo‘yin patlari qo‘ng‘ir qoraqushlar o‘z haqlarini da’vo qilgandek go‘shtni talashib-tortishardi.
Ulardan keyin dumi oq dengiz burguti o‘rtaga tushib, Qanotlari bilan o‘ngdan va chapdan zarba bera boshlardi.
Bu janjal uzoq davom etmasdi, tepadan birin-ketin burgutlar tushgani hamono o‘z-o‘zidan to‘xtardi. Quloqni teshib yuborgudek burgut qur-qurashi yangrashi bilan yirtqich qushlar go‘shtni ham unutib, sarosima ichida qochar edilar.
Burgutlar go‘shtning eng yaxshi bo‘laklarini bamaylixotir changallarida ko‘tarib qoya tepasiga — o‘z makonlariga olib ketar edi.
Ular o‘ljani hamisha teng taqsimlashar, yosh burgut qafasga kelgan kuni, tasqaralar ta’qibidan qochib, hech qaysi qush chiqishga botinolmaydigan qoya tepasiga — qari burgut maskaniga panoh izlab chiqqan damlardan e’tiboran boshlangan bu odat hozirga qadar davom etardi. O’shandan buyon o‘n yil o‘tibdi. Ular hamon ahil.
Sentyabr oyoqladi. Bog‘dagi daraxt shoxlarini qoplagan sarg‘ish yaproqlar hamon ma’yus shivirlardi. Ertalabdanoq tussiz osmonda uvada bulutlar uyuri paydo bo‘ldi. Bulutlar quyosh yuzini to‘smagan bo‘lsa-da, sovuq tushdi. Quyoshning haroratsiz nurlari oy shu’lasi kabi isitmas, borliqni yoritardi, xolos.
Kechki payt shimoldan sovuq shamol esib, daraxtlarning yaprog‘iga qiron keldi. Kechasi bo‘ron turdi. Daryodagi paroxodlarning tashvishkor gudogi tinmay yangrardi. Shamol tunuka tomlarni taraqlatar, daraxt barglarini ayovsiz to‘kar edi. Hayvonot bog‘idagi jonivorlar o‘z qafaslarining burchak-burchagiga biqinib xavotir ichida bir nimani kutgandek jim turishardi. Faqat bir juft chiyabo‘ri bo‘ronga tahdid qilgandek kechasi bilan uv tortib chiqdi.
Bahaybat qafas esa tebranar, lopillar edi. Barcha tutqun parrandalar bu kecha o‘z joylaridan qochib, qoya ortiga yashirindilar.
Yolg‘iz burgutlar cho‘qqida sokin, qilt etmay o‘tirishardi.
Ertasiga ertalab quyosh endi-endi qizarib chiqayotgan mahal qari burgut ko‘zlarini ochdi va odati bo‘yicha boshini kun chiqar tomonga burdi. Burdiyu... qotib qoldi. Tog‘lar bag‘ridagi uyasidan judo bo‘lgandan beri ilk bor u bosh tepasida sim panjarani ko‘rmadi. Eski, zang bosgan simlar shamolga tob berolmay uzilib, burgutlarning shundoq bosh ustida xiyla katta yoriq paydo bo‘lgan edi.
Burgutlar xuddi mo‘‘jiza yuz bergandek o‘sha yerga mixlanib qolishdi, ammo joylaridan qo‘zg‘alishmadi. Oradan uch soat o‘tdi hamki, shu ko‘yi turaverdilar. Nihoyat, dildirab quyosh ko‘tarildi. Shundagina hayvonot bog‘ining nazoratchi xodimi bu qafas shiftidagi yoriqni hamda tashqariga chiqishni mo‘ljallayotgandek payt poylab o‘tirgan burgutlarni payqadi.
Tezda narvon, brezent ko‘targan odamlar paydo bo‘ldi. Burgutlar pastdagi shovqinni sezmagandek, qotib o‘tirishaverdi.
Xodim qafasga kirgan chog‘ida qari burgut uni endi payqagandek, bir siltanib tashqariga otildi. Zum o‘tmay yosh burgut ham unga ergashdi.
Ikkovi bir necha daqiqa odamlarning boshi uzra, qafas ustiga qo‘nishdi, so‘ng havolab ketishdi.
Ular vazmin, o‘zlariga ortiqcha ishonmay tez-tez qanot qoqib duch kelgan birinchi daraxt shoxiga qo‘nishdi.
Ozgina dam olib yana bog‘ tepasida aylana boshlashdi. Hovuzdagi o‘rdak va g‘ozlar ularni sezib talvasaga tushib har tomonga to‘zg‘idilar. Burgutlar ularga parvo qilmay, go‘yo butun umrlari o‘tgan yerni tashlab ketolmayotgandek, bog‘ uzra doira yasab aylanaverishdi. Oxiri balandlab, shahardagi eng yuksak binoning gumbazida oltindek yarqirayotgan butga qo‘nishdi. So‘ng qanotlarining chigilini yozish uchunmi shahar osmonida parvoz qila boshlashdi.
Ular erkin bo‘lsalar ham tutqunlik bilan odamlarga qattiq o‘rganib qolganlaridan uchib keta olmasdilar. Shu kecha son-sanoqsiz chiroqlar porlagan ulkan shaharda tunashdi.
Kechasi mijja qoqmadilar. Ular rang-barang chiroqlarning o‘tkir shu’lasidan uyg‘onib ketar, mashinalar ovoziga ko‘nikolmay, dam-badam patlarini hurpaytirib, qaltirar edilar.
Ikki kechayu ikki kunduz xuruj qilgan bo‘ron azonda bosildi. Burgutlar tunagan bino ro‘parasi katta maydon edi. Maydon atrofidagi yo‘ldan shosha-pisha odamlar o‘tar, mashinalarning keti uzilmasdi. Maydon esa bo‘m-bo‘sh, faqat markazida qimir etmay militsioner turar, sal narida chumchuqlar to‘dasi chirqillab, shovqin solardi. Burgutlar odamlardan, maydondan horg‘in nigohlarini uzmay qimir etmay o‘tirardilar. Ammo daf’atan burgutlar seskanib tushdi. Maydonda bahaybat malla mushuk paydo bo‘ldi. Mushuk chumchuqlar to‘dasiga ko‘zi tushgan hamono yerga qapishib sekin-sekin ularga yaqinlasha boshladi. Qushchalar falokatni sezmay tinmay chirqillashar, shovqin solar, mushuk esa tobora yaqinlashib kelardi — u har soniya chovut solishga shay edi.
Burgutlar uni ko‘zdan qochirmasdilar. Mushuk shundoqqina militsionerning oyog‘i tagiga kelib biqindi, ammo u payqamadi ham.
Oralaridagi masofa atigi bir qadam qolganda chumchuqlar xavfni sezib qoldi-yu, to‘da pir etib ko‘tarildi. Mushuk ularga koptokdek sapchidi. Lekin oyoqlari qaytib tushmadi — shaharnipg markazida, hammaning ko‘z o‘ngida militsionerdan atigi bir qadam narida juda ulkan toshdek qo‘ng‘ir allanima tepadan shuvillab tushib dahshatdan qotib qolgan mushukni ko‘tarib ketdi.
Mushuk jon-jahdi bilan o‘zini g‘ijimlab olgan changalga urilar, yolborgudek miyovlar edi. O’tkir tirnoqlar borgan sayin uning badaniga chuqurroq botardi, ichak-chavog‘ini yirtayotgandek tuyulardi. Qari burgut doira yasab aylangach, o‘ljasi bilan tomga qo‘ndi.
Mushuk oyoqlari yerga tegishi hamono ogriqni unutib, yoydek egildi-da, burgutning oyoqlariga yopishdi.
Bu — o‘zini himoya qilishga, g‘animi bilan olishishga o‘rganib qolgan katta va baquvvat yovvoyi mushuk edi. U o‘lim xavfigsh anglab quturgandek, joni boricha o‘zini himoya qilardi.
Oltmish yil tutqunlikda yashab ov qilish va o‘ljasish tinchitishni unutgan burgut uni zumda bir yoqlik qilolmadi. Hammayog‘i qonga belangan mushuk uning changalidan yulqinib chiqib, tarnov tomonga qochdi. Yana bir daqiqa o‘tsa, tamom, mushuk g‘oyib bo‘lardi.
Biroq tepadan yana og‘ir tosh kelib tushgandek bo‘ldi. Bu — yosh burgut edi. U o‘tkir tirnoqlarini mushukning sag‘risiga sanchib changalladi, boshqa panjasi bilan uning yuziga changal urdi.
Mushukning ko‘zlari o‘yilib tushdi. U qattiq chinqirib yubordi, so‘ng uni o‘chdi. Keyin qo‘ngir burgutlar o‘ljaga tashlanishdi. Qorinlari to‘ygach, anchagacha, chaqchaygan ko‘zlarini pastdagi odamlardan uzmay,  qanotlarini osiltirib tomda o‘tirdilar.
Nihoyat, yosh burgut hurpayib-hurpayib qattiq chinqirdi-da, osmonga ko‘tarildi. Uning tovushida ilk bor qo‘lga kiritilgan ozodlikning g‘ururi va shodiyonasi, qudrat ohanglari yangradi.
U erkin qanot yozib maydon uzra aylanar, sekin-asta balandlab borardi.
Tushkunlikda yashagan burgut bir sutka mobaynida ilgaridek parvoz qilishni o‘rganib olgandi. U qanotlarini vazmin, shitob silkigach, yelpig‘ichdek yoyib yubordi-da, qilt etmay uzoq uchib yurdi. Ahyon-ahyon xiyol tebranib shamol epkiniga tushib olar, so‘ng tobora yuqorilab borardi.
Keksa burgut qotib qoldi. U yosh sherigining ortidan qarab turdi-da, keyin u ham havoga ko‘tarildi. Lekin u uzoq ucha olmadi. Ko‘p o‘tmay hayotida birinchi o‘ljasi — mushuk so‘ngaklari sochilib yotgan tomga qaytib qo‘ndi.    
Yosh burgut esa hamon keng doira yasab uchar, asta-sekin uzoqlashib borar edi. Oxiri u mitti nuqtaga aylandi va zum o‘tmay ko‘zdan yo‘qoldi.
Shundagina bo‘yni oqish qari burgut joyidan qo‘zg‘oldi. U xuddi yuksaklikdagi salqin havodan cho‘chigan kabi shahar uzra pastlab uchar, goh tomga kelib qo‘nar, goh yana qanotlarini yelpig‘ichdek yoyib havolanar edi. Shomga yaqin u o‘qdek osmonu falakka ko‘tarildi-yu, birdan o‘ljaga ko‘zi tushib qolgandek qotib qoldi. So‘ng kutilmaganda qanotlarini yig‘ib, toshdek pastga sho‘ng‘idi. Zum o‘tmay qadrdon qafasning gumbaziga kelib qo‘ndi.
U qafas tepasida xuddi avvalgidek hamxonalariga beparvo, qayrilib qaramay ancha o‘tirdi. Faqat oq dumli dengiz burguti uning qoyadagi o‘rnini egallaganida qanotlarini kerib qiyqirdi, boshini sim panjaraning yorig‘idan suqib uni haydab yubordi. Kechasi odamlar uni tutmoqchi bo‘lishdi. Ammo burgut o‘rnidan vazmin qo‘zg‘olib, tungi osmon bag‘rida g‘oyib bo‘ldi. Ertasiga kun bo‘yi shahar tepasida aylanib yurdi. Yana bir necha mushuklarni tutib yedi.
Har safar o‘ljasini yeb qorni to‘ygach, u hurpayib olar, boshini ko‘tarib qolar, xuddi intiq kutayotgan sherigi kelib qoladigandek osmonga uzoq termilardi. U tunash uchun qafasga qaytib kelardi. Ko‘p urinishlari zoe ketgach, nihoyat odamlar uni bir haftadan so‘ng tutib olishdi. O’zini yana oltmish yil yashagan qafasda ko‘rganda burgut birinchi marta shu yerga tushgandek hammayoqni ostin-ustun qilib tashladi.
U bu yerda faqat o‘ziga tegishli, o‘zigagina daxldor maskan borligini unutib, mungli ovozda chinqirar, to qanotlari lat yegunga qadar panjaraga uraverar edi.
Bir umr tutqun jonivorlar bilan yashab kelgani uchun allaqaeri qushga o‘xshash keksa xizmatchi burgutga uzoq qarab turdi-da, boshini afsus bilan chayqadi:
— Shunday qushni abgor qilishdi-ya. Bir marta bo‘lsa ham ozodlikni tatib ko‘rdimi, tamom endi unutolmaydi. Tamom-vassalom. Eh, hali qancha yashardi...
Ko‘p o‘tmay burgut eski holiga qaytdi, qoyadagi o‘rniga chiqib, istamaygina qo‘nishib oldi. Xizmatchi yanglishgan edi. Burgut erkinlikdan qayta mahrum bo‘lganiga asta ko‘nikdi. U uzzukun qoya tepasida vazmin, hurpayib o‘tirar, ba’zan xira nigohini kechagi yoriqdan hamda osmondan uzmay qolar edi. U boshi uzra qushlar uchib o‘tganida har safar seskanib ketardi.
Bir haftalardan so‘ng uning jonsiz jasadiga duch kelishdi. U qanotlarini keng yoyib, egik tumshuqli boshini bir yonga burib chalqancha yotar, qotib qolgan ko‘z qorachig‘i quyoshga qadalgandek edi.
Keksa xizmatchi qafasga kirib, o‘lib yotgan qushga uzoq tikildi, so‘ng xo‘rsindi va ikki oyog‘idan ko‘tardi-da, qafasdan chiqib ketdi.

O.Otaxon tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.